Xalq botinidagi qudrat

0
13
marta ko‘rilgan.

Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari o‘tish…
Bu – mustaqillik yillarida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri. Turli nodavlat, notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari ham shunga xizmat qilyapti.
Xo‘sh, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tishning belgilari nimalarda ko‘rinadi? Bu, avvalo, jamiyatda bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan xalqning daxldorlik tuyg‘usi oshishida, fuqarolarning “Biz uchun hammasini davlat hal qilib beradi” degan iste’molchilik kayfiyatidan voz kechib,  o‘z fikri, dunyoqarashi bilan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishida namoyon bo‘ladi.   
E’tirof etish lozim, so‘nggi bir yil ichida  o‘ t i sh  belgilari, alomatlari yaqqolroq sezilyapti. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturida ko‘zda tutilgan rejalarning hayotga bosqichma-bosqich tatbiq etilishi, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi shart” degan shior jamiyatning asosiy tamoyiliga aylangani bu jarayonni tezlashtirib yubordi, desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz.
Xalq bilan maslahatlashib, kengashib ishlash, muammolarga yuqoridan pastga qarab emas, balki quyidan tepaga qarab yechim axtarish – bugungi kunning talabini, kayfiyatini belgilayapti. Eng muhimi, mas’ul shaxslar oddiy odamlarning so‘zlariga, fikru mulohazalariga quloq tutyapti, eshityapti. Bu jarayonda muayyan bir muammoning hal etilishi bir yutuq bo‘lsa, eldoshlarimizning dunyoqarashi o‘zgarayotgani, o‘ziga va ertangi kunga ishonchi ortayotgani o‘n, yuz karra kattaroq muvaffaqiyatdir.
Har bir shaxs o‘zining, o‘z fikrining qiymatga ega ekanini, jamiyatda o‘z ovozi, o‘rni borligini tobora chuqurroq idrok etyapti. “Hammasini kattalar biladi, biz bir kichik odam bo‘lsak” degan aqida asta-sekin o‘z kuchini yo‘qotyapti. Aynan shu “kichik odam”ning botinida qanday qudratli kuch, salohiyat borligini anglatish – birinchi galda ziyolilarning bosh vazifasi ekani bugun yaqqol ayon bo‘lyapti.
Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda “…madaniyat va san’at arboblari hamisha jamiyatning eng oldingi saflarida bo‘lishi, o‘z asarlari, faol grajdanlik pozitsiyasi bilan odamlarni ezgu maqsad va marralar sari boshlashi, ilhomlantirishi kerak emasmi?”  degan savolni o‘rtaga tashladi. Bu ritorik savoldagi  i l h o m l a n t i r i sh iborasi odamlarning qalbidagi, ko‘pincha o‘zlari ham sezmaydigan quvvatni, ezgu intilishlarni qo‘zg‘ash lozim, degan ma’noni anglatadi.  
Quvonarlisi, bu borada yoshlarimiz ancha tetik, ildam. Turli ijtimoiy saytlar, tarmoqlarda navqiron avlodning dolzarb masalalar bo‘yicha bildirgan sog‘lom fikrlari, munosabatini ko‘rib quvonasan kishi. Ularning yurt, xalq taqdiriga befarq emasligi odamni xursand qiladi. To‘g‘ri, ularning tajribasi kam, ba’zan yoshlik qiziqqonligi bilan oxirigacha o‘ylanmagan xulosalarini ham bayon qiladi, lekin, muhimi, niyatlari xolis – jamiyatimizda kechayotgan islohotlar, yangilanishlarda faol ishtirok etish. Ayni shu o‘rinda katta avlod ziyolilari boy tajriba va yangicha yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarga o‘rnak bo‘lishlari, to‘lqin-to‘lqin kelayotgan navqiron avlodni to‘g‘ri o‘zanga solishlari lozim, deb o‘ylaymiz.
Shundagina ustoz shoirimizning “Qachon xalq bo‘lsan, ey sen, olomon?” degan savoliga o‘rin qolmaydi va xalqni dengizga o‘xshatgan boshqa ulug‘ shoirimizning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik!” degan chaqirig‘i hayotda to‘liq o‘z aksini topadi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.