Uyingizda tunaganimni eslaysizmi?

0
13
marta ko‘rilgan.

* * *
Mashhur adib Jorj Simenon sermahsulligi bilan dunyoga dovrug‘i ketgan edi. Umr bo‘yi 220 ta roman yozgan. Shundan 84 tasi komissar Megrega bag‘ishlangan.
Kunlardan bir kuni yozuvchining uyiga Amerikadan kinorejissyor Alfred  Xichkok telefon qiladi. Simenon bu paytda navbatdagi – 158- romanini yozayotgandi. Xotini erini ijoddan chalg‘itmaslik  uchun telefon go‘shagini o‘zi ko‘taradi.
– Jorj yangi romanini yozayotgandi, uni bezovta  qilmagan ma’qul, – deydi uy bekasi  rejissyorga.
– Bemalol  yozaversin, – deydi rejissyor hozirjavoblik bilan, –  u yozib tugatguncha men kutib turaman.

* * *
Kunlardan bir kuni mashhur italyan qo‘shiqchisi Karuzo pulini olish uchun pochtaga keladi. Yonida pasporti bo‘lmagani uchun pochtachi pulni bermaydi. Shunda Karuzo o‘z shaxsini tasdiqlash uchun bir operadan ariyani qo­­yilmaqom ijro etib, pulini oladi.
Bu voqeani eshitgan bir tanqidchi Karuzoga iddao qilib deydi:
– Enriko, bu axir san’atni tahqirlash-ku!
– Ishing qistalang bo‘lib turganda ko‘zing­­ga san’at ham ko‘rinmaydi! – deya javob qiladi Karuzo.

* * *
Bernard Shou noyob kitoblar do‘konida o‘z piyesalarining ilk nashrini  ko‘rib, suyunib ketadi. Ammo unda o‘z dastxatini ko‘rib, hayron bo‘ladi. Shunday so‘zlar bitilgandi: “Robert Fuksga. Hurmat bilan Bernard Shou”. Adib kitobni  sotib olib, yana o‘sha odamga yuboradi. Bu gal sal boshqacharoq dastxat bitadi: “Sizga bo‘lgan hurmatimni yana bir  karra tasdiqlayman. Shou”.

* * *
Mashhur yozuvchi, rejissyor va aktyor Vasiliy Shukshin o‘z yurti Oltoydan Moskvaga kelib, kinematografiya institutiga imtihon topshirayotgan edi. Yotoqxonada joy  bo‘lmagani bois tunash uchun daryo sohiliga borib, shu yerdagi bir o‘rindiqqa cho‘ziladi. Endi ko‘zi ilinay deganda uni baland bo‘yli, qotmagan kelgan, qo‘lida tayog‘i bo‘lgan bir odam turtib uyg‘otadi. Shukshin uni qorovul bo‘lsa kerak deb o‘ylab, qo‘rqib ketadi.
– Nega bu yerda uxlayapsan? – deb so‘raydi haligi odam.
– Yotadigan joyim yo‘q, – javob qiladi Shukshin.
– Yur biznikiga, o‘sha yerda uxlaysan, – deydi notanish odam.
U Shukshinni uyiga boshlab keladi, mehmon qiladi  va tuni bilan suhbatlashib chiqadi.
Shukshin institutda o‘qiy boshlaganda kimdir uzoqdan unga mashhur rejissyor Ivan Pыryevni ko‘rsatadi. Shukshin shunda uyida tunagan o‘sha odamni taniydi.
Oradan ko‘p yillar o‘tganda bir kuni Shukshin o‘zaro gurungda Pыryevdan so‘rab qoladi:
– Uyingizda tunaganimni eslaysizmi, Ivan Aleksandrovich?
– Eslolmayman, – deya javob qiladi Pыryev. – Mening uyimda ko‘p odamlar tunagan…

Shodmon OTABEK tarjimasi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.