Tarjima – ikki madaniyat ko‘prigi

0
20
marta ko‘rilgan.

Mazkur maqola 7-8 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya uchun yozilgan.

 

Amerika Qo‘shma Shtatlari universitetlarida jahon adabiyoti fanining vazifasi talabalarga klassik va zamonaviy jahon adabiyotini o‘rgatishdan iborat. Amerikalik talabalar uchun, adabiyot – dunyo xalqlariga yo‘l ochuvchi bir darcha, dunyo xalqlarining madaniyatidan xabardor etuvchi va o‘sha xalqlarni anglash uchun zamin bo‘lguvchi tub vositadir. Taassufki, yaqin-yaqingacha jahon adabiyoti deyilganda, yunon adabiyoti (Xomer va hokazo), Yevropa mamlakatlari hamda rus klassik adabiyoti (Gyote, Volter, Tolstoy kabilar), shuningdek, XX asr Lotin Amerikasi va Osiyo xalqlari adabiyotining ayrim vakillari (Garsiya Markes, Murakami Xaruki) tushunilgan. Hatto asarlari bilan juda ko‘p o‘quvchilar qalbidan o‘rin egallagan qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ham Jahon adabiyoti antologiyasiga kiritilmagan. Bu esa amerikalik talabalarning tahsil olish jarayonida turkiy tillardagi adabiyot namunalaridan aqalli birortasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmaganidan dalolat.

Yevropa Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotini o‘rganishda bizdan ko‘ra anchayin ustunlikka erishgan. Nemis yozuvchi Iogan Volfgang Gyote 1827 yilda adabiyotga ilk bor “Jahon adabiyoti” istilohini olib kiradi. “Sharqu G‘arb devoni”ning muallifi sifatida u “Jahon adabiyoti” konsepsiyasiga Sharq va G‘arbning zanjir kabi o‘zaro bog‘lanishi deya ta’rif beradi. 1801–1876 yillarda yashab o‘tgan britaniyalik sharqshunos, “Ming bir kecha” ertaklarining tarjimoni Edvard Leyn arab, fors va turk tillaridan bir qancha asarlarni ingliz tiliga o‘giradi. Biroq bu tarjimalarni, asosan, mutaxassislar o‘qigan, xolos. “Ming bir kecha” va Umar Hayyom ruboiylarini hisobga olmaganda, amerikaliklar G‘arbiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari adabiyoti bilan deyarli tanish bo‘lmagan. Turkiy xalqlar adabiyotiga kelsak, bizda ulardan hatto biror bir namuna ham tarjima qilinmagan.

Amerikada Markaziy Osiyo madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish XX asrning ikkinchi yarmida, Sovuq urush yillari paydo bo‘ldi. O‘shanda O‘zbekistonning Sovet Ittifoqi tarkibida ekani ham bu qiziqishlarning asosiy sababi bo‘lgan. Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rgangan tarixchi Edvard Olvors Sovuq urush davrida o‘zbek va tojik adabiyotining ayrim namunalarini ingliz tiliga tarjima qiladi. Tadqiqotchi Z.Mirzayevaga ko‘ra, bu tarjimalar adabiyot manfaatlariga emas, balki siyosiy maqsadlar yo‘lida, tor doiradagi mutaxassislar uchun xizmat qilgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Kostal Karolina universitetida ma’ruzalarimga qatnashadigan talabalarning hech biri turkiy tillarda bitilgan asardan xabardor emas edi. Ular, hatto, dunyoning kattagina qismiga yoyilgan turkiy xalqlar madaniyat, shu madaniyatga daxldor o‘zbek, ozarbayjon, qozoq va turk adabiyotidan tanish emasdilar.

Men o‘z ma’ruzalarim boshlanishida, avvalo, talabalardan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari haqida bilganlarini gapirib berishlarini so‘rar edim. Ammo ular bu davlatlarda qanday xalqlar yashashi, ularning turmushi va tili haqida deyarli ma’lumotiga ega emasliklarni tan olishdi. Shundan so‘ng ulardan o‘zbek adabiyoti xususidagi mulohazalarini so‘rashning hojati ham qolmadi.

Ochig‘i, bu o‘rinda talabalarni ayblab bo‘lmaydi. Boisi, ular jahon adabiyotidan bilimlar chegaralangan ta’lim tizimida o‘qigan o‘quvchilardir. Hatto universitet darajasida o‘rgatiladigan “Jahon adabiyoti antologiyasi” ham, asosan, Amerika adabiyoti vakillarini o‘z ichiga qamraydi, bu ham mayliku-ya, to‘rt tomlik “Jahon adabiyotining norton antologiyasi”da na o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, na mumtoz, na zamonaviy adabiyotidan biror namunani uchratasiz. Bunday holat talabalarning dunyo to‘g‘risida egallagan bilimlarida juda katta bo‘shliqni paydo qilgan. Adabiyot esa bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun millat va mamlakat hayoti, tarixi bilan tanishtirguvchi zarur manbadir.

Uzoq yillik pedagogik faoliyatimdan shuni anglab yetdimki, o‘zbek adabiyotining ingliz tiliga o‘girilishi amerika va o‘zbek xalqi o‘rtasida o‘zaro aloqalar o‘rnatish uchun tom ma’noda kalit vazifasini o‘tovchi hodisadir. Ammo bunda bir muhim jihatga e’tibor qaratmoq lozim. Ya’ni tarjima uchun o‘zbek va Amerika madaniyati o‘rtasidagi jug‘rofiy, tarixiy, lingvistik omillarning nozik jihatlarini inobatga olgan holda eng munosib badiiy asar tanlanishi kerak. Zero, uni o‘z tilida o‘qigan har qanday amerikalik kitobxon xuddi O‘zbekistonga borib, u yerda o‘zbeklar bilan yashab, ularni yaqindan bilgan odamdek taassurotga ega bo‘lsin.

O‘zbekiston Buyuk Ipak Yo‘li mintaqasining markaziy mamlakatlaridan biri ekanidan tashqari, butun dunyo tanigan Alisher Navoiydek shoiri va juda mashhur shaharlari bilan Markaziy Osiyoda alohida o‘rniga ega bo‘lgan davlatdir. O‘zbek mumtoz adabiyotini, masalan, Alisher Navoiy asarlarini tushuna olish uchun amerikaliklarda o‘zbek madaniyati va o‘sha davrdagi eski turkiy til borasidagi bilimlar yetishmaydi. Turkiy, forsiy va arab tillarining bir-biridan qanday farq qilishini ajrata olmaydigan amerikaliklar Navoiyning turkiy adabiyot uchun qo‘shgan ulug‘ hissasini, shubhasiz, tasavvur qila olishmaydi. Negaki, ularda na turkiy she’riyat falsafasi, na tasavvuf, na g‘azal xususida, oz bo‘lsin, tushuncha yo‘q. Shuning uchun ham amerikaliklar Navoiy ijodi mag‘ziga maxsus izohlarsiz yeta olmaydi. Juda ozchilik o‘qituvchilar, hatto universitet professorlari ham bu she’riyatni tushuntirib bera olishi uchun, avval o‘zlari maxsus o‘qib-o‘rganib, tayyorlanib olishadi.

O‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilishda, o‘z yechimini kutib turgan qator lingvis­tik muammolar mavjud. Ya’ni, bunda tarjimon asarni ingliz tiliga mahorat bilan tarjima qilishga, uning asliyati bilan tarjimasi bir-biriga mos kelishiga erishishi kerak. Yana bir muhim jihat: o‘ziga xos o‘zbekona badiiy tasvir usullari, ularning turmush tarzini ochib beruvchi voqealar hamda ularning so‘zlashuv madaniyatini aynan o‘zbekona tarzda yetkazib berishda behad e’tiborli bo‘lish zarur. She’riyatdan qilinadigan tarjima alohida mahoratni talab etadi-ki, buning o‘zi bir mavzudir. Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkin-ki, tarjima uchun badiiy asarlar, avvalambor, o‘zbek va amerika madaniyatining bir-biriga o‘xshash jihatlarini e’tiborga olib, ikki xalqning hamjihatligini ta’min etgan holda tanlanishi lozim.

Amerikalik adabiyotshunos olim, tarjima nazariyasining yetuk mutaxassisi Lovrens Venuti “Tarjima, jamiyat, utopiya” nomli maqolasida sarlavhadagi “utopiya” so‘zi bilan bog‘lab muhim bir fikrni ilgari suradi. Ya’ni, u tarjimon tarjima qilinayotgan asarga nisbatan “utopik” munosabat bilan unda ro‘y berayotgan jamiki voqealarni xayolan ko‘rib, his etib yashashi kerak ekanini ta’kidlab, shunday yozadi: “Tarjima qilish masofalarni ortda qoldirib, asar bilan birga yashash, uning ichiga tushishdir. Ichkarida (asarda) qat’iy maqsad sari o‘zga tildagi so‘zlar bilan uchrashasan, so‘zlar esa sening qoshingda tizilishib o‘z navbatini kutadi… Tarjima qilish bu real hayotda mavjud bo‘lmagan asarning voqealari ichida xayolan yashash, uning bilan qovushib ketish demakdir”.

Demak, Venutining tarjima nazariyasidagi “utopik” qarashiga ko‘ra, badiiy tarjima tili va madaniyati boshqa-boshqa xalqlarning kelajagini o‘ylab dunyoga keladi. Darhaqiqat, tarjima ikki xalqni badiiy tafakkur orqali birini-biriga jipslashtiradiki, o‘zga hech qanday vosita bunga qodir emasdir. Tafakkur olamida o‘zaro munosabat o‘rnatgan ushbu “jamiyatlar” biri-biriga hamdard bo‘ladi, qo‘llab-quvvatlaydi. Chet el adabiyotini o‘z tilimizda mutolaa qilar ekanmiz, biz tasavvurimizda ilgari hech qachon ko‘rmagan, yashamagan, olam ichra kezamiz. Bunda garchi tarjima asarlar asliyatidan tafovut qilsa-da, madaniyatlar o‘rtasida ulkan farq bo‘lsa-da, baribir, badiiy tarjimalar bizga butun dunyo xalqlari kelajakda bir-birini anglab yetadi degan yorqin umid baxsh etadi. Tarjima asarlarini o‘qib chiqish oddiy bir zaruriyat emas, balki insoniyatni yanada chuqurroq anglashni talab etadigan muhim bir faoliyatdir.

Shunday ekan, biz tarjimonlar birinchidan, amerikalik o‘quvchilar uchun bu vazifalarni o‘tay oladigan badiiy asarlarni tanlab olish, ikkinchidan esa, adabiyot yordamida talabalarda o‘zbek xalqi madaniyati va tarixi haqida sog‘lom qarashlarni paydo qilish yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib mehnat qilmog‘imiz kerak.

Mana shunday maqsadlar yo‘lida Zulhumor Mirzayeva va bir guruh tarjimonlar bilan birgalikda zamonaviy o‘zbek hikoyalarining ingliz tilidagi to‘plamini tuzdik. Bu antologiya hozirda AQSHning Sirakyus universiteti nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlanmoqda. Nega biz she’riyat yoki qissa, yoki roman emas, aynan zamonaviy hikoyalarni tanlab oldik? Birinchidan, aksar talabalar ko‘p voqea-hodisalarni qamrab olgan romanlardan ko‘ra, tezda o‘qib chiqiladigan kichik hajmdagi hikoyalarni mutolaa qilishadi; ikkinchidan, talabalar vaziyat va qahramonlarning o‘zlari yashayotgan zamon bilan hamnafas ekanidan ham zamonaviy adabiyotni yoqtiradi; uchinchidan, talabalar odatda nazmdan ko‘ra nasriy asarlarni ma’qul topishadi. Antologiyaga kiritilgan hikoyalar amerikalik kitobxonga o‘zbek hayotida oilaning muhim o‘rni va qarindoshchilik munosabatlaridagi muammolar, davlatdagi siyosiy va tarixiy o‘zgarishlarning insonga bergan zarbalari, xalqning o‘ziga xos ezgu orzu-istaklari hamda g‘am-tashvishlari, urush yetkazgan og‘ir ruhiy zahmatlar kabilarni bayon etadi. Shuningdek, antalogiya o‘zbek nasrining modern va postmodern yo‘nalishidagi namunalaridan bahramand bo‘lishga imkon beradi. Mutolaa jarayonida talabalar o‘zbek xalqi bilan tanishadi va ularning xayolidagi o‘zbeklar asli qanday millat ekanini anglab yetadi.

Men, ilk tajriba sifatida, talabalarimning qo‘liga bu hikoyalarni tutqazib: “Bularni o‘qib chiqing-da, menga xulosalaringizni ayting”, dedim. Qarangki, talabalarimning baridan, ha, baridan faqat ijobiy fikr eshitdim. Yana bir adabiyotshunos tanqidchi esa: “Kimdir, ha, bu mashhur o‘zbek hikoyalarining ingliz tilidagi tarjimasi ekan, deyishi mumkin. Biroq men, bu antologiya har qanday kitobxonni, har qanday hikoya muxlisini o‘ziga rom eta olishga qodir o‘nta betakror o‘zbek hikoyalari deb aytaman”, deya to‘plamga baho berdi. To‘plamni nashrga tayyorlash chog‘ida biz ham ayni shunga – hikoyalar keng kitobxonlar ommasining mehrini qozonishiga umid qilgan edik.

Hozirda AQSH va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida iliq siyosiy aloqalar o‘rnatilgani quvonchli hol, albatta. Biroq biz, adabiyotshunoslar, tarjimonlar ikki xalq bir-birini haqiqiy ma’noda tushunishlari, bir-biri bilan hamjihat bo‘lishida “ko‘prik” bo‘ladigan adabiyotni, badiiy asarlarni tarjima qilishda izlanishdan aslo to‘xtamasligimiz lozim.

 

Anna OULDFIYELD, AQSHning Kostal Karolina universiteti professori. Jahon adabiyoti, xususan, slavyan va Markaziy Osiyo xalqlari adabiyoti bo‘yicha mutaxassis.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.