Orolni asrash – umumiy muammo

0
32
marta ko‘rilgan.

Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK) suv resurlaridan unumli foydalanish va himoyalash, ularni boshqarish muammolarini hal etish maqsadida 1992 yil 18 fevralda Olmaota shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari kelishuviga asosan tashkil topgan. Komissiya o‘z faoliyatini tenglik, odillik va o‘zaro fikr almashish asosida olib boradi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 1993 yil 23 martdagi qaroriga asosan, DSXMK va uning bo‘limlari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tarkibiga kiradi va xalqaro tashkilot maqomiga ega. Komissiya zimmasiga suv resurslari taqsimotini tashkillashtirish hamda suv berish va suv o‘tkazish grafiklari, suv sifati bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni zudlik bilan amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.
25 yillik tajribaga ega Komissiyaning Ilmiy-axborot markazi sohaga oid ma’lumot va axborotlarni yig‘ish, tahlil etish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, uni keng jamoatchilikka yetkazish kabi vazifalarni bajaradi. Ushbu ilmiy-axborot markazida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar bilan qurgan suhbatimiz Markaziy Osiyo mintaqasining eng og‘riqli masalalaridan biri – suv muammosi haqida bo‘ldi. Bu muammo oddiy kishining turmush tarzidan tortib butun bir mamlakatning taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatadi. Yosh olimlarning kuzatishlari, takliflari va kuyunchaklik bilan bildirgan takliflari sizni ham befarq qoldirmaydi, deb umid qilamiz.

Ma’lumki, o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab Orol dengizining sathi keskin pasaya boshladi. 80-yillarga kelib bu masala muhokamaga tashlandi, 80-yillar oxirida qizg‘in bahs-munozaralar olib borildi. Lekin, afsuski, muhokamayu bosh qotirishlarning foydasi bo‘lmadi. Dengiz qurishda davom etaverdi. Buning yechimi haqiqatan ham yo‘qmidi yoki kerakli tadbirlar ko‘rilmadimi?

Shavkat Kenjabayev:
– Agar raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 1960 yilgacha Orolning suv yuzasi maydoni 66 ming kvadrat kilometr, umumiy suv hajmi 1062 kilometr kub va minerallashuvi litriga 10 gramm edi. Dengizning o‘rtacha chuqurligi 15 metr, eng chuqur nuqtasi 68 metrgacha va Boltiq dengiziga nisbatan absolyut balandligi – 53 metr bo‘lgan. O‘sha davrlarda dinamik me’yor ushlab turilgan. Ya’ni yiliga 60 kilometr kub suv bug‘lansa, uning o‘rniga yog‘ingarchiliklardan 6,6 kilometr kub, Sirdaryo va Amudaryodan 53,4 kilometr kub suv quyilgan. Keyingi yillarda 7,9 million gektar cho‘l va adirlar o‘zlashtirildi, daryolardan olinadigan suv hajmi 63 kilometr kubdan 117 kilometr kubgacha oshdi.
Bunda 60-yillardan to 2010 yilgacha Orol dengizi havzasining aholisi qariyb 3.5 baravarga oshgani va o‘sayotgan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish hajmi va YAIM mos ravishda 5 baravar ortganini ham inobatga olish kerak. Dengizda suv hajmini avvalgi o‘lchamlariga yetkazishning yechimi sifatida 80-90-yillarda ikkita manbadan suv olib kelish ko‘rib chiqilgan. Birinchisi – Kaspiy dengizidan (absolyut balandligi – 20 metr) sho‘r suvni nasos kaskadlari yordamida 130 metr gipsometrik balandlikka ko‘tarib, Ustyurt platosi orqali 600-700 kilometr uzunlikdagi kanal orqali olib kelish bo‘lsa, ikkinchisi – Sibirning Ob va Irtish daryolari suvini qariyb 1500 kilometrlik kanal tizimi orqali keltirish bo‘lgan. Birinchi usulda suvning sho‘rlanganlik darajasi yiliga 1-2 foizga ortib, dengiz hayotsiz bug‘latgichga aylanishi ehtimoli yuqori edi. Har ikkala yechimda ham juda katta mablag‘ va vaqt talab qilinar, buning ustiga 90-yillarga kelib sobiq Ittifoq parchalandi va rejani amalga oshirish imkonini bermadi.
Hozirga kelib Orol dengizini avvalgi holiga tiklash mushkul, lekin Markaziy Osiyo davlatlari hamjihatlikda Orolbo‘yi hududida ekologik holatni saqlash, qurigan dengiz tubidan uchayotgan tuzlarni ihota daraxtzorlari hamda butazorlar barpo etish yo‘li bilan kamaytirish, suv tejovchi sug‘orish usullarini qo‘llab, Orolga tushayotgan suvni oshirish, jilla qursa, barqaror ushlab turishga erishish mumkin.
G‘ulomjon Umirzoqov:
– Bundan tashqari, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun daryolarning yuqori qismlarida suv omborlari va to‘g‘onlar qurildi. Orol dengizining suvga ehtiyoji hisobga olinmadi. Natijada unga yetib boradigan suv hajmi 60 kilometr kub o‘rniga 9-12 kilometr kub bo‘lib qoldi.
Dengiz suvining sho‘rlanganlik darajasi 5-6 martagacha ortib, qurigan dengiz o‘rnida hosil bo‘lgan Orolqum sahrosi maydoni 5,5 million gektarga yetdi, undan har yili qariyb million tonnalab qum-chang va zaharli tuzlar atmosferaga, Orolbo‘yi mintaqalariga tarqalyapti.
Orol dengizining qurishi dastlabki paytlardayoq ilmiy jamoatchilikni tashvishga solgan. Lekin sho‘ro siyosati bu muammoga deyarli e’tibor qaratmagan. Asosiy maqsad yer maydonini kengaytirib, paxta hosili olish bo‘lgan.

Komissiya saytidagi ma’lumotga ko‘ra, davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi 1992 yili tashkil etilgan ekan. U bugunga qadar qanday amaliy ishlarni bajardi?

Shavkat Yoqubov:
– Komissiya bajargan eng katta ishlardan biri sobiq Ittifoq parchalanib, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil siyosat yuritishni boshlagan, suv muammosi keskin va jiddiy masalaga aylangan bir paytda barcha tushunmovchilik va kelishmovchiliklarni tinchlik yo‘li bilan hal etishga hissa qo‘shish bo‘ldi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv taqsimotiga kelishib olindi. Tashkilot bugungacha bu borada izchil ishlarni amalga oshirib kelyapti.
Endi bevosita ilmiy-axborot markazi haqida to‘xtalsak. Markaz ayni damda beshta Markaziy Osiy mamlakatlarining suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy va loyiha tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda filiallariga ega. Ular ilmiy va axborot ma’lumotlari almashinuvini davlat miqyosida tashkil etadi.

Odilbek Eshchanov:
– Markazimiz DSXMK ning ijroiya organi sifatida faoliyat yuritishi bilan birga shu kungacha bir qator milliy va davlatlararo loyihalarda qatnashgan. Suv xo‘jaligi soha xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish, xalqaro anjumanlarda qatnashish, ilmiy izlanishlar olib borish kabilar faoliyat yo‘nalishimizga kiradi. Bundan tashqari, sohaga oid ilmiy-amaliy ishlar bilan shug‘ullanamiz. Jumladan, “Trans­chegaraviy daryolar (Ugam, Aspar va Isfara) bo‘yicha suv hamkorligi” loyihasida geografik axborot tizimi (GAT) va masofadan boshqaruv texnologiyalari asosida uchta daryo havzasining joylashuv ma’lumotlari, ob-havo, suv xo‘jaligi, ekologik va iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha kuzatuv hamda tahliliy baholash ishlari olib borildi. Keyingi o‘n yillar mobaynida GAT texnologiyasi bo‘yicha bir necha yosh mutaxassislarimiz xorijda mukammal bilimga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlarida suv xo‘jaligi mutaxassislari malakasini oshirish bilan ham shug‘ullanib kelyapti.
Bajarilgan ishlarni sanab chiqadigan bo‘lsak, ro‘yxatni juda uzoq davom ettirish mumkin. Davra suhbati imkoniyatidan kelib chiqib, ayrimlarini ta’kidlab o‘tdik, xolos.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining oldingi raisi Pan Gi Mun ham, yangi rais Antoniu Guterrish ham Markaziy Osiyoga tashrifi davomida Orol dengizi manzaralari, real holat bilan tanishdi. Tashrifning biz uchun, mintaqa davlatlari uchun foydasi bo‘l(a)dimi?

Odilbek Eshchanov:
– BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 2010 yil aprelida O‘zbekis­tonga tashrifi chog‘ida Orolbo‘yiga borib, ekologik fojia asoratlarini yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan edi. Tashrif samarasi o‘laroq 2013–2016 yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilgan O‘zbekiston tomonidan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” taklif etilib, BMT Bosh assambleyasining 68-sessiyasida qabul qilindi va Bosh Kotibning shaxsan qo‘llab-quvvatlashi bilan 2013 yil 16 sentyabrda ushbu dastur rasmiy hujjat sifatida tarqatildi.
2014 yil oktyabrida Urganch shahrida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada BMT, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliyaviy institutlar vakillari, 26 mamlakatdan kelgan olimlar va tahlilchilar qatnashdi. Orol havzasidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlik qilishga bag‘ishlangan ushbu anjuman natijasida milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy hajmi 3,2 milliard AQSH dollaridan ko‘proq shartnoma va bitimlar imzolandi.
Orol havzasidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha BMT va O‘zbekiston hamkorligi davom etmoqda.

Orol dengizini qutqarish, mintaqadagi ahvolni yaxshilashning eng samaralari usullari sifatida nimalarni sanay olasiz? Bu borada nimalar qilish kerak?

G‘ulomjon Umirzoqov:
– Nazariy jihatdan hisob-kitob qilib ko‘raylik. Agar hozir Orol dengiziga 60-yillardagi kabi har yili 60 kilometr kub suv quyilgan taqdirda ham, bug‘lanishni hisobga olmaganda, dengiz to‘lishi uchun 17-18 yil kerak bo‘ladi. Lekin bug‘lanishni to‘xtatishning iloji yo‘q. Shuncha payt ishlagan qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini to‘xtatib, 3-4 million gektarga yaqin yerni sug‘ormay turish ham imkonsiz. 60-yillarda ham har yili dengizdan 60 kilometr kub suv bug‘langan. Mintaqadan olisdagi daryo va suv havzalaridan suv keltirish esa juda katta, imkon doirasidan tashqaridagi mablag‘ni talab etadi. Bundan tashqari, suv bergan mamlakatlar keyinchalik bu vaziyatdan geosiyosiy maqsadlarda foydalanishi, eng zarur paytda suvni to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin. Agar Afg‘oniston ham suvga bo‘lgan huquqidan to‘la foydalanishni boshlasa, suv muammosi yanada chuqurlashadi. Shuning uchun asosiy e’tiborni mavjud holatni saqlab qolish va sharoitni yaxshilashga qaratish zarur.

Shavkat Kenjabayev:
– Avvalo, aholida suvga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish zarur. Bu ishni birinchi o‘rinda oiladan, mahalla-ko‘ydan, ta’lim muassasalaridan boshlash zarur. Bola oiladayoq suvni tejab ishlatishga o‘rganishi kerak. Keksalarning: “Suvga supurma, suvga tupurma”, degan gapi bot-bot quloqqa chalinadi. Balki shu mazmundagi maqollarni to‘plab, mahallalar uchun targ‘ibot dasturlari ishlab chiqish lozimdir. Albatta, faqat pand-nasihat bilan yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi. Avvalo, kattalarning o‘zi o‘rnak ko‘rsatishi kerak.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ham suvni isrof qilmaslik haqida aytib o‘tilgan. Bu ne’matning muqaddas va mo‘tabarligini har birimiz chin dildan his qilishimiz shart.

Odilbek Eshchanov:
– Afsus, rejali tarzda na maktabda, na kollej-litseyda, na oliy o‘quv yurtida suv tabarruk ekani, uni asrab-avaylash, ardoqlash, tejash zarurligi haqida o‘rgatiladi. Bu masalani o‘quv dasturlariga kiritish kerak. Suvni tejashga oid ta’sirchan mult­filmlar, hujjatli filmlar va kitoblar yaratilishi zarur. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emas. Odamlarda suvni tejash madaniyatini shakllantirmay turib, katta natijalarga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli suvning tozaligi va unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish uchun barchamiz kurashishimiz zarur.

Sherzod Mo‘minov:
– Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishda faoliyat olib boradigan yosh olimlarning boshini birlashtiradigan, ularning ilmiy izlanishlarini jamlab, umumlashtirib, amaliyotga tatbiq etadigan uyushma tuzish ham faqat foyda beradi.
Yuqorida sanab o‘tilgan muammolar ilmiy tadqiqot va targ‘ibot bilan bog‘liq ishlar. Orol fojiasi asoratlarini kamaytirish, vaziyatni o‘nglashda mintaqadagi davlatlarning yakdilligi eng muhim o‘rin tutadi. Xalqaro hamjamiyat va tashkilotlarning ko‘magi ham belgilangan loyihalarni tez va keng miqyosda amalga oshirishga yordam beradi.

Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida Yosh olimlar assotsiatsiyasi tashkil etildi. U aynan yosh olimlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan, ularga amaliy ko‘mak beradigan tuzilma bo‘ladi. Ana shu uyushma bilan faol hamkorlik olib borish har tomonlama foydali bo‘ladi, menimcha.

Shavkat Kenjabayev:
– Bu biz uchun yaxshi yangilik bo‘ldi. Agar Assotsiatsiya yosh olimlarga haqiqatan ham ko‘mak qo‘lini cho‘zsa, ular bilan yaqindan hamkorlik qilishga hamisha tayyormiz. Bu nafaqat irrigatsiya yoki melioratsiya sohasidagi, balki turli sohalardagi yoshlarning intilish va harakatlariga kuch berishi mumkin. Turmushda yoki fanda yuzaga kelgan muammolar ko‘pincha bitta soha doirasida hal qilinmaydi. Kompleks yondashuvni talab etadi. Muammoning siz tushunmagan qirrasini boshqa bir olim aniqlab, tushuntirib berishi mumkin. Shu ma’noda, yangi Assotsiatsiya yosh olimlar faoliyatidagi bo‘shliqni to‘ldiradi, deb umid qilamiz.

Orol muammosi qishloq xo‘jaligiga yangicha nazar bilan qarashimizga, iloji boricha suvni kamroq talab qiladigan ekinlarni ko‘paytirishimizga undamaydimi?

Shavkat Kenjabayev:
– Albatta undaydi. Respublikamiz agrar sektorida bu borada katta islohotlar amalga oshirilyapti. Jumladan, ko‘p suv talab qiladigan, kam hosil beradigan xo‘jaliklarda paxta va g‘alla maydonlari kamaytirilib, ularning o‘rniga meva-sabzavot, poliz ekinlari ekilyapti. Mevali ekinlarni tomchilatib sug‘orish targ‘ib etilib, suvni tejagan fermerlarga imtiyozlar berilyapti. Bundan tashqari, lalmi yerlardan ham samarali foydalanish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yili viloyatlarga tashrifi chog‘ida kovulchilikni rivojlantirish, yong‘oq ekiladigan maydonlarni kengaytirish, sho‘r va sizot suvlar yaqin yerlarga qizilmiya ekish to‘g‘risida gapirib o‘tdilar. Bundan tashqari, so‘nggi ikki-uch yil ichida mosh ekish va eksport qilishga katta e’tibor berilyapti. Bu kabi chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi ekinlariga ketadigan solishtirma suv sarfi kamayishiga, yerlarning meliorativ holati yaxshilanishiga olib keladi.

Sherzod Mo‘minov:
– O‘zim iqtisodchi bo‘lganim uchun masalaning iqtisodiy tomonlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqchiman. Har qanday jiddiy muammoning zaminida iqtisodiy asos yotadi. Orol muammosini butkul hal qilishning imkoni yo‘qligi ko‘p bor ta’kidlangan. Bunga birinchi o‘rinda ulkan hajmdagi mablag‘ masalasi to‘sqinlik qiladi. Lekin hozirgi holatni ushlab turish, tabiiy sharoitni o‘nglash mumkin.
Iqlimshunoslarning fikricha, kelajakda mintaqamizda iqlim o‘zgarishi jaryonlari va suv tanqisligi kuchayadi. Bu esa mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuv va islohotlarni talab etadi.
Fikrimizcha, bu yondashuv kelajakda qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish, ya’ni oqilona va samarali joylashtirishdir. Bu masala “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi”da ham o‘z aksini topgan.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish, bizning fikrimizcha, ikkita ssenariyda amalga oshirilishi kerak. Birinchi ssenariy oziq-ovqat havfsizligini ta’minlash, ikkinchi ssenariy eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni tashkil etish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini aholi daromadini oshirishni ko‘zlab joylashtirish.
Ikki ssenariyda ham asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish jarayoniga innovatsion energiya, resurslar va suvni tejaydigan texnologiyalardan keng joriy etishga qaratilishi lozim.
Ma’lumki, bugungi kunda nasos bilan sug‘oriladigan maydonlarda paxta va g‘alla yetishtirilmoqda. Bu esa, nasoslardan foydalanish va elektr energiya uchun davlat tomonidan katta xarajatlar qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, birinchi navbatda innovatsion energiya, resurlar va suvni tejaydigan texnologiyalarini nasos bilan sug‘oriladigan ekin maydonlarda joriy etish maqsadga muvofiq, bu esa elektr energiya uchun xarajatlar tejalishiga olib keladi. Ushbu ekin maydonlarida paxta va g‘alla o‘rniga daromadli, eksportbop ekinlarni – meva-sabzavot, pista, yong‘oq va boshqalarni ekish lozim.
Qishloq xo‘jaligida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni tashkil etishda mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkoni yaratilibgina qolmasdan, eksportdan tushadigan mablag‘ni yangi texnologiyalarni joriy etishga sarflash imkoniyati tug‘iladi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rivojlantirish zarur. Bu sohani modernizatsiya qilish bilan birga neft-gaz sanoati tarmog‘ini rivojlanishiga ham turtki beradi. Misol uchun, tomchilatib sug‘orish tizimi uchun zarur bo‘lgan polimer granula “Sho‘rtangaz” majmuasi yoki uning bo‘limlarida ishlab chiqariladi. Demak, biz suvni tejaydigan texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlarni qanchalik kengaytirsak, bunday uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ko‘payadi. Suv tejalishi bilan birga yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi va aholining turmush farovonligi oshadi.
Qo‘shni davlatlarda qurilayotgan yangi GESlar suv zaxiralariga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi? Bu muammoni ijobiy va ko‘p tomonlama manfaatli hal etishda ushbu Koordinatsion komissiyaning hissasi bormi?

Odilbek Eshchanov:
– Albatta. Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar a’zo davlatlar tomonidan bajarilishi shart sanaladi. Har chorak uchun suvdan foydalanish limitlari belgilanadi. Unga deyarli barcha amal qiladi. Eng ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan masala – suv omborlaridir. Suv omborlari ikki xil – irrigatsiya yoki energetika rejimida ishlashi mumkin. Misol uchun eng ko‘p munozaraga sabab bo‘lgan Rog‘un GESini olaylik. Xabaringiz bor, uning qurilishi sobiq sovet davrida boshlangan. Ittifoq parchalangach, loyihani moliyalashtirish to‘xtab qoldi. Tojikiston iqtisodiy jihatdan o‘zini tiklab olguncha ham ma’lum vaqt o‘tdi.
Tojikiston ham, Qirg‘izis­ton ham geografik jihatdan gidroenergetik resurslardan foydalanish uchun qulay hisoblanadi. Ikkala davlatda ham daryolarning 75 foiz suvi yig‘iladi. Dehqonchilik uchun ma’lum miqdordagi suvni ishlata oladi, xolos. Biroq energetika uchun katta hajmdagi suv talab etiladi. O‘zbekiston bu inshootga GESning seysmologik jihatdan xavfsizligini asoslash va irrigatsion rejimda ishlashini ta’minlash, loyihani xalqaro ekspertizadan o‘tkazish talabini qo‘ygan. Xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra, transchegaraviy daryolardan foydalanishda qo‘shni davlatlar manfaatlari hisobga olinishi zarur. Dastlabki davrda Tojikiston ushbu GES qurilishi masalasida qo‘shni mamlakatlar bilan hisob­lashishni istamadi. Natijada bahs-munozaralar avj oldi.
Hozirgi paytda yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatda bo‘lish, ular bilan keng hamkorlik qilish siyosati olib borilyapti. Bu esa suv masalasida ham, boshqa masalalarda ham o‘zaro manfaatli kelishuvlarga asos bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Orol faqat O‘zbekistonning dardi emas, u butun Markaziy Osiyo davlatlari hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muammo. Bu muammoni hal etishda boshqa davlatlar qanday sa’y-harakat ko‘rsatyapti? O‘zaro jipslik, hamjihatlik bormi? Ochig‘i, bu masalada ko‘proq O‘zbekiston jon kuydirayotganday tuyuladi…

Shavkat Kenjabayev:
– Orol dardiga birgina davlatning sa’y-harakati bilan malham topib bo‘lmaydi. 1986 yilga kelib, dengiz bir-biridan ajralgan Janubiy (Katta) Orol va Shimoliy (Kichik) Orolga bo‘linib qoldi. 2007 yili esa Janubiy Orolning o‘zi ham Sharqiy va G‘arbiy qismlarga ajraldi. Bu yerda suvning sho‘rlanishi haddan ziyod ortib, baliq zoti qirilib ketdi, ayrim turdagi qisqichbaqalargina yashab qoldi.
Orolni qutqarish borasida nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston ham yelkama-yelka ish olib boryapti. Shimoliy Orolni tiklash, u yerda baliqchilikni qayta yo‘lga qo‘yish, turizmni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni misol qilib keltirish mumkin.

Shavkat Yoqubov:
– Afsuski, transchegaraviy daryolarining yuqori qismida joylashgan davlatlar bu borada ko‘zga ko‘rinarli qadamlarni qo‘ygani yo‘q. Biroq bir haqiqatni tushunish zarur: garchi dengiz ularning hududida bo‘lmasa-da, havza bitta, mintaqa tabiiy sharoiti, iqlimi o‘zgarishi, qish oylari sovuq shamollar harakati kabi omillar barchaga birdek ta’sir ko‘rsatadi.

Odilbek Eshchanov:
– 1993 yil 26 martda Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikis­ton va Turkmaniston davlatlari rahbarlari hamkorligida Orol dengizi havzasida ekologik inqirozga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tuzildi. Ta’sischi-davlatlar bu jamg‘armaga galma-gal raislik qiladi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari navbati bilan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Prezidenti etib saylanadi.
2008 yil dekabrdan buyon Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi BMT Bosh assambleyasi va sessiyalari kuzatuvchisi, degan maqomga ega bo‘ldi.
Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe, Toshhovuz, Qizil-O‘rda va Nukus shaharlarida o‘z bo‘limlariga ega.
Shuningdek, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, Davlatlararo barqaror rivojlantirish komissiyasi, Mintaqaviy gidrologiya markazi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi GEF agentligi Jamg‘arma tuzilmasi tarkibiga kiradi.
Hozir Orolbo‘yida qator loyiha tadbirlari amalga oshirilyapti. Amudaryo deltasida kichik havzalar tashkil qilish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida chuchuklantiruvchi qurilmalar o‘rnatilgan suv chiqarish inshootlari qurish, yashil ihotazor o‘rmonlar yaratish shular jumlasidan.
Orolbo‘yi hududida 740 ming gektarli ihotazor o‘rmonlar barpo etildi, xususan, dengizning qurib qolgan hududida bugun 310 ming gektarli yashil himoya qo‘rg‘oni bor. Bunday maydonlarni kengaytirish ishlari davom etyapti. Ilmiy-axborot markazimiz tomonidan Orol dengizining qurigan hududlarida o‘tkazilgan ekspeditsiyalar natijalariga ko‘ra, tabiiy ko‘payish hisobiga yana 200 ming gektarga yaqin o‘rmonzor paydo bo‘lgan.

Hududimizdagi yirik suv havzalaridan biri – Aydarko‘lning maydoni bugun 3000 kv. km. dan ortiq. 1970-yillarda vujudga kelgan ushbu sun’iy ko‘l maydoni tobora kengayib boryapti. Bu holat atrof-muhit va ekologiyaga ta’sir qilmay qolmasa kerak? Umuman, Orolning qurishi va Aydarko‘lning kengayishi bilan bog‘liq umumiy masalalar bormi?

Odilbek Eshchanov:
– Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 1960 yilgacha kichik-kichik sho‘r ko‘llardan, botqoqliklardan, yozda suvi qurib, tagida tuz qoladigan alohida sayoz kichik ko‘llardan iborat bo‘lgan. 1965 yili Chordara suv ombori va Arnasoy gidrouzeli qurilishi tugallangach, ushbu ko‘llar tarixida yangi davr boshlandi. Bundan tashqari zovur suvlarining tashlamasi ham ko‘paydi. Natijada suv hajmi 300 million kub metr, suv sathi yuzasi 110 kvadrat kilometrga ortdi.
1969 yil sersuv kelib, 21 kub kilometrdan ortiq suv tashlanishi natijasida Aydar, Tuzkon va Arnasoy ko‘llari paydo bo‘ldi, ularning jami suv sathi 2400 kvadrat kilometrga kengaydi. Keyingi o‘n yillarda suv hajmi ortib, ko‘llar bir-biriga qo‘shilib ketdi. 2005 yilga kelib Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi suv sathi yuzasi 3500 kvadrat kilometrdan oshdi.

Shavkat Kenjabayev:
– Orolning qurishi va Aydar-Arnasoy ko‘llarida suvning ortishi bilan bog‘liq uzviy masala – suv. Orolni hozirgi holatda saqlab qolish uchun ham, Aydar-Arnasoy ko‘llarida ekologik muhitni va suv minerallashuvi darajasini me’yorda saqlab turish uchun ham suv talab etiladi. Masalan, agar ko‘llarda suv minerallashuvi kerakli ko‘rsatkichda ushlab turilmasa, xuddi Oroldagi kabi suv ortiqcha sho‘rlanib, baliqlar qirilib ketishi mumkin. Aydar-Arnasoy ham yopiq ko‘l hisoblanadi, suv bilan keladigan tuzlar oqib chiqib ketmaydi. Suv bug‘lanib ketgach, tuzlar ko‘l tubiga cho‘kadi.
Sun’iy ko‘lning atrof-muhit va ekologiyaga ta’siriga kelsak, Aydarko‘lda yangi bir ekomuhit yuzaga keldi. Bu yerga har yili juda ko‘p qushlar uchib kelyapti, baliqchilik rivojlanib boryapti, ekoturizm imkoniyati bor.

Bu hududning istiqbol xususiyatlari ilmiy-tahliliy o‘rganilganmi?

Odilbek Eshchanov:
– DSXMK Ilmiy-axborot markazi tomonidan 2011 yil sentyabr – oktyabr oylarida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar Akademiyasi zoologiya instituti bilan birgalikda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga ilmiy ekspeditsiya tashkil qilingan hamda suv balansi, flora va fauna dunyosini asrab-avaylash va istiqboldagi ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilash yuzasidan takliflar berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 martdagi qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Bu hududda baliqchilik rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Bundan tashqari, Tuzkon ko‘li shifobaxsh balchig‘i bilan mahalliy aholi e’tiborini qozongan. Kelajakda ko‘lning shu xususiyatidan ham unumli foydalanish mumkin.

Kun sayin ilm-fan, texnika rivojlanyapti. Yangi innovatsion g‘oyalar, yangiliklar paydo bo‘lyapti. Eng so‘nggi zamonaviy kashfiyot, ixtirolar qaysidir ma’noda Orol dardiga malham bo‘la oladimi? Bu jarayonda yosh olimlarimizning o‘rni qanday?

Odilbek Eshchanov:
– Yuqorida ta’kidlanganidek, Orol dengizini oldingi hajmiga tiklash ancha qiyin masala. Bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari dastlab qabul qilgan hujjatlarda ham qayd etilgan. Eng asosiy vazifa Orolbo‘yi hududlarida yashayotgan aholining genofondini saqlash va salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish, turmush darajasi va yashash sifatini oshirish uchun zarur iqtisodiy rag‘bat va mexanizmlarni jalb etish, mintaqada ekotizim va bioxilma-xillikni qayta tiklash hisoblanadi. Bu borada yosh olimlarimizning ilmiy izlanishlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan doimiy aloqalari, loyihalarni hayotga tatbiq etishdagi ishtiroklari juda zarur.

Shavkat Kenjabayev:
– Hozirgi kunda DSXMK ilmiy-axborot markazining Axborot-tahlil bo‘limi yosh mutaxassislari geografik axborot tizimlari (GAT) va masofadan boshqarish bo‘yicha 2012 yildan buyon Orol va Orolbo‘yi mintaqasida zamonaviy uslubda kuzatuv va tahlil ishlarini olib boryapti. Landsat va MODIS sun’iy yo‘ldosh­laridan olingan tasvirlarni tahlil qilib, hududda yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar – suv yuzasi maydonlarining, vetland (suvli-botqoqli yer)larning kengayishi yoki qisqarishini o‘rganishyapti. Ushbu ma’lumotlar Komissiyaning cawater-info.net saytida oylik hisobotlar ko‘rinishida berib boriladi.
Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish samaradorligini oshirib, aniq yechimlar topish, bunda, albatta yosh olim va mutaxasislarni aniq bir maqsad sari birlashtirish katta samara beradi. Xulosa qilib aytganda, qo‘limizdan kelganicha, Orol dardiga malham topishga harakat qilyapmiz. Shuni ham ta’kidlash joiz, ushbu suhbatda muhokama qilingan va ko‘tarilgan muammolar davra ishtirokchilarining shaxsiy fikrlaridir.

Davra suhbatini Orifjon Madvaliyev olib bordi.

P.S.
Jurnalni bosmaga topshirish arafasida yaxshi bir yangilikdan xabar topdik. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Ushbu hujjat davra suhbatida tilga olingan ba’zi muammolar, yosh olimlar duch kelayotgan texnik va tashkiliy qiyin­chiliklarni ijobiy hal etishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.