So‘zlar sening hamrohing bo‘lsin

0
227
marta ko‘rilgan.

Taqiq

 

Bizda arslonlarni bo‘lmaydi ovlab,

“Bizda arslon ovi qilingan taqiq!”

Ohularga tegmang, bechora,

Qarang, ko‘zlarida ko‘rinar hadik.

 

Qushlarni ovlamang, baliqlarni ham,

Tabiat yemrilib ketmasin sekin.

Bizda bitta xavf bor – xavfsiz, beziyon –

Faqat ko‘ngillarni ovlamoq mumkin!

 

Axtam devona

 

Axtam devonaning didiga qoyil!

Devona Mashrabdan g‘azal o‘qiydi.

Kuni, huv, tollarning tagida o‘tar,

Tolning chivig‘idan savat to‘qiydi.

 

Eski choponini egniga ilib,

Ko‘chadan o‘tadi qilib xirgoyi.

Bilmam, yolg‘izligi sabab bo‘libmi,

Qishloqda nom oldi jinni, savdoyi.

 

Hamma yaxshi tanir Axtamqul cholni,

Axtam devonani hamma taniydi.

Suv keltirib bersa, qanday yaxshi-ya!

O‘tinlarni yorib bersa qaniydi.

 

O‘ttiz yil haydagan traktoriga

Mehri tushib qolgan bo‘lsa kerag-ov.

G‘ildirak loyini silab yig‘ladi

Hujjatlarni so‘rab kelganda birov.

 

Tanishi yo‘qmikan borib aytgani,

Nega yum-yum yig‘lar kirib shu yoshga.

Axtam devonaning, Axtam jinnining

Tanishi yo‘q edi… Xudodan boshqa!

 

Fotoko‘rgazmadan keyin

 

Bu dunyoning ko‘rgazmalarin

Ko‘zlarimga xato ko‘rgizma!

Bugun san’at galereyasi

Tashkil etmish fotoko‘rgazma.

 

Kimga nima? Bilmadim. Yurak

Chok-chokidan sitilgan edi.

Bunda surat ko‘rdim: ayolning

Og‘izlari tikilgan edi.

 

Pardoz go‘zal qilgan yuzingni

Qani endi yoshing bilan yuv.

Farang xonim buning o‘rniga

Jurnalistga berar intervyu:

 

“Juda yuksak baholash mumkin

Muallifning mahoratini…”

Men maqtovni eshitganim yo‘q,

Faqat… taqdir haqoratini.

 

Ko‘rgulik deb o‘qibman, uzr!

Ko‘rgazma deb bitilgan edi.

Bunda surat ko‘rdim: ayolning

Og‘izlari tikilgan edi.

 

Shu og‘izga ko‘kragin tutib

Ona sutin ichirmaganmi?

Shu tikilgan lablar qachondir

“Sevaman” deb pichirlaganmi?

 

She’r so‘raysiz. Daftarlarimning

Varaqlari titilgan edi.

She’r so‘raysiz mendan… O‘sha kun

Og‘izlarim tikilgan edi.

 

Yomon ko‘zlar

 

So‘zlar sening hamrohing bo‘lsin,

Lek gap-so‘zdan asrasin deysiz.

Ko‘zlarimga qaraysiz, keyin

Yomon ko‘zdan asrasin deysiz!

 

Eng chiroyli, eng uzun ertak,

Nima derdim, bizniki bo‘lsa?!

Tegsa tegsin, roziman, o‘sha

Yomon ko‘zlar sizniki bo‘lsa!

 

Zangortepa bilan suhbat

 

Ikki qishloq… Ikki baxmal qosh,

O‘rtasida ulkan tepalik.

Bahor kelsa, lola – qizil cho‘g‘ –

Lovullaydi gulxan tepalik!

Lekin sho‘rlik tepaning bir kun

Quloq solsam oh-u dodiga,

“Qaysi nom-la muhrlanaman, –

Dedi, – avlodlarning yodiga?!

O‘ng qishloqda “Zangortepa” deb

Atashadi erkalatishib.

So‘l qishloq-chi, “Qoratepa”, voh,

Yig‘lasammi uzala tushib?”

Tepa bilan dardlashdik uzoq,

Yengil tortgan bo‘lib ko‘rindi.

Sezdim, o‘zin ilgarigiday

Xursand ko‘rsatmoqqa urindi.

Qoyil qoldim munkaygan, cho‘kkan

Tepalikning xayollariga.

Shunda rahmat aytdim chin dildan

O‘ng qishloqning ayollariga.

Yuziqoralikdan asrasin!

Osmon rangi – olis, zangori.

Umr desa, yodimga tushar

O‘sha “Zangortepa”ning zori.

 

 

Hut keldi

 

Bosh ko‘tardi o‘t-o‘lan,

Chelak to‘la sut keldi.

Aytdim dilda o‘t bilan –

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldi-yo, hut keldi!

 

Qirda ko‘rdim bug‘doyni,

Elning noni but keldi.

Dilga shodlik sig‘maydi.

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldi-yo, hut keldi!

 

Qanisiz, cholg‘uchilar?

Tanbur bilan ud keldi.

Oyoqdan chalguvchilar,

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldi-yo, hut keldi!

 

Bitsin qirg‘inbarotlar,

Yuzlari shuvut keldi.

Iroq yoqlar, Shom yoqlar,

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldi-yo, hut keldi!

 

Yuragim yonyaptimi –

Chap ko‘ksimdan dud keldi.

Taraddudlanib tursam,

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldi-yo, hut keldi!

 

Yigit yozgan maktubga

Qizdan javob – “Kut!” keldi.

Hammamizni kuttirgan

Hut keldi-yo, hut keldi!

Hut keldiyo, hut keldi!

 

Kumush ABDUSALOMOVA

 

1996 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti talabasi.

“Iste’dod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi.  2015 yilda “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida “Kuylamasam bo‘lmaydi” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.