Yo‘lovchi tasviri

0
22
марта кўрилган.

Yozuvchi Jo‘ra Fozilning “Tiramoh armoni” to‘plamida “Yo‘l” deb atalgan kattagina hikoya bor. Asarning qahramoni – Vafo havo nihoyatda issiq kunlardan birida ko‘chaga chiqadi. Atrofda, nainki ko‘chada, butun shaharda odam zotidan asar yo‘q. U Mag‘rib tomonga yo‘lga tushadi. Yo‘l kimsasiz. Uzoq yurib shu yo‘lda birin-ketin uch insonni uchratadi. Ulardan birinchisi qalbida toza ishq tuyg‘ularini uyg‘otgan sanam – Muhabbat. Oradan ko‘p yillar o‘tgan, qiz allaqachon Azim boyvachcha degan korchalon kimsaga erga tegib ketgan bo‘lsa-da, Vafo uni bolaligi, yoshligi kechgan dala shiyponda hali yosh-ko‘rkam holda uchratadi. Yana oldinga yurib, sobiq do‘st (Sodiq)ni uchratadi. Qalandar janda­sini kiygan bu “do‘st” Mashriqqa ketayotgan ekan. Asar qahramoni yana oldinga qadam tashlab, zohid libosidagi bir odamga duch keladi. U begona emas, o‘z o‘g‘li bo‘lib chiqadi. Ammo ular orasida yaqinlik, mehr-oqibat rishtalari yo‘q. Chindan-da, o‘g‘il yot bir kishiga aylangan.

Sobiq yor, sobiq do‘st, sobiq farzand. Ulardan ayrilgan dil mahzun, uning sohibi yolg‘izlikka mahkum. Bu holga kim aybdor? Zohirga qarab hukm etuvchilar hech ikkilanmay qahramonni ayblaydilar, ammo aslida bunday emas. Xushomad va boylikka o‘ch qiz chin sevgidan voz kechib, o‘zi suymagan odamni tanlaydi. Do‘st mansab-martaba tamasida sadoqat rishtasini uzadi. Manfaat bandasi bo‘lmish o‘g‘il garchi otasini tashlab ketmasa-da, undan ruhiy-ma’naviy jihatdan uzoqlashadi.

Yo‘lda Vafo bir sandiqqa duch keladi. Ochib qarasa, ichi to‘la oltin, son-sanoqsiz pul. Biroq sandiqdan oh-nola eshitiladi, ostidan chak-chak qon tomadi. Bu xazinaning haromligini anglab, hech narsa olmay yo‘lida davom etadi. Asar voqeasi bayoni davomida qahramon tushib qolgan olovli jarda o‘sha mash’um sandiqni yelkasiga ko‘tarib olgan bemajol chol na­moyon bo‘ladi, sandiqqa esa sho‘x-shodon Muhabbat chiqib olgan. Sobiq do‘st va sobiq o‘g‘il esa ulkan oltin xarsangdan ushatib olingan bo‘laklar solingan zil-zambil xurjunni ortmoqlab muqarrar halokat sari ketishmoqda. Qalbida hirs va havoyi havas bo‘lmagan Vafo ilohiy ovoz madadi bilan o‘ngga – to‘g‘ri yo‘lga qarab yuradi va najot topadi.

Iste’dodli va izlanuvchan yozuvchi Jo‘ra Fozil qalamiga mansub aksariyat hikoya, qissa, romanlarni mutolaa etib, to‘g‘ri (haq) yo‘lni tanlagan insonlar bu ijodkorning ideal-ijobiy qahramonlari ekanligiga qat’iy ishonch hosil qilish mumkin. Ezgulik g‘oyasini o‘z axloqiy olamida tajassum ettirgan bunday obrazlarni adibning “Xongul”, “Boyqo‘ng‘ir lolalari” qissalari, xususan, “Tiramoh armoni” romanida ko‘ramiz.

Yozuvchining badiiy talqiniga ko‘ra, yo‘l inson hayotining ibtidodan intihogacha bo‘lgan bosqichlaridir. Kimdir hayotining ma’lum bir mavsumida shu yo‘ldan so‘lga qarab og‘ishi, ya’ni bilib-bilmay riyo, tama, xiyonat, sotqinlik, qabohat changalzoriga kirib ketishi, boshqa odam esa o‘nqir-cho‘nqir, mashaqqatli bo‘lsa-da, to‘g‘ri – insof, diyonat, halollik yo‘lidan olg‘a borishi mumkin. Oxir-oqibat, razolat olamiga kirganlar zavol topadilar, chin saodat esa to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlarga nasib etadi.

Yozuvchi asarlari – uning qalbi, borlig‘ining ko‘zgusi. Jo‘ra Fozil asarlarini o‘qib, uning shaxsi, e’tiqodi, ichki – ma’naviy olami haqida aniq xulosa – fikrlarga kelsa bo‘ladi. Avvalambor, bunday mutolaa jarayonida adibning jahon adabiyoti durdonalarini ko‘p o‘qiganligi, ularning mag‘zi-mohiyatiga anglash uchun jahd-u jadal etganligini bilamiz. “Yozuvchining ko‘p o‘qishi ayon bir gap-ku”, deyish mumkin. Lekin oz kitob o‘qib, ijod etib yurganlar ham kam emas. Baribir, adabiy-badiiy jarayon tarixining guvohlik berishicha, kitobxon qalamkash yaratgan asarlar, agar chin iste’dod va ilhom bilan yozilgan bo‘lsa, yaxshiroq, ta’sirliroq bo‘lishi ayon haqiqat.

Adib shaxsiyatining o‘ziga xosligini ko‘rsa­tadigan muhim jihatlardan biri uning tabiatga alohida e’tibor va ehtirom bilan qarashida namo­yon bo‘ladi. Uning barcha hikoya, qissa, romanlarida tabiatning go‘yo mohir rassom qo‘li bilan chizilgan ajoyib tasvirlari bor va bu tasvirlar tabiiyligi va voqea oqimiga uyg‘unligi bilan e’tiborga molik. Masa­lan, “Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni” hikoyasi Amudaryo “mast tuyaga o‘xshab pishqirganicha, qirg‘oqlariga asabiy bosh urar, sohildan o‘pirilib tushayotgan tog‘dek tuproq uyumlarini bir zumda yamlab yutardi”, “Oshiq Buxoriy qissalari” turkumi “Sahro shamoli son-sanoq­siz qum zarralari­ni uchirib o‘ynar, uning bir maromda guvullashi aro dilgir ohang eshitilar va olis-olislarda, tiramoh quyoshida tovla­nayotgan malla barxanlar ortida kimdir nola chekayotgandek bo‘lardi”, “Tiramoh armonlari” romani “Kuzning so‘nggi kuni, qishning birinchi tuni edi.

Novdalarda behol titrayotgan yakkam-dukkam yaproq­lar, oyoq ostidagi xor-zor xa­zonlar, aftodahol daraxtlar tuni bilan uvvos solib yig‘ladilar. Ona tabiat Buxoro ko‘ksidagi aqrabga motam tutib bo‘zlardi go‘yo” tasvirlari bilan boshlangan. Nasriy asarni, albatta, joy yoxud tabiat lavhasi bilan boshlash shart emas. Bularsiz ham yaxshi asar yozish mumkin. Ammo yuqorida keltirilgan manzaralar badiiy matn tarkibiga shunchaki bezak uchungina kiritilgan emas. Bularning birinchisi yigirmanchi asr “fan-texnika inqilobi” – texnokratik jarayonlar tufayli halokatga duchor bo‘lgan jonivorlarning mash’um taqdiri, ikkinchisi mamlakatimiz moziysidagi istilolar, uchinchisi esa o‘tgan asrning ma’lum bir davrlarida xalqimiz boshiga tushgan qatag‘on-qirg‘inlarga ishoradir.

Yozuvchining “Bog‘”, “Xongul”, “Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni”, “Tiramoh armoni” kabi asarlarida tabiat muhofazasi muammosi o‘z badiiy ifodasini topgan. Insonning nafsi ammorasi dov-daraxtlar, jonivorlar, maysa-giyohlarga qiron keltirayotgani mazkur ijod namunalarida aniq badiiy lavhalar, voqealar tasviri davomida kuchli og‘riq tuyg‘usi bilan ko‘rsatilgan.

Jo‘ra Fozil ijodida tarixiy mavzudagi asarlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli deydilar” hikmatiga amal qilgan zahmatkash adib o‘tmish badiiy ifoda topgan “Buxoroyi sharif elchilari”, “Buxoro malikasi”, “Ibtido va intiho”, “Qizil quyun” qissalari hamda “Ayriliq ostonasi” romanlarini yozgan. Ushbu asarlar mamlakatimizning “Sharq”, “Yangi asr avlodi” kabi obro‘li nashriyotlari tomonidan nisbatan katta adadda chop etilgani adib iste’dodining vatanimiz miqyosida e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Xususan, uning mazkur tarixiy romani nafaqat adabi­yotshunos va ijodkorlar, shuningdek, tarixchi olimlar tomonidan jiddiy yutuq sifatida e’tirof etildi. O‘zbekiston xalq shoiri, adabiyotshunos va mutarjim Jamol Kamol “Jo‘ra Fozil Buxoro adabiy muhitida shakllangan iste’dodli adib bo‘lib, u bu romani bilan o‘z ijodiy imkoniyatlari katta ekanligini ko‘rsatdi”, – deya e’tirof etsa, tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov “Romanda turkiy xalqlar tarixining eng shonli va ziddiyatli davrlaridan biri o‘zining butun dramatizmi bilan tasvirlanadi” degan xulosaga kelgan.

Aytishlaricha, shiftga osilgan qazi, xumga solingan musallas qancha eski bo‘lsa, shuncha xushta’m va qimmatbaho bo‘lar ekan. Menimcha, bu fikrni ijodkor mahorati va tajribasiga nisbatan ham qo‘llasa bo‘ladi. Shayx Sa’diyning ijodni qirq yil davomida ilm o‘rganib, dunyo kezgandan so‘ng boshlagan ma’qul, degan o‘gitlari bor. Jo‘ra Fozilning eng yaxshi asarlari oltmish yosh bo‘sag‘asi va undan keyin yozilgani bu qarashga yana bir dalil bo‘la oladi.

Adabiyotshunoslik, xususan, biz – buxorolik adabiyotshunoslar ardoqli adibimiz Jo‘ra Fozil oldida qarzdormiz. Chunki hanuzgacha uning yul-yurt quvonch-u g‘amlari bilan yo‘g‘rilgan dilbar ijodini tuzukroq o‘rganganimiz yo‘q. Bu qarzni, albatta, uzishimiz kerak. Aslida, bu faqat Jo‘ra Fozilninggina emas, butun milliy so‘z san’atimiz oldidagi qarzdir.

 

G‘ayrat MURODOV,

filologiya fanlari doktori, Buxoro davlat universiteti professori

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.