Temirchining o‘g‘li Bektemir

0
75
marta ko‘rilgan.

Beshariqdagi bir tadbirdan qaytayotib, qo‘shni Furqat tumanining Shoyimbek qishlog‘idan o‘tayotganimizda, yo‘ldoshim – O‘zLiDeP Farg‘ona bo‘limi yetakchilaridan bo‘lgan G‘ayratjon dabdabali ohangda so‘z qotib, bu – Bektemir Meliqo‘ziyevning qishlog‘i, deyishi bilanoq, 2016 yili Braziliyada o‘tkazilgan yozgi olimpiada ringidagi manzaralar beixtiyor ko‘z o‘ngimda gavdalana boshladi.

Bunaqasi yetti uxlab tushimizga ham kirmagandi. Andijonlik Hasanboy Do‘smatov oltin medal olishni boshlab berdi-yu, bokschilarimizning bir kuchiga o‘n kuch qo‘shildi. Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahobiddin Zoirovlar ham oltin, Bektemir Meliqo‘ziyev, Shahram G‘iyosov kumush, Murodjon Ahmadaliyev, Rustam To‘laganov bronza medali olib, yigitlarimiz shu paytgacha ringda gegemonlik qilib kelgan Kuba, AQSH, Rossiya singari mamlakatlar vakillarini ham ortda qoldirgan holda jamoalar ichida birinchi o‘rinni egallagani, shuningdek, shtangachi Ruslan Nuriddinov oltin, dzyudochilar Rishod Sobirov, Diyorbek O‘rozboyev, yunon-rum kurashchisi Elmurod Tasmurodov, erkin kurashchilar Ixtiyor Navro‘zov, Magomed Ibragimovlar bronza medalni qo‘lga kiritgani jahon ahlini dong qotirib qo‘ydi. Bundan bor-yo‘g‘i chorak asr ilgari mustaqillikka erishgan navqirongina O‘zbekiston jami to‘rtta oltin, ikkita kumush, yettita bronza medaliga ega bo‘lib, bellashuvlarga ikki yuz yurtdan kelgan ishtirokchilar orasida yigirma birinchi o‘rinni egallasa-ya! Bunaqa keskin o‘sish olimpiada tarixida bo‘lganmikin?

Davlatimiz tomonidan har bir oltin medal uchun ikki yuz ming, kumush uchun yuz ming, bronza uchun yetmish besh ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli berilgani, qahramonlarimiz munosib taqdirlangani yurtdoshlarimizni yanada shodlantirib yuboruvdi o‘shanda. Yetmish besh kilogrammlik vaznda jahon chempioni bo‘lib turgan, olimpiadada ham yuqori shohsupaga ko‘tarilishini barcha boks bilimdonlari oldindan bashorat qilib kelayotgan kubalik Arlen Lopes finalda Bektemirni ochkolar bo‘yicha zo‘rg‘a yutib olgani bois, mutaxassislar buni oltinga teng kumush deb baholashgan edi.

– Bektemir qayerda yashashini birortasidan so‘rab biling-chi, – dedim G‘ayratjonga. –  Uyiga birrov bosh suqib o‘taylik, bu bola qanaqa sharoitda o‘sib-ulg‘ayganini bilishga juda qiziqyapman-da.

Ularning uyi mahallaning eng oxirida ekan. Keyin dalalar boshlanadi.

Xonadon bekasi Navro‘zaxon bilan endigina u yoq-bu yoqdan gaplashib turganimizda, kelinlari telefon qilib qo‘ygan ekan, bir zumda to‘ng‘ich o‘g‘li Rustamjonni ergashtirgancha uybegi Ro‘zimatjon paydo bo‘ldi, sal o‘tmay, Prezident tuhfa etgan “Malibu”da Bektemirning o‘zi ham yetib keldi.

Boyhusan degan mevalarga o‘xshab ketuvchi osiyocha qiyiq ko‘zlaridan bolalarga xos soddalik, cheksiz samimiyat yog‘ilib turuvchi bu bo‘z yigitchani ilgari Rishtonda, prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Shavkat Mirziyoev farg‘onalik saylovchilar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda birinchi  marta ko‘rgandim. Sira o‘zgarmabdi, xushbichim jussasida yoshlik shijoati balqib turibdi. Uning kelishimli bo‘y-bastiga havas-la boqqancha, dam o‘zi, dam ota-onasi bilan suhbatlashib, goh  bolalik, goh o‘smirlik davriga oid gaplarga quloq tutgan asno, birda hovlini, birda uy ichini sinchiklab ko‘zdan kechirarkanman, qahramonimga oid sir-asrorlarni birma-bir kashf etib borayotgandek edim.

Meliqo‘zi buvadan qolgan temirchilik ustaxonasi o‘chog‘ining qo‘ri hamon so‘ngani yo‘q. Ro‘zimatjon maktab o‘qituvchisi bo‘lsa-da, bo‘sh chog‘larida, ayniqsa yozgi ta’til paytida ketmon, tesha, chopqi, o‘roq, bolta yasab turadi. Otini taqalatishga keluvchilar uni dam olish kunlari ham tinch qo‘yishmaydi. Shunaqada, Bektemir kelib qolsa, e, qo‘yaversang-chi, de­yishlariga qaramay, iye, bundan zo‘r mashq borakanmi, deya ustki kiyimini uloqtirib, tezda bozg‘onga yopishadi. O‘choqdan cho‘g‘dek lang‘illab chiqqan temirga o‘g‘li darang-darang etkizib bozg‘on urarkan, ota orada temirni qisqichda aylantirganicha, bolg‘asini ting-ting, ting-ting qilib kerakli shaklga solib turadi.

Bektemir terga botib ketganini ko‘rgan ota, bo‘ldi, sal dam ol, desa, yo‘q, dada, yana chidashim kerak, agar orada nafas rostlashga ko‘nikib qolsam, ringda pand yeyishim aniq, deb ishdan to‘xtamaydi. Qo‘li ishda-yu,  necha yillar oldin bo‘lib o‘tgan bir voqea xayolidan o‘ta boshlaydi. Hali maktabga borib-bormagan Bektemir o‘shanda “dam” deb atalmish havopurkagich chilvirini tinimsiz tortib-bo‘shatib, o‘choqdagi ko‘mirning voz-vozlab yonishini zavqlanib kuzatar, o‘ng qo‘lining paylari og‘riy boshlasa, chapini ishga solardi. Hozirda ikkala qo‘lining zarbi ham bir-biridan qattiqligi balki shundandir.

Bir kuni o‘zicha piypalanib, qandaydir temirni egishga urinayotganida, o‘ng qo‘lidagi ko‘rsatkich barmoqni bolg‘ada chaqib oldi, qonni zo‘rg‘a to‘xtatishdi (oradan shuncha yil o‘tsa-da, hanuz o‘sha barmog‘idagi tirnoqning yarmi yo‘q). Meliqo‘zi buva buni ko‘rib, shu turishingda sendan temirchi chiqishi qiyin, dedi-yu, ertasi kuni lincha kanop qopga quruq g‘ijir qumni junga aralash solib, hovlidagi o‘rikka osib berdi-da, shuni urib tursang, bilaging pishadi, mushting qotadi, dedi. Ana endi, qopni kechalariyam gupillatishmi! Keyingi avlodi ham toshbilak temirchi bo‘lishini orzulagan buvasi o‘zi bilmagan holda kelajakdagi mashhur bokschini tarbiyalayotganini xayoligayam keltirmagandi o‘shanda.

Bu o‘yinsimon mashg‘ulot Bektemirga juda yoqib qolgandi, maktabda o‘qib yurgan kezlariyam, qopni savalashdan zerikmadi. Oxiri o‘n yoshida 22-maktabdagi boks to‘garagiga yozilib, hozirgacha unga murabbiylik qilib kelayotgan Ma’rufjon Ahmedov qo‘l ostida mashq qilishni boshladi. Avval olimpiada chempioni Muhammadqodir Abdullayevga, so‘ng O‘tkirbek Haydarov, Elshod Rasulovlarga havasi kelib, qaniydi, shularga o‘xshab jahonni kezib yuradigan bo‘lsam, deya toshiqib-toshiqib qo‘yardi.

Ko‘pchilik o‘rtoqlariga o‘xshab, u ham dalaga mol boqqani chiqardi. Boshqalar sigiri ekinzorga kirib ketmasligi uchun bo‘ynidagi arqonni uvatdagi tutlarga bog‘lab qo‘yib, ora-sira yangi joyga ko‘chirib turishardi. Bektemir esa sigirni bo‘sh qo‘yganicha o‘zi ekinzor tarafga qo‘riqchidek turib olib, arqonda to‘xtovsiz irg‘ib o‘ynashga tushardi. O‘rta og‘ir vazndagi bokschi bo‘lsayam, ringda oyoqlari bilan nomdor Muhammad Alidek kapalaklanib harakat qilishining siri mana qayerda ekan.  Bu bolaning eng o‘ziga xos tomonlaridan biri ham aynan mana shu. Qo‘llarini pastga osiltirib, qani, bo‘sh kelma, og‘ayni, xohlaganingcha uraver, degandek joyida qimirlamay turishini ko‘rgan raqib bor kuchini jamlab musht otadi-yu, Bektemir  shu yarim soniyaning ichida qayoqqa g‘oyib bo‘lganini anglayolmay qolganida, boshi yoki biqiniga gupillab tekkan qarshi zarbadan bir qalqib tushadi.

Jahon ringlari sari yo‘l hali-hamon olisligicha, xalqaro maydonlardagi g‘alabalar orzuligicha turar, Bektemir tuman, viloyat ko‘lamidagi bellashuvlarda qadamma-qadam olg‘a siljishda davom etardi. Nihoyat, 2011 yili Angrenda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika musobaqasida g‘olib bo‘ldi-yu, terma jamoa a’zoligiga qabul qilindi. O‘smirlik shu yerda tugab, endi yoshlar termasida avval O‘zbekiston, so‘ng Tailandda Osiyo, Bolgariyada jahon chempioni bo‘ldi. Namanganda 2014 yili o‘tgan “Barkamol avlod” musobaqalari, shu yili Xitoyda bo‘lgan yoshlar olimpiadasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Shular bois Xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.

Yosh bilan bog‘liq bo‘lgan bosqichlarning unisidan bunisiga o‘tishda ko‘p bokschilar birdan so‘niqib qoladi. Murabbiylar shundan xavotirlanayotgan edi. Ammo Bektemir kattalar termasiga o‘tganidan keyin ham shashtidan tushmadi, Olmaliqda O‘zbekiston, Tailandda Osiyo chempioni bo‘ldi. Qatarda 2015 yili tashkil etilgan jahon birinchiligida kumush medal olib, Rio – 2016 olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘sha yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nishonni uning ko‘ksiga taqar ekan, olimpiadadan medalsiz qaytma, deya yelkasiga qoqib qo‘ydi. Albatta aytganingiz bo‘ladi, deya va’da bergan esa-da, hali bu yuksak ishonchni oqlash kerak edi, Bektemir ikki baravar ishtiyoq bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishga tutindi. Xudoga ming qatla shukurki, Braziliyadan o‘z yurtiga yorug‘ yuz bilan qaytdi. Endi ko‘ksini “O‘zbekiston iftixori”, “O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi” nishonlari ham bezab turibdi.

– Murabbiylarim meni yetmish besh kilogrammdan sakson bir kilogrammgacha bo‘lgan vaznga o‘tkazishganida ilgari sira kuch sinashmagan notanish raqiblar noqulaylik tug‘dirmasmikan degan hadikda edim, – deydi Bektemir. – Xayriyat, tobora moslashib boryapman. 2017 yili Toshkentda bo‘lgan Osiyo birinchiligida oltin, Germaniyada o‘tgan jahon chempionatida bronza medal olib, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi, endi ko‘nglimda hech qanday xavotir yo‘q.

Mana shunisi muhim. Baland ruh olishuvlarda kuch va tajribadan ko‘ra ko‘proq asqatadi, aslida.

Angrenning Yangiobodidagi boks termasi o‘quv mashq bazasida oraliq tanaffus e’lon qilinib, qishlog‘iga dam olishga kelgan Bektemir jismoniy muvozanatni asrash niyatida  shu yerdagi boks to‘garagi zalida kuniga mashq o‘tkazayotganini bilib, o‘ziga nisbatan o‘ta talabchanligiga yana bir bor tan berdik. O‘z ustida shunday qattiq ishlashda davom etaversa, endigina yigirma bir yoshdan hatlayotgan yigitchaning asosiy yutuqlari hali oldinda. Indoneziyada bo‘ladigan Osiyo o‘yinlari, Sochida o‘tkaziladigan jahon chempionati eshik qoqib turibdi. Qahramonimizning asosiy maqsadi bu sinovlardan qoqinmay o‘tib olib, 2020 yili Tokioda ochiladigan yozgi olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqish.

Fermer do‘stim Abdusalom, to‘rt-besh marta kimyoviy ishlov berib ham, g‘o‘zalarni qaqshatayotgan ko‘sak qurtlarini tugalay yo‘q qilolmagach, oxiri paxtazor tomonga qarab jahl bilan qichqirishga tushibdi:

– He-ye-y, maraz qurtlar! Zo‘rman desalaring, Bektemir bilan ringda olishib ko‘ringlar-chi! Ana o‘shanda bitta-bitta qirilishlaringni ko‘rib, bir mazza qilay!

Shuni eshitganimdan keyin, Bektemirga “qiruvchi” deb laqab qo‘yib olgandim o‘zimcha.

Qo‘qon pedagogika institutining jismoniy tarbiya bo‘limiga imtiyozli tarzda qabul qilingan Bektemir talabalikda ham o‘z g‘ayratini namoyish etyapti. Hozir u Islom Karimov nomidagi faxrli stipendiya sohibi. Eng ezgu maqsadi, kelgusida yangi-yangi shohsupalarni zabt etib, sportchilarimiz uchun avvalda misli ko‘rilmagan sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning cheksiz g‘amxo‘rliklariga javoban ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishdir.

Sport faqat chiniqish, dovrug‘ taratish omiligina emas, o‘ziga xos biznes hamdir. Bektemir yutuqlarga erishgani sayin xonadoniga fayz-baraka qo‘shilib bormoqda. Meliqo‘zi buvadan qolgan guvaladevor hovli birdan ko‘rkam tus oldi. Eng quvonarlisi, bu o‘n sotixli hovliga uch o‘g‘limning qay biri sig‘arkin, o‘qituvchi ota, hamshira onaning topgani bularni uylash, boshpanali qilishning qay biriga yetarkin, deb yurgan Ro‘zimatjonning tashvishlari aridi – avvaliga viloyat hokimligi Bektemirga Farg‘ona shahridan uy sovg‘a qilib, keyinroq tumanda qatorlashtirib qurilayotgan namunaviy uylardan birini sotib olishdi-yu, bor muammo hal bo‘ldi qoldi.

– Ishqilib, Bektemir pulni bejo sarflamayaptimi? – deb hazillashaman.

– Topganini butunicha qo‘limizga keltirib beradi, – deya farzandidan rizoligini izhor qiladi Navro‘zaxon. – Berishga beradi-yu, ko‘chada yuradigan odamsan, manavini ishlatib tur, deb qo‘liga tutqazmasak, o‘zicha pul so‘rayvermaydi. Xudoning mukofotlariga yo‘liqavergur bu bola juda boshqacha-da.

 

Temirchining o‘g‘li Bektemir

O‘zbek dong‘in yoydi jahonga.

Ringga chiqsa, raqib sandon-u,

Aylanadi o‘zi bozg‘onga.

 

Mard yigitning, derlar, dovrug‘i

Kuch bag‘ishlar yetti pushtiga.

Ringda uning izdoshlari ham

Do‘naversin o‘zbek mushtiga!

 

Hovlidan chiqayotib, Vatan nima, deb shunchaki savol tashlagan bo‘laman Bektemirga. U esa, uzoq o‘ylanib o‘tirmay, dunyoning qaysi chiroyli mamlakatlarida yurgan bo‘lmasin, odam baribir o‘sha yoqqa tezroq qaytishni o‘ylayveradigan joy, deb javob qiladi. Bir qarashda, mushtini temirchi bobosining bozg‘oniga aylantirib, raqibini sandon deb faraz qilishdan boshqani bilmaydigandek tuyuluvchi soddafe’l yigitcha Vatan nimaligini bu qadar odmi, bu qadar teran ifodalab berishini sira kutmagandim.

O‘z yurtiga shuhrat, o‘z oilasiga hurmat-ehtirom, ajdodlariga rahmat keltirib, boshi ota-onaning duosidan chiqmaydigan bunday shavkatli farzandlar bilan faxrlanib yashash baxti har bir xonadonga nasib etaversin, iloyim.

 

Anvar OBIDJON,

O‘zbekiston xalq shoiri

1947 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Ona yer”, “Bahromning hikoyalari”, “Alamazon va uning do‘stlari”, “Ey, yorug‘ dunyo”,  “Masxaraboz bola”, “Dahshatli Meshpolvon”, “Bezgakshamol”, “Alamazon va Gulmat hangomasi”, “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri”, “Topsang hay-hay…” kabi she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.

“Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”, “Pahlavonning o‘g‘irlanishi” kabi p’yesalari sahnalashtirilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.