Shaxdam qadamli insonlarni ko‘rdim

0
14
marta ko‘rilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevning taklifiga binoan 5-6 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonda bo‘ldi. Tashrif doirasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Davlat va jamoat arboblari bilan uchrashuvda ikki qardosh xalqning birodarligi, madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga doir takliflar bildirildi. Prezident Shavkat Mirziyoev yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodini rag‘batlantirish maqsadida qirg‘iz oqini Idris Aytbayevni mukofotladi. Oqinga “Malibu” avtomobili hamda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan uy sovg‘a qilindi.

Bu xushxabarni eshitib, Idris Aytbayevning quvonchu hayajonlari, taassurotlari bilan o‘rtoqlashdik.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevning taklifiga binoan 5-6 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonda bo‘ldi. Tashrif doirasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Davlat va jamoat arboblari bilan uchrashuvda ikki qardosh xalqning birodarligi, madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga doir takliflar bildirildi. Prezident Shavkat Mirziyoev yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ijodini rag‘batlantirish maqsadida qirg‘iz oqini Idris Aytbayevni mukofotladi. Oqinga “Malibu” avtomobili hamda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan uy sovg‘a qilindi.

Bu xushxabarni eshitib, Idris Aytbayevning quvonchu hayajonlari, taassurotlari bilan o‘rtoqlashdik.

 

– Idris, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoevning sovg‘alari qutlug‘ bo‘lsin! O‘zbek va qirg‘iz xalqining do‘stligini mustahkamlash yo‘lida ijod qilishdan tolmang! Bunday yuksak e’tibor va rag‘batga munosib ko‘rilganingizda qalbingizdan nimalar kechdi?

– Rahmat. Taqdir – inson uchun doimo sirli, jozibali. Qur’oni karimda Allohga tavakkal qilish kerakligi aytiladi-ku, bu yog‘i shunday bo‘ldi. Katta yig‘inlarda ko‘p qatnashganman, sahnalarda soatlab qo‘shiq aytganman. Sira hayajonlanmayman. Qaytaga, o‘zimni kuchli his qilaman.

Oliy darajali uchrashuvda kuylayotganimda ham shunday edi. Ammo qo‘shig‘im tugashi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev chaqirganida hayajondan titrab ketdim. “Idris o‘g‘lim, barakalla!” deb bag‘riga bosgan paytidagi holatimni esa tasvirlab berolmayman. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Sharshenovich ham xuddi shu so‘zlarni aytib bag‘riga bosdi. Bu uchrashuvda mendan baxtliroq odam yo‘q edi. Ikki mamlakatning Prezidentlari o‘z farzandidek ko‘rishi bir ijodkor uchun ulkan baxt, albatta.

O‘sha qisqa uchrashuvda juda ko‘p narsalarni o‘yladim. Har ikki davlat rahbari – yurtining, xalqining timsoli. Mening zimmamga juda zal­vorli va o‘ta mas’uliyatli vazifalar yuklangan, deb aytsam bo‘ladi. Ijodim ikki xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishini orzu qilaman, men bu yo‘lda hech charchamayman. O‘zbek va qirg‘izning jigarlik ildizlari O‘shdagi Sulaymon tog‘idan ham qadimiy bo‘lsa kerak.

Mana, necha kundirki, shodiyonalar to‘xtagani yo‘q. Qayerga bormay, meni qutlashadi, tabriklashadi. Bunday paytlarda Yaratganga shukr aytaman. Yaratgan Egam o‘zbek va qirg‘iz xalqining quvonchini bardavom, orzu-istaklarini ijobat qilsin!

 

– Oqin va baxshilar zamondoshlarining o‘y-fikri, quvonchu tashvishlaridan aytadi, ulug‘ aj­dodlardan meros eposlarni ham baralla kuylaydi. Ayting-chi, Siz bu ikki xalqning ildizlarini tutashtiruvchi qaysi eposlarni ijro etib kelasiz?

– Gapingiz to‘g‘ri. Ajdodlardan kelayotgan ma’­naviy merosni zamondoshlarimizga yetkazishda baxshi shoirlarning benihoya katta xizmatlari bor. Oqinlarning yo‘rig‘i esa biroz boshqacharoq – ular ko‘rganidan aytadi, ayni paytdagi voqelikni chechanlik bilan sozga jo‘r etadi. O‘nlab dostonlarni biladigan oqinlar ham bor. Eshitganda beixtiyor hayratlanasiz, “Buncha gapni qanday biladi”, deb hayron bo‘lasiz.

O‘zimga kelsak, “Manas”ni aytganimda doim tinglovchilarga e’tibor qilaman. Xalq shu epos­ni jon qulog‘i bilan eshitadi. Davraning sel bo‘lishi oqinni yanada ilhomlantiradi. “Alpomish”ni o‘qib o‘rganganman. Bu doston baxshilar tilida boshqacha joziba bilan jaranglaydi. Ikki alp – Alpomish bilan Qorajonning do‘stligidek do‘stlikni, jigarlikni boshqa biror eposda uchratgan emasman. Bu do‘stlikni Xudo ko‘ngilga solgan-da! Shu o‘rinda yana bir gap: Xudo ko‘ngilga solmasa, oqinning ham, baxshining ham tiliga hech bir so‘z ko‘chmaydi.

 

– Siz o‘tgan yili O‘zbekistondan O‘shga borgan mehmonlarni kutib olishda ham qatnashgan edingiz…

– Qirg‘izistonliklar o‘zbek qardoshlarini quchoq ochib, katta samimiyat bilan kutib olishdi. Et bilan tirnoqning yanada jipslashganini, ota va qizning, aka va singilning diydorlashuvini  ko‘rib bag‘rimiz to‘lgandek bo‘ldi. Bu holat mehmonlar uchun ham begona emas edi. O‘zi, mehmonlar begona emas-da (kuladi). O‘zbeklar mehnatda chiniqqan, shaxdam qadamli insonlar. Eslagan uchrashuvimizda shirinso‘z, olijanob oqsoqollar, qadamidan o‘t chaqnaydigan yoshlar bilan tanishdim, qadrdon bo‘ldim.

– “Do‘stlik” chegara majmuasidagi uchrashuv katta bayramga, xalq sayliga aylanib ketdi. Bir-birini sog‘inib qolgan og‘a-inilarning diydorlashuvi o‘zgacha bo‘lar ekan. Endilikda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy-iqtisodiy sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy jabhada ham hamkorlik mustahkamlanmoqda. Bu borda Siz qanday tashabbus ko‘rsatmoqchisiz?

– Shu savolingiz bolaligimni esga soldi. Bolaligimda bojxonachi bo‘lishni orzu qilganman. Negaki, otam O‘zbekistonda tug‘ilgan, onam esa Qirg‘izistonda. Oilamiz haqidagi bu gaplarni eshitgan do‘stlarim: “Idris, sen chegarada tug‘ilmaganmisan?” deb hazillashardi. Ana endi, o‘ylang, qarindoshlar to‘y yo ma’raka qilsa, yoki qarindoshlar bir-biridan xabarlashmoqchi bo‘lsa, chegaraga ishimiz tushishi aniq. Onam yaqinlari oldiga borishda ko‘p noqulayliklarga duch kelganida bojxonachi bo‘lishni orzu qilganman. Go‘yo “Bu kishi mening onam”, desam, o‘tib-qaytishi osonlashadiganday. Ulg‘ayganimda bildimki, qonun hamma uchun barobar ekan.

Oqsoqollarning bir gapi bor-ku: “Har gapga farishtalar omin deydi”. Mening bolalik orzumga ham farishtalar omin degan ekan. “Do‘stlik” chegara majmuasining ochilish marosimida qo‘shiq kuylab, odamlarning shodu xurramligiga tariqdek bo‘lsa-da hissa qo‘shdim. Bunday xizmatni peshonamga yozgani uchun Xudoyimga shukrona keltiraman. Yurt egalariga rahmatlar aytaman. Ikki xalq intiboqchiligi yo‘lida yelkamga qanday vazifa yuklansa, sidqidildan ado etaman.

“Do‘stlik” chegara majmuasi ochilganidan buyon Qirg‘izistonga kelgan qo‘noqlar ham, O‘zbekistonga borgan mehmonlar ham qo‘ng‘iroq qilib, davralariga chorlashadi. “Telefonda bo‘lsa ham qo‘shig‘ing­ni eshitaylik”, deydilar. Yaqinda Qo‘rg‘ontepa tumaniga borib, paxtakorlar xizmatida bo‘lmoqchiman. Nasib etsa, kattaroq konsertlar ham beramiz. Kezi kelganda aytib o‘tay, yaqinda “ETNO-O‘Sh” folklor ansamblini tuzdim.

 

– Siz uchun O‘zbekistondagi eng qadrli, xalq tili bilan aytganda, “belingizga quvvat bo‘lib turadigan” narsa nima?

– Ota-onam, yaqinlarim… Sanayversam, adog‘i yo‘q. Bolaligim shu yurtda – Qo‘rg‘ontepa tumani­dagi Namuna qishlog‘ida o‘tgan. Odam yolg‘iz qolganda o‘zi bilan o‘zi suhbatlashadi, bolalik kunlariga xayolan sayohat qiladi. Men bunday damlarda doimo qishlog‘im ko‘chalarini kezaman. Bu yo‘llarning har bir qarichigacha menga tanish, qadrdon. Bir so‘z bilan, jondek aziz, deb qo‘yaqolay…

 

– Idrisbek, samimiy suhbatingiz uchun jurnalxonlar nomidan minnatdorlik bildiraman. Kelgusidagi ijodiy ishlaringizga zafarlar tilayman. Siz bilan necha marotaba telefon yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan bo‘lsak, doim tildan qo‘ymay aytgan gapingizni mendan ham eshiting: o‘zbek va qirg‘iz xalqining do‘stligi abadiy bo‘lsin! Bu so‘zlarni qancha ko‘p takrorlasak,  ko‘ngilda shuncha chuqur ildiz otadi.

– To‘g‘ri aytasiz. Bu do‘stlikni qo‘shiq qilib kuylashdan charchamaylik!

Nurilla Choriyev suhbatlashdi.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.