She’r yangragan oqshomlar

0
28
marta ko‘rilgan.

yoxud Zominda uch kunu ikki tun

Xushxabar
Mamlakatimiz yangi davrga qadam tashlaganidan buyon ko‘zimiz – televizorda, qulog‘imiz –
radioda. Har kuni ezgu niyatlar, ulug‘ maqsadlar bilan ilhomlanib, bajarishimiz zarur bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p ishlarni dilga tugib, shu yurtning bir farzandi sifatida belga himmat kamarini bog‘ladik. Xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatib barchamizga o‘rnak, namuna bo‘layotgan Prezidentimiz joylarda el-ulus bilan uchrashganida, uzoq tumandagi yurtdoshlarimizning uyiga kirib borib, xonadon sohiblari bilan samimiy dillashganida barchamiz to‘lqinlanib ketyapmiz. Qo‘liga qalam tutgan ijodkor borki, bunday chog‘larda yuragi kabutar misol ko‘kka parvoz etmoqqa shaylanib qoladi.
Mamlakatimiz rahbari joylarda kechayotgan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 27 aprel kuni Jizzax viloyatiga borgandi. Tashrif davomida muhim loyihalar bo‘yicha ko‘rsatma, tavsiyalar berib, hududdagi aholining turmush darajasini ko‘tarish, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi muhim masalalarga ham atroflicha to‘xtaldi. Jumladan, Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarini qayta tiklash, ustoz shoirlar bilan yoshlarning she’rxonlik kechalarini o‘tkazish haqida ham aytib o‘tdi.
Bu xabar adabiyot ixlosmandlarini, ijod ahlini, ayniqsa, dilini nayga jo‘r etgan yosh yurak­larni to‘lqinlantirib, ko‘nglini tog‘day o‘stirdi.
Taraddud

Zomin seminarining tiklanishi haqidagi xabar tarqalgach, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga kelib turadigan yosh ijodkorlarning qatnovi yanada quyuqlashdi. Nafaqat poytaxtda yashovchi yosh qalamkashlar, balki viloyatlarda istiqomat qiluvchi uka-singillarimiz ham uyushmaga serqatnov bo‘lib qoldi. Garchi viloyatlardagi yosh ijodkorlarning asarlari Yozuvchilar uyushmasining hududiy bo‘limlarida ko‘rilib, eng yaxshi ijodkorlar seminarga tavsiya etilayotgan bo‘lsa-da va yana “Seminar kunlari belgilansa, o‘zimiz xabar beramiz” degan gapga qaramasdan, ko‘zlari ijod zavqidan, qanotli orzulardan porlab turgan uka-singillarimiz yo‘l bosib, mashqlarini qo‘ltiqlab, uyushmaning yoshlar bo‘limiyu “Yoshlik”ka kirib kelaverardi.
Bularning bariga sabab ularning Zomin seminari haqida eshitganiyu bilganlari, adabiy suhbatlarda eski xotiralarning yang‘argani, o‘zlariga ustoz sanagan bir qator shoirlarning qachonlardir aynan Zominda tetapoya bo‘lganlari edi-da! Ayni paytda yoshlarda bu seminarda qatnashish istagi bilan birga chimdim hadik, hayajon ham bor edi.
Bir kun oldin
Viloyatlardan kelgan yetmishga yaqin yosh ijodkor, ularga qo‘z-quloq bo‘lib turgan uyushmaning joylardagi mas’ul kotiblari yozuvchilarning Do‘rmon ijod uyiga joylashishdi. Zomin seminarining debochasi shu so‘lim bog‘dan boshlanganday bo‘ldi, go‘yo. Nazarimizda, yosh qalamkashlarning bunda jam bo‘lishida ramziy bir ifoda bordek. Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Asqad Muxtor, Zulfiya, To‘ra Sulaymon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf kabi chin ma’noda o‘zbekning katta shoirlari, Odil Yoqubov, Said Ahmad, To‘lepbergen Qayipbergenov, Shuhrat, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev singari ulug‘ adiblarimiz izlari qolgan bog‘da navnihol shogirdlar ijodning zahmatiyu zavqini, el-yurt oldiga chiqib so‘z aytishning mas’uliyatini his etishdi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining adabiyotga qaratayotgan yuksak e’tibori, ijodkorlarga ko‘rsatayotgan mehri, yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlarning bosh sababi adabiyotimizning azim chinorlari bo‘lib qolgan ustozlarimizning bemisl iste’dodiyu saboti, ularning noyob ijodiy kashfiyotlari, so‘z dardida o‘tkazgan bedor tunlariyu bezovta kunlari ekanligini ham chuqur anglaganday bo‘lishdi.
Birinchi kun. Adabiy karvon
Yosh qalamkashlarga badiiy ijod sirlaridan saboq beruvchi ustoz adiblar, seminarning ishchi guruhi a’zolaridan iborat avtobuslar karvoni Do‘rmon ijod uyidan “O‘riklisoy, qaydasan?” deb Zomin tog‘lari sari yo‘l tortdi. Bu avtokarvon adabiy orzularni, so‘z mulkining baland marralarini ko‘zlab borayotgan yoshlarni ustozlar bilan bir qadar yaqinlashtirdi. Nufuzli anjumanda qatnashayotgan navqiron avlodning ko‘zlarida aks etgan shukronalik hissini ko‘rgan ustozlar ularga ijod va ijodkor shaxsi, so‘zning ta’miyu rangi, ifodada tuyg‘uning rostligi haqidagi adabiy maslahatlarini berib bordi.
Gap adabiy mavzulardan jamiyatda kechayotgan qizg‘in jarayonlarga ko‘char, bu borada ham yoshlarning o‘z fikri, xulosalarini eshitib ustozlar mamnun jilmayib qo‘yishardi. Anjuman ishtirokchilaridan biri o‘zining hayajonini bosolmay, yo‘l-yo‘lakay quyosh tig‘ida mehnat qilayotgan fidoyi bobo dehqonlar, ilg‘or paxtakorlar mehnati haqida so‘z ochsa, boshqa biri qad rostlayotgan imoratlarga g‘isht terayotgan bunyodkor ustalarni ko‘rib quvonardi. «Chinakam ijodkor ham mirishkor dehqonday qalbiga ezgulik urug‘ini qadashi, g‘ishtni bir tekis qilib tergan mohir usta singari so‘zlarni go‘zal, uyg‘un tiza bilishi lozim», derdi ustozlar yoshlarga qarab. Adabiy avtokarvonimiz tobora manzilga yaqinlab borar, Zomin zaminiga oshiqqan yoshlardan yana birining yuragi potirlab she’r o‘qirdi:

Yur, tog‘larga ketamiz, erkam,
Xarsangtoshlar chalar chanqovuz…
Tushdan so‘ng. O‘riklisoy

Shoirning: “Bunda bulbul kitob o‘qiydi”, deganicha bor ekan. Zomin tog‘lari bag‘ridagi so‘lim maskan – O‘riklisoyda toshdan-toshga urilib, jo‘shib oqayotgan suvning zilolligini aytmaysizmi: dili bilan qalami rost shoirning yozganlariday tiniq ko‘rinadi. Qolaversa, sharqiroq soyda yoshlikning beg‘uborligi, tantiligi, shiddatiyu shashti mujassam bo‘lgandek, go‘yo.
Yurt madhiyasi yangrab, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” shiori ostida Respublika yosh ijodkorlarining seminari ish boshladi.
Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq yozuvchisi Muhammad Ali hamda Jizzax viloya­ti hokimi Ulug‘bek Uzoqov tabrigi bilan ochildi.
– Zomin seminari yosh ijodkorlar bayramidir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali. – Bu yilgi seminarda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan yetmishga yaqin yosh ijodkorlar ishtirok etmoqda. Ularning ichida adabiyotning barcha janrlari vakillari – yosh shoirlar, nosirlar, dramaturglar, publitsistlar, tanqidchilar, tarjimonlar bor. Seminar dasturi nihoyatda tig‘iz tuzilgan. Har bir janr bo‘yicha taniqli adiblar rahbarlik qiladigan ijodiy guruhlarda qatnashchilarning asarlari (qo‘lyozma kitob shaklida) muhokamalardan o‘tadi. Umid qilamizki, ular orasidan qodiriylar, cho‘lponlar, oybeklar, zulfiyalar yetishib chiqadi, Zomin seminari taassurotlari adabiyotimizning yorqin sahifalariga aylanadi.
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoevning bundan yigirma yil muqaddam ayni shu manzilda yosh shoirlarga qarata aytgan: “Yosh ijodkorlarning mustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyoridan qo‘yayotgan qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!” degan so‘zlariga e’tibor qaratib, bu ezgu tilak bugungi yosh iste’dodlarga ham tegishli ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, seminar ochilishida O‘zbekis­ton xalq shoiri Enaxon Siddiqova, akademik Baxtiyor Nazarov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kengesboy Karimov, Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati mas’ul kotibi Mehri Abdurahmonovalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda ma’naviyat, adabiyot sohasida olib borilayotgan tub islohotlar, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning yorug‘ kelajagiga bildirilayotgan ishonch, kitob mutolaasi, kitobxonlikni rivojlantirish borasida qilinayotgan amaliy ishlar, ushbu seminardan kutilayotgan samaralar haqida gapirdilar.
Yoshlar nomidan jizzaxlik shoira Charos Yoqubova so‘z olib, yoshlarga ko‘rsatilayotgan rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi hamda yoshlar seminari Zominda o‘tayotganidan faxrlanishini aytib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilaridan namanganlik Nilufar Abdurahimova, surxondaryolik Malohat Nuriddinova ayni shu shukuhli lahzalarda seminarga bag‘ishlab yozgan yangi she’rlarini o‘qib eshittirdi.
Anjuman o‘z ishini she’riyat, nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima hamda badiiy publitsistika sho‘balarida davom ettirdi.
She’r yangragan oqshom
O‘riklisoyda g‘ir-g‘ir esgan mayin shabada ko‘ngilga jo‘shqin ruh baxsh etardi. Ustozlar kishi borlig‘ini yayratayotgan shabadadan rohat tuyarkan, xijolat bo‘layotganlari ham sezilib turardi. «Men bu yerda salqin havoda yayrab turgan chog‘im poytaxtda havo harorati necha darajaga chiqdi ekan? U yoqda yaqinlarimning ahvoli qanday?» degan savollar ularni bezovta qilardi. Xuddi yozning jazirama issig‘idan qochib o‘zlari bu so‘lim go‘shaga kelib olishgan-u, olisdagi o‘choqdoshlari tabiatning bu marhamatidan bebahra qolyapti.
Seminar ishtirokchilari biri-biridan hayajonini yashira olmas, bu go‘shaning tarovatiyu go‘zalligini biri ikkinchisidan oshirib ta’riflashga oshiqardi. Buxorolik Zilola Tosheva dil so‘zlarini:

Qalbim qushlariga quvonchim qanot,
Zomin zaminiga qo‘ymoqda qadam.
Bag‘ringda baxtliman, bityapman bayot,
Yon daftar qo‘limda, dilkashim qalam –

deb bayon etsa, samarqandlik Feruza Xayrullayeva his-hayajonini boshqacha tarzda ifoda qildi:

Eshitgandim, qachondir xuddi
Oqqush kabi bo‘lar emish baxt.
Boshingdan uch aylanib o‘tmish,
Shundan keyin sen baxtdan karaxt…

Feruzaning bu she’ri yangrayotganda O‘riklisoyga shom cho‘kkandi. Unda-bunda kechlikdan chiqqan ijodkorlar adabiy suhbat qurib turardi. Ularning yonida quyma quloq yosh-yalanglar ustozlarga ergashib, she’r o‘qish uchun atay tayyorlangan sahna tomon borishardi.
Oqshomgi she’rxonlikni uyushma mas’ul kotibi, shoir Muhiddin Abdusamad boshqarib bordi. Yosh ijodkorlar, hadeganda she’r o‘qish uchun navbat so‘rashardi. Muhiddin Abdusamad bo‘lsa, kimga she’r aytish navbatini bersa, avvalo uning ta’rifini keltirardi.
– Men, – dedi u. – Bir yigitchaning she’rlarini bir oy avval o‘qigandim. Bugun bilsam, o‘qigan she’rlarim muallifi seminarda qatnashayotgan ekan. Shoirni tanimayman. Kelinglar, unga navbat bersak. Azamat Xudoyberganov kim? Chiqsin!
Ozg‘in, novcha bir yigit ko‘rinish berdi. Mas’ul kotibni hayratlantirgan shoir hozir qanday she’r o‘qir ekan, deb hammaning ko‘zi unda. “Men Xorazmdan, Azamatman”, dedi-yu, varang­latib she’r o‘qiy boshladi:

Qulog‘ingdan tishlagan sirg‘ang,
Bo‘yning quchgan tillodan zanjir
Meni ko‘rsa bo‘ldi, tuslarin
O‘zgartirib, o‘zicha ranjir, –

– deya Azamat hayajondan she’rning yarmini unutdimi yo qiynaldimi, bilmadik, ammo qolgan qismini turkman tilida o‘qib qo‘yaqoldi.
Kimdir Oydinnisoning, Oydinniso esa Zebo Mirzayevaning she’r o‘qishini talab qilar, orada ustoz shoirlar ham yoshlik va muhabbat haqida she’r o‘qirdi. Davra boshqaruvchisi esa yana navbatma-navbat yoshlarni maydonga chorlar, dadil she’r o‘qishga undardi. She’r o‘qishi talab qilingan shunday yoshlardan biri Begali Eshonqulov bo‘ldi. Uni darrov tanidim. Papkasini qo‘ltiqlab uyushmaning yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limiga kelganida ko‘rgandim. Uzun bo‘yli, ko‘rinishidan menga negadir she’r emas, boshqa janrda yozadiganday tuyulgan yigit. U o‘zini tanishtirib o‘tirmasdan, asosiy maqsadga ko‘chdi – qo‘liga mikrafon tegishi bilan ovozi yangrab ketdi:

Tun zulmati o‘zgarmagan,
Oy tirishar – shamol yelar.
Va eshikning tirqishidan
Kuz yo‘llagan sovuq kelar…

…Oh, daraxtga do‘nmoqchiydim,
Hovlingizda unmoqchiydim.
Sizning nozik qalbingizda
O‘sha odam bo‘lmoqchiydim.

Yoshlarning tovushi tinmas, osuda oqshomda O‘riklisoyning sharqiroq ovozi she’rga monand yangrar, she’rdan qo‘shiqqa navbat tegmasdi. Mushoira yakunlanganida oy she’r taftidan yuzi qizargan qizlarday bizdan olislab ketgan, qahkashon yulduzlar esa qoyalardagi adil archalarning boshida go‘yo yurt sarhadlarida sergak turgan alp yigitlarning boshiga qo‘ngandek yaraqlab ko‘rinardi.
Ikkinchi kun. Tong
O‘riklisoyda quyosh tog‘lar ortidan ko‘tarilishini hammadan burun ko‘rgim keldi. Soy bo‘ylab, suv oqimiga qarshi yurib, yuqorilab bordim. Naq Takali cho‘qqining poyida adabiyotshunos Shuhrat Rizayev bir-ikki yosh-yalang bilan suhbatlashib, Zomin tabiatining betakrorligi, ilhombaxsh tongi haqida suhbatlashib turardi. Seminarning bugungi kuni qizg‘in o‘tishi hammamizga ma’lum bo‘lgani uchun fursatni boy bergim kelmay, Shuhrat akani savolga tutdim:
– Domla, shoir uka-singillarimizni kecha ko‘rdik. Olov qalbli yoshlar ko‘p ekan. Dramaturglar qanday?
– Bevosita kamina mas’ul bo‘lgan, ayni siz ta’kidlayotgan yo‘nalishda besh navqiron ijodkor ishtirok etyapti. Qashqadaryodan Mo‘tabar Boymatova, Namangandan Mohlaroy Ahmedova, Samarqanddan Shohrux Ne’matov va Obidjon Ro‘ziboyev, Surxondaryodan Shavkat Bobomurodov vakil bo‘lib, dastlabki dramaturgik mashqlarini seminarga taqdim etishgan. Mashqlar bilan bugungacha tanishganmiz. Yutuq va kamchiliklari o‘zimizga ma’lum. Bu yigit-qizlar tasodifiy kelib qolgan emas, aksariyati O‘zbe­kiston davlat san’at va madaniyat institutining yuqori kurs talabalari. Ular muayyan nazariy bilimlarga ega, sohadagi tajribalardan boxabar yoshlar. Shu ma’noda seminar tashkilotchilarining bu galgi ijodkorlarni tanlash tamoyillari tahsinga sazovor. Bu yigit-qizlarning qalbida qo‘r, yuraklarida cho‘g‘ va o‘zlariga yarasha bilimi bor…
Rizayev domla bilan suhbatimiz tugamasidan munaqqid, adabiy tanqid kengashi raisi Suvon Meliyev kelib qoldi. Va u kishi ham o‘zi mas’ul bo‘lgan yo‘nalish hamda unda ishtirok etayotgan qatnashchilar haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Adabiy tanqid hamisha joriy adabiyot va mumtoz an’analarimizning o‘ziga xos ovozi va faol targ‘ibotchisi bo‘lib kelgan. E’tiborli joyi shundaki, bu yilgi Zomin seminarida adabiy tanqid vakillari ilk bor maxsus sho‘ba sifatida qatnashyapti. To‘g‘ri, avval Do‘rmonda o‘tkazilgan yosh ijodkorlar yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalish maxsus sho‘ba tarzida ikki marta ish olib borgan, lekin har safar ishtirokchilar bir-ikki nafardan oshmas edi, – deb so‘zida davom etdi sho‘ba rahbari. – Yoshlar taqdim etgan adabiy-tanqidiy maqolalarni akademik Baxtiyor Nazarov bilan sinchiklab o‘qib, tahlil qilib chiqdik. Albatta, o‘ziga xos yutuqlari ham, kamchiliklari ham bor. Ammo, tan olish kerak, bu yilgi ishtirokchilar balo ekan! Yoshlarning adabiy tanqid sohasiga qiziqishi ortib borayotganidan mamnun bo‘ldik. Ularning aksariyati ilmiy tadqiqot bilan adabiy tanqidni farqlayapti. Ishtirokchilardan farg‘onalik Sarvinoz Saksonova va qoraqalpog‘istonlik Zamira Ayimbetova ishlari alohida e’tiborimizni tortdi. Sarvinoz­ning jahon miqyosidagi adib F.M.Dostoyevskiyning “Telba” romani haqidagi va Zamiraning ulug‘ shoirimiz Zulfiya va qoraqalpoqning cho‘ng shoiri Ibroyim Yusupov she’riyati tahliliga bag‘ishlangan maqolalarida yosh munaqqidlarning mustaqil va chilg‘in nigohi e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Zamiradan umidimiz katta. O‘z ona tilidan tashqari o‘zbek tilini ham yaxshi biladigan qizimiz kelajakda adabiyotni faol targ‘ib etuvchi munaqqid bo‘lib yetishuvida unga ijodiy omadlar tilaymiz, kerak bo‘lsa, ko‘maklashamiz.
Zomin tog‘lari bag‘ridan quyoshning ko‘tarilishini ko‘rish uchun ertaga tong-sahar yana chiqmasak bo‘lmas. Negaki, Shuhrat aka, Suvon aka bilan suhbatimiz qizib ketgani bois, e’tibor qilmabman: quyosh ko‘kka ko‘tarilib bo‘libdi. Rostini aytganda, O‘rik­lisoydagi mardumga quyosh birdan “lop” etib paydo bo‘lgandek taassurot qoldirar ekan.
Kun bo‘yi
Sharqirab oqayotgan soy ustidagi so‘rilarda qaldirg‘ochday tizilgan yoshlar qurshovida o‘tirgan ustoz adiblarimiz o‘z ishlariga kirishib ketgan. Bu faoliyatni yoritishga chog‘langan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali muharriri, katta shoiramiz Zebo Mirzayeva ham adabiy mashg‘ulotlarga xalal bergisi kelmay, bir chekkada kuzatib turardi.
– Zebo opa, hozir ustozlarning seminaru yosh ijodkorlar haqidagi mulohazalarini bilish uchun ishni bolalar sho‘basidan boshlaylik, – dedim.
– Nega endi bolalar adabiyotidan?
– Mana, ko‘rib turibsiz, kechadan beri Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan Anvar Obidjonni turli janrda ijod qiluvchi yoshlar bir zum bo‘lsin xoli qo‘yishmayapti. Hozir esa ularning yonida faqat shu sho‘ba a’zolari to‘plangan.
Biz bolalar adabiyoti so‘risiga borganimizda Xudoyberdi To‘xtaboyev qashqadaryolik Kibriyo Xolmatovaning yozganlari haqida gapirayotgan ekan. Shuning uchun O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonni suhbatga tortdik.
– Bu yilgi anjumanda bolalar adabiyoti bo‘yicha yetti ijodkorning qatnashgani, albatta, quvonchli hol bo‘ldi. Taqdim etilgan asarlarning mazmunan puxtaligi, mavzularning rang-barang­ligi, satrlarda real turmushimiz manzaralari aniq-tiniq aks etgani bizni yanada xursand qildi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan birga xorazmlik Azamat Xudoyberganov, jizzaxlik O‘tkir Totliboyev, andijonlik Mohidil Abdullayeva, sirdaryolik Gulmira Islomova, namanganlik Nodira Nabiyeva, toshkentlik Sevinch Avazova, qashqadaryolik Kibriyo Xolmatovaning to‘plamlarini tahlil qilar ekanmiz, ularning shu navqiron yoshda mag‘zi to‘q she’rlar, hikoyalar yozgani bizni xursand qildi, – deb so‘zida davom etdi ustoz shoir. – Yosh qalamkashlarni seminarga saralashda Yozuvchilar uyushmasi mutasaddilari nihoyatda haqqoniy, xolis yondashgani ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, O‘tkirbek, Azamat va Mohidilning she’rlarini o‘qirkanmiz, xulosamiz shu bo‘ldi: agar g‘ayrat bilan ijod qilishdan, yozganlariga qayta-qayta sayqal berishdan, ustozlarning mahorat sirlarini o‘qib-o‘rganishdan, tinimsiz izlanishdan charchashmasa, ular yaqin kelajakda bolalar adabiyoti maydonida mustahkam o‘rin topa olishiga ishonamiz.
Anvar akaning mulohazalarini eshitgandan so‘ng navqiron nosirlarimiz yoniga bordik. Buni qarangki, Toshkentda suhbatini olishga doim talpinib yuradigan yozuvchilarimiz shu so‘rida jam bo‘lishibdi. Adiblar To‘lqin Hayit, Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldosh bir davrada edi. O‘zimcha, osmondan kelib, “Qani, qaysi biringiz yosh nosirlarning qulog‘idan tortib qo‘yasiz”, deb hazil qilgan bo‘ldim.
Seminar ishtirokchilari birdaniga “yalt” etib menga qaradi. Yoshlarning ko‘ngliga taskin berish uchun yozuvchi akamiz Isajon Sulton vaziyatni yumshatdi:
– Abduqayum Yo‘ldosh – bizning yetakchimiz. To‘lqin aka ikkimiz u kishiga vakolat berganmiz. Qancha mulohaza bo‘lsa, bildirish yetakchiga yarashadi.
– Seminarda o‘ndan ortiq yosh yozuvchilar ishtirok etyapti. Taqdim qilingan mashqlarni o‘qib chiqarkanmiz, nasrimizning ertangi kuniga ishonchimiz yanada ortdi. Yosh qalamkashlarimiz ancha dadil – ular jasorat bilan adabiy mahoratni uyg‘unlashtirgan holda jiddiy mavzularga qo‘l urishgan. Ishtirokchilarning “unisi zo‘r, bunisi ham kam emas” deya ajratib ko‘rsatish qiyin. Qolaversa, sho‘ba hay’ati a’zolari ularning ijodiy ishlarini yanada sayqallab, markaziy gazeta-jurnallarga tavsiya etish ustida ishlayapti. Xorazmlik Mahfuza Ibrohimova, qashqadaryolik Javlonbek Jovliyev, jizzaxlik Muqaddas Sarimsoqova, andijonlik Mahbubaxon Jalolxonovaning nomini alohida qayd etib o‘tishni istardim. Ularning orasida, baribir aytmasak bo‘lmadi, Mahfuzaning yozganlari she’rdek o‘qilar ekan. Boshlovchi ijodkor bo‘lsa-da, yaxshi tili bor. Umuman olganda, barcha iqtidorli yoshlarimizning asarlari o‘z o‘quvchilarini topadi, deb umid qilamiz.
Abduqayum akaning bu gapidan so‘ng rosmana she’r eshitgim kelib, she’riyat sho‘basiga bordim. Shoirlarimiz bir necha so‘rini band etibdiki, qay biridan boshlashga ham kishi lol. O‘zbekiston xalq shoirlari Enaxon Siddiqova, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo va boshqa taniqli shoirlar davrasida o‘tirgan yoshlar birin-ketin she’r o‘qib, go‘yo ustozlar oldida imtihondan o‘tganday bo‘lishardi.  
– Bu yil seminar ishtirokchilari orasida chindan ham iste’dodli yoshlar ko‘p, – dedi sevimli shoirimiz Iqbol Mirzo. – Eng muhimi, ular shoirlik shunchaki qofiya tizish emasligini his qilib, anglab turishibdi. To‘g‘ri, hali ularning yozganlarida ayrim ishlash lozim bo‘lgan o‘rinlar, ba’zi «xom» satrlar bor. Ammo ular o‘sayotgan shoirlar. Zominga shuning uchun ham kelishgan. Mana shu uka-singillarimiz orasidan zamonaviy she’riyatimizga yangi mazmun bag‘ish­laydigan, KATTA shoirlar yetishib chiqishiga umid qilaman.
Iqbol aka bilan suhbatimiz tugamay yon so‘ridan bir qizning she’r o‘qiyotgani e’tiborimizni tortdi:

O‘zimdan toshib keldim,
Dovonlar oshib keldim.
Men-la Nodira ruhi
Zamonlar oshib keldim.

Xayollar uchdi – xatlar,
Qarshiladi daraxtlar.
Bu zamon Zomin husni
Ko‘zlarimga dastxatdir…

    
Keyin bilsak, Nozima Habibullayeva degan shoira shu qiz ekan. Ustozlar e’tirofidan ko‘ng­­li o‘sgan yoshlar she’r o‘qir, ularga tengdoshlari munosabat bildirar, shu tarzda bu kunning shavqi xotiralarga muhrlanib borardi.
Kun qiblaga oqqan chog‘i anjumanda yigirma bir nafar yosh ijodkorning «Ijod» jamoat fondi homiyligida chop etilgan birinchi kitob­lari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ishtirokchi yoshlarning har biriga mamlakatimiz rahbarining maxsus sovg‘asi – planshet topshirildi. Bunday yuksak e’tibordan boshi osmonga yetgan yoshlar planshetdagi «O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentidan» degan yorliqni ko‘rib, tamomila baxtga, sharafga ko‘mildilar.
– Anjumanga qatnashishning o‘zi tengdoshlarimiz uchun bir baxt, – dedi nasr yo‘nalishida ishtirok etgan surxondaryolik Furqat Alimardonov. – Bugungacha yozgan hikoyalarim bir tomon-u, endi yozadiganlarim boshqacha bo‘lishiga ishonaman. Bu yerda rosmana mahorat maktabini o‘tadik. Ustozlarimiz nimani qanday yozish, qahramonlar xarakterini qay tarzda ochish va yozganda qaysi jihatlarga e’tibor qaratishni tushuntirib berdi. Prezident sovg‘asini olgan tengdoshlarimizning faqat va faqat yaxshi asarlar yozishiga ishonaman. Negaki, bunday e’tiborga boshqacha javob berib bo‘lmaydi. Faqat zo‘r ijod qilishimiz kerak.
Yuz-ko‘zida shodu xurramlik balqigan yoshlar taqdimotdan so‘ng Zomin sharsharasini tomosha qilishga yo‘l olishdi. U yerdagi taassurotlarni qog‘ozga tushirib, to‘la ifodalash imkonsiz. Balki, fotosuratlarda qisman ko‘rsatish mumkindir…
Talosh palla yo yana oqshom
Kun talosh bo‘lganida ham yosh ijodkorlar to‘p-to‘p bo‘lib ustozlar ortidan ergashardi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyati mulki bo‘lgan fotoapparat kaminaning bo‘ynida, bir yigitga qirq hunar oz deganlaridek, “chiq-chirq” qilib yuribmiz. Bir yigit kelib: “Ustoz bilan rasmga olib qo‘ying”, deya O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining atrofiga bir nechasi jam bo‘lishdi. Ha, deganda seminar ishtirokchilari o‘rin almashar, mening qo‘limdagi fotoapparat tinmay chirqillardi. Shu tobda tahririyatimizning mohir fotografi Rustam Nazarmat kelib qoldi-yu, jonimga ora kirdi.
Rustam Nazarmat ishlayotganida men ham bo‘sh turmay, badiiy publitsistika kengashi raisi O‘ktam Mirzayorni suhbatga tortdim:
– O‘ktam aka, publitsist yoshlar qiynamadimi?
– Yo‘q. Qolaversa, Humoyun Akbardek yordamchim bor, – deb gapini davom ettirdi sho‘ba rahbari. – Badiiy publitsistika jamiyatda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mohiyatini ochib beradigan, bugungi kunning tarixini qog‘ozga muhrlaydigan muhim vositadir. Tarixi boy, kechmishi dolg‘ali milliy adabiyotimizning Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Mirtemir kabi darg‘alari ijodida ham badiiy publitsistikaning o‘rni katta bo‘lgan. Buni seminarda qatnashayotgan yosh publitsistlar yaxshi bilishadi. Ular orasida bugun jamiyat istagan iste’dod sohiblari borligini ko‘rib quvondik. Navoiylik Ro‘ziqul Ochilov, andijonlik Zulxumor Orifjonova, qashqadaryolik Muhammadali Mamadaliyev, namanganlik Jahongir Namozov, xorazmlik Dilmurod Masharipov kabi yoshlarimiz bilan muntazam ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik. Har qanday niholni mehr yashnatgani singari, bugungi yosh ijodkorlarga rag‘bat kerak, ularni farzandlarimizdek avaylab o‘stirsak, ertaga adabiyot bo‘stonimizni yanada obod etguvchi ijodkorlar bo‘lib yetishadilar.
Shom cho‘kkan, qushlar o‘z tilida qo‘shiq aytardi. Kechagi “she’riyat maydoni” tomon ustoz Muhammad Ali, Iqbol Mirzo, Mahmud Toir yo‘l boshlab ketishyapti. Qarasak, shu yaqin atrofdagi mahalliy el ham bu oqshom she’r eshitmoq istagida jam bo‘libdi.
Mushoirani ustoz Muhammad Ali olib boradigan bo‘ldi. Kechaning bunday tashkil etilayotganidan ko‘rinadiki, qorong‘ida ko‘kka ko‘z tikib she’r o‘qishning avji kechagidan ko‘ra balandroq bo‘ladi. Avval ustozlarga, so‘ng yoshlarga navbat berildi.
Mana, Dadaxon Muhammadiyev maydonda, “Akang qani, Qaldirg‘och?” deb surxonlik qizni so‘roqlab turibdi:

Tog‘lar yo‘lin tog‘ to‘sdi,
Mushtga aylandi quloch.
Ayvoningni qor bosdi,
Akang qani, Qaldirg‘och?

Bir munglig‘ ovoz o‘tdi,
Chalinmagan soz o‘tdi,
Bahor o‘tdi, yoz o‘tdi,
Akang qani, Qaldirg‘och?

Yoshlarning yurt mehridan rang olgan she’rlari tongga dovur tugamasligi hammaga ayon bo‘lib qolgach, faqat bittadan she’r aytishga kelishib olindi. Ammo she’r o‘qiyman deb o‘rtaga chiqayotganlarning oxiri ko‘rinmasdi. Hatto boshqa janrda ijod qiluvchi yoshlar ham bu kecha shoirga aylanib ketdi. Vaqt allamahal bo‘lib qolgach, noiloj to‘rt satrdan ortiq she’r o‘qimaslik sharti qo‘yildi.
Uchinchi kun. Sarhisob
Kecha she’r aytib charchamagan, Zomin sharsharasini tomosha qilib zavqi yanada jo‘shgan yosh ijodkorlar uchun bugun eng hayajonli dam bo‘lishi barchamizga kundek ravshan edi.
Ha, bugun seminar qatnashchilarining ijodiy ishlari sarhisob qilinadigan kun. Ammo hech bir ishtirokchi bundan cho‘chimasdi. Qaytaga, ijodi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi anjuman mashg‘ulotlari davomida ortgan bo‘lsa ortgandirki, ishtibohga o‘rin qoldirmagandi.
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari yakuniy tadbirida har bir sho‘ba rahbari o‘zi mashg‘ulot olib borgan guruhlardagi yoshlar ijodi haqida hisobot berdi.
– Badiiy tarjima sho‘basida Adhambek Alimbekov bilan birga besh nafar yosh tarjimonning ishlarini ko‘rib chiqdik, – dedi sho‘ba a’zosi Begoyim Xolbekova. – Seminar ishtirokchilari bugungacha ustozlar ijodidan tarjima qilgan bo‘lsalar, anjuman davomida tengdoshlarining mashqlarini tarjima qilib berishdi. To‘g‘ri, izlanishlarida kamchiliklar ham yo‘q emas, ammo ularga kelgusida bartaraf etilishi kerak bo‘lgan jihatlarni tushuntirdik.
Shu tariqa, barcha sho‘ba rahbarlari va a’zolarining mulohazalaridan so‘ng seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jizzax viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.
– Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan «Ijod» jamoat fondi hisobidan chop etilgan besh jildlik «Ozod vatan saodati», «Zamonamiz qahramonlari: Hasanboy Do‘smatov», «Zamonamiz qahramonlari: Ruslan Nurudinov» nomli kitoblar sovg‘a qilindi, – dedi seminarning tashkiliy ishlarida faol bo‘lgan uyushma a’zosi, dramaturg G‘afur Shermuhammad. – Shuningdek, Jizzax viloyati hokimligining pul mukofotlari ham berildi. Bularning barchasidan maqsad seminar qatnash­chilarining kelgusidagi ijodiy ishlariga rag‘bat ko‘rsatishdir. Ha, aytgancha, yosh ijodkorlar seminari tarixida birinchi marotaba anjuman ishtirokchilari uchun maxsus forma va daftar-qalamlar tayyorlandi va qatnashchilarga tarqatildi. Bunga ramziy ifoda yuklaydigan bo‘lsak, badiiy pishiq va baquvvat asarlar yozishi uchun yoshlarga Zominda qalam berildi, deyish mumkin.
Yosh ijodkorlar nomidan Abdulla Sharafiddinov va Sarvinoz Saksonova so‘zga chiqib, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, bildirayotgan ishonch uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdilar. Shuningdek, ijodiy mashqlarini ko‘rib, qimmatli fikr-mulohazalarini bildirgan ustozlarga samimiy tashakkur aytdilar.
Shu tariqa, Yosh ijodkorlarning 2017 yilgi Zomin seminari adabiyotimizning umidli avlodiga ijodiy zafarlar tilab, o‘z ishini yakunladi.

Nurilla Choriyev

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.