Tarjima va tarjimon

0
89
marta ko‘rilgan.

Adabiy jarayonni xuddi kimyoviy laboratoriyadagi holatga o‘xshatish mumkin. Chunki kimyoviy unsurlar bir-biriga mos kelsagina, biron bir yangilik yaratishga imkon tug‘iladi. Ijodkor ham o‘z asaridagi qahramonlarini, voqea-hodisalarni bir-biriga shunday payvandlashi kerakki, kitobxon asarga ipsiz bog‘lanib qolsin.
Yaxshi kitobxon mutolaa paytida asar qahramoni­ning dard-u hasratiga oshno bo‘ladi. Agar salbiy qahramon bo‘lsa, dilida isyon ko‘tarib, o‘sha qahramonga qarshi kurasha boshlaydi. Ba’zan qahramonlarning taqdiridan ko‘ngli to‘lmay, muallifga e’tirozli noma yo‘llaydi.
Yozuvchi va kitobxon munosabatlarini hech kim oldindan ko‘ra bilmaydi. Asarlari qancha ko‘p adadda chop etilmasin, adabiyotshunoslar uni ko‘klarga ko‘tarib maqtamasin, kitobxon asarni o‘ziga singdirmasa, o‘ziniki qila olmasa, barcha qilingan mehnat besamar. Buyuk shoirning birgina to‘rtligi, butun boshli she’riy dostonlardan ustun turishi mumkin. Bu masalani professor Abdug‘afur Rasulovning “Badiiylik – bezavol yangilik” to‘plamida keltirilgan birgina qiyos bilan yanada aniqroq anglash mumkin. “Yozuvchi, badiiy matn, kitobxon bog‘liqligini borliqdagi, inson xatti – harakatidagi hodisa, holatlarga qiyoslash mumkin. Ariqni, anhor-u daryoni ko‘rmagan odam yo‘q. Meningcha, ariqning bir qirg‘og‘i – yozuvchi, ikkinchi qirg‘og‘i – kitobxon, oqar suv – badiiy matn. Qushning bir qanoti – yozuvchi, ikkinchisi – kitobxon, tana – badiiy matn. Bir qo‘l – yozuvchi, ikkinchi qo‘l – kitobxon, ikki qo‘ldan chiqqan qars – badiiy matn”1. Ne-ne asarlar o‘z kitobxonini topolmasdan, suvga oqib ketadi. Asar boshqa tilda yozilgan bo‘lsa, tarjimon asarni suvdan chiqarib olib, matnni chiroyli va aniq tarjima qilishni hamda kitobxonga bus-butun yetkazish mas’uliyatini o‘z zimmasiga ola bilishi kerak.
Badiiy tarjimon – aslida kim? Tarjimonni haqli ravishda adabiy diplomat deyish mumkin. Diplomat mamlakatlar o‘rtasidagi munosabat uchun mas’ul bo‘lsa, tarjimon adabiyot vositasida millatlarni o‘zaro bog‘laydi. Biror chet tilini bilgan mutaxassis ham o‘z bilimi ko‘rsatish uchun badiiy tarjima qo‘l urishi to‘g‘ri emas. Chunki yuzaki tarjima orqali bir xalqning zabardast adibi boshqa bir xalq kitobxoni uchun havaskor yozuvchi yoki shoirga aylanib qolishi mumkin. Badiiy tarjimonlik – yillar davomida to‘plangan tajribaning, turli davralardagi ilmiy, ijodiy va adabiy suhbatlarning, to‘plangan bilimning in’ikosidir. Qolaversa, tarjimon deganda professor A.Rasulov tasvirlagan daryoda qutqaruvchi rolini o‘ynovchi kishi ko‘z oldimizda gav­dalanishi kerak. Jahon adabiyotining yetuk asarlarini o‘z tiliga o‘girib, o‘z xalqini adabiy durdonalar oshno qiladi. Asarlar tarjima qilingach, o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi. Ular kitobxon hukmiga havola etiladi. Yaxshi va sara asarlar avloddan avlodga o‘tib, sayqal­lanib, qayta-qayta tilga olinib, bir qator tadqiqotlarga predmet sifatida ham xizmat qiladi. Bu jarayon bir so‘z bilan retsepsiya (qabul qilish, o‘zlashtirish) deyiladi, ya’ni tarjima qilingan badiiy asar (qaysi janrga daxldor bo‘lsa ham) hamisha parvarishda, kitobxon e’tiborida bo‘ladi.
Tarjimon va yozuvchi. Bu ikkisi bir-birini to‘ldirishi hammamizga ayon. Yozuvchining nima demoqchi ekanligini mutarjim to‘g‘ri anglagan holda kitobxonga yetkazishi kerak. Kerak bo‘lsa, yozuvchi o‘rnida turib, yozuvchining fikrlarini ham himoya qila bilishi zarur. Boshqacha aytganga, mutarjim yozuvchining advokati hisoblanadi. Olim, yetuk tarjimon Ibrohim G‘afurov bir intervyularida mutarjimni ham yozuvchi bilan bir darajada ko‘rish kerak, chunki tarjimon yozuvchining fikrini boshqa tilga o‘girgan holda ifodalaydi, degan edilar. Agar kitobxon tarjima qilingan asarni mutolaa qilib tushunsa, yozuvchining yozgan va yozmoqchi bo‘lgan fikrlarini anglay olsa, asar qahramonining dardiga quloq tuta bilsa, mutarjimning yozuvchi bilan mushtarak hamkorlik qila olganidan dalolatdir.
Sarlavha tarjimasi. Biron bir asarni yoki hikoyani tarjima qilishdan avval uning sarlavhasini to‘g‘ri tarjima qilib olish kerak. Sarlavhaning to‘g‘ri va chiroyli tarjimasi tarjimaning yarmi bajarilganini bildiradi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2017 yil 01 dekabrdagi 49-sonida filologiya fanlari nomzodi Marhabo Qo‘chqorovaning “Asliyat bilan qiyoslaganda” maqolasida shunday fikr bor: “mutarjim ish jarayonida asarning sarlavhalari, qismlari va boblariga ham o‘zgartirish kiritishi mumkin, ammo tarjima jarayonida asarning muhim badiiy g‘oyasi va kompozitsiyasiga, milliy realiyalarga putur yetmasligi kerak”. Tarjimon asarni o‘zining kuchiga moslashtirib, o‘zgartirib tarjima qilishi mumkin emas. Birgina sarlavha o‘zgartirib tarjima qilingan taqdirda ham, asliyatdagi sarlavhani, albatta, bir joyda keltirib o‘tish lozim. Chunki qachonlardir tarjima qilingan asar tadqiq qilinsa, uni qaysi nom ostida asliyatdan qidirish kerakligi ma’lum bo‘lsin. Shunday tarjima asarlar borki, ularning asliyatdagi sarlavhasini, ayni damda matnini topish juda mushkul. Negaki Ba’zi tarjimonlarimizning fikrlariga ko‘ra, asar to‘liqligicha, barcha jihatlari bilan, hatto qahramonlarning xarakter xususiyatlari-yu kiyim-kechaklarigacha tarjima qilinayotgan til va shu tilda so‘zlovchi xalq mentalitetiga moslashtirilishi kerak. Bu esa nafaqat matnning asliyatini yo‘qotadi, balki uni butunlay boshqa bir asarga aylantiradi.
Siz va sen tarjimasi. Murojaat shakllarining tarjimada berilishi tarjimashunoslikda bahsga boy bo‘lgan, oxirigacha oydinlik kiritilmagan masalalardan biridir. Fanda bu borada bir-biriga zid fikrlar mavjud. Professor Andrey Sobolev yozadi: “Shaklni ma’qul ko‘ruvchi tarjimon murojaat formalarini asliyatda berilgandek emas, balki o‘zgartirib tarjima qiladi. Buning oqibatida o‘quvchi (kitobxon) tushunishdagi to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotib qo‘yadi. Bu o‘zgarish turlanish yoki tuslanishda, so‘z tartibida, idiomatikada, so‘z boyligida bo‘lishi mumkin. O‘quvchi muallifning asliyatga singdirgan mazmunini emas, balki tarjimonning fikrini tushunadi. Ba’zan bu o‘zgarish asliyatning tiliga emas, balki boshqa bir chet tiliga tegishli bo‘lishi ham mumkin. Misol tariqasida rus tarjimonlari ingliz tilidagi „you“ ni kontekstdan kelib chiqib emas, rus tiliga oddiy qilib “sen” bilan berib qo‘ya qoladilar“2.
O‘zbek tilshunosi R.Doniyorov fikricha, tarjimon murojaat shakllarini o‘zgartirmasligi kerak. Asliyatda qanday berilgan bo‘lsa, ya’ni, masalan, “sen” deb berilgan bo‘lsa, “sen” shaklida, “siz” deb berilgan bo‘lsa, “siz” shaklida tarjima qilishi zarur. Afsuski, bu borada har bir tarjimon sub’ektiv yondoshadi, bu esa asar­ning mazmuniga keskin ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. Tasavvur qiling, agar biz o‘zbeklarda biror oilada farzand ota-onaga nisbatan sen deb murojaat qilishi, tarbiyasizlik deb tushuniladi. Ba’zi hududlarimizda kattalarning kichiklarga “siz” deb murojaat qilsa, bu ayolning turmush o‘rtog‘iga “siz” deya murojaat qilishi qon-qonimizga singib ketgan. Aynan shu kabi jihatlar tarjimada o‘z holicha berilishi kerak, chunki bu bilan xalqimizning o‘ziga xos tomonlari namo­yon bo‘ladi. Agar o‘zga bir davlatga borib (Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari), mutlaqo begona xonimga “xola”, “buvi” yoki begona janobga “amaki”, “tog‘a” deb, tengdoshingizga “oshna”, “og‘ayni” deb murojaat qilib ko‘ring-chi, ular buni qanday tushunisharkin?! Ammo bu murojaat shakllari biz sharqliklarda odat hisoblanadi. Tarjimonning mas’uliyati va javobgarligi ham shundaki, qardosh bo‘lmagan ikkala xalqni bir-biriga tanishtirishi kerak. Ya’ni har ikkala tomonni o‘z holicha, boricha, barcha til normalarini, murojaat shakllarini ortiqcha bo‘yoqlarsiz, bo‘rttirmasdan ko‘rsatib bera olish ham san’atdir.
Ismlar va joy nomlari negadir tarjimada ko‘pincha o‘zgartirib beriladi. Masalan, Toshkent boshqa tilga o‘girilganda Tashkent bo‘lib, Buxoro boshqa tilga Buxara va hokazo. Ba’zan Xiva shahri boshqa tillarda Kxiva tarzida yoki bizdagi Hamdam ismi ingliz tiliga Khamdam, O‘tkir ismi Utkir deb berilishi kishining g‘ashini keltiradi. Axir o‘zbek tilining lotin alifbosiga asoslangan alfavitida barcha imkoniyatlar bor emasmi? Biz nega unda boshqa xalqlar adabiyotlarini o‘zbek tiliga o‘girganimizda, iloji boricha joy nomlari va ismlarni o‘z holicha berishga harakat qilamiz.
Tarjima shunday bir san’atki, unda hatto tovushlar ham tarjima qilinishi kerak. Tabiat hodisalari, hayvonlarning tovushlari, mexanik vositalarining tovushlari ham tarjimada o‘z aksini topishi kerak.
Ayniqsa, biror bir xalqning urf-odatlari, kundalik marosimlarini tarjima qilayotganda biroz ehtiyotkorlik talab qilinadi.
Ko‘pincha, tarjimonlarimiz bir tilga tegishli bo‘lgan realiyalarni o‘zgartirmasdan berishadi va ularning izohlarini kitobning oxirida lug‘at tarzida taqdim etadilar. Bu ish tahsinga loyiq, ammo bu ba’zan kitobxonni chalg‘itib qo‘yishi va mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirishi ham mumkin. Shuning uchun iloji boricha, so‘zlarning izohini yo qavs ichida yoki o‘sha sahifa­ning pastki qismida berib o‘tish kerak.
Yana bir holat, o‘zlarini badiiy tarjimon deb bilgan mutaxassislarimiz katta-katta asarlardan parchalar tarjima qilishadi. Ko‘pincha xat yozishmalar tarjima qilinadi. Misol tariqasida, aynan yozishma uslubida ham ijod qilgan nemislarning buyuk adibi Yohann Gyotening fon Shtayn xonimga bitgan xatlaridan biri tarjima qilinib, yaqinda “Kitob dunyosi” gazetasida chop etildi. Mutaxassis sifatida birinchi marta xat matni nom olganiga guvoh bo‘ldim va xatning asl matnini qidirib topmoqchi bo‘ldim. Tarjimon aynan dekabrning 23-sanasini ko‘rsatgan-u, lekin aniq yilini ko‘rsatmagan. Bu esa aynan retsepsiya jarayonini qiyinlashtiradi. Chunki Gyote 1776 – 1780 yillar mobaynida kundalik tarzida Sharlotte fon Shtayn xonimga xatlar bitadi.
Tarjima qilish paytida gapning zamoniga ham alohida e’tibor berish kerak. Agar gap hozirgi zamondami tarjima ham hozirgi zamon bilan qilinishi kerak.
Yana shunday holatlar bo‘ladiki, Ba’zida asarlar, hikoyalar turli maqollar bilan yoki o‘ziga xos frazalar bilan boshlanadi. Ammo tarjimonlar bu kabi nozik iboralarga e’tibor bermaslikka harakat qilishadi. Ularning o‘rniga izoh beruvchi gaplar bilan tarjimani davom ettirishadi. Bu esa tarjima qilinayotgan matnning asl shirasini yo‘qotilishiga olib keladi va shu bilan birga, asarning retsepsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqorida biz tarjimonni advokatga o‘xshatdik. Shu o‘rinda tarjimon yetuk adabiyotshunos, tajribali tilshunos, ajoyib rassom, matematik, bir so‘z bilan aytganda, yaxshi olim bo‘lishi kerak. Aks holda, tarjima qilinayotgan badiiy matn xuddiki ish qog‘ozlari tarjimasiga o‘xshab qoladi.
Tarjimonning mas’uliyati shunchalik keng qam­rovliki, buni tasavvur qilish uchun tarjimonning dunyoqarashi cheksizlikka dahldor bo‘lishi kerak. Illo, bir millatning asl san’at asarini tarjima orqali buzib qo‘yishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Chunki har bir so‘zning o‘z o‘rni va mazmuni bor.

1 Abdug‘afur Rasulov, Badiiylik – bezavol yangilik: Ilmiy – adabiy maqolalar, talqinlar, etyudlar. – T., “Sharq”, 2007. – 336 b., 98-bet.

2 Sobolev. A.N. O perevode obraza obrazom. Voprosы xudojestvennogo perevoda. M. 1955
3 Doniyorov R. Badiiy tarjimada milliy xususiyatlarni aks ettirish masalasiga doir. O‘zbek tili va adabiyoti masalalari, 1962-yil, №5

Abdulaziz Qosimov,
tadqiqotchi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.