Hijroningda dunyo za’faron

0
81
marta ko‘rilgan.

* * *

Bu ko‘nglim azoblarga

mudom nishonday, Xudo.

Qaysi o‘tgan kunimni

kulib nishonlay, Xudo.

 

Shuncha katta yurakni

kimga ishonay, Xudo.

O‘zing sevgi bermasang,

O‘zing sevgi bermasang.

 

Kimning nomiga buncha

xat yuboraman, sevgi,

Garchi har on man uchun

yuz ming bora man sevgi.

 

Huzuringga ruxsatsiz

qanday boraman, sevgi.

O‘zing menga kelmasang,

O‘zing menga kelmasang.

 

* * *

Boshimda o‘ynar g‘ujg‘on

Noaniq tushunchalar:

Shuncha ko‘pmidi hijron,

Visol kammi shunchalar?

 

Ne istasam – yetmas shu,

O‘ng kelmas tush unchalar.

Shuncha bisyormi qayg‘u,

Quvonch kammi shunchalar?

 

Bu muloyim qo‘llar shart

Yelkamga tushgunchalar –

Shunchalar musht ko‘pmi, ayt,

Mehr kammi shunchalar?

 

Shamolga shopirdim men

Hislarim, tushunsalar!

Shuncha ko‘p gapirdimmi,

Nega jimsan shunchalar?

 

* * *

Qo‘y, ko‘tarma ko‘nglimni,

Qo‘ling tolishi mumkin.

Ulkan yuragim seni

Bosib qolishi mumkin.

 

Bular gulmas, xazondir,

Men ham so‘ldim – o‘rtanma.

Sen olovsan, sen yondir,

Achinishni o‘rganma.

 

Uy. Ish. Bitta yo‘lakdan

Yurgan sari g‘am ko‘pdir.

Gar xo‘rsinsam yurakdan,

E’tibor berma, xo‘pmi…

 

Meni-ku hasrat yengdi,

Sen kuyla baxtingdan mast.

Majburlama o‘zingni –

Meni sevishing shartmas.

 

* * *

Bahordan kuzgacha yo‘l yurdim,

Hammadan o‘zgacha yo‘l yurdim,

Shukr, hanuzgacha yo‘l yurdim,

Men muqarrar yetib kelmasdim.

 

Shuncha shartmi ortiqcha izoh,

Bosgan yo‘lim o‘tmishdir uzoq,

Endi menda har bitta so‘z – oh,

Shudir zarar, yetib kelmasdim.

 

Tushun, bag‘ir buncha qonlagan –

Sengacha sevgiga qonmagan,

Ko‘zlarimda hech kim qolmagan,

Bo‘lsa agar, yetib kelmasdim.

 

Hayot odam qildi meni to,

Ammo yuragimda ne nido –

Bevafolar bo‘lmaganida

Senga qadar yetib kelmasdim.

 

* * *

Nafasimdan yonar to‘rt tomon,

Har nafasda to‘kilar bir barg.

Hijroningda dunyo za’faron,

Kuzga kirib bormoqda yurak.

 

Angladingmi-yo‘qmi holimni,

Xo‘rsiniq nomli shamolimni,

Xazon chetlab o‘tibdi kimni –

Kuzga kirib bormoqda yurak.

 

Sening uchun o‘ychan va og‘ir

Tuyulmog‘im ehtimol, axir.

Bu hayotdan oldim xavotir –

Kuzga kirib bormoqda yurak.

 

Muhabbatga tegishli hamma,

Boru yo‘qqa bog‘liq odamman.

Balki shunga eng buyuk g‘amman,

Kuzga kirib bormoqda yurak…

 

* * *

Ko‘krak qafasimda shamol aylanar

Yaproqdek yurakni uzmoq qasdida.

Undan ham berahm savol aylanar:

Meni sevganmiding-yo‘qmi aslida?

 

Duch kelgan buyumdek jonsizu haqsiz,

Bir chetdan kuzatdim go‘zal umringni.

Hech kimni sog‘inmay uyg‘onish, shaksiz,

Katta san’atligin tez tushundingmi?

 

Uyning har burchagi seniki mutloq,

Senikidan boshqa soya ham ortiq.

Divan, stul, gullar bir senga mushtoq,

Ularga kerakmas yangi bir og‘riq.

 

Eshiklar shu qadar zich yopilganki,

Ichkari kiritmas yangi tuyg‘uni.

Pardalar ustiga ust yoyilganki,

Uzoqqa cho‘zmoqchi bo‘lar uyquni.

 

Men esa bu uyga qachonlar kirgan,

So‘ng unut xatdekman stol ustida.

Ammo nigohlarim senga tikilgan:

Meni sevganmiding-yo‘qmi aslida?!

 

* * *

Endi u ko‘zlaring kutmagay intiq,

Endi ochilmagay quchog‘ing, kelsam.

Endi ismim uzra tortilgan chiziq,

Kunlardan bir kuni qo‘ng‘iroq qilsam.

 

Anor donasidek yurak dog‘imni

Sening yoding uchun asrab, sog‘indim.

Bildim, vaqti o‘tgan qo‘ng‘irog‘imni,

Kunlardan bir kuni qo‘ng‘iroq qilsam.

 

Xudoga – taqdirga yo‘qdir e’tiroz,

Men Xudoga terskay yurganligim rost.

Seni unutganman degin, iltimos,

Kunlardan bir kuni qo‘ng‘iroq qilsam.

 

Nosirjon JO‘RAYEV

 

1984 yil tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Ulg‘ayish kunlari”, “Muhabbatdan so‘ng” kabi kitoblari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.