SHE’R HAM, SHOIR HAM MILLAT UCHUN OYNA

0
143
marta ko‘rilgan.
  1. XX asr o‘zbek sheriyatidagi mavzularning turfaligi, tashbehlarning ohorli ekannida ustoz shoirlarning chuqur bilim va saviyasi ko‘rinib turadi. Bu she’riyat tarixiy voqealarga, ulug‘ shaxslarga murojaat etdi, shuning barobarida, turfa kechinmalarni ifodaladi. Qisqasi, baland intellektual she’riyat bo‘y-bastini ko‘rsatdi, boyidi. Bugungi yoshlar she’riyatini bu jihat ila maqtab bo‘lmaydi. Ular bir nechta doimiy mavzu va ko‘proq, ko‘ngil izhori bilan cheklanib qolishayotganday. Yoki o‘quvchi bunday serqirra, serma’no she’rlarni o‘qimay qo‘ydimi? Umuman, zamondoshlarimiz qanday she’rlarni ko‘proq o‘qiyapti?
  2. Yaqinda bir qadrdonimiz aytib qoldi, bizning adabiyotda hali telefon haqida tuzuk-quruq asar yozilmagan ekan. O‘ylanib qoldim, chindan ham she’riyat har vaqt davr ruhi, kayfiyatini o‘zida jo etib kelgan. Ammo hozirgi she’riyatda ana shu ruh sezilmaydi, ellik yil oldin yasalgan qolip-tashbehlar hali ham “trend”da. Aytmoqchimizki, texnologik asrning unsurlari sezilmaydi. Bizningcha, metroga tushib manziliga yetib borguncha simlari shuvalashib qolgan quloqchinini epaqaga keltirolmay xunobi chiqib yotgan yo‘lovchi haqida ham go‘zal she’r yozish mumkin. Bu bir misol, ammo bunday vositalar hayotimizda ko‘p-ku. Kundaligimizdan muhim o‘rin olgan mobil telefon haqida she’r yozsa, kishi modernist bo‘lib qoladimi? Bu borada qanday fikrdasiz?
  3. Internet va ijtimoiy tarmoqlar turmushimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanmagan, biror kun yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bu omil ijodkorga, o‘z-o‘zidan adabiy jarayonga ham ta’sir etmay qo‘ymadi. Hozir “internet adabiyoti” degan tushuncha ham mavjudki, bundan asosan yoshlar “unumli” foydalanib, hali siyohi qurimagan asari uchun “like” yig‘ib olishmoqda. Xo‘sh, sizningcha, ijtimoiy tarmoqlar adabiy jarayonga, xususan, ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
  4. Xalqimiz ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar degan maqol ko‘p ishlatadi. Albatta, bu maqol she’riyatga, shoirga-da, taalluqli. Bugungi she’riyatimizdagi ustoz-shogird an’analari, adabiy maktablar haqida fikringiz qanday?

 

  1. XXI asrda yozilgan she’rlarda tuyg‘ularning o‘z ohangini topib ifoda etish, ruhiyatni quyuq tasvirlashga urinish ko‘zga tashlanadi. Bu yaxshi bir tomondan. Ammo chekka qishloqda yozning jaziramasida yer chopayotgan dehqonga sizning ruhingizda kechayotgan talato‘plarning qizig‘i bormi? U ekinining suvsizlikdan qovjirab qolmasligidan xavotirda, dalasini o‘g‘itlash uchun qarz ko‘targan, uni qaytarishni o‘ylaydi. Bolaligimda Abdulla Oripovning she’rlarini aytib yurgan oddiy qishloq odamlarini ko‘p ko‘rganman. Dalada, bobom­ning chaylasida Omon Matjonning “Turg‘unlik yillari” degan ikki-uch sahifalik she’rini bir suvchi yoddan aytib bergandi. XX asr she’riyatining afzalligi u davralarda, adabiy kechalarda, ommaviy chiqishlarda shakllandi. Bugun kimdir o‘z tuyg‘ularini shunday mohirlik bilan tasvirlaydi, original tashbehlardan foydalanadi. Ammo u she’rda ijtimoiy dard yo‘q. Ijtimoiy she’r boshqa, lirik she’r boshqa deguv­chilar bor. Lekin mumtoz shoirlarimiz muhabbat, ilohiy ishq mavzusida ham hech bo‘lmasa, g‘azalning begona baytida xalq dardiga ishora qilib o‘tishgan. Bugun ijtimoiy mavzuda nimadir qoralaydigan bo‘lsak, bu yoziqning badiiy yetukligi haminqadar bo‘lib qoladi. Bir yo‘l qurilsa, undan to‘lqinlanib she’r yozvorsak, taxminan, uni Vatan taraqqiyotiga, bu yo‘l bizni kelajakka eltishiga urg‘u beramiz. Undan shodlanganimizni izhor qilamiz. Kechinmani yozish oson-da! Qabul qilish ham oson. Bunday yoziqlarning yo‘q bo‘lib ketishi ham oson.

 

  1. XIX asr oxiri XX asr boshlarida zamona uchun yangi bo‘lgan voqeliklar haqida she’rlar yozishgan. Masalan, Muqimiy va Furqatning “Surating” radifli g‘azallari dastlabki fotoapparat suratlariga bag‘ishlangandek tuyuladi menga. O‘tgan asrda, bugungi she’riyatimizda ham metro, tramvay, poyezd, samolyot kabi texnikalarning obrazli ifoda etilganini bilamiz. Mirzo Kenjabekning “Tongda samolyotlar uyg‘otar meni…” deb boshlanuvchi she’rida samolyot tuyg‘ularni bir-biriga bog‘lovchi vosita bo‘lib xizmat qilgan. Usmon Azimda “Omadliman, mana qarshimda kompyuter va stol-u qog‘oz” degan satrlar bor. Poyezd she’riyatimizda obraz darajasiga ko‘tarilgan degim keladi. U bilan bog‘liq minglab misralarni keltirish mumkin. Chunki bu narsalarni biz tafakkur qila olamiz. Uning vazifasini, qanday ishlashi haqida tasavvur bor bizda. Shu tasavvurni badiiy idrok etamiz. Unga asoslanib biror yangi gap aytamiz. Bugungi yosh shoirlarda ham yangi texnologiyalar haqida nimalardir bor. Ammo aytganingizdek, mobil telefon, fleshka, quloqchin kabi maishiy hayotimizda keng tarqalgan qurilmalar badiiy ijodga ko‘chmagan. Bunga sabab biz hali zamonaviy texnologiyalarni badiiy idrok qila olmayotganimiz bo‘lsa kerak. Hali o‘zbek tafakkuri texnologik taraqqiyot yo‘siniga mos­lashib ulgurmadi, shekilli. Balki yozganlarimiz sabab bunga bir darcha ochilar.

 

  1. Avval vaqtli matbuot sahifalarida yangi muallifning asari bosilishi uning adabiyot maydoniga kirib kelayotganini bildirgan. Ammo bir muddat matbuotdagi turg‘unlik, muharrirlarning “siyosiy hushyor”ligi yosh ijodkorlarning jiddiy mashqlarining ommaga havola etilishiga to‘siq bo‘lib qoladi. Deylik, men yozganlarimni tahririyatlardan biriga olib borsam, bunaqa she’rlar mening yoshimga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan. Poytaxtga kelgan dastlabki paytlarim adabiy nashrlarning birida bo‘lim muharriri mendan “Vatan haqidagi yengil-yengil she’rlaring yo‘qmi?” deb so‘radi. Men yo‘q dedim kulgidan o‘zimni tiyib. Shundan keyin biror nashrga she’r qo‘ltiqlab bormaydigan bo‘ldim. Bilasizmi, bu yosh ijodkorlarni maddohga aylantirishning bir yo‘li. Shundoq yozsam, chop etilarkan, deb o‘ylab qolishadi. Ammo inson fikr aytishga muhtoj. Ijtimoiy tarmoq esa keng maydon, unda bekorchi ham, muxolif ham, ziyoli ham, rahbar ham o‘z so‘zini aytayotir. Nega endi ijodkor o‘zini tortishi kerak. O‘ylashimcha, o‘tgan asrda internet bo‘lganda jadidlar o‘z harakatlarida undan unumli foydalanishgan bo‘lardi. Hozir esa shoir-yozuvchilar internet maydonini blogerlarga boy berib qo‘ygan. Tabiatan og‘ir, mulohazakor ziyolilar ma’lum voqeaga munosabat bildirgunlaricha uchqur blogerlar shov-shuv qilib bo‘lishadi. Oqibatda jamiyatning umumiy fikri o‘rtamiyona qarashlar asosida shakllanib qolyapti. Ziyolilari­miz internetda ham jamiyatni yetaklovchi kuch bo‘lishsa, qaniydi. “Like” yig‘ishga kelsak, men ham she’rimni internetga qo‘yaman. Birinchi munosabatni bilgim keladi. To‘g‘ri, aksariyat bunga yuzaki munosabat bildiradi. Lekin ba’zi insonlar yozganlarimni kuzatib borishini, zarur bo‘lganda, yuz ko‘rishganda, o‘z fikrini bildiradi. Keyin bu yosh ijodkorlarning o‘zaro ijodiy muloqoti uchun ham asqatadi. Kimning nima yozayotganini bilib boramiz.
  2. Chin ma’nodagi ustoz-shogirdlik adabiyotni yuksaltiradi. Ammo shogird atalmish ustozdan nimadir tama qilmasin. “Lolazor”dagi chorshanbiyevlar bilan adabiyot yaralmaydi. Hali arzirli narsa yozdim deb hisoblamayman-u, lekin kimdandir so‘rab yozganimdan bir so‘zni o‘zgartirmayman. Yozganimni birovningdir ortidan ko‘tarib yurgim kelmaydi. Buni o‘jarlikka yo‘ysa ham bo‘lar. Tengdoshlari­mizga qarab ko‘p o‘y xayoldan o‘tadi. Birimiz yozgan ikki satrimiz sabab kibrga berilganmiz. Boshqamiz tirikchilik ortidan ovora, yana birimiz kimnidir etagini tutib, shu odamning yonida yursam shoir bo‘laman deb xomtama bo‘lamiz. Men ijodni muttasil iztirob chekish deb hisoblayman. Va o‘zim buni uddalolmayotganimni yaxshi bilaman. Qolganlarning ham vijdoniga havola. Shavkat Rahmon aytgan-ku, “Bilsangiz, agar shoirlik jasorat so‘zining tarjimasidir”. Jasorat umrning ayni bir lahzasida sodir bo‘ladi. Har nafasni jasorat bilan o‘tkazish, har so‘zni jasorat bilan yozish asl shoirlik belgisi, xolos. Bundan mag‘rurlanish yarashmaydi. Ijod maydonida ustoz ijodi va amali bilan ana shu jasorat uchun bo‘lg‘usi ijodkorning ruhini tayyorlashi kerak. Bu har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Shoirning tanida bo‘lmasa, Navoiy kelsa ham uning so‘ziga jon kirib qolmaydi. Shu ma’noda ijodning bir ustuni badiiyat bo‘lsa, boshqa ustuni jasoratdir. Buni qay darajada namoyon bo‘lishi iste’dod va mahoratning ishi. Kimnidir ustoz deb ortidan yursam, boshqalar nimadandir umidvor deb o‘ylashidan cho‘chiyman. O‘zim sevgan shoirlarni o‘qiyman, o‘rganaman. Ba’zan yozganlarimga ta’siri oshib ketganini sezib qolaman. O‘qishdan to‘xtayman. Nasr o‘qiyman. Muxlis shoir­ning she’rini o‘qiydi, ijodkor esa o‘zidan avval o‘tganlarning, katta adiblarning shaxsiyatidan ham saboq olishi kerak. Ularning xatolarini takrorlamaslikka harakat qilishi lozim. O‘zim ixlos qo‘ygan ijodkorlar qaydadir e’tiqodiga pand berganini bilsam, undan ixlosim qaytib ketmaydi. Chunki ular e’tiqodiga sobit turgan damlarda asl asarlarni yaratib qo‘yishgan. Ular buyuk ekan deb illatlariga ham taqlid qilib yurgan tengdoshlarimga esa, rosti, achinaman. Shoirning she’ri ham, shaxsi ham millat uchun oyna. Jamiyat toza so‘z bilan birga toza insonlarga ham muhtoj.

 

Suhrob ZIYO

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.