Yutdi tongday yorug‘ xayollar…

1
428
marta ko‘rilgan.

BESH KUN

 

 (Turkumdan)

 

Ichindagi ichindadur.

Jaloliddin Rumiy

             1

Besh kundir, yo‘ldaman,

Kimligim

Eslay olmayman –

 

Yarim – malak

Nurhuqqani otadi zulmathuqqaga,

O‘ynaydi… biri kim… gardkam…

Tishlab ko‘radi – chaqilmaydi.

To‘qqiz pardali sozni tirnaydi –

Chala olmaydi.

Ketadi – qaydasan

Nurmanzil.

 

Yarmim ilon

Og‘ziga gul tishlab olgan,

Kavakmi, g‘ovakmi,

G‘amakmi, shamakmi,

Surtib ado qilar.

Chaqmoq yong‘oq chaqar

Burgutko‘z, kalxatko‘z yog‘ar shivalab,

Qochadi – qaydasan

Qummanzil.

 

Yarmim baliq

Qoshini qoqmoqchi bo‘ladi oyga.

Qanotlariga qarab angrayar –

Uchsa yulduztanga olib qaytardi.

G‘ovvosga qarab angrayar –

Hayrattanga, taajjubtanga.

Qamishdan qarzini uza olmaydi.

Sho‘ng‘iydi – qaydasan

Suvmanzil.

                        2

Alqissa, qirq kun qavmsiz qoldi mamlakat,

Qirq kun shaytoni lainga bo‘ldi sayrgoh.

Sichqonga in qazdi qirq kun cho‘kkalab,

Qirq kun qafas qurdi – bo‘lsin tayrgoh.

Har eshik oldida bir tuzoq ko‘rdi,

Har ko‘cha so‘ngida qurtlagan zindon.

Tikildi – chor atrof jarlig-u o‘pqon,

Hovuzga qarasa – qaradi shayton…

 

                        3

Uch to‘rtta quzg‘un-u bitta o‘laksa

Tomosha beradi besh kundan buyon.

Kim gulxan yoqadi, kimdir sangtarosh,

Kimningdir kafti qon, kim aytar azon?

 

Tomoshabin yo‘q.

 

Besh kundir, tinmaydi mast-u alastlik,

Kuladi, yig‘laydi – yolg‘onmi rostlik.

Besh kundir, ko‘r usta suyak jamlaydi –

Tersam bas, yig‘sam bas – bitta qafaslik,

 

Tomoshabin yo‘q.

 

Besh kundir, arraning ovozi tinmas,

Besh kundir, tutatqi izlar chiroqchi,

Besh kundir, barmog‘in sanar sanoqchi,

Besh kundir, karvonni poylar qaroqchi,

 

Tomoshabin yo‘q.

 

Besh kundir, oynasiz gardish qo‘limda,

Yolg‘onchi qur’atosh o‘ng-u so‘limda.

Qirq tugun rishtamdan dor ham tikilgan,

Xazina qo‘rmagan ilon bo‘ynimda,

 

Tomoshabin yo‘q.

 

                        4

Alqissa, eshagin yo‘qotdi Odam,

Uch kun ro‘za tutdi Tangridan so‘rab.

Topdi-yu qarasa, eshagi o‘lgan,

Alam qip do‘g‘ladi osmonga qarab:

– Jonini olibsan bergil demasman,

Endi ot yo‘qolsa ham sendan so‘rmasman.

Uch kun ro‘zam haqi mohi ramazon

Olti kun yemasam Odam emasman…

 

                        5

Kechiring, onajon,

Bugun yoningizga bora olmadim.

Chiqay desam,

Kulcha bo‘lib

O‘lib qopti yo‘l.

Och edi besh kundan buyon –

Tanovvul qilmagan birorta qadam.

Qirib chetga tashlay desam,

Xokandozni yo‘qotib qo‘yibman.

Qo‘limda soyaandoz,

Choynak to‘la soya qaynayotir,

Qozon to‘la soya pishayotir.

Besh kundan buyon

Xayolsoya – g‘izoyim,

Aqlsoya – jazoyim,

Tasavvursoya – sazoyim.

Qo‘limda soyaandoz.

…Birov ichkari kirdi,

G‘aflatda qoldim.

Onajon, meni kechiring,

Yaqinda boraman,

Faqat

Ayting –

Soya oldin kirdimi,

Odam oldin kirdimi,

Qay birini olay soyaandozga?

 

                        6

Alqissa,

So‘rayman –

Oq sigirdan qora sigir paydo qilgan zot

Qayerda yashaydi?

 

Javob bermaydi hech kim…

 

Bo‘lmasam,

Qora sigirdan oq sigir paydo qilgan zotni

Bilarsiz?

 

Javob bermaydi hech kim…

 

MING TO‘QQIZ

YUZ O‘TTIZ YETTINCHI

 

Bobom Muhammad Maqsud

o‘g‘li xotirasiga

 

It akillashi kabi bir ovoz:

– “Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi!”

Nafasini yutar urush

Va fashistlar izg‘igan o‘limxona.

Yog‘och kalish g‘o‘ldiraydi –

 U bir qadam chiqar oldinga.

– Dono bo‘lib ketyapsan, cho‘chqa,

Qayerdan kep qoldi front gazeti?

Avtomat o‘qdonidagi o‘qlarday

Tishlari qisilgan, u jim.

Jag‘iga qarsillab tushadi qo‘ndoq,

U yiqilar, yuragi g‘ijim.

Yanchilgan labidan tomadi yerga

Qonolud nafrat.

 

– Sendan so‘rayapman,

“Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi?”

 

Ko‘ziga sanchilar tiknak raqam,

Xayoli yirtilar – sharillab oqadi

Mashum suratlar.

Yalaydi ming to‘qqiz yuz

O‘ttiz yettinchi yil:

Savodsizlikni tugatar payti

Yani oqshom ko‘lmakdan chiqqanda sakrab,

Kirib kelishdi,

Qo‘lida qurbonlar ro‘yxati.

– Dono bo‘lib ketyapsan…

Hayron qoldi boshlig‘i

Haqorat xaltasiga qo‘lini tiqib.

O‘zining nomidan bo‘lak

Hech vaqo yo‘q edi bu xalqqa atalgan.

G‘ijindi: xalq dushmani…

Otasining so‘ng ikki akasining

Qo‘llari bog‘landi po‘lat chiviqlar bilan.

(U bilmasdi, bilolmay o‘tdi

Po‘lat chiviqning tarjimasi

Sta-lin ekanligini).

So‘ng unga tikildi “hukumat”.

– Uning savodi yo‘q, – dedi otasi.

– Savodsizlarni ham tugatamiz,

(Savodsizlikni, deb eshitdi u)

Savodlilar tugayversin-chi.

Keyin…

 

– “Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi!”

Yil

Yana bir suratni yalaydi:

– O‘qishni bilasanmi?

Jag‘iga qarsillab tushadi miltiq qo‘ndog‘i.

U yiqilmaydi,

Qonga qo‘shib tuflar savolni.

Yoddan bilishini aytmaydi

Bobosi o‘rgatgan “Quron”ni…

 

Yutdi tongday yorug‘ xayollar-u

Dilni chaynab semirgan qamoq

Otasi va akalarini.

Unga tamg‘a bosishdi – quloq.

Urushgacha toshlar tashidi

Huquqsizlik shaxtalarida.

Qishloq esa, qishloq o‘sha yil

O‘g‘lonlarin kutdi izillab…

 

Shivirladi kimdir kimgadir:

Hammasiga gunohkor

Kitob…

 

O‘sha kun angrayib qoldi tokchalar,

Kitob-u qog‘ozdan yasashdi gulxan.

Varraklarni yoqishdi hatto

Bolalarning olib qo‘lidan.

Xalq, deya lovullab yondi Navoiy,

Qalq, deya lovullab yondi Bobur ham.

Mashrabni yoqishdi dor bilan qo‘shib,

Xayyomni yoqishdi ko‘zaga solib.

“Ilmi nujum” yondi –

Bu xalqning boshida yulduz qolmadi.

“Tavorix” gurladi –

Avlod-u ajdod qolmadi.

Kul bo‘ldi Sino ham, xalqning dardiga

Shifobaxsh mo‘miyo-yu malham qolmadi.

Keyingi kitoblar Buxoriy va Qodiriy…

Kelajak qolmadi, manzil qolmadi.

 

So‘ng kulni ezg‘ilab vahshiy bir shamol

Qozonda qaynatdi, uni ichdilar.

Tomirga yugurdi zaharga o‘xshab

Mashum bir kasallik, hech kim sezmadi.

Qo‘r-rr-quvvv!

Vijdonni, miyani hamda zabonni

Yutdi u.

Ko‘z ko‘zga tushganda

Yuqdi u.

Ko‘chada yuqdi u, to‘shakda yuqdi,

Ko‘krakdan go‘dakka sut bilan yuqdi,

Ochlikdan yuqdi u, to‘qlikdan yuqdi,

Tobutdan yuqdi u, beshikdan yuqdi.

Faqat omon qoldi mehnatkash, qo‘llar

(Qullar, deb o‘qiysiz eski yozuvda).

 

“Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi”

yerto‘laga gursillab tushdi.

Qarsillab yopildi temir panjara.

Hamon suratlarni yalar edi yil:

Keldi yana otasini va akalarini

Olib ketganlar.

Boshlig‘i tig‘ bilan temir kukunni

Xirillab qo‘lida ko‘tardi baland:

– Qani kim birinchi?

“Izm”ga boshlaymiz muzaffar yurish.

Butun qishloq bo‘ldi birinchi.

Bosh chanog‘in tig‘ bilan ochib,

Miyalarin sixga tortdilar.

Temir kukun sepib pishirgach

– Biz olmaymiz hech narsangizni,

deya boshni qayta tikdilar.

– Shior endi po‘lat intizom

Qorindagi homilaga ham.

(U bilmasdi, bilolmay o‘tdi

Stal-in ekanligini

Po‘lat intizomning tarjimasi ham).

 

So‘ngra sekin pichirladi bir juhud mahbus:

Bug‘doyning pishishini kutadilar

Azal-azal al zamon.

Bo‘lmasa och qoladi

Tandir bilan tegirmon.

Podshoh ko‘zin o‘yadi

Dehqon bilan cho‘ponni.

Ko‘rib qolsa taxt yo‘lin

Ko‘taradi isyonni.

 

– “Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi!”

Uni yana olib chiqdilar.

Yilning oshqozoni to‘ldi suratdan,

Lekin to‘ymadi ko‘zi.

Cho‘lponni yutdi u, Fitratni yutdi,

Va g‘ajiy boshladi o‘zini o‘zi…

 

Yilning qorni to‘ydi.

Ellik yil uxladi, xalqni uxlatdi…

 

So‘ng chaqmoq chaqdi-yu nogahon,

G‘ofil yotibsanlar, dedi allakim.

Uyqudan uyg‘ondi faqat to‘yganlar

(To‘ymagan uyquda yotibdi hamon).

Gulxan yasadilar.

Po‘lat chiviqlar-u po‘lat miyadan.

Yana bir to‘lg‘onib tug‘di onalar,

Qo‘rquvga tupurib o‘sgan farzandlar

So‘ydilar ellik yil uxlagan yilni…

 

Qon hamon oqmoqda, qon hamon

Kasal. Pichirlar:

Savodxon, savodxon, savodxon.

 

Tomirni titkilab erigan kulni

Hijjalab o‘qiylik, yurtning boshiga

Intiho kelmasdan topaylik davom.

U xabarsiz ketdi ushbu gaplardan.

 

It akkillashi kabi bir ovoz:

– “Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz yettinchi!”

Nafasini yutmadi urush

Va fashistlar izg‘igan o‘limxona.

Yog‘och kavush g‘o‘ldiramadi.

Bir qadam oldinga chiqmadi hech kim,

– Qochibdi! Oh, men aytgan edim:

Mahbus dono bo‘lib ketsa gar

Albatta, qonida isyon tug‘ilar!

 

 

AHLI (Q)ALAM

 

Birining qulog‘ida

Daryo shovullar emish.

Birisida shamollar

Tinmay guvillar emish.

 

Birisida bo‘rilar

Uvillarmish tun bo‘yi.

Chigirtkalar basma-bas

Chirillarmish kun bo‘yi.

 

Birining qulog‘iga

Shayton pichirlar emish.

Biri shikoyat qilar –

Sichqon qitirlar emish.

 

Yursalar ham shu emish,

Tursalar ham shu emish.

Quloqqa bir-ikki musht

Ursalar ham shu emish.

 

Tabib dermish: ijodkor

Yurar doim alamda.

Balki ilhom chog‘ida

Kavlagandir qalamda.

 

Quloqning shoh tomiri

Yo siqilib qolgandir.

Yurakda qolib ketgan

So‘z tiqilib qolgandir…

 

Aziz Said

 

1 mulohaza

  1. Bugungi kunda abiyotimizning hayotini saqlab qoluvchi sanoqli shoirlarimizdan birisiz! She’rlaringiz köpaygandan köpayaverib, ana shunday ruhiyatimizda oqib yuraversin. Ijodingizga omad.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.