Anglamoq azobi

0
124
marta ko‘rilgan.

1. O‘zni anglash degani nima?
2. Baxt deganda nimani tushunasiz?
3. Iste’dod va imkoniyat: qay biri muhim?
4. Ijodkorning jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?
5. Yozganlaringizning hammasi rostmi?

1. Dunyodagi odamlarning aksari (hazrat Navoiy aytganlariday) suvrat ahlidir. Bundan ranjimasligimiz kerak. Chunki dunyoning tamal toshi – g‘aflatdir. Uni Haq ta’oloning O‘zi shunday yaratgan. Binobarin, hamma (g‘ofil emas) ogoh bo‘lsa, bu dunyodan nomu nishon qolmaydi (Rumiy).
Faqat ma’rifat ahligina ogahiy zotlardir. O‘zidan, o‘zligidan ogohlargina Haqdan, haqiqatdan ogohdirlar. Faqat aqliy ilmlar bilan o‘zlikni anglab bo‘lmaydi. O‘zlikni anglamoq uchun ma’rifat (xususan, ilohiy ma’rifat) kerak bo‘ladi. Inson o‘zligini anglamog‘i uchun ichidagi butlarni sindirmog‘i (hasad, adovat, kibru riyodan voz kechmog‘i) lozim bo‘ladi. Busiz o‘zni, o‘zlikni kashf etish mahol. Xususan, manmanlik va kibrdan – “men”likdan o‘zini poklamay turib, inson o‘zligini anglay olmaydi.
O‘zligini anglay boshlagach, u har kuni bir ilohiy asrorni kashf eta boradi. Va nihoyat, unda tahayyur (ulug‘ bir hayrat) hissi paydo bo‘ladi. Endi u dunyodagi barcha narsada faqat sabablarni emas, balki shu sabablarni yaratgan Musabbibni ko‘radi, mushohada qiladi. Agar bu mushohada to‘g‘ri yo‘nalishda (Iblisning qutqularidan xoli) bo‘lsa, asta-asta insonni ilohiy ishq sari eltadi. Aksincha bo‘lsa, mushohada sarob bir taxayyul sifatida qolib ketadi. O‘zlik anglab yetilmaydi. Bu ma’naviy falokatdir. (Faylasuflarning ko‘pi, taassuflar bo‘lsinkim, shu maqomda qolib ketishgan.) Chunki Iblis eng katta adashtirguvchidir. Buni aytishdan maqsad shuki, O‘zlikni anglash uchun qilingan barcha say’-harakatlar zikr bilan barobar kechmog‘i kerak. Avliyolar adashmadilar. Nega? Chunki ularning O‘zlikni anglashdagi ijtihodlari faqat zikr bilan barobar, omuxta kechgan! Chunki Iblis zikr­li qalbga qutqu sololmaydi…
O‘zlik anglab yetilgach, tolib musaxxir (tasxir qiluvchi)ga aylanadi. U o‘z qalbini, jon (ruh)ning sirru asrorini tasxir qiladi. Bu tasxir unga ruhoniy lazzat bag‘ishlaydi. Endi nafsi ammoradan (dunyoviy nafsdan) nafratlanadigan darajaga boradi. Avvalgi holatidan uyaladi. Har kun, har lahza vijdon bilan yuzma-yuz yashaydi. Hech kimga, hatto dushmaniga ham yomonlikni ravo ko‘rmaydigan bir yaxshi Odamga aylanadi. Bu Yaxshi Odam o‘zligini anglagan sayin unga bu inoyatni (ilohiy asrorni) ato qilgan Zotni sog‘inadi. Bu sog‘inch hissi uning zikr va boshqa ibodatlariga ruhiy lazzat bag‘ishlaydi. U tobora hayratga cho‘madi. Bu hayrat endi uning qalbidagi majoziy sevgini orifona muhabbatga aylantiradi. Endi u ilohiy go‘zallik faqat o‘n sakkiz yoshli qizlarga emas, butun olamga sochilganini to‘liq his etadi. Qushlar, baliqlar, gulu giyohlar, hayvonot, hasharot olamida ham u ilohiy go‘zallik asarlarini tomosha qiladi. Bu tomosha adoqsiz mushohadaga, tafakkurga olib boradi. Ana shu nuqtada u “Bir soatlik tafakkur oltmish kunlik ibodatdan afzaldir” hadisining mohiyatini chuqur anglaydi. Tafakkuri esa yana hayratga eltadi.
Axiyri bu tahayyur unda sog‘inch tuyg‘usini uy­g‘otadi. Bu oddiy sog‘inch emas, balki ilohiy sog‘inch tuyg‘usi ekanligini u chuqur his etadi. U endi (kimnidir emas, balki) butun olamni shu qadar buyuk va inja bir intizom bilan, cheksiz go‘zalliklar mehvarida yaratib qo‘ygan Jamil (eng go‘zal) zotni, barcha sabablarning yaratguvchisi bo‘lgan Musabbibni, barcha mehribonlarning mehriboni bo‘lgan Rahmonni, barcha rahmlilarning rahmlisi bo‘lgan Rahiymni, barcha jonli-jonsiz maxluqotga suvrat va shakl bergan buyuk Musavvirni, barcha tirik jonzotni rizqlantirib turgan Razzoqni… o‘n sakkiz ming olamni yaratgan Xoliqni sog‘inayotganini chuqur his etadi. Go‘zal bir ruhoniy olamga kiradi. Bu olamdagi nur daf’atan tolibni o‘ziga jalb qiladi…
Bu ruhoniy olam o‘zining Ko‘ngli ekanini ko‘rib, u yana hayratlanadi. Hayrati sog‘inchga, sog‘inchi esa hayratga aylanadi. Yana o‘sha Jamil zotni ko‘rgisi keladi. Ko‘rolmaydi, sog‘inadi… sog‘inadi… Va yana o‘sha go‘zal olam – ko‘nglidagi nur bilan ovunadi. Tashqi olamga boqadi: endi hamma narsada Uni ko‘radi. Gulu giyohlarda, qushu hayvonlarda, qurtu qumursqada Uning betakror, najib kashfini ko‘rib, shavqu zavqqa to‘ladi. Daf’atan barcha bu go‘zalliklar Undagi kulliy go‘­zallikning zarralari ekanligini qalb-qalbidan his etadi. His etgani sayin uni yana sog‘inch o‘rtaydi…
U endi zarradagi go‘zallikni emas, Kulldagi go‘zallikni ko‘rgisi keladi. Kullning O‘zini sog‘inadi. Buning imkonsiz ekanini his etib, eziladi. (Chunki, Muso alayhissalom va Tur tog‘ini eslaydi) “Nabiyga ato qilinmagan oraz senga ato qilinarmidi, ey qul!” deya o‘zini koyiydi.
Baribir, sog‘inch uning so‘ngaklarini qaqshatadi, o‘rtaydi. Shundagina tolib o‘zidagi orifona mu­hab­­bat ilohiy ishqqa aylanayotganini his etadi. To‘l­­­qin­lanadi, shavq butun qalbini egallaydi. Xur­san­d­­ligidan (ha, azbaroyi xursandligidan!) ko‘z yoshi­­ni hech kimga ko‘rsatmay yig‘laydi. Yig‘lagani sayin rohatlanadi. O‘zini yana o‘zga olamda ko‘radi. Buning o‘z ko‘ngli ekanini his etadi. Uning yettinchi iqlimiga qa­dar sayr qiladi. Va o‘sha tanish nurga yo‘liqadi. Shu nur bilan ovunadi. (Umrining so‘nggi nafasigacha shu nur bilan yashaganlar – qanday baxtli insonlar!)
Beixtiyor so‘ragingiz kelyapti, buning tadriji yo‘qmi, deb. Tadriji bor. Bu boshqa mavzu… Qisqa tamsil keltiradigan bo‘lsak, buning tadrijini ikki buyuk majzub – Mansuri Halloj va Shoh Mashrab hayotida ko‘rishimiz mumkin. Ular zarradagi go‘zallik bilan (yoxud ko‘ngil olamidagi nur quvonchi bilan) kifoyalanmadilar. Ular barcha nurlar mazharini – kulliy Nurni ko‘rishni xohladilar. Bu yo‘lda hech narsa va hech kimdan (dordan ham, fatvodan ham) qo‘rqmadilar. Oxir-oqibat buyuk shahodat topdilar va Nur jamoliga erishdilar. Binobarin, ular fanofilloh edilar. Fanofishshayx, fanofirrasul va fanofilloh maqomlari… bu endi o‘zga mavzu.

2. Bu savol ham birinchi mavzuning davomiday tuyuldi menga. Binobarin, o‘zlikni anglab yashash inson uchun asl baxtdir. O‘zligi anglanmagan shaxsning har qanday baxtu saodati bir kuni sarobga aylanadi…

3. Iste’dod va imkoniyat… Muhimi iste’doddir. Imkoniyat qanchalik darajada mavjud bo‘lmasin, iste’dodsiz yaxshi narsa yaratilmaydi. Imkoniyat qan­chalik darajada cheklangan bo‘lsa-da, iste’dod (xuddi bochka ichiga kirib olgan donishmand kabi) o‘z javharini qog‘ozga to‘ka oladi. Agar har ikkisi (iste’dod ham, imkoniyat ham) to‘la-to‘kis ato qilingan bo‘lsa, bunday imkoniyat ichida iste’dod dahoga aylanadi.
Hayotiy bir misol keltiray: adabiyotimizning be­takror shoiri, rahmatlik Asqar Mahkam umrining so‘nggi yillarida vujudida bir necha xil kasallik xuruj qilgan bir holatda ham ijodiy ish bilan qattiq shug‘ullandi. Shoirning rafiqasi (Mahmuda kelin) aytishicha, Asqar Mahkam 550 sahifalik nasriy asarlari saylanmasi bo‘lgan “Oq kitob”ga kiritish uchun “Dor” romanining birinchi kitobini mutlaqo kasal holatida yetti kun ichida yozib tugatgan. O‘sha kunlarda u ba’zan o‘n sakkiz soatgacha yozish bilan band bo‘lgan. Ana shu damlarda imkonsizlikdan imkoniyat yarata olishi uchun shoirga iste’dodi qo‘l kelganiga ishonaman. Bunday holatlarni jahon adabiyotidagi boshqa ijodkorlar hayotidan ham misol keltirish mumkin, albatta…

4. Bu savolga javob berish men uchun og‘ir. Avvallari jamiyatda ijodkorning mavqei biroz baland edi. Esimda, men hali “yosh ijodkor” – bori-yo‘g‘i ikki kitob muallifi bo‘lsam-da, jamiyatda o‘zimning muayyan mavqeimni har qadamda, har lahzada his etib yashardim. Hozir esa nazarimda hamma narsa pul bilan o‘lchanadiganday tuyuladi.

5. Yozganlarimning hammasi rost desam, uyalmay yolg‘on gapirgan bo‘laman. Shunisi ko‘ngilga xushki, ijodkorning yolg‘oni boshqalarga rost tuyuladi. “Taabbud” nomli kitobimdan bir she’rim shu savolga qisman javob bo‘larkan:

    SHE’RDAGI BAXT

Yangiliklar ko‘p bo‘ldi bukun,
Yozildi xush she’rlarim talay.
G‘amga botgan bitiklarimga
O‘xshamaydi ular harqalay…

Bir she’rlarki, unda kular oy,
Dardlari yo‘q, alamlari yo‘q.
Endi mening dastimda tinmay
Dard to‘kkuvchi qalamlarim yo‘q.

Bir she’rlarki, ma’vosi buyuk,
Qasri – kumush, tillodan taxti.
Garchi og‘ir bo‘lsa-da bu yuk,
Kuylaydi u mangulik baxtni.

Faqat… uning ko‘zlari yo‘qdir,
Bechorani qiynaydi ko‘rlik.
Juda baland savtu sadoda
Yolg‘onini yashirar sho‘rlik!

Savolga yanada xususiyroq javob beradigan bo‘l­sam, yozganlarimning o‘n ikkitasi she’riy to‘p­lam­lardir. Shulardan faqat ikkitasi (“Rumiyona” va “Tahayyur”da) men haqiqiy ma’noda rost So‘z bilan duch keldim…

Ne’matullo IBROHIM – 1954 yilda tug‘ilgan. Xo‘jand Davlat uni­versitetida tahsil olgan. “Rangontog‘ qo‘­shig‘i”, “Oq kaptar”, “Hijron chechaklari”, “Dar­vishona”, “Yigirma uch hikmat”, “Halloj kip­riklari”, “Taabbud”, “Tahayyur”, “Rangon tul­porlari”, “Muborak avrod” singari she’riy to‘p­lamlar muallifi. Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy, Kamol Xo‘jandiy, Abdurahmon Jomiy, Urfiy Sheroziy, Mirzo Ab­dulqodir Bedil va Muhammad Iqbol asarlaridan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan.

“Yoshlik” jurnali 2014 yil, 4-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.