“Mo‘minlik ham qadriyat…”

0
26
marta ko‘rilgan.

Chingiz Aytmatov o‘zining hikoya, qissa va romanlari bilan allaqachon o‘zbek kitobxonlarining qalbini zabt etgan. Uning ko‘plab asarlari qatori “Oq kema” qissasi (1970) ham o‘z vaqtida juda katta bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan edi. Chunki qissaning bola, Mo‘min chol, O‘rozqul kabi qahramonlari, ularning o‘zaro munosabatlari kishida qarama-qarshi o‘y-fikrlar, hislar uyg‘otadi. Zotan, yozuvchining maqsadi ham shu edi aslida. Qissaga “Ertakdan so‘ng” deb ikkinchi sarlavha qo‘yilishi uning ulg‘ayish haqida, ulg‘ayish mashaqqatlari haqida ekaniga ishora qiladi.

Qissa bunday boshlanadi: “Uning ikki ertagi bo‘lardi. Biri o‘ziniki bo‘lib, uni hech kim bilmasdi. Ikkinchisini esa bobosi so‘zlab bergandi. Keyin birontasi qolmadi. Gap shu xususda”. Darhaqiqat, qissa davomida ro‘y bergan voqealar bolaning ertaklarini parcha-parcha qilib yuboradi, uning dunyosi ostin-ustin bo‘lib ketadi. Albatta, inson umrbod ertak bilan yashay olmaydi, barcha-barcha odamlar ertami-kech haqiqiy hayotga ro‘para bo‘ladi. Qissada buni ko‘tarolmagan bola baliqqa aylanib, otasi xizmat qiladigan oq kema tomon suzib ketadi. Demak, qissa o‘rozqullar mo‘minchollarni kamsitadigan, xo‘rlaydigan olamda bola yashashni istamagani haqida. Biroq qissa faqat shu xususdagina emas.

Qissada bola baliqqa aylanib uzoqlarga suzib ketishni orzu qiladi. Ayniqsa, o‘zining bobosidan boshqa hech kimga kerak emasligini his qilganida, O‘rozqul Bekey xolani tutib olib urganlarida, kampirning noroziliklari uchun o‘zini aybdor sezganida bu istak kuchayib boraveradi. Zotan, bola o‘zi yashayotgan olamda o‘zini ojiz his qiladi. Qizig‘i shundaki, barcha muammolarning sababchisi bo‘lgan O‘rozqul ham o‘zi yashayotgan hayotni jinidan battar yomon ko‘radi, qayerlargadir bosh olib ketgisi keladi (“O‘rozqulning sha’ni va amaliga yarashmaydigan, uning ko‘nglidagidek bo‘lmagan bu dunyoga o‘t tushsin”). Uning befarzand ekanligi alamzadaligini izohlaydigan yuzadagi sabab, xolos. Chunki u befarzandlikdan tashqari, kattaroq amalga erisholmaganligini ham taqdirning adolatsizligi deb hisoblaydi. O‘rozqul ich-ichidan o‘ziga nihoyatda past baho beradi, bu hisdan azob chekadi. Buni hatto o‘zidan ham yashirish uchun boshqalarni kamsitish evaziga o‘ziga bo‘lgan bahoni tiklab olishga o‘rgangan. Shu bois ham amal va pul uning uchun shaxsiyatidagi yetishmayotgan narsalarning o‘rnini to‘ldirib olish vositasiga aylangan. Ich-ichidan o‘zini hurmat qilolmagani uchun katta amalda o‘tirib katta hurmat ko‘rishni, bu orqali ichidagi bo‘shliqni to‘ldirib olishni xohlaydi: “Qani endi o‘sha yoqqa yetishsang, biron joyga o‘rnashib olsang ekan. U yerda odamlarni amaliga qarab hurmat qilishni bilishadi… Katta amalga – katta hurmat”. O‘rozqulning o‘zini Mo‘min cholga qiyoslashlari ham o‘z-o‘ziga bahosini ko‘tarib olish istagidan: “Umrida esa biron inson unga (Mo‘min cholga – M.Sh.) qaram bo‘lgan emas, u esa hammaga qaram bo‘lib kelgan, hatto o‘zining kampiriga ham – chol unga bir so‘z qaytarolmaydi”. Mo‘min chol emasligining o‘ziyoq O‘rozqulga taskin beradi, Mo‘min chol emasligiga o‘zini ishontirish, o‘zining undan qanchalik baland ekanini ta’kidlash uchun ham cholni kamsitaveradi, kamsitaveradi.

Ko‘ramizki, O‘rozqulning o‘zidan noroziligi o‘zini, hayotini o‘zgartirish tomon yo‘naltirilmaydi, aksincha, tashqaridagi kimgadir, nimagadir qaratiladi. Birgina misol. O‘rozqul cho‘ponlarning ziyofatlarida o‘tirib, yog‘och borasida qop-qop va’dalar bergan, va’dasini bajarish vaqti kelganida esa yog‘och sudrab yurish alami, qo‘lga tushib qolish xavotiri uni quyushqondan chiqarib yuboradi: “Lekin Seydahmad uzoqda. Zag‘chalarga ham qo‘l yetmaydi. Hammasining alamini xotinidan olishi mumkin – lekin uyga yetish amrimahol. Birgina Mo‘min chol bor”. Mo‘min chol – keksa odam, O‘rozqulning xotini – erga tobe ayol. O‘rozqul esa qo‘l ostidagilarni, ojizlarni kamsitib, bundan huzurlanishining tagida o‘z ojizligini tan olmaslik istagi yashiringanidan bexabar. Ana shunday – ko‘z oldimizda ikkita O‘rozqul namoyon bo‘ladi: birinchisi – berahm va zo‘ravon ikkinchisi – ojiz va notavon.

Shunga o‘xshash holat Mo‘min cholda ham kuzatiladi. Biroq farq shundaki, bitta O‘rozqulda ikkita O‘rozqul yashayapti, Mo‘min chol esa bitta bo‘lgani holda unda ikkita Mo‘min cholni ko‘rishga o‘rganib qolganmiz. Ya’ni Mo‘min cholda kimni ko‘rish unga kim qanday munosabatda bo‘lishini belgilaydi. Uning ta’rifiga e’tibor bering-a: “U ochiqko‘ngilligi, hatto sal-pal biladigan odamiga ham biron yaxshilik qilishga tayyorligi, har kimning xizmatiga hoziru nozirligi, hammaga sadoqati va xushmuomalaligi tufayli shunday laqab (Mo‘min chaqqon – M.Sh.) olgandi. Ammo tillani tekin tarqatishganda hech kim uchun qad­ri qolmaganidek, uning jonbozligining qadriga ham hech kim yetmasdi. Uning yoshidagi kishilarga qanday hurmat va izzatda bo‘lishmasin, Mo‘minga hech kim bunday munosabatda bo‘lmasdi”. Keyinroq yana o‘qiymiz: “O‘z hurmatini talab qilishning uddasidan chiqmagan kishini odamlar oyoqosti qilaveradi, deb bekorga aytishmagan-da. U shuning uddasidan chiqmasdi”. Yozuvchi yana ta’kidlaydi: “Mo‘minning butun umri erta tongdan qora kechgacha ishda, tashvishda o‘tdi, lekin hurmat talab qilishni o‘rganolmadi”. Bu yerda g‘alati paradoksga duch kelamiz. Yozuvchi O‘rozqulning katta amal va katta hurmat haqidagi o‘ylarini ma’qullamaydi, Mo‘min cholning hurmat talab qilishni bilmasligini ham maqbul holat deb bilmaydi. O‘rozqulning hurmattalabligi sababini bilamiz – O‘rozqul amal va uning ortidan keladigan “hurmat” vositasida o‘z shaxsiyatidagi yetishmovchilikni, ruhiyatidagi bo‘shliqni to‘ldirmoqchi. U holda nima uchun yozuvchi Mo‘min cholning hurmat talab qilmasligini fazilat hisoblamaydi?

Odam ba’zan o‘ziga yetishmayotgan narsalarni boshqalarga berish orqali ana shu ehtiyojini namoyon qiladi. Mo‘min chol aslida boshqalardan kutgani – hurmatni ularga ko‘rsatadi, boshqalarning mehr-e’tiboriga muhtoj bo‘lgani uchun ham ularga yaxshilik qilaveradi, o‘rozqullarning aybini kechiraveradi. Bu jihatdan qaralsa, Mo‘min chol ruhiyatidagi ehtiyoj ham bo‘shliq, lekin Mo‘min chol O‘rozqul kabi yo‘l tutmagani uchun ham ruhan xotirjam. Qisqasi, Mo‘min chol bosh­qalardan kutgani munosabatni ularga, avvalo, o‘zi ko‘rsatadi. Qolgani endi Mo‘min chol bilan munosabatdagi kishilarga bog‘liq: tillani bekorga olgandek uni qadrlamasdan, Mo‘min cholga balanddan kelib muomala qiladimi yoki uning munosabatiga munosib javob qaytaradimi – bunisi har kimning vijdoniga havola.

Biroq har doim ham hammaning ko‘nglini birdek olishning imkoni yo‘q. Yozuvchi Mo‘min cholni O‘rozqulning badxohligiga nisbatan isyonga olib kelish uchun ham cholni bola va O‘rozqulning o‘rtasidagi tanlovga ro‘para qiladi. Keyinroq esa Mo‘min cholning qizi va Shoxdor ona bug‘u o‘rtasidagi tanlov o‘rtaga tushadi. Birinchi vaziyatdagi Mo‘min chol va ikkinchi vaziyatdagi ilojsiz Mo‘min chol orasida naqadar katta farq bor-a… Mohiyatda-chi? Yaqinlari uchun isyon qilgan Mo‘min chol yaqinlari uchun o‘zligini qurbon qiladi – o‘zi istamasa ham Shoxdor ona bug‘uni o‘ldiradi.

O‘rozqulning tantanasi va Mo‘min chol o‘zligini qurbon qilgan vaziyat qissaning bosh qahramoni – bolaning hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu nuqtada bola ikkiga ajraladi. Uning hamma narsaga adolatli va to‘g‘ri baho bera oladigan bola qalbi baliqqa aylanib oq kema tomon suzib ketadi. Sohilda qolgan bola uchun esa ikki yo‘l bor: yo Mo‘min chol, yo O‘rozqul bo‘lib yashash. Bunday tanlovni ko‘tarolmagan, qabul qilolmagan qismi oq kema tomon ketdi. Sohilda qolgan bola esa mana shu ikki yo‘ldan boshqasini ko‘ra olmaydi. Har qanday ko‘ngilsizlik, muammolar uchun aybsiz aybdor maqomida qoladigan Mo‘min chol bo‘lib yashaydimi yoki boshqalarga zulm qilish evaziga o‘z ojizligini o‘zidan ham yashirib yashaydimi – buni biz bilolmaymiz.

* * *

“Oq kema” qissasida avlodlar o‘rtasigi munosabat bola va kattalar dunyosi tarzida berilgandek ko‘rinadi. Aslida esa qissada uch avlod vakili tasvirlangan – Mo‘min chol, o‘rta yoshli O‘rozqul va bola. Bu jihatdan Isajon Sultonning “Qismat” hikoyasida qo‘yilgan muammo bilan ayrim umumiyliklarni ko‘rish mumkin. “Qismat”ning qahramonlari uch o‘g‘il va ota. Shuningdek, hikoyada otaning otasi haqida ham gap boradi. “Qismat”dagi ota “Oq kema”dagi O‘rozqul kabi befarzand emas, lekin O‘rozqul kabi nihoyatda alamzada. U ham muttasil ichadi, ichib olib xotinini uradi. U hatto o‘z otasiga qo‘l ko‘tarishgacha borgan, O‘rozqul esa qaynotasi Mo‘min cholga qo‘l ko‘targan. Shunga o‘xshash mushtarak jihatlarni ko‘plab keltirish mumkin. Lekin muhimi bunda emas. Muhimi, “Oq kema”dagi bola va “Qismat”dagi katta o‘g‘il obrazlari orqali qo‘­yilgan muammoda.

“Qismat”da katta o‘g‘ilning xotiralaridan: “Umr bo‘yi ota deb yoningga yaqinlasholmadim, bir bola bo‘lib bag‘ringda erkalangim kelsa-da, haybatingdanu o‘shqirishingdan cho‘chidim, toki o‘n ikki yoshimga yetguncha meni ko‘tarib tomga otib yuborishingdan qo‘rqardim”; “Bola bo‘lib ota nimaligini bilmaganim yetmadi…” “Oq kema”ning qahramoni o‘zi umrida ko‘rmagan otasini qanchalar sog‘inadi, uning hayotida otaning o‘rni bilinadi, unga shu qadar ehtiyoj sezadiki, I.Sulton qahramonining qismati unikidan kam emas: otasi tirik va yonida bo‘laturib, katta o‘g‘il ham otaga shu qadar ehtiyoj sezadi.

O‘rozqul ichib olib xotinini do‘pposlayotganida bola bobosining ahvolini ko‘rib juda achinadi. Oxir-oqibat bola uyqu va isitma aralash orzu qila boshlaydi, xayolan Shoxdor ona bug‘uga murojaat qiladi: “Sen shoxingda beshik olib kel. Shunday qilginki, bobomiz yig‘lamasin, shunday qilginki, O‘rozqul amaki Bekey xolani urmasin, shunday qilginki, ularda farzand tug‘ilsin”.

Bir qarashda bolada hamdardlik tuyg‘usi kuchli bo‘lgani ma’quldek ko‘rinadi. Lekin bu empatiya tuyg‘usi emas. E’tibor bering-a, bola endi o‘z orzusi bilan emas, o‘zganing orzusi bilan yashay boshladi. O‘zining tinchligiyu xotirjamligi o‘zganing istagi amalga oshishiga bog‘liq ekanini ich-ichidan his qilgani uchun ham endi o‘z hayotini qo‘yib, boshqaning hayotini yashay boshladi hisob (Bu fikrga e’tiroz bildiruvchilarga savol: Kim o‘zining farzandi go‘dak yoshidayoq kattalarning tashvishi bilan yashashini istaydi?) Mo‘min cholning ko‘zlari har doim: “Nima istaysan? Biror og‘iringni yengil qilaymi? Men tayyorman, faqat aytsang bas, nimaga muhtojsan?” degandek mo‘ltirab turishini nazarda tutsak, boladagi ilojsizlik tuyg‘usi uni Mo‘min chol kabi qadr-qimmatsiz bo‘lish tomon yetaklashi mumkinligi oydinlashadi.

“Qismat”dagi otaning katta o‘g‘liga o‘zining hayotini yashash nasib etmaydi. U go‘dakligidanoq onasining tashvishi bilan yashay boshlagan: “Enamni urganlaringda qo‘lingga yopishganlarim esingdami?” “Esimni tanibmanki mehnat qildim, haybatingdan qo‘rqib uydan ko‘chaga chiqolmadim”. “Oq kema”dagi baliqqa aylanish bilan “Qismat”dagi otaning ruhi baliqqa o‘tishi o‘rtasida qanchalik aloqa borligini bilmaymiz, lekin baliqqa aylanish har ikki asarda boshqa-bosh­qa vazifalarni bajargani aniq. Hikoyada baliqni aynan katta o‘g‘il tutib kelib onaga pishirib beradi va uning o‘zi ham yeydi: “Katta akam baliq go‘shtini uzoq vaqtlardan beri yemaganini aytib, tilda erib ketadigan bunday mazaning qaydan kelganiga hayratlanar va mazani uzoqroq his qilish uchun ko‘proq chaynashga urinar edi”. Ota ruhi yashayotgan baliqni yeyish ona va katta o‘g‘ilning hayotida ota yashashda davom etayotganining ramzi bo‘lib, faqat farq shundaki, yoshini yashab bo‘lgan ona kechirish, erini o‘zicha tushunish, undan rozi bo‘lish orqali “ko‘zlari ravshanlashayotgan”ini his qiladi. Katta o‘g‘ilning esa qismati bo‘lak: ichkilik va alam qalb ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan otaning hayoti undan eng ko‘p aziyat chekkan katta o‘g‘il – alamzada va berahmroq bo‘lib qolgan o‘g‘ilning hayotida davom etadi, buni uning xotirasidan o‘chmayotgan jarohatlar ham aytib turibdi: “Ichib kelib, hammani tumtaraqay qilganlaringda-chi? Menga ketmon otganingda yelkamni o‘pirib yuboruvding, izi haliyam bor, haliyam qoni silqib turipti, yelkamda emas, ichkarida, yuragimda!” Naqadar ayanchli manzara.

 

* * *

Agar O‘rozqul, Mo‘min chol va bola obrazlariga “ta’qibchi – qurbon – xaloskor (hakam)” arxetipi nuqtai nazaridan qarasak, muallif uchun bola avvaliga voqealar va odamlarga baho beradigan hakam vazifasini bajaradi. Biroq keyinroq vaziyat boladan xaloskor bo‘lishni talab qila boshlaydi. Bola Mo‘min cholni va Bekey xolani O‘rozquldan qutqara olmay, xayolan Qulibekni yordamga chaqiradi. Bu esa – “Qismat”dagi o‘g‘il onani urayotgan otaning qo‘liga yopishganidek zaif harakat. Yosh bola uchun xayolot dunyosiga chekinish tabiiy hol. Lekin xuddi shu o‘rinda u qadar tabiiy bo‘lmagan yana bir hol ro‘y beradi.

Mo‘min chol va Bekey xolaning O‘rozqulga munosabatini hazm qilolmagan bola dastlab shunday o‘ylaydi: “Nega kechirishadi? Bunaqa odamlarni kechirmaslik kerak. U yaramas, sayoq odam. Bizga uning keragi yo‘q. Usiz ham kunimiz o‘tadi”. Bu bolalik aqli bilan anglangan haqiqatda mantiq bor. Lekin qissa oxirida isitma ichida bola Shoxdor ona bug‘uga shunday iltijo qiladi: “O‘rozqul amaki Bekey xolani urmasin, shunday qilginki, ularda farzand tug‘ilsin. Men hammalarini sevaman, O‘rozqul amakini ham sevaman, sen unga faqat farzand ber. Ularga shoxingda beshik olib kel…” Yosh bola hammani birdek yaxshi ko‘rishini tushunish mumkin, lekin Bekey xolani urayotgan, Mo‘min boboga azob berayotgan O‘rozqul amakini ham yaxshi ko‘rishni qanday tushunsa bo‘ladi?

Isajon Sultonning “Kichkina pushtirang maxluqcha” hikoyasi aynan mana shu hodisani “tushuntiradi”. Albatta, hikoyaning mazmuni sizga tanish: oyog‘i ipga bog‘langan quyon bolasiga qasd qilgan bo‘g‘ma ilon, xavf biroz o‘tganini sezgan quyonbolaning qochib qolish o‘rniga ilon dumiga borib suykalishi, bu manzarani kuzatib turgan kichkina maxluqchaning nolasi… Ilon paydo bo‘lguniga qadar hayot sururi haqida to‘lib-toshib kuylagan pushtirang maxluqcha o‘zi ko‘rib turgan manzaraga dosh berolmay qo‘llarini yeb bitiradi.

“Oq kema”dagi bola ham o‘zi kuzatib turgan manzaraga toqat qilolmay qolgan pushtirang maxluqchaga o‘xshab ketadi. Biroq u pushtirang maxluqchadan farqli, boshqalar qatori qurbon maqomiga o‘tishdan, O‘rozqulni “yaxshi ko‘rish”dan boshqa chora topa olmaydi. Shu o‘rinda O‘rozqulning o‘ylarini eslashga to‘g‘ri keladi: “Zamon bo‘lgan-ku, axir, boshlar uchib ketgan, hech kim churq etmagan. Aksincha, ko‘proq yaxshi ko‘rishgan, ko‘proq kuylashgan. Mana bu xo‘p zamon bo‘lgan-da! Endi-chi? Yaramaslarning eng yaramasi hisoblangan mana bu chol ham dabdurustdan gap qaytarishni o‘ylab topdi”.

 

* * *

O‘zbek adabiyotida Mo‘min chol kabi qahramonlar Ch.Aytmatovning “Oq kema”sidan avval ham, keyin ham ko‘p yaratilgan. Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasidagi (1936) Qobil bobo, Shukur Xolmirzayevning “Podachi” hikoyasidagi (1975) Ostonaqul chol, G‘afur Shermuhammadning “Quduq” qissasidagi (2013) Lallay va hokazo. Ularning gapiruvchi ismlariyoq qahramonlarning asosiy sifatiga ishora qiladi, hatto Ostonaqul ismi ham (ostona – hamma bosib o‘tadigan joy). Bunaqa obrazlar odatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Jumladan, “Quduq” qissasidagi Lallay obrazi haqida hamkasblar bilan o‘zaro bahsimizda kimdir hozirgi zamonda Lallayga o‘xshagan odam umuman kun ko‘rolmasligini, boshqa birov Lallay kishida qanaqadir g‘ashlik paydo qilishini aytdi, yoshlardan biri esa uni tanishlaridan biriga o‘xshatib ustidan kulishgacha bordi. Shunda yoshi ulug‘ ustozlarimizdan birining hikmatnamo gapi bahsni qiziq joyida taqqa to‘xtatib qo‘ydi: “Mo‘minlik ham qadriyat…”

Mo‘min chol haqidagi gaplarimizni unga qanday munosabatda bo‘lish uning atrofidagi kishilarning vijdoniga bog‘liq ekanidan boshlagan edik. Tasavvur qiling-a, Qobil bobo, Mo‘min chol, Ostonaqul chol va Lallayning ularga qarama-qarshi qo‘yilgan personajlarga bog‘liq bo‘lmagan hayoti ham bor-ku. “Oq kema”dagi bolaning O‘rozqul haqida “Bizga uning keragi yo‘q” deb o‘ylashi bejiz emas. Amin va amaldorlarsiz Qobil bobo, O‘rozqulsiz Mo‘min chol, bo‘lim idorasidagi rasmiyatchi kishilarsiz Ostonaqul chol va Erat, Turdiqullarsiz Lallayning hayoti risoladagidek davom etaveradi. Mo‘minchollar hatto o‘rozqullarda ham insonni ko‘ra oladi, ammo o‘rozqullar mo‘minchollarda insonni ko‘rishga, ulardagi insoniylikni hurmat qilishga qodir emas. Tuproq kabi xokisor Lallay hatto noma’lum kishining ustixonlariga ham hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Erat va Turdiqul esa tirik odam – Lallayni tuproqchalik qadrlashmaydi.

Masalaning ayni jihatini ta’kidlash uchun ham “Oq kema” va “Quduq” qissalaridagi o‘xshash bir epizodga to‘xtash kerak bo‘ladi. “Quduq”ning oxirida Lallay nihoyat o‘z oilasi uchun quduq qaziy boshlaydi. Buni ko‘rgan odamlar chaqirilmagan bo‘lsalar ham hasharga kelishadi, Lallayning qo‘lidan ishini olib, o‘zlari unga quduq qazib berishadi. Bu ishni barcha birgalikda, hamjihatlikda qiladi (albatta, bu sahnada Erat va Turdiqulning yo‘qligi diqqatimizdan chetda qolmaydi). Lallay qachonki o‘zi uchun quduq qaziy boshlaganida kutgan narsasiga erishadi – odamlar qalbidagi yaxshilik bulog‘ining ko‘zi ochilganini ko‘radi. Shu ma’noda, qissadagi quduq va suv obrazi shunchaki yaxshilikning emas, balki yaxshilikka javoban qaytarilgan yaxshilikning ramziga aylangan.

“Oq kema”da pichan ortishga kelib qor bo‘ronida qolgan yuk mashinalarini yurgizish sahnasi bor. Mo‘min cholnikida tunab qolgan yigitlar Mo‘min cholda hech qanday g‘ayritabiiy, kamsitishga arziydigan jihatni ko‘rmaydi. Buni faqat mehmonlik odobigagina yo‘yib bo‘lmaydi, chunki hali Mo‘min cholnikiga kelmasidan avvalroq Qulibekning bola bilan suhbatidayoq qariyani juda hurmat qilishini sezgan edik. Yozuvchi ushbu epizodni quyidagicha yakunlaydi: “Hamma yuk mashinalari yurgizilgach, qo‘shaloq shatakka olingancha kechasi xandaqqa tushib ketgan mashinani tortib chiqarishdi. Bor odamlarning hammasi uni yo‘lga chiqarib olish uchun ko‘maklashdi. Bola ham yordamlashdi. U kimnidir: “Sen nega oyoq ostida ivirsib yuribsan, qani qochib qol-chi, bu yerdan”, deyishini kutib, xavfsirab turdi. Lekin hech kim bunday demadi, uni hech kim quvlamadi”. Ushbu sahnadagi o‘zaro tenglik, hamjihatlik, hurmat, hatto bola shaxsiga nisbatan ham mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish mo‘minlik haqidagi hozirgi tasavvurlarimizga tahrir kiritsa ajabmas. Zotan, “Oq kema” qissasidagi bola, Mo‘min chol obrazlari orqali muallif ana shunday hamjihatlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatni qaror toptirish haqidagi istagini ko‘rsatgan edi.

 

Mashhura Sheraliyeva,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

 

1976 yili tug‘ilgan.

Andijon davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Adabiyotshunoslik lug‘ati” (hammualliflikda), “Boburning andishasi” nomli kitob

lari, “Hozirgi o‘zbek nasrida kinoya” nomli monografiyasi chop qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.