“Moviy yuksaklarga men ham bir chiqay”

0
43
marta ko‘rilgan.

Taniqli adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekovning bir necha ilmiy-adabiy maqolalarini, risolalarini, uslubiy qo‘llanmalarini o‘qiganmiz. “Yulduzning besh qirrasi” – uning salmoqli kitoblaridan biridir.

Kitob shoir, yozuvchi, tarjimon hamda jamoat arbobi Muhammad Ali asarlari tahliliga bag‘ishlangan. Unda adibning she’rlari, dostonlari, romanlari, tarjimalari, ocherklari, badialari, adabiy-tanqidiy maqolalari keng ko‘lamda tahlil etilgan.

Muhammad Ali adabiyotimizga dastlab shoir sifatida kirib kelgani, she’r va dostonlari bilan tanilgani ma’lum. Buni yaxshi bilgan munaqqid to‘g‘ri yo‘ldan boradi. Eng avvalo, adibning shoir sifatidagi mahoratini yoritishga harakat qiladi.

Kitobda Muhammad Alining ijodiy kamolotga erishishi yo‘lidagi izlanishlari tadrijiy ravishda yoritilgan. Tadqiqotchi “shoirning she’riyatdagi o‘ziga xos olami chuqur o‘rganilmagani”ni to‘g‘ri ta’kidlaydi. “Ko‘p izlanishlardan keyin shoir jahon she’riyati yo‘lini tanlashga qaror qildi, – deb yozadi u. – Klassik she’riyat yo‘li, ayniqsa J.Bayron, I.Gyote, F.Shiller, A.Pushkin, M.Lermontovlarning ijod yo‘li uni o‘ziga maftun qildi. Ulug‘ ustozlar yo‘lida ijod qilishga intildi”. Darhaqiqat, shoirning dastlabki kitoblari “Fazodagi hislar”, “Shafaq”, “Otalar yurti”, “Alvon chechaklar”ni kuzatsak, shoir yuqoridagi mumtoz ijodkorlar an’analarini samarali davom ettirganini ko‘ramiz.

Shoir adabiyot chamanzoriga kirib kelgan yillarda hukmron sho‘ro taz­yiqlari bir qadar susayib, sotsialistik realizm va vulgar sotsiologik qarashlar darz ketgan, iliq shabadalar esa boshlagan edi. Mash’um qatag‘on zug‘umlariga chidab ijod etgan Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiyalardan keyin adabiyot maydoniga kirib kelgan, 50-yillardagi yangi qatag‘onlarga ham guvoh bo‘lgan ijod ahli juda ehtiyotkorlik bilan qalam tebratgani ma’lum. Ular bilan izma-iz ijod gulshaniga qadam qo‘ygan navqiron avlodlarning nasrida ham, she’riyatida ham soxta madhiyabozlik, sun’iylik yo‘qola bordi. Adabiyot maydoniga toza havo kirib keldi. Yangi nasl, yangi tamoyillar ruhida yozishdan tashqari avvalgi yo‘l qo‘yilgan mudhish xatolarni tuzatishni, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Elbek va boshqa qatag‘on qurbonlari ijodini asl holida o‘quvchilar hukmiga yetkazishni ham talab qila boshladi. Bu osonlikcha amalga oshadigan ish emas edi. Yangi tamoyillarni Abdulla Qahhor, Izzat Sulton kabi oqsoqollar, buyuk san’atkorlar yoqladi. Said Ahmad, Shuhrat, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Ozod Sharafiddinovlar maydonga dadil tushdilar. Ana shu qaynoq adabiy jarayondan kuch olgan O‘lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, Abdulla Oripovlar ijodi yulduzdek charaqlab yondi. Muhammad Ali, Rauf Parfi, Omon Matjon, Gulchehra shoiralar, Oydinu Halimalar ana shu qudratli to‘lqin sadolariga jo‘rovoz bo‘ldilar. Hozir baland pardalarda emin-erkin ijod qilayotgan bugungi katta iste’dod egalari ana shu zahmatkashlar ochgan musaffo buloqlar suvidan bahramand bo‘lib voyaga yetganini unutish mumkin emas.

Moskvada besh yil o‘qib, Oliy adabiyot ta’limini olib qaytgan Muhammad Ali  o‘z ovozi, o‘z sozi bilan yuqoridagi qudratli to‘lqinga musaffo jilg‘a bo‘lib qo‘shildi. U ilg‘or ijodiy an’analarga suyanib ijod qilish yo‘lidan bordi. Buni ilk she’riy to‘plamlaridan tortib bugungi she’rlarini o‘qib ham yaxshi his etish mumkin. Men bir kitobxon sifatida shoirning “Qadimgi qo‘shiqlar” turkumini sevib o‘qiyman. Ayniqsa, Vatanimizning buyuk farzandi Spitamen jasorati va fojiasiga bag‘ish­langan misralar meni har doim chuqur o‘ylarga toldiradi.

Tadqiqotchi Muhammad Ali ijodida yillar davomida pafos darajasiga ko‘tarilgan asosiy, muhim nuqtaga – o‘tmishimizdagi dardlar haqida so‘zlash orqali bugungi hayot muammolariga ishora qilish, ularni turli ramzlar orqali ko‘rsatishga dadil qo‘l urganini to‘g‘ri belgilaydi. Tahlil to‘g‘ri yo‘nalishda davom etadi. Ana shu jihatdan kitobda “Bahor kelganda” she’ridan keltirilgan quyidagi parcha ibratlidir: “Yoshlik” jurnalining 2011 yil 7-sonida e’lon qilingan muloqotda shoirning o‘zi shunday yozgan ekan: “She’rda osmonni ta’riflagan shunday satrlar bor:

 

Men bahor kelganda

Osmonga boqaman.

Osmonning ko‘ksiga

Yulduzlar taqaman.

Garchi keng, garchi sof

Ul osmon, ul falak,

Lekin ul ostida

Yer yotar jonhalak.

Maysalar o‘sadir,

Suyumli maysalar,

Barglarin, bo‘ylarin

Olamga yoysalar…

Maysalar niyati

Ulug‘dir, ey Osmon!

Sen ular tuprog‘in

Hibs etding begumon!

Maysalar o‘sadir

Seni-da yiqay deb!

Moviy yuksaklarga

Men ham bir chiqay, deb!

 

Tagiga chizilgan so‘zlarni o‘qib mulohaza qilinsa, shunday manzara namoyon bo‘ladi (shoir nazarida): Sobiq sho‘ro iskanjasida Yer (O‘zbekiston) o‘zini jonhalak his etadi. Bunda maysalar (yosh o‘g‘lonlar) o‘sayotir. Ularning niyati ulug‘: sen ular tuprog‘i (Vatani)ni hibs etding, bosib olding. Ular seni yiqaman deb voyaga yetmoqda, yuksaklarga chiqsam, men ham ozodlik havosidan nafas olsam, demoqda…” Mana shu ruh, muqaddas orzu shoir ijodida ustuvor mavqe egallaydi.

Yuqorida Muhammad Ali ilk qadamlaridayoq jahon adabiyoti yo‘lini tanlagani aytildi. U ana shu yo‘ldan yurar ekan, bot-bot xalqimiz o‘tmishiga murojaat qiladi, buyuk qahramonlarimiz jasoratini shoirona jonlantirib, ularning ezgu ishlari hech qachon o‘lmasligini, orzu-­armonlari bir kuni ro‘yobga chiqishini, mardona kurashlari davom etajagini badiiyat tili bilan suratlantiradi. Mana, nihoyat bu ezgu armonlar amalga oshdi – yurtimiz mus­taqil bo‘ldi. Bu ezgu, buyuk hodisaga o‘tli asarlari bilan xalqimizni ruhlantirgan, ma’nan tayyorlagan ijodkorlar qatorida Muhammad Ali ham munosib hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash lozim.

Tadqiqotda shoirning “Gumbazdagi nur”, “Mashrab” dostonlari, “Boqiy dunyo” she’riy romanidagi badiiy topilmalar yetarli darajada tahlil etilganini ta’kidlash kerak. Ayniqsa, “Gumbazdagi nur” dostonida bola tilidan aytilgan va adib keyin yaratgan deyarli barcha she’riy hamda nasriy asarlarning asosiy g‘oyaviy mazmuniga aylanib ketgan mana bu to‘rtlik ibratlidir:

 

Yana keldim, ey Tarix bobo,

Yana senga da’vo qilurman.

O‘z haqqimni qilmoqni da’vo

Haqiqatning yo‘li bilurman!

 

To‘g‘ri, bu parchada takroriy so‘zlar bor (da’vo qilurman, qilmoqni da’vo), lekin gap unda emas. Gap bu yerdagi chuqur mazmunda. Hammamiz yaxshi bilamizki, ona yurtmiz – Turkiston ming-ming yillar davomida takror-takror yovlar tomonidan zabt etildi, asoratga solindi, o‘tmishi zo‘ravonlik bilan soxtalashtirildi. Beruniy bobomiz aytganidek, qadimiy tariximiz “haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajaga” keltirib qo‘yildi. Istibdod ostida qolgan ne-ne daho ajdodlarimiz ana shu Ona tarixni tiklash yo‘lida mashaqqat chekib, guldek umrini xazon qildilar, xor-­zorlikda, zabunlikda umr o‘tkazdilar. Ammo ular haqiqatdan voz kechmadilar, chekinmadilar. Yuqoridagi she’riy parchada ta’kidlangani kabi o‘z haqqini da’vo qilmoqni haqiqatning yo‘li deb bildilar.

Muhammad Ali ham deyarli o‘ttiz yil davomida yaratgan barcha asarlarida – ehtiros bilan yozilgan adabiy-pub­litsistik maqolalari, ikki qismli “Sarbadorlar” romani, to‘rt jildlik “Ulug‘ saltanat” roman-epopeyasida tarix haqiqatiga sodiq qolib kelmoqda. Mantiqan bir-birining davomi bo‘lgan bu romanlar adibning ulkan yutug‘idir. Ular haqli ravishda Davlat mukofoti bilan taqdirlanganini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz. Adibning “Sarbadorlar” romani, “Ulug‘ saltanat” epopeyasi Komil Yashin, Pirimqul Qodirov singari katta adiblar, akademik Matyoqub Qo‘shjonov, akademik Baxtiyor Nazarov hamda juda ko‘p taniqli olimlar, adabiyotshunoslar tomonidan yetarli darajada tahlil qilindi. Biz ularni to‘la yoqlaganimiz uchun mazkur asarlarga to‘xtalmaslikni ma’qul ko‘rdik.

Shu o‘rinda adib ijodida katta o‘rin tutadigan adabiy-ilmiy maqolalar va badialar – esselarga ham to‘xtalsak. Zero, ularning barcha qirralari hali yetarli darajada yoritilgan emas (Bu fikrlar tadqiqotchi Adhambek Alimbekovning kitobiga ham taalluqlidir).

Yuqorida aytganimizdek, ona tariximiz haqida do‘ppini olib qo‘yib, astoydil, bafurja gaplashadigan bahsli o‘rinlar, ziddiyatli qarashlar hali ko‘p. Ular, ayniqsa, mustaqillik sharofati bilan o‘z yechimini topib borayotgani bizni quvontiradi. Birgina misol. Amir Temur davlati yoki Chor bosqini, baxtiqaro jadidlar va milliy ozodlik kurashchilari – ular yoppasiga “bosmachi” nomi bilan qoralandi – yoki mash’um qatag‘on qurbonlari haqida hozirgidek yoza olarmidik? To‘g‘ri, bu borada intilishlar, turli yo‘sinda urinishlar bo‘ldi, ammo ular kurtakligidayoq yo‘q qilindi. Zamona zaylini qarangki, ba’zi chalasavod olimlar mana shu zaminda shakllangan tubjoy aholi – o‘zbek xalqi XVI asrda – shaboniylar davrida paydo bo‘ldi deb ochiq-oshkora kitob yozish darajasigacha borib yetdilar (Xayriyatki, bu soxta fikr o‘z paytida inkor etildi).  Mana shu qaltis pallada bir guruh o‘zbek ziyolilari, shoir va yozuvchi-adiblari katta qiyinchilik­lar bilan bo‘lsa-da, xalqimiz tarixini, qadimiy tilimizni himoya qila oldilar. Bular orasida dastlab shoir sifatida tanilgan adib Muhammad Ali ham bor edi. U jangovar publitsistik maqolalarini ana shu davrda yoza boshladi.

Rossiya markaziy televideniyesining “Pozitsiya” ko‘rsatuvida yozuvchi G.Borovik, A.Mixaylovlar “Buxoro va Samarqanddagi osori-atiqalarning o‘zbek xalqiga hech qanday daxli yo‘q” degan uydirma gaplarni baralla aytgan ekan. Buni eshitgan shoirimizning dili junbushga keladi. “Bu fikrga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi, – deb yozadi u. – Shunday savol tug‘iladi: bu ko‘hna shaharlardagi yodgorliklarning o‘zbek xalqiga daxli bo‘lmasa… kimga daxli bor ekan?! Arablargami? Mo‘g‘ullargami? Ruslargami?.. Bunday savollar kishini g‘azablantiradi, o‘ylantirib qo‘yadi, xayolni chuvalashtiradi.

Haq talashmoq yomon narsa, lekin haqiqat uchun kurashmoq ham farz, ham qarzdir”. Bunday holat vijdoni, oriyati bor har qanday odamda bo‘lishi mumkin. Bir vaqtlar taniqli yozuvchi Shukur Xolmirzayev ikkimiz Moskvada bosilgan H.G.Ko‘ro‘g‘lining “O‘zbek adabiyoti” kitobida xalqimiz tarixi buzib ko‘rsatilgan o‘rinlarni o‘qib, qattiq g‘azablangan edik. Olim ochiqdan-ochiq kelgindi (!) turklar yangi eraning IV asrida O‘rta Osiyoda paydo bo‘ldi. Ularning mahalliy xalqlar bilan qo‘shilishidan (!) hozirgi o‘zbek xalqi yuzaga kelgan” deb yozgan edi. Shunda biz “Bilib yozgan yaxshi…” (“Sharq yulduzi” jurnali, 1977 yil, 2-son) nomli maqolamizni yozib, yuqoridagi tuhmatdan iborat qarashni rad etgan edik. Shu tufayli men Muhammad Alining “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasida chop etilgan “Atlas ko‘ylakli ikki qiz” badiasini xayrixohlik bilan o‘qiganman. Unda faqat o‘zbek xalqi emas, tojik xalqining o‘tmishiga ham ehtirom saqlangan holda samimiy, xolis fikrlar bildirilgan edi. Garchi bu badiaga qarshi biryoqlama, asossiz maqolalar, raddiyalar e’lon qilingan bo‘lsa ham, bugun bu bahsda tarix haqiqatiga, ilmiy mantiqqa suyangan Muhammad Ali yutib chiqqani barchaga birday ayon bo‘ldi.

Xullas, adibning millat tarixi va taqdiri, tili, adabiy meros muammolari kuyunchaklik bilan yoritilgan “O‘z-o‘zingni anglab yet” (u “Qadimiy makon”, “Atlas ko‘ylakli ikki qiz”, “Daryoning boshi” singari boblardan iborat) hamda “Haqiqatdan chekinma, tarix!” badialaridagi dardlar o‘quvchilar yuragiga yetib bordi. Ular qayta-qayta bosildi. Ularda tilga olingan tarix jumboqlari, qizg‘in tortishuvlar, bahslar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Adibning “Sarbadorlar xalq kurashchilari”, “Tarix – mangu davomli saboqdir”, “Nima sababdan Turkiston tarixini o‘rganish kerak” singari salmoqli maqololalarida ham xalqimizning boy va qadimiy tarixiga doir muammolar kuyunchaklik bilan yoritilgan. Adibning ikki jildlik saylanmasi hamda “Amir Temur chamani” to‘plamidagi sara maqolalar haqida ham ko‘p yaxshi gaplarni aytish mumkin.

So‘zni tadqiqotchi Adhambek Alimbekov yozgan “Yulduzning besh qirrasi” kitobidan boshlagan edik. Yana unga qaytsak. Yaxshi yozilgan bu tadqiqotda, tabiiyki, yanada to‘ldirish, boyitish zarur bo‘lgan o‘rinlar bor. Jumladan, Muhammad Ali she’riyatiga xos badiiyat, she’riy obrazlar, ranglar, ohanglarning o‘zi katta bir tadqiqot uchun mavzu bo‘la oladi. Albatta, olim o‘z oldiga adibning badiiy mahorati, obrazlar dunyosini ipidan-ignasigacha to‘la-to‘kis yoritish vazifasini qo‘ymagani ko‘rinib turibdi. Biz adibning ijod yo‘lini xolis baholab, asosiy tamoyillarini to‘g‘ri belgilab bergan va bu vazifani sidqidildan ado eta olgan olimdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Zahmatkash, sermahsul adibimiz ijodi yanada jiddiy, teran tadqiqotlar uchun mavzu bo‘la oladi.

Ortiqboy Abdullayev,

filologiya fanlari nomzodi.

1943 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.  “She’riyatning tiniq osmoni”, “Ijodning qo‘sh qanoti” (hammualliflikda), “Qalbga ochilgan yo‘l”, “Turkistonning o‘tkan kunlari”, “Ona Vatan fidoyilari”, “Xivaning istilo qilinishi” kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.