Sarxush

0
15
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

U kichkina televizorning tugmasini bosdi. Televizor biroz xirillab, xonaga ko‘kish shu’la taratdi. Bunaqasi hozir hech kimda yo‘q, o‘yladi o‘zicha. Qayerdanam bo‘lsin? Bundan yigirma yil ilgari chiqarilgan oq-qora rangli matohning kimga keragi bor?

Lablari burishib pichirladi:

– Yo rabbiy, o‘zing madad ber!

O‘zini toshdek qattik, eski divan ustiga tashladi. Stol tagida bir necha kundan beri turgan yarim shisha aroqning og‘zidagi tiqinni tishida ochib, ikki-uch qultum yutdi-da, tamshanib qo‘ydi. Kichik bolishni buklab, boshiga qo‘ymoqchi bo‘lganida dimog‘iga o‘g‘li To‘g‘rulning sut aralash hidi urildi.

Xotini Sudoba bolasini qo‘ltiqlab, otasinikiga ketib qolmaganida, bugun uning yetti oyligini nishonlagan bo‘lishardi.

Roppa-rosa yetti oy ilgari Sudoba unga otalik baxtini ravo ko‘rgandi. Ismini ham Sudobaning o‘zi qo‘ygan. Eri ham bunga qarshilik ko‘rsatmadi. Er bo‘lib unga nima qiloldim, hech bo‘lmasa, o‘g‘liga o‘zi istagan otni qo‘yaqolsin, dedi.

U bir paytlar o‘g‘il ko‘rsam, otamning ismini qo‘yaman, deb yurardi. Sudoba bir gal: “Otangiz nima ish ko‘rsatgan o‘zi?” deya kesatganidan keyin, dami ichiga tushib ketdi. “Bir yetimning peshonasi sho‘r bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da!”, deya xayollandi va vaqtni bilish uchun qo‘l soatiga qaramoqchi bo‘ldi. Shu choq ikki kun ilgari soatin o‘n kundan beri yig‘ilib qolgan besh ming manat qarzidan qutulish uchun non do‘koniga topshirgani esiga tushdi. Kulgisi qistadi. To‘g‘risi, uni hamma telbaga chikarib qo‘ygan. Buni yuziga aytmasalar ham, orqavarotdan “Savdoyi” deb aytishlarini bilardi.

“Rostdan ham shunaqadir?”, degan xayolga bordi.

Naq suvning ichida yotib-turib yurgan odamni kim ham jinni demasin Toshqini butun qishloqni g‘arq etayozgandi. Kundan-kunga kutarilib borayotgan suv sathi u yashayotgan g‘arib kulbani kichik bir orolchaga o‘xshatib qo‘ygandi. To‘rt oydan beri suv o‘rtasida qolib ketgan, xomg‘ishtdan tiklangan boshpanasi bir paytlar uning ko‘ziga hashamatli qasr bo‘lib ko‘rinardi. Hozir esa, zax tortib, ivib ketgan devorlar yiqilishga maxtal turardi.

O‘zimam g‘alatiman, o‘yladi u, bu yerda Sudoba qanday qilib yashashi mumkin edi? Uch oylik chaqalog‘i-chi? Uyda yegulik yo‘qligi, pul yo‘qligi uchun ona sho‘rlikning siynasidan sut qochib ketgani rost-ku?

Sho‘rlik Sudoba, hozir nima qilayotgan ekan-a?”.

To‘g‘rulni eslashga tirishdi. Yuzini ko‘z oldiga keltirolmadi. Faqatgina ko‘zlari yumuq gudakning tili bilan og‘zidagi surg‘ichni chiqarib tashlagani yodida qolgan. Bechoar chaqaloq shunaqa chinqirib yig‘lardiki, eshitgan odam hozir jigari yorilib ketadi, deb o‘ylardi. Keyin yodiga Sudobaning qarg‘ishlari tushdi.

– Hammang, senam, otang ham qirg‘inga uchrasalaring bo‘lmasmidi?

Bu gap qulog‘i ostida jaranglarkan, yuziga sovuq suv sepilgandek bo‘ldi. Joyidan irg‘ib turdi. Divanda o‘tirganicha, televizor sari egilib, uning ovozini ko‘tardi. Jini suymaydigan bir ayol qo‘shiqchi kuylayotgan edi.

– Padaringga la’nat, manjalaqi! Atayin g‘ashimga tegish uchun har kuni televizorga pul berib chiqadimi, deyman!

Bu fikridan o‘zining ham kulgisi keldi: “Qara-ya, seni tanirkan-da, g‘ashingni keltirmoqchi bo‘larkan”.

Ehtimol, tanishi ham mumkin edi. Agar maktabni bitirgan yili poytaxtga borib, o‘qishga kirganida, ana shunday mashhur qizlarni ko‘rishi, ular bilan tanishishi mumkin edi.

Eh, yetimlik qismati shu bo‘lganidan keyin, u qayerda-yu, Bokuga borib, institutda o‘qish qayoqda?

Yana nimalar haqida fikr yuritishi mumkin?.. Boshqa mavzu qolmadimikin? To‘rt oydirki, mana shu divan ustida, shu oynaijahon qarshisida yakkayu yolg‘iz o‘y surib yotishdan boshqa ishi yo‘q edi.

– Kecha Neftchala tumanidagi Kura daryosidan qayiqda kesib o‘tmoqchi bo‘lgan 16-22 yoshlardagi ikki kishi suvga cho‘kib ketdi. Hali ularning jasadlari suv tubidan qidirilmoqda.

16-22 yoshli… Suxandon qiz buncha sovuqqonlik bilan gapirmasa? To‘g‘ri-da, cho‘kkan bo‘lsa unga nima? O‘zi bir tarafda toshqinlar, bir tarafda qochqinlar millatni qiyin vaziyatga solib qo‘ydi.

Shu choq ich-ichidan azobli og‘riq turganini his etdi. Og‘riq kuragi tomon o‘rmaladi. Turmoqchi bo‘ldi, majoli yetmadi. Qo‘lini divandan pastga tushirib, eski sholcha ustiga tiradi. Bor ovozi bilan qichkirgisi keldi, ovozi chiqmadi. nafasi yetmayotganini his kildi. Yo rab, bu qandayin og‘riq bo‘ldi?

O‘g‘li, hatto yuzi ham xotirasidan sidirilib ketgan jigarbandi esiga tushdi. Keyin xotini…

Uzoqdan esa onasini ko‘rgandek bo‘ldi. Bor kuchini to‘plab onasi tarafga intildi. Ammo onasi unga yakinlashish o‘rniga tobora uzoqlashib borardi. Sudrala-sudrala ayvonga chiqdi. Havo yetishmayotganini sezdi. Hovliga uzangan zinapoyaga yaqinlashdi. Pog‘onalar ustidan dumalab, bir necha oydan beri hovli yuzini bosib yotgan ko‘lmakka quladi. Bir zumda uning badani suv tagida qoldi.

…Ertasi kuni oynaijahonda, jumladan, Sudobaning ota uyidagi oq-qora televizordan ham ushbu xabar tarkatildi:

– O‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi kishining jasadi o‘z hovlisidan topildi. U ko‘p miqtorda spirtli ichimlik ichganligi aniqlandi.

 

Aziza Lalayeva

1986 yili Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tug‘ilgan. Boku davlat universitetining falsafa fakultetini tamomgan. “Maktub” nomli hikoyalar to‘plami nashr qilingan.

“Yulduz” jurnali, “525-gazet” gazetalarida hikoya va maqolalari chop etilgan. Ozarbayjon iqtidorli yoshlari tashkilotining rahbari, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.