Uslubiy va g‘oyaviy hamohanglik

0
11
marta ko‘rilgan.

Ahmad A’zam “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romanining bosh­lamasida “…qanaqa asar bo‘lib chiqishidan qat’iy nazar, qissa deymanmi, ro‘monmi yo kuzatuvlarmi, balki safar taassurotlaridir, o‘qib chiqsangiz, undagi voqealardan voqif bo‘lsangiz kifoya”, deb asar janrini xohlaganiday belgilab olishni o‘quvchining o‘ziga qoldiradi. Garchi biz asarda yuqorida tilga olingan janrlarning sintezini kuzatsak-da, uning badiiy ko‘lami, shaxs va jamiyat munosabatlarining vaqt nuqtai nazaridan katta bir davrni qamrab olganligi va nihoyat g‘oyaviy-falsafiy jihatidan roman deb qabul qilamiz. Qolaversa, mazkur asar adabiyotshunoslikda roman janri uchun istifodada bo‘lgan biroz umumiy va an’anaviy o‘lchamlar talab­lariga ham javob beradi.

Dastlab, bu roman badiiy adabiyotning qaysi adabiy uslubiga mansub, u romanning qaysi tipiga kiradi, degan savollarga to‘xtalib o‘tsak. A.Kamyu “Isyon va uslub” maqolasida: “Voqelik va xayolot – bir butunlikning ajralmas qismlaridir. San’atkor voqelikdan tanlab olgan unsurlarni badiiy til yordamida xayolot bilan uyg‘unlashtiruvchi va u yaratgan badiiy dunyoning tugal bo‘lishini ta’minlovchi vosita – uslub deb ataladi”, deydi. Adabiyotshunoslikda maktab, yo‘nalish, hatto janr deb turli xil nomlanadigan romantizm, realizm, modernizm, postmodernizm, dedektiv, fantastika kabi uslublar qatorida utopik va antiutopik uslublar ham mavjud.

Utopiya yo‘nalishi adabiyotga Tomas Morning 1516 yili yozilgan “Utopiya yangi oroli va oliy davlat qurilishi haqidagi foydali hamda qiziqarli oltin kitob” asari bilan kirib kelgan. Utopiya yunoncha “mavjud bo‘lmagan joy” degan ma’noni anglatadi. Lug‘atlarda bu yo‘nalish ilmiy fantastikaga yaqin, muallif nuqtai nazariga ko‘ra oliy jamiyat shaklining tasviri, xayoliy uydirma, amalga oshmaydigan orzularni ifoda etuvchi asar deb ta’riflanadi. Utopik asar muallifning o‘zi yashab turgan jamiyat ahvolidan, qonun-qoidalaridan, ijtimoiy munosabatlardan qoniqmasligi va ularni ideal darajada ko‘rish istagidan paydo bo‘ladi.

Sharqda esa utopik asar unsurlarini odil shoh, dono vazir haqidagi ertak va afsonalarda ko‘ramiz. Shu ma’noda, Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” kitobi mazkur yo‘nalishdagi shoh asardir.

Antiutopik asarlarda esa shaxs va jamiyat manfaatlari ayro, shaxsning orzu-umidlari, hatto, xayollari bo‘ysundirilgan. U ruhiy ozodlik yoki individual fikr degan tushunchalardan mosuvo, mustabid jamiyat va uning tutumlarini baxt deb qabul qilishga ko‘niktirilgan. Qizig‘i shundaki, utopik yo‘nalishga parodiya sifatida yuzaga kelgan antiutopik asarlar ham insonni o‘zidan, yashayotgan muhitidan ogoh qiladi, qo‘rquv­ni yengishga, komil shaxs va jamiyat haqida tafakkur qilishga o‘rgatadi. “Antiutopiyada erksizlik va zulm hukmron bo‘lgan jamiyat olami, shu jamiyatning qonunlarini o‘zida sinab ko‘rgan insonning his tuyg‘ulari orqali ochib beriladi, antiutopiyadagi eng muhim xususiyat shaxs va totalitar jamiyat o‘rtasidagi konflikt hisob­lanadi. Shuning uchun ham sho‘ro adabiyotida bu janr ta’qiqlangan edi”, deb yozadi adabiyotshunos olim M.Chernyak.

Jahon adabiyotida Yevgeniy Zamyatinning “Biz” romani antiutopik yo‘nalishdagi eng mash­hur asarlardan biri hisoblanadi. 1920-1921 yillarda Petrogradda yozilgan bu asar 1988 yili nashr qilingan. Roman syujeti bir qaraganda fantastik sarguzashtga o‘xshab ketadi. Voqealar uzoq XXVI asrda Yagona Davlat degan utopik mamlakatda sodir bo‘ladi. Ularning maqsadi butun sayyoralarni zabt etib, yovvoyilarcha ozodlikda yashayotganlarni bexato matematik “baxt”ga erishtirish bo‘lgan. Fuqarolar shu darajada shaxsidan mahrum qilinganki, ularning ismlari yo‘q, raqam bilan belgilangan. Odamlarning vaqti soatma-soat taqsimlanib jadvalga solingan, bir vaqtda uyg‘onishadi, bir vaqtda ovqatlanishadi va bir vaqtda ishlashadi. Insonda ruh, yurak, ilhom mavjudligi, san’at, adabiyot, ilm-fan, muhabbat va ozodlik haqida tasavvurlarning bo‘lishi tutqanoq singari kasallik hisoblanadi.

Roman qahramoni D-503ning hayotida 1-330 nomli qiz paydo bo‘ladi. Qiz Yashil devorni buzib butun insoniyatni birlashtirmoqchi bo‘lgan “fitnachi” edi. D-503 “sevgi tuyg‘usi”ni his qilib, qizning uyiga ko‘chib o‘tadi. Ammo sotqin chiqib sevishganlar qo‘lga olinadi. Jarrohlik yo‘li bilan aql-idrokidan mahrum qilingan D-503 sobiq sevgilisi 1-330ni qiynoqqa solishlarini befarq kuzatadi… Tadqiqotchilar romanni sotsialistik jamiyat kelajagining bashorati deb baholashgan. Darhaqiqat, sho‘rolar davrida shaxs – “Men” romanga nomi berilgan “Biz”ga, to‘daga, qiyofasiz olomonga aylantirilgan. Asardagi “Saqlovchilar” Byurosida NKVD, KGB qiyofasini ko‘rish qiyin emas. Shisha uylar – qamoqxona kazarmalari, raqamlangan fuqarolar – GULAG mahbuslari bilan, Yashil devor – sho‘ro fuqarolarini tashqi dunyodan ajratib turgan “Temir parda” bilan ikki tomchi suvdek o‘xshash.

O‘zbek adabiyotida shaxs va jamiyat masalasi realistik, dedektiv, tarixiy, sarguzasht asarlarda qay bir darajada aks etgan bo‘lsa-da, ammo XXI asrga qadar sof antiutopik uslubda qalamga olinmagan. Antiutopiya nazariyotchilarining ishlarida va adabiyot lug‘atlarida ta’riflangan qoidalar hamda antiutopik asarlar namunalaridagi olg‘a surilgan g‘oyalar, syujet qurilishi, obrazlarning vazifalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romanini ham antiutopik uslubda yozilgan asar deyish mumkin. Ammo ba’zi juz’iy tafovutlar bor, albatta. Masalan, odatda antiutopik asarlarda mavjud tuzumga qarshi kurashgan qahramonlar halok bo‘ladi. “Ro‘yo…”da esa roviy-qahramon uyiga qaytib ketadi. Ikkinchi tafovut – aksariyat antiutopik asarlar uzoq kelajakda yuz beradi, “Ro‘yo…”da esa bugungi kunda qahramon xayoliy mamlakatga o‘tib qoladi, ammo u yerdagi vaqt mavhum. “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romaniga qadar faqat Erkin A’zamning “Chapak­lar yoki chalpaklar mamlakati” qissasida antiutopik uslubning ba’zi xususiyatlari mavjud edi. Ammo “Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati” antiutopik asar elementlari nuqtai nazaridan tadqiq qilinmagan. Antiutopiya uslubi haqidagi nazariy va amaliy tadqiqotlar asosida Ahmad A’zam va Erkin A’zamning bu ikki asarini kelajakda jahon adabiyoti tajribasi bilan, ayniqsa, Ye.Zamyatinning “Biz” romani bilan qiyoslab o‘rganish zarurati bor deb o‘ylayman.

Ahmad A’zam romanidagi har bir voqea, obraz, dialog va mamlakat tasvirlarini ham xuddi “Biz”dagi kabi qiyoslar bilan sharhlash, tushuntirib berish mumkin.

Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romani Toshkentdan yo‘lga chiqqan roviy-qahramonning Jizzax yo‘lidan ixtiyorsiz ravishda burilib borib qolgan mamlakat tasviri va o‘zining tashrifi bilan yuz bergan voqealarga qurilgan. Mamlakatning nomi G‘uliston “g‘ul” – zanjirdan olingan. Shuning uchun: “Amaldori ham, haydovchisi ham, qo‘riqlab yurgan kattayu kichik askarlari ham, xullas hammasi zanjirga chulg‘angan… Shu qadar ko‘nikib ketganlarki, usiz yurmaydilar, yurmaganlar ham, yurishni tasavvurlariga ham keltirmaydilar”. Odamlarning ismi yo‘q, bir-birlarini “G‘uliy” deb atashadi. “G‘uliya” deb ataladigan madhiyalarini hamma birvarakayiga kuylaydi. Bolalarini ham yura boshlaganidan boshlab zanjirga chulg‘aydilar. Odamlarning nafaqat har bir qadami, hatto nigohlari ham zanjir manfaati uchun xufiyalar va eng zamonaviy ko‘ruv-eshituv uskunalari bilan nazorat qilinadi. Bu qullik saltanatini boshqarib turuvchi ko‘rinmaydi, ammo unga va zanjirga Xudoga topinganday topinadilar: “Bir kuni Xoldor G‘uliydan so‘radim: – Eng kattangiz kim? U men shu paytgacha devorda qancha ko‘rgan bo‘lsam, shuncha e’tibor qilmagan rasmga ishora qildi. Ammo rasm meni tushunmas, tabiiyki, menga ham hech narsani tushuntirmas, nuqul buyurib turgan edi xolos”. Mamlakat hayoti qat’iy tartib-intizomga va yolg‘onga qurilgan. Elektron bo‘yoq mo‘jizasi bilan har lahzada o‘zgartirib turiladigan gazeta-jurnallar, qomusiy kitoblar zanjirga e’tiqodni mustahkamlaydigan yolg‘onlar bilan boyitib turiladi. G‘uliylarning olma yetishtirishdan oliy maqsadlari organizmda temirni ko‘paytirib alal oqibat bolalarni ham zanjir bilan tug‘iladigan bo‘lishiga erishish: “Fulis­tonda zanjirband bola olish borasida juda keng ko‘lamda ish olib boriladi, butun g‘uliy xalqi bugun bo‘lmasa, ertaga, jilla qursa, yaqin kelajakda shunday namuna zuryod dunyoga kelishiga ishonchi komil va shu yo‘nalishda ilhom bilan ijod qiladi”. Fuqarolarga zanjirsiz yurtlarda yashayotganlar yovvoyi, hayvon qatori maxluqlar ekanligi uqtiriladi. O‘zgacha fikrlaydiganlarga zanjirdan mahrum qilinishdek oliy jazo beriladi.

Nihoyat roviy-qahramonning G‘ulistonga nima maqsadda kelganligini aniqlash uchun mashinasidan topib olingan kitobini o‘qib ko‘rishadi va zanjirsiz yashash mumkinligi haqida tasavvur paydo bo‘lib e’tiqodlariga putur yetadi. Roviy-qahramon bosh nazoratchi Xoldor g‘uliy bilan gaplashgach, aytadi: “Qissa, hikoya, novellalarimda men tasvir, kechinma, harakatlarni berish uchun e’tiborsiz yozib ketgan shunaqa so‘zlarni aytdiki, ularda g‘uliyotni ta’sirlashga qaratilgan zamonaviy tilsimlar bo‘lib, hammasi muayyan shifrlar bilan kodlangan ekan. Mana, “osmon”, “bulut”, “qushlar”, “keng dala”, “so‘lim ma’vo”, “tizginsiz o‘ylar”, “parvoz”, “yugurish”, “intilish”, “talpinish”ga o‘xshagan o‘nlab, balki yuzlab so‘zlar g‘uliyning qat’iy ko‘ngliga, hozir aytganimdek, tubdan, taglama ta’sir o‘tkazib, o‘z hayotini yana bir marta tanasiga o‘ylab ko‘rishga undab yuborar ekan. Shuning uchun ham kitobimni o‘qiganlarni tozalash sabog‘idan o‘tkazish uchun navbatlar tuzilgan, saboqdan o‘tgan va o‘tmaganlar orasida katta ixtilof chiqishi xavfi yetilib kelayotgan ekan”. Haqiqatan ham fuqaro tarafdorlar va qarshilarga bo‘linadi. Hatto davlat topshirig‘i bilan roviy-qahramonni sevib qolgan g‘uliya qiz ham bosh nazoratchiga “Endi qaytmayman, dasturni bajarish barobarida men ko‘nglimdek ko‘ngil topdim”, deyishgacha boradi. Kitobni o‘qiganlar tozalash sabog‘idan o‘tkazila boshlaydi. G‘uliston rahbariyati roviy-qahramonga ishora bilan qaytib ketishiga izn berishadi. U Jizzaxga manziliga yetib kelganda mashina yo‘l o‘lchagichi ham, oradan o‘tgan vaqt ham uning G‘ulistonda bo‘lganligini, necha oylab qolib ketganligini tasdiqlamaydi.

Ko‘rinib turibdiki, xayoliy mam­lakatdagi tuzum tasviri, syujetlarning mohiyatiga ko‘ra tuzilishi, muallif g‘oyasining bo‘rttirilgan g‘ayriinsoniy holatlar vositasida berilishida bu asarlarda hamohang­lik bor. Antiutopik uslub an’analariga vaqt-makon, g‘oya nuqtai nazaridan, nasriy asar an’analariga masalani qo‘yilishi, motiv, tugun, konflikt, kulminatsiya va yechimning qurilishi jihatidan amal qilingan. Ammo Ahmad A’zam romani tasvir uslubining batafsilligi, holatlar va fikrlarni dalillash uchun ko‘plab hikoya ichida hikoyalarning berilishiga ko‘ra yuqoridagi asarlardan farq qiladi. Ahmad A’zam romanida ikkita umidbaxsh shu’la qoldiradi. Birinchisi – muallif-roviyning mashinasidan topilgan kitob va kitobdan G‘ulis­ton fuqarolariga yuqqan zanjirsiz yurish tuyg‘usi, shuningdek, G‘ulistonning keyingi taqdiri ochiq qoldirilishi. Ikkinchi shu’la – zanjir taqishga olib kelingan bolalardan birining do‘konga kirib qolgan roviy-qahramonga ko‘zi tushishi: “Onasi uni qo‘lidan yetaklab borayotganda bola, fe’llikkina ekan, yig‘lamadi. Erkak xodimning tizzasiga o‘tirganda menga qarab oldi, bo‘yin tasmani qotirayotganda ham, qo‘l-oyog‘iga kishan taqilayotganda ham mendan ko‘zini uzmay, miq etmay turaverdi. Hatto zanjirchalari taqilib, ota-onasi, ikki akasi qiyqirib, boshqalar chapak chalganda ham bolakay menga bot-bot tikildi. Shuncha izdihomning ichida menga ko‘z tikkan faqat shu bolakay edi! Bola nigohida u nima demoqchi bo‘ldi, “Ozod odamsiz-ku, qarang, bular meni nima qildi?”, deb so‘rayaptimi yoki: “Manavi odamga qaranglar, zanjiri yo‘q ekan”, deb aytmoqchimikan, bilmadim, lekin unga qarab ko‘zimni qisib qo‘ygan edim, kichikkina jilmaydi, jilmayishi bolalarcha beg‘ubor, katta g‘uliylarga sira o‘xshamas edi”.

Agar Ahmad A’zam jamiyat va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatni, totalitar tuzum qiyofasini antiutopik yo‘nalishda ko‘rsatib bergan bo‘lsa, xuddi shu mavzuni gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni” romanida adabiyotning eng ommaviy va an’anaviy – realizm uslubida qalamga oladi. Realizm yuqorida tilga olingan utopik va antiutopik uslublarning o‘rtasida turadigan uslub deyish mumkin. Nodar Dumbadze haqiqatan ham “o‘z davrining ilg‘or g‘oyaviy pozitsiyasidan chetda turgan yoki unga yotsiragan” realistligini sho‘ro jamiyati yozilgan, yozilmagan qonunlari bilan shaxsni ma’nan, kerak bo‘lsa, jismonan mahv etishi masalasini ko‘tarib chiqqanligida ko‘rish mumkin. Qahramonlar – yozuvchi Bachana, ruhoniy Ioram, etikdo‘z Bulika kasalxonaning yurak xastaliklari bo‘limida yotishining o‘zi bilan yozuvchi jamiyatning shaxsga tazyiqi oqibatiga ishora qiladi. Roman syujeti palatadagi voqealar va qahramonlarning, asosan Bachananing hikoyalari, xotiralari, tushlari chiziqlarini tutashtirish asosiga quriladi. Bachana hayotini bag‘ishlagan halollik va adolat, ruhoniy umrini tikkan iymon va e’tiqod mavjud jamiyat tomonidan illat sifatida qabul qilingani, ularning hamma qatori yolg‘on, tovlamachilik, nafs zanjirlarini taqib yurmaganlari uchun jazolanganligi ochib beriladi.           

Agar roman voqealari mavhum makon va mavhum zamonga ko‘chirilsa, romanda tasvirlangan jamiyatning amaldagi va qog‘ozdagi qonunlari sal bo‘rttirilsa, qahramonlarning qiyofalari noreal shaxslarga ko‘chirilib tasvirlansa antiutopik asarga aylanadi qoladi. Muallif roman syujetiga Bachana Ramishvilining oldiga kelib ketuvchi odamlar qiyofalarini kiritar ekan, ularning ko‘tarib yurgan masalalari, ichki dunyosi, aqidalari orqali jamiyatning qiyofasini, ruhiy ahvolini aks ettiradi. Masalan, Bachanaga o‘zini uzoq bir qarindoshingizning qo‘shnisining o‘g‘li Nugzarman, deb tanishtirib kasalxonaga kelgan odam bilan bo‘lgan suhbat bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

“– O‘tinaman sizdan, hurmatli Bachana, bosh­liqlarga iltimosnoma yoki raykomimiz sekretariga ikki enlik xat yozib bersangiz…

– Mening nima aloqam bor? – dedi hayron bo‘lib Bachana.

– Nega aloqangiz bo‘lmas ekan! Siz insonparvar yozuvchisiz, deputatsiz, Markaziy Komitet a’zosisiz! Dardimni sizga aytmay, kimga aytaman? – o‘z navbatida Daraxvelidze ham astoydil taajjublandi.

– Qayerda ishlaysiz?

– Abxaziyada, tamaki tayyorlash sohasida.

– Boshliqlarga nima deb yozishim kerak?

– Sekretarimiz bilan qalin do‘stsiz, maktabda birga o‘qigansizlar, buni hamma biladi.

– Mening oldimga sizni kim yubordi?

– Sekretarimizga faqat yaxshilikni ravo ko‘radigan odam yubordi… Bitta konvert sizga, ikkinchisini xohlagan odamingizga berishingiz mumkin… – Daraxvelidze chaqqonlik bilan ikkala konvertni yostiqning tagiga tiqib qo‘ydi”.

Shundan so‘ng u tamakiga xashak va suv qo‘shib sotganlikda ayblashayotgani, uning o‘rnini bosh­qa odamga yarim millionga sotishayotganini aytadi. Bachanadan raykomga aytib, qamoqdan olib qolishini so‘raydi.

Albatta sho‘ro zamonida yashab sho‘roning asl qiyofasini chizib ko‘rsatish oson emas edi. Yozuvchi totalitar jamiyat mahsuli bo‘lgan ana shunga o‘xshagan obrazlarni romanga kiritish, ularning dialoglari, xatti-harakatlari orqali Bachanani qabul qilolmagan jamiyat manzarasini chizib beradi. Birgina ana shu lavhaning o‘zidan o‘quvchi sho‘ro jamiyatning bir qancha xos xususiyatlari haqida xulosa chiqarishi mumkin: 1) har qanday darajadagi mansabdor uchun o‘g‘rilik turmush tarziga aylangan; 2) raykom, ya’ni davlat vakili o‘z hududida hokimi mutloq, hatto davlatga qarshi qilingan jinoyatni ham yopa olish qud­ratiga ega, buni Nug­zarmanlar ham yaxshi biladi; 3) pora olish va berish jamiyatda o‘rnatilgan urfga aylangan; 4) jamiyatning yozilgan qonunlaridan go‘yo qo‘rqishadi, ya’ni reviziya, qamoq, aslida hammasi uchun chiqib ketish yo‘llari ham qurib qo‘yilgan; 5) jamiyat jinoyatchi fuqarolar zanjirini o‘zi tayyorlaydi – o‘g‘ri ishonch bilan deputatga kelyapti, u raykomga bog‘lanadi, so‘ngra revizorga va tergovchigacha zanjir uzayib boraveradi; 6) bu jamiyatda mansablar insonning iqtidori va fazilatiga qarab emas, poraning qanchaligiga qarab taqsimlanadi. Albatta janr talabi va realizm tamoyillari yozuvchidan o‘z gapini aytish, g‘oyasini ilgari surish uchun real hayotiy lavhalarni tasvirlashni talab qiladi. Ammo bu hayotiy lavhalar ramziy detallar, xayoliy voqea-syujetlar bilan ish ko‘ruvchi adabiy yo‘nalishlardagi asarlardagi barcha badiiy funksiyalarni bajara oladi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Ahmad A’zamning “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romani o‘zbek adabiyotida antiutopik uslubda yozilgan, shaxs va jamiyat munosabatlari leytmotiv qilib olingan dastlabki asarlar namunasidir. Romanda totalitar davlat shaxsni ichki ozodlikdan mahrum qilishi, ruhan qul darajasida boshqarib turish uchun mudom qo‘rquvda ushlab turishi – zulm qiyofasi ochib berilgan. Romanning Ahmad A’zam prozasiga xos “birov bilan o‘tirib gurunglashganday” uslubda yozilganligi, shu asnoda sho‘ro davriga ham, o‘z hayotidagi voqealarga ham erkin o‘tib ketib yana romanga qaytishi janr imkoniyatlaridan keng foydalanganini ko‘rasatadi. G‘ayriinsoniy qonun-qoidalarga qurilgan jamiyat shaxsning baxt va baxtsizlik, ezgulik va yovuzlik, ozodlik va qullik borasidagi tushunchalarining o‘rnini almashtirib yuborishi ochib berilgan. Bu jihatlari bilan “Ro‘yo…” Yevgeniy Zamyatinning mashhur “Biz” romaniga juda yaqin turadi. Nodar Dumbadze realis­tik uslubda yozilgan “Abadiyat qonuni” romanidagi voqealar hayotning haqqoniy manzaralariga qurilgan esa-da, g‘oyaviy jihatdan yuqoridagi ikki romanga o‘xshaydi. Ularning mualliflari turli xil adabiy uslubda shaxs va jamiyat munosabatlarini, ruhiy qullik fojialarini, inson yuragidagi ilohiy mukarramlik va hayvoniy tubanliklarni tadqiq qilar ekan, odamzodning bir-biriga mehr-shafqatli, ma’nan boy bo‘lishini, yuksak, go‘zal g‘oyalar bilan yashashini, o‘z a’mollari, bir-birlariga munosabatlari bilan hayvondan ustun turishini orzu qiladilar.

 

Bibi Robi’a SAIDOVA

 1991 yili Xorazm viloyatida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiya fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Parvoz” nomli hikoyalar to‘plami nashr qilingan. “Aql va ruh” nomli adabiy maqolalar kitobi chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.