Şeʼr doyasi – dard. Ulkan dard bölmagan joyda ulkan şeʼr ham dunyoga kelmas. Uluğlarimiz DARDning yoniga SÖZni ham qöşganlar. SÖZ – yoniş demakdir. DARD-U SÖZ – şeʼriyatning eng mumtoz namunalari ana şu ikkilik uyğunligi hosilasi. Biroq şeʼrni tafakkur osmoniga, ruhiyat köklariga yuksaltguvçi bu ikkilik qalam tutganning barçasiga ham berilavermaydi. Bu neʼmatni orzu-intiliş yoki öqiş-örganiş bilan hosil etib bölmaydi, saylangan ijod odamlarigagina ato etiladi. Zamonamiz şoiralari orasida Yaratgan Egamning ana şunday tanloviga sazovor bölgan saodatmand qalam sohibalaridan biri Nodira Afoqovadir. Şoiraning şeʼrlarini har gal öqiganimda ana şu DARD-U SÖZ kuçini qalbdan his etaman.
Haqiqiy isteʼdod – Tangri taolo inoyati! Çinakam ijodkor faqat öz dardi bilan yaşolmaydi. Uning dardi özi mansub millat taqdiri, ona Vatan qismati, hatto başariyat orzu-armonlari bilan çambarças boğliq böladi. Şodlik unga begona ekani sababi şunda. Mana bu satrlar ham uşbu fikrni tasdiqlaydi:
Şodlanmoqqa qöymas nimadir hanuz,
Pisand etmas Vaqtni. Sudralib kelar.
Qiçqirib, kul bölgan qaqnusmiz, qaqnus.
Qayta tuğilmoqqa yöl bermas ular.
Şodlanmoqqa qöymas nimadir hanuz.
Şeʼrdagi: “Bir xalqkim – özini va Haqni tanir” misrasi şodlanmoqqa yöl bermayotgan tuyğu – MILLAT DARDI ekani isbotidir. Şoiraning “Girya” şeʼri ham ana şu ulkan DARD-U SÖZdan dunyoga kelgan. Luğatda “yiği” maʼnosini beruvçi, xalq kuylaridan birining nomi ham sanalgan “girya” sözi sarlavhaga olingani bejiz emas. Şeʼr millat şoiri Abdulla Oripov vafotiga bağişlangan va sarlavha elimiz boşiga tuşgan oğir musibat, yiği kuni maʼnosini anglatadi.
Kimni sönggi yölga kuzatding, dunyo?
Sönggi yöl… Bunçalar örtaydi bu söz?
Imtiyoz yöq bunda,
Yöqdir istisno.
O, hayot…
O, ölim… Birday şafqatsiz.
Şeʼrning har bir sözidan va satridan çöng anduh silqib turadi: “Kimni sönggi yölga kuzatding, dunyo?” – uşbu misrada yöqotişning naqadar oğir ekani aks etgan. Nodira Afoqova sözning maʼno quvvatini inja his etadi, uni mahorat bilan qöllaydi. Ilk satrdagi “sönggi yöl” jumlasiga alohida urğu berişi boisi şunda. Bu sözning örtaş kuçi neçoğli baland ekani, unda heç bir tirik jon uçun imtiyoz ham, istisno ham yöqligi musibatning kölami qançalik katta ekaniga dalil etiladi. Şoira nazdida, şafqatsizlikda hayot va ölim bir-birini ortda qoldiradi.
“Kim edi bağrini kemtigan dard-mung/Közlarni tökisday kuydirgan har çoq” – ustoz Abdulla Oripovning asl siyrati aks etgan uşbu misralarda. Yaʼni zohiran tökisday, bekam-u köstday körinsa-da, deyarli bir umr hasad va iğvoga nişon bölgan, botinan ona elni, Vatanni öylab, bağrini dard-mung kemirgan buyuk şoir tiynatini, qismatini tölaqonli ifodalagan bu satrlar. Uluğ şoir “Puf desa loladay tözğigan elning” – uluğ maqsadlar yölida birlaşolmagan, buning jabrini mudom tortgan, tortayotgan millatning şikasta va dardnok kuyçi öğli bölgani çuqur hasrat bilan tasvirlangan şeʼrda.
Bir elkim, mastura gul ayollari
Oriflar, daholar tuğdi muttasil.
Yaloviga qadab kök hilollarin
Dunyoni nur sori burdi muttasil.
Aslida, bu elning mastura gul onalari ne-ne oriflar-u daholarni dunyoga keltirmagan deysiz. “Oriflar” sözida ustoz Abdulla Orifga ham işora borligi ifoda badiiyatini kuçaytirib yuborgan. Ajdodlarimiz bayroğiga qadalgan kök hilollari – şeʼrda bu tasvir orqali başariyatga hidoyat va maʼrifat yoğdusini ulaşgan bobolar keçmişi obrazli ifodalanadi. Dunyoni zulm va vahşatga emas, nur sari burgan ajdodlar zakosi yuksak badiiyat bilan tasvirlanadi. Lekin afsuski, bunday şon-şaraf davomli bölgan emas. Şeʼrning davomi şu haqda:
Bir elkim…Voh! Neçun bilmadi bu el
Haqqini, qadrini, şaʼnini.
Goh bildi. Jim turdi. Yer qildilar, yer!
Haqqini, qadrini, şaʼnini.
Bir elkim, eng asil öğlonlarini
Sotdilar, otdilar, etdilar badnom.
Goh qöşilib qurdi öz dorlarini,
Söng esa yiğladi çorasiz, nokom.
“Bir elkim…” – ona elga çeksiz muhabbat aks etgan bu jumlada. “Haqqini, qadrini, şaʼnini” misrasi takrori – muqarrar sanʼati şoira ijodiy niyatining öquvçi qalbiga çaqmoqday taʼsir qilişini taʼminlagan. “Voh! Neçun bilmadi bu el” – ona xalqining çigal qismatidan ökinç va kadar ifodalangan bu sözlarda. “Goh bildi. Jim turdi. Yer qildilar, yer!” – millatning erki barbod etilgan, şoni toptalgan zamonlar hasrati va nadomati şoira qalbidan vulqonday otilib çiqqan uşbu satrlarda. Asl öğlonlari otilgan, sotilgan, badnom etilgan, özi osilajak dorlarni qurişda qatnaşmoqqa, keyin esa çorasiz, nokom yiğlamoqqa mahkum qilingan el qismatidan çuqur iztirob aks etgan misralarni befarq öqib bölmaydi. Ular öquvçi qalbida titroq paydo qiladi.
Bir elkim, yöllari kuraşdir faqat,
Eʼtiqodga doir, şarafga doir.
Bu yöllar köksidan ötdilar, hayhot! –
Şularning barini kuyladi şoir.
Elning murakkab va ziddiyatli ötmişi tasviridan murod – millatning eʼtiqod-u şarafga doir kuraşlarini ham, xorlik va zabunlikda keçgan oğir qismatini ham köksidan ötkazgan va şeʼrlarida kuylagan buyuk şoir Abdulla Oripov umrining har bir lahzasi ona xalqi quvonç-u anduhlari bilan birlaşib ketganini anglatmoqdir.
Nodira Afoqova – olima sifatida Abdulla Oripov ijodining nuktadon tadqiqotçisi, şoira ölaroq, buyuk ijodkor şeʼriyati zamiridagi teran hayot falsafasi va yuksak badiiyatni butun kölami bilan his etuvçi inja tuyğular egasi. Umr yöldoşi katta adabiyotşunos va adib Ilhom Ğani bilan birga zamonamizning benazir mutafakkiri xonadonida sanoqsiz marta muloqotlarda bölgan oilaviy qadrdonidir. Butun umrini va yuksak ijodiy salohiyatini jonidan ham ortiq suygan ona xalqi va Vatanining saodati yöliga safarbar etgan buyuk şoir boşiga yoğdirilgan malomat toşlaridan köngli oğrigan, közi yoşlangan maslakdoşi hamdir. Mana bu satrlarda ayni mohiyat sanʼatkorona ifodalangan:
Kuyladi va yutdi malomatlarni,
Köksida samoviy yondi muhabbat.
Elimga ber dedi saodatlarni,
Yiğlasa, el uçun yiğladi faqat.
“Kuyladi va yutdi malomatlarni” satrida millatparvar şoir qismatidagi yuqorida zikr etilgan oğir kunlar butun kölami bilan aks etgan. Lekin şoir heç qaçon sinib qolmagan. Sababi, Nodira Afoqova aytmoqçi: “Köksida samoviy yondi muhabbat”. Haqiqatan, Abdulla Oripov yer odam emas edi. U – samoviy zotlardan edi. Şeʼrlarini öqing, yer unsurlaridan köra samoviy jismlar va falakka oid obrazlar karra-karra köproq ekaniga amin bölasiz. Yana muhim bir jihati: buyuk ijodkorlar faqat özi uçun yaşolmaydi. Ularning yuragi Vatan va millat dardi bilan uyğun uradi, qalbi el ğami sababidan hasrat çekadi. “Elimga ber dedi saodatlarni,/Yiğlasa, el uçun yiğladi faqat” misralarida ayni haqiqat mahorat bilan suvratlangan. “Bir elkim, tegirmon ezsa ham, hargiz/Aytmas dardlarini aytib ketdi u./Keldi-yu Insonga mahram, jigarsöz,/Söngra falaklarga qaytib ketdi u”. Çindan ham, Abdulla Oripov millatning dard-u iztiroblarini heç kim aytolmagan zamonlarda ham şeʼrga sola bilgan, özini el-u yurt saodati yöliga butkul bağişlagan şoir edi. Inson va uning mohiyatini qalam sohiblaridan kamdan-kamiga muyassar böladigan yuksak tafakkur va çöng mahorat uyğunligida talqin etgan benazir ijodkor edi.
Şoiraning giryasi quyidagiça xulosalanadi:
Kimni sönggi yölga kuzatding, dunyo?
Yöl… neçundir taskin beradir şu söz.
Boşimizdan uçsa uçgandir, ammo
Mangulik toqida yondi bir yulduz.
Şeʼr yakuni ham Nodira Afoqovaning söz sehrini neçoğli inja idrok etişi va sanʼatkorona qöllay olişidan, şeʼrni puxta kompozitsiya asosiga qurib, har bir kalimani badiiy mantiq zanjiriga qançalik mahorat bilan tiza bilişidan dalolat beradi. “Kimni sönggi yölga kuzatding, dunyo?” – xulosaviy band şeʼrning ilk satri bilan bir xil boşlanişi şunçaki tasodif emas. Bu – sanʼat. Şeʼr avvalida şoira “Sönggi yöl” jumlasiga urğu berib, hayot va ölimning şafqatsizligidan iztirobini ifodalagan bölsa, yakunda ayni jumladagi “Yöl” tuşunçasi mohiyatiga (Yöl… neçundir taskin beradir şu söz) diqqat qaratadi.
Ölim, aslida, yakun emas, mangulikning, abadiy hayotning ibtidosidir. Abdulla Oripov kabi buyuk mutafakkirlar hayoti, inçunun, moddiy umr bilan ölçanmaydi. Işonç bilan aytiş mumkinki, uluğ şoirning insonni kamolotga, jamiyatni yuksak taraqqiyotga yetaklovçi asarlari başariyat umri qadar yaşayajakdir. Şunga köra, salohiyatli şoiramiz Nodira Afoqovaning “Girya” şeʼri oğir yöqotiş anduhi barobarida mangulik sirini topiş saodati haqida hamdir.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
1966-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Maʼrifat nadir”, “Zamon, mezon, şeʼriyat”, “Adabiyot va milliy maʼnaviyat”, “Maoniy ahlining sohibqironi” singari kitoblari naşr etilgan.
2024/12
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


