«Kichik» odamlarda katta qalb ko‘rgan adib

0
42
marta ko‘rilgan.

O‘tgan asrning 60-yillarida Stalin siyosati qoralangach, adabiyotdagi vulgar sotsiologik qarashlarga bir qadar barham berildi. Insonga insondek qarash, uning jamiyatdagi o‘rni, mavqeini anglash, hayot faqat g‘alabalardan iborat emasligini tushunish, inson tabiati xato va qusurlardan xoli emasligi, erkka tashnaligi, o‘y-xayollari, xatti-harakatlari hamisha ham risoladagidek bo‘lavermasligini badiiy talqin etishga harakatlar boshlandi. Adabiyotga yangi iste’dodlar kirib keladi. Shulardan biri Chingiz Aytmatov edi.

Chingiz Aytmatov ijodida diniy qarashlar, Sharq va G‘arb madaniyatining hayotbaxsh xususiyatlari o‘ziga xos tarzda sintezlashganini ko‘rish mumkin. Yozuvchining eng muhim xizmatlaridan biri shundaki, u sotsrealizmning tor, biqiq muhitiga toza nasimlar olib kirdi, rangin va serqirra uslubi bilan uning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Chingiz Aytmatov ijodini unga zamondosh bo‘lgan Gabriel Garsia Markes ijodiga qiyoslash mumkin. Shuni alohida ta’kidlash zarurki, Markes erkin ijod qildi, Chingiz Aytmatovda esa bunday imkoniyat bo‘lmadi. Ya’ni Markesdan farqli o‘laroq, Chingiz Aytmatov o‘z iste’dodini to‘la-to‘kis namoyon etolmadi. Iste’dodning ma’lum qismini o‘zi mansub bo‘lgan tuzumning xohish-irodasi uchun qurbon qilishga majbur edi.

O‘z davrida va undan keyin ham sho‘ro tuzumining ob’yektiv manzarasini, uning tub mohiyatini tasvirlashda Chingiz Aytmatovga teng keladigan yozuvchi bo‘lmasa kerak. Ahamiyatli jihati, ulkan adibning estetik qarashlari sotsialistik realizm ruxsat bergan chegaralar doirasida edi. Bu jihati bilan u o‘zining sevimli adibi Mixail Bulgakov ijodiga ham yaqin turadi.

Chingiz Aytmatov yaratgan xarakterlarga yozuvchi biografiyasi orqali qaraydigan bo‘lsak, bu xarakterlar va qahramonlar tarixi Aytmatovlar oilasi tarixi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Adib yaratgan syujetlar uning o‘zi boshidan kechirgan, bolaligining beg‘ubor osmonlarini quyuq bulutlarga to‘ldirgan voqelikning hayotiy fabulasidir. Taqdiri azal uning manglayiga baxtsiz bolalikni bitgan edi. Zero, tosh asrida ham, quldorlik va feodalizm sharoitida ham xunrezliklar, zo‘ravonliklar, vayronagarchiliklar bo‘lib turgan, biroq bularning hech biri ko‘lami, tragizmi va bardavomligi bilan XX asrdagidek bo‘lmagan edi.

Chingiz Aytmatov yaratgan xarakterlarning ko‘pchiligi yolg‘iz, yetim, o‘gay va kimsasiz… Yozuvchi deyarli barcha asarlarida ushbu motivlarga qayta-qayta murojaat qilganini ko‘rish mumkin. Masalan, “Yuzma-yuz”da Beksoat kampir, ya’ni urushdan qochib kelgan Ismoilning onasi kelini Saidaga oilasining tarixini so‘zlab beradi: “Endi o‘ylasam, qanchadan-qancha azob-uqubatlar chekmadik, bir umr taqdir bizga soya soldi. Bolalarim o‘ldi, erim o‘ldi, akalarimni quloq qilishdi, jamoa xo‘jaligida tongdan tonggacha ishlab, keksayib, kasalmand bo‘lib qoldim”. “Jamila” qissasidagi Doniyorni muallif bunday tanishtiradi: “Keyin bilishsa, Doniyor asli shu yerlik ekan. Aytishlaricha, u yoshligida yetim qolib, har kimlarning eshigida yurgan, oxiri Chaqmoqdagi qozoq tog‘alarinikiga ketib qolgan, shu-shu bolani izlab borgudek bironta ham jonkuyari bo‘lmagan ekan”.

“Sarvqomat dilbarim”dagi Ilyos yetimxonada o‘sgan. “Birinchi muallim”dagi Duyshen – ocharchilik yillari ovuldan ketib, bir muddat temir yo‘lda ishlab, so‘ng dom-daraksiz yo‘q bo‘lib ketgan o‘sha Toshtanbekning o‘g‘li.

“Ota men senga yodgorlik o‘rnatolmadim. Sening qayerda dafn etilganligingni ham bilmayman. Ushbu asarimni, otam To‘raqul Aytmatov, senga bag‘ishlayman…”

“Somon yo‘li” asarida epilog o‘rnida kelgan ushbu bag‘ishlovning boshlamasidan ayon bo‘ladiki, asarga asos bo‘lgan davr voqeligi qahramonlarga oson va ravon taqdir yo‘llarini ravo ko‘rmasligidan kitobxonni ogohlantirgandek bo‘ladi.

Ushbu misollardan ko‘rinib turibdiki, Chingiz Aytmatov o‘zining, ota-onasining, uka-singillarining hayot yo‘llarini qahramonlariga ulashib chiqqan. XX asr qirg‘iz xalqining hayoti Aytmatovlar oilasining taqdiri misolida tipiklashgan.

Chingiz Aytmatov yaratgan har bir xarakter asarga o‘zining o‘tmishi bilan kirib keladi. O‘tmish bu xarakterlar uchun xotiralar taftida isinib, birpas tin olgach, bir manzildan o‘zga manzilga, bir faoliyatdan boshqa bir faoliyatga yo‘llovchi o‘ziga xos adabiy bekatdir. Ular davr suronlari aro o‘zligini izlashadi.

Baxtsiz muhabbat motivi adib asarlarida tez-tez uchrab turadi. Tanaboy va Bibijon, Rayimali oqin va Begimoy, Edigey va Zarifa munosabatlari alohida-alohida armon va o‘kinch shevasida bitilgan mungli, mahzun muhabbatnomalardir. Bir-biriga o‘xshamagan, bir-birini takrorlamaydigan bu sevgi qissalaridagi juftliklarning har biri o‘zlaricha baxtsiz. Ularni birlashtirib turgan sevgi rishtalari ayriliqqa tutashaveradi. Yozuvchi oila, muhabbat, burch masalalarini talqin etganda sharqona mentalitetga tayanadi. Tabiiyki, g‘arb yozuvchisi bu masalalarni boshqacha talqin etgan bo‘lardi.

Chingiz Aytmatov poetik uslubining yana bir jihati – uning personajlari ko‘pincha tabiiy ofat sinovlariga duch keladi. Kutilmaganda yog‘ib qoladigan jala, qor, suv toshqini va boshqa tabiat hodisalari shusiz ham murakkab vaziyatni yanada chigallashtirib yuboradi, syujetning yangi bir tarmog‘ini yuzaga keltiradi. “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” to‘laligicha ana shu konsepsiya asosiga qurilgan. Bu asarda yozuvchi uchun qadrdon bo‘lgan tog‘u dashtlar adabiy makoni okeanga ko‘chiriladi. To‘rtovlon qayiqda ovga chiqqanda okeanni quyuq tuman qoplaydi. Yulduzlar yo‘l ko‘rsatmaydi, tumanni tarqatish uchun shamol ham esmaydi. “Cheksiz zulmat qo‘ynida adashib qolgan yolg‘iz qayiq va undagi azob-uqubatdan, ochlikdan, tashnalikdan tinka-madori qurigan odamlar tuman ichida bir joyda aylanishlar, noma’lum qismat va umidsizlik changalidan chiqolmas edilar…” Yozuvchi shunday bir tragik vaziyat yaratadiki, qahramonning birgina so‘zi, birgina harakati uning kim ekanligini yarq etib namoyon qiladi. Okeanning suvi sho‘r – ichib bo‘lmaydi, chuchuk suv tugayozgan, yegulikka esa quritilgan sho‘r baliq qolgan, xolos. Tuman tarqab, sohilga yetguncha bola – Kiriskga suv yetar-yetmas. Bolaning yashab qolishi uchun avval bobosi, keyin tog‘asi, so‘ng otasi o‘zlarini qurbon qiladilar – inon-ixtiyorlarini cheksiz zulmat va suv qoplagan bahrga topshiradilar.

Chingiz Aytmatov realist ijodkor. Ammo uning realizmi mifologiya, xalq og‘zaki ijodi, diniy syujetlar va motivlar, fantastikaga to‘yingan. “Musibat pallalarida bir og‘iz aytilgan gapning tagida undan necha barobar ko‘p haqiqatlar aytilmasdan turadi”, deydi “Sarvqomat dilbarim” asari qahramonlaridan biri. Agar adib ijodini sho‘ro davri musibatlari tarixi deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan juda ko‘p haqiqatlar uning uslubiga jilo bergan ertak, rivoyat, miflarning qat-qatiga singdirib yuborilganligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Chingiz Aytmatov fenomenini yuzaga chiqargan yana bir jihatga e’tibor qaratish zarur. Buyuk yozuvchi adabiyotga yangi insonni, yangi xarakterni olib kirdi. Bu inson obrazi o‘zining yaqin salaflaridan farqli o‘laroq kurashchan, jangovar hamda muayyan g‘oyalar yalovbardori emas, balki kichikroq bir jug‘rofiy hududda o‘zligini, jamiyatdagi o‘rnini izlayotgan inson. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari u bilan deyarli bir vaqtda yaratilgan Gabriel Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asari shu jihatlari bilan bir-biriga juda o‘xshash. Realizm va mifologiyaning uyg‘unligi, parallel holda kechishi har ikki asar uchun xos xususiyat. Bundan tashqari, har ikki asarning voqea-hodisalari sivilizatsiyadan chetroq, ovloq makonda kechadi. “Yolg‘izlikning yuz yili” qahramonlari Makondoning to‘rt tarafi suv bilan o‘ralganligini anglab, tamaddundan chetda chirib, nom-nishonsiz yo‘qolib ketmaslik uchun u yerdan chiqishga harakat qilishadi. “Oq kema” qissasi qahramonlari esa o‘z makonlari – o‘rmon xo‘jaligidan chiqib ketishni xayollariga ham keltirishmaydi. Chunki ularni sivilizatsiyaning o‘zi shu ovloq go‘shaga uloqtirib tashlagan.

Uzoq asrlar davomida chorva ortidan yaylovdan toqqa, tog‘dan yaylovga ko‘chib yurgan kishilar uchun shahar hayoti zerikarli, diqqinafas. Shu bois hech qanday kuch ularni o‘z makonlaridan chiqarolmaydi. O‘rmon xo‘jaligida bor-yo‘g‘i uchta oila: Mo‘min chol kampiri va nevarasi bilan, O‘rozqul xotini Bikey hamda Seyidaxmed xotini Guljamol va qizchasi bilan yashashadi. “Oq kema”ning arxitektonikasi shunday qurilganki, personajlarning birortasi o‘zlari yashab turgan mikro hududdan tashqariga chiqib ketolmaydi: hamma bir-biriga begona bo‘lsa-da, hamma bir-biriga ko‘rinmas ip bilan bog‘lab tashlangandek.

Syujet oddiy: johil O‘rozqul har gal mast bo‘lib, farzandsizligi uchun xotinini kaltaklaydi, Mo‘min chol – tabiatan mute, qo‘lidan hech ish kelmay, titrab-qaqshab iztirob chekadi, O‘rozqulga yalinib-yolvoradi. Bir chekkada bularni kuzatib turgan bola esa yig‘lab, o‘zining ertaklar dunyosiga talpinadi. Qissada keltirilgan shu real hayot manzarasi bilan parallel ravishda kiritilgan rivoyat tufayli asar syujetidagi xronotop, ya’ni makon va zamon kategoriyasi cheksiz kosmik miqyoslarga ko‘tariladi. Rivoyat qirg‘iz xalqining kelib chiqish tarixidan boshlanadi. Rivoyatdagi ramziylik bois o‘tmish va kelajak bugunning chorrahasida tutashadi. Tabiatan mo‘min bo‘lgan, ertak va rivoyatlarga yosh boladek ishonadigan, ko‘z yoshi qilib tinglaydigan chol – fojialar girdobida yashaydi. Real voqelikdan zada bo‘lib, ertaklar olamiga singib borayotgan bola – o‘tmish va kelajakni bog‘lab turgan ko‘prik. O‘rozqul esa johillikning timsoli. Jaholat esa, barcha zamonlarda qurbonlik talab qilgan. Bola shu jaholat qurboni edi.

Mo‘min bobo bu hayotda nimagaki erishgan bo‘lsa, barchasi zavol topdi. O‘g‘li urushda halok bo‘ldi, xotini uning dog‘ida vafot etdi, kichik qizi bolasini unga qoldirib, shaharga ketib qoldi. Katta qizi Bikeyning ahvoli esa bu. O‘zi esa keyingi kampirining qarg‘ishi va O‘rozqulning zug‘umlarini yutib yashashga mahkum. Bu fojialarning ko‘lami keng, bu fojialarning poyoni yo‘q. Bular kamlik qilgandek Mo‘min boboning shoxdor Ona Bug‘uga – xalqining xaloskoriga, o‘zining o‘tmishiga, bolaning kelajagiga o‘z qo‘llari bilan o‘q uzishi shunday hayotiy mantiq bilan asoslanganki, hech qanday fantastik tafakkur kuchi bilan ham bu haqiqatni rad etib bo‘lmaydi.

Sobiq sho‘ro adabiyotida Chingiz Aytmatov ijodidan ta’sirlanmagan nosirlar kam topiladi. Syujetni tarmoqlantirishda, xarakter xususiyatlari va qahramon psixologiyasini ochishda, real hayot va mifologiyani uyg‘unlashtirishda, peyzaj va portet chizishda, intrigalarni kuchaytirish va konfliktni o‘tkirlashtirishda, xullas, odam va olamning badiiy manzaralarini tasvirlashda o‘zbek yozuvchilari ham Chingiz Aytmatov saboqlaridan bahramand bo‘lishdi.

“Qanday yashash kerak?” – degan savolga hayot, tarix, dinlar, madaniyatlar, shaxslar, falsafa, sharoit va muhitning javoblari, talqinlari turlicha. Ch.Aytmatovning qahramonlari ana shu boshqotirma javoblar labirintida doimo yo‘l izlashadi. Shunisi muhimki, har qanday davru sharoitda ham inson sha’ni va nomiga dog‘ tushirmaslik kerak degan g‘oya yozuvchi yaratgan aksariyat xarakterlarning qon-qoniga singdirib yuborilgan. Turli-tuman kasb-korga, individual hayot yo‘llariga, xarakterga ega rang-barang oddiy kishilar obrazining Chingiz Aytmatov nasrida paydo bo‘lishi, birinchidan, adabiyotni real hayotga yanada yaqinlashtirgan bo‘lsa, ikkinchidan, turli milliy adabiyotlarda ana shunday muayyan hayotiy maqsadlar va dardlar bilan yashayotgan “kichik”, “ko‘p qatori” obrazlar asrini boshlab berdi. Keyingi davr ijodkorlaridan T.Murodning Ziyodulla, Dehqonqul, E.A’zamning Berdiboy, Bakir, X.Sultonovning Adash Karvon, B.Qobulning asarlaridan asarlariga ko‘chib yuradigan Bolakay kabi bir qator obrazlar shular jumlasidan.

Chingiz Aytmatov Mo‘min chol timsolida davr voqeligi ezib, abgor qilgan inson obrazini yaratgan edi. Keyinchalik romanlarida aks ettirgan manqurt, iks zurriyotlar g‘arbu sharqda, shimolu janubda kechgan, kechayotgan voqelikning badiiy umumlashmalari, nazarkarda adibning karomatlari bo‘lib qoldi.

“Kassandra tamg‘asi”ga kelib yozuvchi o‘zlikdan, qadriyatlardan voz kechishning fojiaviy oqibatlari global miqyoslarga chiqqanligini ko‘rsatadi. Krilsov o‘z laboratoriyasida undirilgan embrionlardan mahkuma ayollarning bachadonlarida ko‘plab iks zurriyotlar, ya’ni ota-onasi ham, aka-ukalari ham, tog‘a-jiyanlari ham, xullas, birorta qarindosh-urug‘i yo‘q bolalarni yetishtira boshlaydi.

XX asrning oxirgi o‘n yilligida kechgan tarixiy jarayon – bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o‘tish boshqa ong qirralari kabi badiiy adabiyotda ham ijtimoiy fikrning salmog‘ini oshirdi. Shulardan kelib chiqib, Chingiz Aytmatov uslubidagi ikki asosga e’tibor qaratmoq zarur. Qissalarida tabiat va tabiatga yaqin xarakterlar kashf etilgan bo‘lsa, romanlarida jamiyat va shaxsning ijtimoiylashish jarayonlari kuchayganligi seziladi. Hozirda ana shu ikki asosning turli xil kombinatsiyalaridan rang-barang asarlar yaratilyaptiki, bu alohida tadqiqot mavzusidir.

Bu asarlarida oxirzamon alomatlari o‘zining butun mahobati bilan gavdalanadi. Shu bilan birga, yozuvchi inson umrining poydorligi va bardavomligiga, insoniyat kelajagiga umid bilan qaraydi, ana shu umidvorlik eng og‘ir damlarda ham uning qahramonlariga taskin va dalda beradi: “Inson o‘ylari bilan Dengizga va Osmonga tenglasha oladi. Shu o‘ylari bilan u tabiatning abadiy qudrati oldida o‘zining mavjudligini isbotlaydi, shu bilan inson koinotning teranligi va yuksakligiga munosib bo‘la oladi. Shuning uchun inson hayot ekan, u ruhan dengizday qudratli,  osmonday cheksiz: chunki o‘y-xayolotning cheki yo‘q. Agar inson o‘lsa, uning o‘y-xayollarini boshqa bir inson davom ettiradi, u ham o‘lsa, keyingisi va hokazo, bu hodisa cheksiz davom etaveradi…”

Inson irodasi va sha’niga tiklagan badiiy obidalari tufayli Chingiz Aytmatovni ko‘pchilik ilm va ijod ahli Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov, Gabriel Markeslarga qiyoslaydi. Bu to‘g‘ri. Chunki har bir davr o‘z g‘oyalarining ifodasi o‘laroq ana shunday mutafakkirlarni tarix sahnasiga olib chiqadi.

Tasavvuf talqiniga ko‘ra, olamning yaratilishidan maqsad – inson, insonning yaratilishidan maqsad komil insondir. Komillikka yo‘l – shodu xurramlikka yo‘l emas, qayg‘uga safar, musibatlarga safar. Haqiqiy talantning hayot va ijod yo‘li ham xuddi shunday – mashaqqat va zahmatlardan yaraladi, o‘zlikni anglash va tinglashga da’vat etadi, ma’naviy poklanish va yuksalishga chorlaydi.

Ana shu azaliy va abadiy haqiqatni Chingiz Aytmatov o‘z asarlari bilan hayot va davr tasdig‘idan o‘tkazdi.

 

Shavkat Hasanov,

filologiya fanlari doktori.

1967 yili tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Doston va lirika”, “Zamonaviy doston poetikasi”, “Doston tarkibi va tabiati” monografiyalari nashr qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.