Muazzam

0
707
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

 

Men ayni damdagi ahvol-ruhiyam, xayolimni band etib olgan o‘y-fikrlar, yuragimni junbishga solayotgan tuyg‘ularni oshkor etsam, ehtimol, kimgadir o‘ta bachkana va erish tuyulishi, hatto kimdir qarib miyasi suyulib qolib, og‘ziga kelganini valdirayapti, deya ustimdan masxaralab kulishi ham mumkin. To‘g‘ri-da, yoshi bir joyga borib qolgan, sochlarini oppoq qirov qoplagan, yuzini ajin bosgan, qaddi-qomati bukchayib borayotgan kishining kutilmaganda, xuddi alahsirayotgandek, o‘zini unutgan kuyi muhabbat haqida gapirishi, tag‘in deng, jo‘shib ehtiros-u hayajonga berilishi, ba’zan go‘dakdek quvonib irg‘ishlashi odamga g‘alati tuyiladi.

Albatta, men buni yaxshi tushunaman, ammo kim qanday o‘ylasa, o‘ylayversin, bu uning ishi, meni boshqalarning fikri zarracha qiziqtirmaydi, chunki men o‘zimni cho‘g‘i allaqachon o‘chib qolgan o‘choqning kulini umid va ilinj bilan titkilayotgan noshud-u notavon kimsa deb bilmayman.

Bilganim shuki, men har gal seni yodga olib, ismingni shivirlab takrorlaganimda, qirq yil muqaddam yuragim hayajon-u ehtirosga to‘lib, qanday potirlab urgan bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday tuyg‘ular to‘polonidan vujudim o‘rtanib ketadi.

O, yillar shafqatsizlik bilan yuzimni bezab-bejab, o‘zining ayanchli izlarini qoldirayotgan, sochlarimga oppoq qirov sochayotgan, tanimdagi kuch-quvvatni surib olayotgan, ko‘zlarimning nuri asta-sekin so‘nib borayotgan bo‘lsa-da, yuragim hamon sening ismingni eshitib, hayajondan hapqirib-hapqirib tushadi.

Men qirq yildan buyon sening ismingni takrorlab, umid va ilinj bilan yo‘llaringga ko‘z tikib yashayman, go‘yoki hozir sen ko‘z o‘ngimda paydo bo‘lib qoladigandek, yuragim o‘z-o‘zidan orziqib ketaveradi.

Qirq yildan buyon sening ismingni umid va ilinj bilan takrorlab kelaman, ko‘chalar, bozorlar, aeroport-u vokzallarda, qo‘yingki, qayerda yurmayin, hamisha nigohlarim bilan seni izlayman. Ehtimol, shu atrofda yurgandir, deya bezovta tortib, tevaragimga alanglab qarayman, ba’zan odamlar orasida kimnidir senga o‘xshatib qolib, yuragim hapqirgancha shosha-pisha uning izidan yuguraman, ammo oxir-oqibat hafsalam pir bo‘lib ortimga qaytaman.

Ba’zan esa, menga daf’atan ro‘paramda sen paydo bo‘lib qoladigandek tuyulaveradi va men ana shunday saodatli damlarda istiqbolingga peshvoz chiqib, seni qarshi olish, hayajon va quvonchdan azbaroyi shoshib qolib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun o‘zimni ruhan ming marta hozirlayman, senga aytadigan gaplarimni qayta-qayta xayolimdan o‘tkazib, pishitib olaman. Axir, tuyqus senga ko‘zim tushgach, hayajon bosganidan dovdiragancha gapimni yo‘qotib qo‘yib, seni ham, o‘zimni ham xijolatga qo‘yishdan doimo cho‘chib turaman.

O, sen aql ham, idrok etolmaydigan, shiddatli xayollar ham qamrab ololmaydigan, eng mohir musavvir ham shakl-shamo­yilingni chizishga ojizlik qiladigan qanday sirli xilqatsan, nega o‘rtanaverib ado bo‘lgan yuragimni hech qachon tark etmaysan?! Nahotki, qirq yildan buyon yuragimni bosib yotgan bu dard hech qachon to‘zim topmaydi?!

* * *

Oradan qirq yil o‘tayotgan, har lahza, har daqiqada seni eslab, ismingni najotbaxsh duodek shivirlab takrorlab yashayotgan bo‘lsam-da, lekin hech qachon tabassumdan yorishgan chehrangni ko‘z oldimga keltira olmayman, har gal butun fikr-u xayolimni jamlab, sening qiyofangni tasavvurimda jonlantirishga urinaman, ammo hech qachon buning uddasidan chiqa olmayman, xuddi uquvsiz va no‘noq musavvir kabi birpasda hafsalam pir bo‘lib bo‘shashib ketaman.

Bir safar yaqin tanishlarimdan biriga cho‘chibgina shu haqida gap ochdim. U kutganimdan zid o‘laroq, hayron ham bo‘lmadi, taajjubga ham tushmadi, ustimdan ham kulmadi, aksincha, xotirjam javob berdi:

– Buning sira hayron qoladigan joyi yo‘q, – dedi u. – Odam kimgadir qattiq ko‘ngil qo‘ysa, uning qiyofasini butunlay unutib yuboradi. Keyin esa, uning qiyofasini tasavvurida yaratishga intilaveradi, intilaveradi… Bu esa, yurakdagi olovni battar alanga oldiradi. Axir, parda ortida turgan odam hamisha sirli tuyuladi… Chin muhabbat deganlari aslida shu.

Uning mulohazalarida jon bor edi, haqiqatan ham, men sening sirli jilmayib turgan holatingni tasavvurimda jonlantirishga juda ko‘p marta uringan, har gal zavq va ishtiyoq bilan ishga kirisharkanman, hademay xayolimda sening muazzam siymongni yarataman, deb o‘ylardim, ammo oradan hech qancha fursat o‘tmay tasavvurlarim nechog‘li shiddatli va uchqur bo‘lmasin, baribir, sening chehrangni yaratishga ojizlik qilib xuddi tonggi tuman kabi to‘zg‘ib ketayotganini sezib qolardim. Shundan so‘ng beixtiyor sen eng cheksiz tasavvur ham, shiddatli xayol ham qam­rab ololmaydigan sirli xilqat ekaningga iqror bo‘lardim.

Ammo shunga qaramay sening tundan ulgi olgandek tim qora ko‘zlaring, yurakka sanchilib bo­tadigan o‘tkir nigohing xotiramda qattiq o‘rnashib qolgan edi. Sen haqingda o‘ylaganimda, ismingni shivirlab, tilga olganimda, eng avvalo, tasavvurimda ana shu sirli nigohing paydo bo‘lardi. Oradan qirq yil o‘tayotgan, yillar shafqatsizlik bilan har bir narsaga o‘zining muhrini bosib kelayotgan bo‘lsa-da, sen daf’atan qarshimda paydo bo‘lsang, men sira ikkilanmay, adashmay-og‘ishmay ana shu nigohlaringga qarab, seni tanib olaman. Nazarimda, sening nigohing hech qachon o‘zgarmaydi, qarib-chirib, so‘nib bitmaydi, balki hamisha birdek – goho mahzun va g‘amgin, gohida esa, quvonch bilan boqib turaveradi. Aslida ham sening sir-sinoatga to‘la nigohing quyosh yanglig‘ xotiram qa’rini yoritib, doimo seni yodimga solib turadi.

 

* * *

Yana qayta aytaman: men sen haqingda o‘zimni unutgan ko‘yi jo‘shib gapirishim, ehtiros-u hayajonga berilishim, go‘dakdek quvonib, o‘zimni qayerga qo‘yishni bilmay qolishim kimgadir kulgili tuyilishi, hatto kimdir meni qarib, miyasi aynib qolgan telbaga ham chiqarib qo‘yishi mumkin.

Ehtimol, yana kimdir dunyoda shunday sohir tuyg‘u borligiga, uning qudrati, istak-xohishi va mayli bilan chechaklar chiroy ochib, dunyoga zeb-u ziynat bag‘ishlashi, qushlar betinim qo‘shiqlari bilan hammaga zavq ulashishi, uning mayin va yoqimli epkinlari silab-siypalab o‘tishi bilan dag‘al va zada tortgan ko‘ngillar bir zumda xuddi zamzam suviga chayilgandek, poklanib, musaffo va tiniq tortishi, agar u yuraklarni tark etib ketsa, dunyo xuddi chala tug‘ilgan go‘dak singari birdan ayanchli qiyofaga kirib qolishi, ko‘ngillarda qabohat va yovuzlik in qurib olishi, aslida u xuddi ohista beshik tebratayotgan ayol singari dunyoni tutib turganiga mutlaqo ishonmasligi, bularning bari shunchaki cho‘pchak, deya qo‘l siltab ketishi mumkin.

Men aytaman: siz so‘zlarimga shubha-gumon bilan qarab inkor etishga, bemavrid xulosa chiqarishga aslo shoshilmang, bu tuyg‘uning mo‘jizakor qudratini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni istasangiz, ortimdan yuring. Men sizga Ibrohim va Muazzam qissasini so‘zlab beraman.

 

* * *

Uni qishloqda, daryo yoqalab o‘tgan toshyo‘lda uchratdim. Men kechki payt daryo bo‘yiga chiqib, katta xarsang tosh ustida xayolga tolib bo‘lib o‘tirgandim. Qishloqda hali bahor tugab ulgurmagan bo‘lsa-da, jazirama yozning tafti sezilib qolgan, yo‘l yoqalarida siyrak o‘sgan o‘t-o‘lanlar allaqachon qurib-qovjirab, sarg‘ish tusga kirgandi. Daryoning ham suvi tortilgan, uning tubida bir ariqcha suv toshlarni bazo‘r ko‘mgancha jimir-jimir oqardi. Quyosh tobora ufqqa og‘ib borar, atrofga kechki salqin tusha boshlagandi.

Men ancha payt xayolga g‘arq o‘tirdim, bir chog‘ toshyo‘lning kunchiqar tomonidan ikki ayol va bir yigit kelayotganiga ko‘zim tushdi. Ular ildam-ildam qadam olib kelishar, yigit qo‘lida qora rangdagi sumka ko‘tarib olgandi.

Ular mening qarshimdan o‘tayotganda, haligi ayollar begonasiragan ko‘yi ko‘z osti bilan qa­rab-qarab qo‘yishdi, anavi yigit esa iljaygancha qiziqsinib tikildi, hatto boshini irg‘ab salom ham berdi.

Rosti gap, men qancha sinchkov nazar tashlamay ularni tanimadim, ko‘nglimdan qo‘shni qishloqdan bo‘lishsa kerak, degan o‘y kechdi.

Ular o‘tib ketishgach, yana yolg‘iz qoldim. Ayni damda xayollarga g‘arq bo‘lib o‘tirishim o‘zimga juda yoqar, ayniqsa, atrofdagi sokinlikdan ruhim orom olardi.

Oradan qancha fursat o‘tganini bilmayman, bir payt toshyo‘lda yana boyagi yigitning qorasi ko‘rindi. Chamasi, u anavi ayollarni kuzatib qo‘yib, iziga qaytib kelayotgandi.

U bu gal qarshimga kelib, qo‘l uzatib so‘rashdi.

– Aka, yaxshimisiz? – dedi u. – Qishloqqa yaxshi keldingizmi?

– Rahmat, – deya o‘rnimdan turib, u bilan so‘rashdim. – O‘zingiz yaxshi yuribsizmi? 

– Men sizni taniyman, – dedi u go‘dakdek soddalik bilan iljaygancha. – Siz haqingizda ko‘p eshitganman, shaharda yashaysiz.

Menga o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi, o‘rta bo‘yli, sarg‘ishdan kelgan bu yigitning sodda va samimiy gap-so‘zlari, o‘zini tutishi yoqib qoldi, unga qarab turib, ko‘nglimda allaqanday iliqlik uyg‘ongandek bo‘ldi.

– Yo‘l bo‘lsin? – dedim men.

– Qarindoshlarimiz mehmonga kelishgan ekan. Ularni kuzatib, qaytyapman. O‘zim huv anavi Polvontepa qishlog‘ida yashayman, – dedi u va boshi bilan kunchiqar tomondagi qishloqni ishora qilib ko‘rsatdi.

Men Polvontepa qishlog‘idagi odamlarning ko‘pchiligini yaxshi tanirdim, ammo unga qanchalik razm solib tikilmay baribir taniy olmadim. Shu bois undan so‘radim: 

– Kimning o‘g‘li bo‘lasiz?

– Ey, asli men boshqa qishloqdanman, – dedi u negadir shoshib. – Taqdir ekan, Polvontepa qishlog‘ida uylanib, shu yerda qolib ketdim.

– Polvontepada kimning qiziga uylangansiz?!

– Mahmud aka degan odamning qiziga uylanganman.

– Qaysi Mahmud aka? – dedim men va peshonamni tirishtirib, polvontepaliklarni bir-bir xayolimdan o‘tkaza boshladim.

– U kishining dunyodan o‘tib ketganiga ancha yil bo‘lgan, – dedi haligi yigit xayolimni bo‘lib. – Ammo siz tanisangiz kerak, bir paytlar qishlog‘ingizni podasini ham boqqan. Shu Mahmud aka­ning qiziga…

Hayotda ba’zan bir og‘iz so‘z yoki kutilmaganda ro‘y bergan arzimas voqea ham ko‘ngilning tub-tubiga cho‘kkan va asta-sekin unutilib borayotgan xotiralarni daf’atan uyg‘otib yuborishi mumkin. Men ham ayni damda shunday holatga tushgan, qarshimda allaqachon chim ustida chordana qurib o‘tirib olgan yigitning “Mahmud aka” degan so‘zlari birdan xayolimni ostin-ustin qilib yuborgan, ko‘z o‘ngimdan olis bolalik yillarim, Mahmud aka va uning telbasifat o‘g‘illari bir-bir o‘ta boshlagandi.

Rostdan ham, men Mahmud va uning o‘g‘illarini yaxshi tanirdim, taqdir boshi ustidan barcha sho‘rish-u azobi, kulfat-u g‘ussasini ayovsiz to‘kib solgan, ermaktalab odamlar uchun atay ovunchoq yaratgandek, hammasining birdek aql-u idrokini o‘g‘irlab qo‘ygan bu oilani kim ham tanimasdi, deysiz?

Oradan ko‘p yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, men ayni damda ham Mahmud akaning o‘g‘illari ismini adashmay-og‘ishmay aytib beraman: to‘ng‘ichini Sulton, undan keyingisini Eljon deb atashar, adashmasam, qizlari ham bor edi.

Mahmud aka o‘ta sodda, bo‘sh-bayov, hatto laqmatabiat kishi edi, ammo uning farzandlari barchasi birdek, aqli noqis, ularning telba-teskari gap-so‘zlari, beo‘xshov qiliqlari ko‘ngilda ayanchli tasavvur uyg‘otardi.

Sira yodimdan chiqmaydi: Sulton, ehtimol, qaysidir kinoda ko‘rganmi yoki kimdandir eshit­ganmi, doimo bir gapni og‘zidan qo‘ymay aytib yurardi: Fashistlar bostirib kelmayaptimi?!

O, bu telba yigit yo‘lda kimni uchratsa, albatta, shosha-pisha shu savolni berar va ko‘zlari jovdi­rab javob kutardi.

Odamlar uning telba-teskari gap-so‘zlariy-u, beo‘xshov qiliqlariga ko‘nikib ketishgan, odatda, ko‘pchilik uning ko‘nglini xotirjam qilish uchun atay: “Sulton, sen xavotir olma, hammayoq tinch. Mabodo, fashistlarning qorasi ko‘rinsa, o‘zimiz senga xabar beramiz”, deb qo‘yishardi.

Sulton bu gaplarga chippa-chin ishonar va birdan ko‘zlari yovqur chaqnab ketardi. “Ha, aytinglar, tag‘in bexabar qolib ketmay. Fashistlar bostirib kelishi bilan uydan avtomatimni olib chiqib, hammasini tarillatib otib tashlayman”, derdi u.

Odatda, Sultonning katta-katta tim qora ko‘zlarida doimo allaqanday junun sharpasi o‘ynab turar, u ko‘pincha allanimalar deya o‘z-o‘ziga g‘o‘dranib yurar, ba’zan kutilmaganda, qah-qah urib kulib qolar, uning sovuq va ayanchli kul­gisi ko‘nglida vahm uyg‘otar, ba’zan esa, qahr-u g‘azabi, alam-u iztirobini ichiga sig‘dirolmay qolgandek, butkul quturib ketardi, bunday paytda uning ko‘zlari qonga to‘lib, qip-qizil tortib ketar, yuzi bo‘g‘riqib qo‘rqinchli tusga kirar va u qo‘lidagi poda tayoq bilan mollarni shunday ayovsiz sa­valashga tushardiki, tayoqning zarbidan bechora sigirlar bo‘kirib yuborardi.

Mahmud akaning ikkinchi o‘g‘li Eljon esa, o‘ta uyatchan va tortinchoq edi, u doimo odamdan o‘zini olib qochib yurar, agar yoniga yaqin borsangiz, birdan qo‘llari bilan yuzini bekitib olardi, uni gapga solish, allanimalarni so‘rash o‘ta mushkul edi.

Men olis bolalik yillaridagi bu og‘ir va ayanchli, ayni chog‘da g‘aroyib xotirlarni yodga olarkanman, o‘zimga dam-badam tikilib qo‘yayotgan haligi yigitga savolomuz qaradim. U qarashimdan ko‘nglimda kechayotgan o‘ylarni payqadi, shekilli, chuqur xo‘rsinib qo‘ygandek bo‘ldi.

– Ha, aka, – dedi u allaqanday ma’yus ovozda, – bularning bari peshonamda bor ekan.

Aftidan, u men bilan gaplashgisi, yuragidagini to‘kib solgisi kelayotgan edi, shekilli, chim ustida bamaylixotir o‘tirib oldi.

– Mening aynan Mahmud akaning qiziga uylanganimni eshitgan odam yo hayron bo‘ladi, yo ustimdan kuladi, – dedi u g‘amgin ovozda. – Mayli-da, kim qanday o‘ylasa, o‘ylayversin. Mening hech kimga og‘irligim tushib qolgan joyi yo‘q. To‘g‘risi, shu choqqa qadar hech kimga og‘iz ochib, yuragimdagini aytganim yo‘q, bugun sizga aytayapman: Mahmud akaning qizi Muazzamga uylanganimga hech qachon pushaymon bo‘lmaganman. Bundan keyin ham afsus qilmayman. To‘g‘risi, Muazzamni birinchi marta ko‘rganimdayoq hozir o‘zim ham tuzuk-quruq tushuntirib berolmayman, yuragimga qandaydir olov oqib kirgandek bo‘lgan, butun tanim qizib ketgan, o‘zimni juda g‘alati sezganman. Boya sizga aytdim-ku, o‘sha paytda huv anavi pastdagi qishloqda yashardim. Yoz boshlanishi bilan qishloqdagilar meni daryodan ariqqa suv boshlab kelishga yuborishardi. Ariqning qulog‘i esa, Polvontepa qishlog‘ining etagida edi.

O‘shanda ham daryoga tushib, tosh-u shox-shabbalarni bostirib, ariqqa suv ochayotgandim. Ishga juda berilib ketibman, bir chog‘ boshimni ko‘tarib qarasam, shunday boshim ustida – jarlik tepasida qandaydir begona qiz ko‘zini uzmay har bir xatti-harakatimni berilib kuzatib turgan ekan. Men peshonamdan oqayotgan terni qo‘llarim bilan sidirib tashlab, unga xijolat bo‘lgandek siniq jilmayib qaradim. Qiz esa, tikilib turganidan xijolat bo‘lib uyaldimi, birdan ko‘zlarini olib qochdi, so‘ng yuzini narigi tomonga o‘girib oldi. Uning egnidagi qizil gulli ko‘ylagi o‘ziga juda yarashib turar, mayda o‘rilgan sochlari yelkasini qoplagan edi. Men undan ko‘z uzolmay tikilib qoldim. Bilasizmi, o‘shanda uning jarlik ustida mung‘ayibgina o‘tirishiga mehrim toblanib qararkanman, yuragimga yoqimli iliqlik oqib kirib, butun tanim qizib ketgandek tuyulgan.

Shundan so‘ng o‘tirsam ham, tursam ham u haqida o‘ylaydigan bo‘ldim, uning jarlik ustida ojizgina qiyofada o‘tirishi sira xayolimdan nari ketmay qoldi. Men o‘zimga nimalar bo‘layotganini tushunmasdim, kecha-yu kunduz shu qiz haqida o‘ylar, uni dam-badam ko‘rgim kelardi. Shuning uchun nuqul oyog‘im Polvontepa qishlog‘i tomonga tortib ketaverardi. O‘shanda qishloqdagilar aytsa-aytmasa, suv boshlab kelishni bahona qilib, shu tomonga yo‘l olardim.

Keyinchalik so‘rab-surishtirib bilsam, u har kuni jarlikka ikki bosh qo‘yini o‘tlatgani haydab kelarkan.

Bilasizmi, o‘shanda juda qiziq holatga tushib qolganman. To‘g‘risi, hozir sizga buni qanday aytishni ham bilmayman, nima desam ekan, har kuni Polvontepa qishlog‘iga yo‘l olarkanman, yo‘l-yo‘lakay o‘zimcha o‘sha qizga juda ko‘p narsalarni aytishni o‘ylab borar, xayolimda bir-biridan chiroyli so‘zlar g‘o‘jg‘on tortib aylanar, bundan o‘zim ham zavqlanib ketardim. Ammo unga ko‘zim tushishi bilan birdan hayajon bosganidanmi, dovdirab qolib, gapimni ham yo‘qotib qo‘yardim, yuragim ko‘ksimdan otilib chiqqudek shitob bilan urib qolar, peshonamdan shovullab ter quyilib kelardi. Boyagi dadilligim, jur’atimdan asar ham qolmasdi, unga ancha payt jimgina tikilib o‘tirib-o‘tirib, so‘ng bo‘shashib izimga qaytardim.

Bir tomondan, unga dabdurustdan gapirgudek bo‘lsam, jahli chiqib, qarg‘ab berishidan, haydab solishidan cho‘chib turardim. Axir, u hali meni tanimasdi, ko‘nglimda nima borligini bilmasdi-da.

Qisqasi, men ancha payt nima qilishni bilmay boshim gangib yurdim. Faqat kunlardan bir kun yurak yutib, undan ismini so‘radim.

– Muazzam, – dedi u eshitilar-eshitilmas ovozda va shu zahotiyoq quyoshda qoraygan yuzi birdan qip-qizil tortib ketdi, hatto jilmayib qo‘ygandek ham bo‘ldi. Buni ko‘rib, mening ham yuragim hapqirib, ich-ichimdan suyunib ketdim. Axir, nega quvonmay, uning uyalib-tortinib, erkalangandek ovozda ismini aytishida yurakka iliq tegadigan qandaydir mehr bor edi. Men shuni his etib, unga yana mehrim ortib ketgan, xuddi azaldan tanigandek, ko‘nglimga juda yaqin olgandim.

O‘shanda men ham unga ismimni aytganman:

– Mening ismim Ibrohim, huv pastdagi qishloqda yashayman.

Buni eshitib, u shiringina jilmayib qo‘ygandi.

Biz shu taxlit tanishganmiz.

O‘sha kun bor-yo‘g‘i uning ismini bilib olganimdan quvonchim ichimga sig‘may qolgan, dimog‘im chog‘, o‘zimcha allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilib qishloqqa qaytganman.

* * *
Aka, men yetim o‘sganman, onamni eslay olmayman, uch yoshligimda dunyodan o‘tgan ekanlar. Otamni esa es-es bilaman, meni to‘­nining bariga solib, qayerga borsa, o‘zi bilan olib yurardi. Keyin otam ham kasallanib dunyodan o‘tgach, tog‘amning qo‘lida qolib ketdim. Tog‘am badjahl odam edi, ammo meni biron marta ham urishib-so‘kmagan, yetimligimni o‘ylabmi, doimo ko‘nglimga qarardi. Yangam esa, meni ichida o‘lardek yomon ko‘rardi, lekin tog‘amdan qo‘rqqanidan damini chiqarmas, o‘lganning kunidan chidab kelardi.
Xullas, quvonchimni ichimga sig‘dirolmay yurgan o‘sha kunlari Muazzamga uylanish niyatiga tushib qoldim. Axir, yoshim o‘ttizga borib qolgan, tengqurlarim allaqachon uylanib, bola-chaqali ham bo‘lgandi. Ammo buni tog‘amga qanday aytishni bilmay o‘ylanib qoldim. So‘ng o‘ylay-o‘ylay tog‘amga bir og‘aynim orqali ayttirdim. Tog‘am niyatimni eshitib, ko‘ramiz, deya indamay qo‘yibdi. Shundan so‘ng bir necha kun uyalganimdan tog‘amning ko‘ziga ko‘rinmay yurdim. Axiyri, bir kun ertalab, dasturxon ustida tog‘amning o‘zi gap ochib qoldi:
– Jiyan, uylanmoqchi ekansan, deb eshitdim. Topganing bormi?
O‘shanda tog‘amning gapini eshitib, uyalganimdan yerga kirib ketgandek bo‘lganman. Keyin o‘zimni biroz tutib olib, tortingancha ko‘nglimdagini aytganman:
– Polvontepa qishlog‘ida bir qiz bor ekan. Ismi Muazzam…
– Ey, hali kelin ham topib qo‘yganman, degin, – dedi tog‘am yoyilib kulgancha. – Sen ham balo ekansan. Mayli, men bir surishtirib ko‘ray-chi, keyin gaplashamiz.
O‘sha kuni kechga tomon o‘pkamni qo‘ltiqlab, hovliqqancha yana Polvontepaga yo‘l oldim. Bu gal qarorim qat’iy, hammasini Muazzamga ochiq aytib, uning roziligini olish edi.
Men Muazzamni odatdagidek, daryo bo‘yida uchratdim, u qo‘ylarini o‘tlatib yurgan ekan. Menga ko‘zi tushib, u ham ich-ichidan quvonib ketdi, shekilli, birdan yuzi yorishib, lablarining chetida kulgi sharpasi yugurgandek bo‘ldi, ammo buni sezdirmaslik uchun darrov boshini quyi solib oldi. “Kelishimni kutib turgan ekan” degan o‘y kechdi ko‘nglimdan. Men shundan dadillanib, to‘ppa-to‘g‘ri uning oldiga bordim.
– Muazzam, yaxshimisan? – dedim hayajondan entikib.
U “yaxshi” degandek, jilmayib qo‘ydi.
– Muazzam, – dedim yana. – Senga aytadigan bir gapim bor.
U birdan sergak tortdi va hayron bo‘lgandek, ko‘zlarini katta-katta ochgancha tikilib qoldi.
– Muazzam, – dedim. – Yaqinda tog‘am uyla­ringga sovchilikka boradi…
U bir muddat hech narsani anglamayotgandek, kiprik qoqmay tikilib turdi, keyin esa, yuzi birdan qizarib ketdi, faqat ko‘zlarida allaqanday mamnun aks etgandek bo‘ldi.
– Uyatsiz, – dedi u allaqanday erkalovchi ovozda va shoshib qo‘ylarini haydagancha qishlog‘i tomon ketdi.
Men uning ortidan qararkanman, yuragim quvonchga to‘lib borardi, nazarimda, o‘sha damda dunyoda o‘zimdan baxtiyor va omadli odam yo‘qdek edi. Muazzamning erkalangan ohangda “uyatsiz” degan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglab turardi.
Qishloqqa qaytarkanman, “Muazzamning ham menga ko‘ngli bor ekan. Erta-indin tog‘amni sovchilikka yuboraman” degan o‘y xayolimni band etib olgan edi.
Xullas, men o‘zimcha hamma ish bitdi, deb yurgan paytimda kutilmaganda, bari birdan chippakka chiqib ketishiga oz qoldi. O‘shanda nazarimda, dunyo birdan teskari aylanib ketgandek bo‘ldi, qattiq qo‘rqib ketganimdan nima qilishni ham bilmay gangib qoldim.
Qisqasi, Muazzam bilan gaplashgach, oradan ikki kun o‘tib, oqshom uyga kelsam, tog‘am g‘azabi qo‘ziganidan o‘zini qayerga qo‘yishni bilmay turgan ekan. Menga ko‘zi tushib, battar jazavaga tushib qoldi.
– Hov ovsar, lattachaynar, – dedi tog‘am menga ko‘zi tushishi bilan. – Kimning ortidan ilakishib yurganingni bilasanmi o‘zi?! Sen aytgan o‘sha Muazzaming ham, otasi ham g‘irt jinni ekan-ku! Ularni qishlog‘ida hech kim odam qatoriga qo‘shmaydi, bu ovsar shunga uylanmoqchi emish… Hey, topgan qizingni….
Bu gaplarni eshitib, kimdir tuyqus boshimga bir musht tushirgandek, birdan gangib qoldim, hamon jazavaga tushgancha baqirib-cha­qirayotgan tog‘amga qo‘rqa-pisa qaradim.

Tog‘am hadeganda jahlini bosolmas, xuddi izzat-nafsi toptalgandek, tutaqib gapirar, jahldan yuzi bo‘g‘riqib ketgan edi.
Men ancha paytdan so‘ng xiyol o‘zimni tutib oldim va tog‘amga yolvorgandek, mo‘ltirab qararkanman: – Bunday demang tog‘a, Muazzam jinni emas, yaxshi qiz! – dedim bazo‘r.
Buni eshitib, tog‘am battar tutaqib ketdi.
– Buning topgan gapini qarang: yaxshi qiz emish, – dedi tog‘am bo‘g‘ilib. – Yaxshi emas, g‘irt tentak. Oilasida bironta sog‘ odam yo‘q. Shuni tushunasanmi, o‘zi?!
Hozir o‘ylasam, o‘zim ham hayron qolaman, umrim bo‘yi tog‘amning yuziga tik qarash tugul biron marta ham gapini ikki qilmaganman, ammo o‘sha damda boshimga yog‘ayotgan ta’na-dashnomlarga toqat qilolmadim.
– Tog‘a, – dedim o‘zimda jur’at topib, – men baribir Muazzamdan boshqaga uylanmayman.
Aftidan, tog‘am mendan bunday gapni kutmagan ekanmi, birdan bo‘shashib, jimib qoldi va hansirab nafas olgancha qahr bilan tikilarkan: – Hali shunaqa degin, – dedi. – Mayli, kimga uylansang, uylanaver. Jinniga uylanasanmi, telbaga uylanasanmi, bu sening ishing. Faqat topganingni bu uyga olib kelaman deb xomtama bo‘lma. Senga ham, topgan xotiningga ham bu uyda joy yo‘q. Endi ko‘zimdan yo‘qol!
O‘sha oqshom men tog‘amning uyidan chiqib ketdim. Bundan boshqa ilojim ham qolmagandi. Ammo tog‘am quturib, qahr-u g‘azabini sochgan, boshimdan ta’na-dashnomlarni yog‘dirgan, hatto uyidan haydab solgan, eng yomoni, o‘sha paytda qora tortib boradigan tayin boshpanam bo‘lmasa-da, sira tushkun ahvolga tushmagandim. Aksincha, tog‘amga ko‘nglimda borini ochiq-oydin aytganim, Muazzamning sha’nini himoya qilganim uchun o‘z-o‘zimdan xursand edim.
Aka, tog‘am bilan oramiz buzilib ketgani yaxshi bo‘lmadi. Bu haqda o‘zim ham ko‘p o‘ylayman. O‘shanda tog‘am menga azbaroyi yuragi achiganidan atay urishib-so‘kib, niyatimdan qaytarmoqchi bo‘lgan, hatto uyidan haydab yuborishgacha borgan, ammo qayoqqa ham borardi, ertaga ko‘zining yoshini oqizib, yana qaytib keladi, deb o‘ylagan. Menga yolg‘iz jigarim, deb yuragi kuyganidan shunday yo‘l tutgan. Men buni yaxshi bilaman. Ammo mening shunday yo‘l tutishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Axir, men qanday qilib Muazzamdan voz kechib ketardim?! Tog‘am esa Muazzam­ning nomini ham eshitishni istamasdi. Tog‘amning fe’lini yaxshi bilaman, u juda oriyatli odam edi, men Muazzamga uylangudek bo‘lsam, qishloq­dagilarning gap-so‘zi, malomatini eshitishdan cho‘chib turardi, shuning uchun u meni o‘lib-tirilib, niyatimdan qaytarishga uringandi.
Harqalay, nima bo‘lganda ham, endi tog‘am­ning uyiga qaytish niyatim yo‘q edi. Ayniqsa, o‘sha oqshom tog‘amning Muazzam haqidagi haqoratomuz gaplari ko‘nglimga juda og‘ir botgan, ich-ichimdan hamma-hammasini yomon ko‘rib qolgandim. Agar bilsangiz, o‘sha paytda ko‘nglimdagi niyatim shu qadar qat’iy ediki, Muazzamga yetish uchun hech qanday kuch yo‘limdan qaytarolmas, Muazzamdan boshqa hech kimni ko‘rishni ham, nomini eshitishni ham xohlamasdim; Muazzamni o‘ylagan sayin qop-qorong‘i tortgan ko‘nglim yorishib borardi.
Qisqasi, tog‘amning uyidan bosh olib ketgach, ikki-uch kun qishloqdagi og‘aynilarimning uyida yotib yurdim. Keyin xayolimga qayerdan keldi, bilmayman, to‘ppa-to‘g‘ri Polvontepa qishlog‘idagi qassobning oldiga borib, boshimdan kechirganla­rimni oqizmay-tomizmay gapirib berdim va undan yordam berishni iltimos qildim. Qassob gapla­rimni sabr bilan eshitgach, ancha payt o‘yga tolib qoldi. Keyin esa u ham niyatimdan qayta­rishga urinib ko‘rdi. – Buni umr savdosi deyishadi, – dedi u. – Kimga og‘iz solayotganingni yaxshilab o‘ylab ko‘r, tag‘in ertaga afsus qilib yurma.
Qassob yana allanimalar deya uzoq nasihat qildi. Ammo men o‘jarlik bilan aytganimga turib ol­dim, nima bo‘lsa, peshonamdan ko‘raman, de­dim. Shundan so‘ng qassob noiloj Mahmud akaning uyiga sovchilikka borishga rozi bo‘ldi.
Muazzamning otasi Mahmud aka qassobning gaplarini eshitgach, yo‘q, demabdi, faqat ro‘zg‘orimning tirgagi shu qizim, uni uzatib yuborsam, battar xarob bo‘lamiz. Agar qizimga uylansa, biz bilan birga yashaydi, deb shart qo‘yibdi.
O‘shanda qassob o‘zicha hazil qilgan bo‘ldi: mashoyixlar yetimning yo‘ldoshi Xudo, deb bejizga aytmagan ekan. Qara, bir kunda ham uylik, ham kelinlik bo‘lding…
Aka, o‘sha paytda Mahmud akaning shartiga rozi bo‘lmasdan boshqa ilojim yo‘q edi. O‘zimga boshpana topilganidan umuman xursand bo‘lganim ham yo‘q, yakka-yu yolg‘iz ilinjim Muazzamga uylanish edi, shuning uchun har qanday shartga rozi edim. Qassobga ham rozi ekanimni aytdim. Dunyoda yaxshilar ko‘p, buni odam boshiga tashvish tushganda bilar ekan. Qassob savobtalab, tanti odam ekan. Meni yetim ekanimni bilgach, uyidan joy berdi, xuddi o‘g‘lidek boshimni silab, mehribonlik qildi, qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi. To‘yga ham o‘zi bosh-qosh bo‘ldi, to‘rt-besh so‘m xarajatini ham o‘zi ko‘tardi.
Tog‘amga uylanayotganimni aytmadim, balki o‘zi eshitgandir. Chamasi, o‘shanda tog‘amning mendan qattiq ko‘ngli qolgan ekan, shu paytgacha yo‘qlab kelmadi. Nasib bo‘lsa, biron kun o‘zim oldiga boraman. Oradan ancha yil o‘tdi, balki endi tog‘am meni kechirgandir.
Shundan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Muazzam bilan to‘yimiz bo‘ldi. Buni rosmana to‘y deb ham bo‘lmaydi. Mahmud akaning hovlisida qishloq­ning besh-o‘n chog‘li odami yig‘ildi. Meni kuyov sifatida qassobning o‘g‘li boshlab bordi. Mahmud aka hovlisining chetidagi tomi osilib qolgan, ko‘rinishidan omborxonaga o‘xshab ketadigan ikkita kichkina xonali uyni bizga ajratib bergan ekan. To‘ygacha Muazzam bu uyni supurib-sidirib tozalabdi, devorlarini oqlab qo‘yibdi. To‘y kuni uy ichiga chimildiq ham tortib qo‘yishgan ekan. O‘sha kuni ayollar qo‘shni hovlidan Muazzamni yasantirib olib chiqishdi. Unga qarab turib, rosti gap, taniy olmay qoldim: uning egnida cho‘g‘dek toblanayotgan atlas ko‘ylak, sochlari mayda o‘rilgan, boshida katta oq shoyi ro‘mol tashlab olgandi. Muazzam juda chiroyli kelin bo‘lgan, hovlida to‘plangan ayollar ham pichirlashib shu haqida gapirishar, hatto ularning: – Xudo aqldan qisgan bo‘lsa ham, qurg‘urning husniga qarab, ko‘z to‘ymaydi-ya, deb aytgan so‘zlari qulog‘imga chalingandi.
O‘sha kun qishloqning mullosi nikohimizni o‘qib qo‘ygach, oldin Muazzam, so‘ng men chimildiqqa kirdik.

* * *
Aka, men Muazzamga uylanganimga o‘shanda ham, hozir ham sira afsus qilmayman. Axir, nega pushaymon bo‘lay, Muazzamdek oqila qiz bilan taqdirim qo‘shilganiga doimo shukr qilaman. To‘yimiz o‘tgach, bunga qayta-qayta ishonch hosil qildim. Faqat to‘ydan so‘ng qishloqdagilarning ishqilib, kuyovning aql-u hushi joyida ekanmi yoki u ham jinnimi, degandek menga qattiq qiziqib qolishgani, hatto darvoza-yu devor tirqishlaridan ti­nimsiz poylashgacha borishganiga sira ko‘nikolmay yurdim. O‘sha kunlari uydan tashqariga chiqishga yuragim bezillab qolgandi, har qadamda odamlar nigohi bilan tinimsiz ta’qib qilayotgani, ko‘chada to‘qnash kelib qolganda, surbetlarcha aft-angorimga qarashlari, turli kesatiq gap-so‘zlari, ba’zan ochiq-oydin kulishlari jonimdan to‘ydirib yuborardi. Ammo men ko‘nglimga qanchalik og‘ir botmasin, bariga chidadim, ustimdan kulgan, hatto masxara qilganlarga ham qattiq gapirmadim, shunchaki indamay qo‘ya qoldim. Keyin-keyin hammasi iziga tushib ketdi.
Odamlar meni jinni emas, to‘rt mucham soppa-sog‘, aql-u hushim joyida ekanimga ishonishdi, Muazzamga mehrim balandligi uchun bu yerga kelib qolganimni ham tushunib yetishdi. Shuning uchun ko‘pchilik hurmat bilan qaray boshladi.
Hozir qishloqda hech kim bizning ustimizdan kulmaydi, masxara-yu mayna qilishni xayollariga ham keltirishmaydi, faqat bizga rahmlari kelibmi, achinib qarab qo‘yishadi. Ko‘pincha esa, yaxshi gapirib, ko‘nglimizni ko‘tarishga harakat qilishadi.
Bilasizmi, aka, to‘yimiz o‘tgach, men Mahmud akaning yuragini qanday dard-u balo kemirib, ado qilganini tushunib yetdim. Bechora Mahmud aka dunyodan kuyib-kuyib armon bilan o‘tdi, farzandlarining aqli noqis, jinni tug‘ilgani, qishloq­dagilarning ochiq-oshkora masxara-yu mayna qilishi, hatto odam o‘rnida ko‘rmay xuddi bedavo dardga yo‘liqqan kimsaga qaragandek, irg‘anib qarashlarini o‘ylab, dardi ichiga sig‘may ketar, tursa ham, o‘tirsa ham, Xudo qaysi gunohim uchun meni bunday jazoladi, deya tinimsiz yozg‘irardi.
U o‘limi oldidan qo‘llarimni mahkam ushlab olib, bolalarimni tashlab ketmang, deya qayta-qay­ta yolvorib so‘ragani sira ko‘z o‘ngimdan nari ketmaydi.
Aka, nimasini aytay, o‘shanda nafaqat Mahmud aka va Muazzam, hatto qishloqdagi odamlar ham meni bu dard-u balolarga chidayolmay ertami-kech, kelgan tomoniga ketib qoladi, deb kutib yurishardi. Ayniqsa, Muazzam hammadan ko‘proq shu haqida o‘ylaganidanmi, ko‘nglidan sira xavotir-u hadik arimasdi. Ba’zan ko‘chaga chiqib ketsam, u yo‘lga qarab, ko‘zlari to‘rt bo‘lganini, xavotirga tushganidan bezovtalanib o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolganini, hovliga kirib kelganimda, tipirchilab, u yoqdan-bu yoq­qa yugurgancha ko‘nglimni olishga urinishini sezardim. Ammo men bu hovlidan boshimni olib, allaqayoqqa ketib qolishni hech qachon xayolimga keltirmaganman. Bunday fikr xayolim ko‘chasidan ham o‘tmagan.
Qisqasi, Mahmud aka dunyodan o‘tgach, hovlida o‘zim bosh bo‘lib qoldim. Mahmud akaning xotini ancha yil burun qazo qilgan ekan. U nuqul xotinim sho‘rlik bolalarining etagiga yopishgan dardni ko‘tarolmay dunyodan ko‘zi ochiq ketdi, zorlanib gapirardi. Oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Sulton esa men uylanishimdan xiyol ilgari boshi aylanib, uydan chiqib, dom-daraksiz ketgan, u hali-hanuz qaytib kelmagandi. Rahmatli Mahmud aka hali ko‘zi tirik paytidayoq Sultonning qaytib kelishidan umidini uzib qo‘ygan, nuqul sho‘rlik bolam endi tug‘ilgan uyini ham topib kelolmasa kerak, deb kuyinardi. Ba’zan kimdir Sultonni qaysidir uzoq shaharda ko‘rganini, soch-soqoli o‘sib, bir ahvolda yurganini aytib qolar, buni eshitib, Mahmud akaning bitta dardi mingta bo‘lardi. Eljon esa, o‘ta yovvoyi, doimo odamdan qochib yuradi, otasining o‘limidan so‘ng kichkina uychaga qamalib olib, sira tashqariga chiqmaydi. Muazzam har kuni bir kosa yovg‘on-u yarimta nonni uyga kiritib beradi.
Bilasizmi, aka, men uylangach, shuni anglab yetgandimki, Muazzam akalari singari butkul aql-u hushidan ayrilgan, na xatti-harakati, na gap-so‘zlarini idora qilolmaydigan jinni emasdi. Ishonsangiz, uning to‘rt muchasi soppa-sog‘, aql-u hushi ham joyida, hamma-hamma narsani tabiiy va to‘g‘ri idrok etadi. Faqat bilasizmi, qishloq­dagilarning oilasi ustidan ochiq-oshkor kulishi, ko‘cha-ko‘yda “jinni, jinni” deya masxara-yu mayna qilishi, ochiq jirkanib qarashi, hatto bir lagandan osh yeyishdan or qilishi uning hali bolaligidan qalbini butkul qabartirib, zada qilib tashlagan edi. U odamlarning ana shunday ko‘z ochirmay qo‘ygan ta’qib-u malomatlarini eshitaverib, hech kimga ishonmay qo‘ygan, hamma narsaga ha­dik va qo‘rquv bilan qarar, ko‘cha-ko‘yda o‘zini savdoyidek tutar, o‘rni kelganda og‘zidan tupuk sachratib bobillagancha, shallaqilik qilish, hatto o‘g‘il bolalar bilan ham teppa-teng yulishishdan tap tortmasdi. U hayotda oddiygina mehr, andisha, hayo borligini allaqachon esidan chiqarib yuborgan, doimo odamlardan qochib yurar, hech kimga ishonmas, hamma narsani yomon ko‘rardi. Baxtsizlikni qarangki, u onadan soppa-sog‘, aql-u hushi joyida tug‘ilgan, ammo qattol qismat boshiga ayovsiz yog‘dirgan ko‘rgiliklarni ko‘raverib, og‘ziga kuchi yetmagan odamlarning ta’na-dashnomi, malomatlarini eshitaverib, aqldan ozishiga, jinni bo‘lib qolishga bir baxya qolgandi.
To‘g‘risi, to‘yimizdan so‘ng dastlabki kezlarda Muazzamning hurkak va yovvoyiligiga, arzimagan narsalarga ham baqirib tashlashiga, ba’zan kurakda turmaydigan qarg‘ishlariga ko‘nikolmay rosa qiynalganman. Hatto o‘shanda asablarim qaqshab, yuragim siqilib ketganidan bu hovlidan bosh olib ketish haqida ham o‘ylaganman. Ammo darrov fikrimdan qaytganman. Axir, men ketib qolsam, Muazzam butkul aqlini yo‘qotib, rostdan ham, jinni bo‘lib qolishi tayin edi. O‘shanda Muazzamni o‘ylab turib, bunga hech qachon jazm qilolmasligimni tushunib yetganman.
* * *
Aka, men umrimda ko‘p kitob o‘qimaganman, kitob titkilashga vaqt qayda deysiz, erta-yu kech yugur-yugurdan bo‘shamayman. Ammo yorining ishqida kuyib-kuyib, oxir-oqibat savdoyi bo‘lib qolgan oshiqlar haqida eshitganman. Bilasizmi, bu savdoyilikning da’vosi mehr-muhabbat ekan. Hatto hayvonlarga ham mehringizni bersangiz, erkalab boshini silasangiz, ular ham buni sezmay qolmaydi, oyoqlaringizga suykalanib, sizga ham mehr ko‘rsatadi, o‘zining minnatdorligini bildiradi.
Muazzam ham har kun, har daqiqada mening mehr-muhabbatim, yuragim tafti, ishonch-u umidimni his etib, asta-sekin sokin hayotga qayta boshladi. Uning kundan-kun ruhan sog‘a­yib, hayotga ishonch va umid bilan qarayotgani, uzoq yillardan buyon yuziga soya tashlab kelgan qo‘rquv va vahm sharpalari o‘rnini xotirjam va mahzun ifoda egallayotganini his etib turardim.
Sizga buni qanday tushuntirsam ekan, Muazzam shunday ko‘z o‘ngimda asta-sekin o‘zgarib borardi, ba’zan unga qarab turib, kechagi Muazzamni taniyolmay qolardim, chunki u kechagi yovvoyi va qo‘rs, hamma narsaga nafrat va shubha bilan qaraydigan, doimo nimadandir hadiksirab turadigan, ko‘zlari qo‘rquv va vahima bilan boqadigan Muazzamdan og‘ir va bosiq, andishali, har bir so‘zini o‘ylab gapiradigan, mehr-shafqatli, rahmdil va mehribon ayolga aylanib borardi.
Uning ko‘nglida o‘zimga nisbatan cheksiz mehr uyg‘ongan, u faqat mening ishonch-u hurmatimni qozonish, qaynoq mehrimga munosib javob qaytarish uchun butun vujudi bilan intilar, intila turib, ruhan sog‘ayib borardi. Men buni uyda kechgan har daqiqada yurak-yuragimdan his etib turardim.
Ayniqsa, Muazzam kechagi irkit, o‘ziga umuman qaramay qo‘ygan, hamisha kir-chirga bo­tib yuradigan qizdan saranjom-sarishta, orasta va nozikta’b ayolga aylangan edi. Chunki un­i­ng yuragida ishonch va umid chechaklari bo‘y ko‘r­satgan sayin to‘zg‘ib, xarobaga aylanib qolgan, allaqanday vahimali va qo‘rqinchli tuyiladigan hovlimizga birdan fayz kirib borardi, u erta tongda turib, hammayoq­ni supurib-sidirib, chinnidek top-toza qilib qo‘yardi. Uyimiz oldidagi bir parcha yerga rayhon ekkan, uning xushbo‘y hidi butun hovliga taralib turardi.
Aka, Muazzam bilan birga yashay boshlagach, yana bir voqea ro‘y berganki, shuni eslasam, hozir ham ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketadi. Nima desam ekan, har kuni ertalab uydan chiqayotganimda tuflimni top-toza, artib qo‘yilganini ko‘rardim.
Avvaliga bunga uncha e’tibor bermadim. Keyin esa, kimdir tundami yoki tong azon payti chang-cho‘ngga botgan tuflimni tozalab, artib qo‘yayotganini sezib qoldim. Bir kun erta tongda uyg‘onib, tashqariga chiqsam, Muazzam berilib tuf­limni tozalayotganini ko‘rib qoldim. Ishonasizmi, u shunchalik mehr va ishtiyoq bilan tuf­limning chang-cho‘ngini aritar ediki, hatto men tikilib turganimni ham sezmasdi.
Men o‘shanda Muazzamga qarab turib, ayolga mehringizni bersangiz, uning ishonch-u e’tiborini qozonsangiz, u sizni Xudodek ko‘rishini, o‘zini butkul sizga bag‘ishlanishini anglab yetganman. Balki men xato o‘ylayotgandirman, ammo odamga bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak…

* * *
To‘yimizdan so‘ng oradan ikki yilcha o‘tgach, bir kun Muazzam omborxona shiftida osib qo‘yilgan, chaqaloqligida o‘zi yotgan beshikni olib chiqib, kir-chirlarini artib tozalabdi. So‘ng allaqayerdan ko‘rpacha-yu bolishi va yoping‘ichlarini ham topib kelib, beshikni yasantirib, uyning to‘riga qo‘yibdi. O‘sha kun oqshom men daladan horib-charchab uyga kelgach, uy to‘rida turgan beshikka ko‘zim tushdi-yu, rosti gap, ko‘nglim juda g‘alati bo‘lib ketdi. Nima gap ekanini darrov tushundim, ammo sir boy bermay Muazzamdan atay so‘radim:
– Beshik nimaga kerak bo‘p qoldi?
Muazzam ovozimni eshitib, menga yalt etib qaradi, qarab turib, yuzi va ko‘zlarida quvonch sharpasi jilvalandi, bir zum shunday – baxtdan sarmastdek tikilib turdi-da, so‘ng uyalganidan yugurib tashqariga chiqib ketdi.
Muazzam ayol edi, u butun vujudi bilan ona bo‘lishni, jajji farzandini dunyoga keltirib, bag‘riga bosishni istayotgandi. Bu istak uning butun vujudini chulg‘ab olgan, men buni uning har bir xatti-harakati, gap-so‘zlaridan his etib turardim. Keyinchalik u tong-azonda, men uxlayotgan mahalda, boshiga ro‘molini yoyib tashlab olgancha, bo‘m-bo‘sh beshikni tebratgancha past ovozda alla aytadigan odat chiqardi. Bir safar hali tong oqarmagan payt Muazzamning yig‘lagan kuyi alla aytayotgan ovozidan uyg‘onib ketdim. Ey, aka, uning o‘sha paytdagi holatini eslasam, hozir ham ko‘nglim o‘ksib ketadi, yuragim bo‘shashib, yig‘lagim keladi. O‘shanda Muazzam shunchalik hazin va dardchil ovozda alla aytardiki, uning o‘zi emas, balki yuragi ezilib-ezilib yig‘lar va bu iztirob, nola-yu fig‘onni eshitgan har qanday toshbag‘ir odam ham chidayolmay “dod” deb yuborardi. O, bu shunchaki alla emas, balki yurak-bag‘rini ezib tashlagan dard-u hasratini qo‘shiq qilib aytardi, o‘zini unutib yig‘lagan ko‘yi nola qilarkan, Xudodan marhamat-u inoyatini ayamaslik­ni, o‘ziga farzand ato etishni agar niyati ijobat bo‘lsa, bu dunyodan armon-u o‘kinchsiz o‘tishini aytib yig‘lardi. Uning seldek ko‘pirib-toshayotgan nola-yu fig‘oni, dard-u hasratini eshitish juda og‘ir va azobli edi. Men ham bunga uzoq chidab turolmadim, ko‘nglim erib ketgandek bo‘ldi, yuzimga ko‘rpani tortib, qon bo‘lib yig‘ladim va yig‘lab turib, Xudodan bizga farzand ato qilishni so‘radim.

* * *
Oradan to‘rt yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, biz hali farzand ko‘rmagandik. Muazzam kecha-yu kunduz shuni o‘ylaganidan g‘am-g‘ussaga bo­tib, ma’yus tortib qolgan, tinimsiz toqatsizlanar, dam-badam yuragi hasratga to‘lib ketganidan chuqur-chuqur “uf” tortib qo‘yardi. Men ham uning ahvoliga qarab, ich-ichimdan qiy­nalardim va o‘zimcha unga allanimalar deya taskin-tasalli bergan bo‘lardim.
Bir kuni u dardini ichiga sig‘dirolmadi, yura­gidagini aytdi:
– Meni do‘xtirga olib borib ko‘rsating…
O‘sha kunlari o‘zim ham shu haqida o‘ylab yurgandim. Ertasi kun ertalab qishlog‘imiz yaqi­nidagi shaharchada joylashgan do‘xtirxonaga bordik. Do‘xtirlar bizni qariyb bir hafta tekshirishdi. Ular mening sog‘ligim to‘g‘risida arzigulik bir gap aytishmadi. Faqat buyragingizda ozroq shamollash bor ekan, davolansangiz o‘tib ketadi, deyishdi. Muazzamni esa, qandaydir g‘alati apparatlar bilan qayta-qayta tekshirib ko‘rishdi. O‘shanda Muazzamni tekshirayotgan ko‘zoynakli do‘xtir­ning vahimali ovozda “Yo, tavba, buyog‘i qanday bo‘ldi?!” – degan gaplari hali ham qulog‘im ostidan nari ketmaydi.
Qisqasi, o‘shanda do‘xtirlar Muazzamni uzoq tekshirishdi, o‘zlaricha pichirlab, allanimalarni muhokama qilishdi. Keyin esa, haligi ko‘zoynakli do‘xtir Muazzamga “Siz tashqariga chiqib tu­ring”, deya mening yolg‘iz o‘zimni olib qoldi.
Do‘xtir kursiga o‘tirarkan, menga ko‘zoynagi ostidan g‘alati qarab, Muazzam haqida so‘rab-surishtirishga tushdi: u kimning qizi, ota-onasi, qarindosh-urug‘lari kimlar… Xullas, do‘xtir to‘satdan shunaqa ko‘p savollarni qalashtirib tashladiki, men javob berolmay, gangib qoldim. Buning ustiga do‘xtirning har bir savoli qandaydir qo‘rqinchli tuyilganidan yuragim xavotirga to‘lib borardi. O‘shanda do‘xtirning savollariga bilganimcha javob berdim. Nihoyat, do‘xtir Muazzamni Polvontepadagi Mahmud akaning qizi ekanini eshitgach, xuddi o‘zini qiynayotgan jumboqqa javob topgandek, birdan ko‘zlari chaqnab ketdi.
– Shuni oldinroq aytmaysizmi? – dedi u hovliqqan ko‘yi. – Bo‘ldi, bo‘ldi, hammasi tushunarli.
Ammo men hech narsani tushunmay angrayib qolgan, qo‘rquv va xavotir bilan do‘xtirga qarab turardim.
Birozdan so‘ng do‘xtir menga yuzlanib, tag‘in savolga tutdi:
– Siz uylanayotgan paytingizda hech narsani bilmaganmisiz?
– Yo‘q, nimani bilishim kerak edi? – dedim jahlim chiqib.
– Ey, uka, o‘zingizni bosing, – dedi do‘xtir. – Avval yaxshilab so‘rab-surishtirib, so‘ng uylanish kerak edi. Bilsangiz agar, Mahmud akaning oilasi ro‘y­xatda turadi, farzandlarining bari ruhiy xasta bo‘lib tug‘ilgan. Tibbiyotda hali bu kasallikning da’vosi topilmagan. Bundan ham yomoni, bu kasallik suyak suradi. Shuning uchun bu kasallikning ol­dini olish maqsadida kasallikka chalingan o‘g‘il bolalar urug‘sizlantiriladi, qizlarning esa onajoyi olib tashlanadi… Ulardan nasl qolmaydi…
Men do‘xtirning xonasidan qanday chiqqanimni bilmayman, hushim o‘zimda emas, butkul karaxt tortib qolganimdan boshim hech narsani idrok etmasdi. Ammo bunga qaramay eshik oldida toqatsizlanib, chiqishimni kutib turgan Muazzamga ko‘zim tushishi bilan bazo‘r jilma­yishga urindim, biroq bir og‘iz so‘z qotishga tilim aylanmadi. Do‘xtirning gaplarini qayta xayolimdan o‘tkazarkanman, bo‘g‘zimga bir og‘riq kelib qadalgandi. Ey Xudo, deyman ichimda, bu sho‘rlik ayolni nega buncha qiynaysan, shuncha jabr-u sitaming yetmasdimi? Bu gapni eshitsa, u aqldan ozmaydimi? Endi uni qanday yupataman, nima deb ovutaman?!
Muazzam bilan jimgina uyga qaytdik. Yo‘l bo‘yi unga hech nima demadim. Ammo u bezovtalanib dam-badam yuzimga qarayvergach, axiyri sabrim chidamadi.
– Muazzam, – dedim atay xotirjam ovozda, – do‘xtir aytdiki, ikkalamiz ham soppa-sog‘ ekanmiz. Faqat biroz davolanishimiz kerak. Shundan so‘ng albatta, farzandli bo‘lamiz.
Aka, Muazzam – ko‘nglida g‘ubor ham yo‘q, go‘dakdek sodda va ishonuvchan ayol, ayniqsa, mening gaplarimga hech qachon shubha-gumon bilan qaramaydi, nima aytsam, hammasini ro‘y-rost qabul qiladi. Bu gal u ichimdan to‘qib-bichib aytgan gaplarimga chippa-chin ishondi, birdan chiroyi ochilib, yuziga qon yugurdi va qo‘llarimni mahkam ushlab oldi.
Muazzamga hozirga qadar hech nima deganim yo‘q. U dam-badam qachon davolanishga bo­rishimni so‘rab qoladi. Men esa hali uni, hali buni bahona qilib, atay orqaga tashlab kelayapman.
Aka, sizga aytsam, ba’zan o‘zim ham bu sirni ichimga sig‘dirolmay qolaman, yuragim to‘lib ketganidan “dod” deb yuborgim keladi, kechalari o‘ylab, uyqum qochib ketadi. “Ey Xudo, bu azobni qachongacha ichimda saqlab yashayman?!” deyman. O‘zining tanidagi sirdan bexabar, hamon umid va ilinj bilan yashayotgan, Xudoga tinimsiz yolvorib, farzand ato qilishni so‘rayotgan Muazzamni o‘ylasam, dard-u alamim battar ortadi, dunyoga sig‘may qolgandek bo‘laman.
Bir kuni bu dardni ichimga sig‘dirolmay yolg‘iz o‘zim yana haligi do‘xtirning oldiga bordim-da, Muazzam hech qanday ruhiy xasta emas, soppa-sog‘ ekanini, ishonishmasa, qayta tekshirib ko‘rishlarini aytdim.
Do‘xtir mening gaplarimni diqqat bilan eshitdi, keyin xayrixoh ovozda gap boshladi:
– Uka, men hammasini yaxshi tushunib turibman. Ayolingiz ruhan sog‘lom ekaniga ham ishonaman. Ammo bir paytlar qaysidir do‘xtir­ning xatosi tufayli bechora ayolingiz bir umr baxtsiz bo‘lib qolgan. Afsuski, endi bu xatoni tuzatishning umuman imkoni yo‘q. Iltimos, meni to‘g‘ri tushuning, – dedi u.
Men dard-u dunyom battar qorong‘i tortib, izimga qaytdim.
Aka, bunday o‘ylab qarasam, bu dunyoda meni Muazzamdan, Muazzamning mendan bo‘lak hech kimi yo‘q. Shuni o‘ylasam, unga mehrim yana-da ortib ketadi. Uni tashlab ketishni hech qachon xayolimga ham keltirmayman.
O‘zi bu gaplarni shu choqqa qadar og‘iz ochib hech kimga aytmagandim. Bugun negadir sizga yuragimni bo‘shatib olgim keldi…
U shunday deya hikoyasini tugatdi va negadir aybdordek ko‘zlarini jovdiratib menga qarab qo‘ydi.
Uning so‘zlari, o, yo‘q, bular shunchaki oddiy, jo‘n so‘zlar emas, balki og‘ir, dog‘uli, iztirob va g‘am-anduhga yo‘g‘rilgan, ayni damda nurli kechmish meni butkul ko‘r-u karaxt qilib tashlagan, yuragim hayrat-u hayajonga to‘lib borar, qarshimda boshini quyi solgancha o‘tirgan, peshonasiga bitilgan qismat-u a’moldan zorlanmay-nolimay, buning uchun na dunyodan va na hayotdan biron-bir narsa ta’ma qilmay yashayotgan bu yigitga nisbatan ko‘nglimda havas-u hayratim, hurmat-u mehrim tobora oshib borardi.

Ha, aniq bilaman, u aynan shunday yashashni allaqaysi kitoblardan o‘qib-o‘rganmagan yoki kimlardandir saboq ham olmagan, balki o‘zining beg‘ubor, sodda va samimiy qalbi bilan anglab yetgan, bundan hech qachon afsus-nadomat chekib, zorlanmagan, balki behalovat urib turgan yuragi faqat shundan taskin topayotgan edi.
Men yana shuni aniq bilamanki, ko‘ngli g‘ayr kimsalar ko‘zlari to‘rt bo‘lib qanchalik kutmasin, u hech qachon Muazzamni tashlab ketmaydi, balki bu dalli-devona qizni muqaddas yalov kabi boshi uzra ozod ko‘tarib yashaydi, bu qarimsiq dunyoda u o‘zining yelib-yugurib, talpinib-intilib topgan baxt-u quvonchini ham, o‘kinch-u armoni va umrining mazmun-mohiyatini ham shunda deb biladi.
Men ana shunday xayollarga g‘arq bo‘lgancha Ibrohimga uzoq tikilib qoldim. Bir chog‘ u kutilmaganda, o‘rnidan qo‘zg‘alib, ketishga chog‘landi.
– Aka, – dedi u jilmayib, – men endi uyga boray. Biznikiga ham mehmonga o‘ting.
– Rahmat, nasib bo‘lsa, o‘tarman, – dedim men shoshib.
U xayr-xo‘shlashgach, toshyo‘l bo‘ylab Polvontepa qishlog‘i tomon ketdi.
Men uning ortidan qararkanman, tuyqus yana sen yodimga tushding va sening ismingni iztirob va armon bilan shivirlab takrorladim, ismingni takrorlay turib, yuragim nohaq tanbeh eshitgan yetim boladek o‘ksib ketdi: taqdir shu dali-g‘uli yigitni siylagan, uning umr yo‘lini bezab tashlagan, ko‘nglini quvonch-u umidga to‘ldirgan baxtni nega menga ravo ko‘rmadi?!
Yana sening ismingni muqaddas bitikdek ehtiros va hayajon bilan takrorlarkanman, hamma-hammasi qayta yodimga tushdi-yu, birdan ruhim, o nafaqat ruhim, balki butun jism-u jussam iztirob-u alam ichida qoldi. Va ayni damda o‘zimni shunchalik noshud, notavon va ojiz his etdimki, alam o‘ti vujudimni o‘rab-chirmab olganidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Ruhim qaqshab ketgan, yuragim alam-u iztirobga to‘la, go‘yo yer bilan bitta bo‘lib o‘tirardim.
Ehtimol, o‘shanda jur’at-u shijoat topib, qalbimni tinimsiz o‘rtayotgan, inon-ixtiyorim, xohish-u irodamni butkul o‘z izmiga solib olgan bu o‘jar va shafqatsiz tuyg‘ularga seni ham ishontirganimda, tilsimlangan qalbingga adashmay yo‘l topganimda qismat-u a’molim boshqaga kechar­midi?!
Qirq yildan buyon yuragimni bosib yotgan va tinimsiz iztirobga solayotgan bu dard qachon intiho topadi, tilsimlangan bu qo‘rg‘onning eshik­lari qachon ochiladi?! Yana qancha payt bu o‘jar tuyg‘ular o‘z holimga qo‘ymay hayotning qorong‘i va qo‘rqinchli so‘qmoqlarida sarson-sargardon adashtirib yuradi?!
Nahotki, mening murod-u muddaom hech qachon hosil bo‘lmaydi, umid-u ishonchim bahorgi chechak kabi gurkirab ochilib, bo‘y ko‘rsatmaydi, yuragim quvonch-shodlikdan entikib, sarg‘aygan yuzim yorishmaydi?
Nahotki, umrimning so‘nggi nafasigacha yo‘llaringga umid va ilinj bilan ko‘z tikib o‘taman?! Yuragimni shafqatsizlik bilan tinim bilmay kemi­rayotgan bu dard-u iztirob, g‘am-g‘ussa va armon-u o‘kinchning adog‘i bormi?!
Men toshyo‘ldan tobora uzoqlashgan sari kichrayib borayotgan Ibrohimdan ko‘z uzmay turarkanman, yana sening ismingni shivirlab takrorladim va yana iztirobli xotiralar yodimga tushdi.

* * *
O‘shanda men hali bu tuyg‘ular qalbimda makon tutmagan, hayotim tinch va osuda kechayotgan kunlarning birida g‘aroyib tush ko‘rgandim. Tushimda zim-ziyo tun qa’rida yolg‘iz o‘zim yelkamda tobut orqalab allaqayoqqa ketib borayotgan emishman. Tobut shunchalik og‘ir, zil-zambil ediki, tobora yelkamdan bosib kelar, oyoqlarimni sudrab, bazo‘r qadam tashlardim. Buning ustiga tobutning vahimasidan qattiq qo‘rquvga tushgan, qo‘l-oyog‘im tinimsiz qaltirar, jism-u jussamdan sharros ter yog‘ilib kelardi. Men bu azobga chidayolmay kimnidir yordamga chaqirish uchun atrofimga alanglab qarar, ammo tevaragimda biron-bir tirik jonning qorasi ko‘rinmasdi. Men zulukdek qop-qora tun qa’rida tobutni yelkalab ketib borar, ammo yo‘lning adog‘i ham ko‘rinay demasdi. Buning ustiga tobut ichida kim yotganini ham, uni orqalab qayoqqa olib borayotganimni ham bilmasdim.
Bu qo‘rqinchli tush uzoq davom etdi, so‘ng tunning allaqaysi pallasida qop-qora terga botgan ko‘yi vahm bilan uyg‘onib ketdim. Men ko‘rgan tushimdan qattiq qo‘rquvga tushgan, to‘shakda qimir etishga majolim yetmay yotardim. Bu tush haqida o‘ylagan sayin yuragim battar qo‘rquv va vahimaga to‘lib borar, nazarimda, erta yo indin hayotimda qandaydir falokat ro‘y beradigandek tuyilardi. Men o‘zimcha bu tushning ta’birini turli xil narsalarga yo‘yar, ammo hech qaysidan ko‘nglim taskin topmasdi.
Shundan buyon ko‘p tushlar ko‘rdim, ammo ular qanchalik sirli va g‘aroyib bo‘lishiga qaramay, barini tezda unutib yubordim, ammo bu tush xotiramda shunday mahkam o‘rnashib qolgandiki, har qancha urinmay baribir uni unutolmasdim.
O‘sha damda bu tush fikr-u xayolimni butkul band etib olganidan tanishlarimdan uning ta’bi­rini so‘rab-surishtirar, qadimgi kitoblarni titkilab o‘zimni qiynayotgan savollarga javob izlardim, ammo ko‘nglimni qoniqtiradigan biron-bir jo‘yali fikr topa olmasdim.
Faqat bir gal eski shahardagi kitob do‘konida tasodifan oppoq soqoli ko‘ksini qoplagan bir chol bilan suhbatlashib qoldim va unga ham tushimni aytib berdim. Chol gaplarimni diqqat bilan eshitgach, negadir uzoq o‘yga tolib qoldi. Keyin xo‘r­singandek, og‘ir tin oldi-da: – Bu tushning ta’birini izlab ovora bo‘lmang, – dedi u, – baribir topolmaysiz. Tushning ta’biri umringiz qatida yashirib qo‘yilgan. Umringiz o‘tgan sayin tushning ham ta’biri ayon bo‘lib boraveradi. Yana yaratganning o‘zi barchasini bilguvchidir…
Chol boshqa hech narsa demadi, nazarimda, u birdan ma’yus tortib qolgan, yuzi va ko‘zlarini allaqanday tushuniksiz ifoda qoplab olgan edi. Keyin esa, u menga e’tibor bermay qo‘ydi, biroz muddat o‘zicha allaqaysi kitobni titkilab turdi-da, kutilmaganda indamay-netmay do‘kondan chiqib, odamlar orasiga singib ketdi.
Rosti gap, cholning allaqanday sirli so‘zlari, o‘zini tutishi meni battar qo‘rquvga solib qo‘ygan, ko‘nglim g‘ash tortib, hamma narsaga cho‘chib qaraydigan bo‘lib qolgandim.
Shundan so‘ng har gal bozorga borganimda odamlar orasidan o‘sha cholni izlar, ba’zan do‘konlarga bir-bir bosh so‘qib chiqardim, ammo uni hech qayerda uchratmadim.
Qisqasi, men ana shu tush ta’sirida yurgan kezlarim sening dorilfununga o‘qishga kirganingni eshitib qoldim va ilgaridan tanish ekanimiz, bitta qishloqda o‘sib-ulg‘ayganimiz haqqi-hurmati sendan shunchaki hol-ahvol so‘rash maqsadida oldingga borgandim. Sira yodimdan chiqmaydi: aftidan, sen hali bu sershovqin va halovatsiz shaharga ko‘nikolmay qiynalganingdan toqatsizlanib turgan ekansan, shekilli, menga ko‘zing tushishi bilan birdan suyinib ketgan, u yoqdan-bu yoqqa yugurgancha o‘tirg‘izgani joy topolmay qolgan­ding. Sen xuddi yo‘qotgan qo‘g‘irchog‘ini kutilmaganda, topib olgan qizaloqdek, quvonib ketgan, ko‘zlaring zavq bilan boqar va menga mehring toblanib qarab-qarab qo‘yarding.
O‘shanda sening hali shaharning nuqsi-nafasi urmagan buloq suvidek tiniq yuzing, sodda va samimiy gap-so‘zlaring, egningdagi odmigina ko‘ylaging, sochlaringni uquvsizlik bilan turmaklashing, umuman, butun borlig‘ing daf’atan menga o‘zim doimo sog‘inib, qo‘msab yashagan olis qishloqni yodimga solib yuborgan, senga zavq bilan qararkanman, yuragim orziqib ketgan edi.
O, yo‘q, sen xuddi ovchi ta’qibidan qochib, kutilmaganda, shaharga kelib qolgan, ko‘zlari jovdirab, hamma-hamma narsaga qo‘rquv bilan hurkak nazar tashlayotgan ohuga o‘xsharding, qarshingda yastanib yotgan va seni betinim bag‘riga chorlayotgan bezab-bejalgan, yaltiroq, o‘zing ilgarigi ko‘nikkan tabiiy va sokin hayot oqimiga mutlaqo o‘xshamagan shaharga xavotir va hadik bilan qarab turarding.
O‘shanda men sening torgina xonangda buloq suvi singari tiniq qalbingdan otilib chiqayotgan so‘zlaringni tinglab, uzoq vaqt rohatlanib o‘tirdim. Keyin esa, men ketishga chog‘langach, sen xuddi mehribon singlimdek izimdan ergashib, katta ko‘chagacha kuzatib chiqqan va tez-tez kelib tu­ring, deya qayta-qayta tayinlagan eding.
Men dorilfununning orqa tomonidagi mahallada joylashgan kaftdek ijara uyimga qaytarkanman, go‘yoki uzoq yillardan buyon o‘zim anglamagan holda izlab yurgan, gohida xayolimning olis o‘ngirlarida ko‘rinish berib o‘tgan, hali o‘zim ham nomini tuzuk-quruq bilmagan muqaddas narsamni daf’atan topib olgandek, yuragim hapqirib urar, sening boyagi kulib qarashlaring, sodda, samimiy so‘zlaring xayolimdan sira ketmasdi. O‘sha oqshom sen haqingda o‘ylarkanman, yuragimga yoqimli iliqlik oqib kirib, asta-sekin butun vujudimga yoyilayotganini his etgandim. Bu shunchalik qudratli, rohatbaxsh va yoqimli tuyg‘u ediki, u asta-sekinlik bilan butun jism-u jussamni mahv etib borardi. O‘sha tun tongga qadar ko‘zimga uyqu kelmadi va ilk marta hayajon bilan sening ismingni shivirlab takrorla­dim.

* * *
To‘g‘risi, avvaliga men bularning bari shunchaki o‘tkinchi xomxayol, deb o‘ylab, tan olishni sira istamagan va hatto o‘sha tunda allaqanday yengiltaklik bilan ehtiros-u hayajonga berilganimni o‘ylab, o‘z-o‘zimdan uyalib ketgandim. Keyin esa, bu haqida ortiq o‘ylamaslikka, o‘zimni boshqa narsalar bilan chalg‘itishga, oxir-oqibat hammasini esdan chiqarishga urindim.
Ammo kunlar o‘tgan sayin negadir xayolla­rim to‘zg‘ib, o‘zim anglamagan holda beixtiyor sen haqingda o‘ylaydigan, hatto ba’zan sog‘inib, qo‘msaydigan bo‘lib qoldim. O, yo‘q, men butun vujudim bilan qanchalik tan olishni istamay baribir yuragimni allaqachon zabt etib olgan bu o‘jar tuyg‘ular junbishga kelib, tinimsiz sen haqingda o‘ylashga va ismingni shivirlab takrorlashga undardi. O‘shanda arzimas narsalarni ham vaj qilib, dovdiragancha sening oldinga borishimni, alahsi­ragandek, allanimalar haqida uzoq gapirganimni eslasam, hozir ham xijolatga tushganimdan o‘zimni qayerga qo‘yishni bilmay qolaman.
Bu – o‘shanda sening bilganlaring, bilmaganlaring esa, tunlari daraxt yoki butaning ortida bekinib, sening uchinchi qavatdagi sarg‘ish nurga chulg‘angan derazangga tikilar, go‘yo sen hozir derazadan qarab qoladigandek, yuragim hayajonga to‘lib, ko‘z uzmay turardim. Odatda, sen tun allamahal bo‘lgan, atrofni quyuq qorong‘ilik qoplagan mahal xonang chirog‘ini o‘chirib, uyquga ketarding. Men ham sekin o‘rnimdan qo‘zg‘alib, ijara uyimga yo‘l olardim. Men har tunni shunday o‘g‘ridek po‘sib o‘tkazar, ba’zan ziyoga chulg‘angan derazangga tikilib tongga qadar qolib ketardim. 
O‘shanda meni bir narsa qattiq hayratga solgan: chamasi, sen o‘zingni kimdir yashirincha kuzatib turgani, nigohi bilan tinimsiz ta’qib etayotganini zohiran sezarding shekilli, ba’zan kutilmaganda bezovta tortib, shoshgancha, deraza tabaqasini ochar va kimnidir izlagancha alanglab, tun qa’riga uzoq tikilib qararding.
Buni ko‘rib, men azbaroyi cho‘chib ketganimdan shosha-pisha daraxt ortiga yashirinar va hatto nafas olishga jur’atim yetmay qolardi. Ba’zan esa, tun bo‘yi derazang qilt emas, tikilaverib ko‘zlarim tolib ketardi.
O‘shanda o‘zimni butkul izm-u ixtiyoriga solib olgan, bir dam hol-jonimga qo‘ymayotgan bu tuyg‘ularni senga aytishga ko‘p marta chog‘langan, hatto nimalar deyishni oldindan o‘ylab, xayolimda pishitib qo‘ygan, biroq bunga hech qachon jur’atim yetmasdi. Har safar sening oldinga yo‘l olarkanman, tuni bilan qayta-qayta xayolimdan o‘tkazgan o‘ylarni bugun albatta, aytaman, deb ko‘nglimdan kechirar, hatto bu juda oson va yengil tuyular, ammo senga ko‘zim tushishi bilan birdan xayolim ostin-ustin bo‘lib, to‘zg‘ib ketar, boshim hech narsani idrok etmay dovdirab qolardim. So‘ng esa, xayolimga kelgan butunlay boshqa narsalar haqida aljiragan ko‘yi gapirar va oxir-oqibat bo‘shashgancha izimga qaytardim.
O‘shanda necha marta sening oldinga qat’iyat va ishonch bilan yo‘l olganimni, ammo har gal bo‘shashib, shalviragan ko‘yi izimga qaytganimni bugun sanab adog‘iga yetolmayman. Oxir-oqibat esa, sening yuzingga qarab turib, yuragimni o‘rtayotgan bu tuyg‘ularni ochiq-oshkor aytishga hech qachon jur’atim yetmasligiga, har safar ayni shu holat takrorlanishiga ko‘zim yetgach, oddiygina xat yozishga ahd qildim. Nazarimda, eng oson va qulay yo‘li ham xat yozish edi. Ammo o‘shanda bor-yo‘g‘i to‘rt so‘zdan iborat xatni, ishonasanmi, yuz marta o‘chirib, yuz marta qayta yozdim. Har gal xatni yozib bo‘lgach, kutilmaganda, senga nimasidir yoqmay qoladigandek tuyular va darrov uni yirtib tashlab, yangisini yozishga kirishardim.
Keyin, o‘sha kun kechga tomon xatni avaylab tumor singari buklab, cho‘ntagimga soldim-da, sening oldinga oshiqdim. Sira yodimdan chiqmaydi: o‘sha pallada go‘yoki qismat-u a’moli hal bo‘ladigan kimsadek, qo‘l-oyog‘im o‘zimga bo‘ysunmay tinimsiz qaltirar, azbaroyi hayajonga tushganimdan peshonamdan sharros ter yog‘ilib kelardi.
O‘shanda meni hayrat-u taajjubga solgan narsa shundaki, sen men uzatgan xatni hayron ham bo‘lmay, biron-bir so‘z ham qotmay indamaygina olding, faqat kutilmaganda yuzing birdan qip-qizil tortib ketdi, menga uyalibgina qararkansan, negadir sirli jilmayib qo‘yding. To‘g‘risi, o‘shanda men yuragim xavotirga to‘lib, buning mutlaqo aksini kutgan, sen xatni ko‘rishing bilan ko‘zlaringni katta-katta ochib hayron bo‘lishing, so‘ng nima gap ekanini anglagach, birdan jahling qo‘zib ketishi, hatto azbaroyi diling og‘riganidan yuzing-ko‘zing demay haydab solishing, haligi maktubni esa burda-burda qilib yirtgancha yuzimga otishingni o‘ylab, cho‘chib turgandim.
Ammo sen xatni indamay olib, egningdagi xalating cho‘ntagiga solib qo‘yganingni ko‘rib, ko‘nglim birdan xotirjam tortdi, hatto quvonchdan yuragim entikib ketgandek bo‘ldi.
Faqat shundan so‘ng o‘rtamizda og‘ir sukunat tushdi, biron-bir so‘z qotishga na sening va na mening jur’atim yetmas, go‘yoki ikkalamiz ham tubsiz o‘y-xayollarga g‘arq bo‘lib qolgandek edik. Oradan imillab qancha vaqt o‘tganini bilmayman, axiyri, mening sabrim chidamadi, ketishga chog‘landim.
– Men endi boray, keyin kelaman, – dedim men. – Yaxshi qoling.
– Mayli, – deding sen jilmayib. – Yaxshi boring.
Men ko‘chaga chiqqach, xuddi yelkamni bosib turgan zil-zambil yukdan xalos bo‘lgandek, birdan yengil tortgan, ko‘ksimni to‘ldirgancha yutoqib nafas oldim. Keyin e’tibor bersam, boya sening oldingda azbaroyi hayajonga tushganimdan, shunday ter bosgan ekanki, ko‘ylagim nam tortib ketibdi. O‘sha damda men o‘zimni go‘yo hayotning qaltis va xatarli sinovidan omon-eson o‘tib olgan kimsadek, yengil his etar, kayfiyatim chog‘, ko‘zimga hamma-hamma narsa chiroyli va yoqimli ko‘rinar, azbaroyi quvonganimdan lab-lunjimni yig‘ishtirolmay yo‘ldan o‘tib-qaytayotgan odamlarga nuqul kulib qarardim.
Keyinchalik men sening xatni olayotgan payt­dagi holating, yuz-ko‘zlaringda qalqib chiqqan ifodalar haqida ko‘p o‘yladim, xayolan qayta-qay­ta tahlil-u mushohada qildim va oxir-oqibat shunga amin bo‘ldimki, sen hamma-hammasini – mening ahvol-ruhiyam, xayolimni band etib olgan o‘y-fikrlar, o‘zingga ipsiz bog‘lanib qolganim, kecha-yu kunduz faqat seni o‘ylab yashayotganimni allaqachon sezgan va kunlardan bir kun qar­shingga kelib, hayajonga tushganimdan go‘dakdek dovdiragancha barcha-barchasiga iqror bo‘lishimni zimdan kutib yurgansan. Se­ning o‘sha damdagi holating, o‘zingni tutishing va yuz-ko‘zlaringni qoplab olgan ifodalarni bundan boshqacha izohlab bo‘lmaydi, hamma-hammasi sen bu sirdan allaqachon voqif bo‘lganing, hatto bunday hayajonli damda shoshib, o‘zingni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun ruhan hozirlik ko‘rganingdan darak berib turardi.
Ha, shunday, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Agar sen bu sirdan bexabar bo‘lganingda, hech qursa, xatni ko‘rgan zahoting ajablangan ko‘yi bu nima, deya so‘ragan bo‘lar, hatto izzat-nafsing tahqirlangandek, birdan jahling chiqib, arazlagan ko‘yi ketib qolarding. Sen esa, xatni ko‘rib, sira ajablanmading, hayron bo‘lib, taajjubga ham tushmading, aksincha, barchasi risolada shunday bitilganini bilgandek, iymanibgina xatni olding-da, cho‘ntagingga solib qo‘yding.
Demak, sen ham uzoq paytdan buyon yura­ging hayajon-u orziqishga to‘lib shunday xushsaodat damlarni kutib yurgan, yolg‘iz qolgan kezlarda tubsiz xayollarga berilgan, xuddi men seni har daqiqada o‘ylaganim kabi sen ham men haqimda o‘ylab yurgandirsan. O‘sha kun men ketgach esa, sen ham nihoyat niyating ijobat bo‘lganidan quvonchingni ichingga sig‘dirolmay yugurgilab xonangga kirgan va shosha-pisha xatni o‘qishga tushgandirsan. Bularning bari mening taxmin-u farazlarim, o‘sha kun xatni olgach, ko‘nglingdan nimalar kechgani, xayolingni qanday o‘ylar band etib olganini bilmayman.
Harqalay, nima bo‘lganda ham, o‘sha kun men xuddi qismat kutilmaganda saxiyligi tutib, yo‘lini ochgan va armon-u o‘kinchi barham topib, murodi hosil bo‘lgan kimsadek, baxtdan butkul sarmast edim, xayolimni sening xatni olayotgandagi hola­ting, iymanibgina jilmayishing band etib olgan edi.
O‘sha tun allamahalgacha uxlamadim, sen haqingda o‘yladim va ismingni shivirlab, qayta-qay­ta takrorladim.

* * *
O‘shanda oradan roppa-rosa bir hafta o‘tgach, men yana umid va ilinj bilan yana sening oldinga yo‘l oldim: bu gal mening ko‘nglim ancha xotirjam tortgan, hatto sen meni ko‘rishing bilan birdan suyunib ketib, mehr bilan qarshi olishingga qattiq ishonib turardim.
Biroq sen menga ko‘zing tushishi bilan go‘yoki allanimadan sarosimaga tushgandek, birdan bezovta tortib qolding, shosha-pisha nigohlaringni dib qocharkansan, yaxshimisiz, deya shunchaki nomiga mulozamat qilgandek bo‘lding. Nazarimda, seni nimadir qattiq xavotirga solib turar, xayoling ham o‘zingda emas, butkul tinchingni yo‘qotib, bezovta tortib turarding. Seni bunday ahvolda ko‘rib, mening ham yuragimga xavotir oraladi, ammo nima bo‘ldi, deb so‘rashga botinolmadim. Ammo tezda sening holating o‘zgardi, yuzingdagi boyagi sarosima-yu xavotir o‘rnini birdan allaqanday kibrli va bepisand ifoda egallab oldi, sen go‘yoki o‘rtamizda hech narsa bo‘lmagandek, o‘zingni o‘ta beparvo va loqayd tutar, istamaygina gapirar, ba’zan zo‘raki jilmayib qo‘yar, ko‘zlaringda esa, allaqanday mahvum ifoda sharpalari suzib yurar, ulardan biron-bir ma’noni uqib bo‘lmasdi. Men senga qarab turib, kecha yonoqlari loladek qip-qizil tortib qarshi olgan, qarashlaridan mehr, ibo va hayo yog‘ilib turgan qizni topolmasdim, oradan o‘tgan bir hafta ichida nimalar ro‘y berganini bilmayman, ammo sen birdan o‘zga­rib, go‘yoki boshqa odamga aylanib qolganding. Sen meni qanday maqsadda kelganim, murod-u muddaom nima ekanini juda yaxshi bilar, biroq bila turib, o‘zingni atay go‘llikka solib turgandek, butunlay boshqa narsalar haqida gapirarding.
Yo‘q, yo‘q, sen go‘yoki mening sabr-toqatim, shijoat-u irodam va qurb-u quvvatimni sinab ko‘rayotgandek, umuman boshqa narsalar haqida allaqanday ezmalangan ko‘yi gapirar va gapla­ring ohangida ich-ichingdan masxara-yu mayna qilib, kulib o‘tirganing sezilib turardi. O, yo‘q, sen mening yuragimdagi sir-asrorni bilib olgach, endi shaddodlik va quvlik bilan ustimdan kulib o‘tirganga o‘xsharding.
Men o‘zimni bunday alfozda kutib olasan, deya mutlaqo kutmagan edim, shundan umid-u ishonchi kutilmaganda sarobga aylangan kimsadek tuyqus dovdirab qolgan, qarshingda o‘ta ojiz va nochor ahvolda o‘tirardim.
O‘shanda sening og‘zingga mahtal bo‘lib termilgancha qancha vaqt o‘tirganimni bilmayman, ammo sening yuz-ko‘zingni qoplab olgan o‘sha sovuq va kibrli ifoda o‘zgaray demas, ni­gohingda zig‘ircha bo‘lsa-da, mehr-shafqat uchqunlari ko‘rinmas, istamaygina gapirar, aftidan, ich-ichingdan meni tezroq ketishimni kutib turarding. Axiyri, sabr-toqatim chidamadi, senga yolvorgandek iltijoli qaray-qaray ketishga chog‘landim. Sen esa, ilgarigidek “o‘tiring, borarsiz-da, qayerga shoshasiz”, deya iltifot ham qilmading, aksincha, ketayotganimni ko‘rib, yuzingda birdan mamnunlik ifodasi yugurib, yengil tortgandek bo‘lding.
– Mayli, yaxshi qoling, – dedim men o‘kinch bilan.
– Yaxshi boring, – deding sen istamaygina.
Ketdim, umidsizlik va tushkunlikdan yuragim vayron bo‘lib ketdim.
O, hozir ham bu haqida o‘ylasam, azbaroyi umidsizlikka tushganimdan yuragim muzlab, butun vujudim sovuq tortib ketgandek tuyiladi, o‘shanda sening mavhum va sirli ifodalar sharpasi suzib yurgan yuzingga, ko‘zlaringga qarab turib, o‘zimga nisbatan na mehr-shafqat va na rag‘bat-u xayrixohlik ko‘rgan, sening kiprik qoqmay kibrli va bepisand qarashlaring yuragimdagi xuddi bahorgi maysa kabi mavj urib o‘sib jo‘nagan umid-u ishonchimni bir zumda yakson qilib tashlagan, nazarimda, sen nigohing bilan xuddi sen kimsan-u men kimman, ko‘rpangga qarab oyoq uzat, deb aytayotgan eding.
O‘sha kun yuragim alam va o‘kinchga shunchalik to‘lib ketgandiki, o‘z yog‘imga o‘zim qovurulgancha endi sen haqingda hech qachon o‘ylamaslikka, ismingni qayta tilga olmaslikka, hamma-hammasini unutib yuborishga o‘z-o‘zimga so‘z bergandim. 
“To‘g‘ri-da, – deya alam bilan o‘ylaganman, – men kimman-u u kim?! Men bazo‘r kunini ko‘rib yurgan qashshoq va nochor odamman. Dorilfununda saboq olishim hali hech narsani anglatmaydi. Men shunchalik nochormanki, uni boyvuchchalar tanda qo‘yib olgan anavi shohona qahvaxonalarga taklif etishga, ko‘rgan ko‘zni yondiradigan tilla-yu durlar bilan siylashga, hatto o‘rni kelganda bir quchoq gul tuhfa qilishga ham qurbim yetmaydi. U buni juda yaxshi biladi va shuning uchun taqdirdan mendan ko‘ra boy, omadli, og‘zidan chiqqanini bir zumda muhayyo qilishga qodir, hamisha malika singari kaftida ko‘tarib yuradigan yigitni kutayotgandir. Ehtimol, u meni hech qachon nazariga ilmagan, hamisha bepisand qaragan, shunchaki tanishligimiz uchun o‘lganning kunidan muomala-yu murosa qilgan, har gal quvonchdan o‘zimni yo‘qotib qo‘ygancha oldiga borganimda sirtdan jilmayib o‘zini xushnud ko‘rsatgan bo‘lsa-da, aslida ich-ichidan ustimdan kulgandir”. 
Men ana shunday sovuq va noxush o‘ylarni xayolimdan o‘tkazarkanman, tobora tushkunlik girdobiga g‘arq bo‘lib borar, ich-ichimdan o‘zimni yomon ko‘rib ketar, ko‘nglimdagi hammasiga qo‘l siltab, seni butkul unutib yuborish, ismingni hech qachon qayta tilga olmaslik haqidagi fikrim tobora qat’iy tortib borardi.
Men bir hafta, nari borsa, o‘n kun o‘z-o‘zim bilan ana shunday ayovsiz olishib yurar, o‘zimni butkul boshqa narsalar bilan chalg‘itishga urinar va hatto ismingni qayta tilga olmayman, deya qasam ichardim. Ammo men butun vujudim bilan sen haqingda o‘ylamaslikka, nomingni tilga olmaslikka qanchalik urinmay bari bir oxir-oqibat qurb-u quvvatim va irodam qalbimni tinimsiz o‘rtayotgan o‘jar va sarkash tuyg‘ular qarshisida ojiz qolardi, so‘ng o‘z-o‘zidan xayolimga yana se­ning yoding bostirib kirar va beixtiyor yana ismingni shivirlab takrorlashga tushardim.
O, sen bamisoli afsungarga o‘xsharding, mening ko‘nglimda tinimsiz g‘alayon ko‘tarayotgan tuyg‘ularni, xayolimni band etib olgan o‘y-fikrlarni, o‘zingga butkul ipsiz bog‘lanib qolganim, bugun eshigingdan quvib solsang, ertaga bari bir hech narsa bo‘lmagandek, yana boshimni egib, qaytib borib marhamat-u inoyat so‘rashimni juda yaxshi bilarding. Shuning uchun sen xuddi ertaklardagi qahri tosh qotgan malika singari shafqat-u iltifot, mehr va marhamat ko‘rsatishni, qalbing eshiklarini ochishni hech qachon xayolingga keltirmas, meni atay qiynash, yuragimni azobga solish uchun pinak buzmay turarding.
O, sening sir-sinoat to‘la ko‘zlaringga qaragan sayin yuragimdagi olov battar alanga olar, sening hech qursa bir marta marhamat-u e’tiboringga sazovor bo‘lish, mehr-u muhabbat va ishonchingni qozonish uchun hamma-hamma narsaga tayyor mute va notavon bir kimsaga aylanib qolgandim.
O, sen aql ham idrok etolmaydigan qanday sirli va joduli xilqatsan, nega inon-ixtiyorim, jur’at-u shijoatim, qurb-u irodamni butkul mahv etib, qo‘l-oyog‘imni ipsiz bog‘lab tashlading?!
O‘sha paytda nazarimda, yer shunchalik tosh qotgan, osmon esa, shunchalik uzoqlashib ketgan ediki, sening shafqatsiz nigohlaringdan qochib yashirinishga, ko‘zlaringga hech qachon ko‘rinmaslikka biron-bir imkon topolmasdim.
Buning ustiga o‘sha damda men o‘zimni butkul yo‘lini yo‘qotib, arosatda qolgan kimsadek his etar, yurak yutib, sening oldingga borishga ham jur’atim yetmas, shuning barobarida seni ko‘rmasam ham turolmasdim.

* * *
O‘shanda tumordek kichkina xatim qorong‘ilik qa’riga otilgan toshdek, izsiz ketgan, ko‘nglimni qoplagan shubha-gumonlar ta’sirida qanday yo‘l tutishni bilmay butkul gangib yurgan bo‘lsam-da, keyinchalik senga yana ko‘plab xatlar yozdim. Bu xatlar dugonang orqali sening qo‘lingga yetib borayotganini bilardim, ammo sen ularni o‘qiganing yoki ko‘zing tushgan zahotiyoq asabla­ring chatnab ketib, azbaroyi jahling chiqqanidan yirtib-yirtib axlat qutiga tashlab yuborganingni bilmasdim.
Kim biladi, balki sen yolg‘iz qolganingda hech kimga sezdirmay pinhona bu xatlarni takror va takror o‘qigan, mening o‘tli so‘zlarim, iqror-u o‘tinchim sening ko‘ngling torlarini mayin cher­tib o‘tgan va sen ham vujudingni cho‘lg‘ab olgan tuyg‘ularning jilvakor raqsidan mast-u mustarig‘ bo‘lib, cheksiz xayollarga berilgan, hatto daf’atan ko‘nglingda uyg‘ongan shafqat tufayli menga rahming kelgan, shunga azob-uqubat, jabr-sitam yetkazganingdan pushaymon bo‘lib, ko‘zingga yosh ham olgandirsan.
Kim biladi, ehtimol, sen xuddi ertaklardagi malika singari ming bitta shart qo‘yib, mening mehr-u muhabbatim, irodam va sabr-toqatimni obdan sinab ko‘rayotgan, hamma vaqt o‘zingni atay beparvo va bepisand qiyofaga solib ko‘rsatgan, aslida esa, behalovat urayotgan yuraging butunlay boshqa narsalarni aytayotgandir.
O, sening qalbingda qanday sirli va nozik tuyg‘ular kezinayotgani, mas’um xayolingni qanday o‘ylar band etib olganini qani endi bilsam edi. Hayotimda eng ushalmas orzu-armon o‘shanda ham, hozir ham, sening xuddi tilsimlab tashlangandek, sirli qalbingga bir qur nazar tashlash edi…
Nahotki, menga bu baxt hech qachon nasib etmaydi?!

* * *
Uch yil umrim ana shunday arosat ichida kechdi, na sen iltifot-u marhamat ko‘rsatib, zada tortgan ko‘nglimni quvontiradigan bir gap aytding va na men ahd-u iqrorimdan tonib, hamma-hammasiga qo‘l siltagancha boshimni olib ketdim.
Uch yil umrim ana shunday tushkun va umidsizlik girdobida g‘arq bo‘lib o‘tdi, mening murod-u muddaom, ahd-u ishonchim va umidim xuddi havoda muallaq qotgan shardek lopillab o‘ynar, bevaqt qo‘zg‘algan shamol yoki dovul uni chilpirrak qilib aylantirgancha allaqayoqlarga uchirib ketishi tayin edi. Aslida men ham shundan qo‘rqar, shuni o‘ylab, doimo xavotir va hadik ichida yuragimni hovuchlab yashardim.
Men oradan ko‘p yillar o‘tgach, bu haqda qayta-qayta o‘yladim va o‘shanda sening qalbingda umid-u ishonch uyg‘otgancha, qo‘llaringdan tutib o‘zim tasavvurimda yaratgan sirli dunyoga boshlab kirishga, sening o‘ta noziklik bilan urayotgan yuraging sas-sadosi, talpinishini anglab yetishga aql-u shuurim, quvvai hofizam ojizlik qilgani, shubha va badgumonlikning chilvir to‘ridan xalos bo‘lolmay ko‘zlarim butkul so‘qir bo‘lib qolganiga daf’atan iqror bo‘larkanman, yuragim birdan o‘kinch-u armonga to‘lib ketar, jism-u jussamni alam o‘ti o‘rab-chirmab olganidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolardim, ba’zan tunlari azobli o‘ylar qurshovida to‘shakda to‘lg‘o­nib chiqardim.

* * *
O‘shanda hammasi qora sharpaning ijara uyim­ga kutilmaganda kirib kelishidan boshlandi.
Shahar kech kuz og‘ushida yashar, daraxtlar yoppasiga yaproqlarini to‘kkan, yo‘lak chetlarida xazonlar uyilib yotar, oqshomgi izg‘irin etni junjiktirib yuborardi. Daraxtlarning baland shoxida qo‘nib olgan qarg‘alarning noxush qag‘illashi sovuq kunlar kelayotganidan darak berib turardi.
Men kechki payt odatdagidek, ijara uyimda yolg‘iz o‘zim, hozir aniq eslay olmayman, allaqan­day kitobni hafsalasiz varaqlab o‘tirgandim. Shu chog‘ kutilmaganda, ko‘cha eshigini kimdir taqillatgandek bo‘ldi. Men shoshib uydan chiqdim va eshikni ochdim: ostonada qora sharpa turardi. Unga ko‘zim tushib, rosti gap, birdan ajablandim, ko‘nglimdan bemahalda nega kelibdi ekan, degan o‘y kechdi.
To‘g‘ri, men uni ilgaridan tanirdim, biz, u garchi qo‘shni qishloqda yashasa-da, bitta maktabda o‘qigan, o‘zimdan bir yosh katta edi, ayni damda esa, dorilfununning nomdor fakultetida tahsil olardi. Shu paytga qadar u bilan oramizda biron-bir iliq munosabat yoki bordi-keldi bo‘lmagan, ba’zan ko‘cha-ko‘yda yoki dorilfununda tasodifan uchrashib qolsak, azbaroyi tanish ekanligimiz uchun shunchaki bosh irg‘ab, salomlashgan bo‘lar va indamay o‘z yo‘limizga ketardik.
Uning otasi tumanda kattagina amaldor edi, shuning uchun u bolaligidan sirkasi suv ko‘tarmaydigan erka va tantiq o‘sgan, maktabda ham o‘qituvchilar doimo uning qosh-qabog‘iga qarab turar, hamisha uning istak-xohishiga qarab ish tutishar edi. Dorilfununda o‘qiy boshlagach, uning dimog‘i yanada ko‘tarilib ketgan, odamga kibr bilan bepisand qarardi. U doimo so‘nggi rusumda kiyinardi, rosti gap, qaddi-qomati ke­lishgan ekanidan kiyim-bosh ham unga yarashib turardi.
Ehtimol, men kutilmaganda uning ismi qolib, qora sharpa deb atayotganim seni ajablantirgan, hatto bu senga qandaydir erish va hatto bachkanalikdek tuyulayotgandir. Yo‘q, men uni yoqtirmaganim, jinim suymagani uchun atay ustidan kulish, masxara-yu mayna qilish maqsadida shunday atayotganim yo‘q. Bunday o‘y o‘shanda ham, hozir ham xayolimga kelgani yo‘q. Buning boshqa sababi bor. Gap shundaki, o‘sha oqshom u bosh-oyoq qora libosga burkanib olgan edi: egnida oyoqlarigacha yopib turgan qora charm kamzul, boshida qimmatbaho qora qunduz telpak va qo‘lida esa, dasti uzun qora soyabon ko‘tarib olgan edi. Uni ayni shu qiyofada qorong‘ilik qa’ridan daf’atan ilg‘ab olish juda mushkul edi. Men unga ko‘zim tushgan zahoti­yoq, ko‘nglimdan xuddi qora sharpaga o‘xshaydi, degan o‘y kechgan edi, shuning uchun uni qora sharpa deb atagandim.
Qisqasi, o‘sha oqshom u bemahalda nega kel­diykin, degandek hayron bo‘lib qarayotganimni sezdi, shekilli, birdan o‘zi gap ochdi:
– Shu tomonga yo‘lim tushgan edi, – dedi u xijolatomuz ovozda. – Sizni ham bir ko‘rib ketay deb keldim.
– Yaxshi qilibsiz, – dedim men. – Qani, uyga kiramiz.
Biz izma-iz uyga kirdik. Men g‘aribgina yashar, bir dahliz va kattagina xonadan iborat ijara uyim ancha eski, hatto devorning suvoqlari ham ko‘chib tushgan, bir paytlar jimjimador naqsh solinib, bo‘yalgan shifti esa, yillar ta’sirida rang-tusini yo‘qotib, qorayib qolgan edi. Bu ijara hovlining sohibasi bo‘lmish yoshi bir joyga borib qolgan kampir o‘g‘li va kelini bilan shahar chekkasidagi yangi mahallada yashar, men har oyning birinchi kuni unga ijara haqini olib borib berardim. Aslida kampir ham, uning o‘g‘li ham ijara puliga qarab qolmagan, ular o‘ziga to‘q yashashar, o‘g‘li o‘ziga qolsa, bu hovlini allaqachon sotib yuborgan bo‘lar, faqat onasining ra’yidan o‘tolmay indamay turardi. Kampirning kundan-kun puturidan ketayotgan kaftdek bu hovlini ushlab turishdan maqsadi boshqa edi: rahmatli cholim­ning tobuti shu hovlidan ko‘tarilgan, ertaga qazoyim yetsa, mening ham tobutimni shu yerdan olib chiqishsa deyman…
Kampir qarib-chirib qolganidan ancha paytdan buyon hovliga kelmay qo‘ygan, faqat men borganimda u ezmalanib bu go‘shadagi har bir narsani qayta-qayta so‘rab-surishtirar, so‘zining oxirida ko‘ziga yosh olib, hovliga ko‘z-quloq bo‘lib turishimni qayta-qayta tayinlardi. Men qariyb besh yildan buyon bu hovlida yolg‘iz o‘zim yashab kelardim.
Qisqasi, o‘sha oqshom qora sharpa seskangandek ko‘zlarini alang-tajang o‘ynatib ichkariga kirarkan, hamma narsaga qayta-qayta sinch­kov nazar tashlab chiqdi. So‘ng burchakdagi yoping‘ichlarining rangi o‘chib, hilvirab qolgan kursiga omonatgina o‘tirarkan, zo‘raki kulgancha, koshonangiz yomon emas ekan, dedi u. Uning so‘zlarida allaqanday istehzo va kesatiq ohangi sezilib turar, hatto u uydagi buyumlarga burnini jiyirgandek ijirg‘alanib qaraganini yashirmasdi. Ammo men uning istehzoli so‘zlari ko‘nglimga og‘ir botayotgan bo‘lsa-da, e’tibor bermaslikka urinardim. Biz bir muddat u yoq-bu yoqdan gapla­shib o‘tirdik, biroq gapimiz hadeganda qovushib ketavermas, o‘rtaga og‘ir jimlik tushardi. Mening xayolimni hali-hanuz u bemahalda nega keldiykin, degan o‘y band etib olgan, shu bois unga dam-ba­dam savolomuz qarab qo‘yardim.
U endi kursida oyoqlarini chalishtirib bamayli­xotir o‘tirib olgancha, uchi to‘g‘dek o‘tkir soyabonini xuddi hassa kabi qo‘lida aylantirib o‘ynarkan, diplom ishi yozish bilan band ekani, kitob titkilayverib, miyasi achib ketganidan biroz o‘zini chalg‘itish uchun ko‘chaga aylangani chiqqanini aytdi.
– Dilpomni himoya qilsam, ish tayyor, – dedi u o‘ziga yarashmagan maqtanchoqlik bilan. – Qishloqqa ketish niyatim yo‘q, shaharda qolaman.
U yana allanimalar haqida uzoq gapirdi. Keyin vaqt allamahal bo‘lganda, uning ketishga chog‘langanini ko‘rib, to‘g‘risi, xiyol yengil tortgandek bo‘ldim.
Qora sharpa hovliga chiqqach, kutilmaganda, ilkis men tomonga o‘girildi-da, negadir menga qattiq tikilgancha allaqanday tahdidli ovozda sen haqingda so‘radi:
– …ni ham ko‘rib turibsizmi? – dedi u kiprik qoq­may yuzimga tikilarkan. Uning nigohi qahrli va sovuq edi, shundan yuragim seskanib ketgandek bo‘ldi. Ammo men hali savoliga javob berishga ulgurmay turib, u yana so‘z qotdi:
– Ey uka, oyga qo‘l uzatgan odamning oyoqlari baquvvat bo‘lishi kerak, – dedi u ochiq istehzo bilan menga bosh-oyoq qararkan.
U bir muddat aynan shunday – kiprik qoqmay kibr bilan tikilib turdi-da, so‘ng ters o‘girilib, xayr-xo‘shlashishni ham ep bilmay tez-tez yurgancha qorong‘ilik qa’riga singib ketdi.
Men qora sharpaning tahdidli so‘zlari-yu yurakka sanchilib botadigan sovuq nigohidan shunchalik karaxt tortib ketgandimki, eshik oldida ancha payt nima qilishni bilmay serra­yib turib qoldim. So‘ng sudralib qadam olgancha uyga kirarkanman, ich-ichimdan qandaydir azobli og‘riq qalqib-qalqib ko‘tarilib kela boshladi, men o‘zimni xuddi shafqatsizlarcha haqoratlangan va qadr-qimmati toptalgan kimsadek his etar, ayniqsa, qora sharpaning “Oyga qo‘l uzatgan kishining oyoqlari baquvvat bo‘lishi kerak” degan so‘zlarini qayta xayolimdan o‘tkazarkanman, nafrat-u alamim battar ortib borardi.
O‘sha paytda mening ong-shuurim birdan yorishib ketib, hamma-hammasini anglab yet­dim. Ha, ha, qora sharpa hamma-hammasini so‘rab-surishtirib bilgan va bir hamladayoq meni yo‘lidan supurib tashlash maqsadida atay ijara uyimga kelgan. Boya uning yovuz chaqnab turgan ko‘zlari, bepisandlik bilan ochiq-oshkor irg‘anib qarashi shundan darak berib turardi.
Men bularni xayolimdan o‘tkazarkanman, yu­ragim battar alam-u iztirobga to‘lib ketdi va dar­dimni ichimga sig‘dirolmay telbalardek gandiraklab hovliga chiqdim-da, qorong‘ilik qa’riga qarab, sening ismingni aytib chaqirdim. Men sira o‘zimni bosolmas, jism-u jussamni xo‘rlig-u malomat o‘rab-chirmab olganidan o‘zimni unutgan ko‘yi yig‘lab yubordim, yig‘lab turib, nola qilarkanman, sening ismingni aytib, qayta-qayta chaqirdim.
O‘sha tunda yuragimdan qaynab-ko‘pirib chiqayotgan bu iltijo-yu nolam, alam-u iztirobim, o‘tinch-u faryodlarim senga yetib bordimi yoki qop-qora tun yuho singari yutib yubordimi, bilmayman.
Bilganim shuki, shundan so‘ng qora sharpa xuddi bir hamladayoq o‘ljasini mahv etishga shaylangan qushdek qanotlarini keng yoyib, vahm va salobat bilan sening boshing ustida aylana boshladi.
Bu noxush va sovuq xabarlar mening bezovta tortgan ruhimga yomon ta’sir qilar, yuragimga tig‘dek sanchilib, asablarimni qaqshatar edi.
Ammo ana shunday umidsiz va ojiz ahvolga tushib qolganimga qaramay yuragimning tub-tubida mubham bir ishonch xira tortib, miltirab turar, sen hamma-hammasiga tez va osongina qo‘l siltab, meni tashlab ketmasligingga, qora sharpa yovuz afsungar singari afsun o‘qib, qanchalik urinmasin, baribir, sening qalbingni zabt eta olmasligiga, yo‘llaringni bog‘lab, aql-u hu­shingni tilsimlab tashlashga ojizlik qilishiga, bir soadatli kunda sen xuddi uzoq vaqt davom etgan uyqudek daf’atan cho‘chib uyg‘ongan malika singari shuuring birdan yorishib, bularning bari yolg‘on va ro‘yo ekani, bezovta tortgan yuraging butunlay boshqa narsalarni aytib, urayotganini anglab yetishingga va shunda tuyqus meni yodga olib, shoshib yo‘lga tushishingga, uzr va xayri­xohlik bilan to‘lin oydek ziyo taratib, kulbamga kirib kelishingga, mayin jilmayishing va jonbaxsh shivirlashlaring bilan kuyib ado bo‘lgan yuragimga malham qo‘yishingga ishonib turardim.
O‘sha paytda mening tushkunlik va umidsizlikka to‘lgan yuragimga faqat ana shu omonatgina o‘y ishonch bag‘ishlab turardi.

* * *
O‘sha yil qishni xavotir va qo‘rquv ichida behalovat o‘tkazdim. Nazarimda, bugun yoki ertaga yana qandaydir qo‘rqinchli voqea sodir bo‘ladi-yu, men seni bir umrga yo‘qotib qo‘yadigandek tuyulardi.
Buning ustiga o‘sha kunlari qora sharpa tinimsiz sening atrofingda girdikapalak bo‘lib yurgani, hatto uning tannoz onasi va singlisi atay shaharga kelib, seni ko‘rib ketishgani, endi bahorga chiqib, sizlarni unashtirib qo‘yishlari haqida eshitgandim.
Bu xabarlar nechog‘lik sovuq va noxush bo‘lmasin men xuddi cho‘kayotgan odam xasdan najot izlagandek, o‘jarlik bilan o‘z bilganimdan qolmas, qora sharpa qanchalik yaltoqlanmasin, dur-u gavhar, tillo-yu kumushlarini yo‘lla­ringga sochib, boshingni aylantirishga urinmasin, baribir, hech qachon sening qalbingga yo‘l topa olmasligiga, sen oxir-oqibat hammasidan hafsalang pir bo‘lib, uni itdek quvib solishingga va meni qoshingga chorlashingga umid qilib turardim.

* * *
Shaharda bahorning iliq va yoqimli nafasi sezilib qolgan, kutilmaganda shitob bilan esgan shamollar yap-yalang‘och dov-daraxtlarni tur­tib-silkitib uyqudan uyg‘otayotgan, ariqlar bo‘yida va yo‘l chetlarida yam-yashil maysalar bo‘y ko‘rsatayotgan paytda sen hali ta’tillar boshlanishiga ancha vaqt borligiga qaramay negadir kutilmaganda shoshib qishloqqa jo‘nab ketding.
Menga aytishdiki, qora sharpa ham sen bilan birga qishloqqa yo‘l olgan ekan. Yana aytishdiki, uyingga sovchilar kelib, oyoq tirab olishibdi, onang, akang, xullas, uydagilaringning barchasi rozi, faqat sening bir og‘izgina “xo‘p” yoki “yo‘q” degan so‘zing qolgan ekan. Shu bois sen shoshib qishloqqa yo‘l olibsan, ortingdan yaltoqlanib ergashgan qora sharpaning ham ra’yidan qaytar­mabsan.
O, gap topguvchilar yana aytishdiki, sen shuncha yo‘l bosib, horib-toliqib kelganingga qaramay, qishloqda bor-yo‘g‘i bir oqshom qolibsan, keyin ertasi kun ertalab yana shaharga yo‘lga tushibsan.
O, Xudo qarg‘agan o‘sha oqshom uyingda nimalar ro‘y bergani, taqdirning qora qozonida qanday savdolar qaynagani, uning ostiga kim jonini jabborga berib o‘t qalagani menga butkul qorong‘i edi. Ehtimol, o‘sha oqshom uydagilaring sening og‘zingga mahtal bo‘lib tikilgan, onang esa, qarshingda o‘tirib, bu savdo har bir qizning boshida bor, tag-tugli oila ekan, qolaversa, yigit ham seni yaxshi tanirkan. Sovchilar kelib, holi-jonimizga qo‘ymayapti. Sening o‘zing nima deysan? – deya so‘ragandir.
Sen esa, onangning so‘zlarini eshitib, azbaroyi uyalganingdan birdan yuzing qip-qizil tortib ketgan va so‘ng ancha payt sukut saqlab turib, bo­shingni quyi solgancha eshitilar-eshitilmas ovozda: – Sizlar nima desangiz – shu! – degandirsan.
O, sening ana shu bir og‘izgina so‘zing qattol qismatning olmos shamshiri yanglig‘ bir zarb bilan hamma-hammasini uzil-kesil hal etgan, biron-bir e’tiroz-u o‘tinchga hojat qoldirmagandi.
Albatta, bularning bari mening taxmin-u faraz­larim, xayolimni band etib olgan shubha-gumonlar, aslida esa, o‘sha kun sen kutilmaganda nega shoshib qishloqqa yo‘l olganing va yana tezda shaharga qaytganing sababini bilmayman. Ayni damda bu men uchun unchalik muhim va qiziq ham emas. Muhimi shundaki, sen o‘sha kun ertalab shaharga qaytish uchun yo‘lga chiqqansan. Shunda senga qishloq oqsoqolining ko‘zi tushib qolgan. Sen uyalibgina oqsoqolga salom bergach, u balli, qizim, degan. So‘ng u qayoqqa ketayotganingni so‘ragan. Sen tabiiyki, shaharga, o‘qishga borayotganingni aytgansan. Buni eshitib, oqsoqolning g‘amgin yuzi birdan yorishib ketgan va shosha-pisha shunday degan: ey, qizim, seni Xudoning o‘zi yetkazdi. Nima qilishni bilmay boshimiz qotib turgandi. Shaharga yetib borgan zahotiyoq uni topib, aytginki, zudlik bilan yo‘lga tushsin. Otasining ahvoli juda og‘ir, uch kundan buyon yo‘lga qaraganidan jon berolmay arosat ichida yotibdi…
O‘shanda oqsoqoldan bu noxush xabarni eshi­tib, sening ko‘nglingdan nimalar kechganini bilmayman. Ehtimol, sen meni o‘ylab, yuraging ezilib ketgandir?! Balki menga azbaroyi achinganingdan shaharga yetib borgan zahotiyoq bu xabarni yetkazishingni oqsoqolga aytgandirsan.
O‘shanda oqsoqol yelkasidagi og‘ir yukdan xalos bo‘lgandek, ko‘ngli xotirjam tortib, sen bilan xayrlashgan. Sen esa, o‘sha kun avtobusda sakkiz soat-u o‘ttiz daqiqa yo‘l bosib, qora sharpa bilan birga shaharga kirib kelgansan. Ammo sen negadir bu xabarni menga yetkazishga shoshilmagansan. Qora sharpa xonang ostonasigacha kuzatib qo‘ygach, sen yo‘lda qattiq toliqqaningdan ko‘zla­ring o‘z-o‘zidan yumilib kelta boshlagan va o‘zingni to‘shakka tashlab, tosh qotib uxlab qolgansan.
Ertasi kun ertalab esa, sen shosha-pisha dorilfununga, o‘qishga borgansan, haligi xabarni menga yetkazishga yana vaqt topolmagansan.
Faqat o‘sha kun kechga tomon men seni dorilfununga olib boradigan torgina yo‘lakda tasodifan uchratib qoldim. Sen menga ko‘zing tushgan zahotiyoq, negadir cho‘chib ketgandek bo‘lding, ko‘zlaringni katta-katta ochib, qo‘rquv bilan qarading. So‘ng esa, siniq jilmayib, shunday deding:
– Kecha qishloqdan kelgandim. Otangizning tobi yo‘q ekan. Siz tezda yetib borarkansiz…
Men bu xabarni eshitib, birdan yuragim og‘ir qalqib tushdi, tuyqus ko‘z o‘ngimda ko‘p yillardan buyon xastalanib, to‘shakdan turolmay yotgan otamning ozib-to‘zib, qoqsuyak bo‘lib qolgan qiyofasi paydo bo‘ldi. Bo‘g‘zimga iztirobmi, o‘kinch qadaldi. Va senga qararkanman, alamli ovozda, nega shuni kecha aytmadingiz, dedim bazo‘r.
O‘shanda sen nimalar deganingni hozir eslay olmayman, hushim o‘zimda emasdi, boshim birdan karaxt tortgandek, hech narsani idrok etmay qo‘ygandi. Sen bilan xayrlashishni ham unutib, ijara uyi tomon yugurib ketdim.
O‘sha paytda shunday ojiz va imkonsiz ahvolga tushib qolgan edimki, hozir ham o‘ylasam, “dod” deb yuborgim keladi. Qani endi, qanotim bo‘lsa-yu, otamning qoshiga uchib borsam, uning boshida o‘tirib, hech qursa, azob-u og‘riqdan qurib-qaqrab yotgan lablariga bir qultum suv tutsam… Yo‘q, nazarimda, qishloq shu qadar olis va uzoqda ediki, qancha yugurib-yelmay baribir yetib berolmasdim.
Men o‘sha kun kechqurun soat o‘n bir-u qirq beshda jo‘naydigan poyezdga chiqib, qishloqqa yo‘l oldim. Yo‘l-yo‘lakay Xudoga iltijo-yu nola qilib ketdim: otamning jonini olmay turgin, Xudojon?!.
Mening ohu nolam, iltijo-yu o‘tinchlarim Xudoga yetib bormadimi, yo‘ldagi daydi shamollar to‘zg‘itib, allaqayoqlarga uchirib ketdimi, bilmayman, kechikib yetib bordim. Otam o‘sha, sen qishloqdan yo‘lga chiqqan kun oqshom payti uch kun arosatda yotib, jon taslim qilgan, ertasi kun qabrga qo‘yishgan ekan.
Qishloq oqsoqoli meni bag‘riga bosarkan, kecha sen kelib qolasanmi, deya ko‘p yo‘lga qaradik. Ammo sendan darak bo‘lavermagach, noiloj otangni uyiga qo‘yib keldik, bolam, dedi. O‘shanda oqsoqol negadir xabar yuborgandik, aytishmadimi, deb so‘ramadi, men buni boshqalardan eshitdim.
O‘sha paytda uyimiz, o, nafaqat uyimiz, balki hayhotdek keng dunyo ham otamsiz huvullab qolgan, boshimni toshga urib, qanchalik dod solib yig‘lamay bari bir yuragimdagi alam-u armon va iztirob o‘ti sira bosilay demasdi.
Qishloqda bir hafta turdim, so‘ng yana shaharga qaytdim. O‘shanda sen haqingda o‘ylarkanman, ko‘nglimdan ilk marta alamli o‘ylar kechdi: uning menga qanday qasdi bor edi? Nega o‘sha oqshom shaharga yetib kelgan zahotiyoq otam kasal ekanini aytmadi? Yo anavi qora sharpa uni yo‘ldan urdimi?!
Men ana shunday alam-u iztirob o‘tiga qovurilgan ko‘yi shaharga qaytib keldim.
Sen esa, oradan bir kun o‘tib, kutilmaganda dugonang bilan birga ko‘ngil so‘ragani ijara uyimga kirib kelding.
O, agar bilsang, o‘shanda mening ahvol ruhi­yam, yuragimni o‘rtayotgan alam-u o‘kinch, dard-u iztirob seni yuzim qu­­vonch­dan yorishib, qarshi olish­ga, g‘oyibdan kel­­gan bu baxtga ishonmagandek dovdiragancha istiq­bolingga peshvoz chiqishga sira imkon ber­mas­di.
O‘shanda dugonang negadir tashqarida qoldi, seni yolg‘iz o‘zing ichkariga kirib, kursiga omonatgina o‘tirding.
– Bunday bo‘lishini bilmagandim. O‘sha oqshom…
Ammo sening uzrxohlik bilan aytgan so‘zlaring bo‘g‘zingda qolib ketdi, men qahr bilan senga qararkanman, yuragimda ko‘pchib yotgan alam-u iztirob birdan qaynab-toshib yuzaga chiqdi:
– O‘z otasining qadriga yetmagan odam boshqaning qadriga yetardimi?!
Bor-yo‘q gap shu. O, men shafqatsizlik bilan aytgan so‘zlar seni shunchalik titratib yubordiki, birdan yuzing oqarib, ko‘zlaring ma’yus tortib qoldi, nazarimda, sen daf’atan mung‘ayib, cho‘kib qolgandek tuyilding. Keyin esa, kutilmaganda ko‘zlaringda nafrat o‘ti chaqnadi, bir muddat shunday tikilib turding, ammo biron og‘iz so‘z qotmading, balki shaxd bilan o‘rningdan turib, otilib tashqariga chiqib ketding.
Bilaman, men o‘shanda o‘ylovsiz gaplarim bilan sening nozik qalbingga ozor yetkazgan, achchiq, iztirobli va alamli xotiralarni qayta yodingga solib qo‘ygandim. Bir paytlar amaldor otang kutilmaganda allaqanday suyuqoyoq ayolga ilakishib qolgani, hatto uni deb sizlarni tashlab ketgani, keyin oradan bir necha yil o‘tgach, abgor ahvolda boshini egib qaytib kelgani, ammo onang uyga kiritmagani, bechora bunday xo‘rlikni ko‘tarolmay ichkilikka berilib ketgani va oxir-oqibat allaqayerlarda o‘lim topganini o‘shanda sening yuzingga solganimni, shuni ro‘kach qilib, alamdan chiqishga uringanimni hozir ham o‘ylasam, xuddi jirkanch va tuban ishga qo‘l urgan kimsadek, o‘z-o‘zimdan nafratlanib ketaman, buning uchun o‘zimni hech qachon kechirolmayman.
O‘shanda dard-u dunyong qop-qorong‘i tor­tib, yig‘lab-yig‘lab ketding. Men sening ortingdan kuzatib chiqolmadim, bunga o‘zimda na kuch va na jur’at topdim.

* * *
Bundan ham yomoni, oradan bir hafta o‘tgach, ro‘y berdi. O‘shanda adashmasam, haftaning chorshanba kuni edi, men kechga tomon dorilfunundan toliqqan ko‘yi ijara uyiga qaytdim. Ko‘cha eshi­gini ochayotib, allanima “tap” etib, oyog‘im ostiga tushganini ko‘rdim. Men hayron bo‘lib, qarasam, yerda kattagina kulrang konvert yotgan ekan. Men uni darrov qo‘limga olib, sirtiga ko‘z tashladim: o‘zimning ism-sharifim yozilgan ekan. Demak, kimdir meni izlab kelgan, ammo topolmagach, bu konvertni eshik tirqishiga qistirib ketgan, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan.
Men konvertni ko‘tarib uyga kirarkanman, ko‘nglimda bu xat kimdan kelibdiykin, degan qiziqish tobora ortib borardi. Shuning uchun uyga kirgan zahotiyoq apil-tapil haligi sirli konvertni ochdim: uning ichidagi tumordek buklangan bir talay qog‘ozlarga ko‘zim tushib, rosti gap, avvaliga hech narsani tushunmadim. So‘ng xayolim sal yorishib, tuyqus anglab qoldim: bu senga to‘rt yil davomida yozgan xatlarim edi…
O, sen bu xatlarni xuddi muqaddas tumor yanglig‘ shunchalik ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylab saqlagan edingki, ular xuddi hozirgina yozilgandek, bus-butun, rangi ham sarg‘ayib ketmagan edi.
Men butkul o‘zimni yo‘qotgancha, uy o‘rtasida o‘tirib, xatlarga tikilarkanman, tuyqus aqldan ozib, savdoyi bo‘lib qolgan kimsadek, qah-qah urib, kulib yubordim, kulib turib yig‘ladim, yig‘lab turib kuldim…
Men bari bir sening aqlli, oqila va dono, favqulodda jur’atli va qat’iyatli ekanligingni o‘ylab turib, beixtiyor haratga tushaman. O‘shanda yura­ginga qattiq ozor yetgan, qadr-qimmating ayovsiz toptalganidan ko‘zinga dunyo qorong‘i ko‘ringan, vujudingni alam-u iztirob o‘ti yondirayotgan bo‘lsa-da, sen o‘ta bosiqlik bilan ish tutgan, haqorat-u dashnomlarimga aynan shunday javob berishni o‘zinga ep bilmagan, aksincha, uzoq yillar yuraging qatida asrab-avaylab yurgan, najotkor tumordek muqaddas, deb bilgan xatlarimni qaytarib bera turib, go‘yoki yuzimga bir shapaloq tortib yuborgan eding.
Hozir ham bu haqida o‘ylasam, yuragim xuddi to‘xtab qolgandek tuyuladi, sen bu xatlar bilan birga qalbingdan meni ham xuddi eski buyumdek supurib tashlagan eding, endi buning o‘rnini nafrat va alam egallab olgan edi.
Yo‘q, yo‘q, sen xatlarimni qaytarib bera turib, qanchalik ojiz, notavon va noshud ekanimni, sening pok-pokiza mehr-muhabbating, yura­gingning nozik talpinishi, ko‘zlaring quvonchiga arzimasligimni daf’atan anglatib qo‘yganding.
Bundan ham yomoni, keyinchalik o‘shanda sen nega shoshib qishloqqa berganingni asl sabablarini bilgach, go‘yo oyog‘im ostidagi yer teskari aylanib ketgandek bo‘ldi, dard-u dunyom qop-qorong‘i tortib, aqldan ozishimga bir bahya qoldi.
O‘shanda, haqiqatan ham, qora sharpaning otasi ustma-ust sovchilar yuboraverib, uydagilaringni hol-joniga qo‘ymagach, onang: “qizimning o‘zi biladi, u nima desa, shu bo‘ladi”, degan va seni zudlik bilan qishloqqa chaqirtirishgan.
Qo‘ni-qo‘shnilarning aytishicha, o‘sha oqshom uyingda naq qiyomat qo‘pgan: sen oqshom sovchilarga uzil-kesil rad javobini berib yuborgach, allamahalda kutilmaganda, qora sharpaning otasi, uning o‘zi aytgandek, katta boshini kichik qilib, salobat bilan uyingga kirib kelgan. Uni ko‘rib, tabiiyki, uydagilaring birdan nima qilishni bilmay shoshib qolgan, hatto akang senga injiqliging bilan shunday katta odamni ham bezovta qilding, deya o‘pka-gina qilgan.
Qora sharpaning otasi qilni qirq yoradigan quv va ayyor odam edi, u uydagilaring bilan xuddi yaqin qarindoshdek quyuq so‘rashgan, hatto o‘zicha allanimalar deya hazil-huzil qilib, hammani kuldirgan.
Keyin esa, sen bir chekkada uyalibgina turga­ninga ko‘zi tushib, alohida iltifot bilan gap boshla­gan:
– Qizim, o‘qishlar bilan charchab qolmadingizmi?! Yaxshi, o‘qigan, bilim olgan yaxshi. Xo‘sh, nima desam ekan, xullas, bugundan boshlab men sizni o‘zimning qizim deb bilaman. Nasib bo‘lsa, hech narsaga zoriqmay, g‘am-tashvish nima ekanini bilmay yashaysiz. Shuncha yil yiqqan mol-davlatim sizlarniki bo‘ladi. Shunga nima deysiz? Uyat bo‘lsa ham, sizning gapingizni o‘z qulog‘im bilan eshitay deb atay kel­dim…
O, o‘sha oqshom nafaqat qora sharpaning otasi, balki onang, akang va devor tirqishidan poylab turgan qo‘ni-qo‘shnilar ham kiprik qoqmay senga mahtal bo‘lib tikilib qolgan.
Sen esa, qismat-u a’moling hal bo‘layotgan pallada dovdirab, o‘zingni yo‘qotib qo‘ymagansan, balki jur’at va qat’iyat bilan shunday degansan: – Ko‘nglimdagini o‘g‘lingizga aytganman. Boshqa gapim yo‘q!
Aftidan, sen qora sharpaga nima deganingni otasi yaxshi bilardi, shuning uchun u birdan bo‘shashib ketgan, senga avzoyi buzilib qaragan. Ammo u garchi gapi yerda qolgan, obro‘yi bir pul bo‘lgan esa-da, sir boy bermagan: – Mayli, qizim, nima deymiz, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q, – degan va eshikni jahl bilan yopgancha hovlidan chiqib ketgan.

* * *
Men yillar o‘tgan sayin o‘shanda sening qal­binga shafqatsizlik bilan ozor yetkazganimni, bahor chechaklari singari bo‘y ko‘rsatayotgan orzu-umiding, quvonch-u shodliging va mehr muhabbatingni toptab tashlaganimni iztirob bilan anglab borayapman. Yo‘q, yo‘q, sen uzoq yillardan buyon yuraging tub-tubida asrab-avaylab kelayotgan, hatto o‘z-o‘zingdan ham sir tutgan bu tuyg‘u oxir-oqibat sarob va ro‘yo bo‘lib chiqqanidan qanchalik og‘ir ahvolga tushganingni, qalbing alam va iztirobga to‘lib qolganini xayolimdan o‘tkazar ekanman, mudhish xato va gunoh yelkamdan bosib turgandek, ko‘zimga dunyo qop-qorong‘i ko‘rinib ketadi.
Sen baribir, Masih nafasida ham, Xizr nazarida ham baralla bo‘y ko‘rsatib turgan o‘sha muqaddas tuyg‘uning o‘zi kabi aziz, mukarram va ulug‘san. Men sen tomonga talpina turib, shundan kuch-qudratga to‘laman, xato-yu gunoh, iztirob-u alam va cheksiz og‘riqlardan qabarib ketgan ko‘nglim asta-sekin poklanib, taskin topayotganini his etaman.
Sen shunchalik qudratli, ulug‘ va azizsanki, qarshingda hamisha bosh egaman.

 

Shodiqul HAMRO

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.