Og‘ir jazo (Hikoya)

0
809
marta ko‘rilgan.

Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon yangi” deganlari rost ekan. Qirq yil burun qozon-tovoq Xadcha kampirning izmida edi, endi bo‘lsa, manavi ikki xomkalla kelinga o‘tgan. Shular nima qaynatsa, shuni ichasan. Boshqa tansiqroq taom tusasang yo masalliq, yo ta’m yetishmaydi. Javray-javray foydasi bo‘lmagach “O‘zlaringga ma’qulini qilaveringlar, kelinjonlar. Men nima ham yerdim, bir yutumlik qornim bo‘lsa, juda bo‘lmasa non-pon kavsharman” deb qo‘yaqoldi chorasiz kampir.
Tuya qarisa, bo‘tasiga ergashar, degani shu-da. Kampir kelinlar so‘zini quloqqa ilmasa ham ularni yotsiramagani uchun ba’zan og‘zidan gullab qo‘yadi. Uning:
“Ertaroq turinglar. Erlaringizning osh-ovqatini berib, ko‘ngillarini ko‘tarib, ishga jo‘nating­lar. Ro‘zg‘orni butlab o‘tirgan shular-ku”.
“Ovqatni mehr bilan pishiringlar, shundagina shirin bo‘ladi”.
“Mehmonning izzatini qilinglar, uyingizni ozoda tutinglar”.
“Kun bo‘yi televizorga anqayguncha, shappattay yeringga bir nima qadasang, ertaga bolalaringning og‘zi tegadi. O‘nta tovuq boq­sang, tuxumi qorningni og‘ritadimi?” deganga o‘xshash gaplari ishyoqmas, ustiga-ustak bir-biri bilan “men qildim, sen qilmading” deya tez-tez tortishib, turadigan kelinlarining qulog‘iga yoqmasdi.
Xadcha momo ham qarib, ancha o‘zini ol­dirib qo‘ydi. Ko‘nglini yozadigan odami bo‘lmagandan keyin shuda, beli bukilib, suyaklari sirqirab, zo‘rma-zo‘raki yuraverdi. Shunda ham kampir qurmag‘ur kelinlariga yarim asr yugurib-yo‘rtib topganlarini qo‘sh qo‘llab topshirgisi kelmaydi.
Katta kelini Ulzoda bilan, kichigi Kunbekaga – mening yo‘rig‘imga yurmasanglar, ana eshik. Bolamga boshqasini olib beraman, – deb ko‘rdi.
Befoyda. O‘g‘illar ham lapashang – issiqqina joyini sovutgisi kelmaydi. Bekorga mag‘rur boshini egib, otasinikiga quvlagan katta kelinini qaytarib olib kelgani qoldi. Undan keyin ham bir-ikki gap aytganda, kelinlari ermak qilavergach, Xadchaning dami ichiga tushib, og‘ziga talqon soldi. O‘g‘illari ajrashmayman deb, xotinining etagiga yopishib turgandan keyin, jag‘ini og‘ritib, itday irillash bir tiyin. Kampir “Onam senga zararini aytadimi? Gapiga kirmas ekansan, ko‘tar to‘rvangni! Senday xotinim yo‘q!” deydigan o‘g‘li bo‘lmaganidan xunob. “Otangga o‘xshamay har balo bo‘l” deb kuyunadi. O‘z zamonida erkakshoda, gapi tosh kesadigan, Xadcha momo munkayib qolgan bo‘lishiga qaramay, o‘g‘illari-yu kelinlariga javrashdan charchamaydi.
– Mening aytganim bo‘lmas ekan, ering bilan qo‘shib haydayman! Meni bilmas ekansanlar! Bu katta xonadonni qurib bitkazguncha, ona sutim og‘zimga kelgan. Umr bo‘yi yiqqan-terganimni shu uyga sarfladim. Endi falon pullik hovli-joyimni senlarga o‘xshagan na qaynona­sini, na erini qadrlamaydigan tanballarga tashlab ketadigan axmoq yo‘q. Qadrimga yetganlarga beraman, – deydi jahli chiqib. Bu gapni birinchi bor eshitganda ikki kelini ham juda qo‘rqib ketdi. Axir ikki-uch bolasi bilan ijarada turish oson ekanmi? Odamlar gap-so‘z qilib yubormaydimi?
Qaynonaning “Qadrimga yetadigan” deyotgani kenja talaba qizi bilan magistr kuyovi ekanini biladilar. Bu qiz bilan kuyov tushmagur tez-tez kampirning holidan xabar olib, qand-qurs bilan siylab, bayramlarda boshiga ro‘mol yopadi. Ular kelsa Ulzoda bilan Kunbekaning jini qo‘ziydi, qovoqlari osiladi. O‘zlarini kasalga solib, ko‘rpa-to‘shak qilib olishadi.
Ona bechora qizini o‘ylab:
– Ijarama-ijara yurganingizni ko‘rib, yu­ragim eziladi, – deydi.
– Bizni o‘ylamang, ona, – deydi qizi Oqsanam.
– Bizdan xavotir olmang, qaytanga sal qiyinchilik ko‘rsak, o‘zimizga saboq bo‘ladi, – deydi kuyovi Murod. – Xudo xohlasa bir yilda o‘qishimiz tugaydi. Ikkalamiz ham ishlasak tezda uyli-joyli bo‘lib olamiz.
– Boyadan beri dingkillab yurgan kelinlar sizlar kelishingizga boshi og‘rib yotib oldi. Hali ko‘radi mendan ko‘radiganini. Ba’zida shu uyni sizlarning nomingizga meros qilib ketsammi deb o‘ylayman, – deydi kampir og‘rinib.
– Qo‘ying, ona, eshitib qolishadi, – deydi qizi.
– Eshitsa eshitar! Ulardan qo‘rqadigan joyim yo‘q! “Har kim siylaganning quli” deydilar, – kampir yanada avjiga minadi.
Vaziyat shunday bo‘lib turganda “shum shumni namozshomda topadi” deganday, Ulzoda bilan Kunbeka bir-biri bilan “sulh tuzish”ga o‘tadi.
– Ovsinjon, endi nima qilamiz? – dedi Kunbeka, bekachi bir gal kelib ketganidan keyin. – Ahvolimiz chatoq. Boya eshik ortidan chala eshitib qoldim, qoqbosh kampir uyni Oqbaloq (ortidan mazaxlab qo‘ygan oti) bekachga bermoqchi ekanmi? O‘zingiz ham deraza tagida quloq tashlab o‘tirgandingiz-ku, eshitmadingizmi?
– Men ham aniq-tiniq eshitmadimku-ya, lekin gaplashganlaridan shunday peslikni anglaganday bo‘ldim… Buyoqqa yurchi, – deb Ulzoda ovsinini o‘z xonasiga yetakladi. Ikkalasi maslahatni pishitdi: “yalmog‘iz kampir”dan qutulish kerak. Mabodo keyinchalik ikkovi urishib-netib qolsa ham, bu sirni bir umr hech kimga aytmaslikka qasam ichdi.
Xadcha kampirning odati – erta yotadi. Tun yarmida turib, bolalar-u nevaralarining yotishiga ser soladi. Darvozaning qulflangan-qulf­lanmaganini tekshiradi. Keyin yana ko‘z ilib oladi. Saharda yana uyg‘onib, namozini o‘qiydi. Tashqarilab, atrofga ko‘z yugurtiradi. Darvoza ilgichini tushiradi. Hovlini yig‘ishtirgan bo‘ladi. Katta nevaralariga (onasi mensimaganiga, bolalari ham unga bo‘yin egmay turadi. Bu esa kampirning battar jinini qo‘zitadi. “Ha, onala­ringga o‘xshamay o‘l!” deb to‘ng‘illab qo‘yganini bilmay qoladi) baqirib-chaqirib ektirgan ko‘k piyoz, pomidorning tuni bilan mushuk, it yanchib tashlaganlarini tiklab qo‘yadi. Zo‘rg‘a yursa ham, ko‘chani, supurgisi keladi. Lekin o‘g‘illari:
– Ona, tinchgina o‘tirsangiz bo‘lmaydimi? Bizlarni nomusga qo‘yasiz-ku. Ko‘rganlar qari onasiga supurgi ushlatibdi, deb kuladi. Sizga shu kerakmi? Nima qilasiz, o‘zlari supurib olar, supurmasa chang bosib yotar… Bu safar yangamning gali ekan-ku, – deb qo‘shib qo‘yadi kichik o‘g‘li.
Bir-ikki marta o‘g‘illaridan dakki yegach Xatcha supurgini unutdi. Hovlining isqirti chiqib yotsa ham, ustidan bosib o‘taverdi.
Bugun ham hovli-atrofga ko‘z yugurtirib, soat yettilardan oshganda kelib yotog‘iga cho‘zildi. Odatdagiday pinakka ketdi, endi ikki soatlardan keyin uyg‘onadi. U turguncha kelinlari-yu maktabga ketadigan nevaralari choy ichib bo‘ladi. Ikki kelin ham “ish yo‘q” deb bahona qilib, jonini huzurini o‘ylab, qimirlamay o‘tiradi. Faqat uyqudan kech turadigan bolalarini ovqatlantirgani uchun qaynonaga ham choy damlab, dasturxon yozadi.
Kampir turib, yuz-qo‘lini yuvib, dasturxonga kelsa, har kuni o‘zidan keyin uyg‘onadigan nevaralari – katta o‘g‘lining kichik qizi besh yoshli Farida bilan kichik o‘g‘lining to‘ng‘ichi besh yashar Karim choylarini ichib bo‘lib turayotgan ekan. Buvisini ko‘rib:
– Buvi-i! – deb ikkalasi ham yugurib kelib quchoqladi. Shular bir boshqacha, katta nevaralariday emas. Hali kichkina bo‘lganigami, haytovur juda mehribon. Unga qo‘l-qanot. Xad­cha opaning “uni olib kel, buni oborib qo‘y”iga yarayotgan shu kampirlar.
– Nima buvingni bugun ko‘ryapsanmi? Qani boyagi joyga tez boringlarchi, – dedi Ulzoda.
– Hoy kelin, bularni ertalabdan qayerga haydayapsan?
– Qanaqa ertalab? Soat to‘qqizdan oshdi-ku. Qo‘shni Chaqmoq chechaning uyi oldidagi yalanglikka Navro‘zga atab arg‘imchoq qurishibdi. Shunga katta bolalar o‘qishdan kelgunicha borib, uchib, bir maza qilsin deb, ertaroq uyg‘otgandim, – dedi Ulzoda. Keyin yonida baqrayib turgan Kunbekaga qarab:
– Kelin, enamning choyi sovub qolgandir. Isitib, ustiga yana sut quyib, yaxshilab damlab bering, – dedi.
Nevaralar ketdi. Sut quyilgan quyuq qora choy dasturxonga qo‘yildi.
– Ha, o‘zinglar qayoqqa otlandinglar? Yasan-tusan qilib olibsanlar, – dedi kelinlariga.
– Bozorga borib kelmoqchimiz, ena. Ro‘zg‘orning ham tagi ko‘rinib qolibdi.
Ular ham ketdi.
Shovqin-suronga o‘rgangan odamga jim-jitlik ta’sir qilar ekan. Sovib tursin deb, ikki piyo­laga choy quygani qachon edi, hech ishtahasi tortmadi. Shu payt:
– Checha, hoy checha! – deb qo‘shni kampir Turdigul bo‘y ko‘rsatdi. – Eson-omonmisiz? Yaxshi yotib turdingizmi?
– Shukur, choy ichay deb o‘tiribman.
– Qani unda turing! Xonimning o‘g‘li askardan kelibdi. Kampirlar yig‘ilib, ko‘chada sizni kutib turibdi. Yuring, choyni o‘sha yoqda ichasiz.
– Hech bo‘lmasa shu ikki piyola choyimni ichib olay-da. Kelinlar ham bozorga ketishgandi. Ular eshitmabdimi?
– Eshitgandir. Kecha kechqurun hamma uyga aytib chiqishdiku.
– Kunduzi kirmoqchi bo‘lishgandir. Hozirgi yoshlar qo‘shnining qadrini bilarmidi? Bo‘lmasa xizmatda bo‘lishardi-da.
– Nimasini aytasiz? – deb xo‘rsindi Turdigul.
Xadcha opaning beli yetti bukildi.
– Qo‘ying shu choyingizni, o‘ziyam sovub, qaymog‘i chiqib ketibdi, – deb shoshiltirdi Turdigul kampir. Qo‘yarda-qo‘ymay, sudraganday qilib ergashtirib chiqdi. – Undan ko‘ra, Xonim­ning qo‘li shirin Sarisha kelinining choyini ichib, ovqatini yeb kelamiz.
Darvozadan chiqayotib Xadcha opa:
– Uyda ham odam qolmadi, to‘xtachi, – yonidan o‘tayotgan bolani chaqirdi. – Hoy bola, Palbiyning o‘g‘limisan? Beri kel. Hov anavi Chaqmoq momongning uyi oldida nevaralarim o‘ynayapti. Shularni chaqirib kel. Buving aytdi, uyga kelib o‘tirarkansizlar, de. Boraqol, chop, bolam.
– Xo‘p bo‘ladi, – deb Palbiyning bolasi yugurib ketdi.
Ko‘chaning narigi boshidagi Xonimning uyi­da to‘y boshlanib ketibdi. Ko‘pchilik yig‘ilgan. Yoshi katta kampirlar sarson bo‘lib yurmasin, deb, qo‘noq joy bermay, o‘zining katta hujrasida kutdi. To‘la dasturxon atrofida kampirlar maza qilib choy ichib, gaplashib, xumordan chiqishdi. Hazillashib, ko‘ngillarini yozishdi.
Bir payt hovliqib, yuzida qon yo‘q, rangi oqar­gan Sarisha kelin kirib, qaynonasi Xonimning qulog‘iga bir nimalarni shivirladi. Uy egasining quti o‘zgardi. Qo‘lidagi piyolasi tushib ketib, choynakning jo‘mragini sindirdi.
– Sho‘rimiz quribdi-ku! – deganini sezmay qoldi, ko‘zi bilan Xadcha opani topdi: – Checha, uyingizga boring! – dedi-yu o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi.
Xadcha kampir bir balo bo‘lganini sezib, uyiga shoshildi. Qadamini qancha tezlatmasin, hech yo‘li ko‘paymadi. To‘yxonadagi tumonat odam uning uyiga yoprildi. Hovlisiga yetmasdanoq sovuq xabarning nima ekani ma’lum bo‘ldi: boyagina chopqillab yurgan ikki nevarasidan birdaniga ayrilibdi.
– Voy dod! Voy dod! E Xudo! Ko‘rsatmaga­ning ko‘p ekan-ku! Ularni olguncha, mening jonimni olsang bo‘lmasmidi?! – deb faryodi osmon-u falakni tutib, qo‘shni kelinlarga suyanib, zo‘rg‘a ostona hatladi.
Dasturxonning ikki tomonida nevaralari xuddi uxlayotgandek, qimirlamay, yotardi… Ikkalasining oldida ikki bo‘sh piyola turardi.

Allanazar Abdiyev,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
xalq yozuvchisi

Qoraqalpoq tilidan
Gulmira Palo‘anova tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.