Goh shodman, gohida ko‘zga kelar yosh

0
208
marta ko‘rilgan.

***

Bu nozmi va yoki araz, bilmadim,

Nima gunohim bor, gaplashgingiz yo‘q.

Sizni sevmoqni hech orzu qilmadim,

Faqat yuragimda lovullagan cho‘g‘.

 

Mayli, masxaralab kuling ustimdan,

Bir haqiqat menga ayon, harqalay.

Barcha go‘zallarning odati – zimdan

Sevdirib qo‘ymoq, so‘ng ketmoq qaramay!

 

***

Siz buncha yaxshisiz, ko‘nglimni

Shod etdingiz, sarxush, sarmastman.

Har yon chopib, endi o‘zimni

Qo‘yarga joy topa olmasman.

 

Qancha kutdim bu lahzalarni,

Necha yillar urindim nolon.

Yuragimda baxt larzalari

Ko‘rinmoqda – yashamoq oson.

 

Kuchga to‘ldim men favqulodda,

Gado edim, shoh bo‘lgandayman.

Endi kelgandayman, hayotda

Men qaytadan tug‘ilgandayman.

 

Atrof go‘zal. Boqaman maftun.

Gul – chechaklar ochilgan kabi.

Yuzingizda balqigan husn,

Keng olamga sochilgan kabi.

 

Muhabbatga ega har inson,

Yashash sirin kashf etar ekan.

Sevmaganlar – qul va notavon,

Kelar ekan va ketar ekan…

 

Goh shodman, gohida…

 

Goh shodman, gohida ko‘zga kelar yosh,

Goh oyda bo‘lsam ham Sizni ko‘rarman.

Kelsam, vaslingizga berolmayman dosh,

Ketsam hajringizda o‘tman, o‘rtangan.

 

Goho bir his dilda ingraydi nolon,

Men xorni baxtiyor etdi muhabbat.

Sizday nurga loyiq bo‘laman qachon,

Ojizligim oshkor etdi muhabbat.

 

Gohida iqrorman, goho beqaror,

Gohida chuqurda chinqirgan g‘amman.

Nega Arshingizda aylanar ag‘yor,

Nega boshim chiqmas arzdan, alamdan?!

 

Sevgilim, sevsangiz shu menga hayot,

Shudir topganim baxt marjonlarini.

Sevgilim, ketsangiz yo‘q menga najot,

Adog‘i bo‘lmaydi armonlarimning.

 

Sevsangiz bo‘lgayman har jangga tayyor,

Har jadalda g‘olib, har on, har qachon,

Qudratli, yengilmas, mingta joni bor

Siz kutgan, siz orzu qilgan qahramon.

 

Goh shodman, gohida ko‘zga kelar yosh.

 

Ne bo‘ldi…

 

Ne bo‘ldi, azizim, qaragingiz yo‘q

Ko‘zimga boqmoqni ko‘rmayapsiz ep.

Qora ko‘zingizda jodulovchi cho‘g‘,

Nahot yonib turmas endi meni deb.

 

Go‘yo qalbingizda ketayotir jang,

Ba’zan notavonman, ba’zan qahramon.

Umid va xavotir o‘rtasida tang,

Ba’zan men yomonman, goh dushman tomon.

 

Sevmoq – yo‘lga chiqmoq to‘fonlar aro,

Garchand qismatimiz ayon azaldan.

Bilmasman, yuz burib ketasizmi yo,

Yo Xudo sizni men uchun yaratgan.

 

Sog‘inchdan o‘rtanib goh dilda faryod,

Goho xastaholman, goh hardamxayol.

Bilmasman, qayerdan topmoqni najot,

Ko‘zingizda balqib turganda malol.

 

Azizim, g‘ariblar do‘stidir duo,

Yo‘q bizga tangridan o‘zga madadkor.

Chin dildan yolvorsak bergaydir Xudo,

Sizga tuganmas baxt, menga sizday yor!

 

***

Sevgi emas ekan ko‘zingizdagi…

Kechiring, adashdim. Men qildim xato.

Aldadi men sevgan yuzingizdagi

Qorong‘u ko‘nglimni yoritgan ziyo.

 

Nasib etgan edi qayta yasharmoq,

Kecha kirgan edim yigirma yoshga.

Yana boshga tushdi yuz yoshga qaytmoq.

Bugun tushdi yana qarimoq boshga.

 

Kecha sizning bilan edim baxtiyor,

Bugun yuragimda adoqsiz hasrat.

Qilsa ham bugungi qayg‘u meni xor,

Ammo kechagi baxt uchun ming rahmat!

 

***

Ahmoqning ko‘zi ko‘rdir, aqlli do‘stga ergash,

Maqtanchoqning so‘zi zo‘r, o‘zi zo‘r zo‘rga ergash.

Omadi chopgan do‘stning oldiga chop, omad top,

Iymonsiz zo‘rga emas, iymonli ko‘rga ergash.

 

Muhammad ISMOIL

1964 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Tazarru saodati”, “Tasavvur chiziqlari”, “Ko‘ngil mulkiga safar”, “Millat yuragining durdonalari”, “Gapning qisqasi yaxshi” nomli ko‘plab kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.