Bir gul bahor bo‘lmas

0
9
marta ko‘rilgan.

Oltoy xalq aforistik poeziyasi

Aforistik adabiyotda muayyan xalqning tarixi, tili, madaniyati, san’ati – barcha qadriyatlari o‘z aksini topadi. Maqol, ertak va afsonalar elning axloqiy sifat va me’yorlari shakllanishiga, ezgulik va yovuzlik g‘oyalarini farqlash, haq va botilni anglashga ko‘mak beruvchi o‘ziga xos ta’limotdir. Aforistik poeziya barcha turkiy xalqlar singari oltoylar ma’naviy hayotida ham muhim o‘rin tutadi.
Oltoylar o‘z tarixini yozmagan, balki og‘zaki ijodiyotda saqlab kelgan. Ularda adabiyotning bu turi qachondan boshlanganini aytish mushkul. Xalq og‘zaki ijodiyotida aniq sanalarni saqlab qolish qiyin, alohida tarixiy davrlar va tarixiy voqealar ham yaqqol ifodasini topmaydi. Faqat shunisi aniqki, aforistik poeziyaning paydo bo‘lishi oltoy xalqining milliy shakllanishi bilan birga-birga kechgan. Bu esa juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Ular maqolni “kep sos”, matalni esa “ukaa sos” deydi. Ba’zan maqollar orasida qabilaviy birlik g‘oyasi bo‘y ko‘rsatib qoladi.

D’an›ыs suyoktu – karыndashtar.
Bir suyakdan to‘raganlar qarindoshdir.

Og‘zaki ijodiyot orqali xalq donishmandligi, ajdodlarning tajriba va bilimlari jamlanib, avloddan-avlodga o‘tib borgan. Oltoylar farzand tarbiyasida maqollardan, bilim va zukkoligini oshirishda esa topishmoq va matallardan keng foydalangan.
Ahil-inoqlikka chaqiradigan maqollar dunyoning barcha xalqlarida ko‘plab uchraydi. Shu jumladan, oltoylarda ham.

Kiji kijile bay.
Odam odam bilan boy.

Salbiy axloqiy sifatlarni qoralash oltoy aforistik poeziyasidagi yetakchi yo‘nalishlardan sanaladi:

Maqtanchaqtыn› tamanы d’ukachaq.
Maqtanchoqning tovoni yupqa.

Ba’zi oltoy maqollarini alohida voqelik va axloqiy muhitni inobatga olgan holda boshqa xalqlar uchun sharhlash zarurati tug‘iladi.
 
Iytke tepshi salarda ыrkыrandы.
Itga ovqat bersang ijirg‘anibdi.

Mazkur maqolni biz o‘zbeklar oson tushunamiz. Ona tilimizdagi muqobillari – “Itning qorni to‘ysa, egasini qopadi” , “Boy berdi-yu, gadoy noz qildi”, “Eshak semirsa, egasini tepadi” kabi maqollarimiz darhol yodga tushadi.
Oltoylarda maqollarning tarbiyaviy ahamiyati yaqqol namoyon bo‘ladiki, mazkur holat boshqa turkiy xalqlar folklorida bunchalik bo‘rtib ko‘zga tashlanmaydi. Jo‘mardlik, jasurlik kabi fazilatlar qo‘rqoqlik, sustkashlik kabi salbiy xislatlarga qarshi qo‘yiladi.

Jigit sosi, arstan izinnen qaytpas.
Yigit so‘zidan, arslon izidan qaytmas.

Aytkan sos – atqan oq.
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q

Atpastыn› og‘ы altы kulash.
Otmasning o‘qi olti quloch.

Oltoy aforistik poeziyasida ijtimoiy masalalarni maslahat bilan hal qilish, bag‘rikenglik bilan ish tutish kabi g‘oyalar ilgari suriladi.
 
Ken. ton d’ыrtыlbas,
Kep sos buzulbas.

Keng to‘n yirtilmas,
Ma’noli so‘z (maqol) buzilmas.
Ko‘plab oltoy maqollari boshqa turkiy tillardagi maqollar bilan deyarli o‘xshash yoki aynan bir xil. Bunday parallel mazmun ko‘proq o‘zbek, qozoq va qirg‘iz xalqlari ijodida uchraydi. Oltoy tilidagi “Qusqun qusqunnыn› kozin chokubas” maqoli qirg‘iz tilida “Qarg‘a qarg‘anыn› kozun chokubayt” tarzida, o‘zbek tilida “Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” shaklida keladi. Yoki ona tilimizdagi “Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi” degan maqol qirg‘iz tilida “Eki too koshulbayt, eki kishi korunit”, oltoy tilida “Qыr qыrla duuktashpas, kiji kijile duuktajar” mazmunida keladi. Bu esa har uchala xalqning ijtimoiy-ma’naviy olami yaqinligidan, etnik tarixi chambarchasligidan dalolat beradi.
Oltoy aforistik poeziyasi shu xalqning butun tarixi davomida yaratgan milliy boyligidir. Bu ma’naviy meros bobodan nabiraga, otadan bolaga o‘tib boraverarkan, yangi avlodlar ko‘nglining javhariga aylanib, xalqning o‘zligini asrovchi metin qalqon vazifasini o‘tashi shubhasiz.

Oltoy maqollaridan namunalar

Yo‘rtsang yo‘l olasan,    
Uchratsang so‘z olasan.

Qimirlagan qir oshar,
O‘tirgan o‘rasida yashar.

Serka yo‘q joyda qo‘tir echki yo‘l boshlar.

Bog‘langan o‘tin yonsa taft ko‘p,
Birikkan elda kuch ko‘p.

Yaxshi otning narxi baland,
Yaxshi insonning qadri.

Echkining shoxi osmonga yetmas.
Tuyaning dumi yerga tegmas.

To‘n kiygan odamning ichini kim bilsin,
To‘ygan otning kuchini kim bilsin.

Chorva ko‘p o‘lsa, itlarning rizqi,
Odam ko‘p o‘lsa, shomonning rizqi ko‘payar.

Agar yiqilsang, buni birinchi o‘laksaxo‘rlar ko‘radi.

Hakkaning ko‘zi dovonda,
Shomonning ko‘zi qozonda.

Mol boqsang, to‘q bo‘lasan.

Yaxshi odam yomonlikni eslaydi,
Yomon odam yaxshilikni eslamas.

Oltinni qora desang qora bo‘lmaydi,
Bo‘ri hech qachon echki bo‘lmaydi.

Yo‘qdan yong‘in chiqmaydi…

Olg‘ir ovchiga o‘lja o‘zi keladi.

Otlar kishnab so‘rashar,
Odamlar so‘zlab.

Qanday ot minsang ham fikr qil,
Piyoda qolmaganingga shukr qil.

Oting qochsa qaytadi,
Aytgan so‘zing qaytmaydi.

Ko‘p olishgan yiqilar,
Ko‘p surishgan yo‘qolar.

Ko‘p otgan mergan emas,
O‘qi tekkan mergan.

Yomon odam palagidan ma’lum.

Dangasaning ming kuni –
Mehnatkashning bir kuni.

Ota uyi tillo koshonadan afzal.

Yosh niholga namlik, yosh bolaga mehr kerak.

Ahmoq xotinning qiziga uylanma.

Bir gul bahor bo‘lmas…

Baxt osonlikcha kelmaydi,
Falokat oyoq ostidan ketmaydi.

Tayoqdan kelgan dard ketadi,
Tilning zahri ketmaydi.

Donlab yig‘sang to‘q bo‘lasan,
Boshoqlab yig‘sang boy bo‘lasan.

Qo‘zichoq ma’rab, bola yig‘lab kattarar.

Filning kuchini ham tishiga qarab bilsang bo‘ladi.

Anvar BO‘RON

1971 yil tug‘ilgan.
O‘zbekiston Milliy universtetining falsafa fakultetini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.