Sirg‘a qildim quyosh nurin

0
18
marta ko‘rilgan.

Duo so‘rab
   Mehriddinga

Bobo, qarang, yigitga – bir yigit kelar,
Malaklarning dilida sir yigit kelar.
Yelkasida yetti pirlar nigohi bor,
Bobotog‘day kelbatli, qur yigit kelar.

Alpomishning kamon o‘qi ko‘zlarida,
Qosh ostidan sor burgutday mag‘rur boqar.
Nafasida Termiziyning donishligi,
Tomirida Amir Temur qoni oqar.

Vatan uchun e’tiqodi butun askar,
Ko‘kragida dasht shamoli otday yelar.
Shirin kabi go‘zallarni asrasin Haq –
Sadoqatda Farhoddan zo‘r yigit kelar.

Taqib qo‘ying ko‘ksiga ko‘z tumoringiz,
Og‘ziga bir tuflab qo‘ying – polvon bo‘lsin.
Inson bo‘lsin sizday elga kamarbasta,
Yuzga kirib yurganda ham o‘g‘lon bo‘lsin.

Bobo, qarang yigitga – bir yigit kelar…

Manzara

Bunchalar latiflik, buncha nafosat:
Tog‘ning yuragida chopqillar jayron.
Bulbullar uyqudan ko‘z ochganida
Jilmayib turardi daryoda osmon.

Otaxon daraning ko‘ksida yashar
Ming yillik moziydan nishona chinor.
Vatan tuprog‘ida gurkirab yashnar
Bolakay chilligi – yam-yashil nihol!

Afsona

Kaftlarimga qo‘ndi bulut,
Ko‘ksimga bosh qo‘ydi tog‘lar.
Raqsga tushar poyimda oy,
Yuzlarida kuyuk dog‘lar.

Yulduzlardan tumor tikdim,
Sirg‘a qildim quyosh nurin.
Yer aylanib osmon bo‘ldi,
Misi chiqdi osmon sirin.

Kapalakning qanotida
She’rlar yozdim olov-olov.
Soqov qizning hayqirig‘i
Dardi dilim tirnadi-yov.

Tuman bo‘ldi quyuq-quyuq,
O‘ngu tushim uyqash bo‘lar.
Men yo‘limni yo‘qotmadim,
Pari momom ruhi qo‘llar.

Gohi issiq, goho muzday,
Yillar oshdim yengil, og‘ir.
Qor uchquni qo‘ndi boshga,
Yuragimning tubi og‘rir.

Bobolarning ertagiday
Umrim o‘tdi yarmi yolg‘on.
Sen ham mendek yashadingmi,
Milyon yilki, joni omon?

Dugona

            Rushanaga

Rushan, Rushan, Rushana, dugon,
Dengizko‘zim, bormisan, o‘rtoq?
Yuragimda boshlandi to‘fon,
Ko‘rgim keldi seni hoziroq.

Kelgin, yana dars tayyorlaymiz,
Ko‘chirgani beraman, mayli.
Hulvo hidli momong tetikmi,
Tut daraxting omonmi hali?

Ko‘zlaringda bolaligimiz,
Besh olganday turibdi kulib.
Kel, dugona, bir dardlashaylik,
To‘lib ketdi yuragim, to‘lib!

Hayot meni bekitib qo‘ydi,
Topib ko‘r-chi endiyam, o‘rtoq?
Quvlashmachoq o‘ynadi taqdir,
Quvlayverib sochga tushdi oq.

Yillar, yo‘llar o‘rtada hayron,
Birimiz ko‘z, birimiz qoshmiz.
Armonlardan so‘z ochmagin, yo‘q,
Biz haliyam o‘n olti yoshmiz…

 

* * *
V. Vohidov nomidagi xirurgiya markazi binosining to‘qqizinchi qavatida eng murakkab yurak jarrohliklari amalga oshiriladi.

To‘qqizinchi qavat – osmon eshigi,
To‘qqizinchi qavat – tuproqqa yaqin.
To‘qqizinchi qavat arosatmi yo,
Insonning yuragi olayapti tin!

Odamning yuragi odam qo‘lida,
Koptokday sapchir u – yo‘q himoyasi.
Yo‘q! Qodir Allohim o‘zing madad ber,
Oq libos aslida hayot doyasi.

To‘qqizinchi qavat – o‘limdan qasos,
To‘qqizinchi qavat – muallaq nafas.
Ozodlik qo‘msagan dilning yig‘isi,
Yig‘lama, O‘zidan o‘zgasi abas!

Samoning qavati yettidir, ammo
Tuproqning to‘qqizi ko‘kdan umidvor.
Yettinchi osmondan boqib turganim,
Xasta yuraklarga bo‘lgin najotkor.

Yaxshilarni O‘zing panohingga ol!

Sitora TOJIDDINOVA

1987 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. She’rlari adabiy nashrlarda e’lon qilingan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.