Yurak aldamaydi

0
64
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Hali olis o‘sha qutlug‘ kun,

Parvozingni baland ol, yurak!

Kurashlarda yengmog‘im uchun

Uzoq umr ko‘rmog‘im kerak.

Mashrab BOBOYEV

 

Kasalxonada davolanish uchun yotganimda yuragimni kardiogramma qilishdi. Uni ko‘zdan kechirgan doktorlardan biri: “Siz tik oyoqda infarkt o‘tkazib yuborgansiz. Mana bu chandiqlar infarktning belgisi”, desa, ikkinchisi: “Hech qanday infarkt o‘tkazmagansiz. Men uning alomatlarini ko‘rmayapman. Kardiogrammadan ko‘rinib turibdiki, yuragingiz tez urarkan, xolos”, deb tashxis qo‘ydi.

Aslida har kim o‘z yuragining tabibi. Shu bois tashxisni ham o‘zi qo‘ygani durust.

Kutilmaganda kimdir zo‘r berib, yuragimga mix qoqayotanday qattiq sanchib qoladi. Unga ohista qo‘limni qo‘yaman. “Xudojonim, o‘zing asragin”, – deyman shivirlab.

Ba’zan yaxshi voqealarni eshitib, yuragim hapqirib, tez-tez ura boshlaydi. Ba’zan yomon, ko‘ngilsiz voqealardan “xo‘mrayib qoladi. Yana unga tasalli beraman; “Shoshilma, hovliqma, yurakjon, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p”, deyman.

Do‘stlarim, tanishlarim, o‘zlariga yaqin oladigan birodarlarim ko‘pincha tanbeh beradilar:

– Har narsaga kuyinaverish yaxshi emas… Bo‘lar-bo‘lmas gap-so‘zlarni ham yurakka olavermang… Ko‘pam jizzaki bo‘lmang… Bularning hammasi yurakka og‘irlik qiladi… Yurakka tosh ortishning nima keragi bor?!

– Eh, Fazliddin, Fazliddin yuragingga rahming kelmaydimi? – deydi yana bir og‘aynim holimga astoydil achinib. – Qo‘y, shu o‘t-olov fe’lingni, nuqul to‘g‘rilik, to‘g‘rilik, adolat, deb yonaverma! Haqiqatning yo‘li olis va mashaqqatli, uning manziliga yetish oson emas. Adolat manziliga yetish uchun odamga bitta yurak kamlik qiladi.

Shunday paytlarda o‘zimdan ham ko‘ra, yuragimga juda-juda rahmim keladi. Yuragim ozor chekkan voqea-hodisalar, azobli lahzalar yodimga tushaveradi. Eslagan sayin yana yuragim siqilaveradi. Yurakka achinaman. Bu og‘ir va mashaqqatli yo‘lni yurak juda erta tanlagan bo‘lsa nima qilay?

Olti yoshda edim. Kech kuz mahali. Buvim, onam eshiklarni bekitib, meni hovliga qorovul qilib, o‘zlari paxta terishga ketishardi. O‘shanda paxta siyosati og‘ir davrlar edi.

Bir kuni hovlida o‘ynab yursam, ochiq darvozamizdan besh-olti kishi shaxdam yurib kirib keldi. Bitta gavdalisining boshida harbiyga o‘xshash shapka, yelkasidagi pagonlari to‘la katta yulduzlar. Bir pakana semiz odam: “Uyda kim bor”, deb so‘radi. Men hammalari paxta terishga ketganini aytdim. Shunda u:

– Buving bilan onang paxta sitadimi, – deb savol berdi.

– Ha, sitadi, – dedim bilag‘onlik qilib.

– Sitgan paxtalarini nima qiladi?

– Yig‘ilgan ko‘rpachalarning orasiga tiqib qo‘yadi…

– Bizga ko‘rsatasanmi?

Bitta derazamizning tavaqasi yaxshi bekilmasdi. Nomiga yopib qo‘yilardi. Shartta borib derazani ochdim va undan oshib tushib, sitilgan paxtalar bekitilgan ko‘rpa-ko‘rpachalar yig‘ib qo‘yilgan joyni ko‘rsatdim. Haligi odamlar orasidan bitta ozg‘in kishi derazadan oshib ichkariga kirdi. Ko‘rpalar orasiga qo‘lini tiqib, bir necha siqim sitilgan momiq paxtani olib, cho‘ntaklariga soldi.

– Chigitlarini nima qiladi, – deb so‘radi u.

– Mollarga beramiz, – dedim xursand bo‘lib. Lekin ikki ko‘zim milisami, harbiymi kiyimidagi odamda edi. Uning vajohati qo‘rqinchli edi.

Ular ketish oldidan otamning ismini so‘rashdi. Bu savolga ham darhol javob berdim. Paxtani cho‘ntaklariga solgan kishi etigi qo‘njidan buklangan daftar olib, nimadir deb yozdi. Ke­yin bilsam otamning ismini yozgan ekan.

Qosh qorayganda buvim bilan onam paxta terimidan horib-tolib kelishdi. Ikkovlarining yelkalarida ikki fartuk o‘t. Ular qo‘l-yuzlarini yuvmasdan, bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay, xursand bo‘lib gapirib berdim. Hatto o‘sha semiz amaki bir dona konfet berganligini ham maqtanib aytdim. Ikkovlarining ham rangi o‘zgardi. Buvim indamadi. Onam og‘ziga kelgan “yaxshi” so‘zlar bilan rosa ta’zirimni berdi. Shunda noto‘g‘ri ish qilganimni tushundim. Endi kech bo‘lgan edi…

Otam o‘sha oqshom ishdan qaytmadi. Aytishlaricha, u kishini sovxoz idorasiga chaqirib, o‘sha joydan militsiyaga berib yuborishibdi. O‘n besh kundan so‘ng rang-ro‘yi bir ahvolda uyga kirib keldi. Otam ozib-to‘zib ketgandi.

Otamni ko‘rib, yugurib borib salom berdim. Har doim salomimga alik olib, “Fazliddinjon erkatoyim, aqlligim” deb erkalaydigan otam, bu gal indamay keldi-da, zarb bilan bir tarsaki urdi. Tarsaki shu qadar qattiq ediki, supaning pastiga uchib ketdim. Otam indamay uyga kirdi. Bu to‘g‘rilik uchun olgan birinchi yuksak mukofotim edi…

O‘shanda qo‘rquv iskanjasida qolgan jajji yuragimning ahvoli nima kechganini bilmayman. U ham menga qo‘shilib tarsaki zarbidan yig‘lagandir, qo‘rquvdan dir-dir titragandir. Har qalay xursand bo‘lmagan bo‘lsa kerak…

Buvim bilan onam daladan terib kelib, sitib qo‘ygan bir hovuch paxta “jinoyat” bo‘lsa, men uning sirini ochdim – to‘g‘risini aytdim. Agar o‘sha bir siqim paxta haqiqatga muhtoj bo‘lgan bo‘lsa, men o‘sha haqiqatni ro‘y-rost gapirdim. Lekin bundan jajji yuragim qanchalar ozor chekkanligini, unga ozor berganimni men nodon tushunmaganman. Nega tarsaki yeganimni ham ang­lab yetmaganman. O‘shanda sho‘rlik otamni o‘n besh kunga qamashganini ham bilmaganman.

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda yuragim tarixida bundan ham dahshatli voqea ro‘y berdi. Chunki yurak kutilmagan to‘qnashuvlar va og‘ir sinovlarga, har qadamda ro‘y beradigan tasodifiy voqea-hodisalarga tayyor turishi kerakligini men – yosh bola qayerdan ham bilay?..

Bobom mulla Jo‘ra qishlog‘imizning nomdor domlasi edi. O‘qituvchim Farida Shagayevaning eri sovxozimizning partkomi edi. Sho‘ro zamonida mulla bilan partkom mutlaqo chiqishmasdi. O‘qituvchim ba’zan menga: “Ha, mullaning bolasi. Bilib qo‘y, bobong yolg‘onchi, Xudo bilan qo‘rqitmasin, Xudo yo‘q!”, – deb do‘q urardi. Men o‘qituvchining bu gaplariga uncha parvo qilmasdim, bu gaplarning mohiyatini ham unchalik tushunib yetmasdim-da. Lekin Xudo borligini, Xudoyim hamma narsani ko‘rib turganini bobom qayta-qayta tushuntirgan edi…

Bobom menga arab alifbosi harflarini uyda o‘rgatardi. Bir kun nima bo‘ldi-yu, o‘sha arabcha alifbo harflari yozilgan varaqni o‘qituvchim – Shagayeva “O‘qish kitobi”m orasidan topib oldi. U meni baqir-chaqir qilib doskaga chiqardi.

– Mullaning bolasi mulla bo‘ladi. Nega arabchani o‘rganasan? Bobong xalq dushmani! Uni turmada chiritaman, – deb qulog‘imdan cho‘zib, ura boshladi. Bir mahal qulog‘imdan qon oqdi. O‘qituvchi shoshib qoldi… Qonni ko‘rib men ham qo‘rqib ketdim.

O‘sha kechasi issig‘im ko‘tarilib, alahsirab chiqdim. Tanam bilan birga yuragim ham qo‘shilib yondi.

Ertasi kuni bobom meni Karmanadagi doktorga olib bordi. Doktor esa militsiyaga yubordi. Bo‘lgan voqeani tergovchi yozib oldi. Oradan bir haftacha o‘tib, o‘sha jahldor o‘qituvchi, uning partkom eri va yana ikki-uch kishi sinfimizda majlis qilishdi. Majlisdan oldin o‘qituvchimiz, butun sinfni menga qarshi “qurollantir”di.

Majlis boshlandi. Meni doskaga chiqarishdi. Militsiya kiyimidagi kishi savol bera boshladi. Men yuragim dukillab javob qaytara boshladim. Shunda o‘quvchilar kutilmaganda butun sinfni boshlariga ko‘tarib, baqiroq o‘qituvchi o‘rgatgan “so‘z”larni bor ovozda to‘tiqushday takrorlashdi:

– Fazliddin tuhmatchi! Fazliddin tuhmatchi! Tuhmatchi!..

Men nima deyishimni bilmay doska yonida toshday qotib turardim. Nohaqlikka, jaholatga duch kelgan yuragim ham tosh qotgan edi. Uryaptimi-yo‘qmi, sezilmasdi. Hayotimdagi eng og‘ir va unutilmas bu dahshatli voqea mushtdaygina yuragimni jarohatladi.

“Tuhmatchi!” deb jar solayotgan sinfdoshlarimning ko‘zlariga umidvor bo‘lib, jovdirab qarardim. Ular esa ko‘zlarini olib qochishardi. Bir narsa aniq esimdaki, men mag‘rur turardim. Meni mardona tutib turgan narsa mag‘rur yuragim edi. O‘shanda haqsizlikni ko‘rib, avval yurak yig‘ladi, qon bo‘lib yig‘ladi. Keyin men yig‘ladim. Yuragim bu hammasi o‘yin ekanligini, o‘qituvchim sinfdoshlarimni qo‘rqitib shaytonning ishini qilayotganini yuragim yaqqol sezib turardi. U ko‘ksimda turib meni himoya qilar, tasalli berardi. O‘shanda yuragimning da’vati bilan ovozimni baland ko‘tarib: “Men tuhmatchi emasman. Ular tuhmatchi! Bu gaplarni ularga o‘qituvchi o‘rgatdi!” – dedim va chidolmay yig‘lab yubordim.

Keyin bobom bechorani ko‘p ovora qilishdi. Goh u, goh bu idoraga qatnayverib holdan toygan bobom sho‘rlik; “Xudoga soldim. Ularning jazosini Xudoyim bersin”, deb astoydil xafa bo‘ldi… Bir kecha uyg‘onib ketsam, bobom joynamoz ustida o‘tirib, Xudoga qayta-qayta iltijolar qilib yig‘layotgan ekan.

Ko‘p vaqt o‘tmay biz Jaloyir qishlog‘iga ko‘chib ketdik. O‘sha dahriy o‘qituvchidan ham, uning ashaddiy kommunist eridan ham qutuldik…

Oradan yigirma yilcha vaqt o‘tib, bir kuni “Toshkent – Buxoro” poyezdida Navoiyga ketayotsam, kupe eshigi ochilib bir yigit kirdi. U men bilan to‘rt yil birga o‘qigan sinfdoshim ekanligini aytib, o‘zini Baxtiyor, deb tanishtirdi. Ancha joygacha suhbatlashib ketdik. Gap orasida Baxtiyor o‘sha o‘qituvchimiz Farida Shagayevaning ruhiy azobdan telba bo‘lib qolganini, bobom yashagan uyning atrofida ko‘p marta aylanib yurganini ko‘rganini aytib berdi. Uning ashaddiy kommunist erini asrandi o‘g‘li chopib o‘ldirganini ham gap orasida qistirib o‘tdi. Bu sovuq xabarlardan aslo xursand bo‘lganim yo‘q. Aksincha, ularning ayanchli taqdirlariga achindim. “Xudojon, borligingga shukur…” Yuragim bu gal ham haq bo‘lib chiqdi…

Otam rahmatli biroz jahldor edi. Otam qanchalar jahldor bo‘lsa, rahmatli onam shunchalar ko‘ngli bo‘sh edi. Jahldor yurak bilan rahmdil yurakning til topib yashashi oson emasdi. Otamning qo‘li, onamning tili uzun edi. Bunday murakkab sharoitda har ikki yurakning mus­tahkam bog‘lovchilari, ashaddiy qo‘riqchilari va janjal bo‘lib qolganida davolovchi malhamlari biz, o‘nta farzand edik. Ularga qo‘shilib, bizning yuraklarimiz ham ozor chekardi, qiynalardi, bir-birimizga sezdirmay, ko‘rpaga o‘ranib yig‘lardik. Bularning barchasiga nochor yashashimiz kambag‘alligimiz sabab edi… Kambag‘alning yuragi hamisha yarim bo‘larkan, doim ko‘ngli o‘ksib yasharkan. Sabri tog‘larga teng ekan. Kambag‘alning o‘zi och, yupun bo‘lsa ham hamisha ko‘zi to‘q yurarkan. Onam menga ko‘proq mehribon edi. “Fazliddinjon katta o‘qishlarga kiradi, katta odam bo‘ladi”, deb ko‘nglimni ko‘tarardi. Onajonim niyat qilganday odam bo‘ldimmi, yo‘qmi bilmayman. Lekin u kishiga andak yordamim tega boshlaganda, onam sho‘rlik olamdan o‘tdi…

Otamning kostyumi ikkita bo‘lmay, oltmishga ham kirmay olamdan o‘tdi. O‘shanda yurak qon yutib zor-zor yig‘ladi. Ko‘z o‘ngimda ulkan tog‘ qulaganday edi… Oradan to‘qqiz yil o‘tib, onajonim ham qandli diabet kasalidan vafot etdi. Yurak to­butni bo‘zlab-bo‘zlab, yig‘lab-yig‘lab ko‘tardi. Go‘yo yurak bo‘m-bo‘sh huvullab qolganday edi. Ota-onam yashagan uyga borishga yurak endi shoshmaydi. Hovlida yurakni o‘ziga bog‘lab turadigan mehr-muhabbat rishtalari uzilganday edi.

Jigarlarim – ukam, biroz o‘tib singlim yurakni cheksiz alamlarga to‘ldirib, jarohatlab bizlarni tashlab ketdi. Yurak yana parcha-parcha bo‘ldi, chok-chokidan sitildi…

 

O‘qishga kirolmadim. Bir ball yetmadi. Shu bir ballni deb yuragim zil ketdi, juda-juda ozor chekdi. Dunyo ko‘zimga zulmatday ko‘rindi… Qishloqqa qaytmadim. Zavodga ishga kirdim. Hayotimda navbatdagi sarson-sargardonlik va uqubat yillari boshlandi. Yuragim ham galdagi tashvishlar girdobiga sho‘ng‘idi. U ham menga qo‘shilib ozor chekayotgan edi…

 

Yolg‘iz o‘g‘limni bir yosh uch oyligida barmog‘ini kalamush tishladi. Kalamushlar in qurgan Un zavodining omonat uyida yashardik. Hayotdagi kalamushlar yetmaganidek, uyimiz ham to‘la kalamush edi. Bu ablah kalamushlar farzandimning emas, go‘yo mening yuragimni tishlab ketdi. Uning tikonday o‘tkir tishlari bolamning barmoqlariga emas, mening yuragimga sanchildi. Yuragimdan daryo-daryo qon oqdi. Bolamning novdaday chiroyli barmoqlari tuzalguncha yuragim qon ichida qoldi. Bu nohaqlikka chiday olmagan yuragim bolamni kalamush tishlagani haqida doktorlar xulosasi yozilgan ma’lumotnomani olib, ariza bilan turli katta-kichik idoralarga murojaat qildim. Hech qanday natija bo‘lmadi. Ayrim katta eshiklar ortida o‘tirgan tosh yurak amaldorlar qabul ham qilmadi. Balki ularda yurak bo‘lmasa kerak.

Yurak da’vati bilan o‘sha davrda “najot qal’asi” bo‘lgan Moskvaga xat yo‘lladim. Qisqa vaqt ichida haq qaror topdi. Birgina xat sabab biz bilan omonat barakda yashayotgan ko‘plab oilalar yangi uyli bo‘lishdi. Xat yozganim uchun nozik idoralardan ancha-muncha tanbeh eshitdim…

Bir gal yuragim juda og‘ir tuhmat girdobida qoldi. “Ustoz, ustoz” deb yurgan bitta muttaham ochiq-oydin, ko‘zlarimga tik qarab tuhmat qildi. Tuhmatdan yuragim gangib qoldi. Tuhmat yomon ekan; nima qilishimni bilmayman. Har safar yuragimda ishonch bilan tergovchi huzuriga borganman. Menga qo‘shilib yuragim bo‘zlaydi. Tergovchi insofli ekan. Ishni adolat bilan ko‘rib chiqdi. Adolat qaror topdi. Tuhmatchiga hukm o‘qildi. Yuragim ozodlikka chiqdi. Bu xudoyimning cheksiz marhamati edi. Har gal fotiha o‘qilganda yuragimga qo‘shilib; “Quruq tuhmat balosidan o‘zing asragin”, deb doimo Yaratgandan so‘rayman…

Yuragimga bu ozorlar yetmaganidek, o‘ta byurokrat va ashaddiy bir poraxo‘r Rahbarga o‘rinbosar bo‘ldim. Yuragim qayta qiynoqqa tushdi. Sohadan ancha yiroq, hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan bu maymunsifat rahbar ham yuragimni nishonga oldi. Uning bema’ni ish uslubi, qo‘pol xatti-harakatlari, tahlikali yurish-turishi, hatto minbarni ushlab so‘zlashi Stalinni eslatardi. Ichimda “Stalin o‘lmagan”, derdim. Faqat uning mo‘ylovi yo‘q edi. U majlislarda qassobning itiday quturib ketardi. Quturganda ho‘lu quruq barobar yonardi. U, asosan, xodimlarning yuraklariga zarba berardi. Uning zulmidan qancha-qancha yaxshi, samimiy, pokiza yuraklar ozor chekdi. Ayrim sofdil yuraklarga infarkt changal soldi.

U qamalganidan so‘ng ayon bo‘ldiki, xodimlarni qo‘rqitib, atrofdagilarning yuraklariga tahdid solib, davlatning katta mablag‘ini ajdarhodek yutayotgan ekan. Uni halol, pok va mehnatkash yuraklarning qarg‘ishi urdi…

Biz hozir yurak bilan ancha bosilib, bir-birimizga moslashib olyapmiz. Hayajonlanmasdan, baqir-chaqir qilmasdan gaplashishni mashq qil­yapmiz. Ba’zan u menga, men unga “aql” bo‘lamiz. Ahyon-ahyonda yuragim sanchib qoladi. Shunda unga chin yurakdan iltijo qilaman, yolvoraman. “Yuragim og‘rimasin, ozor chekmasin”, deb Xudoyimdan so‘rayman.

Bir safar uni chalg‘itish uchun andak suhbatlashdik.

– Nega xomushsan?

– Atrofda bo‘layotgan ayrim voqea-hodisalarni, ba’zi odamlar xatti-harakatida ro‘y berayotgan ko‘ngilsiz holatlarni tahlil qilolmayapman. Go‘yo kuchim yetmay, gangib qolyapman, shekilli?

– Biror joying og‘riyaptimi? Ochiq ayt. Axir sen to‘g‘rilik va adolat yo‘lini tanlagansan-ku! Gapir, shunda yengil tortasan.

– Bilasanmi, to‘g‘risini aytsam, vujudim titrayapti.

Yurak shunday deb, chuqur uh tortdi va uzoq jim bo‘lib qoldi. U go‘yo to‘xtab qolganday edi. Qo‘rqib ketib, unga sekin barmog‘imni tekkizdim. Yurak yana tilga kirdi:

– Bilasanmi, menga ko‘proq ayrim odamlarning boylikka haddan ziyod mukkasidan ketayotgani, nafs va jaholat qurboniga aylanayotgani, pok va halol yuraklarga ozor yetkazayotgani azob beradi. Ba’zilarning boylik quliga aylanib borayotganidan tashvishdaman. Bunday ochko‘z yurak­larni ko‘rmasam, deyman. Nahotki, pok, halol yuraklar safi kamayib ketsa, deb juda qo‘rqaman. Boylik tufayli ota-bola, qon-qarindosh o‘rtasida nizolar avj olyapti. Ba’zan nopok yuraklar toza yuraklarni toptayapti, badnom qilyapti, ezib tashlayapti. Boylik kimning qo‘lida to‘p­lansa, kuch ham, zulm ham uning hukmida bo‘ladi. Odam qancha kuchli, irodali bo‘lmasin, boylik oldida ojiz kimsaga aylanadi. Boylik odamni mansabga ko‘taradi, kerak bo‘lsa tuproqqa ham qoradi… Boylik – ajdarhoning og‘zidagi olov, boylik – ilonning zahri; ozi davolaydi, ko‘pi halok qiladi…

Shu so‘zlarni aytib yurak tez-tez ura boshladi. Uning toliqqanini sezib, tinchlantirishga urindim.

– Ko‘p tashvish chekma, hadeb kuyinaverma. Sen vahima qilganingdek barcha halol yuraklar nopok yo‘llardan yurmaydi, boylikning bandasiga aylanmaydi. Qoni toza, imoni mustahkam yurak­larni sotib olib bo‘lmaydi. Yaxshi fidoyi va pok yuraklar bor ekan, halollik, adolat hamisha tantana qilaveradi…

Yurak me’yorida ura boshladi va qisqa gapirdi.

– Bilaman, dunyo yaxshilarning mehr-muhabbati bilan barhayot! Yaxshi yuraklar safi kengayaversin!

Savol berib, yurakni boshqa bezovta qilmadim…

Endi so‘zni muxtasar qilish lozim. Qiynalgan yurakni yana azobga qo‘yish insofdan emas. Bu voqea-hodisalar shijoat va jasorat bilan mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurak hayotidan olingan ayrim jonli xotiralar, xolos. Endi yurak faoliyati bilan bog‘liq qisqa metrajli yoki bir lahzalik voqealarga batafsil to‘xtalib o‘tirmaymiz. Bunday ko‘ngilsiz ishlar sochimdan-da serob…

O‘ylab qarasam, yurakning jo‘shqin va maroqli hayoti, unutilmas yaxshi kunlari, betakror bayramlari, quvonch va iztiroblari haqida “Ming bir kecha” ertaklariday jild-jild kitob yozish mumkin ekan. Yurak chidab bersa bas!

Ana shunaqa gaplar. Bolalikdan to‘g‘rilikka o‘rgangan, adolat yo‘lini tanlagan yurakni endi o‘zgartirib bo‘ladimi? Aslo!

Ba’zan yuragimda zahmatkash otning dupur-dupuri eshitiladi. Ba’zan haybatli arslonning o‘kirishi quloqlarni qomatga keltiradi. Goh yuragimda bulbul nola qilsa, goh burgut ulkan qanotlarini yozib uchishga shaylanadi.

Yuragim, yurakjonim, hali sen bilan qiladigan ishlarimiz juda ko‘-o‘p. Sen suyanch tog‘im, mo‘l hosilga to‘la bog‘im, qaynab turgan bulog‘im bo‘l!..

Yurakjon, senga tashxis qo‘yishga shoshilmaylik. Sen o‘z ahvolingni o‘zing juda yaxshi bilasan. Yurakni tanlagan yo‘lidan qaytarib bo‘lmaydi. Men senga ishonaman. Yurak aldamaydi.

 

Ashurali JO‘RAYEV

 

1956 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi O‘zDMS) tamomlagan.

“Toshbaqalar poygasi”, “Yurak bo‘ronlari”, “O‘q uzgan kim?”, “Tanimading-a?”,

“Sahifaga sig‘magan satrlar”, “Maysalar uyg‘ongan tong”, “Konvert odam” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.