Badiiyatga ko‘chgan zamon surati

0
270
marta ko‘rilgan.

Istiqlol O‘zbekiston hayotida misli ko‘rilmagan davrni boshlab berdi. Sho‘ro istibdodi o‘rnatgan va bir necha avlod uchun dasturilamal bo‘lgan mafkura tuzum bilan birga mahv bo‘ldi. Ammo jamiyat mafkurasiz, g‘oyasiz yashashi mumkin emas. Prezident Islom Karimov 1993 yil bir guruh ziyolilar bilan qilgan suhbatda ushbu dolzarb masalani kun tartibiga qo‘yadi va shunday ta’kidlaydi: “Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini ongimizga singdirishga xizmat qilishi lozim”.          

Mustaqil jamiyatning g‘oyaviy asoslarini va yo‘nalishini ishlab chiqish va hayotga tatbiq qilish jarayoni qizg‘in kechdi. Bu ulkan va keng qamrovli masalalar muhokamasida ziyolilar, olimu adiblar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari o‘z taklif-mulohazalari bilan ishtirok etdi. 1991–1996 yillar respublika matbuotida istiqlolning ilk davrlari in’ikosini ko‘rish mumkin. O‘sha davr gazeta-jurnallarini varaqlasangiz, milliy qadriyatlar va madaniy meros, tarixning yangicha talqini, milliy g‘oya va milliy ong kabi dolzarb mavzularda bir-biridan qiziq yuzlab maqolalar, bahs-munozaralar, davra suhbatlari, intervyular, ilmiy tadqiqot ishlari va risolalarga ko‘zingiz tushadi. Bu o‘ziga xos jo‘shqin jarayonda shoir va yozuvchilarimizning aksari faol publitsist sifatida ham nom qozondi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. So‘z san’atkorlari fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilishda tezkor yo‘l sifatida publitsistikani ma’qul ko‘rishgandir, ehtimol. Lekin ahyon-ahyonda badiiy adabiyotda ham davrning og‘riqli nuqtalari o‘ziga xos tarzda tasvir etilgan asarlar ko‘rinib qolar edi. Ana shunday asarlardan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning 1993 yil “Vatan” gazetasida chop etilgan “Arosat” hikoyasidir.

Avvalo hikoyaning nomlanishi kitobxon ko‘nglida talay savollarni paydo qilishi tabiiy. Nega endi “Arosat”? So‘zimiz avvalida aytib qo‘yaylik: hikoya diniy mazmundagi arosat haqida emas. Ammo xalq orasida bu tushunchaning tag‘in boshqa ma’nolari ham borki, gap shu haqda. Hikoyada o‘tmish va hozirgi davr kishisining botiniy va zohiriy olami, qadriyat va qarashlari ajoyib tasvirlangan. Bir so‘z bilan aytganda, “Arosat”da bozor va ma’naviyat to‘qnashuvi aks etgan. Istiqlolgacha bo‘lgan tarix shundan dalolat berdiki, tuzumlar almashishi, dunyoqarash va e’tiqodlarning o‘zgarishi jamiyat a’zolarida anchayin bir sarosimalik uyg‘otar ekan. Bu jarayon har kimga har xil ta’sir etishi mumkin. Kimlarningdir qonida mudrab yotgan molimardumxo‘rlik asta uyg‘onib, hunar ko‘rsata boshlaydi. Yana kimlardir turli ilinj axtarib har ko‘yga uloqib ketadi…

Hurmatli adibimiz hikoya­ning biror o‘rnida na qahramonlar, na muallif tilidan ma’rifat, mafkura, g‘oya so‘zlarini ishlatadi. Bu so‘z va tushunchalarni obrazlar dunyosiga singdirib yuboradi. Hikoya qahramonlaridan biri Xo‘jamyor yangi davr, yangi sharoitdan foydalanib biznesmen bo‘lgan, “Pul – hamma narsa” shiori bilan yashaydigan odam. Chunki otasi Madiyor dallol o‘tgan. Xo‘jamyor esini tanibdiki, ko‘rgani – bozor, dallollik va pul. U ulg‘ayib hayotni ana shu tusda ko‘radi. Unga insoniy qadriyatlar, ma’rifat unutilgan tushday gap. Qorundek behisob ganjinaga ega bo‘lganlarni dunyo vasvasasi bilan halok etgan Zot nazdida mol-mulkning zarracha qadri yo‘q, deyishadi allomalar. Bor-yo‘g‘i dallolning bolasi, maktabni zo‘rg‘a bitirgan yigit birdaniga boyib ketadi-yu, jahongashta va marhamatli biznesmen sifatida dovrug‘ qozonadi. Maktab-maorifni ustun bilgan, malakali mutaxassis bo‘lgan insongina farovon yashaydi, degan aqida bilan yurgan odamlar ko‘z o‘ngida buning aksi. Aqidaning ziddi bilan ham xalqni o‘ziga qaratish mumkinligi, el-ulusning hojati “sinpida qolib yurgan” bolaga tushishi… Asarni tutib turgan obraz – domla Zokir O‘rinning “hayotdagi tovlanishlardan to‘ygani” mana shu tufayli emasmi? E, voh! “Davlat qo‘nsa bir chibinning boshig‘a, Semurg‘ qushlar salom aylar qoshiga”.

Yuksak ma’naviyatning bemisl hayotiy ehtiyojligi, u jamiyatni bamisoli o‘q tomirdek tutib turishi sira inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Ayniqsa, ishbilarmon, davlatmand kishilarning ma’naviyati yuksak bo‘lishi faqat o‘zlariga emas, atrofdagilarga ham koni foyda. Shu o‘rinda o‘quvchilik paytimizda o‘qigan bir she’r yodga keladi. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Yugur, biznesmen!” she’ridan:

Hazrat shayton erur sig‘ingan piring.

Xullas, firibgarsan, yo‘q pinhon siring,

Zamoning shul ekan, yugur, biznesmen.

 

Biz she’rni o‘qib, ichimizda kapitalistlarning ahvoliga kulgan bo‘lsak-da, ammo biznesmen kimligini tushunmaganmiz. Mana, endi tushunib yetdik. Nafaqat angladik, uning talab va tartiblariga-da moslashdik. Xalqimizda “Ellik yilda el yangi” degan maqol bor. El yangilanayotganining bir beligisidir balki biznes olami.

Bozor iqtisodiyoti o‘z qonuniyatiga ko‘ra notabiiy tuzumning bir xil standart va mezonlarga ko‘ra yashashga ko‘nikkan fuqarolari hayotini ostin-us­tun qilib yubordi. Salkam bir asrlik mafkura istehkomlari vayron bo‘ldi. Ko‘pchilik sarosima va vahima ichida qoldi. E’tiqod qo‘ygan partiya va dohiyning shafqatsizliklari, qotilligu xunrezliklari oshkor bo‘lgach, o‘z-o‘zlarini yanib, aybdordek his qilishdi. Pul va boyish istagi zaharli ilondek jamiyat hayotining ma’lum bir qismini, ba’zi odamlarning bo‘shab, huvillab qolgan qalblarini avray boshladi: tovlamachilik, firibgarlik urchib ketdi. Hikoyada tasvirlangan Xo‘jamyor ana shunday odamlarning bir vakili. U hatto uyatni ham bilmaydi. Unga “bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir o‘tkazgan” ustozi Zokir O‘rin “toza hayotdan orqada qop ketgan” odam. Ana shu sodda, bolafe’l “domla Zokir O‘rin maktabda darslarini o‘tib bo‘lib uyiga ketayotganda, azbaroyi chanqaganidan choyxonaga kirgan edi”. Hikoya shunday boshlanadi. Eson duxtur “so‘ridan joy olgan ermaktalab nashavand, farrosh va sartaroshga” Xo‘jamyorning “Maskovdagi xayriya pondlaridayam ishlab” ishbilarmon millioner bo‘lganini aytib maqtanadi.       

“– Hov feldsher, qaysi Xo‘jamyorni aytayapsan? – deb tuyqusdan so‘rab qoldi Zokir O‘rin.

– Domla, siz ham g‘aplatda qolgan ekansiz-ku! – deb etsiz basharasini kuydirgan kalladay tirjaytirdi Eson. – Axir, o‘zingizning o‘quvchingiz-chi? Madiyor dallolning o‘g‘li! So‘rrayib yurardi-ku otasining izidan?.. Menimcha, bir-ikki yil sinpidayam qolgan edi”.

Domla shogirdining ishbilarmon bo‘lganini eshitib, chandon xursand bo‘ladi: “Xursandligi shunchaki, torgina ko‘kragi qabarib ketdi”. Eson duxturga Xo‘jamyorni o‘qitganini, sinfida qolganiyam rostligini aytib, o‘zini allaqanday noqulay ham sezadi: “Yaxshi, unda tijoratga qobiliyat bor ekan. Biz o‘shanda tijorat ahlini o‘g‘ri-kazzob deb yomonlar edik”. Bir qarashda domla o‘z davrining tushuncha va tutumlari bilan qolib ketganday ko‘rinadi. Aslida uning ichki dunyosi, o‘ylari va qat’iy xulosalari sho‘roviy emas. Asarda siz qizil kommunist Zokir O‘rinni ko‘rmaysiz. Aksincha, uning timsolida kamtar, kuyunchak, o‘ta madaniyatli o‘qituvchi-ziyoli obrazi – harakat va qarashlariga mas’ul bo‘lgan Shaxs gavdalanadi.

Zokir O‘rin Eson duxturdan shogirdining korxonasi qayerda joylashganini so‘rab, yo‘lga tushadi: “Bizning o‘quvchimiz shunday kishi bo‘pti-yu, biz bir og‘iz tabriklamasak, uyat bo‘ladi”. “Domla toliqqan edi. Ammo bu yangilik zavqidan va Xo‘jamyorni ko‘rish, ko‘rishish va himmatli ishlariga baror tilash onlarining jozibasidan charchog‘ini ham unutib, maktab qoshidan o‘tib ketdi. U Xo‘jam­yorning bolalik qiyofasini ham, paxta terim mahallarida takasaltang yurishlari, “Kachegar bo‘laman”, deb o‘choq boshida qolishlarini ham hisob formulalari kabi eslab borar, shu asno uning oqibat tijoratchi bo‘lishida zamin izlar, chunki shu zaminni sharhlab uni shod etishni ham o‘ylardi. Biroq harchand bosh qotirmasin, otasi dallolligidan o‘zga sabab topa olmadi. Domla uchun tag‘in achinarlisi shu ediki, Xo‘jamyor naq hisobdan ham o‘rtacha o‘qir edi: ha, biror masala yoki misolni sharillatib, yechib tashlaganini eslolmaydi”.

Zokir O‘rin mana shunday o‘y-xayollar ila sobiq kolxoz idorasida joylashgan Xo‘jamboyning korxonasiga keladi. Domla “turmushning boshqa yo‘riqlariga xiyla loqayd bo‘lib qolganini tan olgani holda, darvozadan kirdi”. Hovlidagi “qari tutning egik shoxlarini ko‘rib, mamnun tortdi: tut… o‘zini kutib olayotganday tuyuldi”. Tut domlaga tanish. “Bolaligida… hu yiroq zamonlarda uning kichkinaligini pesh qilib, daraxtning uchki novdalarini kesish uchun chiqarishar edi, Zokirboy odobli bola bo‘lganidan barg kesish bahona tutga qorin to‘ydirib tushishni ham o‘ylamasdi”.

Zokir O‘rin “yo‘lkada turgan ko‘k “Volga” bilan kumushrang xorijiy mashinaga ko‘zi tushib, hayron” bo‘ladi. Peshvoz chiqqan Abdi qorovulning “Xo‘jamyor akaning apcharkasi bo‘lib yurippiz, domlajon…” degan gaplaridan astoydil jahli chiqadi. Qorovul va domlaning qizg‘in munozarasiga “Xo‘jamyor… ha, o‘sha otyuzli yigitchaning yirik nusxasi qarab turgan ekan”. Zokir O‘rin yaltoqi Abdiboydan ijirg‘anib, “ishora-iltifotini qo‘l harakati bilan keskin rad etib”, eshikka yo‘naladi. Ho‘l to‘shanchaga “poshnasi allaqachon qiyshayib ketgan tuflisini artib”, chog‘roq xonaga kiradi. Yozuvchi domlaning serhayajon lahzalarini quyidagicha tasvirlaydi: “Domla ostonaga qoqinib, cho‘g‘dek gilamga oyoq bosdi va bo‘sag‘adanmi, gilamdanmi uzr so‘ragan kabi g‘o‘ng‘illab, Xo‘jamyorga talpindi”.

Domlani hayajon choyxonadayoq chulg‘ab olgan, bu yerga – hovliga qadam bosishi bilan bu yanada kuchayib, badtar o‘ng‘aysiz ahvolga solib qo‘ygan edi. Buni farzand muvaffaqiyatidan shodlanib, boshi osmonga yetgan ota holiga mengzash mumkin. Shogirdlariga chin mehr qo‘ygan, ularning kamolidan quvongan ustoz otaday aziz sanaladi-ku! Domla shogirdiga otalarcha ko‘ngli iyib ketganidan dovdirar edi. Mana o‘sha holat tasviri:

“Xo‘jamyor uni bag‘riga olib va kiftiga asta-asta qoqib:

– Domlam-ye, Zokir O‘rinovich-ye, bormisiz-ye, – der ekan, domla Zokir O‘rinning ko‘zlari g‘ilq yoshga to‘ldi: dami qaytib, yiroq zamonlar bilangina emas, o‘zining yoshligi bilan ham uchrashgandek piqilladi va, tabiiy, u kishi ham qo‘lini tepaga uzatib, shogirdining yelkasini silar edi”.

Mazkur psixologik-ruhiy manzara muayyan maqomga erishgan har bir insonda ro‘y berishi muqarrar. O‘zingiz o‘ylang: oradan yillar o‘tgan. Diydor ko‘rishganlarning kichigi ulg‘aygan, ulug‘ining umr shomi kirmoqda. Biri bozorga borayapti, biri esa bozordan qaytayapti…

Hayotning achchiq-chuchugini xo‘p ko‘rgan ustoz shukrona aytib ko‘zyosh to‘kadi. O‘zlari ko‘rmagan farovonlikni shogirdi ko‘rganidan yig‘laydi. Ekkan daraxti meva berganiga suyunadi: “Baxtining yonida g‘ami ko‘rinar, G‘ami ko‘rinadi baxtida uning”.

Asl muallimlar har bir uchirma qilgan shogirdlarini yurakning bir bandi bilan kuzatadi. Ya’ni qalbi ularda ketadi. Xuddiki joni bolasining ichida turgan onaizor kabi shodumon, baxtiyor va ayni damda g‘amgin-o‘ychan. Bu g‘amgin-o‘ychanlik g‘arib­lik, yolg‘izlik alomati emas. Bu azbaroyi ko‘rinmas iplar bilan bog‘langan ustoz-shogird robitasidirki, uni faqat qalb bilan his qilish mumkin. Yana bir tomoni, Zokir O‘rin qarshisida bugunning old odami – tadbirkor Xo‘jamboy turibdi! Ustozning shogirdga muhabbati ta’madan yiroq. Ammo Xo‘jamboy buni boshqacha tushunadi. Ustozning yo‘qlab kelishini azbaroyi pulga muhtojlikdan, ko‘zyoshlarini mutelik belgisi deb biladi. Chunki uning qalbi muhrlangan, zang bosgan. U insoniy munosabatlarni-da pul bilan baholashga, o‘lchashga o‘rganib qolgan. Beta’ma insoniy sevgi, mehr unga yot.

“Potiha qilib qo‘yamiz-da, domla? Harholda, musulmonmiz, buning ustiga, din modaga kirdi”, deydi Xo‘jamyor o‘tirishgach. Shu birgina kalomdan yigitning kibrga berilgani, oyog‘i yerdan uzilganini anglash qiyin emas. Ustoz shogirdining bu bemavrid gapini qabul qila olmaydi va “Din hech vaqt modadan chiqmagan”, deya qo‘llarini fotihaga ko‘taradi.

“– Omin, – Xo‘jamyor jilmayib yuziga fotiha tortgach, stol chetidagi xorijiy sigaretdan birini chiqardi. – Haliyam munozaraga o‘chsiz-a, domla?

– Gap munozarada emas, – deya Zokir O‘rin ham kissasidan “Astra”sini oldi. – Din hamma vaqt odamlarning qalbida bo‘lgan, Xo‘jamboy. Lekin bechoralar tazyiq ostida…”

Shogird domlaning gaplarini bo‘lib tashlaydi. O‘z tili bilan aytganda, “munozaraga” kirishishga imkon qoldirmaydi. Zokir O‘rin esa shogirdining “zamonaviy biznes boshliqlaridan biri” bo‘lganini eshitib quvonganini, qutlashga vaqtliroq kelmaganidan xijolat ekanini ta’kidlaydi. Xo‘jamboy ustozning bu gaplariga-da beparvo bo‘ladi. Hatto “Sal qartayibsizmi deyman?” deya masxaraomuz gap qotadi va “Domla, dunyoni ko‘rish kerak”, deb falsafa so‘qadi. Zokir O‘rinning “Dunyodan uzilib vakumda yashaganmiz-da”, deyishidan yana quvvat olib, sigaretini kuldonga bosgancha ustoziga qiyalab tikiladi: “Ahvol qalay, domla?” Xo‘jamyorning bu savoli ustozga achinishi, unga rahmi kelganidan emas, balki uni kalaka qilib, kinoya ohangida aytiladiki, so‘rovning ohangini tushungan domla ahvoli yaxshiligini aytib, “Elga kelgan to‘y-da, bu kunlar ham…” deb qo‘yadi. Shogirdning osmondan kelishi, bepisand gaplari domlani yana munozara qilishga majbur etadi. Ilhomi toshib: “Mustaqil bo‘lishni shuncha yil kutdik. Uni deb kuyib­-kul bo‘lib o‘tdi ulug‘larimiz, allomalarimiz…” deydi. Xo‘jam ustozi aytayotgan istiqlol fidoyilarini, ulug‘larni bilarmidi? U o‘zini, atrofidagi “apcharka”larni, biznesni biladi, xolos. Iqtisodiy qiyinchilik­larni elga kelgan to‘y deb qabul qilgan, qanoatni mahkam tutgan zokir domlalar uchun eng muhimi – yurtning mustaqil bo‘lgani. Bu toifa insonlar barcha mashaqqat va zahmatlarni o‘tkinchi deb biladi. Mana, sizga vatanparvar Shaxs timsoli!

O‘zini hududning yakka xo‘jayini sanagan ayrim tadbirkoru korchalonlar, xalqning nonini tuya qiluvchi “hojatbarorlar” yurt nomiga isnod bo‘lganini yaxshi bilamiz. O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov “Bozor – ma’naviyat ko‘zgusi” maqolasida aynan shular haqida to‘xtalib: “…faqat pulga sajda qilish, bu dunyoning hamma muammosini hal qilib beradigan qudratni faqat pulda deb bilish, boylikni, molu dunyoni har qanday insoniy qadriyatlardan yuqori deb o‘ylash o‘tmishda ham hech kimni yaxshilikka olib kelmagan, bugun ham olib kelmaydi. Molu dunyo orttirish yo‘liga kirgan har bir kimsa bu yo‘lda o‘z nafsini o‘zi tiya bilishi, bevafo dunyoning o‘tkinchi hoyu havaslaridan ustun bo‘lmog‘i, o‘z ehtiroslarining asoratiga tushib qolmasligi kerak”, deb yozadi.

Mustaqillik imkoniyatidan huzur-halovat topib, tasodifiy omaddan boshi aylanib qolgan Xo‘jamboy kimning bolasi ekanini, kecha kim bo‘lganini butunlay unutgan. Eslashni-da istamaydi. Ustozining Vatan mustaqilligi osonlik bilan qo‘lga kiritilmagani haqidagi gaplarini ham quloqlari tagidan o‘tkazib yuboradi. Millioner shogirdi huzurida chorak soat o‘tirgan ustoz ketishga izn so‘raydi. Xo‘jamyor tomog‘ini qirib, nima xizmat bor, deydi.

 

“Zokir O‘rin yelkasini qisdi:

– Xizmat… Sog‘-salomat bo‘ling, shu.

– Yo‘q, unday emas, domla.

– Yana nima deyishim mumkin?”.

 

Xo‘jamyor qo‘lidagi tillo soatga qarab ustozidan nimani istihola qilayotganini ijikilab so‘rayveradi. Keyin haqoratomuz tahdidga o‘tadi: “Kepsizmi, so‘rang-da endi!” U suyanchiqqa yastanib, sigaretni rohatlanib so‘rib kuladi: tomoqdan chiqqan hissiz kulgi ustozning nafsoniyatiga tegadi. Nihoyat ochilib, huzuriga muhtojlar har kuni kelishini, elning koriga yarayotganini aytib minnat qiladi: “U bechoralar ham, albatta, meni tabriklagani kelishadi…”

Betavfiq shogirdning tuban gaplaridan Zokir O‘rin portlaydi: “Hov, hali shuning uchun boyanadan beri savolga tutayotgan ekansan-da?” Tabrik uchun kelgan ustoz o‘zini tutolmaydi. Chunki, shogird uni ochiqdan-ochiq xonasidan haydaydi. Abdiboy ustozga eshikni ko‘rsatadi. Kamlik qilganday, domlani quchib ko‘tarib tashqariga chiqaradi.

“– Qo‘yvor, ablah! – dedi Zokir O‘rin. – O‘zimning… oyog‘im bor! Hozircha bor! – deya eshikka qarab baqirdi. – Hoy, biznesmen! Tilanchi emasman, xudoga shukr. Seni o‘quvchim deb… Bema’ni, odobsiz!.. Odamlarga bunday qarash uchun kishi naqadar tuban bo‘lishi kerak…

Abdi jila boshlagan Zokir O‘rinni yana dast ko‘tarib oldi-da, g‘izillab ketdi. Ko‘chaga chiqarib qo‘yib, darvozaning ochiq tabaqasini berkitdi”.

Boylik dasti eshikni yopdi. Ezgulik tashqarida qoldi mung‘ayib… Kotibasi Asalning “Nima bo‘ldi, Xo‘jaka?” degan savoliga “O‘zim ham tushunmay qoldim”, deb javob beradi. Go‘yo hech narsa sodir bo‘lmadi. Beobro‘ qilib quvilgan ustoziga na achinish, na qilmishidan pushaymonlik bor. “Tubanlik ichra ham tanho” bo‘lgan inson shunday qilishi mumkin. Ozod domla aytmoqchi: “Tadbirkor o‘z farzandlarining, oila a’zolarining va hamma odamlarning yuziga tik qaray oladigan vijdoni pok odam bo‘lmog‘i darkor. Bunga erishmoq uchun esa odam pul sanash, ishning ko‘zini bilishdan tashqari, benihoya bilimdon, saviyasi yuksak, niyatlari pok, bir so‘z bilan aytganda, teran ma’naviyat egasi bo‘lmog‘i lozim”.

Xo‘jamboy uchun Zokir O‘rinlarning e’tiqodi, hayotga qarashi, odamlarga munosabati va qadriyatlari bir pulga qimmat. U eski davr odamlarining qarichi bilan hayotini belgilamaydi.

Darvoqe, gap arosat haqida edi. Hikoyani ilk bor o‘qigan odam Zokir O‘rinni arosatda qolgan odam deb o‘ylashi tayin. Ayniqsa, uning ezgin holatlari, afsuslari, davr xatolari uchun ham o‘zini aybdor sanashi shunday xulosaga olib keladi. Ammo boyvachcha shogirdning “munozara”dan so‘ng ustozni adabsizlarcha quvib solishi sizning arosatdagi odam haqidagi o‘y-xulosalaringizni ham o‘zgartirib yuboradi. Abdi “apcharka” Zokir O‘rinni ko‘chaga uloqtirib, darvozani yopgandan keyin…

Hikoyaning kutilmagan yechimidan hayajonga tushasiz. Zokir O‘rin emas, borar manzili mavhum, qilar ishidan yanglishib, gangib qolgan xo‘jamboylar arosatda ekanini tushunib yetasiz. Ana shunaqa.

Xotima o‘rnida: “Arosat” yozilganidan besh yil o‘tib, Shukur Xolmirzayev mavzuga yana murojaat qiladi va bu gal salmoqli, sermazmun esse – “Jamiyatning maqsadi, ya’ni mafkura bobida o‘ylar” asarini bitadi. Esse “Tafakkur” jurnalining 1999 yil 1-2-sonlarida e’lon qilingan.

Adibimizni esse bitishga nima undadi?

Prezident Islom Karimov­ning “Tafakkur” jurnali bosh muharriri savollariga javoblari jurnalning 1998 yil 1-sonida e’lon qilinadi. “Jamiyatimiz mafkurasi xalqni – xalq, millatni – millat qilishga xizmat etsin”, sarlavhali ushbu suhbat jamoatchilik orasida juda katta qiziqish bilan kutib olinadi va keng o‘rganiladi. Barcha ziyolilar qatori yozuvchi Shukur Xolmirzayev ham mana shu suhbat ta’sirida qo‘liga qalam tutgani shubhasiz. Mumtoz adibimiz mavzuga jiddiy yondashib, insoniyat ilk ibtidoiy davr – qabilachilikdan to bugungi kunga qadar mafkura tufayli nimalar topganiyu nimalardan mahrum bo‘lganini olimona nazar va yozuvchi qalbi bilan tadqiq qiladi. Yozuvchi o‘tgan yetti yil (esse 1998 yili yozilgan – O.T.) mobaynida kimligimizni anglab, taraqqiyot yo‘limizni belgilaganimizdan faxru iftixor hissini tuyadi. “Bu yo‘lda ezgu qadriyatlarimiz mustahkam zamin bo‘lishini teran tushunib yetdik. Milliy mafkuramiz tizimlarini tiklab, uning umuminsoniy g‘oyalar bilan baqamti yo‘lda ekanini ko‘rib, bunday jamiyatning istiqboli porloq bo‘lishiga inonasan kishi. Tangri taolo yomon ko‘zlardan, suq va hasadlardan asragay! Tilagimiz shu”, deb tugallaydi maqolasini.

So‘zi va amali bir bo‘lgan yozuvchi Shukur Xolmirzayevning yuqorida ko‘rib o‘tilgan hikoya va essesi bugun qanchalik dolzarb bo‘lsa, yangi avlod o‘quvchilari uchun ham qadrli bo‘lishiga shubha yo‘q.

 

Olim Toshboyev,

filologiya fanlari nomzodi.

1971 yili tug‘ilgan.O‘zbekiston Milliy universititeti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ilmiy maqolalari e’lon qilib keladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.