Akam kelyapti

0
51
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

O‘n olti qavatli binoning oynavand eshigidan kira-kira chap tomondagi plastmass devor bilan o‘ralgan ko‘chma xona tuynugidan keldi-ketdini kuzatayotgan militsioner bilan irimiga salom-­alik qilib, o‘ngga burilgach, uch pog‘onali zinadan ko‘tarilib, sarg‘ish lift yoniga keldim. Chap tomonda marmar tusli yana ikkita lift bor. Yo‘q, ularga chiqmayman. Menga salkam o‘zim bilan tengdosh eski lift ishonchliroq. Yangi liftlarning biriga chiqib, ellik minutcha qamalib qolganim, sira esimdan chiqmaydi. Shundan ke­yin marmar tusli liftni ko‘rsam, dushmanimni ko‘rganday bo‘laman.

Men otamzamondan qolgan eski liftni tanladim. Chaqiriq tugmachasini bosdim. Meni kutib turgan ekanmi, o‘n soniyaga qolmay, lift yetib keldi va menga quchoq ochdi. Shu tobda lift “assalomalaykum” deb tirjayib turganday tuyuldi menga. “Vaalaykum assalom” deganday, lip etib ichkariga kirdim. Birinchi ishim chap tomondagi tugmachalar orasidan o‘zimga zarur raqamni bosish edi. Men izlagan raqam eng yuqoridagi “15”. Men “15” raqami o‘yib yozilgan oq tugmachani bosishim bilan lift eshigi kimgadir do‘q qilganday, “qo‘yasanlarmi-yo‘qmi”, deganday taqira-tuqur ovoz chiqardi-da, asta yopildi. Eski lift norozi ohangda g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qila tepaga o‘rladi. O‘ng tomondagi tutqichdan ushlab, qarshimdagi kattagina oynaga qaradim va o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. “Xotinim to‘g‘ri aytadi. Sport bilan shug‘ullanishim kerak. Anchagina semirib, bag‘baqam ham osilib qol­yapti. O‘zimga qaray olmayapman. Nima qilay, vaqt yo‘q. Bekorlarni aytibsan. Hamma ayb o‘zingda”.

Shunda nogahon lift devoridan yoqimli bir ovoz taralganday bo‘ldi. Ie, liftga radio o‘rnatishibdi-ku?. Geografiyada ajab yangilik. Yo‘q, bu radio emas edi. Radio bunday yoqimli gapirolmaydi. Men uzoq-uzoqdan, olis dalalardan kelayotgan qadrdon bir musiqiy tirik ovozni eshitdim: A k a m   k ye l ya p t i…

Hushyor tortdim. Yo‘q, men shunchaki hushyor tortmadim, o‘sha yoqimli va qadrdon ovoz ruhimni uyg‘otganday bo‘ldi. Sekin-sekin ovoz lift ichida musiqa kabi sokin jaranglay boshladi: A k a m   k ye l ya p t i!

Shunda men bu ovozning to‘rt-besh yashar qizaloq ovozi ekanini, bu ovoz menga tanish ekanini sezdim.

 

* * *

Ko‘kalamda bedazor juda fayzli bo‘ladi. Hech qayerda yashil rang bu darajada mardonavor tantana qilolmaydi. Ayniqsa, ertalab yo‘ng‘ichqalarning tangaday barglariga olmosday osilgan shud­ringlar ularga yanada go‘zal tus beradi. Shudring tushgan yam-yashil yo‘ng‘ichqazor olmos to‘kilgan yam-yashil baxmalday yarqirab yotardi. Yo‘ng‘ichqazor oralab besh yashar Xosiyat yugurib borardi. Uning qizil ko‘ylagi yashil yo‘ng‘ichqazor uzra bayroqday hilpirab suzayotgan edi… Tobora olislayotgan Xosiyat g‘aroyib yam-yashil kenglik ustida qizil kapalakka aylangan mitti shamolday yelardi. Xosiyat yugura-yugura shamol tovushida “Ota! Ota!” deya qichqirardi. Uning yoqimli ovozi cheksiz yo‘ng‘ichqazor uzra to‘lqin-to‘lqin taralardi. Bu paytda dala o‘rtasidagi uvatda qoratoldan ko‘tarilib, bo‘yra bilan o‘ralgan chaylada mulgilayotgan otam Xosiyatning chaqirig‘idan uyg‘onib ketdi. Otam o‘rnidan turib, shoshilib qiziga peshvoz chiqdi. “Qizim, nima gap?” dedi. Xosiyat bu paytda chaylaga yetib qolgan edi.

– Ota… Otajon… – dedi u hayajonlanib…

Otamning ko‘zlarida mehr porladi. “Qizim…” dedi-da, ikki qo‘lini ikki yonga yoyib Xosiyatga bag‘rini ochdi. Xosiyat otamning bag‘riga to‘ldi. Otamning o‘ksigan bag‘riga shamol tegdi.

– Nima gap qizim? Tinchlikmi? – dedi yana otam.

Xosiyat esa o‘pkasi to‘lib, hayajonlanib dedi:

– Akam kelyapti! Ota… Akam kelyapti…

Otamning mehnatda qotgan chayir qo‘llari tit­ray boshladi… Ichki zilziladan yelkalari bulkilladi. Otam jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini asta Xosiyatdan olib qochdi. Qizining samimiy nigohlari esa ota qoshida porlab turar edi. Og‘ir sukutdan so‘ng oxiri otam so‘z qotdi:

– Akang kelyaptimi?

– Ha, ota, akam kelyapti.

– Qachon… kelyapti?

– Bugun yo‘lga tushadi.

Otam Xosiyatdan buni qanday bilganligini so‘ramadi. Bunga zarurat yo‘q edi. Chunki Xosiyat farishtalar bilan gaplasha olishini otam bilardi. Shuning uchun u so‘zsiz, so‘roqsiz Xosiyatga aytdiki:

– Tez bobongga va katta enangga xabar ber. Akang­­ning oldiga chiqishimiz kerak. Chop, qizim, tezroq xabar ber.

– Hozir aytaman ota. Bobootamgayam, katta enamgayam aytaman.

Xosiyat yana qizil kapalakday yashil yo‘ng‘ichqazor bo‘ylab yelib ketdi.

 

* * *

Men bu paytda 15-qavatga ko‘tarilib, xonamga kirib ulgurgan edim. Ishim ko‘p edi. Qadimgilar Hayitni qanday bayram qilishgani haqidagi bir maqolani o‘qiy boshlaganimda yana devorlar orasidan o‘sha ovoz eshitila… yo‘q, tarala boshladi:          A k a m   k ye l ya p t i.

Kotibani chaqirdim.

– Sokina, siz qandaydir ovozni eshitmayapsizmi?

– Tashqarida shamol… Bu shamolning ovozi… – dedi u.

– Ha…to‘g‘ri aytasiz… shamolning ovozi… Shamol akasini izlayapti, shekilli. Shamol akasini kutyapti.

Sokina mening oxirgi gaplarimni umuman tushunmadi va nima haqda gapirayotganimni so‘rashga botinolmadi.

– Durbek qayerda? – dedim unga.

– Mahalla haqida maqola yozish uchun mahallalarga ketgan.

– Durbek bo‘lganda edi, bu ovozni eshitarmidi.

Sokina daftariga nimanidir yozmoqchi bo‘ldi, tayinli topshiriq yo‘qligidan bir muddat jim turdi-da, so‘ng chiqib ketishga izn so‘raganday kutib turdi.

– Mayli, siz boravering. Durbek kelib qolsa kirsin…

 

* * *

Bu paytda Xosiyat yo‘ng‘ichqazor odog‘idagi bobootasining chaylasiga yaqinlashib qolgan edi. U oyog‘i ostida shovirlayotgan yo‘ng‘ichqalarga hamohang yo‘qotgan o‘yinchog‘ini topib olgan boladay qichqirardi.

– Boboota! Katta ena!

Bobootam chayladan chiqdi. Yashil yo‘ng‘ichqazor shamolda sokin dengizday bir maromda chayqalib turardi. Xosiyat esa jannat qushiday tinmay jivirlardi.

– Boboota, boboota, akam kelyapti.

Ko‘pni ko‘rgan bobom go‘yo shunday bo‘lishi kerak, deganday xotirjam ko‘rinardi-yu, lekin… baribir qo‘llari qaltirardi.

– O‘zing akangning oldiga chiq! – uning ovozi titradi: – Katta soyliqdan o‘tishi bilan u senga duch kelgani ma’qul. Seni ko‘rsa birdan xursand bo‘lib ketadi. Biz keyinroq.. yo‘ng‘ichqazor bo‘yida uni kutib turamiz. O‘zing olib kelasan uni bu yerga.

Yashil yo‘ng‘ichqazor uzra moviy tuman tusha bosh­ladi. Xosiyat tuman oralab g‘oyib bo‘ldi.

* * *

Men kabinetda nimalar bilandir andarmon bo‘lganday bo‘ldim, lekin hech narsa bilan mashg‘ul emasligimni o‘zim yaxshi bilardim.

– Sokina, bugun singlimning tug‘ilgan kuni. Unga ko‘ylak olib kelsangiz…

Kotiba qiz odatiga ko‘ra qalin daftarini qo‘liga oldi-yu, yozishga chog‘landi:

– Singlingiz necha yoshdalar?

– Besh yoshda.

Sokina dovdirab qoldi.

– Besh yoshda?.. Besh yoshda.. deyapsizmi?

Men esa dunyodan yuz o‘girgan Suqrot kabi xotirjam edim. Shuning uchun o‘ta sokin, to‘nib qolgan bulutday javob berdim:

– Bugun Xosiyat beshga kiradi. U mening singlim.

Kotiba qiz ham hayratini yashirolmadi. U meni gangiyapti deb o‘ylagan edi.

– Bu bo‘lishi mumkin emas. Nabirangizmi yo singlingiz? Tushunmadim.

Men uni tinchlantirgan bo‘ldim:

– Singlim besh yoshda. Unga yashil rangli chiroyli ko‘ylak bilan iroqi do‘ppi olib kelsangiz, tezlik bilan Chorsuga boring. U yerda hamma narsani topsa bo‘ladi… men uning tug‘ilgan kuniga yetib borishim kerak. Vaqtim tig‘iz.

Farosatligina Sokina ortiqcha gap so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmadi.

– Xo‘p bo‘ladi. Hozir borib kelaman.

Kotiba qiz chiqib ketishi bilan xona devorlaridan yana o‘sha musiqa kabi yoqimli ovoz tarala boshladi: A k a m   k ye l ya p t i…

Men shunda devorning nafaqat qulog‘i, tili borligiga ham ishondim.

 

* * *

Cheksiz yo‘ng‘ichqazorning bir burjida Otam bilan Bobom gaplashib o‘tirardi. Jonhalak Xosiyat esa yana yo‘ng‘ichqazor uzra o‘ynoqi kapalakday shodmon suzib yurardi. Otam soqolini silayotgan bobomga qarab:

– U kelyapti. Eshqobil keladigan bo‘ldi, – dedi.

– Xosiyat biladi, unga farishtalar aytgan, – dedi bobom.

– Onasi yig‘layapti, – dedi-da, otam chekkaga qaradi.

– Momosi ham.. yig‘layapti… – dedi-da, bobom ko‘zini olib qochdi, – tog‘alari Katta soyliq tomonga ketishdi, o‘zimiz kutib olamiz, de­yishdi. Men bormadim. Menga qiyin u yerda. Kelganida ko‘risharmiz.

– Xosiyat qanot qoqib yuribdi, – dedi otam, – go‘dak-da, akasi kelib qolsa, akasi bilan o‘ynamoqchi. U akasini haliyam olti yashar deb o‘ylayapti. Akasining yoshi mendan ancha o‘tib ketganini qaydan bilsin. U olti yashar akasini kutyapti…

 Men uning oldiga chiqmasam bo‘lmaydi. Kelishi bilan meni so‘raydi.

 

* * *

Stol ustidagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtirib, goh unisini, goh bunisini qo‘limga olib ko‘rdim. Yo‘q, hozir ishlay olmayman. Xayolim qochyapti. Bolalik yillarim ko‘z oldimdan lip-lip etib o‘ta boshladi. Go‘yo men o‘n beshinchi qavatdagi kabinetda emas, olislarda qolib ketgan o‘sha manzaralar va holatlar ichida edim. Ana… Oppoq qor qoplagan kimsasiz dala… Dala o‘rtasida men Xosiyatni ergashtirib boryapman. Qalin satin choponga o‘ranib olgan besh yashar singlimning boshiga o‘ralgan guldor jun ro‘mol ichidan qop-qora ko‘zlari va jajjigina burni ko‘rinadi, xolos. U mening o‘ng qo‘limdan mahkam ushlab olgan. Jimgina ortimdan ergashadi. Qor ustida mayda qadam jajjigina mo‘kki izlari ekilib qoladi. Dalaning bir chetidan mallarang bir kuchuk yugurib o‘tadi. Uni ko‘rib Xosiyat qo‘limni qattiqroq qisadi. Ko‘zlari javdirab menga qaraydi.

Keyin yana boshqa bir manzara ichiga tushib qolaman. Saharda meni Bekkam xolam uyg‘otdi. Choponimni kiygizdi. Uydagi yig‘i-sig‘i tovushi meni sergak torttirdi. Lekin hech narsani tushunmadim. Tashqariga chiqdik. Tog‘alarim, ammalarim, qo‘shnilarimiz va boshqa qarindoshlarimiz to‘planishibdi. Birozdan so‘ng itorqa uyimizning yoniga sariq rangli GAZ-21 volga mashinasi kelib to‘xtadi. Hamma mashinaga qarab yurdi. Mashinadan Qahhor bobom jun ro‘molga o‘ralgan bolani quchoqlab yig‘lab tushib kelardi. Otam va onam u kishiga yig‘lab ergashgan edilar. Shunda Qahhor bobomning bag‘ridagi go‘dak Xosiyat ekanligini sezib qoldim. Bolagina ko‘nglimdan chirt etib nimadir uzilib ketdi. Uzi-ili-ib ke-yetdi! Shundan keyin men uni ko‘rmadim. Shundan keyin men… qorli dalalarni bir o‘zim kezdim, ko‘m-ko‘k ko‘klamlarga bir o‘zim chiqdim, saratonning hurpillagan issiq tuproqlarida bir o‘zimning izlarim qoldi.

 

* * *

Ikki soatdan so‘ng Sokina xonaga kirib keldi. U xonaga kirdi-yu, hamma qizlar va ayollarga xos qiziquvchanlik bilan yelim xaltadagi yashil ko‘ylakchani olib, qaytadan tekshira ketdi.

– Eshqobil aka, yaxshi ko‘ylak. Tozasi. Singlingiz kiysa, yashnab ketadi. Qarang, qanday chiroyli. Yoqalari ham did bilan tikilgan. Parparalari ham me’yorida. Mana bu do‘ppini qarang. Qanday chiroyli-ya.

Haqiqatan, do‘ppi ham, ko‘ylak ham juda chiroyli edi. Shu damda yana devorlardan o‘sha mayin va yoqimli ovoz kela boshladi: Akam kelyapti

Hamon bozordan sotib olib kelgan narsalariga mahliyo bo‘lib o‘tirgan qizginadan so‘radim:

– Sokina, siz baribir devorlardan kelayotgan ovozni eshitmayapsiz-da?

U nimanidir eshitmoqchi bo‘lganday jim qoldi-da, so‘ng bolalarcha soddadillik bilan ajablanib so‘radi:

– Qanday ovoz? Hech narsa eshitmayapman.

– Men ham shu paytgacha hech narsa eshitmaganman. Lekin devorlarning ham tili bor ekan. Devorlar juda yoqimli kuylar ekan. Endi bildim.

Sokina hech narsani tushunmay menga ajablanib qaradi-da, bozordan olib kelgan narsalarini xaltaga joylab stol chetida qoldirib, jimgina chiqib ketdi.

Tashqarida men bilgan hayotdan boshqa hayot borligini sezib turardim. O‘rnimdan turdim-da, quchoq-quchoq nur to‘kilib yotgan devor-deraza tomon bordim. Derazadan narida… o‘n beshinchi qavatning derazalari poyiga tutashib ketgan yam-yashil yo‘ng‘ichqazorni ko‘rdim. Voajab… Pastda shahar yo‘q edi… Hamma tomon quyosh nurida yarqirab yotgan yam-­yashil yo‘ng‘ichqazor edi. Uzoqdan otam va bobom qo‘lini peshonasiga soya qilib men tomonga qarab turishardi. Yo‘ng‘ichqazor uzra sokin bir musiqa kabi o‘sha yoqimli ovoz taralardi: A k a m   k ye l ya p t i!

Eshqobil Shukur,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

 

1962 yili Curxondaryo viloyatida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

“Yurakni o‘rganish”, “Sochlari sumbul-sumbul”, “Tungi gullar”, “Yashil qushlar”, “Hamal ayvoni”, “Ko‘z ochib ko‘rganlarim” she’riy to‘p­lamlari nashr etilgan.

 “Ko‘hna bog‘ rivoyatlari”, “Oqibat oqshomi”, “Padarkush”, “Dunyoning ko‘chishi”, “Qo‘riqxonada”, “Pul sanayotgan odam” kabi qissa va hikoyalari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.