Sharqiroq  O‘riklisoy  ertaklari

0
19
marta ko‘rilgan.

Har ko‘ngil bir daryo, oqmoq istasa,

Har dilda bir cho‘g‘ bor, yoqmoq istasa,

Istasa, she’r otliq chaqmoq istasa,

Xush ko‘rdik, xush ko‘rdik, Zomin yoshlari”

Mahmud TOIR

 

Osuda tun og‘ushida ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy mazmundagi jurnallarni maroq bilan mutolaa qilib o‘tirgandim. Nogoh “Yoshlik” jurnali (6/2017) sahifalaridan yurtimizning orombaxsh go‘shalaridan biri bo‘lmish so‘lim O‘riklisoyda Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari qayta tiklanayotgani haqidagi xushxabarni o‘qib, quvonchdan boshim osmonga yetdi. Beixtiyor qalbimga quyilib kelgan hissiyotlar va lazzatli xotiralar sururidan shirin-shirin entikib qo‘ydim.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning adabiyotimiz va ijodkorlarga ko‘rsatayotgan e’tibori hamda mehri dilimda yana bir bor shukronalik tuyg‘ularini mavjlantirib yubordi. Muhtasham Zomin seminari mamlakatimiz adabiy hayotida ulkan hodisa; yoshlik va nafosat, she’riyat va rangin tuyg‘ular bayramidir.

Barchamizga ma’lum, ushbu qutlug‘ adabiyot anjumani aynan Birinchi Prezidentimiz sa’y-harakatlari bilan ilk marta 1997 yil iyul oyi boshlarida Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi yam-yashil archazorlarga burkangan orombaxsh O‘riklisoy maskanida tashkil etilgan edi. Xayrli maqsadlarni ko‘zlab qizg‘in faoliyat boshlagan anjuman asnosida har yili yangi iste’dodlar kashf etilmoqda, adabiyotga yangi nafaslar kirib kelmoqda; ular yurtimizdagi nufuzli ma’naviyat dargohlarida, ilm-ma’rifat va madaniyat maskanlarida jo‘shqin faoliyat olib bormoqda.

“Bu go‘zal vohada tug‘ilib kamolga yetgan ulkan madaniyat namoyandalari haqida so‘z yuritganda, eng avvalo, XX asr o‘zbek she’riyatining atoqli vakili, nodir iste’dod sohibi bo‘lgan shoir, dramaturg, tarjimon, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjonning o‘lmas nomi beixtiyor hammamizning yodimizga keladi, − deb yozadi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga qu­ramiz” nomli kitobida. – Ona yurtimiz haqida, O‘zbekis­ton haqida Hamid Olimjondek “Chappar urib gullagan bog‘in, O‘par edim Vatan tuprog‘in”, deya yonib kuylash kamdan-kam shoirga nasib etgan.”

Shuningdek, adabiyotimiz xazinasiga salmoqli hissa qo‘shgan Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Oqiljon Husanov kabi zabardast adiblar ham shu go‘zal vohada dunyoga kelgan.

Tuyqus men o‘zimni noyob xazina topib olganday his etdim va “Yoshlik” jurnali sahifalarida yoritilgan Zomin anjumani bilan bog‘liq turfa taassurot, xotira, munosabat va maqolalarni kamoli zavq-shavq hissiyotlari bilan mutolaa qildim; fusunkor Zomin tabiati mo‘jizalari aks etgan manzarali suratlarni tomosha qilib, ruhiyatim samoviy halovat his etdi; banogoh ko‘z o‘ngimda hayotim kitobiga zarhal harflar bilan bitilgan shukuhli Zomin kunlari gavdalana boshladi.

Darvoqe, yigirma yil muqaddam edi…

Yam-yashil archalarga burkangan purviqor Zomin tog‘lari; quyosh tog‘lar ortidan ko‘tarilib, zarrin yog‘dularini mehr-la tarata boshlagan latif palladagi Takali cho‘qqi; barkashdek oyning kumush yog‘dula­ridan nafosatga chulg‘angan safoli tun tarovatlari; qo­yalardagi adil archalar tepasida jimir-jimir miltirayotgan kahkashon yulduzlar fusuni; toshdan toshga urilib, jo‘shib oqayotgan sharqiroq O‘riklisoy suvlari…

Chin, “bunda bulbul kitob o‘qiydi”…

“Bulbullarning hayot va yoshlik nashidasidan zavqqa to‘lib, “chah-chah” aylab kitob o‘qishlari-yu she’r aytishlarini biz jannatmonand shu go‘shada o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, − deb o‘z taassurotlarini sharhi dil etadi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Yosh yuraklarga Zominsoyning toshqin mavjlari bilan to‘lqinlanib kirguvchi, O‘riklisoyning tonggi sabolari bilan shaydo ko‘ngillarni jonbaxsh nasimlarga to‘ldirguvchi betimsol va betakror bu tog‘u toshlarning har giyoh, har maysasidan Vatan isi anqiydi…”

Kamina ham jo‘shqinruh Zomin seminarida ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘lgan ijodkorlardan biriman. Men u paytlarda Farg‘ona viloyat bosmaxonasida musahhih bo‘lib ishlardim. Taqdir taqozosi ekan, viloyat yozuvchilar uyushmasi raisi, atoqli shoira va adiba Matluba Dehqonovaning tavsiyasi bilan nufuzli seminarda ishtirok etish sharafiga noil bo‘lgadim.

1998 yil, avgust… Hayotimdagi unutilmas kunlar, betakror lahzalar yodi bir umr shirin tushdek xotiram ko‘zgusiga muhrlanib qoldi.

Jannatmonand Zomin tog‘lari mamlakatimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan oltmish nafarga yaqin yosh ijodkorni o‘z bag‘riga chorladi. O‘riklisoyda g‘ir-g‘ir esayotgan mayin shabada ko‘ngilga jo‘shqin ruh baxsh etar edi.

Seminarning ochilish marosimida Prezidentimiz (u vaqtlarda Jizzax viloyati hokimi edilar) hamda otashqalb shoir Abdulla Oripovning yurtimiz ma’naviyati va adabiyotimiz istiqboli haqida aytgan ilhombaxsh so‘zlaridan ruhiyatimiz tog‘dek yuksaldi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoevning yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, ma’naviy kamoliga qaratgan yuksak e’tibori, yorug‘ kelajagiga bildirgan ishonch so‘zlaridan boshimiz osmonga yetdi.

O‘z navbatida, yuragida jo‘shqin yoshlik shijoati, ko‘zlarida ijod zavqi porlayotgan navqiron yoshlarga so‘z berildi. Ustoz shoir Abdulla Oripov kelajak orzulari va ijod zavqi porlayotgan iste’dod sohibasi Guljamol Asqarovaga so‘z berdi, u ijodidan go‘zal she’rlar o‘qib, tahsinlarga sazovor bo‘ldi.

Tadbirdan so‘ng anjuman nazm, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid, bolalar adabiyoti, tarjima va badiiy publitsistika sho‘balarida qizg‘in faoliyat boshladi. Yosh shoirlar Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Sharifa Salimova, Muhammad Yusuf, Abduvali Qutbiddin, Umida Abduazimova, Sharofat Botirova kabi ustoz shoirlardan mahorat darslarini tinglab, qimmatli fikrla­ridan bahramand bo‘lishdi, ustozlar e’tirofidan ko‘ngillari tog‘day o‘sdi. Kamina ishtirok etgan nasr, adabiy tanqid va badiiy publitsistika birlashgan sho‘balarida yosh ijodkorlar Pirimqul Qodirov, Murod Abdullayev, Safter Nagayev, Rahimjon Otayev (Otauli), Abulqosim Mamarasulov, Sobir O‘nar kabi ustoz adiblar, zukko adabiyotshunoslar qo‘lida mahorat saboqlarini tinglab, qimmatli maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar olib, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.

Bu ertaknamo ma’vo bag‘rida jo‘shqin kayfiyatda o‘tayotgan seminar mundarijasiga fayzli davralardagi adabiy gurunglar, oqshomgi go‘zal mushoiralar, Vatan ishqi bilan yonayotgan yuraklardan otilib chiqayotgan musaffo tuyg‘ular favvorasi beqiyos zebu oroyish baxsh etar edi; yurt mehridan rang olgan she’rlar ezgulik, mehr-muhabbat, vafo-sadoqat tuyg‘ularini sohir ohanglarda tarannum etardi. O‘riklisoyda yangrayotgan dilbar she’rlar, dilrabo g‘azallarni go‘yo qorli tog‘lar, anbar bo‘yli gul-giyohlar, xushilhom bulbullar, qumrilar, kabutarlar tinglardi!

Latofatli Zomin tabiatining yurak torlarini chertuv­chi anvoyi gul-chechaklari, tog‘rayhon va jambillari, zangor archalarning ifor islari naqadar xushbo‘y, diltortar edi! Yuragi kabutar misoli ko‘kka parvoz etmoqqa oshiqayotgan yosh ijodkorlar bundagi ko‘z qamashtiruvchi nafosatni savqi tabiiy hislar bilan vasf eta boshladi. Bu nafis ash’orlarda serviqor Zomintog‘ mo‘jizalari, shildir-shildir O‘rik­lisoy kuylari, xushhol qushlar xonishi, gul-giyohlar tarovati, ona Vatan ishqi, ulug‘ ajdodlar siymosi jo‘shib kuylanardi. Oqshomgi nafis mushoiralardan ko‘ngillar masrur…

Hamon kechagidek ko‘z oldimda. Mana, yuragida ulug‘ ajdodlaridan tuygan samoviy faxr-iftixor tuyg‘ulari, ona-Vatanga buyuk muhabbat tuyg‘ulari mavj­ga kelgan yosh Shuhrat Oripov davraga chiqib, sohir bitiklarini qalbi to‘lqinlanib o‘qiy boshladi:

“Men qadoq qo‘llaringga yuragimni tutarman,

Har bir qarich yeringni ko‘zlarimga surtarman,

Erkingni bir umrga dildan kuylab o‘tarman,

Muqaddas sajdagohim, dunyoim, borim, elim,

Shavkatim-shonim o‘zing, nomusu orim, elim!”

Ilkis Shuhratjonning ko‘zlarida yosh qalqdi…

Chuqur vatanparvarlik ruhi, yurtga sadoqat tuyg‘ulari samimiy porlab turgan misralarni tinglab, barchaning dilida muborak hissiyotlar junbushga keldi. Olqishlar, qarsaklar uzoq davom etdi. She’r ruhidan qalbi ta’sirlangan Abdulla Oripovday buyuk ustoz-da Shuhratjonni bag‘riga bosib, samimiy qutlab qo‘ydi.

Shunday davom etardi nafis mushoiralar. Elga so‘z aytmoq ishtiyoqida yonayotgan olovqalb yoshlar navbatma-navbat davraga chiqar, she’r-g‘azallar o‘qi­shar, shukuhli lahzalar shavqi xotiralarga bir-bir naqshlanib borardi. Ozoda Bekmurodova, Guljamol Asqarova, Muxtasar Tojimamatova, Qahhorjon Yo‘lchiyev, Burhon Shermuhammad kabi yoshlar go‘zal she’r­lar, dilbar g‘azallar o‘qirdi, sharqiroq O‘riklisoy yoshlik beg‘uborligini kuylab, ohista shildirar edi.

Ushbu seminarga yanada chiroy, mazmun baxsh etgan bir jihat xususida alohida to‘xtalmoq kerak.

Oqshomgi mushoiralardan birida zavqi jo‘shgan Abduvali Qutbiddin, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo kabi mashhur shoirlar samimiy, do‘stona ruhda musobaqa uyushtirishdi. Ular navbatma-navbat o‘z ijodlaridan go‘zal she’rlar o‘qishar, davrada qarsaklar yangrar, biri-biridan o‘zaman derdi quvnoq shoirlar. Ko‘ngillarga zavq, davraga ko‘rku latofat bag‘ishlagan uch ustoz-shoir mushoirasi poyon bilmasdi. Pirovard ulug‘ ustoz Abdulla Oripov ohista o‘rnidan turib:

− Sizlarga kattakon rahmat, − deya lutf qildi yuzida samimiy tabassum ifodalari jilva qilib. – Ros­ti, hammamiz mazza qildik, to‘g‘rimi, yoshlar? Men hakam sifatida musobaqani durang deb e’lon qilaman. Agar ko‘nmasanglar, uchalangiz ham g‘olibsiz, ana!

Davrada yana qarsak ovozlari yangradi. Barchaning yuzida samimiy tabassum jilva qildi. Uch ustoz-shoir ham mamnun tabassum qilib, bir-birlariga g‘olibona qo‘l berishdi.

Nasr namoyandalari davrasidagi ijodiy muloqotlar, qizg‘in adabiy gurunglar ham teran mazmun kasb etardi. Yosh nasr ahlining seminarga taqdim etgan ijod namunalari atroflicha ko‘rib chiqildi; yutuq va kamchiliklar yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalar aytib o‘tildi. Xususan, iste’dodli yosh yozuvchi Jahongir Xolmirzayevning ijod namunalari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ot o‘rnini toy bosar deganlaridek, Jahongirning hikoyalari ham otasi, mashhur adib Shukur Xolmirzayevga xos yorqin uslubda bitilgan edi. Jahongir keyinchalik ham talay pishiq-puxta hiko­ya, esse, badial va qissalar bitdi. Lekin, afsuski, beshafqat o‘lim bu iste’dod sohibini barchamizni qayg‘uga solib, oramizdan bevaqt olib ketdi…

Kamina bir vaqt “Farg‘ona kitob olami” do‘konida yangi adabiyotlarni ko‘zdan kechirayotib, birdan quvonib ketdim: “So‘nggi romantik”. Jahongirning kitobi! Qissalar, hikoyalar va badialarni o‘z ichida mujassam etgan, yoshlarimizning bugungi hayoti, ma’naviyati, orzu va intilishlari yorqin tasvir etilgan ushbu kitob G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilibdi. Ilohim, Jahongirning ruhi shod bo‘lsin.

Seminarning uchinchi, sarhisob kuni madaniy dam olish soatlarida ustozlar hamrohligida Zomin sharsharasini tomosha qildik. Zavqi yanada jo‘shgan yosh ijodkorlar dilkusho tabiat lavhalarini ta’rif-tavsiflab, go‘zal she’rlar yozishdi, taassurot, kechinma, badialar bitishdi.

Nihoyat, barchamiz kutgan hayajonli lahzalar keldi. Sho‘balarda mashg‘ulot olib borgan ustozlar yoshlar ijodi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini aytishdi. G‘olib­lar nomi e’lon qilinib, olqishlar yangradi. Barcha yosh ijodkorlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Zomin anjumani unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Xayrlashuv onlari yetgach, yuraklarda sof, samimiy hislar junbushga keldi. Ishtirokchi yoshlar­ning yuzlarida minnatdorlik va xurramlik yoshlari balqdi. Shundayki, hech kim bu ertaknamo ma’voni hargiz tark etgisi kelmas, dilbar tabiat quchog‘ida bahra olib, uzoq vaqt qolib ketgisi kelardi.

Shuurdagi taassurotlar kamalakdek serjilo, qalb­dagi shukronalik tuyg‘ulari jahon-jahon: biz, katta adabiyot ostonasiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar Zomin seminaridan so‘zga munosabat, ijod mas’uliyati, insoniylik, bag‘rikenglik va mehr-sadoqat saboqlarini ham o‘rganib qaytdik; ustozlar e’tibori va yurt mehrini yanada chuqur his etdik. Mehridaryo ustozlar bilan hamsuhbat bo‘lib, qimmatli maslahatlarini olish baxtiga musharraf bo‘ldik. Bu ravish yetuk ustoz shoir va adiblar bilan ijodiy muloqotlar dunyoqarashlarimiz ufqini kengaytirib, beqiyos ma’naviy ozuqa berdi, ijod imkoniyatlarimizni ochib yubordi.

Ne saodatki, adabiyot olamiga porloq orzular bilan kirib kelayotgan yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashda Zomin saboqlari o‘ziga xos ijodiy maktab vazifasini bajarib kelmoqda.

Ne tongki, yurt ravnaqi, ma’naviyati, navqiron avlod kamoloti yo‘lida Davlat miqyosida yuksak e’tibor bilan tashkil etilgan muhtasham Zomin anjumanining nufuzi nihoyatda baland, ulug‘vor. Modomiki, ezgu va qutlug‘ maqsadlar yo‘lida ulkan faoliyat boshla­gan Zomin seminari juda ko‘p iste’dodlarni kashf etib kelmoqda. Ular bugun adabiyotimizda o‘z ovozi, o‘z soziga ega ijodkor. Bu o‘rinda Uyg‘un Ro‘ziyev, Nodir Jonuzoq, Shodmonqul Salom, Adiba Umirova, Behzod Fazliddin, Oydinniso, Oygul Asilbek qizi, Dilrabo Mingboyeva, Umid Ali kabi ko‘plab iqtidor egalarini samimiy e’tirof etmoq kerak.

Darhaqiqat, mazkur seminar ishtirokchilari orasidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan ijodkorlar yetishib chiqmoqda.

Kamina birga ishtirok etgan seminardosh yoshlardan Guljamol Asqarova, Ozoda Bekmurodova hamda Muxtasar Tojimamatova kabi iste’dodlar bugungi kunda elga taniqli shoira bo‘lib yetishdilar. Iste’dodli shoir, Farg‘ona davlat universiteti o‘zbek filologiyasi adabiyot kafedrasi o‘qituvchisi Qahhorjon Yo‘lchiyev uzoq yillik samarali ilmiy izlanishlari natijasida filologiya fanlari bo‘­yicha falsafa doktori unvoniga erishdi; shoir, filologiya fanlari nomzodi Mas’udjon Sulaymo­nov hozir O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Farg‘ona viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri, “Ma’naviyat” gazetasi bosh muharriri lavozimida qizg‘in faoliyat olib bormoqda.

Men yana xotiram ko‘zgularida bir umr shirin tushdek muhrlanib qolgan Zomin anjumanida yoshlarga ijod sirlaridan saboq bergan ustozlar ijodini ham matbuot sahifalaridan muntazam kuzatib boraman.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iqtidorli shoira Sharifa Salimovaning “Sharq yulduzi”(8/2016) sahifalarida e’lon qilingan “To‘maris” dostonini kamoli mamnuniyat tuyg‘ulari bilan, takror-takror mutolaa qildim. Modomiki, qadim ajdodla­rimiz massagetlar yurtiga yovuz maqsadlarda bostirib kirgan Eron shohi Kir II (Kayxisrav) boshchiligidagi bosqinchi qo‘shinlarga qarshi Vatan ozodligi va erk yo‘lida mardona kurashgan malika To‘maris matonatidan butun dunyo hanuz hayratda; hatto Herodot va Dante kabi jahoniy ulug‘ siymolar o‘z asarlarida qahramon momomiz matonatini mardona kuylaganki, bundan qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ulari yanada yuksaladi. To‘marisning suvratiyu siyrati ko‘z oldimizda ulug‘vor qiyofada gavdalanadi:

“Hamon ketayotir ot choptirib ul,

Massaget tug‘ini ko‘targancha shan.

Axir, bitta nomi ona To‘maris,

Yana bitta nomi ona va Vatan!”

Atoqli adib va adabiyotshunos ustoz Otaulining “Sharq yulduzi” jurnali sahifalarida e’lon qilingan “Qissalardan hissalar” essesini ham katta qiziqish bilan mutolaa qildim va dilimda muallifga chuqur tashakkur izhor etdim.

Chindan ham, “mustamlaka tuzumning turfa taz­yiq va taqiqlariga qaramay, ko‘hna tariximizga qayta jon ato etishga butun umrini bag‘ishlagan” Mirkarim Osimning xalqimiz ma’naviyati, tafakkur taraqqiyoti va adabi­yotimiz ravnaqiga qo‘shgan hissasi beqiyos, ulkan. Zahmatkash adib Otauli Mirkarim Osim asarlarini sinchiklab o‘rganib, zukko adabiyotshunos nazari bilan chuqur tadqiq etibdi va mohiyatan durdona esse bitibdi. Binobarin, taqrizchi, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev haqqoniy ta’kidla­ganidek, “Biz asarlarni munaqqid-kitobxon bilan qayta mutolaa qilamiz, avvalgi o‘qishda e’tibor bermagan nuqtalarga diqqatni to‘playmiz va oxir-oqibatda har bir asar zamiridagi badiiy haqiqatni topish yo‘lida talqinchi bilan barobar “ishlaymiz”.

Mazkur essening yana bir egiz nomi “Mir­karim Osim kitoblari mutolaasi yoxud qissaxonlik” deb ataladiki, bundan muallifning g‘oyaviy maqsadlari to‘laqonli anglashilib turadi.

Muxtasar aytganda, zakiy munaqqid-kitobxon Otauli ulug‘ tarixnavis yozuvchi Mirkarim Osim qalamiga mansub jami oltita qissani diqqat bilan mutolaa qilib, yuksak tarbiyaviy ahamiyati va estetik mohiyatini teran mushohada kuchi bilan to‘laqonli ochib bergan.

Zomin seminari – yosh ijodkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazadigan iste’dod maktabi. Ko‘zda tutilgan ezgu niyat – yosh avlodning buyuk ajdodlarimizga munosib yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib kamol topishi; yosh ijodkorlarga adabiyot, el-yurt, Vatan oldidagi burch va vazifalarini mohiyatan chuqur ang­latish. Ona tabiat va nabotot dunyosiga mehr-muhabbat tuyg‘ularini yuksaltirish.

Ishonchimiz mutlaqki, an’anaviy Zomin semina­ridan kelajakda yana ko‘plab adabiyot va ma’naviyatning chinakam fidoyilari yetishib chiqadi.

 

Oqiljon G‘ofurov

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.