Vatan sendan rizo, o‘g‘lim!

0
67
marta ko‘rilgan.

Yunusjon tuman mudofaa ishlari bo‘limidan ko‘tarinki kayfiyatda chiqdi. U hovliga kirib kelganida otasi tomorqada ish bilan band edi.

– Assalomu alaykum!

– Va alaykum assalom. – Nosir aka o‘g‘lining charaqlab turgan ko‘ziga, mamnun chehrasiga bir lahza tikilgach jilmaydi.

– Kayfiyating chog‘, xursand ko‘rinasan?

– Ishlar besh, – deya Yunusjon otasini quchoqladi. – Saralash tanlovlarida yuqori natijalarga erishibman. Xullas, xizmatni Milliy gvardiyada o‘taydigan bo‘ldim.

– Zo‘r-ku, tabriklayman! Nosir aka g‘urur bilan o‘g‘lining yelkasiga qoqdi. – Milliy gvardiyada senga o‘xshagan pahlavonlar xizmat qilmasa, kim xizmat qiladi?! Bor endi ovqatlanib ol. Qorning ham ochgandir. Biz tushlik qilganmiz.

Yunusjon onasi tayyorlab qo‘ygan ovqatni yeb, bir-ikki piyola choy ichgach bir muddat xayolga toldi… maktab chog‘lari ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi.

* * *

U maktabda yaxshi o‘qir, ayniqsa, tarix faniga alohida mehr qo‘ygandi. Yunusjon muallimining Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari mard o‘g‘lonlar haqidagi ma’ruzalarini jon qulog‘i bilan tinglardi. Sohibqiron Amir Temurning hayratomuz jasorati, matonati uni lol qoldirardi. Maktab darsligida ular haqida berilgan ma’lumotlardan qoniqmay kutub­xonaga kirar, bu buyuk insonlar hayoti to‘g‘risida bitilgan tarixiy va badiiy kitoblarni qiziqish bilan mutolaa qilardi.

Yunusjon o‘rta maktabni tugallash arafasida edi. Yaqinlari kechki ovqatdan keyin choy ichishgach, otasi televizorni yoqdi. Oynai jahonda mamlakatimiz Prezidentining xorij mamlakatidan tashrif buyurgan davlat rahbarini kutib olish marosimi namoyish etilayotgan ekan. Yunusjon maydonda saf tortib turgan Milliy gvardiya askarlariga havas bilan termilarkan, yuragi yana hapriqib ketdi. Chunki mana, esini tanibdiki, Milliy gvardiya tarkibida xizmat qilishni orzu qiladi. “Lekin yaxshi bilaman, Milliy gvardiyaga hammani ham olishavermaydi. Sog‘lom, bilimli, har tomonlama yetuk bo‘lish kerak”, xayolidan o‘tkazardi u. Bundan buyon ham sport bilan jiddiy shug‘ullanaman. Xudo xohlasa, men ham ular safida bo‘laman.

 

* * *

Yunusjon o‘rta maktabni bitirgandan so‘ng ota-bola o‘rtasida o‘zaro shunday suhbat bo‘lgandi.

– Mana, o‘qishingni ham bitirding, – dedi Nosir aka yuz-ko‘zlaridan kuch-g‘ayrat yog‘ilib turgan o‘g‘lining chehrasiga mamnun boqib.

– Endi bundan buyog‘iga rejalaring qanday? Maktabda yaxshi o‘qiding. Biliming chakki emas.

– Albatta, birorta institutga kirib o‘qiyman, – deya Yunusjon otasiga qarab sirli jilmaydi. – Lekin hozirmas. Avval armiyaga borib kelay, keyin o‘qishga kiraman. Ungacha vaqtni bekor o‘tkazmaslik uchun Qo‘qondagi kompyuter operatori kursida o‘qimoqchiman.

– Shunday degin. – Nosir aka bir muddat o‘ylanib qoldi. Keyin o‘g‘lining qarori qat’iy ekanligini sezib, jilmaydi. – Mayli, astoydil ahd qilgan bo‘lsang, ilohim, niyatingga yetgin.

 

* * *

Oradan ko‘p o‘tmay tuman mudofaa ishlari bo‘limidan chaqiruv qog‘ozi keldi. Bir hafta o‘tgach tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan, saralash tanlovlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, ba­land bo‘yli, baquvvat yigitlardan o‘n nafari mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i xonasida saf tortdi.

– Sizlarni bu yerga taklif qilishdan maqsad, – dedi boshliq ularga qarab. – Balki o‘zlaring ham sezgan bo‘lsalaring kerak. Biz harbiy xizmatga layoqatli yigitlarimizdan eng saralarini, el-yurt, Vatan uchun jonini ham ayamaydigan sadoqatli, fidoyi o‘g‘lonla­rimizni Milliy gvardiya tarkibida xizmat qilishga yuboramiz. Har tomonlama o‘rganib chiqib o‘sha qutlug‘ dargohga sizlarni munosib deb topdik. Ishonamizki, xizmatni a’lo darajada o‘tab tumanimizga, oilangiz bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytasizlar.

“Mana, Xudo xohlasa, niyatimga ham yetdim”. Xayollarini bir joyga to‘plagan Yunusjon mamnun jilmayib qo‘ydi. “Xudo xohlasa, yaqin kunlarda Milliy gvardiya safida bo‘laman”.

 

* * *

…Keng maydon. Milliy gvardiya tarkibiga kirgan askarlar bir tekis saf tortishgan. Bugun bu muqad­das dargohda katta bayram, shodiyona. Milliy gvardiya safidan joy olayotgan askarlarning quvonchi cheksiz. Ular ona Vatanning sodiq farzandi bo‘lishga qasamyod qilish uchun shay bo‘lib turishibdi. Maydonning bir tomonida yurt fidoyilarining yaqinlari. Hammaning yuz-ko‘zida quvonch, hayajon. Qism komandiri hammani muborakbod etgach, tantanali harbiy qasamyod boshlandi. Avtomatlarini ko‘ksila­riga bosgan askarlar navbati bilan maydonga chiqib jonajon O‘zbekistonimizning haqiqiy himoyachisi bo‘lishga qasamyod qila boshladilar. Nihoyat, maydonda Yunusjon paydo bo‘ldi. Nosirjon akaning butun vujudi quloqqa aylandi.

“Men, Oxunov Yunusjon Nosirovich O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, xalqimga, Prezidentimga sodiq bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qilaman…

Ko‘ksi faxr-iftixorga to‘lgan Nosirjon aka beixtiyor shivirladi: “Qasamyodingga hamisha sodiq qolgin, o‘g‘lim”. Unga hamroh bo‘lib kelgan umr yo‘ldoshi Zulfiniso opa ro‘molining uchi bilan sevinch ko‘z yoshlarini artdi.

Harbiy qasamyoddan keyin askarlarning ota-ona­lari bilan ko‘rishishlariga ruxsat berildi. Nosirjon aka farzandini bag‘riga bosib uni muborakbod etarkan kulimsiradi:

– Bu… sal tortilib qolibsanmi, bolam. Nima, mashq­lar og‘irlik qilyaptimi?

– Yo‘g‘-e, – Yunusjon sir boy bermay jilmaydi. – Ha endi, yangi joy, ozgina qiyinchiligi ham bo‘ladi-da. Lekin sport bilan muntazam shug‘ullanganim bu yerda juda asqatyapti.

– Barakalla, o‘g‘lim! – Nosir aka farzandining yelkasiga qoqdi. – Bilaman, irodali, sabr-toqatli yigitsan. Men senga ishonaman.

 

* * *

Yunusjon Milliy gvardiya tarkibida xizmatni boshlaganda tartib-intizomni shunchalik qattiq bo‘ladi deb o‘ylamagandi. Ertalabki badan tarbiyadan keyin no­nushta va undan keyingi siyosiy mashg‘ulotni hisobga olmaganda kechgacha mashq. Har bir daqiqa hisobli. Albatta, harbiy mashqlar oralig‘ida uyga xat yozish, kutubxonaga kirib kitob mutolaasi bilan shug‘ullanish uchun ham vaqt berilardi. Yunusjon bu imkoniyatdan unumli foydalanar, bo‘sh vaqtini ko‘pincha kutubxonada o‘tkazar yoki sevgan mashg‘uloti – surat chizish bilan band bo‘lardi.

U harbiy xizmat davomida ko‘plab do‘stlar orttirdi. Respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan bu yigitlarning hammasi Yunusjonga o‘xshagan norg‘ul, baquvvat, qisqasi, ona Vatanga sadoqatli mard o‘g‘lonlar edi. Oradan olti oy o‘tgach, u bilan yonma-yon o‘rindiqda yotadigan andijonlik Bobomurod Murodov bilan nihoyatda qadrdon, sirdosh bo‘lib qoldi. Hazil-mutoyibaga o‘ch, xushchaqchaq, shoirtabiat bu yigit bilan soatlab suhbat qurishardi. Kelajakdagi o‘y-rejalari, orzu-niyatlari haqida o‘rtoqlashishardi. Bir kuni kutilmaganda Bobomurod so‘rab qoldi:

– Yunusjon, menga qara, bir gap so‘rasam rostini aytasanmi?

– Nima demoqchisan?

– Birorta qizni yaxshi ko‘rganmisan? Qo‘lidan ushlab, hech bo‘lmasa, bir marta bag‘ringga bosganmisan?

– Yo‘q hali, – deya Yunusjon kuldi. Keyin beixtiyor Dildoraning kulib turgan ko‘zlari, muloyim chehrasi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi…

…Yangi o‘quv yili boshlangan, o‘n birinchi sinfda o‘qib yurgan paytlari edi o‘shanda. Yakshanba kuni tushga yaqin qadrdon do‘sti Bahodirjonlarnikiga yo‘l oldi. Yunusjon boshqa o‘rtoqlaridan ko‘ra shu yigit bilan qalinroq edi. Boisi u bilan gaplari qovushar, soatlab suhbat qurishsa ham aslo zerikishmasdi. Shuning uchun ta’til paytlari ham bir-birlarini yo‘qlab turishardi.

Bahodirjon odatdagidek uni ochiq chehra bilan kutib oldi. Ular olma tagidagi so‘rida biror soat chaq­chaqlashishgach, Yunusjon turishga izn so‘radi.

– Qayoqqa shoshasan, – dedi do‘sti norozi ohangda. – Qiymali mastava bo‘lyapti, bir yo‘la tushlik qilib keyin ketasan. U shunday deya oshxona tomonga o‘girildi. – Dildora, ovqating tayyor bo‘p qoldimi?

 

– Akajon, mana hozir, – singlisi oshxona derazasidan ularga yuzlandi. – Besh daqiqada olib boraman.

Zum o‘tmay Dildora so‘ri ustidagi xontaxtaga dasturxon yozdi.

Yunusjon to‘qqizinchi sinfda o‘qiydigan kulcha yuzli, bug‘doyrang, bodomqovoq, ko‘zlari kulib turgan bu qizga ilgari uncha e’tibor qilmagan ekan. Maktabda bir ikki marta tasodifan ro‘baro‘ kelib qo­lishganda tuzukroq razm soldi. “Haqiqatan ham, ko‘zga yaqin ekan” xayolidan o‘tkazdi u.

 

* * *

1999-yil. May oyining oxirlari. Muddatli harbiy xizmatning tugashiga ham sanoqli kunlar qolgan. Yunusjonning qalbini so‘z bilan ifoda­lab bo‘lmaydigan ajib bir sog‘inch egal­lagandi. Xudo xohlasa, yaqinda jonajon qishlog‘iga yorug‘ yuz bilan kirib boradi. Uning yuragida bir olam orzu-umidlari bor. Sog‘-salomat bo‘lsa, hamma ezgu niyatlariga yetadi. Uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onasining xizmatini qiladi. Ularni boshiga ko‘tarib duola­rini oladi.

Mana shunday farahli kunlarning birida kutilmaganda Bobomurod ikkalasini harbiy qism komandiri huzuriga chaqirib qoldi. Komandir ular bilan qo‘l berib so‘rashgach, maqsadga o‘tdi:

– Milliy gvardiyamiz tarkibidagi askarlar orasidagi eng sadoqatli, bilimli, matonatli yigitlardan ekanliklaringni yaxshi bilaman. Mana, xizmatlaring ham nihoyasiga yetay deb qoldi. Endi… sizlarni bu yerga chaqirishimdan maqsad…

Komandir bir muddat sukut saqlab, ularga qarab so‘zini davom ettirdi:

– O‘zlaringga yaxshi ma’lum, mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritganiga endigina sakkiz yil to‘ldi. Hali milliy armiyamiz to‘la shakllanmagan. Eng xavflisi, dinini niqob qilib olgan jangarilar Afg‘oniston va Pokistondan panoh topib qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishyapti. Ming afsuski, ular orasida dushmanlar­ning yolg‘onlariga ishongan, yo‘ldan adashgan vatandoshlarimiz ham bor. Shularni e’tiborga olib Chirchiqda maxsus qism tashkil qilinyapti. Bu qismda shartnoma asosida ixtiyoriy xizmat qilish uchun fidoyi yigitlarni jalb qilyapmiz. Sizlarga bir kun muhlat. Yaxshilab o‘ylab, ertaga javoblaringni aytinglar.

– Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-yu. Komandir huzuridan chiqishgach Yunusjonning boshi qotdi. – Nima deb javob beramiz?

– O‘ylab ko‘rish kerak, – dedi Bobomurod, Yunusjon bir muddat sukut saqlab turgach dedi: – To‘g‘ri, o‘ylab ko‘rish kerak. Qishloqqa qaytdim ham deylik. Undan keyin-chi? Tayinli ish yo‘q. Qishlog‘imizda ish axtarib chet elga ketayotgan yigitlar ham ko‘p. O‘qishga kirish ham osonmas hozir. Kamida bir yil o‘quv kursiga qatnab tayyorgarlik ko‘rilmasa bo‘lmaydi. Unga ham pul kerak. Shartnoma asosida xizmatni davom ettirish menga ma’qul tuyulyapti.

– Gapingda jon bor, – Bobomurod do‘stining fikriga qo‘shildi. – Bizning qishloqda ham ahvol shu.

– Menimcha, hammani ham olishavermaydi, – dedi Yunusjon. Undan keyin komandirning gaplarini o‘zing eshitding, Afg‘onistonga uya qurib olgan g‘alamislar tinchligimizga xavf tug‘dirayotgan ekan. O‘zbekistonimiz mustaqilligining himoyachisi bo‘lishga qasamyod qilganmiz. Kel, yaxshisi xizmatni davom ettiraylik.

– Kelishdik. Bobomurod do‘stiga qo‘lini uzatdi. – Oxirigacha birga bo‘lamiz.

 

* * *

Oradan ikki oy o‘tgach, iyul oyining o‘rtalarida ikki do‘st Chirchiqdagi maxsus qismda harbiy xizmatni davom ettirishdi. Bu yer­dagi mashq, mashg‘ulotlar bilan Milliy gvardiya tarkibidagi xizmat boshqacha edi. Qism komandiri, mayor Botir Abdullayev nihoyatda qattiqqo‘l, talabchan rahbar edi. U har bir ko‘rgazmali mashg‘ulotni shaxsan o‘zi qattiq nazorat qilib borardi. Mohir granatomyotchi kichik serjant Yunusjon Oxu­nov “pistirma” bilan bog‘liq mashg‘ulotlarda hamisha safdoshlariga namuna bo‘lardi. Ayniqsa, RPG-7 jan­govar qurolidan nishonga otganda mo‘ljalga tekizmay qo‘ymasdi. Qo‘l jangida ham mohir edi. Maxsus qism askarlari harbiy mashg‘ulotlarni ko‘pincha qir-adirlar, tog‘li joylarda o‘tkazishardi. Oradan olti oy o‘tmay bu yerda xizmat qilayotgan Vatan fidoyilari xoh tog‘-toshda, xoh chakalakzor o‘rmonda, xoh suvda, xullas, qa­yerda, qay sharoitda dushman bilan ro‘baro‘ ke­lishsa unga qaqshatqich zarba bera oladigan jangovar holatga keldilar.

… 2000-yilning yanvar oyida Yunusjon Qo‘qondagi harbiy qismda bir oy xizmat safarida bo‘ldi. 14-yanvar – Qurolli kuchlar tashkil topganligiga sakkiz yil to‘lgan kunda Nosir aka oila a’zolari hamrohligida katta tog‘oraga palovni bosib dasturxon bilan o‘g‘lini ko‘rgani keldi. Harbiy qismda ham bayramga katta tayyorgarlik ko‘rishibdi. O‘tirish ayni qizigan paytda qism komandiri so‘z olib shunday dedi:

– Bugun Yunusjon uchun qo‘shaloq bayram. Vatan himoyachisi bo‘lgan bu yigitimiz shu qutlug‘ kunda yigirma bir yoshga to‘libdi. El-yurt oldidagi burchini sharaf bilan o‘tashda unga kuch-g‘ayrat, matonat tilaymiz.

Davrada gulduros qarsaklar yangradi.

Kechga yaqin Nosir aka o‘g‘li bilan xayrlasharkan uni mahkam bag‘riga bosdi.

– Boshing omon bo‘lsin, bolam. Yaxshi kunlarda sog‘-salomat diydor ko‘ri­shaylik.

Xizmatni boshlaganiga bir yil to‘lgach , iyul oyining o‘rtalarida Yunusjon ta’tilga keldi. O‘g‘li kelgan ku­nining ertasigayoq Nosir akaning xonadoni qarindosh-urug‘, yor-do‘stlarga to‘ldi. Ta’tili­ning beshinchi kuni qadrdon do‘sti Bahodirjon uni uyiga mehmonga taklif qildi. Dildora yelib-yugurib xizmat qildi. Qadrdonlar miriqib suhbat qurisharkan Bahodirjon Yunusjonning o‘ktam chehrasiga, baquvvat bilaklariga qarab havasi keldi.

– Xizmat senga yoqibdi, Alpomishdek yigit bo‘libsan, ilohim, ko‘z tegmasin.

Mehmondorchilik tugagach uyiga kelgan Yunusjonni otasi tashvishli qiyofada kutib oldi.

– Yangitda tuman mudofaa ishlari bo‘limidan bir yigit kelib ketdi. Zudlik bilan boshliqqa borib uchrashing kerak ekan. Tinchlikmikin, ishqilib?

– Borsam bilaman-da. – Yunusjon uyi­dagilarni xavotirga qo‘ymaslik uchun o‘zini erkin, beparvo ko‘rsatishga urindi. – Mayli men g‘izillab borib uch­rab kelayin-chi.

Tuman mudofaa ishlari bo‘limi mudiri uni jiddiy qiyofada qarshi olgach gapni qisqa qildi.

– Ertadan qolmay harbiy qismingizga yetib bo­rishingiz kerak ekan. Bizga qo‘ng‘iroq qilishdi.

– Xo‘p bo‘ladi. – Yunusjon boshqa bir so‘z demay tashqariga chiqdi.

“Vaziyat jiddiyga o‘xshaydi”. U qishloq­qa yo‘l olarkan negadir ko‘ngli g‘ashlandi. Ta’tilga chiqib bu yerga kelishidan oldin Sariosiyo, Surxondaryo­ning Uzun tumani chegaralarida xavf kuchayayotganligi haqida gap-so‘zlar bo‘lgan edi. “Demak, u yerga yordamchi kuchlarni tashlash kerak bo‘lgan”, o‘yladi yigit.

Yunusjon uyga kelgach hovli etagidagi so‘rida o‘tirgan ota-onasiga qarab zo‘rma-zo‘raki jilmaydi.

– Tinchlik ekanmi? – Nosirjon aka o‘g‘liga ma’noli tikildi.

– Tinchlik, – dedi Yunusjon otasining yelkasidan quchib. – Ertaga qismga yetib borishim kerak ekan.

– Nega? Ta’tiling tugashiga yana o‘n besh kun bor-ku?!

– Endi, ota, o‘zingiz bilasiz, men harbiyman. Cha­qirishibdimi, demak, yetib borishim kerak.

– O‘zi yana xizmatga qolib noto‘g‘ri qilding-da, bolam. – Zulfiniso opa ko‘z yoshi qildi. – Qishloqda ham senbop ish topilardi.

– Bo‘ldi, diydiyongni bas qil. – Nosir aka xotini­ning gapini bo‘ldi. – Hozir tinchlik zamoni bo‘lsa. Chirchiq qochib ketibdimi? Sog‘insang o‘zim olib borib kelaman.

Ertasi kuni Yunusjonning yaqin qarindoshlari, qadrdon do‘stlari uni kuzatish uchun hovliga to‘planishdi. U yig‘ilganlar bilan xayrlasharkan, do‘sti Bahodirjonni bir chetga imlab hazil aralash “men kelguncha singlingni uzatib yubormagin-a?” demoq­chi bo‘ldi-yu, negadir indolmadi, istihola qildi.

Lekin shu damda mehribon otasi, mushtipar ona­yizori aziz farzandlari, nuri diydalari bilan so‘ngi marta diydorlashib turishayotganlaridan bexabar edilar…

 

* * *

…Mana, o‘n kundirki Surxondaryo viloyatining Uzun tumani sarhadlarida askarlarimizning mislsiz jasorati, matonati tufayli jangarilarning kuchi kun sayin zaiflashib borardi. Biroq bu ustunlikni qo‘lga kiritish uchun jonini bergan mard va jasur o‘g‘lonlarimiz ham bor edi.

Avgust oyining o‘ninchi sanasi. Tun. Butun borliqda vahimali sukunat hukmron. Kunduzi bilan dushmanni ta’qib qilgan askarlarimizga kuch to‘plab nafaslarini rostlab olishlari uchun dam berildi. Yunusjon bo‘linma rahbari kapitan Abduvali Hamroyev va quroldosh do‘stlari bilan tarvaqaylab o‘sgan buta panasiga yonboshlashdi.

– Bu jangarilar aqldan ozganmi o‘zi, – dedi Yunusjon o‘z-o‘ziga gapirayotgandek. – O‘zbekiston degan katta bir davlatga hech qachon bas kela olmasliklarini nahotki tushunishmasa.

– Bu yerda boshqa gap bor, – dedi Hamroyev. – 1991-yili Namanganda dinni niqob qilib olgan bir to‘da mutaassiblar O‘zbekistonni Islom davlatiga aylantiramiz degan puch g‘oyani ko‘tarib chiqishgandi. O‘shalar hozir Afg‘onistonning chegarala­rimiz yaqinidagi hududlariga uya qurib olishgan. Ular chegaralarimiz hududini bosib o‘tib mamlakatimiz ichkarisiga kirolmasliklarini juda yaxshi bi­lishadi. Lekin, eng yomoni, respublikamiz aholisi orasida dushmanning aldovlariga ishongan gumroh bandalar ham yo‘q emas. Jangarilarning asosiy maqsadi – tinch aholi yuragiga qo‘rquv solish, yurtimizda fuqarolik urushini keltirib chiqarish. Biroq bu g‘alamislar chuchvarani xom sanashibdi. Vatan xoinlari hech qachon maqsadlariga yetisholmaydi.

Ertasi kuni saharda dushman uya qurgan istehkom havodan yana bombardimon qilindi. Shundan keyin navbatdagi operatsiya boshlandi. Jangchilarimiz jarlikning ikki tomonidan pastga – bombardimon qilingan joyga tusha boshladilar. Chunki tozalash ishlarini olib borish, jangarilarni butunlay yakson qilish lozim edi.

Kichik serjant Yunusjon Oxunov operatsiya rahbari kapitan Hamroyev, quroldoshlari Elomon, Doniyorlar bilan bir safda ehtiyotkorlik bilan tog‘ yonbag‘ridagi jar yoqalab borishayotgandi. Shu payt kapitan g‘or og‘zini to‘sib turgan butalar tebranganini sezdi. “Yot!” komandasini berishi bilan g‘or tomondan o‘q ovozlari eshitildi. Guruh dushman pistirmasiga duch kelgan edi.

– Jangarilarning qochib qolishla­riga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak, – dedi kapitan buyruq ohangida. – Qani, jangga yigitlar! O‘t och!!

Qaqshatqich jang ikki soatga yaqin davom etdi. Tinimsiz o‘q yog‘dirayotgan dushman qulay payt poylab g‘ordan chiqib qochishga jon-jahdi bilan harakat qilardi. Lekin jangchilarimiz qurollardan to‘xtovsiz o‘t ochib bunga yo‘l berishmasdi. Shu payt Yunusjon o‘zidan o‘n metrcha narida dushmanga qarata o‘q uzayotgan Doniyorning xirqiroq ovozini eshi­tib u tomonga o‘girildi. Keyin zudlik bilan do‘sti tomonga emaklab bordi. “Doniyor!” – u avtomatini quchoqla­ganicha muk tushib yotgan quroldoshini yelkasidan ko‘tarib bag‘riga oldi. Shunda do‘sti­ning og‘zidan sizib chiqayotgan qonni ko‘rib bir zum tosh qotdi.

– Do‘stim, yaralandingmi?

Doniyor Yunusjonga iztirob bilan boqib nimadir degandek bo‘ldi. Keyin bir to‘lg‘andi-da, ko‘zini katta ochib qimirlamay qoldi.

– Ablahlar! O‘ldiraman hammangni! – Yunusjon do‘stini sekin yotqizib dushmanga qarata o‘q uza boshladi. U g‘or og‘zida paydo bo‘lgan ikkita jangariga qarata o‘t ocharkan, biqinini jaz etib nimadir kuydirdi. Yunusjon o‘ng tomoniga qo‘lini bosib qaradi – qon. U bir zum sarosimaga tushib qoldi. Keyin tezda o‘zini qo‘lga olib jangni davom ettira boshladi. Lekin oradan besh daqiqa o‘tmay holsiz­lanib ko‘z oldi qorong‘ilashayotganini sezdi.

– Elomon! – Yunusjon xarsangtosh panasidan dushmanga qarata o‘q uzayotgan do‘stini chaqirdi.

Elomon bir sakrashda uning oldiga yetib keldi. U og‘ir-og‘ir nafas olayotgan do‘stining qonsiz yuziga xavotir bilan qaradi. Keyin harbiy jelitining qip-qizil qonga bo‘yalganini ko‘rib uni avaylab yotqizdi.

– Yaralanibsan-ku. Bardam bo‘l, chida. – U do‘stiga dalda berdi. – Ratsiyada xabar berdik. Hozir yordamchi kuchlar yetib keladi.

– Menga qara, – Yunusjon Elomonning qo‘lini ushladi. – Ichim yonyapti. – Bor kuchini to‘plab do‘stining ko‘zlariga tikildi. – Qishloqqa borib ota-onamga ayt, Yunusjon sizlarni judayam yaxshi ko‘rar ekan, degin. Xizmatlarini qilolmadim, meni kechirishsin, rozi bo‘lishsin…

Elomon belidagi suvdonni shosha-pisha olib uni­ng og‘ziga tutdi. Yunusjon suvdan bir-ikki qultum ichgach boshini do‘stining bilagiga qo‘yib jon berdi.

Shu payt Elomonning ko‘zi o‘zidan ellik metrlar chamasi uzoqlikdagi g‘ordan chiqib qochib ketayotgan jangarilarga tushdi-yu, ularga avtomatdan ketma-ket o‘q uzdi. Ikki dushman ham qulochini yozganicha toshlar ustiga quladi.

Otishma yana davom etdi. Elomon qo‘rquvni butunlay unutgan, g‘azab va qasos o‘tida yonayotgan yuragi gursillab urardi.

Shu payt operatsiya rahbari Hamroyev Elomonning yoniga emaklab keldi.

– O‘q tegibdi-ku! – U askarining bo‘ynidan sizib chiqqan qonga xavotir bilan qaradi.

– Yalab o‘tdi. – Xirillab nafas olayotgan Elomon o‘zini bardam tutishga harakat qildi. – Yunusjon… Doniyor… halok bo‘lishdi.

Shu payt yuqoridan yordamchi kuchlar – vertolyot­larning ovozi eshitildi… Ko‘p o‘tmay, dushman istehkomi yer bilan yakson qilindi. Omon qolgan gazandalarning birontasi ham qochib qutulolmadi.

Yetib kelgan yordamchi kuchlar zudlik bilan halok bo‘lganlarni, yarador Elomonni vertolyotga olishdi.

– O‘rtoq kapitan, – dedi yarasi bog‘langan, zo‘rg‘a nafas olayotgan Elomon tepasida turgan Hamroyevga. – Men… yetib borolmayman… – keyin alam, iztirob bilan shivirladi. – Kechir do‘stim, omonat gapingni ota-onangga yetkazolmayman, shekilli….

Uning hayotdan ko‘z yumayotib oxirgi aytgan gapi shu bo‘ldi…

 

* * *

Nosir aka maktabdagi yumushini tugatib endigina uyga qaytmoqchi bo‘lib turganda mahalladoshi G‘anijon tashvishli qiyofada unga ro‘baro‘ bo‘ldi.

– Muallim, tumandan kattalar kelishibdi. Hovlila­ringda o‘tirishibdi, sizni yo‘qlashyapti.

– Tinchlikmi? – Nosir aka xavotir bilan so‘radi.

– Bilmadim… – G‘anijon ko‘zlarini olib qochdi.

U ming xil xayol bilan uyiga yaqinlasharkan xotini­ning: “Onang o‘lsa bo‘lmasmidi, bolam”, degan o‘tli, iztirobli ovozini eshitib bir lahza joyida tosh qotdi. Keyin shoshib hovliga kirdi. Nosir aka yig‘ilganlarga boqarkan, tuman hokimi, mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, fuqarolar yig‘ini raisini tanidi.

– Nosir aka, bardam bo‘ling, Alloh sabr bersin, – dedi tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i mayor Zuhriddinov otani bag‘riga bosarkan titroq ovozda. – Xabar keldi. O‘g‘lingiz Yunusjon Oxunov xizmat burchini o‘tayotgan paytda, chegarada dushmanlar bilan bo‘lgan olishuvda qahramonlarcha halok bo‘libdi.

– Qachon? – Faryod chekishdan o‘zini zo‘rg‘a tutgan ota sekin so‘radi.

– Kecha… 11-avgust kuni… Mashina yo‘lga chiqqan. Soat o‘n ikkilargacha olib kelishadi.

 

* * *

… Yunusjonning janozasiga tumonat odam yig‘ildi. Imom domla yig‘ilganlarga qarata shunday dedi:

– Muhtaram birodarlar. Bugun qishlog‘imizning obro‘li, hurmatli insonlaridan bo‘lmish Nosirjon akaning, ahli ayolining, oilasining boshiga tushgan musibatga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu kishining farzandlari, marhum Yunusjonni hammamiz yaxshi bilardik. Bu yigit o‘zining odobi, axloqi bilan tengdoshlariga hamisha o‘rnak bo‘lib kelgan mard inson edi. Muqaddas kitoblarda Vatanni sevmoq imondandir, deyilgan.

Yunusjon ham yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini buzmoqchi bo‘lgan dushmanlarga qarshi kurashda Vatan uchun jonini fido qildi. Yunusjonning oxirati obod bo‘lsin.

Janoza namozi o‘qilgach, tobutni yerdan uzishayotganda butun irodasini to‘plab sabr-bardosh qilib turgan otaning o‘tli nidosi hovlini zir titratdi. “Mingdan-ming roziman, hammamiz sendan rozimiz, bolam! Yurt, Vatan ham sendan rizo, o‘g‘lim!”…

 

* * *

Oradan to‘qqiz oy o‘tdi. 9-may – Xotira va qadr­lash kuni munosabat bilan Yunusjon o‘qigan 19-sonli umum ta’lim maktabida xotira kechasi tashkil qilindi. Yig‘ilganlar mard o‘g‘lon, maktabning faxri bo‘lgan Yunusjon Oxunovni xotirladilar. Vatan fidoyisi o‘qigan sinfning rahbari Ibrohimjon Mansurov Yunusjoning yoshlik paytlari, fazilatlari haqida qatnashchilarga hikoya qilib berdi. Yig‘ilishda ishtirok etgan Nosirjon aka uyga kirib kelganda xotini o‘g‘lining “Jasorat” medalini qo‘liga olib farzandi­ning suratiga termilib ko‘z yoshi to‘kib o‘tirgandi. Nosir aka uning yoniga sekin cho‘kkalab nasihat qildi.

Shu payt eshik qiya ochilib katta o‘g‘li Alijonning xotini ko‘rindi.

– Ayajon, tobim qochyapti, – dedi qaynotasiga ko‘zi tushgach uyalinqirab.

– Voy o‘lmasam! – Zulfiniso opa oy-kuni yaqinlashib qolgan keliniga ko‘zi tushgach shoshib o‘rnidan turdi. – Dadasi, bo‘ling, tez yordamni chaqiring!

O‘sha kuni Nosirjon akaning katta o‘g‘li Alijon o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Oradan ikki kun o‘tib xotinidan xabar olish uchun borgan Alijon ovqatni hamshiradan berib yuborgach tug‘uruqxonaning ikkinchi qavatidagi oynaga ko‘z tikdi. Oradan ko‘p o‘tmay deraza qiya ochilib Nilufarxonning yuzi ko‘rindi.

– Polvon qalay, polvon? Quvonchi ichiga sig‘magan Alijon xotiniga kulib qaradi. – Kimga o‘xshaydi, mengami?

Nilufarxon “yo‘q” ishorasini qildi.

– Sizga o‘xshamaydi! – Amakisiga o‘xshaydi. Yunusjonning xuddi o‘zi, – dedi jilmayib.

Shunda xayoliga yarq etib kelgan fikrdan Alijonning ko‘ngli yorishib ketdi.

– Juda yaxshi, unday bo‘lsa ismini Yunusjon qo‘yamiz.

 

* * *

Oradan o‘n yetti yil o‘tdi. Nosir aka yarim gektar yer olib bog‘ yaratdi. Bog‘ni Yunusjonning nomi bilan atadi. Qishloqdagi u yashab turgan ko‘cha “Yunusjon Oxunov” deb ataladigan bo‘ldi.

Bir kuni er-xotin tushlikdan keyin so‘rida choy ichib o‘tirishgandi, ko‘cha eshik ochilib hovliga shaxdam qadamlar bilan nabirasi kirib keldi.

– Kel bolam, kel, – dedi Zulfiniso ona uning bo‘ynidan quchib. Nosir aka o‘n yettiga qadam bosgan, mo‘ylabi sabza ura boshlagan nabirasiga mehr bilan qaradi.

– Yunusjon bolam, haliyam o‘sha gapmi? – So‘rida biroz chaqchaqlashib o‘tirishgach buvisi so‘radi.

– Bo‘lmasam-chi, albatta, amakimga o‘xshab harbiy bo‘laman! Gap bitta!

– Xudo xayringni bergur, oliygohni bitirib tinchgina, bobongga o‘xshab maktabda ishlasang bo‘lmaydimi?

– Onam ham shunday deyaptilar. – U bobosiga najot bilan qaradi. – Siz qarshi emassiz-a?

– Mayli, bolam, o‘zing aytgancha bo‘la qolsin. Nosir aka nabirasining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. – Ilohim, niyatingga yetgin. Amakingga o‘xshab mard, jasur bo‘lgin. Lekin umring o‘xshamasin. Ozod Vatanimiz sarhadlariga hech qachon g‘animlarning qadami yetmasin.

– Mana bu boshqa gap! Siz men tomon bo‘lishingizni bilardim. – Yunusjon bobosining yelkalaridan quchib, yuzini uning yuzlariga qo‘ydi…

 

Nosir ZOHID

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.