Yuksalib ketaman yonish chog‘ida…

0
146
marta ko‘rilgan.

 O‘z yurtimning tuprog‘i…

Yot ellarning bog‘i bilan bog‘chasi,

O‘z yurtingning yantog‘icha bo‘lolmas.

Maxtumquli

 

 

O‘zga yurtning

gullar o‘pgan ko‘chasi.

Dengizlari,

nilufari, g‘unchasi.

Daryolari,

yuzlab, minglab nechasi.

Ko‘kni quchgan

mo‘jizasi, barchasi.

O‘z yurtimning

tuprog‘icha bo‘lolmas.

Yot ellarda

Ko‘nglim

yashnab kulolmas.

Garchi uchdim,

yulduzlarning qanotida,

Nasim bo‘ldim

sog‘inchlarning sirotida.

Moviy, alvon

jilvalarga maftun bo‘ldim,

Ruh bermadim

ruhsizlarning hayotiga.

Menga hech kim

O‘z elimdek bo‘lolmas.

Yot ellarda

ko‘nglim yashnab kulolmas.

Nurlar ko‘rdim,

Osmon bilan bo‘ylashgan,

Sirlar ko‘rdim

Sinoatdan so‘ylashgan,

Uchayotgan turnalarni

Tinglasam,

Oshiyonining sevgisidan

Kuylashgan.

Yot ellarda

ko‘nglim yashnab kulolmas.

Dil dardimni

marvaridlar ololmas.

Yantoqgullar –

bolaligim bayrog‘i,

Xor-u xasi,

o‘lanlari, yaprog‘i.

Jonga malham

Qushlarining sayrog‘i.

Ko‘zlarimga to‘tiyo

itlarining tirnog‘i.

O‘z yurtimda raqib

Sochim silolmas

Yot ellarda

ko‘nglim yashnab kulolmas.

El hajrini

g‘aribalar biladi…

Yurt ishqida

sarg‘ayadi so‘ladi…

Ko‘kka boqsam

yuksalaman, o‘saman

Nafas olsam

Olamlarim to‘ladi!

Yuragimni

Zeb-u zarlar ololmas,

Yot ellarda

ko‘nglim yashnab kulolmas.

 

* * *

Sizdan menga nurlar kelar osmon-osmon,

Yuragimda shodliklarim xirmon-xirmon.

Hayotimning manosini topgandayman,

Ishq ahlining sharobidan totgandayman.

 

Ey, qalbimning bu dunyoda yorug‘ kuyi,

Balki sizni izlaganman umrim bo‘yi,

Sizni ko‘rgan ro‘yolarni, o‘pib suyib,

Tirikchilik dunyosidan o‘tgandayman…

 

Past-u baland ko‘chalarda zor-u sarson,

O‘tgan ketgan nechalarga bo‘lib hayron,

Yig‘lab ketdi mendan, qancha davr-u davron,

Yashamasdan, bu kunlarni kutgandayman!

 

Sizni ko‘rgan lahzalarim afsonadur,

Ismingizning shulasidan mastonadur,

(Menam dildor, bir so‘yladim Sultonimga)

Ikki dunyo bu so‘zlarim yagonadur!

 

Sizdan menga nurlar kelar osmon-osmon,

Yuragimda shodliklarim xirmon-xirmon.

Hayotimning manosini topgandayman,

Ishq ahlining sharobidan totgandayman…

 

* * *

Ul ko‘ngli qattig‘dan adashtir meni,

Nuri oshiyonimga gardi tushmasin…

Sevgisiz sayrdan asragil meni,

Maysalar yo‘limga mehr  to‘shasin.

 

Mendan ayro tushsin nigohi muzlik.

Yo‘limdan ayrilsin nursiz yo‘llari.

O‘ldirsa, o‘ldirar meni hissizlik,

Bog‘imga kelmasin sovuq yellari

 

Bir boqsam toshlarni sel qiladurmen,

Uning tun bag‘rini eritolmadim.

Men axir orzudan yaralgan gulmen,

Dildorlik shavqini his etolmadim.

 

Ul qahhor qatlidan omonlik bergil,

Dilimda o‘stirgan dunyolar haqqi,

Men faqat ayolmas…

Onaman axir!

Asragil, asralgan xoslaring yanglig‘…

 

 

 

 

 

Evrilish

Dunyo bilan,

Ishim yo‘q mening.

Dunyo menga qilmaydi karam.

Sukunat va moviylik aro,

Yashayapman,

Yashil

va ko‘rkam…

Derazamni chertmaydi osmon,

O‘zim qarab qo‘yaman gohi.

Borlig‘imni o‘rtaydi hamon,

Naysonlarning yoshli nigohi…

Ko‘ksim to‘la

Sevgi va orzu

O, kimnidir

sog‘indim behad…

Cheksizlikda

yashindek chaqnab,

Intizormi,

Meni kutgan baxt!

Tosh yo‘llardan jimgina o‘tib,

Yuragimni quchaman

sokin.

Faqat seni,

Bir seni kutdim…

 

O , tushundim,

Istiqbol yaqin!

 

* * *

Ko‘zingga tik qarab yashadim…

So‘nmadim,

to so‘nggi gavharim qadar…

Har neki, uchrasa arzon va nursiz,

Boqmadim

bebahra qolsam-da agar.

Egmadim ko‘nglimning qanotlarini,

Har bir  siniqlarim qilichga do‘ndi.

Yoqmadim xiyonat maktublarini…

Zulmat qanday cho‘ksa,

intizor ko‘ndim…

Muqaddas va porloq umidim haqqi,

Shunchaki farahga ko‘nmadim.

Saharlar ifori kelarkan toki,

Toki falaklarga yetarkan dodim!

O‘tkinchi nigohlar o‘yingohida,

Makkor tilsimlarni yechib tashladim.

Yuksalib ketaman, yonish chog‘ida…

Ko‘zinga tik qarab yashadim

Qismat!      

 

* * *

Ko‘zlarimni ko‘kdan uzib

Qarasam,

Kuz kelib, zafaron bo‘libdi barglar.

Sochlarimni jaranglatib tarasam,

Shuurim qaʼrida uyg‘ondi zarblar.

 

Sariq rang olamni etmoqda ishg‘ol,

Sarg‘aygani yo‘qdir yashil hislarim!

Hali sarg‘aymadi umidim rasmi,

Tug‘ilgani yo‘qdir kunday qizlarim…

Ozoda BEKMURODOVA

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.