Yozuvchi nima qilardi?

0
115
marta ko‘rilgan.

“Bir daqiqa avval o‘n uch inson olamdan ko‘z yumdi”.

Bu so‘zlarni o‘qiganimda o‘lim haqida hech o‘ylamagandim. Chunki juda yosh edim. Ammo bu so‘zlar o‘n ikki yoshli kaminani larzaga keltira olgandi.

“Bu daqiqada ham yana o‘n uch odam vafot etdi”.

Rostdan ham bu so‘zlar meni shunchalik larzaga keltirgandiki, o‘ylamasdan yig‘lashni bosh­lagandim. So‘ngra yig‘lagandim, yig‘lagandim va yana yig‘lagandim. Hayotni unutayozgandim. Menga tikilib esa tiriksan deya olmasdingiz.

“Va yana o‘n uch kishi o‘ldi”.

Nima deyishni ham bilmayman…

 

* * *

Bu voqea sodir bo‘lganiga, mana, to‘rt yil bo‘ldi. Xudoga shukrki, sog‘-omonman. Maktabni ham tamomlab qo‘ydim. Mas’uliyat nima ekanligini anglashga harakat qilaman. Sho‘xliklarim yo‘qoldi. Umuman olganda, hayotga yorug‘ orzular bilan qadam tashlayman. Lekin mening ruhiyatim haligacha bemor. Sababi, to‘rt yildan beri xayolimda bir gap aylanib yuribdi; turganimda ham, yotganimda ham bir gap; meni qiynayotgan bir gap:

“Dunyo bo‘ylab daqiqasiga o‘n uch kishi o‘lyapti”.

Bular qanday odam? Nimaga o‘lishyapti? Nega ularni qutqarib bo‘lmaydi? Nima sababdan o‘lish degan narsa bor? O‘zi o‘lim nima? Hech qanaqa javob yo‘q. Shunchaki, jumla qaytarilaveradi:

“Har daqiqa o‘n uch kishi o‘ladi”.

Shundan beri buning oldini olishni xohlayman. Har daqiqa kimlardir o‘lishini istamayman. Shuning uchun odamlarga yordam berish yo‘llarini qidirishni boshladim. Ko‘plab kasb-hunarlarga qiziqib ko‘rdim ham, afsuski, ular insonlarni saqlab qolisha olmas ekan, kimgadir foydasi tegsa, kimgadir zarar qilarkan. Shunda kasb bo‘lmagan nimarsalarni axtara boshladim va yaqinda ko‘nglim yolvorganini topdim: bu – yozuvchilik.

Chunki yozuvchi o‘zining asarlarida jonzotlarga to‘g‘ri yashash yo‘lini va hamma bir-birini tushuna olishini hamda nizolarni hal qilish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa odamzotni qutqaradi.

“Har daqiqa o‘n uch kishi…”

Lekin yozuvchilik haqida, shunchaki, o‘ylab o‘tirishim hech kimni qutqarmaydi. Shu tufayli yozishni boshladim.

“Har daqiqa o‘n uch…”

Barcha yaxshilikni yozdim. Ko‘nglimdagi barini yozdim. Yomonlikdan saqlanish yo‘llarini yozdim.

“Har daqiqa…”

Bu esa menga yordam berdi. To‘rt yildan beri qulog‘imning tagida jiringlaydigan ovoz deyarli yo‘qoldi. Shu sababdan ham hayotga bo‘lgan muhabbatni, umidni va tiriklikni aks ettiruvchi so‘zlarni, hamda nomlarni ishlata boshladim: “Hayot davom etadi”, “Go‘zallik insoniyatni yuksaltiradi”, “Men seni sevib qoldim, Muhabbat”, “Hayotda tirik yashaymiz” va hokazolar.

“…”

Shunda bir narsa esimdan chiqqani esimga kelib qoldi: asarlarimni hali hech kimga o‘qitmabman, faqat o‘zim uchun yozibman.

“…”

Shunday qilib, otamga, onamga, opamga, ukamga va yaqinlarimga asarlarimni berdim. O‘qishlarini tavsiya qildim. Boshqalarga ham ulashishlarini tayinladim.

Vaqt ham o‘taverdi. Xursand bo‘lib yuraverdim.

“…”

Lekin shoshilgan ekanman. Yozganlarim hech kimga yoqmabdi. Hatto, qattiq kasal bo‘lgan odamning ajalini tezlashtiribdi. Chunki

“Dunyo bo‘ylab daqiqasiga o‘n uch kishi vafot etadi”.

Xullas, yozuvchilik maxluqotlarni qutqarmas ekan. Adashgan ekanman. Xayolimdagini to‘g‘ri deb, ko‘zimni kattaroq ochmagan ekanman.

“Dunyo bo‘ylab daqiqasiga o‘n uch kishi vafot etishi kerak”.

Endi esa men ham qachondir o‘lishim ke­rakligini tushunib yetdim va dod-faryodlarimu oh-vohlarimni yozib yuribman. Asarlarimning sarlavhalarini esa o‘limga bag‘ishlayapman: “Qaytish”, “Bir kuni hammamiz…”, “Baqoni orzu qilmoq”, “Yaqinlab kelyapti” va hozir yozayotgan essem “Daqiqasiga o‘n uch kishi o‘layotganida yozuvchi nima qilar edi?”

Eng qizig‘i nimada bilasizmi? Hayot haqida yozganlarim odamlarga yoqmagandi, o‘lim haqida yozayotganlarimni esa sevishadi.

“Dunyo bo‘ylab daqiqasiga o‘n uch kishi vafot etishi kerak”.

O‘lishsin ham.

“Daqiqa avval o‘n to‘rt inson olamdan ko‘z yumdi”.

Qutqara olmas ekanman… Adashgan ekanman…

Ming la’nat hayotga…

Ming la’nat o‘limga…”

Mana shunday so‘zlar bilan @uzadab kanalidagi esselar tanlovida yutmoqchi bo‘ldim va boya yozganlarimning hammasi yolg‘on.

Men yozuvchilikka oid bu yilgi barcha tanlovlarda qatnashib ko‘rdim va hammasida mag‘lubiyatga uchradim, ko‘pincha nohaqlik va korrupsiya tufayli. Endi bu tanlovda yutish uchun g‘alati yo‘ldan yurishga majbur bo‘ldim: yolg‘onimni boshqalarga o‘xshab yashirmasdan aldaganimni aytdim-qo‘ydim. Boshqalar esa bu tanlovning hay’at a’zolariga yoqish uchun o‘zlarining yozuvchilikka oid hayot yo‘llarini chiroyli bo‘yoqqa bo‘yab berishadi. Ba’zilar unday qilmaymiz deyishi mumkin, lekin Tog‘ay Murod aytganidek, aytilgan so‘z yolg‘onga aylanadi-qoladi. Men esa buni tan oldim.

Chunki adabiyotda yangilik yo‘q, adabiyot o‘ldi. Dunyo adiblari bugungacha yozilgan asarlarning qahramonlarini ismini o‘zgartirib, voqeani qaytadan aytib berishyapti. O‘zlarini esa yengilmas qahramondek tasvirlashayapti. Uslub turlicha bo‘lsa-da, adabiyot ma’naviy jihatdan harf ham o‘zgartirish yo‘q. Kamiga hech kim kitob o‘qimayapti.

Men esa shunday paytda yangilik qilmoqchiman. Yolg‘onlarim va yolg‘onlaringizni tan oldim. Biroq bu qilmishim uchun menga tosh emas, toshlar otishadi. Meni muttahamga chiqarishadi, umuman olganda, to‘g‘ri qilishadi ham. Boya aytganimdek yolg‘on gapirmayman: men siz o‘ylagandek yaxshi odam emasman!

Bu bilan nima demoqchiman: biz yozuvchi bo‘lsak-da, oddiy odammiz. Shuning uchun o‘zimiz yaxshi bo‘la turmay, boshqalardan, ya’ni o‘quvchilarimizdan yaxshi bo‘lishlarini so‘ray olmaymiz, yaxshilikka unday olmaymiz”.

Menimcha, bu safar ham men sizni alday oldim va qaysidir ma’noda rost so‘zladim. Sal oldinroq keltirilgan shaxs ham men emas, lekin qaysidir ma’noda – men. Qanday qilib deysizmi? Mayli, aytaman.

Ikkala shaxsda ham o‘zimning qaysidir qismimni ko‘rsatdim. Birida tez taslim bo‘ladigan va hammani o‘ylab yuradigan melanxolik chehram bo‘lsa, ikkinchisida esa oxirigacha uri­shadigan va o‘zining gapini haq deb biladigan tajovuzkor yuzimni ko‘rsatdim. Ko‘rib turganingizdek, men o‘zimning haqiqiy ko‘rinishimni to‘liq ko‘rsatganim yo‘q, biroq ko‘rinishimni ko‘rsatdim. Siz esa meni birdaniga yo yomonlab ketdingiz, yo yaxshilab keldingiz. Bu bir jihatdan to‘g‘ri, ammo umumiy miqyosda olganda mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki qaysidir mushkul vaqtda odam o‘zgarib qolgan bo‘lishi mumkin, bundan tashqari, yana meni to‘liq anglamasdan men haqimda fikr bildira olmaysiz. Lekin ovqat­ning ta’mini bilish uchun uning hammasini yeyishimiz shart emas-ku, deyishingiz mumkin. Ammo bu vaziyatda va qolgan vaziyatlarda ham sizning “lekin”ingizga mening “lekin”imga “lekin” topilgandek, yana bitta “lekin” topilib chiqishi mumkin, so‘ngra matn “ammo-lekin-biroq”lar bilan to‘lib ketadi.

Ko‘ryapsizmi, hech qayerda mutlaqo to‘g‘rilik yo‘q. Isbot sifatida shu gapimni ham olishim mumkin: “Hech qayerda mutlaqo to‘g‘rilik yo‘q deyapman. Biroq, Xudo haqida, olamlarning tuzilishi haqida mutlaqo to‘g‘rilik yo‘q deya olamizmi? O‘ylab ko‘rsak, ham ha, ham yo‘q.”

Va yana bir marta ko‘rayotganingizdek, mening essemda mutlaqo to‘g‘rilik yo‘q. Sababini, menimcha, o‘zingiz bilasiz.

Unda bu holatda yozuvchi yoki odam nima qilishi kerak? Tushunish kerak.

Bu nima degani? Mukammallik nomukammallikdan iborat degani.

Hamma xato qiladi va xato qilganlar – qilgan xatolari uchun aybdor hisoblanmaydi, chunki ularga shunday tarbiya berishgan. Tarbiya berganlar esa bunday noto‘g‘ri tarbiya berishni xohlashmagan. Hozir tarbiya berayotganlarga ham oldin tarbiya berganlar tarbiya qilayotganlarida ularning xato qilishlarini xohlashmagan. Bu esa cheksiz aylana va mana shu aylana toki odamlar buni tushunib yetib, xatolarni kechirib, hamda nomukammallikni mukammallik deb bilmaganlarigacha davom etaveradi. Afsuski, buni hamma ham anglab yetmaydi. Ammo vaziyatni sal-pal yaxshilashimiz mumkin.

Shunday qilib, so‘nggi so‘z o‘rnida nima demoqchiman? Hech nima! Ha, hech nima demoqchiman, ya’ni hech nimani tushuning demoqchiman. Yozuvchi hammani va hech kimni tushunib yozishi kerak demoqchiman”.

Eh, yana aldangansiz!

Bu shaxs ham haqiqiy men emas edim. U yigirma yildan keyingi holatim edi: mashhur yozuvchi, hech nimani tushunadigan faylasuf va uning gaplarini faqatgina u to‘liq tushunadi.

Men esa yozuvchilik qildim. To‘g‘rirog‘i, aytgan gaplarimga sizni ishontira oldim.

Chunki men yozuvchiman. Hammaning ruhiga kirib yashashim kerak, o‘zimdan voz kechishim kerak.

Shu tufayli ham men kecha o‘zimni o‘ldirdim. Ammo bu voqea kechagi kechada ro‘y bermagan, qaysidir kechada ro‘y bergan, ya’ni har doim.

Va o‘ylashimcha, yozuvchi shunday bo‘ladi; birovlarning tanasida yashaydi, shu orqali haqiqatni aytadi, umuman olganda hammasi badiiyatda bo‘ladi. Agar yozuvchi o‘zi haqida yozsa, badiiy obraz paydo bo‘ladi, chunki hayotni ko‘chirib bo‘lmaydi.

Xullas, gapim, balki noto‘g‘ridir, ammo men o‘zimni shunday yozuvchi deb bilaman. Shunday qilib, @uzadab hay’at a’zolari, men o‘zim­ning biografiyamni va yozuvchining jamiyatdagi o‘rnini mana shunday bergan bo‘lardim.

Esse sarlavhasidagi savol keladigan bo‘lsak, essem matni javobni yashirincha aytdi: daqiqasiga o‘n uch kishi o‘layotganida yozuvchi (qanchalik g‘alati bo‘lib tuyulmasin) yozardi, chunki u yozuvchi”.

To‘xtang, bu safar ham sizni alday oldim-a?..

 

Suxrobjon Avalboyev,

Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari

ishtirokchisi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.