Ulug‘bek HAMDAM: Sirlashish saodatdir

0
55
marta ko‘rilgan.

*

Adabiyot inson qalbiga, uning botiniy dunyosiga ochilgan darchaga o‘xshaydi. Shu darchadan bo‘ylab biz o‘zimizni va o‘zgalarni tomosha qilamiz. Chinakam ijodkorning kuch-u qudrati va salohiyati shundaki, u o‘sha darchadan boqib turib ko‘rganlarini mahorat bilan qog‘ozga ag‘dara biladi.

 

*

Iste’dod – muhim. U asar yaratish uchungina emas, yaratilgan asarning kelajak taqdiri har doim ham ijodkorning o‘z qo‘llarida bo‘lmasli­gini tushunib yetish uchun ham kerak.

 

*

Adabiyot – bu ustma-ust taqilgan soxta niqoblar shodasini yechib, asl – chin qiyofa bilan qolish baxti, sirlashish saodatidir. Bunday saodat mavjud ekan, jamiyat ham, inson ham o‘zini og‘ir, bedavo ruhiy kasallardan himo­yalangan hisoblanadi…

 

*

Adabiyot – jamiki boshqa sohalar ichida insonga, uning ko‘ngliga, haqiqatiga eng yaqin kela biladi.

 

*

Asarni yozib bo‘lgach, men o‘zimni yengil his qila boshladim. Go‘yo qon silqib yotgan o‘z jarohatini yalab tuzatgan jonivordek men ham necha o‘n yillardan beri yuragimni og‘ir yuk kabi ezib turgan adoqsiz darddan andak forig‘langandek bo‘ldim.

 

*

Yaxshi she’r yozish uchun ko‘p o‘qing! Nafaqat kutubxonalardagi kitoblarni, balki, eng avvalo, hayot kitobini o‘qing, o‘qiganda ham uqib o‘qing! Yana odamlar va davringizning urib turgan qaynoq yuraklaridan ham o‘qiysiz!

 

*

Haqiqiy adabiyot insondan umidni tortib olmasligi kerak! Umiddan, ishonchdan boshqa nima bor o‘zi bu olamda?

 

*

Goho ayrim ijodkorlar shaklga shu darajada ruju qo‘yishmoqdaki, natijada mazmun oqsay boshladi. Adabiyot o‘yinga aylantirila boshlandi. To‘g‘ri, adabi­yotda o‘yinlik xususiyati bor. Lekin u dominant mavqega ega bo‘lishi kerak emas.

 

*

Biz ko‘pincha “tayyor” asarlarni o‘qishga moyil bo‘lamiz. Va “tayyor” qarashlarga suyanib xuddi Amerika kashf qilgan kabi asarni maqtay ketamiz. Hech kim bilmasa, sezmasa, o‘sha fikrlarni o‘zimizniki qilib olamiz.

 

*

Bu zamonning odamlari o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qoldi. Xuddi shunday, ijodkor ham. U ko‘pincha o‘z qobig‘idan tashqari chiqa olmay, eng yomoni, bunga harakat ham qilmay, o‘z subyektivizmi botqog‘i ichra cho‘kkan ko‘yi

xonish qilayotgan sho‘rlikka o‘xshaydi.

 

*

Adabiyot – hayot deb atalgan yolg‘izlik sahrosida odam bolasiga birdan bir va eng sadoqatli – hech qachon orqadan pichoq urmaydigan, yolg‘iz tashlab ketmaydigan sirdosh-yo‘ldoshdir.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.