Qutlug‘ va ulug‘ dargoh

0
20
marta ko‘rilgan.

Bir inson 90 yoshga kirsa, piru badavlat deb, havas va e’zoz bilan qaraymiz. Uning odamlarga qilgan yaxshiliklarini eslab, qoshida bosh egamiz. Xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy dunyosini yuksaltirish, elu yurt koriga yaraydigan chinakam ziyoli farzandlarni tarbiyalash yo‘lida beminnat xizmat qilib kelayotgan qutlug‘ dargoh – Samarqand davlat universiteti to‘qson yoshni qarshi olyapti! To‘qson yil ichida bu tabarruk dorilfunun necha minglab insonning hayotiga ziyo, nur taratdi, qancha shaxslarni jamiyatning g‘urur-iftixoriga aylantirdi – aniq hisobini aytish qiyin. Quvonarlisi, bu nuroniy universitet bugungi kunda yanada navqironlashib, yanada kuchga to‘lib, ezgu vazifasini sidqidildan bajarmoqda. Bu yerda ta’lim berayotgan ustozlaru tahsil olayotgan talabalarni chin dildan qutlarkanmiz, universitet tarkibidagi eng nufuzli yo‘nalishlardan biri – filologiya tarixiga muxtasar nigoh tashladik….
Bu ko‘hna zaminda shunday maskanlar borki, uzoq asrlar davomida insoniyatning madaniy qatlami, ilmu irfon ahlini ohanrabo singari o‘ziga tortib keladi. “Sayqali ro‘yi zamin”, “firdavsmonand”, “baldai mahfuza” deya e’zozlangan Samarqand ana shunday ilm va madaniyatning qadimiy o‘choqlaridan biridir.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasida dunyoviy ilmlarning barq urib rivojlanishiga shohid bo‘lgan azim Samarqandda XX asrning yigirmanchi yillarida zamonaviy oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsata boshladi. U o‘sha paytda O‘zbekistonda tashkil etilgan ikkinchi oliy o‘quv yurti edi. Bu muqaddas oliy dargoh bugungi kunda mustaqil Vatanimizning yirik ilm-fan, madaniyat va san’at markaziga aylangan Samarqand davlat universitetiga tamal toshi qo‘ygan Oliy pedagogika instituti edi.
Ushbu oliy ta’lim muassasasida tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktablari faoliyatining ilk davridayoq vujudga kelishida A. Fitrat, S. Ayniy, Ye. Polivanov, A. Sa’diy, G‘ozi Olim Yunusov, O. Sharafiddinov, I. Ponomaryov, S. Mutallibov kabi bilimdon olimlarning xizmatlari katta bo‘ldi.
1927 yilda asos solingan va 1930 yildan boshlab Pedagogika Akademiyasi, 1933 yildan O‘zbekiston davlat universiteti deya nomlangan Samarqand davlat universitetida ilk tashkil etilgan ilmiy markazlardan biri o‘zbek-tojik adabiyoti kafedrasi bo‘ldi. Abdurauf Fitratning Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Mashrab hayoti va ijodi, aruz she’riy tizimi, Sadriddin Ayniyning Firdavsiy, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga doir fundamental tadqiqotlari, A. Sa’diyning “Alisher Navoiy ijodi o‘zbek klassik adabiyotining yuksak bosqichi sifatida” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi o‘zbek-tojik adabiyotshunosligining shakllanishida o‘ziga xos poydevor vazifasini o‘tadi. A. Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1928), S. Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” (1927), O. Sharafiddinovning ikki tomli “O‘zbek adabiyoti tarixi” (1941,1945) darslik-xrestomatiyalari mamlakatimizda shu sohada yaratilgan ilk o‘quv adabiyotlaridir.
Adabiyotshunoslik maktabi bilan bir vaqtda bo‘y ko‘rsatgan tilshunoslik maktabining to‘ng‘ich vakili G‘ozi Olim Yunusov 1927–1931 yillarda O‘zbekiston davlat pedakademiyasida o‘qituvchilik qilib, yoshlarga tilshunoslik fanlaridan dars berish bilan birga o‘zbek tiliga oid qator ilmiy tadqiqotlar o‘tkazdi. Uning “O‘zbek tili”, “Yuridik terminlar lug‘ati”, “O‘zbek lahjalari tasnifidan bir tajriba”, “O‘zbek tili grammatikasi” kabi asarlari shu ilmiy tadqiqotlarning natijasi bo‘ldi.
Mamlakatimizda o‘zbek tilini ilmiy jihatdan o‘rganish ishini boshlab bergan Samarqand tilshunoslik maktabining boshqa bir to‘ng‘ich vakili professor Abdurauf Fitrat bo‘lib, uning “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba. Sarf. Birinchi kitob”, “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba. Nahv. Ikkinchi kitob” (Samarqand-Toshkent, 1924–1930, 6 marta nashr qilingan) nomli ilmiy asari, ayniqsa, qimmatlidir.
Ma’lumki, Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodi 1941 yilgacha umuman o‘rganilmagan edi. Ilmiy adabiyotlarda u Samarqandda ikki yil bo‘lib, faqih Abulays madrasasida tahsil ko‘rgan, deb aytilardi, xolos. Navoiyning Samarqandga kelishi sabablari ham noma’lum bo‘lib, har xil taxminiy mulohazalarga suyanilardi. Akademik V. V. Bartold va boshqa sharqshunoslarning asarlarida bu davr Samarqandda ilm, fan va madaniyat tushkunlikka yuz tutgan, Hirotda esa, aksincha, rivojlangan, degan fikrlar ilgari surilgan edi. Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yorqin vakili Vohid Abdullayev navoiyshunoslikning ana shu kamchiligini to‘ldirishga bel bog‘lab, 1940–1941 yillarda “Alisher Navoiyning hayoti va Samarqanddagi adabiy faoliyati” mavzui ustida ilmiy ish olib bordi. Olim mazkur nomzodlik dissertatsiyasini 1941 yilda respublikada birinchilardan bo‘lib zo‘r muvaffaqiyat bilan yoqladi. Dissertatsiyada Alisher Navoiyning Samarqandda to‘rt yil yashagani, Samarqand va Movarounnahrning qator shoirlari va olimlari bilan ijodiy aloqada bo‘lgani, olgan taassurotlari keyingi butun ijodiga samarali ta’sir ko‘rsatib, go‘zal she’rlari va dostonlariga material sifatida xizmat qilgani ilmiy faktlar asosida isbotlab berilgan.
Samarqand adabiyotshunoslik maktabining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan yana biri filologiya fanlari doktori, professor Orifjon Ikromovdir. Uning adabiyot masalalariga oid 200 dan ortiq maqola, ilmiy ocherk va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan. Ushbu tadqiqotlarda olim o‘zbek adabiyotining muhim, dolzarb mavzularini mahorat bilan tadqiq qilgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Botirxon Valixo‘jayev haqida so‘z ketganda, “Samarqandning ilmiy vijdoni”, “olimu fozillar botiri” kabi ta’riflar ishlatilishi bejiz emas. Zero, ustoz Botirxon Valixo‘jayev butun umrini ilmu ziyoga bag‘ishlagan, nafaqat o‘zbek, balki fors-tojik adabiyotining dolzarb muammolari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar olib borgan zukko, nuktadon olim edi.
Ustoz mohir murabbiy sifatida mustaqillik yillarida Alisher Navoiy ijodini teran tahlil etuvchi uch nafar fan doktorini tayyorladi: Muslihiddin Muhiddinovning “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi” (1995), Dilorom Salohiyning “Alisher Navoiy badiiy uslubining tadrijiy takomili” (1999), Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid XV-XIX asrlarda yaratilgan fors-tojik manbalari” (2001) mavzusidagi dissertatsiyalari mamlakatimiz va dunyo navoiyshunosligiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilganini uzoq va yaqin xorijdagi mutaxassislar tan oladilar.
Samarqand tilshunoslik maktabining yanada gullab-yashnashida J. Muxtorov, X. Doniyorov, B. O‘rinboyev, R. Qo‘ng‘urov, V. Egamov, N. Abdurahmonov, B. Yo‘ldoshev, N. Rajabov, T. Xo‘jayev, J. Hamdamov va boshqa olimlarimizning hissasi katta bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand tilshunoslik maktabi vakillari o‘zbek dialektologiyasi, o‘zbek tili tarixi, hozirgi o‘zbek tili yo‘nalishlarida muhim tadqiqotlar olib borib, o‘zbek tilini ilmiy o‘rganishni yangi bosqichga ko‘tardilar.
Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yuksalishi, keng quloch yoyishida Rahmonqul Orzibekov, Qobiljon Tohirov, Abdurashid Abdurahmonov kabi marhum ustozlarning ham munosib o‘rni bor. Shuningdek, bugungi kunda qizg‘in faoliyat olib borayotgan professor Muslihiddin Muhiddinov ham sal kam ellik yillik ilmiy izlanishlari davomida Alisher Navoiy va uning xamsanavislikdagi salaflari ijodi, xamsanavislik an’anasining o‘rganilmagan jihatlarini yoritish, yangi qirralarini tadqiq etish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
XX asr o‘zbek adabiyoti yuksalishida ham Samarqand adabiy muhitining roli beqiyosdir. Bu davrda Hamid Olimjon, Uyg‘un, Oydin, Mirtemir, Usmon Nosir, Hasan Po‘lat, Amin Umariy, Nasrulla Oxundiy kabi ijodkor yoshlar talabalik chog‘laridayoq ilm o‘rganishni ijodiy ish bilan qo‘shib olib bordilar. Ular turli mavzularda she’rlar, badiiy lavhalar yozib, adabiy hayotda faol ishtirok etganlar. Bu ijodiy an’ana keyinchalik ham davom etdi. Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan Sharof Rashidov, Burhon Tursun, Nazarmat, O‘tkir Rashid kabi tolibi ilmlar o‘sha davrdagi madaniy-adabiy muhitning shakllanishiga katta hissa qo‘shganlar.
Shoir va yozuvchilarning tarbiya topishi va shakllanishida 1950 yillardan keyin ham universitetning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Barot Boyqobilov, Oqiljon Husanov, G‘aybulla Salomov, Normurod Narzullayev, Omon Matjon, Yazdon Xudoyqulov, Ahad Hasan, Meli Normatov, Muhammad Salom, Samariddin Sirojiddinov, Dushan Fayziy, Mardi Nuriddinov, Qambar Ota, Farmon Toshev, Ullibibi Otayeva, Ismat Sanayev, Xosiyat Bobomurodova, Bibisora Turobova, Erkatosh Shukurova, Ilhom Hasanov, Orif Hoji, Toshpo‘lat Tugalov kabi iste’dodli ijodkorlarni yetishib chiqishida universitetdagi ijodiy muhit katta mahorat maktabi vazifasini bajardi. Bu ezgu an’ana mustaqillik yillarida ham davom etib kelyapti. Uyg‘un Ro‘ziyev, Muhabbat To‘xtasheva, Orif To‘xtash, Feruza Tog‘ayeva, Azamat Qorjovov, Umid Ali, Xoliyor Safarov, Abdulla Chimirzayev kabi o‘nlab ijodkorlarning voyaga yetishida universitet filologiya maktabining o‘rni alohida.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Nuriddin Shukurov ana shunday iste’dodli yoshlarning mehribon, jonkuyar ustozi edi. Olim Samarqand davlat universitetida “Shalola” to‘garagini yaratadi. Bu to‘garak she’riyat ixlosmandlarini birlashtirib, ularga yuksak parvozlar qilishiga yo‘l ochdi. Natijada Samarqandda katta adabiyot, she’riyat maktabi yuzaga keldi.
Shuningdek, adabiy jarayon, adabiyotshunoslikning nazariy va amaliy muammolari bilan qizg‘in shug‘ullangan yetuk olimlar – Sa’dulla Mirzayev, Rahim Muqimov, Hotam Umurov, Shavkat Xolmatov, Isroil Mirzayev, Hamid Absamiyev, Ilhom Hasanov, Shavkat Hasanov, Abdurahim Soliyev kabi ustozlar ham zalvorli mavzularda tadqiqotlar olib borib, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar, yosh ijodkorlarning boshini silab, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatladilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev viloyat saylovchilari bilan uchrashuvda Samarqand adabiy muhitining millatimiz madaniyati, adabiyoti tarixida tutgan o‘rnini: “Samarqandning o‘ziga xos ilmiy-ijodiy muhitini shakllantirish va rivojlantirishda unutilmas xizmat qilgan Botir Valixo‘jayev, Nuriddin Shukurov, Mamarasul Boboyev, Ma’ruf Jalil, Barot Boyqobilov, Mashrab Boboyev kabi atoqli olim va adiblarning xotirasi xalqimiz yodida yashab kelmoqda”, deb yuksak baholadi. Bu so‘zlar qadimiy va hamisha navqiron shaharda yashab ijod etayotgan olimu fuzalolar va ziyolilarlarni butun xalqimiz kabi qizg‘in ijodga, fidokorona mehnatga chorladi. Binobarin, SamDUda 90 yil davomida shakllangan tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktablarining bugungi kundagi vakillari ustozlarning boy ilmiy an’analarini munosib davom ettirgan holda o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti tarixi, mantshunoslik, adabiyot nazariyasi, adabiy aloqalar kabi yo‘nalishlarda jiddiy tadqiqotlar olib bormoqda. Ular bugun yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, xalqimizga, jamiyatimizga yanada samarali xizmat qilishlari shubhasizdir.

Jo‘liboy Eltazarov,
Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti dekani, professor.

Sobirjon Tohirov,
mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi dotsenti

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.