(Esse)
Köklam endigina kengliklarga muattar böylarini taratayotgan damlar yodingizdami? Tong payti ilk giyohlar niş urgan qirlar, adirlar, uyğonayotgan dalalar şabnamlarga çömiladi va bu şabnamlar hovurga aylanib, quyoşning soğintirgan şuʼlalarini oqlikka çulğaydi. Tutab yotgan isiriq tutunlari yangliğ bu hovur toğ etaklariga töşalgan oq tumanlarga qöşilib, qor bosgan toğlarga, lojuvard ufqlarga yanada ajib bokiralik ato etadi. Köngil köklam tongining oq nurlari oğuşidagi mastu mustağriq toğlar ostonasiga talpinadi. Şunda qalbingizdagi tuyğularga safo beruvçi hamroz nigohlarga termulib:
Yur, toğlarga çiqaylik,
Mayli, yur!
Eh, qanday çiroyli
Oppoq nur!..
deysiz şivirlab.
Esimda, men ham umrimning yoşlik damlari dunyoni biram masʼum idrok qilar, borliqqa bahor ato etayotgan ranglar qarşisida lol turib qolar, ularni qanday nomlaşni bilmay gangir edim. Ayniqsa, men örikning surx novdasida yaqqol közga taşlangan ğuj-ğuj ğunçalardagi puşti rangga yutoqib boqardim. Bu rang tetik novdalardan sizib çiqqan kökiş, yaşil va töq qizil ranglar qorişmasidan iborat allambalo rang ediki, mening şuurimda soğlom qon, soğlom alanga ramzidek tuyular va bu alanga sovuqlikni, har qanday muşkulotu har qanday illatni yondira olişga qodir yolqin timsoliga aylanardi. Şunday bölgaç, dunyo közingga hali yuz oçmagan saodatlar ostonasi bölib körinsa, ne ajab! Bir tomonda – çappor urib oçilişiga sanoqli soniyalar qolgan ğunçalar, bir tomonda – zumurrad şabnamlar hovuriga çömilgan oq nurlar!..
Men Usmon Nosirning mazkur şeʼrini har gal yutoqib öqiyman. Va yuragimdan har gal allaneçuk armon, allaneçuk ğussa arigandek, nari ketgandek böladi.
Olmos kabi oppoq qor
Yaltirar.
Nega bunça dil oqar,
Qaltirar.
Şoir nigohi olmosdayin oppoq qorga nega tikilib qoldi? Neçun uning dili oqmoqda? Nimadan qaltiramoqda?
Bilasanmi, yoşlik bu
Töymagan,
Tinim bilmas, göyo suv
Öynagan.
Olis çöqqilardagi olmos qor şoirga har safar töyib öynamagan, yayrab-yaşnamagan damlarini eslatadi va u endi qöl yetmas, qaytmas olis yoşlik bölib körinadi.
Şunga öta çiroylik
Körinur…
Yur, toğlarga çiqaylik,
Mayli, yur!
Biroq şoir unga nasib etmagan, uni çetlab ötgan yoşlik qoşiga borişni istaydi, uning diydoriga töyişni xohlaydi.Uning qoşiga sevimli yor bilan qöl uşlaşib boriş hammasidan gözal!.. Çunki bu surur, naşida yurakdagi turfa sitamu alamlarni öz girdobiga olib, kömib yuboradiganday…
Özbek şeʼriyatidagi betakror siymo, hamişa navqiron şoir Usmon Nosir qalamiga mansub köplab şeʼrlarni xuddi yuqoridagidek tölib-toshib tavsiflaş mumkin.
Usmon Nosir tavalludiga ötgan yili 100-yil töldi. Lekin u juda kam yaşadi. Mustabid tuzum uni 25 yoşida qamoqqa taşladi. Şoir 10 yilgina ijod qildi. .
Yaqinda bir davrada qandaydir munosabat bilan Usmon Nosir nomi tilga olinganda, şoir döstlarimizdan biri, Usmon Nosir zör şoir emasdi, dedi. Menga uning bu bepisandlik bilan aytgan gapi oğir botdi. Çunki men Usmon Nosir ijodi va hayoti bilan yaqindagina qayta tanişib çiqqan edim. Biroq men “botir oğiz” şoirning bu şakkok fikri bilan bahslaşib ötirişni özimga ep körmadim.
Bugungi kun tafakkuri qirğoğidan – Istiqlol sohilidan turib XX asr özbek adabiyotiga, xususan, şeʼriyatiga nazar taşlaydigan bölsak, şak-şubhasiz, ajib manzarani köramiz.Zero, şörolar zamonidagi köpgina adiblarning nomlari – ularning soyasiga salom bergan hatto bizlarning-da yodimizdan öçib ketdi. Vaqt – oliy hakam, deganlari şu bölsa kerak-da!
Usmon Nosir nomi esa dolğali asr sinovlarida zaxa topmadi, undan maros bölib qolgan şeʼrlar tarix “qilköprigi”dan omon ötib bormoqda. Yana şu narsa ham muhimki, agar biz bugungi kun özbek şeʼriyatidagi yetakçi yönaliş zamiriga nazar solsak, uning ibtidosi Usmon Nosir şeʼrlari bilan nihoyatda hamohang ekanligiga amin bölamiz. Şu boisdan şoir ijodini örganiş, uni tahlil va tadqiq qiliş şeʼriyatimiz ravnaqiga xizmat qiladigan omillardan biri bölib qolaveradi. Uning hayotini va murakkab qismatini idrok etiş, uni öquvçi köz öngida tölaqonli gavdalantirib beriş esa yoşlarda ozod Vatan tuyğusini, ular ruhiyatiga Istiqlol sururini singdirişda, şubhasiz, juda qöl keladi. Zero, şoirning özi bu borada ezgu umid bilan:
Bargdek uzilib ketsam
Unutmas meni boğim.
Işimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur…
deb aytmaganmidi!
Uşbu örinda kamina şuni taʼkidlamoqni istardimki, Usmon Nosir hayoti va ijodiga doir fikr va mulohazalar qoğozga tuşirilar ekan, ular “yangi gap” aytiş zamzamasidan yiroqdir. Bu bitiklar bu otaşin şoir barhayot ruhiga şogirdlik ehtiromining bir ifodasi, xolos…
Usmon Nosir 1912-yil 13 noyabrda Namangan şahrida Mamatxöja va Xolambibi oilasida tuğildi. Mamatxöja tökilib-soçilib yaşamagan bölsa ham xuş axloqi bilan, xoksorligiyu kamtarligi bilan el-yurtga tanilgan kimsa edi. U farzandi tört yoşligida kasalligi tufayli yoruğ dunyoni tark etadi.
Oila boşçisidan judo bölgan Xolambibi bir muddat ukasinikiga borib kun keçiradi. Bu xonadonga qöşni bölgan qarindoşinikiga kelgan qöqonlik Mamasodiqboyning öğli Nosirhoji (u ön tört yillik haj safaridan qaytgan edi) Xolambibini devor yoriğidan körib qoladi va unga oğiz soladi. Nosirhoji gödak Usmonni tizzasiga olib, unga otalik qiliş borasida ont içadi. .
Usmon Nosirning bolaligi borasida ikki xil qaraş mavjud. Birinçisida – ögay ota Nosirhojining bölajak şoirga nihoyatda mehrli bölganligi va uning yoş Usmonni şoir bölişiga qöşgan hissasi köp örinlarda taʼkidlanadi. Bunday taʼkid şoirning jiyani, şoira va tarjimon Nodira Raşidova tadqiqotlarida köramiz. Ikkinçi xil qaraşda ögay otaning şöx, tiyiqsiz bolaga ötkazgan jabru zulmi bayon etiladi. Va bunday qaraş egasi professor Naim Karimov özining “Usmon Nosir”* nomli risolasida fikrining tasdiği maʼnosida şoirning internatdoş dösti Temur Fattohning dösti oğzidan eşitgan uşbu sözlarni keltiradi: “Otam meni qiynab juda köp urgan. Bir kuni onam uyda yöq vaqtida holdan ketganimça urib, söng qölimni orqamga boğlab, oyoğimdan quduqqa osib ketgan. Xayriyatki, şu kuni örtoğim Tohirjon Sobirov hovlimizga kelib qolib, quduqda ingrab yotganimni eşitib, meni tortib oldi…” Şoirning “Keçmiş kunlarim” şeʼridagi uşbu satrlar öşa yurakdan öçmas sitamlarning ifoda sidir: Uç-tört yil burun
“Ögay”da yurdim.
Minut-minutda
Kaltaklar yedim…
Uzoq öksinib,
Çidolmay sira
Bir kuni sökdim.
Şuning-çun darrov
Haydalib ketdim.
Taniqli adabiyotşiunos olim Ibrohim Ğafurov “Yurak va mehr şoiri” maqolasida esa: “Tadqiqotçilar şoirning bolalik çoğlari oğir keçganligini taʼkidlar ekanlar, bunda köproq uning şeʼrlariga asoslanadilar. Davr şunday edi. Usmon Nosirning bolalik davridan şikoyatlarini Nosir otadan körmaslik va unga boğlamaslik kerak”, deyiladi.
*Naim. KARIMOV. Usmon Nosir. “ŞARQ” naşriyoti.1993.
Usmon Nosir hayotida keçgan uşbu lavhalarni keltirişdan muddao yo u, yo bu tomonning fikrini tasdiqlaş emas, balki bölajak şoir bolaligi nihoyatda murakkab keçganligiga eʼtiborni qaratmoqlikdir. Balki bular birinçi tomon daʼvo qilganidek uydirmadir. Bugungi kunda bu jihatlar şoir ijodiy merosi qimmatini na oşiradi, na kamaytiradi. Ammo uning umr söqmoqlarini mufassal bilmoqni istaganlar uçun tafsilotlarning barçasi muhimdir. Qolaversa, bu şoirning tirik ruhi oldidagi masʼuliyat hamdir.
Maşhur şaxslarning tarjimayi holiga – ularning hayot yöliga nazar solsangiz, köp tasodiflar silsilasini körasiz. Balki mana şu ezgu tasodiflarning röy berişi özi ham bir qonuniyatdir. Yoş Usmonni ilk töğri yölga boşlagan inson qöqonlik Pölatjon Qayumov edi. Pölatjon domla nihoyatda maʼrifatli, adabiyotni sevgan kişi bölib, zavod qoşida “Yangi hayot” nomli maktab oçgan va unda özi dars berardi. Mahallasidagi Möydinjon ismli bola bilan birga yurgan yoş Usmonni körgan domla uni ham öz maktabiga taklif qiladi. Pölatjon domlaning yana bir fazilati uning “böladigan bolani”ni köra bilişi bölgan. Keyin ikki yetim – Möydinjon va Usmonjon Pölatjon domla yordami bilan yotoği bor maktab “Dor ul-muallim”da tahsil köra boşlaydilar. Bu ilm dargohi Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Javdat Abdulla, Hasan Pölat singari şoir va adiblarni va bir qança ilm-fan hamda sanʼat namoyandalarini voyaga yetkazganligi bilan tarixda nom qozongan.
Qöqondagi bu intarnatda asosan yetim bolalar taʼlim olar va u özida eng ilğor ziyolilarni jamlagan bölib, Qori Niyoziy, Pölatjon Qayumov, Subhiy afandi, Abdulla Rahmat singari obröli öqituvçilar dars berardilar. Darslar zamonaviy ruhda yuksak talablar asosida ötkazilar va internat bağrida turli tögaraklar, şuningdek, “sanoyi nafisa” tögaragi ham faoliyat körsatar edi. Bu tögarak maşğulotlariga Qöqon şoirlari taklif etilar, ular bilan ijodiy uçraşuvlar uyuştirilar edi. Ana şunday uçraşuvlarda Hamza Hakimzodaa Niyoziy ham bir neça marta iştirok etgan. Şunday uçraşuvlarning birida Usmon Nosir dastlabki şeʼrlaridan ayrim namunalarni Hamzaga öqib bergan va u yoş Usmondan kelajakda katta şoir çiqişini başorat qilgan.
Qizğin ijodiy muhit şakllangan mazkur internat bağrida öşa yillarda Amin Umariy, Temur Fattoh, Madamin Davron, Muhsin Hamidov singari şoirlar yetişib çiqdi. Ular orasida Usmon Nosirning nomi internatdagi “sanoyi nafisa” tögaragining turli klub, maktab va muassasalaridagi konsertlari orqali Qöqonga yoyilib bordi.
1927-yili “Yangi yöl” jurnalida şoirning “Haqiqat qalami” nomli ilk şeʼri eʼlon qilindi.
Usmon Nosir isteʼdodi tabiatiga tinmay izlaniş, yoniş, mutolaaga çanqoqlik xislatlari xos edi. U gödakligidayoq onasi oğzidan eşitgan xalq qöşiqlarini, uning mungli ohanglarini yuragiga joylab olgan edi. Onasi öqib bergan mumtoz şiorlarning ğazallari unda şarq adabiyotiga nisbatan kuçli ixlos uyğotdi. U şeʼriyatda yil sayin emas, oy sayin, hafta sayin ösgan ertakdagi pahlavondek böy körsata bordi.Zero, unga ijod iştiyoqi, şeʼr işqi bir daqiqa ham tinçlik bermas, har dam oromini öğirlar, bir umr lovullab yonişga undardi. Şoirning: “Saharlar qon tupursam mayli, men – Majnunman, şeʼrim, sen – Layli !” deb aytganligi çandon rostdir.
Aytiş mumkinki, Usmon Nosir şeʼrlari 30-yillarning peşqadam şoirlari sanalgan, davrni yuksak pafos bilan kuylagan Ğafur Ğulom, Oybek, Hamid Olimjon şeʼrlaridan özgaça edi. Zero, u hayotni yuragi orqali körar, yuragi orqali özlaştirar edi.
Usmon Nosir şeʼrlarining yana bir fazilati ularning samimiyatga eşligida körinadi. U ijoddagi dastlabki qadamlaridan boşlab, könglida nima tuğyon urgan bölsa, şuni yozişga, dilidan qanday fikr keçgan bölsa, şuni qoğozga tuşirişga odatlandi.
Kunlarimni yoşligimdan ayamadim,
Menda yoşlik nokaslikni heç körmadi.
Qiz sevganda höngir-höngir qon yiğladim,
Göyo qalbim amr – izmimni heç sörmadi.
Bunday samimiy satrlarni töqib çiqariş, yasab-yaratiş mumkinmi? Ular yurakning asl mevalari yangliğ hovri, atri, alangasi bilan birga tuğiladi. Usmon Nosir yuragi bamisli otaşgoh edi, uning ötli satrlari öşa otaşgohdan tökilardi.
Şoir “öz yuragini tinmay tarjima qiliş” (“Yurak”) darajasiga faqatgina isteʼdodi tufayligina erişgani yöq. Bunday çapdastlikni, bunday biyronlikni u muttasil izlanişlar – beuyqu keçgan tunlar, beorom keçgan damlar evaziga qölga kiritdi. Yoş şoir Qöqonda maktab-internatda, söng Moskvada, keyin Samarqand pedakademiyasida tahsil olgan çoğlarida jahon va rus şeʼriyatini tinmay mutolaa qildi. Rus tilini mukammal özlaştirdi. Homer, Petrarka, Puşkin, Lermontov, Geyne, Yesenin, Çarens singari şoirlarning ijodini sevib örgandi. Ularning yorqin asarlarini yod oldi va xuddi öz şeʼridek davralarda yonib öqidi.
Usmo Nosir davr nafasi ufurib turgan şeʼrlarida öz qalbining ovozi mujassam bölgan yangi lirik qahramon siymosini jonlantirdi. Bu lirik qahramon katta maqsadlarni köngliga tukkan, dard bilan yaşaşni, mardona şijoatni öziga şior qilib olgan faol şaxsdir. U hayot maşaqqatlaridan qörqmaydi Beğam yaşaşni – yaşaş demaydigan tanti qalb sohibidir.
Böronni sevmasa dil neçun tepur?
Tiriklik ne kerak bemehnat, beğam?
Çu, qora yörğam!
Lirik qahramonning yana bir yorqin qirrasi uning bağrikengligida, jömardligida közga taşlanadi. U qayğularga kömilib yurişlikni yoqtirmaydi. Şodlikka intiladi. Şodlik yaratişni istaydi.
Mayli, köngil… mayli, öynasin u,
Naylaringni çalsin, taratsin.
Xuddi senday qabul etmay qayğu,
Faqat şodlik… şodlik yaratsin.
Şeʼr şunday bir közguki, şoir qalbini tub-tubigaça körsatib turadi. Şundan baʼzi şoir şeʼrini öqiganda uning qalbida gina-malomat va iddao toşlarini körgandek bölasiz. Boşqa bir şoirlar şeʼrida hayotdan norozilik, ranj-alam, zarda tuyğulari ufurib turadi. Usmon Nosir şeʼrlarida esa ajib bir harorat, ajib bir insoniy erkalik borki, undan ruhingiz yayraydi, könglingiz bahra oladi va bu erkalik şoirga neçoğli yaraşib turganligini iç-içingizdan eʼtirof ham etasiz. U lirik şeʼrlarida ham, dostonlarida ham öquvçini nazardan qoçirmaydi, uni unutmaydi, unga ajib bir samimiyat ila bot-bot murojaat qiladi. Bu qalb izhorlari köproq uning öz yozganlaridan qoniqmasligi, yurak tuyğularini qalami muhrlab ulgura olmayotganligi haqida va kelgusida, albatta, gözal asarlar bitib berişligini öz zimmasiga olişligi borasida böladi. Jumladan, u “Naxşon” dostonida quyidagilarni bitadi.
Uzurim bor sendan,
Öquvçim, jindak:
Orzuim bor bitmak
Bir dasta doston.
Ölmasam men uni
Rostlab beraman!
Hali bu bitiklar
Bir havas xolos.
Hali havas bilan
Gullar teraman…
Lekin dostondagi ötli, yurakning musaffo maʼvolaridan otilib çiqqan quyidagi satrlarni şunçaki havasga bitilgan satrlar deb böladimi?
Köz tutdim,
Közlarim nigoron böldi,
A, dilbar
Simbarim, yuzlari qirmiz,
Kiprigi köksiga soya solgan qiz,
Köz tutdim,
Yuragim töla qon böldi.
Şabboda bolariday
Gulzor uzra şöx,
Oy fonarini yoqdi qiz-oqşom.
Yaşa!
Sen kelding sevgilim, Naxşon,
Suv qizi – suvsarim,
Kipriklari öq,
Sen kelding,
Könglimga suv kabi oqding,
Sen kelding –
Ruhimda yaşaş boşlandi.
Sevgidan közlarim
Behol yoşlandi,
Sen kelding,
Şeʼrimga çeçaklar taqding…
Bu doston şunçalar erka ovozga egaki, deya yozgan edi Ibrohim Ğafurov, bamisoli bulbul inson tiliga kirib ajib qissaxonlik qilayotgandek.
1932-yili Usmon Nosirning “Quyoş bilan suhbat”va “Safarbar satrlar” nomli şeʼrlar töplami çop etildi. Bu ikki töplamdan şoirning asosan davrni, yangi zamonni, mehnat şukuhini kuylagan şeʼrlari örin olgandi. Öşa yillar Çölpon şeʼrlari qatağon etila boşlagan, özbek mumtoz şoirlarining köpçiligiga feodal davr kuyçilari degan tamğa bosilgan edi. Bu paytda Uyğun şeʼrlari özining mayin lirizmi bilan yoşlarni öziga maftun etgandi. Usmon Nosirga ham Uyğun lirikasi ijodning birdan-bir qaynarbuloği bölib tuyuldi va öz şeʼrlarini u Uyğun şeʼrlaridan çiqqan ohanglarga moslaşga urindi. Şunga köra, Usmon Nosir özining “Safarbar satrlar” töplamini Uyğunga bağişlagan edi.
Bu davrda paydo bölgan leninça-stalinça taʼlimotga köra, har bir şöro yozuvçisidan badiiy ijodga zavodlar nafasini, qurilişlar surʼatini olib kiriş talab qilinardi. Va şunday talab javob bergan yozuvçigina çinakam yozuvçi sanalar, ana şunday yozuvçilarning asarlarigina şöro adabiyoti qiyofvsani belgilaşi mumkin, deb hisoblanardi.
30-yillarda şöro mavzuida asarlar yozmaganligi uçun boşqa şoirlar singari Çölponga ham, Fitratga ham köp taʼna toşlari otilgan. Şunda kimdir, Fitratga murojaat etib, “Domla, şunça dakki eşitavermay, traktor haqida bitta şeʼr yozib qöysangiz asakangiz ketadimi?” deganda Fitrat domla: “Ey dono yigit, men hatto traktorning tarillagan ovozidan qörqaman-ku, qandoq qilib u haqda şeʼr yozay?”, deb javob qilgan ekan.
Lekin Usmon Nosir qalami har qanday mavzuga jazm eta oladigan çapdast, tuğyonli qalam edi. Zotan uning traktorga bağişlangan şeʼrlari ham ançagina.U “Traktorobod” nomli doston yozişni ham niyat qilgan. Uning “Kiriş” qismini yozgan. Unda şunday satrlar bor.
Erkam –
Lirikam mening –
Yuvgan,
Taragan,
Qaragan yurtning
Xizmatin qilişlik
Vazifang sening!
Usmon Nosir qalami sohir qalam edi. U har qanday mavzuni kuylamasin, unga jon kirita olardi. Jumladan, u oddiy temir haqida yozganda ham, albatta, diqqat-eʼtiborini uni bunyod etgan inson qalbiga qaratardi. Uning yuragidagi tuyğularni qoğozga tuşirardi. Şu boisdan, u siyosat talab qiladigan mavzularnigina kuylaydigan – konyuktr şoir bölib qolmadi. Haqiqiy ijod mohiyati hamişa inson yuragi bilan boğliq bölib qolişini anglaş darajasiga kötarildi. U keyingi töplamini ”Yurak” (1935) deb nomlaganligi balki şundan edi.
Şoirning ijodga bölgan çinakam fidoyiligi, yonib yozişi, hayotga teran nazar uning qabidagi keçinmalarni millat, yurt dardiga aylantirdi, uni millat şoir darajasiga qadar yuksaltirdi. Moskvaga, Leningradga qilgan safarlari davomida bu tuyğu uning yuragida yanada teran ildiz otdi.
1929 – 30 yillar Usmon Nosir Moskvadagi Kinematografiya davlat ilmgohining 1-kursida tahsil köradi. Öşa paytda u Moskvada yaşayotgan Çölpon bilan yaqindan tanişadi va bu uçraşuvdan keyin ular bir umrlik ustoz va şogird bölib qoladilar.
Mazkur ilmgohga Usmon Nosir bilan birga sinfdoşi, yoş şoir Temur Fattoh ham borgan edi. Yoş Usmon bu yerda Moskva adabiy muhitiga yaqinlaşişga harakat qiladi, tez-tez Adiblarning Markaziy Uyi (SDL)ga qatnaydi va u yerda taniqli şoir va yozuvçilar bilan tanişadi. Biroq bir kuni Vladimir Mayakovskiy bilan bölgan uçraşuv uning Moskvadagi hayotiga xotima yasaydi. Qrimtatar şoiri Emil Şerifning xotirlaşiça, SDL binosining foyesida V. Mayakovskiy plakatlarining körgazmasi taşkil etiladi. Eşref Şamʼizoda, Usmon Nosir va tatar şoiri Musa Jalillar körgazmani hamda ayni paytda maşhur şoirni ham köriş uçun bu yerga keladilar. Mayakovskiy qölida tayoqça tutgan holatda paydo böladi. U mağrur körinişda, baland böyli, ulkan qomatli edi. Mayakovskiy kelganlarga köz qirini taşlab, içkariga odimlaydi. Usmon, Musa Jalil va Eşref Şamʼizoda unga salom berişadi. U ularga sovuqqina nigoh taşlaydi-da, heç söz aytmay ötib ketadi. Bu Usmonning izzat-nafsiga tegadi. “Men bilmas ekanman proletar şoirining şunçalar dimoğdorligi va oliftaligini!” deya qiçqiradi u. Vl. Mayakovskiy ortiga burilib, yöqlikka tikilgandek, “Kim bu gödakvaçça!” deydi. “Men yoş özbek şoiriman!” – Usmon keskin javob qiladi. “Ha, şunaqa degin?”- deydi Mayakovskiy kibrli kinoya bilan va içkari kirib ketadi. Usmon özini tahqirlangan his etadi. U şartta ortiga burilib, taşqariga çiqadi. Uning ortidan döstlari ham ergaşadi. Usmon köçaga çiqa solib, Musa Jallga qatʼiy ohangda: “Men bugunoq uyimga qaytaman! Hali köramiz – qaysi birimiz haqiqiy şoir bölarkanmiz – menmi yoki umi… Endi men Moskvaga faqat maşhur şoir bölib qaytaman!” – deydi. Şu oqşom poyezd Qozon vokzalidan Usmon Nosirni yurtiga – Qöqonga olib jönaydi. Temur Fattoh Moskvada qolib tahsilini oxirigaça yetkazadi.
1935-36 yillar şoirning “Yurak” va “Mehrim” töplamlari çop etildi. U endi elning eng maşhur va eng sevimli şoiriga aylangan, uning şeʼrlari oğizdan-oğizga köçib, asarlari qahramonlari ismi yangi tuğilgan farzandlarga qöyilardi.
Şoir köpdan köngliga tugib yurgan ezgu niyatini ayni şu yillarda röyobga çiqardi: A. S. Puşkinning “Boğçasaroy fontani” va M. Yu. Lermontovning “Demon” poemalari tarjimasini tugatdi.
“Boğçasaroy fontani” bilan qiziq voqea sodir bölgan. Kamina uni ustoz Şuhrat oğzidan eşitganman. Naşriyotga topşirilgan qölyozma tösatdan yöqolib qoladi. Baʼzilarning aytişiça, şoir parişonxotirligi tufayli uni tramvayda qoldirib ketgan. Boşqalar uni naşriyotning özida yöqolgan ham deyişadi. Qölyozmani şoirdan sörab oliş uçun naşriyot xodimlarining qattiq boşi qotadi. Oxiri unga murojaat qilişga majbur bölişadi. Şoir matn köçiruvçi berişlarini söraydi. Söng bir-ikki soat mobaynida xonaning u boşidan-bu boşiga papiros çekkan holda yurib, matn köçiruvçiga tarjimani boşdan-oxir yoddan aytib turadi.
1937-yili Moskvada özbek adabiyoti va sanʼati dekadasi bölib ötdi. Unda qatnaşganlar orasida Usmon Nosir ham bor edi. Dekada yakunlangaç, bir guruh adiblar A. S. Puşkin vafoti 100-yilligi munosabati bilan çaqirilgan Plenumda qatnaşiş uçun poytaxtda qoladilar. Plenum SDLning majlislar zalida ötadi. Unda şoir A. I. Bezimenskiy kiriş nutqini sözlaydi. U Puşkin ijodi borasida gapirarkan, uning tarjimonlik faoliyati töğrisida alohida töxtaladi. Misol tariqasida u Aleksandr Sergeyeviçning Gyotedan qilgan tarjimasini öqib beradi. Zalning oxirida ötirgan Usmon Nosir özining betakallufligiga uzr söragan holda: “Siz Gyotening emas, Shillerning satrlarini öqidingiz”, deydi. Bezimenskiy Usmonni minbarga taklif qiladi. “Özingizni taniştiring”, – deydi Bezimenskiy. “Men özbek şoiri Usmon Nosirman”, – deydi u baland ovozda, xuddi hisob berayotgandek. “Siz aminmisiz mening xato qilganimga? Qolaversa, siz Shillerning uşbu asarini öqiganmisiz?” – söraydi Bezimenskiy. “Ha, – javob qiladi Usmon, – men na faqat öqiganman, uni yoddan ham bilaman”. Va Usmon xuddi aktyorga öxşab, şeʼrni öqiy boşlaydi. Zal qotib qoladi. Usmon şeʼrni öqib bölganida borliqni gulduros qarsaklar bosib ketadi. Bezimenskiy Usmonni quçib, hayajon bilan deydi: “Mana, bizning bugungi zamonaviy Şarq!” Ertasi kuni “Literaturnaya gazeta” Usmon haqida “Şarqda Puşkin paydo böldi”, deb yozadi. Uning şeʼrlari rus tiliga tarjima qilinib, eʼlon etila boşlaydi. Endi Usmon na faqat Özbekistonda, balki butun Şörolar Ittifoqida eʼtirof etilgan şoirga aylangandi.
Şoirning dovruği ortib, u ilhom va ijod nahrining tuğyonli mavjlarida masrur quloç otardi. U turli minbarlarda şeʼrlar öqir va bu şeʼrlar darhol köngillarning mulkiga aylanardi.
1937-yilning 27 yanvarida Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi Usmon Nosir tsvalludining 25 yilligi, ijodining 10 yilligini katta tantana bilan nişonladi. Unda Özbekiston Kompartiyasi birinçi kotibi Akmal Ikromov iştirok etib, uni “özbek şeʼriyatining yorqin yulduzi”, “özbek Lermontovi” deb taʼriflydi. Anjumanda şoir ijodi haqida Uyğun otaşin nutq qildi. Adabiyotimiz tarixida yoş şoir ijodining 10 yilligi ilk bor va atigi bir marta nişonlangan. Bu hassos şoir Usmon Nosir edi.
Asl şeʼr şoir yuragida özining ohangi-ifodasi bilan tuğiladi. Ana şu ifor-ohangni öquvçi qalbiga töla-tökis yetkazib bera oliş ham şoirdan alohida isteʼdod va sanʼat talab qiladi. Usmon Nosir bu borada ham betakror edi. Zero, uning şeʼr öqiş sanʼati ham alohida eʼtirofga molikdir. Adib Turob Töla “Usmon Nosir şeʼr öqiganda atrofni musiqa bosib ketardi, nazarimda”, desa, şoir hamşahri, kinooperator Aziz Rahmonov uni şunday eslaydi: “Usmon Nosirning közlari çaraqlagan, ovozi nihoyatda ötkir edi. U şeʼrni şunday qoyilmaqom öqirdiki, unga maftun bölmaslikni, uning sehriga asir bölmaslikning iloji yöq edi. Na u hayot davrida, na hozirgi paytda öz şeʼrini Usmon Nosirçalik taʼsirli öqigan yo öqiy oladigan şoirni körganim yöq”.
Muxlislarning olqişi, el içidagi maşhurlik har qanday şoir qalbini safoga va sururga töldirişi tabiiy. Ayniqsa, u yoş bölsa, bunday dovruğ, şon-şuhrat uning boşini aylantirişi, mastu mustağriq qilişi ham mumkin. Usmon Nosir şon-şuhratning avj nuqtasiga kötarilib, uning nashʼu-namosini surgan vaqtlar borasida şunday gap yuradi. Bu voqeani uning dösti, keyinçalik maşhur söz ustasi bölib tanilgan Muhsin Hamidov quyidagiça xotirlaydi: “Demon” uçun qalam haqi çiqqan kuni Usmonjon döst-yorlarini jamlab, “Natsional”ga keldi. Eşikbon şoirga izzat-ikrom bilan eşik oçib, taniş dastyor – ofitsiant ayol unga zalning eng yoruğ va oynasi köçaga qaragan tomonidan joy hozirladi. U boşqa şaharlarda körgan ekanmi, kelib ötirdi-yu, direktorni söratdi. Şeriklari “nima qilmoqçi ekan?” deb hayron bölişdi. Ammo u direktor kelişi bilan “Men şoir Usmon Nosirman, Restoran yopilsin!” deb farmoyiş berdi. Direktor tamaddi qilayotgan şinavandalarga qarab: “Bugun sizning ovqatlanişingizu kayf-safongiz bepul. Sizni şoir Usmon Nosir mehmon qiladi!” – deb eʼlon qildi… Hamma ötirganlarning çehrasiga nur yoyilib ketdi.
Dasturxonga gazak va içimliklar keltirilgaç, Usmon billur qadahga may quyib, zal örtasiga bordi-da, “Demon”dan öqiy ketdi. U goh rus, goh özbek tilida öqir ekan, bir gözal ayol ötirgan dasturxon yoniga kelib davom etdi:
Eng birinçi tökkan yoşimni
Qabul ayla, ol, gözal, buni.
Yorit umrim saodatini…
Şoir ayol qadahiga qadahii yaqinlaştirganda kimdir qarsak çaldi. Odob yuzasidan ayolning erkak hamrohi ham qöşildi. Usmonjon bir-ikki qadam yurib, yana öqidi:
Quloq solgil ohu zorimga:
Birgina söz bilan meni sen
Yana kökka qaytoralasan,
Ey parizod, qizğan holimga;
Işqning ezgu libosin kiyib,
Yovuzlikdan özimni tiyib,
U dargohda porloq nur kabi,
Yangi malak, yoş bir hur kabi
Qayta yaşar edim men u çoğ,
Rahming kelsin ahvolimga boq…
Endi zal haqiqiy şoir bilan uçraşganini sezgan edi. Hamma butun vujudi quloq bölib eşitdi:
…Sensiz nima bu abadiyat?
Sensiz nima menga mulk, niyat?
Quruq sözdir, tutmas asodir,
Xudosi yöq keng kalisodir.
Qarsak va olqişlar bilan qarşi olingan bu satrlardan keyin har kim şoir bilan qadah çöqiştirişni öziga şaraf bilib, uning qoşiga oşiqdi; şoirga baxt-saodat va ilhom tilab, uning soğligi uçun qadah kötardi”.
Biroq, köp ötmay maşʼum taqdir özining qora sahifalarini varaqlay boşladi. Şoirning ilhom sururi, ijod nashʼu-namosi poyoniga yetib borardi. Usmon Nosir eslangan davrada ustozlardan biri bu borada gapirib, şoirning 25 yoşlik yubileyi va unda aytilgan maqtovlar tufayli unga “köz tekkan”, degandi. Balki bu gapda ham jon bordir. Lekin, aslida, bu öşa mudhiş zamon duçor qilişi muqarrar bölgan qora qismat edi.
Elning köplab asl farzandlari qamoqlarga taşlanganiga, xalq hayotining battar oğirlaşib ketganiga qaramay, Koiiunistik partiya markazqömi taşabbusi bilan xalqlar otasi – dohiy Stalinni uluğlaş , uni ilohiylaştiriş avj olib bordi. Bu hol, ayniqsa, 37-yilda özining yuqori çöqqisiga kötarildi. Hali Moskva taassurotlarining tafti sönmay turib, Fayzulla Xöjayevning “aksilinqilobiy” taʼsiri doirasida bölgan kişilarni aniqlaş va foş etiş işlari boşlanib ketdi.
Keyingi avlodga mansub, adabiyot tarixidan bexabar ayrimlar, Usmon Nosirning qamalişiga aosiy sabablardan biri uning Stalinni madh etmaganligidir, deydilar. Bu – notöğri gap.Usmon Nosir ham dohiyga işongan, uni Hamid Olimjon singari köklarga kötargan. Şunga qaramasdan, yuqorida aytganimizdek, F. Xöjayevning “aksilinqilobiy harakati” taʼsirida bölgan odamlarga taşlangan qarmoqqa birinçilardan bölib Usmon Nosir ham ilindi. Va şoşilinç surʼatda Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasida Usmon Nosir ijodini örganiş komissiyasi tuzildi. 12 iyul kuni Uyuşma hayʼati yiğilişida “Usmon Nosir işi” körildi.
Bu yiğiliş ötayotgan anjumanxonada yaqindagina uning 25 yillik yubileyi nişonlangandi. Öşa kuni Usmon Nosirdan zör şoir yöq edi. Uni taʼrif va tavsif qiliş uçun notiqlar öz sözxonalaridan “teşa tegmagan” sözlarni qidirib topişga, uni ulkan şoir sifatida taʼriflaşga intilgan edilar. Endi esa…
Uşbu yiğiliş haqida “Qizil Özbekiston” röznomasida yozilgan hisobot-xabarda şunday deyiladi: “Muzokarada sözlagan Qurbon Beregin, Hamid Olimjon, Oydin, Krukovskiy va boşqa örtoqlarUsmon Nosirni Sovet hukumatiga, bolşeviklar partiyasiga aşaddiy duşman sifatida kuraşib kelgan bir turkum xalq duşmanlari bilan qöl uşlaşib, ular bilan bazm va majlislar qilib, rus proletariatiga qarşi iğvogarlik yurgizganini aytib berdilar…”
Hisobot-xabarda yana şularni öqiş mumkin: “…Şoirning “Mehrim” nomi bilan çiqarilgan keyingi şeʼr töplami boşdan-oxirigaça pessizm ruhi bilan tölgan.Usmon Nosir özi ham bu şeʼrlar töplamini sovet yoşlari miyasini zaharlab turganiga va uni mafkura jihatidan buzuq şeʼrlar bilan atayin töldirganiga iqror böldi…”
Öşa davr odamlaridan yetib kelgan gaplarga köra, uşbu yiğilişda şoirning köp şeʼrlari ustida alohida töxtalib, har biri ğoyaviy nuqtayi nazardan “çuqur tahlil” qilingan. Qançalik töğri – bilmayman, mana şunday yondaşuv şoirning “Yana şeʼrimga” şeʼri ustida ham bölgan deyişadi. Jumladan, unda:
Yana, şeʼrim, özing yaxşisan,
Boqqa kirsang gullar şarmanda…
misralari tilga olinib, “şoir sovet gullarini haqorat qildi”, deyişgaça borişgan.”Manzilim yiroqdir – ufqdan nari…” satrini muhokama qilişib, “şoir bu satrida maqsadi – okean orti ekanligini aytmoqda”, deyişgan. Muhokamadagi gaplar har qança almoyi-aljoyi bölmasin, ularning şu taqlid keçganligiga işonmaslikning iloji yöq. Şörolar saltanati mafkuraviy tarozusidan bundan ortiq “karomatni” kutib ham bölmasdi. Bu fahmsiz tamoyil saltanatning oxirgi kunlari qadar davom etmadimi, axir!
Şu örinda ötgan asrning 70-yillarida Farğona viloyati partiya qömitasi yiğilişida bölib ötgan latifanamo voqea yodga tuşadi. Öşa davrda viloyat gazetasida qaşqadaryolik bir yoş şoirning “Ona tilim” nomli şeʼri bosiladi. Bu şeʼr viloyat partiya qömitasi majlisida qoralanadi. Darğazab rahbarga, bu mavzuda Rasul Hamzatov ham yozgan, deya luqma taşlaydi kimdir. “Olib kelinglar, u şoirni ham kelgusi byuro yiğilişida muhokama qilamiz!”, deydi jahl otidan tuşmagan kotib.
Döppi olib kel desa, boş olib keladigan “dastyorlar” bugungi kunda topilmaydi deysizmi! Yaxşiyam, endi ularga işimiz tuşmaydi… Tuşmasin ham heç!
Usmon Nosir muhokamada bu qadar insofsizlik böladi, özining közi oldida tuhmat toşlari yoğdiriladi deb öylamagan edi. Hammadan ham unga yolğizlanib qolgani, uni biror kimsa himoya qilmagani alam qildi. Uni Yozuvçilar uyuşmasi safidan öçirişdi.
U yiğilişdan çiqarkan, qayerga borişni, ğovlab ketgan boşini qayerga urişni bilmay, gandiraklagan holda yölga tuşdi.
Ertasi kuni – 1937-yil 13 iyulda şoir hibsga olindi.
1937-yil boşlarida şöro matbuoti va radiosida trotskiyçilarning katta bir guruhi foş etilib, tarix hukmiga havola qilingani haqida bong urildi. Trotskiyçilarning razilligi haqidagi “haqiqatlar” şöro xalqiga muntazam ravişda singdirib borildi. 28 yanvarda esa sud jarayoni boşlandi. Şöro mafkurasida qabul qiligan odatga köra, na faqat markaziy, balki mahalliy naşrlar ham sud kunlarida xalqning aksilinqilobiy unsurlarga bölgan munosabatlarini ifodalovçi “nafratnoma”larni eʼlon qilib turişi lozim edi.
Öşa kunlari “Qizil Özbekiston” röznomasi tahririyati ham bu siyosiy kompaniyada qatnaşiş istagida Usmon Nosirga murojaat qilib, trotskiyçilarni laʼnatlovçi şeʼr bilan çiqişini taklif etadi. Şoir bu taklifni qabul qilib, “Ğazab” deb nomlangan şeʼr yozib beradi. U şunday satrlar bilan tugagandi:
Ölim senga, duşman! Ölim senga, yov!
Sörayman, örtoq Sud, kesing beayov!
Biroq oradan bir-ikki oy ötmay, A. Qodiriy, Fitrat, Çölpon va Usmon Nosirning özi va yana köplab ziyolilar hibsga olinib, ularga “xalq duşmani” tamğasi bosildi. Sovet xalqi deb atalgan olomon işlab çiqariş korxonalari, ijodiy taşkilotlar va öquv yurtlarida bölib ötgan yiğilişlarda ularga eng oliy jazoni talab qiladi. Ne tongki, ana şunday yiğilişlarda Usmon Nosirning “Ölim senga, duşman! Ölim senga, yov! Sörayman, örtoq Sud, kesing beayov!” satrlarini xalq atalmiş olomon uning öziga qarşi işlatdi.
Şöro saltanatining qahri öz “duşman”lariga nisbatan öta beşafqat va beayov edi. Keçagina yurt ardoğida bölgan şoir uning qoronği kameralarida dözax azobidan battar qiynoğu uqubatlarga duç keldi.
Usmon Nosir butun hayoti va ijodini, ayniqsa uning hibsda keçgan azobli umri tafsilotlarini imkoni boriça tiklaşga harakat qilgan professor Naim Karimov, Usmon Nosirning Kemerovo Içki işlar boşqarmasida oçilgan “jinoiy işi” aslida 12 ming 192 varaqdan iborat bölganligi, biroq, afsuski, hozir şunday katta hajmdagi işning öndan bir qismi ham saqlanmaganligini aytadi.* (N. Karimov. Usmon Nosirning sönggi kunlari “Şarq” naşriyoti. 1994.) “Iş”dagi sahifalar şörolar Özbekistonidagi manfaatdor idoralar va şaxslar tomonidan obdon örganilib, nomatlub tuyulgan hujjatlarning hammasi kuydirib taşlangan.
Usmon Nosir özinig haqligiga işonganligi uçun vahşiylaşgan tergovçilar oldida aslo dovdiramadi, aslo tizzasi qaltiramadi Aksinça, mahbuslar orasida u eng öjari, öz aytganida- deganida turadigani, uronğiçlar bilan ham bab-baravar olişadigani edi. Şuning uçun şoirdan tegişli maʼlumotni ololmagan çekistlar unga köproq azob berdilar. Uning qöllarini qayirdilar, tirnoqlari orasiga bigiz tiqdilar, urib tişlarini sindirdilar. U bunday vahşiylikka javoban jallodlarni ham, ularning xudosi Stalinni ham tinmay sökdi. Öz navbatida undan sökiş va haqoratlar eşitgan, bir-ikki muşt ham yeb qolgan nazoratçi va uronğiçlar battar öçakişib, yangidan-yangi qiynoq va haqorat usullarini öylab topdilar.
Usmon Nosirning berahmlarga nisbatan muştdan taşqari boşqa quroli ham bor edi. Tuğma şoir hatto öşa dahşatli şaroitda ham öz ruhiy keçinmalarini ifodalovçi badiha şeʼrlar töqirdi. Biroq, IIXK mahbusxonasi Leninga tom-tom kitoblar yoziş imkonini bergan çorizmning avaxtasi emasdi. Bunda şoirga na qalam, na qoğoz berganlar. Şunga qaramay, u baʼzan qoğoz parçalarini topiş ilojini qilgan, qalam ham, qoğoz ham topilmaganda mahbusxona devorlariga qandaydir topib olgani kömir yoki kesak bilan şeʼrlar yozgan.
Şoirning bu qadar şeʼrga çanqoqligini, yozişga taşnaligini hamma ham tuşunarmikin? Uşbu lavhani öqiganlar orasida, şoir şu ahvolda şeʼr haqida öylaşi, şeʼr yozişi şartmidi, deydiganlar ham topiladi. Undaylarga bu borada balki iddao qilib bölmas. Ular olov mohiyati yonmoq ekanligini, Usion Nosir esa olov bölganligini idrok etmasalar, ne çora! Bir şoir döstim bundan bir neça yillar avval “men endi şeʼr yozmayman”, degandi. “Nega?” söradim men taajjublanib. “Çunki şeʼrga qalam haqi tölanmay qöydi”, – dedi u xotirjam. Menga uning bu javobi “şoir” degan nomga haqoratdek eşitildi. U haqiqiy şoir emas-ku, deb yupatgandim men özimni öşanda. Yuragida olov lovullab turmagan odamni “Şoir” deb ataş mumkinmi!
Naim Karimov “Usmon Nosirning sönggi kunlari” risolasida Nasrulla Davrondan eşitgan şoirning qamoqda bitilgan “Tutqun bulbulça” şeʼri tarixini keltiradi: “1943-yilning 23 martida frontga ketiş oldidan Toşkentda Samarqand Davlat universiteti rahbarlaridan biri Şarif Ibrohimovni uçratib qoldim. U ham 1937-yilning iyun oyida Samarqanddan Toşkentga olib kelingan ekan. Ş. Ibrohimov menga nohaq hukm bilan 5 yil qamoqda ötirganligi, öşa davrda Abdulla Qoliriy, Usmon Nosirlar bilan birga bölganligini sözlab, gapining oxirida Usmon Nosirning qamoqxona devoriga “Tutqut bulbulça” şeʼrini yozib qöyganligini hikoya qilib berdi.
Men uning sözlarini tinglab, undan “bu şeʼr mazmunini hikoya qilib bera olasizmi?” desam, U: “Usmonning şeʼri na faqat menga, biz bilan birga bölganlarga ham yod bölib ketgan edi” deb, uni yoddan aytib bergan. Mana, öşa şeʼr tölaligiça:
TUTQUN BULBULÇA
Hozir sening qanoting boğliq,
Yuraging doğlik.
Eşitilmas sayraşing xalqqa,
Sen kezgan boğlar ham böm-böş,
Yöq unda xoniş,
Eşiklari qulflidir… halqa.
Amin böl, yeçilur boğli qanoting,
“Bulbul”-ku oting,
Xizmatni el uçun aylagan zoting.
Qöşiğing mavj ursin tinmasin tilda!
Baribir tinglanur davr kelib elda!
O, Vatan bulbuli, gullar oşiği,
Vafoli bulbul,
Qönasan takroran ğunça-taxtingga,
Soğ va bardam böl!”
O, Agar Usmon Nosirning Toşkent mahbusxonalarida va Rusiya lagerlarida yozgan şeʼrlari omon saqlanib qolganidami, şak-şubhasiz, dösti Musa Jalilning “Moabit daftari”dan neça baravar katta va insoniyatni larzaga soluvçi kitobga aylanardi!
Usmon Nosir havosiz kameralarda ham barça azob va uqubatni, sotqinlik va razolat, haqorat va oçlikni unutib, özini şeʼriyat vodiysida oltin yolli tulpor ustida his etdi. Zero, u ilohiy kuçning xohişi va muruvvati bilan dunyoga kelgan şoir edi.
Avaxta xonalaridagi johil nazoratçilarning, bağritoş tergovçilarning nozik jussali, nimjon bir şoirga qilgan zuğumlari, uning asabini öynatişlari va ularning bunga yana öçakişib, butun badani momataloq bölguniça uni kaltaklaşlari, huda-behudaga muzxonaga taşlaşlari har qanday irodani sindirişi, har qanday soğ tanni xasta vujudga aylantirişi heç gap emasdi. Bunday adoqsiz ruhiy va jismoniy azoblar Usmon Nosirda na faqat oğir asoratlar qoldirdi, balki unda savdoyilik alomatlarini ham zohir eta boşladi.
Zlatoust mahbusxonasida Usmon Nosir bilan bir kamerada bölgan Özbekiston komsomoli markazqömida xizmat qilgan V. Rozenfeld şunday xotirlaydi: “ Men uni şu yerga kelib kördim. U telba bir holatda bölib, heç kim bilan gaplaşmasdi. Uzzu kun karavotda ötirgani-ötirgan edi. Puliga mahbusxona bufetidan konfet sotib olib, şaxmat donalarini yasar va özi bilan özi qoş qoraygunga qadar şaxmat öynar edi. Kim uni çaqirsa yo u bilan gaplaşmoqçi bölsa, bu odam nazoratçi yo mahbus böladimi, u: “Yöqollaring, faşistlar!” deb jerkib taşlardi.”
Şoirning maktabdoş dösti, u bilan lagerlarda birga bölgan Ibrohim Naziriyning aytişiça, Usmon Nosir Şimolning qattiq ayozlarda soğligini yöqotib, qöl-oyoqlarini sovuqqa oldirgan, tirsak suyaklari taraşaga aylangan göştni teşib çiqqan. Mahbuslar işdan qaytganlarida uni stol ustiga yotqizib qöyganlar va u yotgan holida şeʼrlar öqigan.
Uşbu satrlarni yozar ekanman, dafʼatan majruh şoir köz öngimda xasta ovoz bilan şeʼr öqiyotgan qiyofada namoyon böldi. Qalamim töxtab qoldi. Yaqinda könglimdan keçgan keçinmalar uçun özimga özim nihoyatda badbin tuyulib ketdim. Yaqinda, keç kuz oqşomlaridan birida dalahovlimda ötirib özimni ilkis ğarib, xoksor-aftoda his etgan edim. Bağrim allaneçuk huvillardi. Hayhotdek hovlida bir özim qolib, ruhimni yolğizlik çulğab olgandi. Bolalarimning hammasi öz-özidan ortmaydi, şahardagi yumuşlarida band. Hovliga çiqişga köngillari çopavermaydi ham. Men kim uçun qurdim şunça xonani! Belim bukçayib, peşona terim bilan kim uçun bunyod etdim bu hovlini! Bundan ham ortiq körgulik bormi bir inson uçun!.. Öşa oqşom könglimda mana şunday tuyğular keçgan edi! Köz öngimda paydo bölib, röparamda yaydoq stol ustida yotgança ingrab şeʼr öqiyotgan Usmon Nosir oldida yer yorilmadi – yerga kirib ketmagandek böldim! “Şu ham hasrat, şu ham qayğumi?!” – deya badbin keçinmalarimdan mulzam bölib, yer çizdim. Va ayni çoğda mana şu muqoyasa ruhimga muhrlanib qoldi. Zotan, mening işim yurişmay yoki murakkab, najotsiz vaziyatlarda qolib, könglim çökkan lahzalardagidan yuz çandon, ming çandon oğir emasmi edi! Usmon Nosir çekkan iztiroblar?! Şu bois, har qanday jafoga, har qanday sinovga tik boqib, sabr va çidam jiz emasmi mendek bir ozod banda uçun?!
Şoir uç yil davomida neça-neça mahbusxonalarni körmasin, qança-qança arizalar yozmasin, uning ovozi, dardi, haqiqatni bayon qiliş istagi bu mahbusxonalarning temir eşigini teşib çiqolmadi. Ammo şunga qaramay, yillar ötsa hamki, iç-içida şoirning Stalinga xat yoziş ilinji, öz boşiga tuşgan kulfatlardan uni xabardor qiliş umidi sönmadi.
Agar gap faqat uning öz jonini saqlaş ustida borganidaydi, u bunçalar kuyib-yonmagan, halak bölmagan bölardi.Jonidan keçib qöya qolardi! Lekin hamma gap yuragidagi isteʼdodning juvonmarg bölib ketayotganida edi! Şu boisdan ham u har gal orzular çeçagini oçuvçi, muattar böylari bilan vujudini sarhuş etuvçi ana şu isteʼdod oldida özini qarzdor tuyub, har neki narsaga tayyor edi.
Nihoyat şoirning azaliy orzusi uşalib, unga “uluğ dohiy”ga xat yozişi imkoni berildi.
Bu xatda şunday satrlar bor edi: “… Mahbuslikda keçirganim uç yil içida har qanday qiyinçiliklarga qaramay, men bitta şeʼriy roman, uçta pyesa, qator şeʼrlar yozdim.
Men ijodiy kuçlarga tölgan navqiron yigitman.
Men xalq duşmanlirining tuhmatiga qoldim.
Men hayotga qaytişim, Uluğ Vatanimning tölaqonli grajdani bölişim kerak!
Men Sizdan yordam sörayman.
1940 y. 20-avgust.
Muddatni ötaş joyimning adresi:
Xabarovsk ölkasi, Magadan ş. “
AmmoUsmon Nosirning haqiqat va adolat yölidagi umidlari bu gal hal ham sarob bölib çiqdi. Davom etgan azoblar ruhiyatini yana yerparçin qildi. Nihoyasiz zuğumu qiynoqlar uni savdoyi böliş darajasiga olib keldi. Magadanda Usmon Nosir bilan birga bölgan, hamişa uni ukasidek körib, imkon böldi deganda – yöqlab turgan Tojixon Şodiyeva xotirasida şunday mudhiş lavha bor: “Usmonning ahvoli yomonlaşib qolganini eşitib, xabar olgani bordim. Borsam, Usmonni oçiq yerda, yomğir ostida ustunga boğlab qöyişgan ekan. U osmonga qarab turar va nimalarnidir gapirardi Uning gaplarini tuşuna olmadim. U meni tanimadi va gaplarimga quloq ham solmadi. U butunlay savdoyi bölib qolgan edi. Men lagerga yiğlab qaytib keldim…”
Qosimjon Hoşimov ism-şarifli sobiq mahbus esa bir safar ruhiy xastaligi qözigan Usmon Nosirni temir panjara içiga taşlanganining guvohi bölgan. Şu paytda tepadan şovillab yoğib turgan yomğir uning boşi, yuzlarini yuvib, pastga oqardi. Lager navbatçisi ana şunday yöl bilan mahbusni “hovuri”dan tuşirgan.
Şoirning bunday ahvolga tuşganligi, undagi ruhiy xastalikning junbişi asosan uning Stalinga yozgan xati ning javobsiz qolayotganidan edi. Xuruj qiluvçi xastalik ötib ketişi bilan u yana öziga kelar, ijodiy qobiliyatini tiklar, şeʼrlar yozardi.
Usmon Nosir 1941-yil oxirlarida Magadandan Mariinskka keltiriladi. Kemerovo hududidagi Mariinsk – “qizil saltanat”ning tikonli simlar bilan öralgan lager-şahri edi. Şahar tört tomondan botqoqlik va tayga örmonlari bilan ihotalangandi. Şoirning ahvoli nihoyatda oğirlaşgandi, U qolgan umrini kasalxonada ötkazdi. Va, nihoyat, bu dunyoga siğmagan baxtsiz şoirning umr şami söndi. 1944-yilning 9 marti kuni uning yuragi urişdan töxtadi.U dunyoga bulbul bölib kelgan edi, biroq qora zulm, qora tuhmat, qora hasadning çangalida bevaqt ölim topdi.
Yurt peşonasida Erk, Istiqlol nurlari porlaşini orzu qilgan Abdulla Qodiriy, Çölpon, Fitratlar singari xalqimizning benazir farzandlari orasida Usmon Nosir eng yoşi edi. U yigirma beş yoşida qamoqqa taşlanib, erkidan ayrildi. Uning isteʼdodining oltin gullari hali oçilib ulgurmagan edi! U özbek elining tarixdagi armoni bölib qoldi.
Usmon Nosir Vatanni, yurtni sevgan, uni ozod körişni orzu qilgan va bu yölda özini fidoyi deb bilgan otaşin şoir edi. Zero, uning “Yurak” nomli şeʼridagi :
Itoat et,
Vatan sendan
Agar rozi emas bölsa!
Yoril, çaqmoqqa aylan sen,
Yoril, mayli, tamom ölsam!
satrlari şu bugungi xurram, munavvar kunlar haqqi bitilgan emasmi?
Usmon Nosir mustaqillik yillarida yana özining şarafli taxtiga kötarildi. Yana uni el olqişladi, yana u yoşlarning mehr-muhabatiga muşarraf böldi. Mangulik sari otlangan şoir yölidagi ilk dovonni bosib ötdi!
Ha, Usmon Nosir murakkab davrda yaşadi. Uning zamonasozlik ruhidagi, öşa davr mafkurasi taʼsirida yaratggan şeʼrlari yöq emasdi. Lekin uning özbek şeʼriyati sahifalariga muhrlangan betakror lirikasi, samoviy tuyğularga yöğrilgan yangroq ovozi ham borki, u hamişa toğning musaffo jilğalaridek jaranglab turajak! Hammasidan ham şoirda bezavol, navqiron ruh mujassam edi. Bu ruh adabiyotimiz osmonida yorqin yulduz bölib, zamonlar oşa nur soçaveradi!
Mirpölat MIRZO
“Yoşlik”2013/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


