Bo‘shliqlar… va kitoblar

0
22
marta ko‘rilgan.

Badoi’ ul-vaqoi’

Kun va Tun qisqarib qoldi, soat millari kundan kunga tezlashib bormoqda go‘yo. Uch sahifa maqola yozish uchun bir kun kamlik qilayotir. Qadimda tosh, jez asri ibtidoiy odami voqealarni boshqargan bo‘lsa, endi aksinchadir. Bu holat ular bilan rivojlangan bizning davr odamlari o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatadi. Hatto, eng yaroqsiz, hech narsaga arzimaydigan kichkina voqea ham bugungi davr kishisini osonlik bilan o‘z yo‘rig‘iga solib, haydab ketmoqda.

Shiddat, tezlik, keskinlik yetmaganday, hayotimizning boshqa tarafida ulkan bo‘shliqlar paydo bo‘lgan. U tobora, soat sayin kattalashib borayotir.

Bo‘shliqlar… Dostonlar, ertaklar, ilm, til, o‘zlikdan ajralib, yiroqlashdik.  O‘zimizga o‘zimiz begonalashdik. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida yetmish ming jildga yaqin qo‘lyozma va toshbosma kitoblar yig‘ilgan. Ajdodlarimiz ming yilliklar davomida to‘plagan hayot hikmatlari,  kurash tajribalari, tiriklik mazmuniga tegishli xabarlar ularda jamlangan. Ular Millat va Kitoblar begonalashuvi guvohlaridir. Ular asriy mahbuslardir… Ular ichkarida, biz tashqarida.  Bugun bizni sarosimaga solib qo‘yayotgan Bo‘shliqlar shu begonalashuv ortidan keladi.

Deylik, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” yo Mirza Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarlarini o‘qisangiz, o‘sha bo‘shliqning kichrayishi, qanday torayib borayotganini ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz.  Vujudda tiriklik epkini esa boshlagani seziladi. So‘z borayotgan qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan kitoblarning barchasi shunday epkinni boshlab keladi. Ba’zilari iforlarga to‘lib-toshgan sarin yellarni keltiradi, ayrimlarida tig‘li, ko‘zni yoshlatuvchi o‘tkir hidli epkin esadi.

Mazkur sahifadan joy olayotgan bu galgi qisqagina axborot yana bir qo‘lyozma – “Badoi’ ul-vaqoi’” (Nodir voqealar) asari haqidadir.

Muallifi: Zayniddin Mahmud ibn Abdujalil Vosifiy 1485 yili Hirotda, munshiy oilasida tug‘ilgan. Shohrux mirzo madrasasida turk, arab, fors tillari va adabiyot, fiqh kabi fanlarni katta ishtiyoq bilan o‘rganadi. Yoshligidayoq Navoiy bilan yaxshi tanish edi, Hirot adabiy muhitida faol ishtirok etgan. U maktub, ariza, hikoya kabi nasriy ijod turlarida benazir bo‘lib yetishadi. Asarlarida saj’ usulini mohirona qo‘llaydi. Muammo san’atida erishgan muvaffaqiyatlarini hazrat Navoiy yuksak baholaydi.

U zo‘r iqtidori va yetuk ilmi tufayli ijtimoiy hayotda yuqori maqomlarga ko‘tariladi, Husayn Boyqaro xonadoniga yaqinlashadi, kotiblik vazifasida xizmat qiladi.

XVI asr boshlarida shayboniylar hokimiyatni qo‘lga kiritadi. Siyosiy kurashlar kuchayib, Shoh Ismoil ta’qibidan panoh topish maqsadida Vosifiy Turonga ketadi. U 1512 yildan Samarqand, Buxoro, Farkat (Parkent), Toshkentda yashaydi. Keldi Muhammadxon (Sulton Muhammad) 1518 yili uni Shohruxiyaga chaqirib oladi. Vosifiy 1525 yili Toshkentga kelib, muqim yashab qoladi. Uni shayboniy hukmdorlar juda hurmat qilar va o‘z davralariga tez-tez chorlab turardi. Baroqxon nomi bilan shuhrat qozongan Navro‘z Ahmadxon (Robia bibi orqali Mirzo Ulug‘bek nabiralaridan) uni 1540 yili saroyiga chaqirib oladi va zimmasiga devon ishlarini yuritishdek mas’uliyatli vazifa yuklaydi. Vosifiy 1566 yili Toshkentda vafot etadi. Imom Qaffol Shoshiy maqbarasiga kirishda, eshikning o‘ng tarafiga dafn qilinadi. Bu fayzli dargoh hozir ham ziyoratchilar bilan gavjumdir.

Asarning ahamiyati: “Badoi’ ul-vaqoi’” asari XX asrga qadar juda mashhur bo‘lgan. Dunyoning bir qancha kutubxonalarida uning o‘nlab nusxalari saqlanayotgani shundan darak beradi. Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining birgina asosiy bo‘limida (fond) bu asarning 5061, 1440, 3392, 1320, 8585, 1843, 2129 kabi raqamlar va yana 15 nusxasi saqlanadi.

Bu asarda XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda kechgan tarixiy-siyosiy voqealar to‘g‘risida qimmatli va muhim ma’lumotlar beriladi. Voqea-hodisalarning ko‘pchiligida muallifning o‘zi ishtirok etgan. U 1528 yili shayboniylarning Xurosonga yurishida ham qatnashadi. Bu voqealarda Keldi Muhammadxonga hamrohlik qilgan.

Asar o‘ziga xos uslubda yozilgan, qariyb barcha satr­larda muallif ishtiroki bilinib turadi. Unda Turon va Eron hududida 1532 yilga qadar mavjud bo‘lgan madaniy-ma’rifiy, ilmiy, adabiy hayot, tarixiy hodisalar qiziqarli hikoya qilinadi.

Alisher Navoiy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Abdurahmon Jomiy singari ulug‘lar hayotiga oid g‘aroyib hikoyalar keltiriladi. Bu asarga o‘ziga xos badiiy tus bergan. Satrlarda muallif erkinligi va albatta, mahorati aks etib turadi. Bu xususiyatlar o‘quvchiga ham ko‘chib o‘tadi. Bunday o‘rinlarda “Nodir voqealar” o‘zini aniq ko‘rsatadi. Asarda Ustod Hasan Udiy, Qosim Ali Qonuniy, Chaqar, Changiy kabi musiqashunoslar; Shayx Muhammad Sodiq Langariy, Hofiz Basir, Hofiz Merosiy singari xushovoz hofizlar ishtirokidagi voqealar ajoyib tarzda keltiriladi.

Vosifiy kitobida Keldi Muhammadxon, Baroqxon, Ubaydullaxon va shayboniylarning boshqa vakillari to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Qarshi viloyatlarida sodir bo‘lgan siyosiy voqealar, qizg‘in adabiy jarayonlar voqealari, mashhur me’morlar, rassomlar va xattotlarga oid hikoyalar asar mazmunini boyitadi. Bu ishlarning barchasini muallif o‘zi istagani va o‘ylaganidek amalga oshirgan.

Xazinada saqlanayotgan №3344 raqamli qo‘lyozma uning o‘zbek tiliga “Nodir hikoyalar” nomi bilan tarjima qilingan nusxasidir. Qattiq muqovali, mahalliy qog‘ozga nasta’liq xatida yozilgan, 548 varaq. Ollohqulixon davrida (1825–1842) Xorazmda Dilovarxoja asarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu nusxa hijriy 1245 yili rabi ul-avvalning to‘rtinchi kuni (1829 yil 3 sentyabr) ko‘chirilgan, yaxshi saqlangan.

Kartotekada ko‘rsatilishicha, №7431 nusxa Muhammad Amin to‘ra ibn shahzoda Sayyid Ahmad tomonidan tarjima qilingan. Mazkur nusxa 210 varaq, hijriy  1336 yili (1917-1918) ko‘chirilgan.

“Badoi’ ul-vaqoi’” ko‘plab tadqiqotchilar e’tiborini tortgan. A.Boldirev 1961 yili Moskvada uning ikki jilddan iborat tanqidiy matnini nashr ettiradi. B.Dorn,

V.Bartold, Yakubovskiy, Bertels, S. Ayniy kabi olimlar bu asardan tadqiqotlarida foydalanishgan.

Naim Norqulov bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, 1979 yili “Nodir voqealar” nomi bilan nashr ettirgan. Hozir bu nashr nusxasi topib foydalanish ancha mushkul. “Badoi’ ul-vaqoi’” asari bugun yurt madaniyati va ma’naviyati maummosi ustida bosh qotirayotgan har bir ziyoli, uning o‘tmishiga qiziqqan barcha o‘quvchilar kutubxonasida turishi zarur bo‘lgan kitobdir.

 

Lamahot

Muallifi: Muhammad Olim as-Siddiqiy al-A’laviy, otasi Muhammad Mo‘min shayx yassaviya tariqati vakili edi. XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning birinchi yarmida yashagan. Samarqand madrasalarida ta’lim olgan. Tariqat ilmini otasidan o‘rgangan. U “Lamahot” kitobini hijriy 1032 yili (1623) yozib tugatadi.

Asarning ahamiyati: Qo‘lyozmalar xazinasi asosiy bo‘limida ikkita nusxasi saqlanadi. №10567 raqamli nusxa, forsiyda yozilgan, qattiq muqovali, mahalliy qog‘ozga nasta’liq xatida ko‘chirilgan, 164 varaq. 

№10715-6 raqamli nusxa, 25 varaq (66-91), tili forsiy, mahalliy qog‘ozga nasta’liq yozuvida ko‘chirilgan. Asar matni oxirigacha yetmagan.

№10567 raqamli nusxa an’anaviy yaratganga qutlovlar bilan boshlanadi. U ikki “maqsad”dan tashkil topgan. Birinchi maqsadda Qur’on oyatlari, hadislar va rivoyatlar sharhlanadi hamda sasli (jahriy) zikr mohiyati yoritiladi.

Bu nusxada ikkinchi maqsad alohida ajratib ko‘rsatilmagan, mazmuniga ko‘ra, 45-varaqdan boshlanadi. Unda mazkur tariqat asoschisi oriflar sultoni Xoja Ahmad Yassaviy va undan muallifga qadar davom etgan silsilaning taniqli vakillari hayoti, ularda sodir bo‘lgan hol (lamahot) va kashflar (varadot) bayon qilinadi, hikmatli so‘zlaridan ibratli namunalar beriladi. Bu silsilada Hakim ota, Zangi ota, Sadr ota, Yamin (Olamin) bobo, Shayx Ali shayx, Shayx Mavdud, Shayx Xodim, Shayx Jamoliddin, Shayx Xudoydod Vali, Qosim shayx, Pirim shayx kabi yurt ulug‘lari turmush tarziga oid qiziqarli ma’lumotlar yig‘ilgan. Ularning barchasi ma’rifat ahlidan edi. Ular jamiyatda ezgulik, axloq tarbiyasi, qalbni yovuzlikdan himoya qiluvchi tolmas kurashchilar edi. Jamiyat ma’naviyatida bugun biz duch kelib turgan bo‘shliqlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ular hayotining mazmuni edi. 

“Lamahot” asari o‘sha zamon kishilari o‘rtasida mashhur bo‘lgan va keng tarqalgan, hozir ham odamlar qo‘lida uning nusxalari saqlanadi. Sho‘rolar davrida bu turkumdagi asarlar tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolgan. Bugun mamlakatda tarixiy obidalar ta’mirlanmoqda, ziyoratgohlar obod qilinayotir, madaniy yodgorliklarni ko‘rishni istovchilar soni ortmoqda. Bu turkumdagi asarlar keluvchiga ziyorat ma’rifatini beradi, maqsadi-mazmunini kengaytiradi.

 

* * *

Bugunga qadar “Boburnoma”, “Tarixi Rashidiy” asarlari bir necha marta nashr qilindi. Har safar nashr mukammaligini oshirishga harakat qilinayotir. Yuqorida so‘z yuritilgan ikki asar nashri va targ‘ibi esa havas qiladigan emas… Holbuki, ularning sahifalarida qalb qorong‘uliklarini yoritadigan So‘zlar, xatarli bo‘shliqlarni to‘ldiradigan xabarlar bor. Bu asarlarda XVI–XVII asrlarda ajdodlarimizning o‘zlaridan oldingi o‘tmish, o‘z davrlaridagi ma’naviy hayotga munosabati jonli tarzda namoyon bo‘ladi.

Bugun hayotimizda bu kitoblarga havo, suv, non kabi ehtiyoj, zarurat sezilayotir. Ular faqat sayyohlikning ziyorat yo‘nalishini rivoj­lantirish, mablag‘ to‘plash uchun kerak bo‘lib qolgani yo‘q. Bu asarlar chop qilinsa va bugungi kishilar xonadoniga yetkazilsa, ular bizni telefon va kompyuter ichkarisidagi “qora o‘ra”ga qulashimizdan asraydiganlar qatoriga qo‘shiladi. Hali ular chop qilinishi uchun oldimizda tarjima va tabdilning uzoq hamda mashaqqatli yo‘li turibdi. Bu hududning o‘zi katta bir muammodir. Bu ishimizda faqat ungacha yetib kelishga urinyapmiz.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.