O‘zbek eli o‘r keladi, o‘zi o‘jar zo‘r keladi

0
100
marta ko‘rilgan.

Tog‘ay Murod asarlarida xalq og‘zaki ijodi namunalaridan eng ko‘p foydalangan yozuvchilardan biridir. Uning asarlarini o‘qigan chet ellik, o‘zbek etnografiyasi va xalq og‘zaki ijodi haqida hech qanday ma’lumoti bo‘lmasa ham, bu madaniyat haqida anchagina bilimga ega bo‘ladi. Tog‘ay Murod kabi yozuvchilar o‘z xalqiga ikki taraflama xizmat qilishyapti. Birinchisi, asarlarida xalq madaniyatini jonlantirib, unutilib ketishidan saqlab qolishyapti. Ikkinchisi esa, o‘z madaniyatlarini dunyoga tani­tishyapti. Qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning asarlari ham bunga misol bo‘la oladi. Qirg‘iz madaniyatining yashashi va dunyoga tanilishida uning asarlari katta ahamiyatga ega. Aytmatovning asarlari dunyoning to‘rt tarafida o‘qilishi bilan bir qatorda qirg‘iz xalq madaniyati ham dunyoning to‘rt tarafida tanilib boryapti. Davlatlar, hukumatlar katta miqdorda sarmoya ajratmasin, baribir millatni tanitishda yozuvchi – san’atkorchalik samarali natijaga erisha olmaydilar. Yozuvchi kuchli tasvirlarga boy bir asari bilan o‘z madaniyatini o‘quvchilariga osonlik bilan yetkazishi mumkin. Bu jihatdan Tog‘ay Murodning asarlari o‘zbek madaniyatini tanitish borasida misli ko‘rilmagan ahamiyatga ega. O‘zbek madaniyatini tanitishga mas’ul shaxslar va tani­tishni istaganlar bu muhtasham asarlarni dunyo tillariga tarjima qilishni tezroq boshlashlari kerak deb o‘ylayman.

“Ot kishnagan oqshom” qissasining asosiy mavzusi ko‘pkaridir. Bu qissa ayni paytda ko‘pkari va ot ensiklopediyasiga ham o‘xshab ketadi. Yozuv­chi o‘zbek xalqining ko‘pkari va ot haqida necha asrlardan beri orttirgan tajribasini o‘quvchiga yetkazadi. Asarning orqa planida esa an’ana-tuzum o‘rtasidagi kurash ko‘rsatilgan. An’ana eskini, tuzum yangini tamsil qiladi. Ziyodullaning mavqeyi, ya’ni dunyosini bu kurashdagi qismlar belgilab beradi. Ziyodulla urf-odatlar va an’analari­ga sodiq, durust, saxovati, ochiq ko‘ngil bir qahramondir. U an’anaviylikni tamsil qilyapti va kurashning bir tarafidadir. Qarshisida esa sovet tuzumi­ning tamsillari, ya’ni rasmiy idoralarda ishlaydigan shaxslar turadi. Ziyodulla shifoxonadan shifo topmaydi, sochlari to‘kiladi; maktabda o‘zini kamsitilgan his qiladi va o‘qishni tashlaydi. Cho‘ponlik qila boshlaydi va bu bilan birgalikda baxshilik san’atini ham o‘rganadi. Bu yerda tuzumdan an’anaviylikka o‘tish bor. U bundan keyin tamoman an’ana tarafida bo‘ladi. Bir ot olib, ko‘pkariga tayyorlay boshlaydi. Qirq kun otni yopiq joyda boqadi. (Go‘ro‘g‘li dostonining Turkiston va Onado‘li nusxalarida ham Go‘ro‘g‘li­ning G‘iroti qirq kun yopiq joyda boqib yetishtiriladi). Ziyodulla ham bir doston qahramoni kabi otga bog‘lanib qoladi. Tarlon oti uning eng yaqin do‘sti, sirdoshidir. Go‘ro‘g‘li uchun G‘irot qanday bo‘lsa, Ziyodulla uchun ham Tarlon shunday qadrli bor-yo‘g‘i edi. Davlat buyrug‘i ostida barcha otlar to‘planib so‘yilishga olib ketilayotgan paytda Ziyodulla otini asrab qoladi, bermaydi. Chunki ot uning xonumoni – bor-yo‘g‘i. Ot uni o‘tmishiga – Alpomishga, Kuntug‘mishga bog‘laydi. Otni berganida o‘tmishidan ham ayrilar edi. Yozuvchi, Ziyodullaga qarshi tuzum tarafdori Rixsiyevni chiqaradi. Qiziq tarafi, Ziyodulla bilan Rixsiyev bir qishloqda tug‘ilib katta bo‘lishgan. Rixsiyev tuzum maktablarida ta’lim olgani uchun tuyg‘ularini yo‘qotgan, o‘tmishidan va xalqidan ajralib qolgan edi. O‘zbek madaniyatini kamsitadigan holga kelib qolgan edi. Asarda o‘sha zamon tuzumini ifodalovchi personajlardan yana biri harbiy bo‘linmadagi askarlar va boshqasi shifoxonadagi shifokorlar edi. Ziyo­dulla hech aybsiz harbiy bo‘linmada kaltaklanadi. Qo‘li chiqib qolganida shifokorlar qo‘lini joyiga tushurmasdan gips qi­lishadi. Ziyodulla­ning chiqqan qo‘lini tabib joyiga tushirib qo‘yadi.

Asarda madaniyatlar to‘qnashuvining muhim o‘lchovini ikki taraf ishlatgan til ifodalaydi. Ikki taraf ishlatgan tillar ochiqchasiga bir-biriga begonadir. Tuzum tara­fini tamsil qilgan shaxslar ruscha va o‘zbekchani aralashtirib gapirishyapti. Ularning ishlatgan so‘zlari Ziyodullaning dunyosiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ziyodulla ishlatgan maqollar va iboralar o‘quv­chini o‘ziga rom qiladi, sof o‘zbekcha so‘zlaydi. Asarda quyida aniqla­ganimiz maqollar­ning barchasi Ziyodulla­ning tilidan berilgan. Maqollar jamiyatning umumtafakkuri bilan yaratilgani uchun, ichida yashayotgan jamiyatni dunyoga va hayotga qarashlarini, qadrlarini, hukm­larini o‘tkazadilar. Shuning uchun maqollar milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar davom etayotgan joylarda va o‘sha muhitda ko‘p ishlatiladi. Shu ma’noda asarda kelgan barcha maqollarning Ziyo­dulla orqali gapirtirilishi tabiiy holdir. Bu bir tasodif emas, chunki o‘zbek xalqi­ning xotirasini Ziyodulla tamsil qilyapti. Ziyo­dulla oddiygina inson emas… U ayni paytda asrlardan beri kelayotgan madaniy qadriyatlardir, an’analardir, xalqdir!

Maqollar qisqa bo‘lishiga qaramay, og‘zaki adabiyotning eng didaktik xususiyatga ega turidir. Bu qisqa jumlalar ichiga ulkan ma’no singdirilgan. Tog‘ay Murod maqollarning didaktik kuchidan iloji boricha ko‘proq foydalangan.

Maqollar va iboralar adabiy asarlar­ning gultojidir. Asarning tilini yana ham o‘qishli va jozibali qiladi. Ma’lumki Tog‘ay Murodning barcha asarlarida bo‘lgani kabi ushbu qissada ham o‘ziga xos va ajoyib tili, uslubi bor. O‘quvchini o‘ziga rom qilgan bu go‘zal ifoda ko‘p ishlatilgan maqollar bilan yana ham tabiiy, yana ham muhtasham qilingan.

Ushbu asarda jami qirq ikkita maqol qo‘llanilgan bo‘lib, ularning eng ko‘pini ot bilan bog‘liq maqollar tashkil qiladi. Bu esa asarning mavzusi bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbek xalqi madaniyatida ot bilan bog‘liq maqollarning soni, maqolga o‘xshash iboralarni ham qo‘shib hisoblaganda, yuzdan ortiq. Yozuvchi bular orasidan aytilishi juda osonlarini tanlab olganini ko‘rdik. Keyingi navbatda uylanish va kallik bilan bog‘liq maqollar keladi. Asarning orqa planida bu mavzular ham yoritilgani uchun yozuv­chi bu maqollarning ma’no kuchidan foydalangan.

Quyida keltirilgan maqollar asarda kelish navbatiga ko‘ra berilgan. Ikkinchi darajada joy olgan maqoldan tashqari hammasi asarda bir marta ishlatilgan.

 

 

  1. Kambagʻalni tuyaning ustida it qopadi (b.410).
  2. Ot olsang Oboqlidan ol, ayol olsang Irgʻalidan ol (b.413).
  3. Ot olsang hoʻkiz qorindan ol, hoʻkiz olsang ot qorindan ol (b. 413).
  4. Oti borning qanoti bor (b.414).
  5. Ot bitdi, qanot bitdi (b.414).
  6. Otangni koʻrdim ahmadi forigʻ, onangni koʻrdim tovoni yoriq (b.414).
  7. Koʻrpangga qarab oyoq uzat (b.414).
  8. Bor boʻlsa koʻrolmaydi, yoʻq boʻlsa berolmaydi (b.414).
  9. Kalning nimasi bor, temir tarogʻi bor (b. 417).
  10. Otga minsang boshingni oʻyla, yerga tushsang otingni oʻyla (b.420).
  11. Ot tepkisini ot koʻtaradi (b.420).
  12. Odam soʻzlashib topishadi, yilqi kishnashib topishadi (b.421).
  13. Oshingni yesa-da mard yesin, boshingni yesa-da mard yesin (b.426).
  14. Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi (b.427).
  15. Eshak yiqitsa tuyogʻini toʻshaydi, ot yiqitsa yolini toʻshaydi (b.428).
  16. Yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul (b.429).
  17. Oʻzbek eli oʻr keladi, oʻzi oʻjar zoʻr keladi (b.431).
  18. Oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir (b. 433).
  19. Yolgʻiz otning changi chiqmaydi, changi chiqsa-da dongʻi chiqmaydi (b.436).
  20. Bir kalning hiylasi qirq kishini charchatadi (b.449).
  21. Haq saqlasa balo yoʻq, Haq qargʻasa davo yoʻq (b.450).
  22. Oʻzing yaxshi olam yaxshi, oʻzing yomon olam yomon (b.450).
  23. Orachiga olti tayoq (b.458).
  24. Nasib etsa kelar Shom-u Iroqdan, nasib yetsa ketar qosh-u qaboqdan (b.459).
  25. Davlat-da egiz-egiz, mehnat-da egiz-egiz (b.459).
  26. Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan (b.471).
  27. Kuyovni paygʻambarlar-da siylagan (b. 474).
  28. Boʻydoqning aqli ikki koʻzida boʻladi (b.476).
  29. Yigitning boshi ikkita boʻlmagunicha moli ikkita boʻlmaydi (b.476).
  30. Yosh yigit koʻzi bilan qiz olma (b.476).
  31. Yosh bolaga ish buyur-u, izidan oʻzing yugur (b.476).
  32. Bir yaxshiga bir yomon har yerda bor (b.478).
  33. Indamagin kalga, oʻzi kelar holga (b.478).
  34. Kal oʻzini ovutar, qoʻltigʻini sovutar (b.479).
  35. Yaxshi otdan yiqilsa, yomon taʼnachi boʻladi (b.480).
  36. Ogʻzing qora qon boʻlsa-da, gʻaniming oldida tupurma (b.482).
  37. Eshak egasini tanimaydi, pishak bekasini tanimaydi (b.484).
  38. Elning qulogʻi ellikta (b.487).
  39. Yomon gap raketadan oldin yuradi, yaxshi gap toshbaqadan keyin yuradi (b.487).
  40. El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi (b.487).
  41. Kuygan oʻlanchi boʻladi, suygan laparchi boʻladi (b.489).
  42. Osmon olis, yer qattiq (b.494).

 

Huseyin Baydemir,

filologiya fanlari doktori,

 Otaturk universiteti professori

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.