Xotira uyg‘onsa, go‘zaldir

0
15
marta ko‘rilgan.

Zomin seminari ishtirokchilariga savollar:

1. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida qachon qatnashgansiz? Seminar sizda qanday taassurot qoldirgan?
2. Seminar ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatgan? Sizga qattiq ta’sir qilgan voqea, suhbat, uchrashuvlar bo‘lganmi?
3. Zomin seminari kashf etgan yoshlardan kimlarning ijodini kuzatib borasiz? Sizningcha, yillar mobaynida ularning ijodida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
4. Bu yil Zomin seminarining qanday o‘tishini istar edingiz?

Orif TO‘XTASH

1. Men 1997 yili mazkur ijodiy seminarning ishtirokchisi bo‘lganman. Ijodkor do‘stlarim – Uyg‘un Ro‘ziyev, Nodir Jonuzoq, G‘ayrat Saydullayev hamda opam Muhabbat To‘xtashevalar bilan birgalikda qatnash­ganmiz. U mahalda barchamiz Samarqand davlat universiteti talabalari edik. Ochig‘ini aytish kerak, oddiy bir talaba uchun bunday ijodiy seminarlarda ishtirok etishning o‘zi katta baxt edi!
Tadbir hammamiz uchun ham unutilmas taassurotlarga boy bo‘lgan.  O‘zbekis­ton xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligidagi bir guruh taniqli shoir va adiblar bilan hamsuhbat bo‘lib, ularning maslahatlari, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga musharraf bo‘lganimizning o‘zi ham ulkan taassurot, aslida! Ulardan olingan ijodiy o‘gitlar hali-hamon bizga ijodiy dastur sifatida asqotib keladi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunga kelib xo‘rsinib eslaydiganimiz – o‘sha mashhurlarimizning aksari marhum bo‘lsa, biz ularning jonbaxsh suhbatlaridan, afsus­ki, mahrum bo‘ldik…

2. Adashmasam, Rasul Hamzatovda  o‘qigan edim: “Shoirning uchta ustozi bor: Vatan, Tabiat va Kitob”. Shunday ekan, mazkur seminarning yurtimizning eng so‘lim go‘shalaridan Zomin tog‘lari yonbag‘rida tashkil etilgani biz yosh ijodkorlar uchun Vatan darsini o‘tagandek bo‘lgan go‘yo.  Qolaversa, seminar ijodiy va ijobiy raqobatni yuzaga keltirgan edi. Unda qatnashganlar dastlab o‘zining nimaga qodirligini anglar, yutuq va kamchiliklarini ilg‘ab olishga imkon topardi. Shaxsan mening ishtirokim o‘z ijodimda katta o‘rin egallaydi, desam adashmayman. Aytish mumkinki, bu seminar ishtirokchilarga mustahkam qanot vazifasini ham o‘tagan.
Zominda tashkil etilgan kechki mushoiralar, fayzli davralarning har birini entikib yodga olamiz. Bundan tashqari, biz – samarqandlik ishtirokchilar hali-hanuz bir-birimizga aytib, kulishamiz: ha, aynan qaynoq yozning o‘tli kunlarida biz yengilgina kiyinvolib yo‘lga chiqqandik, Zomin tog‘i yonbag‘rida, ayniqsa, ertalablari rosa dildiraganmiz. Bilmaganmizki, saratonda ham bu go‘sha o‘ziga xos salqin haroratda saqlanar ekan.

3. Ushbu ijodiy seminarda kashf etilgan yoshlar anchagina, mening nazarimda. Bugungi kunda faollik ko‘rsatayotgan ijodkorlarning aksariyatida Zomin havosining “yutum”i bor.

4. Aslini olganda, yurtimizda ko‘pchilikka notanish bunday jannatmonand manzaralarning borligi bizga ilhom, jo‘shqinlik baxsh etadi. Shuning­dek, tadbir asnosida har yili yangi ovozlar kashf etiladi, adabiyotga yangi nafaslar kirib keladi. Bunga ishonchim komil!

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.