Ma’naviy komillik tasviri

0
49
marta ko‘rilgan.

XX asrning so‘nggi choragidan e’tiboran nafaqat O‘zbekiston, balki mamlakatimizdan tashqarida o‘zbek tilida yaratilayotgan adabiyotda tub sifat o‘zgarishlari sodir bo‘ldi. Ammo adabiy aloqalarning ko‘ngildagiday yo‘lga qo‘yilmaganligi sababli o‘zbek o‘qirmanlari mavjud yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘la olmadilar. Endilikda adabiy aloqalar ham sezilarli jonlana boshladi. Qo‘shni qirg‘izistonlik o‘zbek yozuvchisi Rahimjon Karimov qalamiga mansub “Komila” nomli romanning O‘zbekistonda chop etilishini ana shu holatning jonli misoli sifatida ko‘rsatish mumkin1.

Rahimjon Karimov nomi o‘zbek kitobxonlari uchun yetarlicha tanish bo‘lmagani sabab adib haqida qisqacha ma’lumot berish o‘rinli. Yozuvchi, shoir, publitsist, tarjimon, Xalqaro rusiyzabon yozuvchilar federatsiyasining (London-Budapesht) Qirg‘izistondagi rasmiy vakili, “Oltin qalam–2003” tanlovi g‘olibi, Mo‘ldo‘niyaz nomidagi respublika adabiy mukofoti laureati Rahimjon Karimov birvarakayiga o‘zbek, qirg‘iz va rus tillarida ijod qiladi.

Uning she’r, novella, hikoya, qissa va romanlari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Literaturnaya gazeta”, “Yunost”, “Uchqun”, “Molodost”, “Yosh kuch”, “Ala-Too”, “Literaturnыy Kirgizstan”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Press-park”, “Kabar-Yug”, “Yujnыy rыnok”, “7x7”, “Vasha gazeta” kabi turli mamlakat nashrlarida bosilib chiqqan.

Yozuvchining “Rangli ro‘yo”, “Beshinchi farz”, “Hayvonot bog‘i”, “Komila”, “Xilqat”, “Xiyonat”, “La’li Badaxshon” kabi asarlari o‘zbek, qirg‘iz va rus tilida dunyo yuzini ko‘rgan. “Komila” romani 2005 yili Qirg‘iziston Milliy Kitob palatasi tomonidan uyushtirilgan “Kitob san’ati” respublika tanlovida “Milliy bestseller” deya e’tirof etilgan. Mazkur roman Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Buyuk Britaniya, Kanada kabi davlatlarda chop etilgan.

Nazarimda, dunyo kezgan “Komila”da ko‘tarilgan yetakchi fikr – inson ma’naviy mezonlarga xiyonat qilmay yashasa, Yaratganning marhamatiga, albatta, sazovor bo‘ladi, degan qarashdir. Odamzod tug‘ilibdiki, muammolar og‘ushida ularni bartaraf etish uchun kurashib yashaydi. Kurashdan, intilishdan to‘xtaganning o‘likdan farqi yo‘q. Romanda oddiy inson ruhiyati, dunyoqarashi va saviyasidan kelib chiqqan holda mukammallik va baxt sari intilishi tasvirlangan.

Roman Komilaning iztiroblari o‘ta samimiy aks etgani bilan ham diqqatni tortadi. Kitobni o‘qigan yurtdoshlarimiz qo‘shni mamlakatda yashayotgan o‘zbeklarning turmush tarzi, ma’naviy-axloqiy tutumlari haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Gap shundaki, kishi qaysi makonda, qanday jamiyatda umr kechirmasin, inson nomiga munosib yashasa, murodiga yetmay qolmaydi. Muallif romanda mana shu hayotiy haqiqatni ilgari surgan. Asar o‘qirmanni o‘z hayotini taftish qilishga, turmush tarzi qandayligini doim elakdan o‘tkazib yurishga yo‘naltiradi. O‘ylashga undaydi.

Mutolaaga kirishgan o‘quvchining ko‘nglidan: “Tug‘ilib, onasining diydorini ko‘rishga, ona sutining ta’mini totishga ulgurmagan murg‘akning aybi nima-yu, hayoti qanday kechadi?”, degan o‘y o‘tadi. Chaqaloqning onasi Gulandomning hayoti haqidagi qisqagina tasvir o‘quvchida dastlab unga nisbatan salbiy munosabat paydo qiladi. Lekin yozuvchi o‘qirman ko‘nglidagi bu munosabatni asta-sekinlik bilan kechirim tomon yo‘naltiradi. Bunga ilk urinish sifatida: “Tug‘uruqxonadagilar, u yerga kelib-ketayotgan yoshu qari kechadan buyon Gulandomning achchiq qismati, uning yetim qolgan go‘dagi haqida kuyinib gapirishar edi” tasvirini keltirish mumkin. Odamlar Gulandom haqda uni qarg‘ab yo g‘iybat qilib emas, aynan “kuyinib” gapirishlari o‘quvchi ko‘nglini yumshatadi, ayolga munosabatini ijobiy tomonga buradi. Bundan tashqari, Gulandom ruhining qizi va opasini tark etib ketolmagani, ya’ni suyanchiqsiz qolgan jigarbandlaridan xotirjam bo‘lolmagani, qizalog‘ini har xil balo-qazodan asrash yo‘lidagi kurashlari ham uni qoralamaslikka undaydi.

Asarda Maqsudning to‘yi bilan chaqaloq holatining yonma-yon tasviri yulduzchalar bilan ajratilgan holda kichik-kichik bo‘limlarda bayon etilgan. Bu esa o‘qirman tuyg‘ularini qo‘zg‘ashga xizmat qiladi. Ba’zi bo‘limlar ikkitagina jumladan iborat bo‘lsa-da, ularga katta bobning yuki ortilgan. Kitobxon asarda aks etgan bir qaltis  ruhiy holatning ta’siridan chiqib ulgurmay, undan kuchliroq ikkinchisi bilan yuzlashtiriladi. Shu bois o‘quvchi tuyg‘ulari muttasil almashinib turadi.

Hayot tarzi bir-biriga tamomila qarama-qarshi holda bo‘lgan ikki xonadonning muvoziy tasvirlanishi, ya’ni birining “atrofi eski-tuski chipta laxtaklar bilan bir amallab o‘rab qo‘yilgan”i, ikkinchisining esa “o‘n oltita xonasining har bir shiftiga qimmatbaho billur qandillar osilgani, devorlarining ko‘zni qamashtiradigan bejirim naqshlar bilan bezatilgan”i ham ruhiy bezovtaligini kuchaytiradi. Bu parallel oq-qora tasvirlar o‘qirman diqqatini matnga tamoman mixlaydi. Junbushga kelgan tuyg‘ular esa kitobxonda tabiiy ravishda, mustaqil fikr va munosabat paydo qiladi.

Ichganlari atala-yu, yeganlari chevati” degan jumlaning o‘ziyoq Komila ulg‘ayayotgan xonadon qay darajada nochor ekani haqida to‘liq tasavvur beradi. Bir qaraganda, bugun shu darajada yo‘qsil yashash mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Lekin Oybarchin opaning haddan tashqari soddaligi, hayot sinovlariga, uning qilvirliklariga mutlaqo tayyor emasligi o‘qirmanni ishontira oladi. Bu hol kitobxonni qishloq odamlarining turmush darajasi va buning sabablari haqida o‘ylashga majbur qiladi. Og‘ir oilaviy sharoitda umr kechirgan bolalarning ko‘pchiligi mehnatkash ekani, qiyinchiliklardan qo‘rqmasligi va aynan shuning ortidan yaxshi o‘qishga intilishi ham yasama ifodalardan xoli. Shunday muhitda katta bo‘lgan Komilaning oliy o‘quv yurtiga kirishga astoydil intilgani – hayotiy haqiqat.

Romanda Maqsudlarning hovlisiga suv ichgani kiradi. Shunda bolalardan birining do‘ppisi fontanga tushib ketadi. Do‘ppisini olib bergan odam esa otasi ekanini xayoliga ham keltirmagan Komilaning ko‘nglidan: “U murg‘ak qalbida dunyoda ilk bor erkak kishining bolalarga nima uchun kerakligini bolalarcha tafakkuri bilan his etdi” tarzidagi o‘y kechadi. Lekin shunday yoki shunga yaqin tuyg‘u Maqsudni bezovta qilmagani o‘qirmanda norozilik uyg‘otganday bo‘ladi. Ota bilan qizning ilk uchrashuvida yuz ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tuyg‘ular ifodasi berilganda asar ta’sirchanligi yanada ortardi. Muallif hayotda yuz berishi mumkin bo‘lgan holatni boriday ko‘rsatish bilan kifoyalangan. Ya’ni o‘g‘liga ergashib, hovlilariga kirib kelgan bolalardan biri bilan yuz bergan mazkur vaziyatda har qanday odam qilishi mumkin bo‘lgan xatti-harakat tasvirlangan, xolos. O‘qirman shu o‘rinda qandaydir ruhiy chaqnash yuz berishini kutadi. Asarda ota-onasiz katta bo‘layotgan Komilaning bu holatda his etgan jo‘ngina tuyg‘usi ham ishonarli. Bunday haqqoniyat hech qanday badiiy to‘qimaga hojat qoldirmaydi.

Komilaning go‘zal qiz bo‘lib voyaga yetgani, atrofida oshiqlarning girdikapalak bo‘lishi, bu haqda gap-so‘zlarning ko‘payishi tasviri sun’iy emas. Romanda o‘zbekning hamma joyda ham o‘zbek ekani ko‘rsatilgan. Bu hol Komilani onasiga o‘xshab yo‘ldan ozganlikda ayblaganligida yaqqol ko‘rinadi. Odatda, ota-onaning qilmishi uchun bolalar javob bermasligi kerak. Chunki ota-ona – og‘och, farzand esa – meva. Meva – og‘ochning mahsuli. Lekin, hayotda buning aksi bo‘lishi, kattalarning xatolari uchun bolalar, ko‘pincha, hayotlari, kelajaklari bilan, ruhiy og‘riqlar, iztiroblar bilan javob berish manzaralari yorqin bo‘yoqlarda chizilgan: “Ha, bu dunyo sirli bir xilqatki, ba’zan unda bir umr yashab o‘zing haqingda hech nima bilmasliging mumkin. Atrofingdagilar esa, aksincha, sen haqingda sendan ko‘ra ko‘proq narsalarni bilishadi”. Romanda ham yetimlik, ham onasining gunohlari, ham otasining vafosizligi qizning mushtday joniga juda og‘irlik qilishi g‘oyat go‘zal tasvirini topgan. Qizig‘i shundaki, Komila na onasidan yozg‘iradi, na otasini la’natlaydi. Adib asar qahramonini bunday kir tutumlardan baland ekanini tasvirlaydi. U Komilani o‘zi kambag‘al bo‘lsa-da, ichki dunyosi boy inson sifatida ko‘rsatadi. Asarning barcha o‘rinlarida qahramon o‘zi va o‘zligiga yarasha ish tutadi. Romanda ichdan baland, ruhiyati toza odamning o‘ylari, turish-turmushi, tutumi, hatto iztiroblari ham pokiza.

Asarda Komila haqida har xil g‘iybatlarni tarqatib yurgan kishilar u badavlat otaning farzandi ekani ma’lum bo‘lgach, hatto unga havas qilib maqtay boshlaydi. Odamzod tabiatidagi bunday tayinsizlik kitobxon ruhiy dunyosiga og‘riq bo‘lib kiradi. Ne-ne mashaqqatlar, ko‘ngil yaralari bilan katta bo‘lgan Komilaning yo‘q yerdan, xuddi ertaklardagidek, hayotiy bir tasodif tufayli otalik bo‘lib qolishi, boyning qiziga aylanishi o‘qirmanda biroz ishonchsizlik paydo qiladi. Ammo bunda Allohga muhabbat qo‘ygan, ko‘ngliga bu dunyoning kirlarini yuqtirmagan bandasini Yaratgan hech qachon tashlab qo‘ymasligiday bir haqiqatga ishora borday.

Romandagi: “Qiz otasining gaplarini ting­lab, yerga qaragancha jim o‘tirardi. Uning shu payt dadasining bo‘ynidan quchib, yuz-ko‘zlaridan to‘yib-to‘yib o‘pgisi kelardi”, “U har qancha urinmasin, boshini yerdan ko‘tarolmasdi”, “Biroq rioya-andishali bu qiz baxtiyorligini yeru ko‘kka namoyish qilishga odatlanmagan. U ich-ichidan ku­yinib, ich-ichidan suyinib yashaydi tarzidagi jumlalarda Komilaning tabiatiga xos qirralar ochiladi. Siniq ko‘ngil egasining tortinchoqligi, andishali odamning hamisha o‘z-o‘zini taftish qilib yashashga mahkumligi ko‘rsatiladi. Komilaning: “Ba’zi dugonalarim otalariga erkalanib, hattoki achchiq ham qilib turishadi. Men unga zarda qilish u yoqda tursin, balki erkalana ham olmasam kerak”, tarzidagi iqrori uning tabiatidagi asl xususiyatlarni yorqin namoyon qiladi. O‘n sakkiz yil “tashlandiq”, “haromi”, “etim”, “asrandi” kabi dashnomlarni eshitib ulg‘aygan qizning otasini topgach, birdaniga o‘zgarib qolishi mumkin emas. Muallif Komilaning turish-turmushi va tutumlarini fe’lidan kelib chiqib tasvirlaydiki, bu hol o‘quvchini qanoatlantiradi.

Komila uchun boylik va to‘kislikdan ko‘ra otasining topilgani muhim. Romanda Komila o‘ziga oshiq bo‘lgan uch yigit orasidan o‘zi singari qashshoqlikda o‘sgan Qobilni tanlashi tasvirlanadi. Komila o‘ta boy Asror yoki hayotda o‘rnini topgan vrach Abrorni emas, Qobilni tanlashida aql emas, tozadan-toza ko‘ngil amriga bo‘ysunadi. U o‘zining mezonlari asosidagi baxt sari qadam qo‘yadi. Rossiyalik yozuvchi Sergey Grachev “Novaya literatura Kыrgыzstana” nomli elektron kutubxonada ushbu asar haqida: “Komila” romani shunisi bilan qimmatliki, uning bosh qahramoni buyuk shaxs ham, alloma ham, Janna d’Ark ham emas. Lekin u atrofidagi insofsizlik, imonsizlik, ishonchsizlik va kufrni yengishni uddaladi hamda ayollik baxtiga erishdi”, deganida to‘la haq edi.

Romandagi Maqsud timsoli dastlab irodasiz, mas’­uliyatsiz tuyuladi. Maqsud Gulandomning falokati, farzandining vafoti haqida eshitganlariga ortiqcha urinishu iztiroblarsiz ishonib qo‘ya qoladi. O‘z ishi va oilaviy tashvishlari bilan yashayveradi. Asarda Maqsud va uning oilasi “boy” ekani bot-bot takrorlanadi. Ko‘pchilikda boylarga nisbatan bir qadar salbiy munosabat shakllangani ma’lum. Boy ko‘pincha ziqna, shafqatsiz, pul uchun har qanday pastkashliklardan toymaydigan noinsof kimsa sifatida xayolga keladi. Adabiyotda ham shu yondashuv yetakchi. Yozuvchi ana shu eski qolipni buzaroq, boylarda ham vijdon, ko‘ngil bo‘lishini, ular ham Xudodan qo‘rqishini, qilmish­lari uchun jazolanishlari mumkinligini Maqsud obrazi misolida talqin etilgan.

Muallif fikricha, odamlar pul va boylikning ketidan quvmaydi, bunday kishilarning mehnati va insofi tufayli pul bilan boylikning o‘zi ularni topib keladi. Hamma gap halollik, to‘g‘rilik, aql, bilim va mehnat qilishda. Komilaning o‘z qizi ekanini bilganda Maqsudning bu quvonchni ko‘tarolmay infarkt bo‘lishi, Oybarchin opaning sigirini o‘g‘irlab ketishganda ularga ikkita sigir olib borib berishi, Qobilni Asror bilan birga militsiya punktidan jarima to‘lab chiqarib, uyiga olib kelishi, Komilaning Qobilga turmushga chiqishiga hech ikkilanmay rozilik berishi, qudalarining hurmatini joyiga qo‘yishi, hasharlarda el qatori qatnashishi singari tasvirlarda uning boy bo‘lish bilan birga ma’nan yuksak shaxs ekani ko‘rsatilgan.

Asardagi Dilfuza obrazi ham o‘quvchining diqqat markazida turadi. Bir umr oddiy ayol, andishali kelin bo‘lib yashab kelgan Dilfuzaning asliyati uylariga Komila ko‘chirib keltirilganidan so‘ng namoyon bo‘la boshlaydi va bu tabiiy. Bunday holatni hazm qilish har qanday ayol uchun ham oson emas. Har bir odamning asl “men”i shunday sinov vaziyatlarda yaqqol ko‘rinadi. Dilfuza taqdirga tan berib, Komilani o‘z bolalari safida ko‘rib, qaynonasi Vasila opa aytmoqchi, erining omon qolganiga shukur qilib yashashi mumkin edi. Bu to‘g‘ri yo‘ldan yurolmagan Dilfuzaning tutumlarini muallif xolis tasvirlaydi. Uning tabiatiga baho berishni o‘quvchining o‘ziga havola qiladi. G‘aribning yori Xudo, deganlaridek Komilani Dilfuzaning nayranglaridan Allohning o‘zi asraydi. Bu dunyoda har narsaning hisob-kitobi bor. Ezgulik siylovsiz, yomonlik jazosiz qolmaydi. Qizi Gulandomning o‘g‘irlab ketilishi, o‘g‘li Shohruhning vafot etishi va o‘zining ruhiy kasallikka chalinishi tasviri haqqoniyligi bilan o‘quvchini sergak torttiradi.

Asarda Komilaning butun ikir-chikirlari bilan batafsil tasvirlangan hayoti, turli sinovlar ichida kechgan umri hamda erishgan baxti katta bir po‘rtana sabab izdan yana bir bor chiqib ketgani ko‘rsatilganda, romanning ta’sir kuchi necha bor ortgan bo‘lardi. To‘g‘ri, muallifning maqsadi butunlay boshqa va u o‘z maqsadiga erishgan. Biroq, nazarimda, shunday katta bir fojia fonida tasvirlanganda har bir obrazning ma’naviy dunyosi avj nuqtaga ko‘tariladi. Masalan, qahramonlar taqdirini O‘sh–O‘zgan mojarolari fonida tasvirlash mumkin edi. Muallif ikki qardosh millat orasida yuz bergan bu qaro kunlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam sifatida mazkur fojianing insonlar taqdiridagi mash’um izini badiiy tadqiq etishi mumkin edi. Tirikchilik ko‘yida yashayotgan odamlarning turmush tarzi, fikrlash yo‘sini ne sababdan muvozanatdan chiqib ketgani yoki kimlardir tomonidan chiqarib yuborilgani Komila va Maqsudning hayoti misolida tasvirlaganda romanning ijtimoiy ahamiyati oshib, badiiy qimmati ortgan bo‘lardi. Mash’um to‘daga kirib qolgan kimsalarning qonxo‘r qiyofasi bor yovuzliklari bilan ko‘rsatilishi romanning ijtimoiy-tarbiyaviy ahamiyatini o‘n chandon oshirgan bo‘lardi.

Nima bo‘lganda ham, qardosh Qirg‘izistonda yashayotgan millatdoshlarimiz hayoti haqqoniy ko‘rsatilgan ta’sirli bir asar o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etildi. Nomlanishidayoq insonning baxti uning ma’naviy kamolotida ekaniga ishora qilingan bu asarning umri uzun va o‘zbek o‘qirmanlariga suyukli bo‘lishini tilaymiz!

 

1 Rahimjon Karimov. Komila. –T.: Sano-standart, 2017. 304 b.

 

 

Qunduzxon HUSANBOYEVA

1956 yili tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Adabiyot – ma’naviyat va mustaqil fikr shakl­lantirish omili”, “Tahlil – adabiyotni anglash yo‘li”, “Kiyikso‘qmoqdagi yo‘lovchi”, (hammualliflikda) monografiyalari, qator darsliklar va metodik qo‘llanmalar, yuzdan ortiq ilmiy va ilmiy-metodik maqolalari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.