Es-hushidan  ayrilganmi bu ko‘ngil…

0
120
marta ko‘rilgan.

SENI UNUTAMAN

 

Qalbidan olovni irg‘itib Qaqnus –

Do‘zax o‘tida ham sovqotib behis –

Battarroq otashga ko‘z tikkan kabi;

Qaynoq bo‘salarning qaynoq taftini,

O‘z kulidan qayta to‘rash baxtini

Jannatni bilmasdek unutgan kabi –

Senga boqib turib sovuq va beor –

Seni unutaman!

 

Qo‘shsang, ayirsang-da javobi bir xil,

Yolg‘iz qoldirsang-da javobi bir xil –

Nolning sonligini unutgan kabi;

Armonlar ortiga irg‘itilgan nol –

1 armonim 10ga do‘ndirib, alhol

Hamon unutlikka yuz tutgan kabi

Dilga boqib turib xumor va xumor,

Seni unutaman!

 

Sening ila qayta yaralganimdek,

Yaralaman endi seningsiz ham tik

Shishako‘z va qalbsiz qo‘g‘irchoq kabi;

“Meni unut” degan tillaring ila,

Xayrga silkingan qo‘llaring ila

murvati buralgan o‘yinchoq kabi

olamga hayqirib takror va takror:

“Seni unutaman!”

 

Tanamda jon borligini unutgan kabi

Seni unutaman!

 

 

 

* * *

Men sening kimingman?

Bayram kuningman.

Egizak kunlarning uniqqan yuzin,

Har tong bir manzilga shoshilgan izing,

Har kech birday majhul, horg‘in nafasing,

Bir to‘yib uxlashday nochor havasing –

Baridan bir muddat chekinmoq uchun

Va bir dam aslingga bekinmoq uchun,

Yangilamoq uchun bir dam o‘zingni,

Taqdirlamoq uchun sarkash ko‘nglingni –

Sog‘inib qolasan bayram kuningni!

 

Men sening kimingman?

Bayram kuningman.

Shom oldi battarroq qizdirgan quyosh

Olamni ravshanroq etganiday fosh,

Ushbu kun umrbod botmasday go‘yo,

Omonat emasday bu ziyo,

Bayramning ertasi borligin bilmay,

Yangi kovush kiygan kunga yo‘l bermay,

Baxtli qadamingga qadab ko‘zimni,

Kelar yo‘llaringga to‘shab o‘zimni,

Borimcha baxtiyor yashayman kunni!

 

Sen mening kimimsan?

Har bir kunimsan,

Har lahzam, har onim, har bir nafasim,

Hatto jimligimda yangragan sasim!

Ba’zan tiriklikdan tin olmoq uchun,

Boshqa odamlarday jim qolmoq uchun,

Yo olam shivirin tinglab ko‘rgani,

Qovjirayotgan barg g‘amin yegani,

Senga to‘lib ketgan dunyoni surib,

Kelar kunlaringni sog‘inib turib,

Yashamayin turgim keladi seni!

BOLALIKDAN LAVHA

 

Es-hushidan ayrilganmi bu ko‘zyosh –

bilmas qayda to‘xtamoq lozim.

Axir, kaltak yegan onam,

tun yarmida mast kelgan otam-ku –

Nega yig‘lagan men?

“Katta bo‘lsam, kelin bo‘lmayman!” deya

dunyoni yig‘latgan nega men?

 

Es-hushidan ayrilganmi bu bolalik –

Tanimas kulguni, sho‘xlikni.

To‘qish to‘qiydi,

tikish tikadi,

she’rlar yozadi,

a’loga o‘qiydi maktabda,

odamlarni yaxshi ko‘radi.

Faqat… yomon ko‘radi yakshanbani,

ta’tilni,

o‘z uyini yomon ko‘radi.

Onasining ko‘zyoshini artishni,

qo‘rquvini aritishni ukalarining,

yana…

jajji ko‘ksin qalqon qilishni –

uni dunyodan himoya qilguvchi otadan

dunyoni himoya qilishni

yomon ko‘radi!

 

Es-hushidan ayrilganmi bu taqdir?

Mehribon onasi bor,

toparmon otasi bor yetimlar ham bo‘ladimi?

Ular kimga suyanadilar?

Onasiga, otasiga suyanadi-ku

barcha bolalar,

davlatga suyanadi-ku yetimlar.

Otasi bor,

onasi bor sag‘irlar

kimga suyanadilar?!

Nimjongina jussasi bilan

yashayveradimi dunyoda

dunyoning g‘amini ko‘tarib?

 

Yoshlari ulg‘aygan otam, onam-ku,

qaddi bukik nega bolalik?

 

Es-hushidan ayrilganmi bu osmon –

atrofimda shuncha yaxshilar turib,

hammadan ham

yaqin tutar menga o‘zini.

Burchak-burchaklarga biqinib olib

yolg‘iz qolgim kelaverar

oymomo bilan.

 

Es-hushidan ayrilganmi bu ko‘ngil –

O‘zga ayol bilan baxtiyor otam,

Nega kulgan men?

 

Es-hushidan ayrilganmi bu ko‘ngil –

To‘qlanar yo‘qchilikdan.

Ikkita onasi borligidan emas,

tin olgani boshpanasi,

yegani issiq ovqati,

birga yashagani otasi yo‘qligidan

to‘qlanar.

Ijobatgo‘y ko‘rinar oymomo,

bahor kabi yashnaydi kuzlar,

kulguday ko‘rinar yig‘ilar –

otamsiz joni og‘rimayotganday,

qalbi og‘rimayotganday,

otamsiz baxtiyorday tuyilar onam…

 

Es-hushidan ayrilganmi bu ko‘ngil –

Otam yashayotgan ko‘chaga

tortib ketaverar onamning oyoqlarini,

u yurar yo‘llarga

qadab qo‘yaverar nigohlarini.

 

Es-hushidan ayrilganmi bu ko‘ngil –

Axir, bevafodan voz kechib ketib,

o‘zini tuproqqa bergan onam-ku!

Dunyoni lol-u lol qoldirib,

eng so‘nggi so‘zini,

eng butun so‘zini,

eng ustun so‘zini tilga chiqarib:

“Sizni yaxshi ko‘raman, dadasi”, deya

tildan qolgan onam-ku,

ko‘z yumgan onam-ku!

Nega o‘lgan men?

Nega o‘lgan men?!

 

 

 

* * *

Sizni yo‘qotishdan qo‘rqaman –

O‘g‘irlab olingan olmosni

qo‘yarga joy topmay yurgan odamday.

Mirshabdan,

Qaroqchidan,

Vijdondan yashirib,

xayolimga ko‘mib qo‘yaman sizni –

Bag‘rimga qattiqroq bosib uxlayman

xayollarimni.

Sizni yo‘qotishdan qo‘rqaman!

 

Oydinniso

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.