Haq gapning xotibi va kotibi

0
42
marta ko‘rilgan.

XX asr o‘zbek nasridagi eng      e’tiborli burilish nuqtalardan biri Tog‘ay Murod nomi, uning “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi bir qancha asarlari bilan bog‘liq. Zotan, badiiy adabiyotning bepoyon, nafis so‘z maydonida yuragi butun adiblar, chin iste’dod egalarigina jiddiy burilish yasaydilar.

Tog‘ay Murod o‘zbek o‘quvchilarining suyukli adibi. U bunday tabarruk rutbaga  faqatgina yaxshi ijod mahsuli bilan erishish mumkinligini bir necha karra isbotladi.

Gohida adib nomi aytilmay biror asari esga olinsa, izidan shu asarlardagi asosiy obrazlari va, albatta, muallifning betakror ijodi xayolga keladi. Ziyodulla kal, Momosuluv, Dehqonqul, Aqrab, Tarlon kabi atoqli otlar o‘zbek adabiyoti tarixida Tog‘ay Murod nomi bilan parallel yashab kelayotgani hech kimga sir emas.

Agar bu adibga bir jumla tavsif lozim bo‘lsa, men Tog‘ay Murodni haq so‘zning xotibi va kotibi, degan bo‘lar edim. To‘g‘ri so‘zligi bois barcha bilan birdek til topishib, kirishib keta olmagan, aynan, ko‘plab chin iste’dodlarga xos o‘zining individual tabiati bilan boshqalardan ajralib turadigan taqdir egasi edi Tog‘ay Murod. Men uni kitoblari ichidagi o‘zining qahramonlari orasida – gavjum bir muhitda, ammo hayotda hamon  ot ustida yolg‘iz yo‘l yurib ketayotgan odamdek tasavvur qilaman. Asarlaridagi qahramonlari bilan astoydil tanishgan odam uning o‘zini ham yaqindan bilib oladi. Bolalarcha samimiyatu shiddat, ichikishu mardonavarlik, to‘g‘riligu arazlar Tog‘ay Murod tabiatiga juda-juda yarashadi. Shu jumladan, Ziyodulla kalga ham.

Ko‘chirma: “Alamimdan arazlagim keldi!

Barchaga, inchunun, bakovulga eshittirib aytdim:

– Biz ketdik! Bizga qachon haq berilib edi-da, endi beriladi! – dedim o‘zimcha, ko‘pkariga qo‘l siltab jo‘nadim. Tarlonni tars-tars qamchiladim. – Ketdik, Tarlon, ketdik, odamlar biz sag‘irlarga qayishmaydi! – dedim.

To‘dadan olislab bordim. Tarlonni tag‘in tars-tars qamchiladim.

– Ketdik, Tarlon, ketdik, bizning kallamiz kal! Biz kallarga haq yo‘q! – dedim. Ketimga qayrilib qaradim. Uzangi yo‘ldoshlarim yo‘ldan qayirar, deya umidlandim. Tarlonni imillatdim. Tag‘in o‘girilib qaradim. Izimdan birov-da kelmadi!”

Yana “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida Bo‘ri polvon davra aylanadi va xitob qiladi: “Xaloyiq! Davrada halol olishib, elga tomosha ko‘rsataylik. Haq-nohaqni men – o‘zim ajrim qilaman. Aytganim – aytgan, deganim – degan. Davradagi Bo‘ri polvon so‘zim: tarafkashlik, g‘irromlik, oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘ymayman”.

Bu to‘g‘rilik kundasiga boshini qo‘yib, mana, kerak bo‘lsa ol, deydigan, biroq ortga bir qadam tisarilib “oh” demaydigan oriyatli yigitlarning shu kungacha jaranglab turgan eng nodir yurak so‘zidir. Bu – Tog‘ay Murodning xitobi, bu Tog‘ay Murodning haqgo‘yligi, haqiqatparastligi sadosi. Bular – adibning yashayotgan kitoblaridagi hikmat va ibratlar…

Aslida har qanday yozuvchi yuzini iymon va vijdonining ulkan haqiqatlari oynasiga solib, o‘ziga o‘zi hisobotlar berishi lozim. Pokiza adabiyot va umrboqiy asarlar shunday ochiq-oydin taftishlarni talab qiladi.

O‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish uchun tarjima, targ‘ib va tashviq muhim. Meni hayratlantirgan yangi dalil shuki, o‘zbek tilini biladigan xorijdagi ayrim mutaxassislar, garchand olmon tiliga haligacha tarjima qilinmagan bo‘lsa ham, katta avlodga mansub o‘zbek adiblari qatorida Tog‘ay Murodga ham joy berishibdi. Qo‘limdagi Rudolf Radler tahriri ostida Germaniyaning Myunxen shahrida bosilgan “Kindlerning yangi adabiyot lug‘ati” (“Kindlers Neues Literatur Lexikon”, München 1998) degan ensik­lopedik lug‘atning 22 jildida Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” ( Der Abend, als das Pferd wicherte) asari turibdi.

Ensiklopedik xarakterdagi bu lug‘at Yevropada juda mashhur. Bunga har kimning ham ism-sharifi yozilib, asarlari sharhlanavermaydi. Lug‘atda Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasiga yaxshi ta’rif-tavsiflar berilibdi.

Maqola muallifi Zigrid Klaynmixel o‘z fikri isboti uchun qissadan to‘rtta ko‘chirma olibdi. Ensiklopedik lug‘atlar uchun bu juda katta gap, albatta. U bir o‘rinda Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi Qoranorni Tarlonga qiyosan tilga oladi. Bosh­qa bir o‘rinda ko‘pkariga eskilik sarqiti sifatida qaragan qahramon fikrlari keltiriladi; keyin Abdulla Qodiriy va uning “Uloqda” hikoyalari esga olinadi.

Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi mazmunini olmonzabon o‘quvchilarga tanishtirish uchun yozilgan izohlarida xorijlik olimaning nazari – xolis, niyati – ezgu. Solishtirish aslo tasodifiy emas, menimcha.

Muhtaram jurnalxon, yaxshisi, men ortiqcha so‘zlar bilan vaqtingizni olib o‘tirmasdan, o‘sha maqolani o‘qishni tavsiya qilganim ma’qul…

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori.

1966 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”, “XX asr o‘zbek hikoyasi antologiyasi”, “O‘zbek adabiy tanqidi antologiyasi” kitoblarining g‘oya muallifi va tuzuvchilaridan biri. “Qodiriy qadri”, “Yangilanish sog‘inchi”, “Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin” kabi kitoblar muallifi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.