G‘aroyib damlar

0
47
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Adashboy  umr bo‘yi yiqqan kitoblarini og‘li bilan saraladi.

– Ernest Heminguey “Alvido, qurol”… yo‘q, “Dekameron” – Jovanni Bokachcho… hmm… qo‘lingdagini ko‘rsat-chi, “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”, yana “Sarob”, Qodiriy qoladi, “Sarob”ni ber.

Javon yengillab qolgan, ota bir nechta kitoblar orasiga ularni ham qo‘shdi. Keyin o‘g‘liga yuzlanib so‘radi.

– Iye, o‘g‘lim, shuncha kitobni nima qilasan?

– O‘tgan safar bularni bermaymiz degandingiz, qola qolsin!

–  Bo‘pti, orasidan o‘zingga yoqqanlarini tanlab ol-chi.

O‘g‘liga ularning deyarli hammasi yoqardi, shu bois kitoblarning bir-ikkitasini ajratib, qolganini o‘ziga olib qoldi. Buni ko‘rgan ota:

– Sen ularning hammasini olib qolyapsan-ku, o‘g‘lim! – dedi.

– Hammasinimas, mana bular sizga, – deya javob berdi bola ajratib qo‘ygan ikkita surati kamrog‘ini ko‘rsatib, lekin ularni ham ko‘zi qiymayotgandi.

Ota o‘tirib, o‘g‘li oldidagi kitoblarni xuddi bo‘lishgandek, bitta o‘g‘liga, bitta o‘ziga ajrata boshladi. Bola buni sezib tumtayib oldi.

– Ana, bo‘ldi! Eng yaxshi – surati ko‘p, qiziqarlila­rini senga qoldiryapman.

O‘g‘il tumshayib, otasiga qaradi va oldidagi kitob­larning barini uning oldiga surib:

– Hammasini olib ketavering, – dedi-da, arazlab chiqib ketdi.

Ota o‘ziga ajratgan kitoblarni, yana bir qancha eski gazetalarni olib, tezlik bilan sumkaga tiqdi. U ostonadan chiqarkan, o‘g‘lini urishayotgan ayolining:

– Nima qilasan shuncha kitobni? Bulardan pul yasarmiding? – deganini eshitdi.

Ota ichkariga gapirgan bo‘ldi:

– Bolani koyima.

Bola yig‘lab tashqariga chiqdi:

– Dada, kitoblarimni bering, bering!

Ayol ham ostonada turib:

– Urishsam, sizning yoningizni olib urishyapman.

Ota o‘g‘liga oxirgi gapini aytdi:

– Senikiga tekkanim yo‘q, ana, uyda turibdi.

Onasi yana erining yonini oldi:

– O‘zingniki qolibdi-ku, huda-behuda nimaga g‘ishova qilasan?!

Ota eshikdan tashqariga yo‘naldi. Bola badtar avjiga mindi…

 

Ro‘zg‘ori tang ahvolda qolgan, hatto ishxonasidan yarim yildan beri maoshini olmagan ota shu tariqa ostonadan chiqdi. Shu choqqacha kimlarningdir muruvvati, kimlarningdir yordami – olgan qarzlari evaziga ro‘zg‘orini tebratib kelardi. U har oyning boshi yoki oxirida butun oilasini entiktirgancha, shu kunlarda oylik berish ehtimoli borligini aytar, bu so‘zidan o‘zi­ning ham ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, g‘am-tashvishi arib ketardi. Lekin ko‘pincha bu xush­xabar yolg‘on bo‘lib chiqar, shu ko‘yi mana, keyingi uch oy ham oldingilaridek sas-sadosiz o‘tmoqda edi.

Adashboy pistachi kampir oldiga keldi. U o‘zi­ning kichkina ko‘chma rastasi bilan odam gavjum joylarda tirikchiligini o‘tkazar, ayni damda uning ahvoli Adashboynikidan ancha durust edi. Qariya sumkasi ichidan bir nechta kitoblarni olayotgan Adashboyga mayda chaqalardan uzatdi.

– Iye, sal ko‘paytirishning iloji yo‘qmi, opa?

– Kitoblar ko‘payib ketdi. Nima qilaman ularni? Pechkaga ishlatay desam, bu yog‘i bahor. Kecha Siddiq malim ham bir qanchasini ko‘tarib chiqibdi, – u yonidagi bir uyum kitobga ishora qildi. – Savdo qilgan bor pulimni beryapman.

So‘ng “mana kamiga” degandek, oldida uyilib yotgan, tuz qo‘shib qovurilgan pistadan voronkaga solib uzatdi. Adashboy pista o‘ralgan “voronka”ga qarab qoldi. Kampir uni Navoiyning qalingina “Topma­dim” g‘azallar to‘plamidan yulib olganini esa o‘ramni olgach bildi.

–  Buni bollaringizga berarsiz!

Adashboy qog‘ozga o‘ralgan pistani olib, achi­narli holda bosh silkib qo‘ydi. Yaxshiyam xotini pishiqchilik payti meva-chevalarni quritib qoqi, to‘kin kunlari ortgan nonlarni to‘g‘rab, qattiqnon qilib qo‘ygan edi. Shu narsa Adashboy oila­siga qishda bakor keldi. Baxtlariga bu yil bahor ham erta oraladi. Odamlar eski davrlardagidek qishdan chiqqaniga xursand. Ilikuzildi payt darmonga kirish maqsadida sumalaklar tayyorlanmoqda boshlandi. Xullas, kunlar isib, hayot jonlanib, g‘imir-g‘imir boshlangan.

Qatnov yo‘lidan o‘tarkan, u signalini vang‘illatib kelayotgan mashinani ko‘rib, sapchib tushdi-yu, shuvullab o‘tib ketganini sezdi. U vang‘illagancha o‘tib ketdi. Yo‘lning narigi tomoniga yetmay, endi bu yonidan signal ovozi keldi. Qarasa, mashina ichida G‘ofur kirakash, ha deb unga signal chalayotibdi. Adashboy beixtiyor yugurgilagancha, yo‘l chetiga o‘tdi. Kirakash oynasini tushirib, unga qaradi-da:

–  O‘, domla! Ko‘zga qarang, ko‘zga! Meniyam bola-chaqam, bor! – deb labini burdi. Adashboy aybdorlarcha, kirakash izidan qarab qoldi…

 

U bu gal ham el qatori hafsalasiz holda ishga keldi. Ishxonadagilarga bahor ta’siri deb unchalik e’tibor bermadi. Eshikdan kirayotib hamkasbi Siddiq muallimga yo‘liqdi.

–  Adashboy, yangilikni eshitdingizmi? – uning ko‘zlarida shodlik va bilinar-bilinmas yig‘i alomati ko‘rinardi.

Adashboy topqirligini ishga soldi.

–  Yig‘ilishib sumalak qilmoqchisiz. Kecha xoti­nim qarindoshlari bilan boshlab qo‘ygan, “tekinga qo‘shilolmayman, yuzim chidamaydi” deb mendan pul so‘radi. Bu xotin zotining turib-turib yozda qor, qishda ko‘kat so‘rab qoladigan fe’li bor. Urishib berdim. Hoziram uydan janjallashib kelyapman.

Siddiq unga biroz achingan bo‘lib, birdan o‘zi istamagan ko‘yi baland ovozda:

–  Adashboy, oylik berishyapti-i-i! – dedi.

Uning “berishyapti-i-i” degan so‘zi, ajabtovur eshitildi. Nahotki! Adashboy bu yangilikdan esankirab qoldi.

–  Oylik be-berishyapti?! – so‘radi hayron.

Qaradiki, Siddiq muallim qo‘lida uch oylik maoshini quchoqlab turibdi. Adashboy kassaga qadar uchib bordi. U yerda g‘ala-g‘ovur, tirbandlik, lekin bu uning kayfiyatiga zarra bo‘lsa-da ta’sir qilmadi, chunki hisobchi hadeb, “Pul hammaga yetadi, navbat-navbat kelinglar” deya jumbishga kelgan olomonga qarab qichqirib qo‘yardi. U bu holatni ilgari bir necha bor tushida ko‘rgandi. Ayni paytda juda borsa ikki yarim-uch soatdan so‘ng qo‘liga intiqib kutgan birmas, ikkimas, naq uch oylik maoshini olishi, uyga uch qop semirib borishi, jajji, ammo qiyinchiliklarga chidamli farzandlarining xursand qiyqiriqlarini eshitishi, u borgach jag‘i tolmas xotini yana bir nima deydigan bo‘lsa, chakagiga dasta pul bilan tortib yuborishi haqida o‘ylardi. Mana, nihoyat, u bugun chinakam ro‘zg‘orboshi qiyofasida xonadoniga kirib boradi. Naqadar serzavq onlar!

Odamlar omonlik yetgan kunga shukrona aytib, tartibni saqlashga uqtirilayotgan bo‘lsa-da, kassa darchasi oldida tiqilinch qilishar, yulib-yulqinib, maosh olishar, navbati yaqinlar bo‘shagan darcha teshigiga boshqasidan oldinroq qo‘lini tiqib olsa, o‘zini yana-da baxtiyor his qilardi. Darchadan bitta qo‘l dasta pulni mahkam siqib chiqqan zahoti, o‘rniga yana to‘rtta qo‘l sanchilardi. Ayni dam kimdir mo‘ljalni sal noto‘g‘ri oldi chog‘i, darcha tagida baqiriq eshitildi.

Adashboy turfa yaxshi xayollarga berilib, o‘z navbatini kuta-kuta, uch yarim soatdan so‘ng, o‘zidan oldin yana sakkizta odam borligini ko‘rdi. U olijanoblik qilib, o‘zidan keyin kelgan yana bir nechta xodimani ham oldinga o‘tkazib yubordi. Tortishuv va talashuv­lar tinib, sal-pal havo yurib qolgan kassa darchasidan endi hisobchi boshini ko‘rsa bo‘lardi. U yuz­lari tirnalgan, qizarib shishgan burniga paxta tiqqan ko‘yi pinqillagancha familiyalarni o‘qib, pul tarqatardi. Aftidan boya adashgan qo‘l uning burniga kirib ketgan.

…Adashboyning navbati ham yetib keldi. Navbatda turgan kishilar ham unchalik tiqilinch qilmay qo‘ygandi. Baribir, oyligini olayotgan mahal ortidan bir-ikki turtishlar bo‘ldi, albatta, va nihoyat, o‘zi hamda uning oilasi intiq kutgan maosh egasining qo‘liga tegdi.

Shu kuni hamma pul olish bilan band bo‘ldi. U kassadan chiqib, oyoqlari yerga tegmay ketib borarkan, birdan ko‘cha chetida lahzalik lotereya sotib o‘tirgan kampirga ko‘zi tushdi. Adashboy televizorda xuddi mana shunday lotereya o‘ynab avtomobil yutgan odamni ko‘rgani va unga rosayam havasi kelganini eslab qoldi. Umri bino bo‘lib, biror marta mashina haydamagan Adashboyni endi uyiga ana shunaqa avtomobil bilan kirib borish haqida o‘ylamayapti, deb birov ayta olmasdi.

Birinchi lotereyadan hech vaqo chiqmagani Adashboyni uyiga avtomobil yoki sotuvchi kampir aytganidek, shahardan to‘rt xonali kvartira egasi bo‘lib qaytish fikridan qaytara olmadi. Agar uning bu niyati amalga oshsa, kim biladi, Adashboyning qanday alqov, e’tirof-u shon-shuhrat tagida qolishini! Tamom, u ketadi, shaharga ketadi. Barchasidan to‘ydi axir. O‘z qadriga kuydi axir. Eng muhimi, xotini bilan bir paytlar – yoshliklarida qilgan orzulari ro‘yob­ga chiqadi… Eh, bu gal ham lotereya yutuqsiz! Yo‘q, bo‘sh kelma, Adashboy! Sovima! Axir osonmi shunday yutuqning egasi bo‘lish!? Qurbonlik talab qilinadi, albatta. Xo‘p… bunisidayam yutuq yo‘q, lekin mana yana bir urinish…

Sotuvchi kampir Adashboyni har xil lotoreyalarga qiziqtirib, unga tinmay yangi-yangi lotereya biletlarini uzatib, o‘sha zahoti pulini sanab olar, o‘yinchi cho‘ntagidan chiqarib, sotuv stoli ustiga qo‘yib olgan pullar taxlami tobora kamayib borardi. U taslim bo‘lishni istamasdi. Bosh-ketiga qaramay, biletlarni bir-bir o‘chirib tashlayverardi… Hash-pash deguncha kampir rastasi tepasida to‘plangan o‘tkinchilar davrasi kengayib, Adashboy bir gala tomoshatalab olomon ichida qoldi. Ammo u bunga ko‘p ham e’tibor bermadi. Ha, mana o‘sha uy! Hozir… hozir… ikkita bor. Yana bitta kerak… Xo‘sh? Eee… voyva­yakning bolasiyam yo‘q… ha, balki, oxirgi urinish qolgandir. Qirqiga chidab, qirq biriga chidamasdan ketib qolsa, g‘irt nodonlik qilgan bo‘lmaydimi? Avtomobil yo shahardagi uyga ega bo‘lishiga bir necha marta “bir baxya” qoldi. Nega endi niyatiga yetishiga sal qolganda odimlashni bas qilishi kerak? Bir qadam qolganda-ya, bir qadam-a! Unga agar o‘yinni bas qilgudek bo‘lsa, keyingi biletda yutuq qolib ketadigandek tuyilaverardi. Adashboy xayolidagi avtomobil hamda kvartirasidan ko‘ngil uzib ketolmadi. Xo‘p, mo‘mayroq pul yutsa ham nima? Katta-katta summadagi yutuqlarni ham yutay-yutay deyapti. Nima qilish kerak? Davom etish kerak! U o‘zining yutug‘ini boshqa birovga tashlab ketolmaydi-ku! Yo‘q, hozir stoldan uzoq­lashguday bo‘lsa… kimdir kelib, o‘sha yutuqli biletni oladi-da… o‘ylashning o‘zi dahshatli. Bugun juda ko‘pchilik oylik olgan. U chekinmadi. Lekin… bir nechta biletning o‘z puli miqdorida chiqqan yutug‘ini hisobga olmaganda, shashvaram yutmadi. Sotuvchi kampir navbatdagi lotereya biletini tutganda, u rasta ustidagi pullar taxlamiga qo‘l cho‘zib, ularni topolmay qoldi. 

–  Pullarim qani? – Adashboy uni o‘rab olgan olomonga yuzlandi, – Mening oyligim qani?..

U o‘ziga hayron baqrayib turgan turfa qiyofalarni ko‘rdi. Bu o‘zi yashayotgan joyning, u bezgan, lekin qochib ham ketolmaydigan nihoyatda tanish, oddiy odamlar edi. Quruq cho‘ntagiga qo‘l solgan Adashboyning badanidan muzdek bir narsa yugurib o‘tdi. Nahotki? Kampir buni sezdi. Qo‘lida tutib turgan navbatdagi lotereyani qaytib joyiga qo‘ydi va bo‘shashib qoldi.

 

…Kecha xotinining kichkina tog‘asi chet eldan qaytibdi. “Uni yo‘qlagani boramiz. Ozroq go‘sht olib keling”, degan. O‘tgan safar olib chiqqan bir dasta gazetasiga Ne’mat qassob bir burda go‘sht berib, uni rosa xafa qilgandi. Qay­tib gazetaga go‘sht almashmayman, deb so‘z bergandi o‘ziga-o‘zi. Lekin… uyda “Ma’rifat”ning ayrim sonlari qolgan. O‘g‘li o‘ziga qoldirilgan kitoblarni ko‘rib bo‘ldimikin? Bola-ku, bir narsadan tez zerikadi. Pistachi xolaning atagani ham harna yordam. Keyin javonida qolgan sanoqli kitoblarini esladi. “Alvido, qurol”, “Dekameron”, o‘zimizning Qodiriy qolgandi… mayli, Qodiriyni olib qolib…

…Muyulishdagi bozor rastalari yonidan olishi kerak bo‘lgan narsalarga o‘ychan qarab o‘tayotgan Adashboyni sabzavotfurush qaynog‘asi ko‘rib, qo‘yarda-qo‘ymay ozroq kartoshka va piyozni yelimqopga solib berdi. Keyin Adashboy bilan maktabdosh bo‘lgan, doim mardikorlik qilib, topmaganda yuz, topganda yarimtani dardiga darmon qiladigan oshnasi uchradi.

…Adashboy uyiga tunda gandiraklagancha so‘ppayib kirib bordi. Bugun oylik berishgani esa xotinining qulog‘iga yetib borgandi…

 

Alisher Nazarov

1991-yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.