Tillani toblagan peshona teri

0
28
marta ko‘rilgan.

Yilda uch-to‘rt marta turli bayram va to‘ylar munosabati bilan tug‘ilib-o‘sgan yurtim Buxoroga yo‘l olar ekanman, g‘azal mulkining sultoni bo‘lmish ulug‘ shoirimizning nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatini kesib o‘taman. Bu yo‘l Buyuk ipak yo‘lining bir qismi. Ulug‘ yo‘l bo‘yida mehnatkash, ishbilarmon, tanti odamlar yashaydi. Qachon o‘tsam, navoiylik odamlarni ish bilan band bo‘lganini ko‘rarman: kimdir qoramollarni haydab ketadi, kimdir kun tig‘ida dalada ter to‘kadi, yana kimlardir yangi imorat tiklayotgan bo‘ladi, xullas, qishin-yozin deyarli barcha tirikchilik, ro‘zg‘or tashvishida yuradi…

Navoiyni birinchi marta kesib o‘tadigan odam Navoiy shahri yaqiniga kelganda dimog‘iga achchiq havo uriladi. Sezadiki, yaqin-o‘rtada zavod yo qandaydir korxona bor. Menam har o‘tganimda shu achchiq havoni yutib, o‘ylaymanki, bu yerda yashash og‘ir – sog‘liqqa zarar; kuniga milyon so‘m berganda ham bu joyda yashamasdim – pichirlayman o‘zimga o‘zim. Lekin… men, o‘z jonini sevadigan odam, unutamanki, bu yerda kuniga milyon so‘m daromad topmasa ham kun kechirayotgan, uy-joy solib farzand o‘stirayotgan, to‘y qilayotgan, kelajakka katta umid bilan intilayotgan mehnatkash Xalq bor. Shu xalq orasida esa bir kunlik umrining yarmidan ko‘pi katta-katta zavod va kombinatlarda, konu shaxtalarda kechadigan Qahramonlar bor…

 

* * *

Navoiy viloyatiga xizmat safari bilan borishga to‘g‘ri keldi. Qayerga deng, O‘zbekistonning faxri bo‘lgan, yurtning farovonligiga katta hissa qo‘shib turgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga, oltin konlariga, shaxtalarga, zavodlarga. Rejamizda kombinatda o‘z mehnati bilan kasbdoshlari orasida ajralib turadigan, boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan ishchi-xizmatchilar bilan ham tanishib, suhbatlashishimiz kerak edi. Mening suhbatdoshim qoramag‘iz, yuz-ko‘zlaridan ancha vazmin va bosiq ekani ko‘rinib turadigan tilla quyuvchi edi…

Isrofil. Bu so‘zni eshitgan odam borki, ro‘zi Qiyomatda sur chaladigan farishtani esga oladi. Lekin shu nom kimningdir ismi deyilsa, ko‘pchilik ishonmaydi. Mening suhbatdoshim aynan shu noyob ism egasi edi. Isrofil akaning faqat ismi noyob emasdi. Unda bugungi kunda noyob bo‘lgan g‘urur, nomus, taqdirdan rozilik, halollik kabi xislatlar ham jam edi. Bu uning ko‘zlarida, gap-so‘zida, fikrlashida aks etardi.

…Yosh Isrofil bolaligida ota-onasining yetovida o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida bir necha marta nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Osiyoda mashhur bo‘lgan Zarafshon shahriga mehmondorchilikka keladi. Xatirchida tug‘ilib, keng adir va tog‘lar bag‘rida yashagan bolakayga Zarafshon orzusidagi shaharday ko‘rinadi. Har safar kelganida Zarafshonga bo‘lgan muhabbati alangalangan Isrofil “Katta bo‘lsam, shu yerda yashayman, ishlab uy va mashina olaman, ota-onamni ham shaharga olib kelib, birga yashayman”, deya ezgu niyatni o‘sha paytlarda diliga tugib qo‘yadi.

Isrofil aka 1986 yili ishchi-xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Oilada to‘ng‘ich farzand, uch singlisi bor. Oilada bitta o‘g‘il farzand bo‘lsa, odatda, erka, sal boqibeg‘am o‘sadi. Ota-ona ham “Xudodan tilab olgan yakkayu yagona arslonim” deb, alohida mehr bilan ulg‘aytiradi. Erka farzand bo‘lib o‘sgan bo‘lsangiz kerak, deganday Isrofil akaga ma’noli qarayman.

– Farzand tarbiyasi bilan, asosan, otam shug‘ullangan. Nazorat, tartib-intizom joyida bo‘lgan doim. O‘qish, uy-dala ishlarini doim otam bilan birga bajarardim. Otamdan ko‘p narsani o‘rganganman: erkaklik g‘ururi, or, hamiyat, halollik. Ba’zan oiladagi o‘zimni otam bilan solishtiraman: otamga qanchalik o‘xshayapman, degan o‘y bilan…

– Otangiz ham konchi bo‘lganlarmi? O‘zi qanday kelib qolgansiz bu yerga.

– Yo‘q, otam butun umr qishloq xo‘jaligida ishlaganlar. Yoshligimdan menga falon kasbni egalla, konchi bo‘l ham demaganlar. Kollejning texnika yo‘nalishini bitirgach, taqdir taqozosi bilan Zarafshonga keldim. Malaka suhbatlaridan o‘tgach, ikkinchi metallurgiya zavodiga ishga kirish nasib etdi. Mana, 12 yildan beri ishlayapman…

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz sanoatining nufuzli korxonalaridan biri hisoblanishi barchamizga ma’lum. Oltin ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi eng yirik majmualardan biri bo‘lgan Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 2-Gidrometallurgiya zavodi esa ana shunday yirik kombinatning qontomirlaridan biri. Qahramonimiz ayni shu yerda mehnat qiladi.

2-Gidrometallurgiya zavodining qurilishi 1967 yilning may oyida boshlangan bo‘lib, asriy Qizilqum bag‘rida ko‘rkam voha, zamonaviy shahar, qator korxonalar bunyod etilishiga poydevor yaratgan. Zavodning birinchi navbati qisqa muddatda – ikki yilu ikki oyda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilgan edi. 1969 yilning 21 iyuli nafaqat zavod, balki cho‘llar qa’rida yashirinib yotgan tabiiy boyliklarni qidirib topish va ularni yurt istiqboli, insonlarning farovon turmushi yo‘lida o‘zlashtirishga jiddu jahd qilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi hayotida ham abadiy bitilib qoladigan sana bo‘ldi. Shu kuni zavodda og‘irligi 11 kilogramm 820 gramm bo‘lgan birinchi oltin yombisi quyiladi.

Bugungi kunda oltin ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi eng yirik korxonalardan hisoblangan 2-Gidrometallurgiya zavodi faoliyat ko‘rsatayotgan o‘tgan 50 yillik davrida 1,1 milliard tonna rudani qayta ishladi.

Ulkan zamonaviy sanoat majmuasida matonatli, mustahkam irodali, murakkab texnikaviy va muhandislik masalalarini hal etishga qodir turli millat vakillaridan iborat fidoyi insonlar, ustozu shogirdlar mehnati bilan tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan rudani maydalashdan boshlab, undan tayyor mahsulot ajratib olib, oliy sifatli quyma oltin hosil qilishgacha bo‘lgan texnologik jarayonlar to‘liq amalga oshiriladi.

Qahramonimga zimdan diqqat bilan qarayman: turli kislota va kimyoviy moddalar sabab qo‘llari kuygan, qoraygan, dog‘lar bordek; yuzlarida bir necha yillik toliqish sezilib turadi. Ha, mehnati og‘ir, deyman. Bee’tibor o‘zimning qo‘llarimga ko‘zim tushadi: shaharning nuqsi urgan – oq va nozik, kesilgan, kuygan, qabargan joy yo‘q. O‘zimcha xayolan chamalashga o‘taman: kim yurtga ko‘proq naf keltiryapti – yengil tosh bosadigan nimarsalar yozib, 500-600 kishiga (obunachilarga) maqola yozayotgan jurnalistmi yoki yer qa’ridan olingan tuproq orasidan zarralarni saralab, zarga aylantirayotgan zamonamiz alkimyogarimi?

– Tilla bilan ishlash qiziq bo‘lsa kerak-a?

– Ha, qiziq. Lekin mehnati og‘ir. Aytaylik, BelAZ mashinasi temir aravasiga sig‘adigan ma’danli tuproqni kimdir kovlab oladi, uni kimdir mashinada belgilangan joyga olib borib to‘kadi, o‘sha tuproq poyezdda chaqirimlar bosib zavodga keladi. Turli jarayonlardan o‘tib, yarim tayyor mahsulot holida keladi. Biz esa uni turli kimyoviy jarayonlar vositasida sof oltinga aylantiramiz. Bir “BelAZ” mashina orqalagan tuproqdan, faraz qiling, bir siqim tayyor mahsulot chiqadi. Tayyor bo‘gunicha bir necha yuzlab odamlarning peshona teri to‘kiladi…

Darhaqiqat, Isrofil aka rost aytayotgan edi. Suhbatning ertasi kuni bizga zavodlarni tanishtirishdi, ish jarayonlari, texnikalarning ishlash mexanizmlari haqida tushunchalar berishdi. Qo‘llar, bo‘yinlar, qulog‘u tishlarimizni bezab turgan oltin ming chig‘iriqdan o‘tib, oltinga aylanardi. Go‘yoki ma’danga peshonadan oqqan ter jilo va tiniqlik berardi, u oltin qo‘llardan rang olardi.

2-Gidrometallurgiya zavodi rudani tayyorlash, maydalash, quyultirish, tayyor mahsulotlar, ta’mirlash – mexanika sexlari, zavod markaziy laboratoriyasi va sakkizta yordamchi uchastka ishchi-xizmatchilari, muhandis – texnik xodimlari ana shunday mas’uliyatli va sharafli vazifani sidqidildan bajarib kelmoqdalar. Ular orasida, shak-shubhasiz, Isrofil akaning o‘rni ham bor.

Korxona mahsulotining oliy sifatliligi xalqaro tashkilotlarning yuksak darajadagi e’tirofiga sazovor bo‘layotir, bu, albatta, ahil jamoaning yana bir katta yutug‘idir. 1994 yili London Quymalar bozori assotsiatsiyasi Arbitraj laboratoriyasi tomonidan 2-Gidrometallurgiya zavodi oltiniga optimal mahsulot maqomi berildi. Bu korxonada ishlab chiqarilayotgan oltin jahon standartlari talabiga to‘la javob berishining tasdig‘idir. Endilikda O‘zbekistonning oltin quymalardagi tamg‘asi butun dunyoda mahsulot yuqori sifatining nishonasi bo‘lib tan olinmoqda. 1998 yili Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltiniga Tokio sanoat mahsulotlari birjasining sifat sertifikati berildi. 2012 yilda o‘tkazilgan sinovda ham korxona mahsuloti sifati yana qayta yuqori baholandi.

– Ob-havo sal yomonroq ekan bu yerlarda deyman suhbatimiz davom etarkan. Zaharli tutun chiqadi, turli kimyoviy jarayonlarning zararli ta’siri bor. Qolaversa, aytishlaricha, bu yerda qish haddan ziyod sovuq, yoz esa juda issiq bo‘larkan. Hech xayolingizdan o‘tganmi, 5-10 yil ishlab, oilaviy iqtisodimni yaxshilab, biror biznes yoki boshqa kasbni tanlab, qishlog‘imda, toza havoli tog‘lar qo‘ynida yashayman, deb?

– Yo‘q, aslo. Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi, degan gap bor-ku! Zaharli havo yutasizmi-toza havomi, baribir inson taqdiridagi bitilgan umrni yashaydi. Mana, dunyoning eng rivojlangan davlatlariga qarang, hammasida katta-katta zavodlar, korxonalar ishlab yotibdi. Ekologik jihatdan biznikidan o‘n chandon xavfli hududlar bor. Ertasi aniq bo‘lmagan atom stansiya va zavodlarni ayting! Bizning hududlar, harholda, cho‘l o‘rtasida, odamlar yashaydigan hududlardan ancha olis. Lekin nima borki, ter to‘kmasdan, zahmat chekmasdan rohatga erishilsa. Kon-metallurgiya tizimida 60 mingga yaqin odam ishlaydi. Yaratgan egamiz shu minglab insonlar qatori mening rizqimni ham shu ma’danlar orasiga sochgan ekan, shukr qilib, ishlayveramiz.

Darhaqiqat, kombinat tizimida 60 mingga kishi mehnat qiladi. Shu yetmish ming kishi yurtmizning deyarli barcha hududlaridan kelishgan, ularning topgan rizqi ortidan esa oilasi, ota-onalari tuz totadi (o‘rta hisobda olti kishi. Endi hisoblab ko‘ravering: 60 000x6=360 000. Demak, ushbu zavod salkam yarim million kishining qornini to‘q, ustini but qilyapti).

Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘z xodimlarining mehnatini qadrlaydigan tashkilotlardan eng ko‘zga ko‘ringani (buni menga sherik bo‘lib borgan hamkasblarim ham tan olib aytishdi). Yurtimizning eng so‘lim va xushmanzara joylarining tog‘-yon bag‘irlarida sanatoriy-oromgohlari, dam olish maskanlari, shifoxonalari bor. Har bir ishchi-xodim yilda bir marta xohlasa o‘zi, xohlasa oilasi bilan dam olib kelishi mumkin.

Shunday tizim yaratilganki, kon-metallurgiya sohasi xodimining farzandlari ona qornida paydo bo‘lganidan kombinatga qarashli poliklinika va kasalxona nazoratida bo‘ladi. Tug‘ilib, tetapoya bo‘lgach, bog‘chaga qo‘ymoqchi bo‘lgan ota-onalarga kombinatning maktabgacha ta’lim muassasalari muntazir. Konchi-metallurgning farzandi maktab va oliygohda ham ota-onasi mehnat qiladigan tashkilot siylovidan bebahra qolmaydi.

Shular haqida hayajonlanib gapirayotganimda Isrofil aka yana hayratimni oshirdi:

– Hatto kombinat tizimida mehnat qilgan faxriylarga bayram va tantalarida moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatiladi, o‘zimizdagi sanatoriylar bilan birga Issiqko‘l, Yalta kabi kurort shaharlarga ham yo‘llanma asosida jo‘natishadi. Kombinat bir oiladek gap, do‘stim. Hamma hayotidan, mehnatidan, shart-sharoitlardan rozi – oila farovon-da.

Hozir oltmishga kirgan va ota-onasi shu tizimda ishlagan kombinat xodimlari bilan bir suhbatlashing, hayotining har bir oni shu tashkilot bilan bog‘liq. Tug‘ilganidan boshlab kombinat siylovida o‘sgan kishi agar o‘zi ham ulg‘ayib shu yerda ishlab, nafaqaga chiqqan bo‘lsa, nafaqadayam kombinat ularni tashlab qo‘ymaydi: moddiy yordamlar berib turadi, bayramlarda yo‘qlaydi, dam olish maskanlariga jo‘natib turadi.

Isrofil akaning gaplarida yolg‘on yo‘q edi. Bu yerda ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rsangiz, havasingiz keladi. Keyingi yillarda kombinat tashabbusi bilan Zarafshon shahrida “Neptun” suv havzasi kapital ta’mirlandi, Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona” stadioni rekonstruksiya qilindi, Zafarobod qo‘rg‘onida “Yangi hayot” sport majmuasi va yopiq suzish havzasi foydalanishga topshirildi. Uchquduqda barpo etilgan “Orzu” istirohat bog‘i bugun shaharliklarning eng sevimli dam olish maskaniga aylandi. Yoshlarning dam olishi, ehtiyoji, qiziqish va intilishlari hisobga olinib, Uchquduqda “Kelajak” yoshlar markazi ko‘rkam maskani ishga tushirildi. Zarafshon va Zarmitanda bolalar akvaparki, Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda Zafarobod qo‘rg‘onida barpo etilgan biri-biridan go‘zal musiqali favvoralar barchaga zavq va huzur bag‘ishlamoqda. 2018-yilda Nurobod shahrida “Ko‘zmunchoq” bolalar bog‘chasi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Korxonada bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, yozgi ta’til mavsumida ishchi-xodimlarning o‘n mingdan ortiq farzandlari shahar tashqarisidagi va shaharda joylashgan 11 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida miriqib dam olisharkan. Aytishlaricha, oromgohlarda bolalar mazmunli va maroqli dam olishi, bo‘sh vaqtlarida turli to‘garaklarda qatnashib, o‘z bilim va salohiyatini mustahkamlashi uchun har tomonlama qulayliklar yaratilgan. Darhaqiqat, kombinatning “Pahlavon”, “Bolajon”, “Sarmish”, “So‘g‘diyona”, “Zarafshon” va “Kelajak” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari tabiatning so‘lim va xushmanzara joylarida joylashgan bo‘lib, ular mamlakatimizdagi eng yaxshi maskanlar qatorida e’tirof etilgan.

– Oilangiz haqida ham gapirib bering.

– Ikki qizim bor. Kattasi maktabda o‘qiydi, kichigi bog‘chaga boradi. Ayolim ham shu kombinat tizimida ishlaydi. Shukr, topganimiz ro‘zg‘orimizga yetadi. Qishloqqa borsak, ota-onamga, singillarimga sovg‘a-salomlar eltamiz, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti bo‘lsa, to‘lg‘azib qo‘yamiz.

– Haftada necha kun ishlaysiz?

– Besh kun.

– Demak, oilaviy damolishga, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishga shanba-yakshanba kunlari vaqtingiz bo‘larkan. Darvoqe, farzandlaringiz tarbiyasida o‘rningiz qanday?

– Farzandlar tarbiyasi bilan ko‘proq ayolim shug‘ullanadi. Mening asosiy vaqtim ishda o‘tadi-ku. Shu sabab bu borada ayolimga ishonaman va suyanaman. Ochig‘i, o‘zimni ideal ota deb aytolmayman. Sababi, ertalabdan kechgacha ishda bo‘laman. Ishdan kech, charchab qaytgandan so‘ng, to‘g‘risi, bolalarga ham vaqt ajratolmay qolaman ba’zan. Lekin dam olish kunlari qizlarim bilan ko‘proq birga bo‘lishga harakat qilaman. Istirohat bog‘lariga oboraman, do‘konlarga kirib, sovg‘alar olib beraman. Ba’zan qishloqqa ketamiz: ham ota-otamni xursand qilaman, ham bolalarimni.

– Isrofil aka, so‘z ortida ishlayotgan odam sifatida barchadan bitta narsani, albatta, so‘rayman. Sizga ham shu savolni bersam… Mana, bolalaringiz endi yozuv-chizuvni o‘rganib, ilm yoshiga yetibdi. Ularga kitoblar ham olib berasizmi? Umuman, oilangizda ma’naviy muhit qanday?

– Oliy ta’limda o‘qimaganman, o‘zimni zo‘r kitobxon yoki gazetxonman ham deyolmayman. Lekin qizlarimga tez-tez yangi ertak kitoblar olib beraman. O‘zimizning tashkilotning kattagina kutubxonasi ham bor. A’zo bo‘lganman. Shu yerdan ham kitoblar olib boraman uyga. Ishonsangiz, kichkina qizim har kecha ertak eshitmasa, uxlamaydi. Qiz bola otaga mehribon bo‘lmaydimi, men aytib berishimni istaydi. Bola – poshsho, poshshoning amri esa bosh ustiga. Har kun ertak o‘qiyverib, rosti o‘zim ham ancha ertaklarni yod olganman. Qizim bahonasida o‘zim ham kitobxon bo‘pqoldim.

– Ularning o‘qishi, yozuv-chizuvugiga ayolingiz mas’ul bo‘lsa kerak-a? Siz baribir ertak aytib, qutilib qolsangiz kerak?

Isrofil aka kulib, gapini davom ettiradi:

– Ha, ayolim shug‘ullanadi. Ayolim ham oliy ma’lumotli emas, ammo kelajak uchun kerak, farzandlarimizga ham targ‘ib qilamiz, deb ingliz tilini o‘rgandi. Hozir ingilizcha yaxshigina gapira oladi. Onasining talabi va yordami bilan katta qizim til o‘rganishga qiziqib qoldi. Hozir u ham maktabida a’lochi, eng yaxshi chet tili o‘rganuvchisi…

Isrofil aka bilan suhbatimiz ancha davom etdi. Uning mehnati, zahmati, haqiqatan tahsinga loyiq. Havas qilarli kasb egasi. Mehnatidan rozi, oilasidan ko‘ngli xotirjam, farzandlari kelajagidan umidvor hamsuhbatimiz “Shuhrat” medali sohibi. U kamtarona mehnatimga juda katta ehtirom bo‘ldi bu medal, dedi suhbatimiz so‘ngida. Niyatimiz shuki, vatan taraqqiyoti, yurt istiqboli, xalq faravonligi uchun sidqidildan, halol mehnat qilayotgan Isrofil akadek konchilar, mexaniklar, oltin quyuvchilar – barcha kombinat xodimlarining har biri qahramon, har biri buyuk jasorat egalaridir. Qo‘llari dard ko‘rmasin, deymiz!

Husan Maqsud

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.