Qo‘sh buloq

0
31
marta ko‘rilgan.

Samarot ul-mashoyix

Ko‘ngil hamisha tashnadir. Undagi bu tuyg‘u adoqsiz sahroda odimlayotgan yo‘lovchi chanqog‘ining egizagi. Yo‘lovchini bu qiynoqdan suv qutqaradi. Uning holini tavsiflab, so‘zamollik bilan hikoya qilsa bo‘ladi.

Biroq ko‘ngil tashnaligini tasvirlashga bu vosita yordam bermaydi. Bu tuyg‘uning hatto nomi yo‘q. Uni biror so‘z bilan atab ham bo‘lmaydi. Ba’zan u meni “Qumcho‘p ota”, “Langar ota” dargohiga yetaklab ketadi. Ko‘hna Nasafda yurganimda, bag‘ridan Turon shukuhi ko‘kka o‘rlab yotgan Buxoro ko‘chalarini yayov kezganimda, engashib Qora O‘kuzdan suv simirayotgan Samarqand yonidan o‘tayotganimda bu otsiz tuyg‘u qiyofasini ko‘rsatadi, g‘imirlab qoladi. Shunda uni nima qondirishini bilganday bo‘laman… U faqat ma’rifat bulog‘idan rizqlanadi, tinchlanadi. Faxruddin Ali Safiy u otsizning nasibasini “Hayot bulog‘i tomchilari” (Rashahot ayn al-hayot) deb ataydi. Bu buloq atrofida hamisha Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” (Do‘stlik epkini) va Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” (Muhabbat nasimi) esib turadi. Bu asarlar xalqimiz orasida juda mashhur bo‘lgan. Mutaxassislar ularni tasavvuf tarixiga oid tazkiralar deyishadi. Bu turkumdagi kitoblar XVII – XVIII asrlarda ham yozilgan. “Ulug‘lar mevalari” (Samarot ul-mashoyix) asari ulardan biridir.

Muallif: Muhammad Mirak ibn Azizon Xoja Mir al-Husayniy, ilm ahli orasida Oxund Zinda Ali mufti Vobkandiy nomi bilan tanilgan. “Buxoriy” nisbasi ham bor. XVII  asrda yashagan va “Samarot ul-mashoyix” asarini yozgan. Muallifning boshqa asarlari to‘g‘risida hozircha ma’lumotlar yetarli emas.

Asarning ahamiyati: Unda XII asrdan qariyb XVII asr oxirigacha bo‘lgan davr oralig‘ida yashab o‘tgan tasavvuf ahli tarixi, ular qoldirgan ma’naviy meros to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar to‘plangan. Muallif mazkur asarini yozishda o‘zidan oldin o‘tgan ijodkorlarning ishlarini davom ettirishga harakat qilganini ta’kidlaydi, Abdurahmon Jomiy nomini hurmat bilan yod etadi.

Tazkirada 268 nafardan ortiq ulug‘lar to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Matn kub­roviya tariqati vakillari tarjimai hollari bayoni bilan boshlanadi. Yassaviya va naqshbandiya sulukining Xoja Ahmad Yassaviy, Mansur Ota, Sulaymon Ota, Shayx Mavdud, Shayx Xudoydod Vali, Qipchoq Hofiz, Azizon Pirim shayx, Shayx Poyanda, Xoja Abdulloh Barqiy, Xoja Andoqiy, Xoja Muhammad Samosiy, Xoja Bahovuddin Naqshband, Shayx Ya’qub Charxiy, Xoja Ubaydulloh Ahror kabi mashhur namoyandalari qatorida nomi bugungi kishilarga unchalik ma’lum bo‘lmagan tarixiy shaxslar, Nadr Muhammadxon, Abdulazizxon kabi ashtarxoniy hukmdorlarga oid axborotlar berilgan.

Turkiston hududida yashagan suluk ahli tarjimai hollari; til, adabiyot, tarix, tasavvuf, fiqh, hadis ilmlarida muallifga qadar yozilgan asarlar; tarixiy voqealar; Xorazm, Buxoro, Samarqand, Toshkand, Nasaf, Termez, Kesh, Farg‘ona viloyatlari mavzelari, qadimiy aholi maskanlari nomlariga oid ma’lumotlar mavjudligi asarning tarixiy qimmatini oshirgan. Tazkiradagi bitiklar mamlakatimizda XVII asr ashtarxoniylar davri siyosiy hayotini yoritishga ham ko‘mak beradi.

Asar hijriy 1091 yili (1680) yozilgan, qo‘lyozmalar xazinasida №1336, 2619-2, 3424-1 raqamlardagi nusxalari saqlanadi. №1336 raqamli qo‘lyozma mahalliy qog‘ozga nasta’liq xatida yozilgan, muqovasi qizil rangli, qattiq qog‘ozdan tayyorlangan, 291 varaq (1b – 291b), 26,5x15,5 sm. Sahifalar Muhammad sahhof tomonidan kitobat qilingan. Matn oldi varaqlariga (1b – 4a) mundarija joylashtirilgan, an’anaviy “bismilloh”dan so‘ng asarning asosiy matni (5b) boshlanadi.

Shayx Xodim va Xoja Ubaydulloh Ahrorga bag‘ishlangan fasllar orasida (122a) matn uzilishi bor.

Bu qo‘lyozma nusxa hijriy 1277 yili (1860-1861) kotib Hoji Muhammad tomonidan ko‘chirilgan.

Tazkira o‘zbek xalqi o‘tmishi va ma’naviy-madaniy merosini o‘rganish, anglashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishiga qaramay, yetarlicha o‘rganilmagan. Undan faqat, ba’zi mutaxassislar tadqiqotlarida yugurik foydalangan. Asarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi juda muhimdir.

Tazkirai naqshbandiya

 

Ko‘ngil tashnaligini qondiradigan ma’rifatning yana bir bulog‘i “Tazkirai naqshbandiya” asaridir. Tadqiqotlarda “Silsilai xojagoni naqshbandiya”, “Tazkirai Tohir eshon”, “Tazkirat ul-avliyo” nomlari bilan ham uchraydi. Muallif yuqoridagi maqolada qayd etilgan tazkiralarni munosib davom ettirgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti qo‘l­yozmalar xazinasida muallifning “Al-abyot ul-naqshbandiya”, “Hujjat as-solikin va rohat at-tolibin”, “Risola sayr ilalloh”, “Rumuz ul-kalom” asarlari ham saqlanadi.

Muallif: Muhammad Tohir ibn Muhammad Tayyib Xorazmiy, XVII asrning ikkinchi yarmida tug‘ilgan va hijriy 1160 yil (1747) atrofida vafot etgan. Xorazmning Xonaqoh (hozirgi Xonqa) tumanidan edi. O‘z davrida tasavvuf va adab ahli davrasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan.

Asarning ahamiyati: Unda ilk islom davridan 1747 yilga qadar yurtimizda yashagan, turli sohalarda faoliyat yuritgan suluk ahli va olimlar to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ilgan. Tazkirada 320 nafardan oshiq ulug‘lar to‘g‘risida axborot beriladi. Muallif o‘zigacha yozilgan tazkiralardan ham foydalangan. O‘quvchi unda “Samarot ul-mashoyix” asarining ajoyib tarzda davom etganini ko‘radi. Asarda kitobxonlar ommasiga tanish bo‘lgan mashhur tarixiy shaxslardan tashqari, Muhammad Zohid Vaxshuvariy, Darvesh Muhammad Shahrisabziy, Mavlono Xojagi Imkanagiy, Boqibilloh Dehlaviy, Shayx Ahmad Sirhindiy, Hoji Habibulloh Buxoriy, Xoja Vafo Buxoriy Samarqandiy, Hasanquli Xorazmiy, Darvesh Ahmad Samarqandiy, Og‘oyi Buzruk, Muhammad Hofiz Basir, Ismoil Farkatiy, Qozi Omon Termiziy kabi tarixiy shaxslar, Subhonqulixon, Ubaydullaxonlarga oid voqealar qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Ayrim voqealarda muallifning o‘zi ham ishtirok etadi. Muhammad Tohir Xorazmiy ko‘plab joylarda bo‘lgani, azizlar qabrini ziyorat qilgani, zamonasining ziyolilari bilan suhbatlarini  yozadi.

Qo‘lyozmalar xazinasida mazkur asarning №69, 75, 6832 raqamlardagi forsiy, №7017-1, 856-1 turkiy nusxalari saqlanadi.

№7017 raqamli qo‘lyozma mahalliy qog‘ozga nasta’liq xatida yozilgan, muqovasi yashil rangli, qattiq qog‘oz, 376 varaq (1b – 376a), 35x21,5 sm. Matn oldi varaqlarda (1b – 4a) mundarija berilgan. An’anaviy “bismilloh”dan so‘ng asarning asosiy matni (5b) boshlanadi.

Matnning yakuniy qismida muallifning: “Faqir Muhammad Tohir ayturkim, bu kitobni Buxoroda ibtido etdim va ham Buxoroda tamom etdim”, qaydi bor. Asar hijriy 1160 yili (1747) yozib tugallangan (376a).

Ushbu nusxa hijriy 1329 yili (1911) domulla Muhammad Ya’qub oxund Beshariqiy tomonidan Xiva shahrida ko‘chirilgan.

“Tazkirai naqshbandiya” asariga tadqiqotchilar tez-tez murojaat qilib turishiga qaramay, hozirga qadar yetarli darajada ilmiy o‘rganilmagan. Uning turkiy nusxalarini kirill, lotin yozuvlariga o‘girish va nashr etish bugunning kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalaridandir. Ayniqsa, ayni kunlarda yurtimizda ziyorat yo‘nalishi va xalqaro sayyohlik ishlarini yo‘lga qo‘yishda bu kabi asarlarga yaqqol ehtiyoj sezilayotir.

Ko‘ngil tashnaligi… Uni qondiradigan hayot tomchilari qo‘l uzatgudek yonginamizda. Uni ko‘rish, ilg‘ash, qalbni u bilan quvvatlantirish uchun endi, faqat o‘zimiz harakat qilishimiz zarur. Ushbu mitti maqolamizga o‘sha hayot tomchilari dunyoga keladigan qo‘sh buloq haqidagi qisqagina axborotni joylashtirishga urindik. O‘zlikni topish yo‘lida bizni hali yana g‘aroyib asarlar kutib turibdi.

 

Abdusattor JUMANAZAR,

Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.