Hech bir yosh e’tibordan chetda qolmaydi

0
200
marta ko‘rilgan.

Shu yil 26 oktyabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida onlayn muloqot tashkil qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat Maslahatchisi, Markaziy Kengash raisi Qahramon Quronboyev yoshlar tomonidan yo‘llangan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berib bordi.

Ikki soat davom etgan ushbu onlayn muloqotda to‘rt yuzga yaqin savol kelib tushdi va belgilangan vaqt mobaynida yetmishdan ziyod savolga javob berildi. Yoshlar bilan bu kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar davomli bo‘lishi, keyinchalik turli hududlarga chiqib, bevosita muloqotlar qilinishi onlayn suhbat davomida ham ta’kidlandi. Yoshlar hayoti va istiqboliga daxldor ushbu muloqotdagi ba’zi savol-javoblarni e’tiboringizga havola etyapmiz.

 

Savol: Barchamizga ma’lum, joriy yilning 30 iyunida mamlakatimiz rahbari bir guruh faol yoshlar bilan uchrashib, Yoshlar ittifoqini tuzish va uning faoliyatini tubdan yaxshilash to‘g‘risida, yoshlar tashkiloti yangicha tizimda ishlashi kerakligi xususida o‘z mulohazalarini bildirgan edi. Xo‘sh, Ittifoq hozirgi kunda qanday yangicha tizimda faoliyat olib bormoqda?

Javob: Ochig‘i, bu savol menga har doim beriladi. Bu gapimni avval ham aytganman, yana takrorlayman: tashkilotimiz rosmana yangi tizimda ish boshladi. Xabaringiz bor, Yoshlar ittifoqi tashkil topganiga yaqinda yuz kun bo‘ldi. Birinchi kundan boshlaboq yoshlarning taklif, fikr-mulohazalari asosida ish boshladik va davom ettirmoqdamiz. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri, 194 ta tuman hamda shahar  Kengashlari raislari, 10 mingta umumta’lim maktabi, 1500 ta litsey va kollejda boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bor, ammo ularning barchasi ham bugungi kun talabi darajasida deb aytolmayman. Shuning uchun Markaziy Kengash qoshida noyabrdan boshlab har bir ta’lim muassasasi yetakchilarini bir haftalik malaka oshirish o‘quv jarayonlariga jalb qilamiz. Avvalboshda viloyat va tuman Kengashlari raislarini o‘qitganimiz kabi endi eng quyi boshlang‘ich tashkilot yetakchilarining ham malakasini oshiramiz.

Yangi tartib bo‘yicha, yetakchilar kimningdir tavsiyasi bilan emas, aynan yoshlarning tanlovi asosida saylanadi. Yaqinda ayrim oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari saylovlarida bir o‘ringa 8-10 ta nomzod ko‘rsatilganiga guvoh bo‘ldik. Demak, yoshlar o‘z yetakchilarini saylashga befarq emas. Va yana bitta narsani ta’kidlashni istardim, Ittifoqning har bir tumandagi kengashi o‘z chora-­tadbirlar dasturiga ega bo‘ladi. Bu dasturlar o‘sha hudud yoshlarining hayoti va faoliyatiga mos bo‘lishi kerak.

…Avvallari yoshlarning manfaatlarini himoya qilish uchun tumanlarga 150-200 ming so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2018 yildan boshlab bu mablag‘ har bir tumanga 15-20 million so‘mni tashkil etadi. Bu bilan biz har bir yosh a’zo manfaatiga xizmat qilamiz.

 

Savol: Oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yoshlarga ittifoqning qanday imtiyozlari bor?

Javob: Bu savol ham juda o‘rinli. Biz bu yo‘nalishga eng asosiy ishlardan biri sifatida qarayapmiz. Oliy ma’lumotli yoshlarni ko‘paytirish o‘zimiz uchun foyda. Shu bois boshlang‘ich tashkilotlarimiz yetakchilarini oliy ma’lumotlilarga almashtirdik. Ko‘pchilik “Nega yetakchilikdan o‘rta-maxsus ma’lumot egalari olib tashlandi?” degan savol bilan murojaat qiladi. Bunday savollar ushbu muloqot davomida ham yo‘llandi. Bu o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlarni ishdan chetlatish degani emas. Biz yaxshi va kerak kadr bo‘lsa, o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislarni ham tizimda olib qolyapmiz. Ularni butunlay o‘zimizdan uzoqlashtirganimiz yo‘q. Oliy ta’lim muassasalarining sirtqi bo‘limlarida tizimda faoliyat olib borgan o‘rta maxsus ma’lumotli yoshlarni o‘qitish masalalarini ham ko‘rib chiqyapmiz.

Shuningdek, ushbu o‘quv yilidan boshlab o‘zlashtirgan o‘quv ko‘rsatkichi 86 baldan yuqori va Yoshlar ittifoqi tizimida faol bo‘lgan talabalarga to‘lov-shartnoma summasining 35 foizini to‘lab berishni o‘z zimmamizga olganmiz.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan test sinovlaridan keyin, universitet va institutlardagi qo‘shimcha qabulga amaliy yordam berilishi so‘ralgan ko‘pgina arizalar kelib tushdi. Biz hozir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi aynan shu masala bilan shug‘ullanadigan komissiyaga 35 nafar yoshni tavsiya qilganmiz. Ularning arizalari yaqin kunlarda ko‘rib chiqiladi.

 

Savol: Televideniye orqali ittifoqning maxsus mukofoti haqida eshitib qoldim. Shu haqda to‘liqroq ma’lumot bersangiz…

Javob: Haqiqatan ham biz katta tanlov – Yoshlar ittifoqi mukofoti bo‘yicha qaror qabul qildik. Tanlovga hujjatlar 25 oktyabrdan 25 noyabrgacha qabul qilinadi. Bundan asosiy maqsad nima? Maqsad bitta – turli sohalarda foliyat olib borayotgan eng yaxshi yoshlarni aniqlab olish! Ushbu mukofot 35 ta yo‘nalishda beriladi. Mehnatga yarasha mukofot deganlaridek, mukofot miqdori ham oz emas – eng kam ish haqining 30 barobari qilib belgilangan. Biz mukofotni topshirish marosimini juda katta tantana bilan o‘tkazish niyatidamiz. Nasib qilsa, o‘sha 35 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi deb topilganlarni poytaxtimizdagi “Istiqlol” san’at saro­yida tantanali ravishda taqdirlaymiz. Ushbu marosimga ko‘zga ko‘ringan va turli sohalarda ustoz darajasiga yetgan darg‘alarimizni ham taklif etishni rejalashtirganmiz. Va yana bitta sirni, mayli, ochaqolay: rejalarimizdagi eng asosiy masala shuki, g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z sohalari bo‘yicha chet elga bir oy muddatga malaka oshirishga yuborishni ko‘zlaganmiz.

 

Savol: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va chet mamlakatlardagi yoshlar tashkilotlarining aloqasi haqida xabarimiz bor. Turli xalqaro yoshlar tanlovlarida o‘zbek yoshlari qay darajada ishtirok etyapti?

Javob: Bir narsani ochiq aytishim kerak. Yoshlar Yoshlar ittifoqini qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, biz ham ularning har birini qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘z iste’dodi va iqtidorini namoyon qila oladigan farzandlarimiz mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlarga jalb qilinmoqda. Endi xalqaro tanlovlarga kelsak. Mana, yaqinda Sochida o‘tkazilgan yoshlar va talabalar festivalida yurtimizning barcha viloyatlaridan yoshlar ishtirok etib keldi. Yoki Pekinda bo‘lib o‘tgan bolalar festivalini olaylik. Unda ham to‘qqizta viloyatdan saralab olingan eng iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz qatnashib, ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘lishdi. Maqsadimiz aniq – birorta yosh e’tibordan chetda qolmaydi. Biz butun mamlakat, aniqrog‘i, butun yoshlar auditoriyasini ezgu maqsad doirasida qamrab olamiz.

Yana bir masala. Prezidentimizning tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashlari natijasida yaqin oylarda yurtimizda Xalqaro yoshlar assotsiatsiya­sini tuzish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Yangilik sifatida tag‘in bir narsani aytishni xohlardim. 2018 yildan xalqaro tanlovlarni yurtimizda – serquyosh O‘zbekistonimizda ham tashkil etamiz.

 

Savol: Yoshlar ittifoqi axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida qanday ishlar olib bormoqda? Shu sohaga aloqador qaysi tashkilotlar bilan hamkorlik qilin­yapti?

Javob: Biz bu yo‘nalishda ilk kunlardanoq muayyan ishlarni amalga oshirishga kirishdik. Masalan, Markaziy Kengash qoshida ayni shu soha – axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil qilingan. Biz bu bilan cheklanib qolmasdan, yaqinda xuddi shu sohada faoliyat olib boradigan yoshlarni qo‘llab-­quvvatlash markazini ham tashkil qilmoqchimiz. Bundan tashqari,  O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan juda katta hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlikda bizning boshlang‘ich tashkilotimiz ish boshladi. Turli taklif va loyihalarimizni vazirlik qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, aynan shu sohada yana bir yangilikka qo‘l urdik. Ya’ni, Uzmobile aloqa kompaniyasi bilan hamkorlikda “Yoshlar” tarifi ishlab chiqildi. Bu ham yoshlarga axborot texnologiyalaridan foydalanish va bir-birlari bilan aloqa qilishlarida qulaylik yaratish maqsadidagi yaxshi ishlardan deb o‘ylayman.

…Yaqinda buxorolik bir yigit zamonaviy kompyuterlarni o‘zimizda – O‘zbekistonda yig‘ish bo‘yicha yangi loyihasi bilan bizga murojaat qildi. Hozirda shu masala bo‘yicha ham ish olib boryapmiz.

 

Savol: Singlim agrar yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis. Uni ishga joylash borasida Ittifoq qanday yordam bera oladi?

Javob: Ochig‘i, bizga agrar soha bo‘yicha mutaxassislar juda zarur. Ittifoq qoshida Yosh fermerlar kengashi tuzildi. Yaqinda ushbu kengashning viloyatlarda, tumanlarda filiallari tashkil qilinadi. Singlingiz shu kengashda ishlashi mumkin. Yoki bo‘lmasa, ittifoq qoshida yana uchta – baliqchilik, bog‘dorchilik va dukkakli o‘simliklar fermerligi bo‘yicha ham kengashlar tuziladi. Shu kengashlarda ham faoliyat yuritish mumkin. Siz o‘z tumaningizdagi ittifoq kengashiga murojaat qiling. Bu masala ijobiy hal qilinadi.

Savol: Chet elda o‘qib yoki ishlab yurgan o‘zbek yoshlarining manfaatlarini Yoshlar ittifoqi ham himoya qiladimi?

Javob: Juda yaxshi savol ekan! Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston fuqarosimi, u bizning farzandimiz. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek yoshlari 17 millionni tashkil qiladi. Ushbu yoshlar qayerda bo‘lishmasin, Yoshlar ittifoqi har birining manfaati uchun harakat qiladi. Sababi, bu tashkilot shu maqsadda – yoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan.

Chet eldagi yoshlarimiz masalasida to‘xtaladigan bo‘lsak, bir narsani aytishim mumkin. Har bir davlatda Xalqaro yoshlar assotsiatsiyasining vakolatxonalari bor. Shu vakolatxonalar orqali biz yoshlarimizning manfaatlarini himoya qila olamiz.

Biz yaqinda Xitoyda bo‘lib, Shanxay va Pekin shaharlarida o‘zbek yoshlari bilan suhbat qurdik, ularning o‘qish va faoliyatlari bilan tanishdik. Mana, yaqinda Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Moskva, Astraxan kabi shaharlarida xizmat safarida bo‘lamiz. Ushbu shaharlarda o‘qib-ishlayotgan yoshlarimizning yashash sharoitlari, ish yoki o‘qish joylarini, kimlar bilan muloqot qilyapti, qayerlarga boryapti – hamma-hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, mavjud muammolarga yechim topib kelish niyatidamiz.

Savol: Yosh oilalarga, ayniqsa, yosh onalarga qanday imkoniyatlar bor?

Javob: 2018–2021 yillarda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasida Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Bu borada tizimli ishlarni amalga oshiramiz. Jumladan, 258 ta ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirganmiz. 2018 yilning o‘zida 2149 yoshni uy-joy bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.

Yosh oilalarga uy berishda, ochig‘ini aytish kerak, avval ba’zi hollarda tanish-bilishchilik bo‘lgan. Ayrim uy sohiblari yoshlar tashkilotiga aloqasi yo‘q, tashkilot haqida yetarli tasavvurga ham ega emas. Ammo endi yangi tizimda ish boshlagan Yoshlar ittifoqi yosh oilalarga qurilayotgan ushbu uylarni birinchi navbatda ittifoq faoliyatida qizg‘in ishtirok etayotgan yoshlarga berishni ko‘zlagan. Bu degani, boshqa yoshlar e’tibordan qolib ketadi, degani emas. Biz imkon boricha yurtimizdagi barcha yoshlarni o‘z safimizga qo‘shamiz.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. Avvallari agar ayol o‘z eridan ajrashgan bo‘lsa, uy berishda muammolar bo‘lgan. Endi o‘ylab ko‘ring, farzandi bilan yolg‘iz qolgan ayol ham moddiy va ma’naviy himoyaga muhtoj, u ham oilasini, farzandini boqishi kerak. Aynan shu masalada ham biz tizimli ishlar olib boramiz. Aslida… yosh oilalarda ajralish­lar sonini batamom kamaytirish masalasi bizning asosiy maqsadlarimizdan biri. Bu masalada biz mahalla fuqarolari yig‘inlari va boshqa jamoat birlashmalari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqdamiz. Bu ishlarimiz ham, nasib qilsa, o‘z samarasini beradi.

 

Tahririyatdan: Onlayn muloqot juda qizg‘in, jonli ruhda o‘tdi. Belgilangan vaqt doirasidan tashqarida qolgan savollar ham o‘rganilib, ko‘rib chiqilishi qayd etildi. Eng muhimi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga nisbatan mamlakatimiz yoshlarining ishonchi, talpinishi kuchayayotganidan mamnunmiz. O‘zaro ishonch va hamkorlik bor joyda esa, har qanday muammo hal bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz.

 

 

Husan Maqsudov

oqqa ko‘chirdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.