Vaqt keldi, shovullar qalblarda daryo

0
23
marta ko‘rilgan.

Inson ruhiyatining bebaho xazinasi bo‘lgan adabiyot dunyo tafakkurining gultojidir.  
Mamlakatimiz  Prezidentining  ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi millat ruhiyati  sarchashmalarining yanada mavjlanishiga, yangi-yangi fikrat buloqlarining ko‘z ochishiga sabab bo‘ldi. Anjumanda qatnashganlar va bu uchrashuvni telekanallar orqali ko‘rib kuzatib turganlarning qalbi ham dengizdek to‘lqinlandi. Ko‘zlar quvonchdan porladi, anjumanda aytilgan har bir so‘z – muammo va uning yechimlari ko‘zlarga nur, dillarga surur bag‘ishladi. Ko‘z o‘ngimda bundan yigirma yil oldin Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Zomin seminari o‘tdi.  O‘shanda ham  Ulug‘ So‘z – adabiyotga alohida e’tibor ko‘rsatilgan; bugungi kunda gulga kirib, meva berayotgan iste’dod bog‘lari endigina quyoshga bo‘y cho‘zayotgan navnihollar edi. O‘shanda men zavq-shavq bilan “Bizga so‘z aytsangiz, Vatandin ayting” degan turkum yaratib, Zomin daftaridan, deb yozib qo‘ygan edim. “Men tog‘larga bordim. Ulug‘ tog‘larga… Vazmin nigohlari torttirgan hushyor. Gullar, kapalaklar, qushlar, yo‘lbarslar mangu Vatan aylab bo‘lgan baxtiyor. Bu ne salqin havo jonim elitgan, bu ne sirli saslar o‘g‘irlar hushim! Rostini aytaqol, jonim kapalak, g‘ashingga tegmasmi bunga kelishim? Tinchingni buzmasmi, ey go‘zal ohu, bu sirli hilqatdan izlashim she’rlar? Dunyoda bir ishq bor quyoshdek boqiy – uni Vatan derlar, onajon,  derlar! Tegramda chug‘urlab uchadi qushlar, qanotlarin silkib, vijirlab inoq, go‘zal chug‘uridan bir sir o‘qiyman:
Dunyoda Vatandan she’r yo‘q go‘zalroq!”
Mana, yaqinda yana o‘sha beqiyos Zomin seminari  tiklandi. Men yana o‘sha Zomin tog‘lariga xayolda qaytaman. Adabiyotimiz darg‘alarining, go‘zal shoir Muhammad Yusufning suhbatlarini eslayman. Nazarimda, ularning ruhi ham adabiyotga, so‘zga bo‘layotgan bunday e’tibordan cheksiz masrurday.
 Mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar ko‘lami  har bir kishini  cheksiz hayratga solmoqda .
  Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘imizda Adiblar xiyobonining bunyod etilayotganligi, u yerda adabiyotimizning buyuk namoyandalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilayotganligi, necha yillar mobaynida binoma-bino ko‘chib yurgan Yozuvchilar uyushmasi uchun maxsus bino qurilayotganligi, shu hududda uyushma a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida  2 ta ko‘p qavatli uy barpo qilish, yaqin kelgusida Zomin va Parkent tumanlarida zamonaviy ijod uylari – kottejlar qurilishining rejalashtirilishi, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida tashkil etilgan, hozirda to‘xtab qolgan oliy adabiyot kursi bitiruvchilariga davlat guvohnomasini berish masalasi bo‘yicha  tegishli taklif kiritish, O‘zbekiston Yosh ijodkorlarining seminarini tashkil etish, viloyatlardan poytaxtga kelgan iste’dodlarni yashash uchun doimiy ro‘yxatga qo‘yish… Bularning bari  Prezident tomonidan Vatan ravnaqi yo‘lida adabiyotga, adabiyot ahliga bo‘lgan katta e’tibordir.
 Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida ko‘pqavatli uylar barpo qilish masalasiga Prezidentimiz to‘xtalganlarida bir ijodkor sifatida o‘z hayotim kinotasmadek ko‘z oldimdan o‘tdi. Ozmas-ko‘pmas, ijara uylarda o‘n olti yildan ziyod yashab­miz. Ikkita farzandim dunyoga kelganda ham ijara azoblarini tortib, tunda ortiqcha elektr chiroqlarini yoqishga qo‘rqib kun kechirardik. Bunday imkoniyatlar tushga ham kirmas edi.
Mamlakat Prezidentini ayni damda tashvishga solayotgan adabiy muammolar ham talay: “Ayni paytda, adabiy-badiiy jarayonlarda ko‘zga tashlanayotgan salbiy tendensiyalar, xususan, madaniyat sohasida tijoratlashuv, shaxsiy manfaatning birinchi o‘ringa chiqayotgani, g‘oyaviy-badiiy jihatdan sayoz asarlarning bozori chaqqon bo‘lib borayotgani  tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi…
Nima uchun madaniy hayotimizda tanqidiy ruh sezilmaydi? Sog‘lom tanqid, bahs va tortishuv bo‘lmagan joyda chinakam ijod bo‘lishi mumkinmi o‘zi?”
Bu – har kuni o‘zimizga o‘zimiz beradigan va har birimizni chuqur o‘ylatadigan savol. Binobarin, g‘arazgo‘y kimsalar internet – “o‘rgimchak to‘ri” orqali  yoshlar ongiga turli xurujlarni tashkil qilayotgan, har xil saytlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarimizning qalbini egallamoqchi bo‘lib turgan vaziyatda  yengil-yelpi va sayoz asarlar bilan ularni chalg‘itish emas, balki ularni mumtoz adabiyotimiz xazinalari bilan yaqindan oshno qilib, ustozlik qilib, sara asarlar yaratishimiz kerak emasmi?
 Uchrashuvga har bir ishtirokchi ko‘nglida aytadigan  so‘zlari bilan borgan edi. Muhtaram Prezidentimiz hammamizni hayratga solib, dilimiz va tilimiz uchida turgan masalalarni shundoq samimiyat bilan o‘rtaga tashladilarki, ko‘nglimizda oftob charaqlab ketdi, go‘yo.
 Bu muammolar o‘sha – dilimizdan kechgan “bir joyda depsinib turgan”lik muammosi, televideniye orqali berilayotgan ba’zi kliplardagi besharmlik, ochiq-sochiq,  bir necha joyidan yirtiq shimlar kiygan yoshlar, kimo‘zarga bo‘layotgan, uvol va savob tushunchasini umuman anglab yetmagan, milliy qadriyatlardan uzoqlashib, dabdabali to‘ylarni obro‘ deb bilgan millatdoshlarimizning ma’naviyatsizligi muammosi… Chala-chulpa, xato yozilgan reklamalar oldidan loqayd o‘tib ketayotgan kimsalar muammosi… Faqat shovqindan iborat ayrim estrada qo‘shiqlari muammosi… Faqat maishiy mavzularga o‘ralashib qolgan kinolar muammosi. Maqom san’atini eshita olmayotgan yoshlar muammosi…
Yaqinda bir tashkilot bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘zimni nihoyalagach, “Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy hazratlarining “Xamsa” asarini kim o‘qigan, iloji bo‘lsa qo‘l ko‘tarsangiz”, dedim. Zal sukutga ketdi. “Juda bo‘lmasa, g‘azallarini yod olgandirsizlar”, deb umid bilan  zalga qaradim. Yana o‘sha og‘riqli sukut. Meni qiynagan holat esa uchrashuv ishtirokchilarining hammasi rahbar lavozimidagi insonlar edi.
Mamlakatimiz miqyosida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatining kun tartibiga dolzarb muammo sifatida qo‘yilishi ham bejiz emas.
Bu og‘riqlarga ham muhtaram Prezidentimiz javob berdilar: “Bugun biz “ijodkorlarimiz ishlamayapti” , deb sizlardan, sizlar esa “davlat yordam bermayapti” deb bizlardan gina qilib o‘tirishimizning mavridi emas. Kelinglar, bugun o‘z oldimizga “Kim aybdor?” deb emas, “Kim nima qilishi kerak?” degan savol qo‘yaylik.
Men bilaman, yuksak madaniyatli, kamtarin insonlar sifatida sizlar ish sharoitingiz yoki moddiy ahvolingiz haqida shikoyat qilmaysiz. Bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda sizlarni qiynayotgan muammolarni atroflicha o‘rganib chiqdik va ularning yechimlari bo‘yicha bir qancha qaror loyihalarini tayyorladik”.
 Shunday qilib, anjumanda Vaqt degan oltin tarozining bir pallasiga SO‘Z, ikkinchi pallasiga Vatan qo‘yildi.
“Vatan! Men ne deyin seni – Onammi?
Jonim, deymi seni bo‘g‘zimda turgan.
Yurak, hayrat ko‘zing titramasdan och,
ruhing dashtlariga HURRIYAT kelgan.
Maysalar yam-yashil tug‘in ko‘tardi,
chechaklar yulduzdir unda yarqiroq.
Nurlar kesib borar zulmat ko‘ksini:
yurak osmonida chaqildi chaqmoq.
Ko‘ngil o‘sib ketdi yerdan ko‘k qadar,
tog‘lar, bu mag‘rur bosh mening boshimdir.
Bu tufroq, bu giyoh, bu toptalgan bog‘
endi mening bog‘im, mening toshimdir.
Tomirlarimda qon lopillab oqar,
ruhim yulduzlarni quchib olar shart.
Diydoring ko‘zimning ustina bo‘lsin,
azizim, hayotim, orim Hurriyat!”

Bu yana o‘sha Zomin daftaridan. Men nima uchun undan iqtiboslar keltirdim? Nazarimda, bugun shaxd bilan kelayotgan yoshlar – navqiron iste’dodlarning ijodlari Zomin gulu chechaklari, jambilu tog‘rayhonlari, gurkirayotgan archa islari kabi yoqimli, xushbo‘y. Tog‘lar ko‘ksidan zarb bilan otilib tushayotgan sharshara kabi qudratli. Tog‘ qancha baland bo‘lmasin, oyoqlari zamindan uzilmagan. Sharshara qancha qudratli bo‘lmasin, ona zamin poyiga bosh uradi. Oyu yulduzlar qancha yuksak bo‘lmasin, shiddat bilan oqib borayotgan Ona daryo to‘lqinlarida cho‘miladi. Gurros-gurros kelayotgan yoshlarimiz ona Vatan oldidagi mas’uliyatini qay darajada anglay oladilar? Ustozlarning o‘gitlari ularning ijod yo‘lini nur bo‘lib yorita oladimi? Ular qaysi lavozimda bo‘lmasinlar, Prezidentimiz aytib o‘tganlaridek, xalqning xizmatini qilishi zarurligini to‘la anglab yetadilarmi? Dunyoni hayratlarga soladigan asarlar yarata oladilarmi?
Ha, deydi yuragim. Bugun  Yurtboshimiz tomonidan ijodga shunday da’vat bo‘ldi. Bu go‘zal da’vat tubida daho shoirimiz Alisher Navoiy asarlaridagi  ona tilimizning  nafosatga to‘la, donishmandlik bilan muzayyan  ijodi yotadi. Bu da’vat ichida ijodkorning o‘zini anglash falsafasi, ona Vatanni  jondan-da azizroq sevmoq va sevdirmoq tuyg‘usi yotadi.  Bu go‘zal da’vat zamirida “havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz”ga bo‘lgan ulug‘ ishonch yotadi.
Zero, bu ezgu maqsad yo‘lida yuraklarimiz birlashadi, ijod bog‘larimizda anvoyi chechak­lar barq uradi, hazrat Navoiy aytganlaridek, “nazm bog‘ining xushilhom bulbullari” chah-chahi – shoirlarimiz, yozuvchilarimizning sohir so‘zlari dunyo qalbini zabt etadi.
Men ulug‘ anjumandan shunday yuksalib qayt­dim.

Sharifa Salimova
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.