Barin aytdim – ko‘chdi ko‘nglim ohori…

0
40
marta ko‘rilgan.

BOG‘ KEZAMAN

 

Bog‘ kezaman horitganda eski mung,

Qalay o‘tayotir, do‘stim, besh kuning?

Bog‘ kezaman, bolalikni xotirlab,

Chirildoqlar hushtak chalar kechqurun.

 

Yolg‘iz o‘zim aylanaman – so‘qqabosh,

Kunlar qayda bizlar birga yayragan?!

Bir-birini chorlayapti qaygadir,

Chirildoqlar sayragani sayragan!

 

To‘xtatib tur, qurbing yetsa fursatni,

Hayot o‘tar, o‘tar firoq, farahlar.

Bog‘ kezaman, tuyuladi g‘aroyib,

Qushlar meni chorlaganday chax-chaxlab.

 

O‘jarlarni hayot mangu o‘r etgay,

Ikki qirg‘oqdamiz, qolding sarg‘arib.

Go‘yo olis to‘qayda o‘sayotgan

Yolg‘iz terak kabi so‘qqabosh, g‘arib.

 

Behol qildi sevgi, alam, qayg‘u-g‘am,

Mendan o‘zga holingni kim tushunar?

Sog‘inaman, sog‘inaman, bir kuni

Meni senga olib boradi qushlar.

 

Bog‘ kezaman horitganda eski mung,

Qalay o‘tayotir, do‘stim, besh kuning?

Bog‘ kezaman, bolalikni xotirlab,

Chirildoqlar hushtak chalar kechqurun.

 

KUZ YOMG‘IRI

Kuz yomg‘iri ezib yog‘ar tun bo‘yi,

G‘amgin boqqa kim ham qo‘yadi ko‘ngil?

Atrofdagi maydalardan charchadim,

Muhabbatga qaraydilar yep-yengil.

Xazonrezgi…yaproq uzilar – o‘lar,

Afsus-afsus nafas olmay uzilar.

Uzuq-yuluq yo‘llar yotar dasht uzra,

Ko‘hna afsonalar aytadi ular.

Har yon g‘iybat – muhabbatning go‘rinday,

Go‘r qazishga chevarmiz biz erinmay.

Ko‘kda turar bulut ichra to‘lin oy –

Sovuqqotgan qizning rangpar labinday.

Yomg‘ir yog‘ar…stilar sabru toqat,

Ko‘chalarning ko‘zlarida so‘ndi nur.

Yozdagiday olislarga intilib,

Kapalaklar uchmoq istar baribir.

Kuz yomg‘iri ezib yog‘ar tun bo‘yi,

Bog‘ning ohin tinglar endi qay ko‘ngil?

Atrofdagi maydalarga qarayman,

Muhabbatga qaraydilar yep-yengil.

 

ЄAYG‘URMOQ-ChUN KELMAGANSAN

Umidlaring yo‘lga solsa yoprilib,

Olg‘a emas, chekina bil bir qadam.

Armon ba’zan o‘zi izlab topadi,

Sog‘inganda kirib kelar o‘zi g‘am.

Umid ba’zan buzib o‘tar devorni,

Sen ilinjning o‘zanidan o‘tma ko‘p.

Taqdirlar bor oyoqosti, ezilgan,

Zoye bo‘lgan oq umiddan zaxa yeb.

Hoyu havas orzularga aldanma,

O‘kinarsan o‘rinlanmay qolganda.

Bu hayotga qayg‘u uchun kelmading,

Kulib qaray bilmoq kerak yolg‘onga.

Umr – g‘animat, yashab bo‘lmas shunchaki,

Bizlar nega intilamiz qiynab jon?

Dard chekmoqqa kelmaganmiz dunyoga?!

Kulib qara, yolg‘onchi-ku bu jahon!

Umidlaring qo‘ldan tutsa yoprilib,

Olg‘a bosmay, chekina bil bir qadam.

Umid seni o‘zi izlab topadi,

Sog‘inganda kirib kelar shodlik ham.

 

Qozoq tilidan Muzaffar Ahmad

tarjimasi.

 

 

ЄAROG‘IMDA QALQIB-QALQIB

KO‘L TURDI

So‘zlarimdan ma’no ketdi, yozmadim,

Barin aytdim – ko‘chdi ko‘nglim ohori.

Taqdirimning ko‘rmaganday yozlarin,

Taqdirimning ko‘rmaganday bahorin.

Gulbog‘larning anglamadim gulini,

Yaproqlarning tushunmadim tilini.

Goho boshdan, gohi aytdim poyidan,

Yurak-bag‘rim ming parchaga bo‘linib.

Shamollarning qo‘llaridan tutmadim,

G‘amgin qoldim, g‘ussalarga belanib.

Bulut ko‘rdim ko‘k toqida bir parcha

Mo‘l yomg‘irlar so‘radim men elanib.

Yog‘olmadi, tishlab qoldim tilimni,

Ilon kabi tashlab ketdi uch bo‘lib.

Men noumid qaytdim so‘ngra qoshingdan

Uyg‘ongandek g‘ira-shira tush ko‘rib.

Qarog‘imda qalqib-qalqib ko‘l turdi,

Bog‘larimni yana zavqqa to‘ldirgin.

Aytmaydigan so‘zning barin aytdim-ku,

Aytadigan so‘zning barin o‘ldirdim…

ARBAT*DA

Birovning jim turgani, gapirgani,

Gohi notinch yuragimni parchalaydi.

Bir tomonda quvonch ko‘nglimni siylasa,

Bir tarafda hijron ko‘ksimni yalaydi.

Menga nima kerak, tag‘in anglolmayman,

Bilolmayman kimga ko‘ngil yorishimni?

Dil yozadi kimdir gitarani chertib,

Kimdir ko‘zda yoshi bilan tinglaydi tik.

Hayot o‘zi totli, garchi go‘zal emas,

Arbatdagi muzqaymoqning suratidek.

Kimdir toshu sanamlarga qilar toat,

Ko‘ksimdagi qushim ko‘kka o‘rla faqat.

Ko‘z tashlayman yon-atrofga men shunchaki,

Yuragimga taskin berar istirohat.

Birovning jim turgani, gap otgani,

Gohi notinch yuragimni parchalaydi.

Bir tomonda quvonch ko‘nglimni siylasa,

Bir tarafda hijron ko‘ksimni yalaydi.

Menga nima kerak, tag‘in anglolmayman,

Bilolmayman kimga ko‘ngil yorishimni?

 

 

 

Muratxan ShoKAn

 

1974 yili Tarbag‘atay viloya­tining To‘la tumani Aqbelli qishlog‘ida tug‘ilgan. Qozog‘is­ton Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir, faylasuf. Olma-otadagi Yoshlar siyosatini rivojlantirish fondining “Adabiyot olami” markazi rahbari. “Yigirmaning yolqini”, “Bahor uchun meni sev”, “Yurakka yukinib”, “Pokiza oqshomlar”, “Oqshom lirikasi” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan. “Yaratilishnoma” falsafiy asari muallifi.

 

 

Qozoq tilidan Faxriddin Hayit tarjimasi

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.