Yaxshi niyat saodati

0
466
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilda mamlakatimizni rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi Oliy Majlisga

Murojaatnomasini o‘qib

Bolalik qilib, tuyqus og‘izga kelgan biror gapni gapirib qo‘ysam, enam dakki berardilar:

– Yaxshi niyat qil-ey, ovozingni shamol uchirsin!

Niyat qilishda xosiyat borligini ana shu pallalardan anglab boshlaganman. Hayotda nima topgan bo‘lsam, ichimda tug‘yon urgan niyatlarim, ilinj va umidlarim hosilasi deb bilaman. Aslida ezgu niyatni dilga tugish, uning ushalishiga umid bog‘lash xalqimizning xos xususiyati, ezgu fazilatidir. Asrlar qa’ridan hayot silsilalarida toblanib bugun ham yashayotgan “Yaxshi niyat – yarim davlat”, “Tog‘dek so‘rasang tuyadek, tuyadek so‘rasang ignadek beradi” kabi maqol-u hikmatlar bejiz tildan tilga, dildan dilga o‘tib ildiz otmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida buyuk muhaddis bobmiz Imom Buxoriy Hazratlarining “Al-jomi’ as-sahih” asari avvalidagi: “Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi”, degan hadisni keltirib o‘tgani, rosti, barchamizni to‘lqinlantirib yubordi.

Bugun butun xalq uchun, ularning hayotdan roziligi, turmushining obodligi, ertangi kunning asosi­ni yaratish borasida tashlanayotgan har bir qadam, qog‘ozdan amaliyotga ko‘chayotgan rejalar, albatta, qalblarda bunyod bo‘lgan oydin niyatimizdir.

Uyda televizor serial-u multfilmdan bo‘shamay qolsa, yetmishdan oshib ham g‘ayrati so‘nmagan enam yozg‘iradi: “Munday bir axborot-paxborotlarni ko‘rsa-da, odam…”. Shoshib kanalni o‘zgartiraman.

Ona-bola o‘sha kuni miriqib lavha tomosha qildik. Mirzacho‘ldagi obodonlashtirish, qayta qu­rish ishlari, qisqa muddatda xalq uchun yaratilgan imkoniyat-u shart-sharoitlarni, Gagarin shahrining yangi qiyofa kasb etgani ajoyib tarzda bir ko‘rsa­tuv orqali namoyish etildi. Men ham lolman, biroz oldin Gagaringa borganimda qarovsiz ko‘chalar, o‘ydim-chuqur yo‘llar, sobiq tuzumdan keyin huvullab qolgan binolar, qulagan, siri-ohori ko‘chgan temir to‘siqlar-u darvozalar, obodonlik hovlisi oshib qaramagan xonadonlarda behalovatlik, behuzurlik hukm surar edi. Endi esa manzara butunlay o‘zgacha: intervyu berayotgan, hududda istiqomat qilayotgan turli millat vakillaridan iborat aholining kayfiyati, hayotga munosabati va ishtiyoqi zumda qalbingizga ko‘chadi. Yangi ochilgan tikuv fabrikasi, madaniyat saroyi, muhtasham davlat xizmatlari markazi, shaharchaga ko‘rk berib turgan ko‘p qavatli uylar, dam olish maskanlari, qishda ham yashillik ufurib turgan maysalar enamning ham chehrasini yashartirgandek bo‘ldi. Ko‘rsatuvdan so‘ng qalbi toshib birgina gap bilan xulosa qildi: “Prezident odamlarni yaxshi yashashga o‘rgatib qo‘ydi…”.

Hayotning og‘ir-yengilini ko‘rgan enamning shu birgina jumlasi meni uzoq o‘yga toldirdi. Inson hayot ekan, umrguzaronlikning ehtiyojlari hamisha mavjud, manfaatlar tirikchilikning tayanchi bo‘lib xiz­mat qiladi. Manfaatlari ta’minlangan inson kechayotgan kunidan, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi.

Mashhur rus kino arboblaridan Arkadiy Gayday filmlaridan birida ajoyib ibora keltiriladi: “Yashash yaxshi, yaxshi yashash yanada yaxshi!”. Momom ham doimo bir gap aytib o‘tardi: “O‘lmagan jon bormi?!”. Albatta, kun hammada kechadi. Lekin ana shu umr lahzalarini shod-u xurramlik, mamnuniyat bilan yashashga nima yetsin?!

O‘tgan qisqa muddatda “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari orqali yurtimizning olis va yaqin hududlaridagi qanchadan-qancha qishlog‘-u mahallalar fayzli go‘shaga, obod manzillarga aylantirildi.

Dunyo sahnida kechayotgan voqealar, tobora avj olayotgan urush va nizolar, axborot xurujlari, ma’naviy bo‘hronlar, inqirozlar insonni hamisha uyg‘oq va ogoh yashashga chog‘lantiradi. Hali u, hali bu mamlakatda hosil bo‘layotgan “jarohat”lar o‘sha millat yoki xalqning turmushiga, tinch hayotiga raxna bo‘layotganini har daqiqa axborot vositalari orqali kuzatib turibmiz. Bu borada xalqimizning ham o‘z tarixiy saboqlari bor. Shukr, deymiz. Shukronalik – ko‘ngilning bezagi. Ammo tinchlik, osoyishta hayot o‘z-o‘zidan kelmaydi. Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar tobora kuchayib borayotgani hisobga olinib, yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Qurolli Kuchlar tarkibidagi barcha qo‘shin turlarining tuzilma va vazifalari qayta ko‘rib chiqildi. Armiya va xalq birligini ta’minlash maqsadida barcha hududlarda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Harbiy xizmatchilarning mas’uliyati, jangovar tayyorgarli­gini oshirish bilan birga ular­ning hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Odamlarning qalbida hayotga ishonch ortgani, farzandlarining kelajagiga umid bog‘lagani – bor gap. Ishonch bor qalbda orzular, niyatlar bo‘y ko‘rsataveradi.

Xalqimiz azaldan bolaning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qaragan. Beshikdanoq ona allasi bilan go‘dak qalbiga, ruhiga ma’rifat singdiriladi. Bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy bejiz to‘rt yoshida Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yod olmagan! Bolaning maktab ostonasiga qadam qo‘ygungacha bo‘lgan davri hayotga qarashlari, bilimga ishtiyoqi shaklla­nadigan yoshga to‘g‘ri keladi. Bu yoshda ular­ning parvarishiga to‘g‘ri yondashish talab etiladi. Shu bois davlatimiz rahbari maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratdi. Natijada bugun zamonaviy talablar asosida kichkintoylar uchun maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etil­moqda, mavjudlari qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Xususiy sektor faoliyati tizim sifatining oshishiga xizmat qilayotir.

Murojaatnomada aytilganidek, faqat ma’rifat insonni kamolga, jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi.

Xalq ta’limi tizimidagi islohotlar, o‘zini oqlamagan kollejlar sonining qisqartirilishi, oliy ta’lim sohasini takomillashtirish, yurtimizda dunyo­ning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallarining ochilishi mamlakatda ta’lim sifatini yaxshilash yo‘lida mustahkam qadam bo‘ldi. Xalqimiz ziyolilari, fidoyilari – o‘qituvchilarning oylik maoshini ko‘tarish, hayot darajasini yaxshilash borasida ilk odimlar tashlandi.

O‘zbek ziyolilari haqida so‘z ketganda, albatta, adabiyotimizning zahmatkash ijodkorlari – shoir va yozuvchilarimiz ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. O‘tgan yilda “O‘zbekiston Yozuv­chilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijodkorlar qalbini to‘lqinlantirib yubordi. Yozuvchilar uyushmasi uchun yangi bino barpo qilindi. Ijodkorlar uchun uy-joylar qurildi. “Zomin” va “Parkent” ijod uylari ijodkorlar ixti­yoriga topshirilish arafasida turibdi. Bir so‘z bilan aytganda, adabiyotning, zahmatkash ijodkorning qaddi rostlandi.

Murojaatnomada Prezident inson uchun hayotda zarur ikki muhim ehtiyojni uyg‘un keltiradi: tinchlik va sog‘lik. “Takror aytaman, tinchlik va sog‘likni ta’minlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz”, deydi davlat rahbari qat’iy. Shu asnoda nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa bo‘lib qolishini aytadi.

Rahmatli o‘qituvchimning uy vazifalarini tayyorlamaydigan, darsga barmoq orasidan qaraydigan no‘noq o‘quvchilarga qarata muntazam aytadigan o‘ziga xos tanbehlari ong-u shuurimga singib ketgan: “Ha, Hoshim, – derdi muallim hammani bir ism bilan atab, – senga yoz bo‘lsa-yu, qish bo‘lmasa, soya bo‘lsa-yu, issiq bo‘lmasa, yotsang qorinni qashilab-a… sal, jonni koyitish kerak!”. Ba’zan sinfda gurros kulgi ko‘tarilar edi. Ammo oddiy muallimning oddiy haqiqatlarini bugun, ulg‘ayganda anglab yetyapmiz. “Ish bilaganga ming tanga!”, deydi xalqimiz. Ishbilarmon odam hayot­da o‘zining ravon yo‘lini bunyod qiladi. Qorning qalovini topib, alangalatadi, qimirlab, qir-u dovon oshib baxt-u saodatga erishadi. Prezidentning buyuk alloma Najmiddin Kubro hazratlarining: “Muvaffaqiyatni – sa’y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqayd­lik va dangasalikda ko‘rdim”, degan hikmatlarini ulkan saboq sifatida keltirgani bejiz emas, albatta: “Haqiqatan ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”. Mamlakatni ravnaq toptirish, rivojlanish jarayonini tezlashtirish faol investitsiyalar harakatiga bog‘liq. 2019-yil shu nuqtayi nazardan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlangani bejiz emas. Ushbu yilda ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha islohotlar aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish va odamlar, oilalarning daromadlarini oshirishga, kasbga o‘rgatish, huquqiy maslahatlar, ijtimoiy ko‘mak usullaridan keng foydalanishga qaratiladi. Umrini nogiron farzandiga qarash, uni parvarish qilishga bag‘ishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turini joriy etishga qaratilgan. Bundan tashqari, ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Yoshlik – inson umrining kuch-g‘ayratga to‘la, hayotga muhabbat ila talpinib turgan eng navqiron pallasi. Nuroniylarimiz qadamidan o‘t chaqnab turgan yoshlarni ko‘rganda, bejiz, kiftiga qoqib, “tog‘ni talqon qiladi”, deya e’tirof etishmaydi.

Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar bilan ishlash masalasi, bundan buyon ham eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi, deyiladi Murojaatnomada.

Yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ular­ning bandligini ta’minlash maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyatini yanada kengayti­rish rejasi belgilangan.

Davlat rahbarining mazkur chiqishida sud-huquq, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm, tashqi siyosat borasida ham mulohazalari, taklif va rejalari bayon etilgan.

Prezidentning: “Xalqni rozi qilolmagan rahbar, Haqni rozi qilolmaydi”, degan iqrorida, da’vatida mutasaddi rahbarlarning xalq bilan muloqot asnosida el dardini tinglash, turmushidan boxabar bo‘lish, koriga yarashdek saboq bor.

Murojaatnomada ustuvor zaruriy yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va alohida konsepsiyalar ishlab chiqish topshirilgan.

Davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini o‘qib chiqar ekanman, keksa enamning: “Prezident odamlarni yaxshi yashashga o‘rgatib qo‘ydi”, degan bir jumla xulosalarini angla­ganday bo‘ldim. Chindan ham qay davraga bormang, yurtdoshlarimiz dilida ertangi kunga ishonch bilan tuzgan olam-olam rejalarini sizning ham qalbingizga jo qiladi.

Niyat bu qalbimizning amalidir. Uning ro‘yobga chiqishi uchun ezgu sa’y-harakat zarur. Azaldan xalqimiz bir-biriga yaxshilikni sog‘inadi. Zero, niyati ulug‘ xalqning – ishi ham ulug‘, hayoti yorug‘ va kelajagi farovon bo‘ladi.

 

Faxriddin Hayit

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.