Xayolimda asraganim

0
68
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Farhod Shirinni hech kutilmaganda qadrdon bog‘da uchratdi. Yonida shiringina qizaloq. Shunda mo‘jiza ro‘y berdi: bir lahzada qalbining tubiga ko‘mib tashlagan sirlari xayolida jonlandi, xotiralar ko‘z oldidan kino tasmasidek o‘ta boshladi.

…Ular bir-birini universitet yotoqxonasida topishdi. Topganda ham bu uchrashuvdan roppa-rosa ikki yil o‘tgandan keyingina topishdi. O‘shanda bahor edi. Har tomon yashillikka burkangan, yotoqxona hovlisida turfa gullar ochilib, atrof o‘zgacha bir go‘zal qiyofaga kirgan. Yigit-qizlar qalbida nafis tuyg‘ular o‘zini namoyon eta boshlagan kunlarning biri. Ular bir muddat yotoqxona oldidagi o‘rindiqda o‘tirib suhbatlashishdi. Yigit shundoqqina o‘rindiq yonidagi qiyg‘os ochilib turgan atirgullardan birini uzib, qizga tutdi. Qiz ham jilmayib qo‘lini uzatdi. Bir muddat suhbatlashishdi ham.

– Ismingiz nima, yaxshi qiz?

– Qaysi qiz o‘z ismini ilk ko‘rishganda aytarkan?

– Do‘stona so‘rayapman.

– Shirin.

– Shirin! Rostdanmi? Meniki esa Farhod.

– Hazilni ham olar ekansiz-da.

– Bu hazil emas. Rostdan ham shunday. Mana, istagan odamingizdan so‘rashingiz mumkin. Bu bir tasodif, xolos.

– …

Bu suhbat keyingilariga yo‘l ochdi. Ushbu tanishuv har ikkisining nazdida taqdir inoyatidek edi. Avval do‘st bo‘lib yurishdi. Bu do‘stlik muhabbatga aylanib ulgurganini ular mana shu ikki yil o‘tgandan keyingina bilishdi.

Farhod va Shirin boshqa-boshqa viloyatdan, boshqa-boshqa universitetda o‘qir, o‘shanda qiz yotoqxonaga qarindoshini ko‘rgani kelgandi. Qarindosh esa Farhodning o‘rtog‘i bo‘lib, bu barchasini shu o‘rindiq atrofiga jamlagandi.

Bir kuni Farhod unga sevgisini bildirdi. Bedor tunlarning birida dilidagini bir dunyo qilib SMSga joylab jo‘natdi. U tarafdan aniq javob bo‘lmadi. Lekin Farhod qizning o‘ziga moyilligini yaxshi anglardi. Javobsiz SMS ularning yana ham tez-tez ko‘rishishiga sabab bo‘ldi. Borar manzil esa shahar markazidagi bog‘, u yerdagi o‘rindiqlardan biri. Ular har kuni darsdan keyin metro bekatidan chiqqan joyda uchrashishar, bog‘ni aylanishardi.

Farhod sevgilisining javobini intiq kutib, o‘zidan so‘rab rozini ololmay yurgan kunlarning birida Shirin qo‘liga buklog‘lik qog‘oz tutdi. Faqat yotoqqa borgach ochishini tayinladi. Farhod so‘z berdi-yu, yotoqxonaga borishga sabri yetmay taksidayoq ochdi. Ilk jumlalar uni shirin hislar qa’riga uloqtirdi. Xursandligidan baqirib yubordi. Shofyor jinnimi bu degandek bir-ikki bor unga qarab qo‘ydi. Xat ehtiros bilan boshlangandi:

“Farhod aka, yuragimdagi bir dunyo orzu-umidlarimni sizga ishondim. Yana ishonganim – sizdan bosh­qa meni baxtli qila olmaydi… Sevgingizni izhor qilgan kechadan buyon qalbimda bir so‘z, bir gap: xo‘p, xo‘p, xo‘p…

Rosti, o‘zim ham baxtiyorman, chunki oppoq, pok orzularimni, o‘zimni yaxshi bir insonning qo‘liga, ko‘ngliga topshiryapman. O‘ylaymanki, yillar bo‘yi bir-birimizni ardoqlab, asrab yashaymiz. O‘rtadagi ishonchimiz, samimiyatimiz, muhabbatimiz umrimiz oxirigacha shundayligicha qoladi. Bu qarorga kelishim oson bo‘lmaganiga o‘zingiz ham guvohsiz. Lekin men endi tanladim, tanlaganda ham o‘zimga munosib, xayollarimda asragan, yillar bo‘yi kutgan insonimni tanladim. Bu tanlovdan, avvalo, o‘zim baxtiyorman…

Meniyam sizniki kabi orzularim ko‘p, baxtli bo‘lishni, bo‘lganda hech kimnikiga o‘xshamaydigan baxtim bo‘lishini, sevikli yorim bilan hamisha hamdam, yonma-yon, sirdosh, do‘st bo‘lishni istayman. Bu yo‘lda neki qiyinchilik bo‘lsa, barchasini yengib o‘ta olaman, bunga irodam yetadi. Bilasiz, biroz o‘ziga ishongan, hatto bino qo‘ygan qizman. Mabodo, sizning yoningizda ham shu qilig‘imni qilib qo‘ysam, meni kechiring, to‘g‘ri tushuning. Zero, bu injiq ko‘ngilning nozlari, tantiqliklari menman, men shu tuyg‘ular bilan borman. Menam romantikman, romantik bo‘lganda ham uncha-bunchamas. Faqat hayot menga hamisha beshafqat munosabatda bo‘ladi, lekin men unga javoban hammaga, hamisha baxtliman, deya uqtirib yashayman…

Oila – muqaddas dargoh, men u yerga yolg‘on yoki xiyonat bilan kirib borishni istamayman. Meni jonimni, imonimni butun qiladigan insonning yuzini yerga qaratishni istamayman. Shuning uchun qalbimni, tizginsiz, osmonvor orzularimni hech kimga bermay keldim, yuragimni o‘zgalardan, ayniqsa, yigitlardan qizg‘onib yashadim. Sizga tuhfa etayotganim, eng nafis chinnidan ham shaffofroq, nafisroq bo‘lgan qalbimni asrang (o‘zim uni har doim ham asray olmayman)… Shunda men ham sizning ko‘nglingizni, orzularingizni asray olaman, o‘zim istagan oilaning baxtli bekasi bo‘la olaman. Sizni esa shu oilaning shodumon begi bo‘lishingiz uchun neki qiyinchilik bo‘lsa, barchasini yengib o‘tishga harakat qilaman. Faqat sizdan bir iltimos, meni hech qachon yolg‘iz qoldirmang. Yolg‘izlikdan qo‘rqaman, undan nafratlanaman!

Shirin”

Shu damda Farhod osmonlarga uchdi. Atrofdagi hamma, yo‘lida uchragan kim bo‘lsin – barchasiga baxtiyorligini aytmoqchi bo‘lar, Shirin rozi bo‘ldi, deb baland ovozda hayqirgisi kelardi. O‘ziga kelganda, qandaydir notanish joyda edi. Taksidan yarim yo‘lda tushib qolgan ekan. Boshqa mashina to‘xtatishga to‘g‘ri keldi.

Shundan so‘ng haqiqiy sevgi, haqiqiy uchrashuvlar boshlandi. Adog‘i yo‘q SMS yozishlar tunni tongga ulardi. Nima bo‘lganda ham yigit qizni yolg‘iz qoldirmaslikka intildi.

Kunlarning birida bir-biriga boqib o‘tirishganda Farhod qizning qo‘lidan tutib, o‘ziga tortdi. Shirin nima bo‘lganini anglayolmay qoldi. Shoshib o‘rnidan turib ketdi. Bug‘doyrang yuzi qizil olmadek bo‘ldi. Farhod hozir u arazlab ketib qoladi, deb qo‘rqqandi, bunday bo‘lmadi. Shirin yonidagi chinorga yelkasini berib, nigohini yerdan uzmay:

– Bunaqa qiladigan bo‘lsangiz, boshqa kelmayman, – dedi.

– Xo‘p, xo‘p, kechir…

Ular qo‘l ushlashib uzoq sayr qilishdi. Bu kabi uchrashuvlar har kuni kanda bo‘lmay davom etar, quyosh botay deganda, Farhod Shirinni goh avtobusga chiqarib, goh o‘zi taksida uyiga tashlab ortiga qaytardi.

Tunlari SMSlar yomg‘iri ikki qalbning tub-tubida yotgan so‘zlarni bir-biri tomon olib uchar, alangali muhabbat tobora avj olardi:

“Shirinim, men senga juda-juda mushtoqman, men senga intiqman. Hozir seni, kulib turgan nigohing­ni, borlig‘ingni xonamdagi har bir nuqtadan izlayapman. Devordagi surat, stol ustidagi chiroq, o‘qiyotgan kitobimdagi har bir varaq… Qayda bo‘lmay sen ko‘rinasan. Tutib olay deyman-u, qo‘l uzatsam qo‘lim faqat o‘sha sovuq jismlarga tegib, xayollarim chuvalashadi. Hozir yonimda bo‘lib qolsang-u, ko‘zlaringga uzoq tikilsam… ”

“Farhod aka, men-da orzuning pokiza devorlariga har kuni, har lahza shaklsiz suratlar bitaman, SMS lavhalar yozaman va ularning barcha-barchasini Sizga atayman. Bilasizmi, Siz Shirinni emas, uning ko‘nglini, ruhini izlang, devonavor tuyg‘ularini toping, mahkam ushlab oling. Shundagina sarkash bu qizning bori, borlig‘i sizniki bo‘ladi”.

Kunduzlari esa darslardan so‘ng ularni o‘sha qadrdon o‘rindiq qarshi olardi. Uyqusizlik, darslardagi charchoq bilinib tursa-da, bir-birini ko‘rganda barchasi ortga chekinardi. Shunday baxtli kunlarning birida xuddi shu joyda o‘tirishardi. Bu payt­da bahor yozga o‘rnini bo‘shatgandi. Bog‘da, asosan, Yevropa daraxtlari bo‘y cho‘zgan. Shunday daraxt bo‘lgan o‘rikning har-har joyda ko‘rinayotgan mevasi pishgan ular uzib olib yeb, uning boshqacha taxir ta’mi borligini bir-biriga aytishardi. Yelkalar bir-biriga tegib turar, ikkisi ham shodumon edi. Farhod gap jilovini butunlay boshqa tomonga burdi:

– Shirin, farzandimiz ko‘p bo‘ladi-a?

Qiz uyalib, yerga qaradi.

– Nega farzand haqida gap ochib qoldingiz?

– Yaxshi niyat, hayotim.

– Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

– Birinchisi qiz bo‘ladi. Shiringina qizaloq. O‘zingga o‘xshagan, Shirin.

– Yo‘q, birinchisi o‘g‘il bo‘ladi.

– Yo‘q, qiz.

– O‘g‘il.

– Mayli, sen yengding. O‘g‘il bo‘lsa ismini nima deb qo‘yamiz.

– Sizga yoqqan ismni qo‘yamiz. O‘zi sizga qaysi ism yoqadi?

– Ism… Ism. Zafar bo‘la qolsin. Muhabbatimizning zafar quchgani va o‘zi ham hamisha zafar quchib yurishi uchun ismi shunday bo‘ladi. Aslida menga shu ism yoqadi. To‘xta, qiz bo‘lsa-chi?

– Ra’no. Buni ko‘pdan niyat qilganman. Qizim bo‘lsa ismini Ra’no qo‘yaman deb.

– Ra’no, juda chiroyli ism. Kelishdik, qiz bo‘lsa Ra’no, o‘g‘il bo‘lsa Zafar. Bilib qo‘y, birinchisi, albatta, qiz bo‘ladi.

– Qiz yo o‘g‘il bo‘lsin – Xudoyim, avvalo, bersin. Umri bilan bersin. Niyatimizga yetaylik.

– Aytganing kelsin.

Shirin diplom olganda, Farhod qip-qizil guldasta va ikkita kattakon oppoq o‘yinchoq ayiq sotib olib, birini ko‘tarib bordi. Mo‘jazgina kafeda nishonlashdi. Ikkisining ham shodligi cheksiz edi…

Farhod ham diplomini oldi. Sohasi bo‘yicha poytaxtda ishga joylashdi. Shiringa sovchi qo‘ydi. Sovchilar uning amakisinikiga goh poyezda, goh yengil mashinada ikki-uch borishdi. Shirinning ota-­onasi u yoshligidayoq avtohalokatdan vafot etgan, shu amakisinikida o‘sgandi. Yetimning egasi ko‘p bo‘ladi, derdi otasi. Bu gapning mag‘zini Shiringa sovchi qo‘yganda chaqdi. Chaqqanda ham yaxshigina chaqdi. Qizning urug‘i mo‘l, egalari ko‘p topilib qoldi. Bu qarindoshi rozi bo‘lsa, bunisi o‘ylab ko‘ramiz dedi, bunisi rozi bo‘lsa, uchinchisi uzoq dedi. Xullas, ora yo‘lda qolishdi. Sovchilar har safar aniq bir javob ololmasdan qaytishardi. Shirin agar ota-onam bo‘lganda, bunday bo‘lmasdi, deb yig‘lab ham oldi. Farhod hammasi yaxshi bo‘ladi deb uni yupatdi. Lekin…

Bu orada Shirinning amakisi Farhod bilan suhbatlashgani Toshkentga keldi. Uzoq yo‘l bosganini aytishni kanda qilmadi. Ular kafeda ko‘rishishdi. Bir piyola choy ustidagi suhbat qisqa bo‘ldi. Amaki savol berdi:

– Kelajakdagi rejalaringiz qanday, uka?

– Tanlagan soham bo‘yicha ketaman. Mana, ishni ham boshladim.

– Yashash qayerda, qanday bo‘ladi?

– Bu yil otam uy olib bermoqchi.

– Mabodo, Toshkentdan ketar bo‘lib qolsangiz, nima bo‘ladi?

– Diplomim bor. Borgan joyimda ishimni topaman. Hech bo‘lmasa qishlog‘imga borsam, ish tayin.

Shu gapi amakiga yoqmadi. Yuzi gezardi.

– Endi, uka, nasib deb gapirish kerak. Harakat qilsa hamma narsa bo‘ladi. Xudo nasib qilsa, shu yerda o‘z o‘rnimni topaman deb niyat qilib, shunga intilish kerak.

– Amaki, bor gapni aytdim-da, hech kim kelajagini oldindan ko‘rolmaydi-ku.

– Niyat qilinsa, hammasi bo‘ladi.

– To‘g‘ri aytasiz. Mening ham niyatim – shu yerda qolib ishlash. Shunday ham bo‘lyapti.

Ular xayrlashishdi. Amaki nima qarorga keldi – ko‘rishishganda Shirin bu haqda indamadi. O‘zi ham avvalgidek emasdi. Ko‘p o‘ylanardi. So‘rasa, hammasi joyida deb o‘zini kulishga majbur qilardi. Farhod buni sezar, bir kun yaxshilab gaplashib olishni ko‘ngliga tukkandi.

Kuz hukmini o‘tkazib bo‘lgan shunday kunlarning birida ular bog‘dan chiqib, avtobus bekati tomon yurishdi. Yo‘lda ko‘p gaplarni gaplashib, bekatga yetib kelganini bilmay qolishdi. Tanish raqamli avtobus ko‘rindi. Bu raqam Farhodga yoqmasdi. Sababi, bu raqamni asli hayotda ham yoqtirmasdi, ham seviklisini olib ketib qolardi-da bu raqam. Avtobus to‘xtadi. Qizning mehri iyib ketdi. Ayni damda Farhodga shunday tuyuldi. Bu yetti uxlab tushiga ham kirmas, chunki Shirin hech qachon bunday qilmasdi. Bu safar shunday bo‘ldi. Yuzini cho‘zib, yigitning yuziga sekingina lab bosib, avtobusga chopib chiqib ketdi. Ketdi. Soniyalarda yuz bergan bu holat Farhodni gangitdi. Hozirgina seviklisining lablari tekkan joyni barmoqlari bilan siypalagancha jilmayib, avtobus ko‘rinmay ketguncha ortidan qarab qoldi. Ichdan shodlandi. U ayni paytda bu bo‘sa, bu shodlanish oxirgisi ekanini bilmasdi. O‘ziga kelganda bu raqamli avtobusdan yana bir nechasi yonidan o‘tib ulgurgan, u esa kafti yuzida hamon bekatda turardi. Kecha kechasi qarindoshlari yo bizni de, yo o‘shani, degan shartidan so‘ng ora yo‘lda qolgan Shirin bu gapni uchrashuvda seviklisiga ayta olmagan, bekatga yetgach bo‘sa hadya etish bilan cheklangan, o‘rindiqqa o‘tirgandan keyingina yum-yum yig‘lab ketgandi. Uning holatini Farhod bilgan-da qay holga tushardi. Buni tasvirlash qiyin. Juda qiyin. Yozuvchi uchun ham juda og‘ir. Shu orada…

Hammasi telefon kompaniyasining tugatilishi bilan boshlandi. Aksiga olib Farhod ham shu kompaniya mijozi edi. Telefoni ishlamay qoldi. Boshqa kompaniyaga ulanishiga esa vaqti bo‘lmadi. Uch kuncha Shiringa telefon qilmadi. Soniyada eslab turadigan sevgilisini uch kun yo‘qlamadi. Har on xayolida bo‘lsa-da, sim qoqmadi. Uchrashishni taklif qilmadi. Bitta bo‘lsin SMS yozmadi. Qani Shirinsiz qancha yashar ekanman, deb o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Bu sinov uch kundan oshmadi. Oxiri ishxonasidagi telefondan sim qoqdi. Shundan so‘ng, ular uchrashadigan bo‘lishdi. O‘sha bog‘da. Farhod yurib emas, uchib bordi. Shu joyda hammasi aksiga oldi.

Shirinning kayfiyati butunlay teskari edi. Farhod qo‘lidan tutmoqchi bo‘ldi. Tuni bilan yig‘lab chiqqanmi, ko‘zlari shishib ketgan Shirin ro‘yxushlik bermadi. Aksincha, xafa bo‘lganini baralla oshkor qildi.

– Nega telefon qilmaysiz?

– Nomerim ishlamayapti, bilasan-ku.

– E’tiborsizsiz.

– Unaqamas. Yangi nomer olay.

– Yaxshi ko‘rsangiz, bunday qilmasdingiz. Gaplashishning ilojini qilardingiz.

– Bu nima deganing.

– Avvalgi e’tiboringiz yo‘q. Mendan sovugandeksiz?

– Unday dema.

– Xuddi shunday.

Farhodning jahli chiqib ketdi.

– Injiqlik qilma.

– Kim injiqlik qilyapti.

– Sen, harqalay men emas.

– Shunaqami? Hali men injiq bo‘ldimmi?

– Shunaqaga o‘xshayapti.

– Unda meni unuting.

– Bu nima deganing.

– Unuting, vassalom.

– Bunaqa dema.

– Nima deyin?!

Bu gaplardan so‘ng orada ko‘rinmas jarlik ham paydo bo‘lgandek ko‘rindi Farhodga. Qiz ortiq bir so‘z demay ko‘zda yosh bilan o‘z yo‘lida ketdi. Bu paytda qahraton qish qadam qo‘ygan, izg‘irin esar uchib, yo‘lda turib qolgan sap-sariq yaproqlarni Shirin etigi bilan ezg‘ilab-ezg‘ilab ketib borardi. Farhod ortidan ma’yus tikilib qoldi. Yelkasi ko‘tarilib-tushib borayotgan Shirinning borgan sari qadami sekinladi. Bir bor to‘xtadi ham. Ketish yo ortga qaytishga ikkilanayotgandek edi u. Birinchisi ustunlik qildi. Farhod ortidan chopmoqchi bo‘lganda qiz taksiga o‘tirib bo‘lgandi. U bir bor bo‘lsin ortiga qaramadi. Ketdi.

Shu-shu biri-birini ko‘rishmadi. Farhod ko‘p bor telefon qildi, tusholmadi. Nomerini almashtiribdi. Uyiga, ishxonasiga qidirib bordi. Topolmadi. Keyin bildi… Bilganda kech bo‘lgan Shirin asli o‘zlari tomondan bo‘lsa-da, ushbu shaharda yashaydigan o‘zga bir insonning yoriga aylangandi.

Shirinning qarindoshlari ustun keldi. Tanlovda Shirin ularni tanladi. Shunga majbur edi. Oq sut bermagan esa-da, tuz bergan, tarbiyalagan, o‘qitgan. Shirin buni aslo unutadigan qizlardan emasdi. Ularni ham tushunish kerak, jigarlaridan qolgan bittayu bitta omonatni uzoqqa irg‘itgisi kelmayapti, degan xayolga ham bordi. O‘ylay-o‘ylay oxiri shunday qilishga, ya’ni Farhodning oldiga kelayotganda bir qarorga kelgan, uni ortiq umid­vor qilgisi kelmay, ranjitib, o‘zidan sovutishni maqsad qilgandi. Telefon qilmagani tayyor sabab vazifasini o‘tab bergandi. Yig‘lab ortiga qaytib seviklisining ko‘ksiga bosh qo‘yishga bir bahya qolgan, bu joyda yana ozgina tursa, aniq shunday qilishini bilib o‘zini majburlagan holda ilgarilagan taksiga o‘tirgachgina ko‘z yoshlariga erk bergandi. Keyin… Keyin… Qancha-qancha ko‘z yoshlar dastro‘molini ivitdi. Barchasi foydasiz bo‘ldi. O‘shandayoq boshqa sabab­lar qatorida Farhodning javobi amakiga yoqmagan, u kishi bir qarorga kelgandi.

Yillar o‘tdi. Farhod uylandi. Farzandli bo‘ldi. O‘g‘il. Ismini o‘zi qo‘ydi: Zafar. Bu ism Shirinni har qadamda eslatib turishini, zafar quchmagan muhabbat azobi yangilanishini bilsa-da, nima bo‘ldi bilmaydi, tilida shu ism aylanaverdi. Oxiri Zafar ismi tilida jarang sochdi. Bu ism hammaga, kelinga ham yoqdi. Zafar ulg‘ayib, beshga kirdi. Bir kuni…

Yurtga yana nechanchidir bahor mehmon bo‘lgan, atrof yashillikka burkangan, hovlilarda olchalar oppoq gulga kirgan payt. Dam olish kunlaridan biri. Farhodning ikkinchi farzandi kutilayotgan payt. Xotini UZIga tushganda, do‘xtirlar qiz deyishibdi. Keliboq erkalanib ismini nima deb qo‘yamiz, dedi eriga. Ra’no javobini olgach, juda chiroyli ism, men ham shu ismni aytmoqchi edim, qizimizning ismi, albatta, Ra’no bo‘ladi, deb xursand bo‘lib ketdi.

Hozir u shifoxonada. Shifokorning aytishicha, bir-ikki kun bor ko‘zi yorishiga. Farhod har kuni borib, xabar oladi. Bugun ham borib, har ehtimolga qarshi yonida qaynsinglisini qoldirib keldi. So‘ng Zafarni yetaklab ko‘chaga chiqdi. Chiqdi-yu, bog‘ tomon yurganini bilmay qoldi. Avvallari oyog‘i tortmasdi. Xotini bir-ikki bor aytganda, u-bu narsani bahona qilib unamadi. Bugun esa…

Nima bo‘ldi, bilmaydi, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmagan holda shu tomon sudradi. Bordi. Tanish joylar. Xayoli ming bir ko‘chaga o‘rmaladi. O‘sha chinor. Shirin uning panasiga yashirinib, boshini chiqarib kulib turgan holati. Ilk bo‘sa. Bu hamon ko‘z oldida. Unutmaydi. Unutolmaydi. Yonida Zafar chinorning po‘stloqlarini siypalab, bij-bijlab nimanidir so‘zlardi. Yolg‘izoyoq so‘qmoq. O‘rik, ha, o‘sha taxir ta’mli o‘rik gulga kiribdi. Yurdi, to‘xtadi. Yurdi. Oldinda… Yuragi beixtiyor duk-duk ura boshladi. E’tibor berdi. Qaradi. Qaradi-yu qotib qoldi.

Bir paytlardagi qadrdon o‘rindiqda Shirin o‘tirardi. Ha, ha, adashmayapti: u – Shirin. Shirin ham o‘rnidan turib ketdi. Bir-biriga qaragancha qotib qolishdi. Uzoq turishdi. O‘sha nigoh, o‘sha yondiruvchi ko‘zlar. Faqat yuzi ozgina so‘lg‘in. Yonida shiringina qizaloq. Ko‘zlar namlandi. Yosh tomchiladi. Oradagi masofa ikki odim. Ikki odim-a. Ikki odim tashlashsa, bir biriga yetadi. Bir paytlar yetishardi. Endi-chi? Bu ikki odim ular uchun juda uzoq manzil. Yetib bo‘lmas manzil. Ming urinishsa-da, buning iloji yo‘q.

Zafar jilmayib ularning yoniga bordi.

– Assalom, opa.

Jimlik. U bunga e’tibor bermadi. Qizchaga qarab jilmaydi.

– Isming nima?

– Ra’no. Seniki-chi?

– Zafar. Dada, qarang ismi Ra’no ekan. Oying senga Ra’no degan singil olib kelishga ketdi degandingiz. Bu o‘sha Ra’nomi, dada? Unda oyim qani?

– Yo‘q, u-u…

Xursand bo‘lib ketgan Zafar Ra’noga gapirdi:

– Mening ismimni dadam qo‘ygan.

– Menikini oyim. Mening ham Zafar degan akam bor.

– Rostdanmi? Dada, Ra’noning Zafar degan akasi bor ekan. Menga ham oyim Ra’no degan uka olib keladi-a?

Zafar dadasidan javob bo‘lmagach, Ra’noga o‘girildi.

– Nechi yoshga kirding?

– To‘rtga. O‘zing-chi?

– Beshga. Dada, dadajon, Ra’no mendan bir yosh kichkina ekan.

Zafar avval dadasiga, so‘ng Shiringa qarab turib qoldi. Uning ko‘zidagi yoshni ko‘rib, hayron holda gapirdi.

– I-ye, nimaga yig‘laysiz, opa. Kim sizni xafa qildi.

– Hech kim, o‘g‘lim, hech kim.

– Unda nega yig‘layapsiz?

– O‘zim, o‘zim.

– Onalar yig‘lamaydi, deydi, oyim, siz ham Ra’noning oyisiz-a. Yig‘lamang. Xo‘pmi?

– Xo‘p, xo‘p.

Shirin ko‘zidan oqayotgan yoshni cho‘ntagidan dast­ro‘mol olib shosha-pisha sidirdi. So‘ng Zafarga qarab jilmayishga harakat qildi.

– Mana, yig‘lamayapman.

– Zafar, mening kotta, o‘zimdek keladigan oppoq ayig‘im bor, – deya Ra’no Zafarga maqtanishga tushdi.

– Meniki ham bor. Istasang, senga beraman. Ikkisi do‘st bo‘ladi.

So‘ng Farhodga o‘girildi.

– Dada, ayiqni Ra’noga bersam bo‘ladimi?

– Ha, ha-a. Bo‘ladi-bo‘ladi, o‘g‘lim…

– Ana, dadam ham rozi bo‘ldi. Biznikiga borsang uni senga, albatta, beraman. Borasan-a?

– Oyim rozilik bermaydi. O‘zing biznikiga boraqol.

Bolalar bidillashib gaplashar, ikkisi esa tosh qotgancha turar, ortga qadam tashlashning ham, biri biri tomon yurishning ham imkoni yo‘q edi…

– Dada, Ra’nolarnikiga olib borasiz-a, ayiqchamni unga bermoqchiman. Eshityapsizmi, dada? Sizga aytyapman, – deya Zafar barmoqlaridan tortib bir necha bor erkalanib so‘ragandan keyingina Farhod o‘ziga keldi. Bu paytda Shirin Ra’noni yetaklab katta ko‘chaga chiqib bo‘lgandi. Farhod uning taksi to‘xtatib, ko‘zdan pana bo‘lgancha ortidan qarab qolarkan:

– Olib boraman, o‘g‘lim, ayiqchangni, albatta, unga berasan, – deya Zafarni dast ko‘tarib, mahkam bag‘riga bosarkan g‘o‘ldirardi:

“Shirin, men seni asray olmadim, pok sevgingni asray olmadim. Ilk xatingda bitganingdek, oppoq orzularingni, o‘zingni menga, xayollaringda asragan insoningga topshirganding. Men esa irodasizlik qildim, sevgim va baxtim uchun intilishim, harakat qilishim, oxirigacha kurashishim kerak edi. Taqdir ekan, deya qo‘l silkib qo‘ya qolmasligim kerak edi. Nima bo‘lganda ham endi g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘ldi, Shirin. Sen bilan o‘zing bitganingdek hozir hamdam, yonma-yon, sirdosh bo‘lmasak-da, mendan uzoqlarda, juda-juda uzoq tuman ichida bo‘lsang-da, hayot bu safar ikkimizga ham beshafqat munosabatda bo‘lgan esa-da, sen hamon qalbimda, xayolimdasan. Sening baxtli bo‘lishingni istayman. Qay yerda bo‘lma, kim bilan yashama, hamisha baxtli bo‘l! Bugun bildim: men kabi farzandlaring bor, Zafaring, Ra’nong bor. Demak, oilang tinch. Bundan xursandman. Juda-juda xursandman. Ering bilan faqat va faqat baxtli bo‘l, farzandlaringning baxtini ko‘r, men senga chin dildan shuni tilayman. Yana bir bor aytaman: yonimda bo‘lmasang-da, sen hamisha qalbimda, xayollarimda asraganimsan, Shirin, Shirinim!”

Farhodning armonli o‘yini telefonning ovozi buzdi. Cho‘ntagidan olib, qaradi. Ayolidan SMS kelibdi. Shoshib tugmani bosdi:

“Dadasi, qayerlardasiz? Suyunchi bilan keling! Ra’nongiz tug‘ildi! Qizingiz shashqaloq ekan. Vaqtini kutib o‘tirmadi…”

Salim ABDURAHMON

 

1984 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

Hikoyalari matbuotda e’lon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.