Iste’dod va uning darajalari haqida o‘ylar

0
4547
marta ko‘rilgan.

(“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” misolida)

Ijodiy jarayonda ilmiy izlanishlar olib borilmagan, va ayni paytda, qat’iy xulosalar qilinmagan mavzular ko‘p. Buning boisi, har bir shaxsning o‘ziga xos va takrorlanmas olam ekanligi bo‘lsa, ajab emas. Shunday qiziqarli, ko‘p qirrali, murakkab muammolardan biri – iste’dod va talant masalasidir.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida “Iste’dod – ijodiy qobiliyat, layoqat, talant”; “Talant – katta qobiliyat, iste’dod” deb ta’riflangan. “Qobiliyat” – “biror ishga qobillik, yaroqlilik layoqat” va ikkinchi ma’nosi “iste’dod, talant” tarzida qayd qilingan. Demak, “Qobiliyat” ham, “Iste’dod” ham, “Talant” ham bir-biriga ma’nodosh so‘zlar qabilida tushuntirilgan, deyarli farqlanmagan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ham “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida talant va iste’dodni bir xil mazmundagi tushunchalar sifatida ishlatadi.
U “Hayotning boshqalar ko‘rmagan tomonini ko‘rish – talant. Haqiqiy iste’dod boshqalar ko‘rmagan narsani topadi va o‘sha “narsa” insonni, xalqni, boringki, jamiyatni qayoqqa boshlashi mumkinligini tasvirlab beradi”, deb yozadi. Ikkinchi bir o‘rinda “talant” tushunchasini shunday “tiriltiradi”:
“No‘noq haykaltarosh tirik odamni shohsupagacha chiqarib qo‘ysa ham o‘likka o‘xshaydi.
Haqiqiy haykaltarosh o‘lik jondan yasagan haykal tirikka o‘xshaydi.
Talant degani shu!”
Demak, O‘tkir Hoshimov talant va iste’dod deganda, asar qahramonlariga “jon ato etish”, ya’ni ularni chinakam tirik insonlarga aylantirishni tushunadi. Bu “tirik inson” boshqalarga o‘xshamagan tarzda kashf qilingan bo‘lishi va o‘zining mazmuni bilan kitobxonni ezgulikka yetaklashi lozimligini asosli ta’kidlaydi.
Xo‘sh, iste’dod tug‘ma bo‘ladimi yoki u hayotiy faoliyat davomida qo‘lga kiritiladimi? degan savolga O‘tkir Hoshimov ishonch bilan “… Ijodkor bo‘lish uchun eng avvalo iste’dod kerak. Iste’dodni esa yolg‘iz Alloh beradi” deydi. Bu mulohazani esda qoladigan tarzdagi rivoyat bilan asoslaydi:
“Chekka qishloqlardan birida ikki qadrdon do‘st bo‘lgan ekan. Ikkovlari bir ko‘rpada tepkilashib, bir adirda mol boqib voyaga yetibdi. Yigit yoshiga kirganda ikkovlari poyi-piyoda, chorig‘ni sudrab, katta shaharga yo‘l olibdi. Katta o‘qishga kiribdi. Taqdir taqozosini qarangki, ikkovlari sohibjamol bir qizni sevib qolibdi. Taqdir taqozosi bilan do‘stlardan biri kattagina amaldor, biri esa shoir bo‘lib yetishibdi. Taqdir taqozosini qarangki, qiz amal­dorni tanlabdi.
Shoir hijron alamida yonib, she’rlar bitibdi. Dovrug‘i olis-olislarga ketibdi.
Shoir baribir shoir-da! Tili o‘tkir, so‘zi keskir bo‘ladi. Sobiq do‘sti-yu, sobiq sevgilisi kelib qolgan davralarda “do‘st”ni chandishdan o‘zini tiyolmas ekan. Kunlardan birida ayol bunday kamsitishlarga chidolmay, aytibdi:
– Menga, qara! Seni shoir qilgan men bo‘laman! Menga bo‘lgan muhabbating seni shoir qildi. Agar men bo‘lmasam, sen shoir bo‘lmas eding! Qachongacha erimni kalaka qilasan?
Shoir javob qilibdi:
– To‘g‘ri, men senga bag‘ishlab ko‘p she’rlar yozdim. Ammo sening muhabbating hammani shoir qilishga qodir bo‘lsa, nega yoningda o‘tirgan to‘nka shu paytgacha shoir bo‘lmadi?
…Aytishlaricha, bu ulug‘ Ozarbayjon shoiri Samad Vurg‘un ekan”.
Bu fikrlar bilan O‘.Hoshimov iste’dodning yombi oltindek yaxlitlashishi va  o‘tkir (keskir)ligiga asos beradigan mehnatni tamoman rad etmaydi; balki “chinakam ijodkor bo‘lish uchun odamda iste’dod”dan tashqari “bilim, mehnat, hayot tajribasi, izlanish va albatta… Vijdon bo‘lishi kerak…”ligini ta’kid qiladi. Iste’dod egasining “Qalbi qog‘ozdek oppoq, qog‘ozdek lovillab yonadigan odamdangina chinakam adib chiqishi”ni uqtiradi.
Iste’doddek bepoyon tushunchani yana ba’zi qirralarini ochar ekan, yozuvchi iste’dodli va iste’dodsizlarni solishtirish orqali iztirobli va zarur orzularini bayon etadi:
“Iste’dodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga o‘xshaydi. Har bir yulduzning o‘z mehvari bo‘ladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga kirmaydi ham. Iste’dodsizlar esa bir zambil shag‘aldek gap. Darrov to‘dalashadi. To‘da bo‘lib jim yotsa-ku, mayli. Baraka topgurlar iste’dodlilarga tosh otaverib bezor qilgani chatoq…
Modomiki, talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi niyatda birlashmog‘i kerak”.
Bu mulohazalardan tashqari yana bir muhim gapni, ya’ni iste’dodning hamma yaratganlaridan mamnun bo‘lib qolmaslikka, balki iste’dod o‘nlab yillar davomida erishgan mukammallikdan, mutanosiblikdan past ketmaslikka, dastlabki yaratilgan “uyg‘un bir butunlik”ka bo‘ysinmagan asarlarni nashr etishdan saqlanishga chaqiradi. Har qancha qiyin bo‘lishiga qaramay, ana shu oqilona saboqqa amal qilishga chorlaydi:
“Iste’dodli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan o‘tadi. Birinchisi – nimaiki yozmasin chiqarishi mushkul bo‘lgan palla. Ikkinchisi – nimaiki yozmasin, chiqarishi oson bo‘lgan palla. U birinchi bosqichdan eson-omon o‘tadi. Ammo ikkinchi bosqichdan o‘tishi og‘ir, juda og‘ir…”.
Yozuvchi o‘zining hayotiy tajribasiga, talantiga suyangan holda gapiradi, iste’dodli shaxslarning ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish yo‘llarini ko‘rsatishga intiladi va ayni paytda, ba’zi iste’dodli odamlardagi manmanlik, xudbinlik, boshqalarni nazar-pisand qilmaslik kabi “g‘ururlanish” noo‘rinligini ko‘rsatadi. Iste’dod qudratining bepoyonligini ayonlashtiradi:
“Katta iste’dod avval xalq e’tiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq e’tiqodini qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng”.
“Daftar hoshiyasidagi bitiklar”da talantga nisbatan, bizning nazarimizda, sal noo‘rinroq mulohazalarga ham duch kelamiz. Jumladan, yozuvchi “Talantsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshaydi! Yong‘oqdek tuxum tug‘adi-da, qaqog‘lab olamni buzadi” deydi. Nemislar aytganidek, “Har bir o‘xshatishda bir kamchilik bo‘ladi” ekan-da!
Darvoqe, talantsiz odam “tuxum”dek narsa ham yarata olmaydi. U tuxum tuqqan boshqa tovuqqa qo‘shilib “qaqog‘lashi” va “olamni buzishi” mumkindir. Nafsilambirini aytganda, tovuqdan “yong‘oqdek tuxum” tug‘ilishi – yangi bir olamning dunyoga kelganidir, “qaqog‘lash” esa – dunyoni xabardor etishga intilishning zavqi oqibatidir. Shunday ekan, bu o‘xshatishning mantig‘i, mohiyatidan kelib chiqib “Talantsiz yozuvchi tuxum tuqqan tovuqqa taqlidan qaqog‘lab olamni buzadigan makiyonga o‘xshaydi” deyilsa, bizningcha, fikr aniqlashgan, teranlashgan bo‘lardi; “talantsiz yozuvchi”ning qiyofasi boricha yaqqollashardi.
Ushbu kitobning ta’siri beqiyoski, bevosita sizni ham yangi fikr-mulohazalarga yetaklaydi. QOBILIYAT – ISTE’DOD – TALANT – DAHO kabi tushunchalarga chuqurroq yondoshishga va anglashga da’vat etadi. O‘ylashimizcha, bu tushunchalarni farqlashning, har biriga xosliklarini aniqlashning vaqti kelganga o‘xshaydi.
“Qobiliyat” – “biror ishni bajara olish layoqati” ma’nosidagi so‘zdir. Hamma inson ham muayyan bir qobiliyatga daxldor bo‘lib dunyoga keladi. O‘sish jarayonida u yoki bu hunarga, kasbga qiziqishi ortadi va unga uquvi kelayotganini sezadi, shu sohani uddalashga layoqati yetishini anglaydi. Qobiliyat o‘quv, tajriba va malakani egallash jarayonida mukammallik kasb eta boshlaydi, hayotiy ta’lim va tarbiya asosida yetuklik bosqichiga kiradi. Ko‘pning diqqatini o‘ziga tortadi.  Millionlab odamlarga xos bo‘lgan bu xislat o‘zini “faqat faoliyatda namoyon etadi”.
“Iste’dod” qobiliyatlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi va uning egasi, muayyan sohaning ustasi, komil “piri” darajasiga ko‘tariladi. Sohaning har qanday qiyinchiligini ilm va tafakkur bilan hal etadi; bugungi holati va darajasini yanada yaxshilaydi, boyitadi. Jamiyatning talabiga muvofiqlashadi, boshqalar  tomonidan ochilgan dunyoning sifatiga amal qiladi va shuning  shukronasi bilan yashaydi. Millatning e’tiborini o‘ziga qaratadi. Minglab odamlarga xos xislatni o‘zida tashiydi.
“Talant” grekcha so‘z bo‘lib, “tabiiy, tug‘ma iste’dod” ma’nosini bildiradi. Talantli inson deb, yuqori darajadagi iste’dodga ega bo‘lgan, u yoki bu ishni “xamirdan qil sug‘urgandek” oson bajaradigan, muayyan sohani boyituvchi kashflar yaratadigan, chuqur his va idrok orqali an’analarni qo‘rqmasdan buzuvchi, tanlagan sohasini qismati darajasiga ko‘targan Shaxsga aytiladi.  Ularni jamiyat yaratadi va talantlar yaratgan jamiyatlarining ruhini aks ettiradilar. Ular xalq muhabbatini qozonadilar. Millat va xalqning mulki sanaladilar.  Bu A.Qodiriy, A.Qahhor, Oybek, H.Olimjon, Zulfiya, G‘.G‘ulom, O.Yoqubov, P.Qodirov, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi, T.Murod kabi yuzlab ijodkorlarning nasibasidir.
“Daho” – “favqulodda zehn va zakovot, ijodiy talant” egasi. Bu xislat uning peshonasiga yozilgan azaliy taqdirdir. Uning uchun makon ham, vaqt ham, davr ham ahamiyatga ega emas. U hammaga to‘g‘ri kelaveradi, barcha avlodlarga yangilik beraveradi, lekin hech kim unga teng bo‘lolmaydi. U o‘z davridan uzib ketadi, asrlarga va olamga tatiydigan yangilik bunyod etadi, sohasida inqilob yaratadi va uning sardoriga aylanadi. Umumbasharning e’tiqodini qozonadi. Bashariyatning mulkiga aylanadi. Bu odamzodning Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi o‘nlab farzandlariga nasib etgani ham dalildir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qobiliyat ham, iste’dod ham, talant ham, daholik ham Allohning inoyatidir. Shu xislat egalarining mehnatlariga yarasha yaratilgan mo‘jizakorlikdir.
Xulosamiz tushunarli bo‘lishi uchun, matematik amallar yordamida izohlamoqchimiz. Ya’ni, Allohning berganini uzluksiz va kundalik mehnatga qo‘shsak (5+5=10) – qobiliyat, ko‘paytirsak (5x5=25) – iste’dod tug‘iladi. Mehnat va yana  mehnat zaruratga aylanadi.
Yaratganning berganini va ijodiy,  zo‘r mehnatni darajaga ko‘tarsak (5²x5=125) – talant, darajasini darajaga ko‘tarsak (5²)²=625) – daho tug‘iladi. Shu sababdan ular titanlarga xos mehnat va mashaqqat chekadilar.
Xudo bergan qobiliyat, iste’dod, talant va daholik xislatlari bilan mehnatning nisbati elikka ellik yoki birga to‘qson to‘qqiz foiz bo‘ladi,  degan xulosadan uzoqmiz. Ular o‘rtasidagi dialektika o‘ta sirli,  murakkab va serqirradir. Nisbatlarning o‘zaro uyg‘unlashi ham turlichadir, balkim har bir ijodkorning o‘zligiga xos va mos, ungagina atalgan o‘lchamdir… Lekin eng qizig‘i shundaki, bu ikki nisbat qanday va qay tarzda bo‘lishidan qat’i nazar, biri-birisiz yaratish xislatiga ega bo‘lmaydi, shu bois, biri  ikkinchisini zaruratga aylantiradi. Ular biri-biriga muxolif ham bo‘lmaydi, balki o‘zaro chatishib yaxlitlikni, aniqlikni, yagona birlikni voqe qiladilar. Ana shundagina tabiiy go‘zallik  yaraladi.
Xullas, qobiliyatli va iste’dodli insonlarsiz, talant va daholarsiz jamiyat ham, insoniyat ham istiqbolini yarata olmaydi. Istiqlolimizning kamoloti ham, Prezidentimiz asoslagan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham, xalqimizning baxt va omadi ham ana shunday odamlarga, ularning ko‘plab yetishuviga bog‘liqdir.

Hotam UMUROV,
filologiya fanlari doktori, SamDU professori.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.